OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilbar Saidova. Yig‘i (hikoya)

Kampir odaticha erta turdi. Eshikni ochdi. Xonaga gurillab sovuq havo kirdi. Tani yayrab ketgandek bo‘ldi. Hali tashqari butunlay yorishib ulgurmagan, havo allaqanday tumanli va nam edi. Kora jun ro‘molini o‘rarkan: «Qor yog‘adimi nima balo, hidi kelib turibdi», — deya o‘zicha g‘udrandi, keyingi paytlarda o‘ziga-o‘zi gapiradigan bo‘lib qolgan. Radio qulog‘ini buradi. Tongda beriladigan kontsert unga xush yoqardi.
Kovushini kiyib hovliga chiqdi. Pastdagi uyga nazar tashladi. Uy hali qorong‘i edi. «Qari chol, taltayib uxlab yotibdi haligacha. Uyalmaydiyam. Uyning barakasini uchirib yuborayotganini bilmaydi. Xudo o‘limingni bersin, iloyim!» Oxirgi so‘zini aytdiyu, atrofga alanglab qarab qo‘ydi. Hech kim yo‘qligini bilib ko‘ngli joyiga tushdi.
Tahorat qildi, yuz-qo‘lini yuvdi. Hovli past va yuqoriga bo‘lingan. Pastga tushdi. Har kun ko‘cha darvozasini birinchi bo‘lib ochib qo‘yardi.
Oshxonaga o‘tdi. Gazga olov yoqib choynakni qo‘ydi. Piyolalarni yuvdi. Stol ustini yig‘ishtirdi. Azimjon bilan kelini yotadigan uy yonidan o‘tayotib nevarasi — kichkintoy Nosirjonning yig‘i tovushini eshitdi. Derazani taqillatdi.
— Hoy, turinglar endi. Kun yoyilib ketdi.
Azimjon erinibgina ko‘zini ochdi, har tong shirin uyqudan mahrum qiluvchi oyisidan jahli chiqtsi, koyindi: «Kallayi saharda balo bormi turib, shu qariyalardan ham bezor bo‘ldim».
Kelin uyqusirab erining pinjiga tiqildi. Er-xotin issiq o‘rinni tark etishni istamagan holda anchagacha to‘shakda pichirlashib yotishdi. Kichkintoy ularning o‘rtasiga kelib cho‘zilib yotdi. Olam endi butunlay yorishgandi. Avval kelin turdi, uning ketidan kichkintoy o‘rmaladi. Kelin kichkintoyni kuzatib bir o‘pib oldiyu, erining qo‘yniga solib qo‘ydi.
— Erkatoyingizni oling. Men boray, choy-poyni to‘g‘rilay. Tag‘in oyim javrab yurmasinlar...
Kampir namoz o‘qirkan, deraza orqali pastki uyga qarab oldi. Chol tomonda hamon tinchlik. Chol tursa derazani qiya ochib qo‘yardi. Namozdan so‘ng hammalari ovqatlanadigan uyga o‘tib, ko‘rpachalarni soldi, tokchadan dasturxon olib yozdi. O’g‘li sovuq suvda yuvinib, pishqirib kirib keldi. Kichkintoy buvisining bo‘yniga osildi. Buvisi ko‘ngilchan odam ekanligini, yuzini yuziga qo‘ysa, erkalansa konfet berishini yaxshi bilardi. Bir-ikki marta nimchasi cho‘ntagiga qo‘l uzatdi, buvisi uning qo‘lini ushlab qoldi.
— Avval ayiqchalar haqidagi qo‘shig‘ingni ayt, keyin...
Kichkintoy ayiqchalar haqidagi qo‘shig‘ini noiloj kuylashga tutindi. Dasturxon yoniga o‘g‘li ham kelib o‘tirdi. Ona-bola huzur qilib qo‘shiq tinglasharkan, nogoh taraklab eshik ochildi. O’girilib qaradi, kelinining oqargan chehrasini ko‘rib nimadir yuz berganini fahmladi.
— Otam, haligi otam... — o‘kirib yig‘lab yubordi. Azimjon hovliqib o‘rnidan turdi.
