OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Enaga qizning kechmishlari (hikoya)

Shartnoma bo‘yicha Germaniyaga enagalikka boradigan bo‘ldim. Begona shahar, begona odamlar, umrida bir o‘zi begona yurtga chiqmagan mendek qizni qo‘rqitishi tabiiy. Men borgan oilaning ikki farzandi bo‘lib, qizaloqlarning biri uch yosh, ikkinchisi ikki oylik edi…
Ishim qiyin emas, qizaloqlar Andrea va Erika bir-biridan shirin, tartibli (ha, aynan tartibli). Ish vaqtim ertalab 8 dan 12 gacha, keyin 17 dan 19 gacha borib bolalarni ovqatlantirib, yuvintirib uxlatishga yordamlashaman. Meni eng qoyil qoldirgani nemis bolalari kechki soat yetti bo‘lgach, uxlagani yotishardi. Va uxlab qolishardi! Shu bilan ertalab soat sakkizgacha, bizniklarga o‘xshab soat beshdan sakrab turishmaydi.
Buni ish vaqti deb ham bo‘lmaydi. Chunki oldingi ishlagan joyimda ertalabdan kechgacha, toki ish tugaguncha ishlayverardim. Avvaliga anchagacha moslasholmadim, chunki doim shoshib, nimagadir ulgurmay qolishdan qo‘rqib, asablarim tarang yurishga o‘rganib qolgandim. Kunduzi bajarib ulgurmagan ishlarimni uyga olib kelib, kechasi qilardim. Doim uyquga to‘ymay yurardim. Endi esa hech qaerga shoshilishning ham keragi yo‘q… Lekin bu hayotga o‘rganishim qiyin bo‘ldi. Uzog‘i bilan bir hafta chidadim. Uydagilarga yaxshi yashayapman, deganim bilan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Chunki ko‘p uxlashga o‘rganmaganman. Qolaversa, ko‘p o‘tmay yolg‘izligim sezila boshlagandi. Ishdan bo‘sh paytlarim derazadan shaharni tomosha qilib o‘tiraman. Oldingi do‘stlarim, oila a’zolarim bilan o‘tadigan qizg‘in hayotimni qo‘msam siqilardim. Bir kun zerikkanimdan shahar aylangani chiqdim. Drezdenning eski shahari hisoblanadigan Altshtadtni aylanib kelaman, deb qaytishda uyni topolmay adashib qoldim. Odamlardan so‘ray-so‘ray, amallab topib keldim. Shundan keyin shaharni yolg‘iz aylanmaydigan bo‘ldim. Vaqtimni ko‘proq ish joyimda o‘tkazadigan bo‘ldim. Shartnoma bo‘yicha belgilab qo‘yilgan vaqtimdan tashqari ham qolib uy bekasi Annaga yordam berardim. Mening bu ishimga avvaliga ular ajablanib qarashdi. Lekin men ishsiz o‘tirib o‘rganmaganman. Qolaversa, bolalarni jonimdan ortiq yaxshi ko‘rardim. Annaning eri ertadan kechgacha ishda, ko‘pincha xizmat safarlarida yurardi, shu sabab uyda kam bo‘lardi. Uy ishlarida ko‘mak beradigan dastyor zarar qilmasdi. Bir gal eri uzoq muddatga safarga ketadigan bo‘ldi. Anna ikkita bola bilan qiynalib qolishini aytib, ko‘z yoshi to‘kib oldi. Unga qarab uch-to‘rtta bolasi bilan birga qaynona-qaynotasini ham eplaydigan o‘zbek ayollari ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Baribir unga achindim. Unga yordam bo‘lsin, deb bolalarga qarashni o‘z zimmamga olib, ko‘p vaqtimni ular bilan o‘tkaza boshladim. Baribir qiladigan ishim yo‘q. Bolalarga mehr berganim sayin ular ham menga o‘rganib, yaxshi ko‘rib qolishdi. Har kun ertadan kechgacha ular bilan o‘ynab vaqt o‘tganini bilmayman. Annaning ko‘nglini ko‘tarish uchun milliy taomlarimizdan pishirib bergandim, ularga yoqib qoldi. Endi ishdan bo‘sh paytlarim tez-tez ularga taom tayyorlab beradigan bo‘ldim. Ular oshpazlikni qaerdan o‘rgangansan yoki maxsus kursda o‘qiganmisan, deb so‘rashardi. Men esa «ha, onamning kurslarida o‘qiganman», deb javob berardim. Ular mening mehribonchligimdan xursand bo‘lishardi, yaxshiligimni qaytarish uchun xursand qilishga harakat qilishardi. Buni xonamga qo‘yib ketilgan shokoladlardan bilsa bo‘lardi. Sekin-sekin bu yerda ham hayotim iziga tusha boshladi. Haftada ikki marta bo‘sh vaqtimda nemis tili kurslariga qatnay boshladim. Tanishlar ham orttirdim. Kursda men bilan birga ukrainalik Tanya degan qiz o‘qirdi. U ham rus tilini yaxshi bilgani uchun darrov til topishib ketdik. Tanya meni o‘z do‘stlari bilan tanishtirdi. Ular bilan gaplashib, ancha til boyligim ham ortdi. Tanya tez-tez meni dam olishga chaqirar, «doim band bo‘lish» kasaliga chalingansan, seni xalos etish kerak derdi. Men esa ko‘pincha uy ishlaridan ortmasdim. Bir kuni u mendan shartnomangda ertalabdan kechgacha ishlash yozilganmi, deb so‘radi. Men o‘zim Annaga achinganimdan yordam berishimni aytdim. Tanya javob o‘rniga jilmayib qo‘ydi.