— O’libdimi? — kampir sovuq tirjaydi. Undagi o‘zgarishni sezishmadi. Kampir yig‘lash kerakligini yaxshi bilardi. Lekin ko‘zidan yosh chiqarish uchun ham, dod solish uchun ham kuch-madori yo‘qligani his etdi, bundan dahshatga tushdi va labini qattiq tishlab oldi. O’g‘li ko‘ylakchan yugurgilab pastki uyga ketdi.
— Otam, otaginam, vo otam...
Hovlisiga chiqib kelin ham eriga qo‘shilib ovoz chiqardi. Xiyol o‘tmay hovli qo‘ni-qo‘shniga to‘lib ketdi. Birin-ketin katta qizi — Karomat, o‘rtanchasi — Salomat, keyin o‘g‘li A’lam, ularning bola-chaqalari kirib kelishdi. Chor-atrofni dod-faryod egalladi.
Faqat kampirdan sado chiqmasdi. Yuzida hech qanday ma’no qolmagan, nevarasini bag‘riga bosgancha deraza yonida o‘tirib xovlidagilarni kuzatardi. U balki hech narsani ko‘rmasdi. Xuddi qotib qolgandek edi. Uning bu ahvolini hamma tushunardi. Ular marhum bilan o‘n besh yildan beri so‘zlashmasdi...
Nogoh eshik g‘irchilladi, seskanib o‘girildi. Karomat, Salomat, A’lam va A’zamjon boshlarini quyi egib turishardi. Ular nimadir deyishmoqchi edi. Lekin botinisholmasdi.
— Nima gap?
A’lam bir yo‘talib oldi, xirqirab so‘z boshladi:
— Uyni ostin-ustun qilib hech narsa topolmadik.
— Pulmi?
— O’limligini yig‘magan ekan-da...
— Yig‘gan bo‘lsa ham, hozir qaerdaligini topish qiyin.
Kampir yana sovuq tirjaydi. Hammaning boshi egik edi. Hech kim sezmadi.
— Tokchani qaranglar.
A’lam oyog‘i uchida qo‘l uzatib rangi uniqib ketgan tugunchani oddi. Ochishdi.
— Sananglar, yarmini sarflanglar. Qolganini joyiga qo‘yinglar. Qaerdaligini bildilaring. Biron kori hol yuz bersa, u yog‘i meniki.
Ozg‘in, qorayib ketgan Karomat o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi. Salomat ham unga qo‘shildi. Erkaklar ko‘zlarini ishqalashdi.
— Ko‘pam yig‘lamanglar, o‘lim hammaning boshida bor narsa, — dedi xotirjam qiyofada kampir.
Farzandlar chiqib ketishdi. Kichkintoy ham kampirning qo‘lidan sirpanib chiqdi. Xonada yolg‘iz kampir qoldi. Hamma hovlida g‘imirlab u yoqdan-bu yoqqa yurar, o‘lik bilan ovora. Uning bor-yo‘qligiga hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Kampirning xotirasida jonlangan voqealar yolg‘iz o‘ziga ayon edi...
U shu hovlida voyaga yetgan. Oppoq soqolli, basavlat, serjahl otasini mahallada «eshon» deyishardi. Onasi mushtdakkina, past ovozli edi. Dugonalari ko‘p bo‘lsa-da, qo‘shni — Jo‘raqul degan bola bilan gaplari kelishardi. Jo‘raqul uning qo‘g‘irchoqlariga qumdan uy yasab berardi. Ular qo‘g‘irchoqlarini qum uychalarga joylashtirishardida, issiq tuproq ustiga cho‘zilib sirli-sirli suhbat qurishardi. «Katta bo‘lsam, quruvchi usta bo‘laman, senga uy qurib beraman», — derdi Jo‘raqul. «Men esa chevar bo‘laman, senga do‘ppi tikib beraman», — derdi Maxfirat. Ikki hovli o‘rtasida darcha bo‘lardi. Bir kuni darcha olib tashlandi, o‘rniga g‘isht terildi. Ko‘cha eshigi ham zanjirlanadigan bo‘ldi.
— Endi katta qizsan, — dedi onasi, — har kimga ko‘rinaverma, uyat bo‘ladi... Jo‘raqulni shundan so‘ng ko‘rmadi. Devor ostiga kelib faqat ovozini eshitishi mumkin edi. Oyisining «Uyat bo‘ladi» degan so‘zi uning qulog‘iga bir umr qo‘rg‘oshin bo‘lib quyildi.
— Erga beraman seni, sal og‘ir bo‘l, qizim...
— Yo‘q, yo‘q, tegmayman erga... — erning ma’nosiga hali yetmasdi, lekin negadir ko‘zlari yoshlandi.
— Yig‘lama qizim, uyat bo‘ladi...
To‘y bo‘ldi. O’ttizni qoralab qolgan, birinchi xotini sariq kasalidan o‘lgan Sadriddinxo‘ja ichkuyov bo‘lib keldi. O’zining sirliligi uchun ham jozibali bo‘lib ko‘rinadigan birinchi kecha yoshi hali o‘n to‘rtga ham to‘lmagan Maxfirat hayotida muhr bo‘lib bosildi. Burchakda titrab-qaqshab o‘tirgan paytida kayfi tarang kuyov kirib keldi. Bilagiga qo‘l uzatdi. U o‘zini olib qochdi. Kuyov bir hamla bilan burchakka qisdi, boshidagi ro‘molini olib otdi, kiyimlarini yechib tashladi, dast ko‘tarib to‘shakka yiqitdi. Uyat, uyat lovillatib yubordi bechora qizning butun vujudini...
Keyin kuyov pishillab uxlab qoldi. Qorong‘ida timirskilanib kiyimlarini topib kiydi. Qochib ketish fikri tug‘ildi unda. Tashqariga chiqdi. Pastga tushdi. Eshik zulfiga qo‘l uzatgan ham ediki, onasining ovozini eshitdi.
O’zini mushtdakkina oyisi bag‘riga otib yig‘ladi, baqirib yig‘lamoqchi, ko‘nglini bo‘shatmoqchi edi.
— Ovozingni chiqarma, qizim, uyat bo‘ladi...
Kunlar, oylar, yillar xuddi arava g‘ildiragidek yumalab o‘taverdi.
Karomat tug‘ildi. «Qiz tug‘dingmi, itdan tarqagan!» — boshiga musht yog‘ildi. Go‘dagini bag‘riga bosganicha miq etmadi. Keyin Salomat... «Yana qizmi, haromi!» Mushtdan, ta’nalardan qaddini ko‘tarolmay qoldi. A’lamni beshikka yo‘rgaklab, emizib o‘tirganda, eshikni oyog‘i bilan tepib mast Sadriddinxo‘ja kirib keldi. Yonida begona ayol ham bor edi. «Dod» deb qichqirgisi, odamlarni chaqirib yordam so‘ragisi keldi. Tilini tishladi. Marhuma onasi eshik oldida tik turardi. «Uyat bo‘ladi, qizim!» Yuragini zirqiratayotgan alamini ichiga yutib ikkoviga uyning to‘ridan joy solib berdi...
Azimjon tug‘ilgan yili urush boshlandi. Sadriddinxo‘ja urushga ketdi. Urush boshlanganidan hamma kayg‘uga tushgan bo‘lsa, Maxfirat quvondi. Urush uning erini uzoq-uzoqlarga olib ketgandi. U endi qaddini rostlab yuradigan, ko‘chaga chiqadigan bo‘lgandi. Bir kuni kechqurun magazindan non olib kaytarkan, kimdir qichqirganday bo‘ldi. Qo‘rqib qadamini tezlatdi. Lekin chaqirgan odam bari bir unga yetib oldi. Bu — Jo‘raqul edi. Ular bir-birlariga tikilib qotib qolishdi.
— Maxfirat, Maxfirat! Sizni ko‘radigan kun ham bor ekan-ku! Shuncha yildan buyon faqat ovozingizni eshitardim. Xayriyat, Xudo bor ekan. Ertaga, erta tongda urushga ketayapman.
Maxfirat nimadir deyish kerakligini bilar, lekin hech narsa deyolmasdi. Ular ko‘chada, odamlar ko‘z o‘ngida turishardi. Nogohda oyisining ovozi uni o‘ziga keltirdi: «Uyat bo‘ladi, qizim, begona erkak...» U yugurgilab ketdi, ortidan Jo‘raqul ham ergashdi.
— Urushdan omon qaytsam, hali balki ko‘risharmiz...
U bari bir hech narsa deyolmadi. Darvozani zanjirlab qo‘ydi. Tuni bilan uxlayolmadi. Yumshoq to‘shak badaniga mix bo‘lib qadaldi, o‘rnidan turib hovlini kezdi, devor ostiga bordi. Narigi yoqda kimdir «Maxfirat!» deb chaqirgandai bo‘ldi. U esa ovoz chiqarolmadi. Oyisi izma-iz ta’qib etardi. «Uyat bo‘ladi, qizim», — derdi beozorgina boqib.
O’sha uchrashuv uning uchun eng nurli xotira bo‘lib qoldi. O’sha kech uni chaqirmadi. Umr bir ko‘z ochib yumganchalik o‘tib ketibdi — bechora alam-sitamlar bilan birga. Lekin Jo‘raqulning o‘ktam chehrasi, ovozi, qaddi-basti o‘sha holicha turibdi. Nega uni chaqirmadi? Bu savol uning yuragani doim o‘rtab keladi...
Urush tugadi. Maxfiratning quvonchi ham tamom bo‘ldi. Sadriddinxo‘ja qaytib keldi. Jo‘rakul esa izsiz yo‘qoldi. Qo‘shni hovlidagilar uni bir yil kutishdi, ikki yil kutishdi, oxiri ovoz chiqarib aza tutishdi. Bu hovlidan ham ovoz chiqdi... Alamli, dardli, armonli ovoz... Sadriddinxo‘ja tumtayib oldi, keyin jahli qo‘zg‘ab qichqirdi.
— Endi bo‘ldi qil, la’nati! Yo men bo‘lmaganda og‘iz-burun o‘pishganmiding o‘sha itvachcha bilan?
«Uyat bo‘ladi, qizim! Erli xotinsan...» — shu kundan e’tiboran marhuma oyisini ham yomon ko‘rib qoldi. Doimo zolim erning tomonini oladi. Onasini yoddan chiqarishga urindi, eslash to‘g‘ri kelsa, ijirg‘anadigan bo‘ldi...
Urushdan eri asab kasalini orttirib kelgandi. Sal narsaga tutoqib ketadi, qo‘liga nima tushsa otib yuboradi. Endi u bolalarni deb yashardi bu erkak bilan. Keyin ko‘nglida yana bir armon paydo bo‘ldi. Lekin bu armonni hatto ko‘nglidan kechirish ham qo‘rqinchli edi.
Bolalar katta bo‘lib qolishdi. «Qizlaringga ehtiyot bo‘l, biron gap eshitsam, hech qaysingni sog‘ qo‘ymayman», — dedi eri. Karomatni so‘rab uyga sovchilar qatnay boshladi. Karomat rad kilaverdi. Lekin bir galga sovchilarga indamadi. Qizining shularga ko‘ngli borligini u darrov sezdi.
— Men rozi. Faqat otasiga maslahat solinglar, — dedi u. Ota esa ko‘nmadi. Sovchi tomonning avlodi past emish. Sovchilar bari bir qatnayverdi.
— Endi kelmanglar, bo‘ldi, agar qizim rozi bo‘lsa, unaqa qizni men oq qilaman, xotinimdan shunaqa gap chiqsa, unga uch taloq, — dedi ota supada uning roziligini kutib o‘tirgan sovchilarga.
Ichkarigi xonada o‘tirgan Karomat bu gapni eshitib faryod solib yig‘ladi. O’zini o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘lib kerosinga yopishdi. Qiy-chuv ko‘tarildi. Maxfirat yugurib tashqariga chiqtsi.
— Umrimni xazon qilding, endi bolalarimning ham baxtini to‘smoqchimisan, nomard, — deya chinqirganini o‘zi ham bilmay qoldi. Sadriddinxo‘janing ko‘zlari qinidan chiqayozdi:
— Uch taloqsan, — dedi vishillab...
Shundan buyon er-xotinning o‘rtasida gap-so‘z yo‘q edi. Chol pastki uyda yashardi... Bolalarning hammasi uyli-joyli bo‘lishdi...
Hoalida rasm-rusm joyiga keltirilayapti. Otadan yaxshi gapni kam eshitgan bo‘lishsa-da, farzandlar uning hurmatini binoyidek o‘rinlatishayapti. Kampirning ko‘nglini g‘ashlik egalladi. Odamlar, odatda, qadrli kishilar olamdan o‘tsa, o‘rtanib yig‘lashadi, yaxshi hislatlarini eslashadi. Kampir nima deb yig‘laydi?
Eshik ochildi. Karomat kirib keldi.
— Oyi, oyijon, — u yig‘lab onasini quchoqlab oldi. — Men sabab otam bilan urishib qoluvdingaz. Endi rozi-rizolik qiling. Otaginam go‘rida tinch yotsin... 
Kampirning yuragi ezilib ketdi. Kanaqa farzandlar o‘stiribdi-ya, shunchayam shafqatli bo‘lishmasa...
— Mayli, bolam, mayli, — dedi qizining boshini silarkan. Salomat, A’lam, Azimjonlar ham tik turib uni kutishardi. U sudralib hovliga chiqdi. Odamlar tobutni ko‘tarishdi... bir zum qotib turishdi. Ular hamon kampirga muntazir edilar.
Tobutda yotgan kishi uning navqiron yoshligini o‘zi bilan birga olib ketayotgandi. Endi u qanday yashaydi, qurigan qoq suyakka aylangan kampirning kimga keragi bor. U axir bari bir niyatiga yetdi-ku. O’limini bir bor ko‘rsam, armonim yo‘q, deb yashab kelayotgandi hozirgacha. Yo‘q, hech qachon birovlarga o‘lim tilamagandi, yolg‘iz shu armoni bor edi. Uning boshqa hamma yaxshi tilak va orzularini yo‘qlik sari ketayotgan tobutdagi o‘lik berahmlarcha toptagan, o‘ldirib yuborgandi. Qalbi tubida asrab kelayotgan yolg‘iz armoni amalga oshdi. Endi yashashning hojati ham yo‘q edi.
U baqirib yig‘lab yubordi. Har birining boshiga kelishi muqarrar bo‘lgan oxiratni o‘ylab cheksiz qayg‘uga cho‘mgan farzandlar, nevaralar, qarindosh va qo‘ni-qo‘shnilar hayrat bilan kampirga tikilishdi. U boshidagi ro‘molini otib yubordi, oppoq sochlari yoyilib ketdi, tobut ko‘targan odamlarning yo‘lini to‘sdi. Tobutga osilib oldi:
— Meni ham olib ket. Nega tashlab ketayapsan, olib ket meni ham... 
Qizlari va kelinlari qo‘ltig‘idan suyab chetga chiqarishdi. Uning endi tik turishiga majoli ham qolmadi, ichkariga olib kirishdi, karavotga yotqizishdi. U alahsirardi, anchadan so‘ng hushidan ketdi. Cholni ko‘mib kelishganda kun botgandi, lekin borliq allaqanday sokinlik va tiniqlikka g‘arq edi.
Konfet so‘rab kirgan kichkintoy nevarasiga buvisi kulib boqmadi, sho‘x vijirlashlariga ham e’tibor bermadi. Kichkintoy odaticha sekingina uning cho‘ntagiga qo‘l uzatdiyu, seskanib tushdi. Buvining ko‘zlari ochiq, yuzi esa sovuq tirjayib turardi. Chinqirib tashqariga otildi. Yo‘q, u hali bola edi, dunyoda o‘lim degan narsa borligini idrok etolmasdi. Lekin o‘limning nafasi, muhri sovuq va dahshatli ekanligini shu damda his etgandi. Borliqni yana yig‘i-sig‘i egalladi.
Kampir olamdan o‘tgandi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.