Drezdenni bekorga «san’at shahri» deyishmas ekan. Son-sanoqsiz muzeylar, ibodatxonalar, Eba bo‘yining go‘zalligi meni o‘ziga maftun etmay qolmadi. Yetti asr davomida gertsog va qirollar qarorgohi bo‘lgan Drezden menga o‘xshagan san’at shaydolari uchun ayni muddao edi. Tanya meni dam olish kunlari muzey va ibodatxonalarni tomosha qilgani yetaklardi. Yana oldingidek do‘stlar davrasida quvnoq yashayotganimdan quvonardim. Lekin bu quvonch uzoqqa cho‘zilmasdi, chunki bir-ikki soat erkinlikdan keyin yana qat’iy rejim bilan yashaydigan oilaga qaytardim. Noto‘g‘ri tushunmang, bolalarni hamon yaxshi ko‘rardim. Lekin do‘st ortirganimdan buyon Annaning menga munosabati o‘zgargandek edi. Tanishlarim bilan ko‘p vaqtimni o‘tkazishim ularga yoqmayotganini sezib qoldim. Men o‘z xizmatim, mehrim bilan ularning yaqin odamiga aylanib bo‘ldim, endi ular ham meni tushunishadi, deb o‘ylabman. Lekin… Bir kuni do‘stlarim meni ostonada kutib turishganda, Anna meni oshxonaga chaqirdi. Bugun Tanyaning tug‘ilgan kuni edi. U bilan Elba buyida sayr qilib Kanalettoni tomosha qilib zavqlanmoqchi edik. Shuning uchun Annadan bir soat oldin javob berishini so‘ragandim. U javob o‘rniga qoshlarini chimirdi.
— Lola, — dedi Anna jiddiy ohangda. — Siz bilan gaplashib olmasak bo‘lmaydi. Siz bu yerga ishlagani kelgansiz. Shartnomada ish vaqtingiz aniq ko‘rsatilgan, marhamat qilib unga rioya qilsangiz…
Tilim aylanmay qoldi. Chunki unga vaziyatni tushuntirgandim.
— Bugun javob beraman. Lekin bu ish boshqa qaytarilmasin! — dedi sovuqqonlik bilan.
— Xo‘p, — dedim ichimni qaqshatib ketgan titroqni zo‘rg‘a bosib.
Ko‘zimdagi yoshni ko‘rsatmaslik uchun, tashqariga yugurdim. Mening kayfiyatim yo‘qligini sezgan Tanya sababini so‘radi.
— Shunaqa odam ham bo‘ladimi? Men butun vaqtimni uning oilasiga bag‘ishlasam, bolalarini jonimdan ortiq yaxshi ko‘rsam, Andrea meni hatto «oyi» deb chaqiradi… Bir marta javob olganimni yuzimga solsa-ya! — hech o‘zimga kelolmasdim.
— Bu yer Germaniya, Lola! Ularga qilgan yaxshiligingga rahmat olasan. Lekin senga ko‘mak kerak bo‘lganda, hech kim yordam bermaydi. Shuning uchun ular uchun ishlayverishni bas qil. Shartnoma dedimi, endi sen ham o‘sha shartnomasiga amal qil.
— Lekin mendan yordam so‘rashsa, yo‘q deya olmayman… Chunki bolalarni yaxshi ko‘raman.
— Hech kim yaxshi ko‘rma demayapti-ku. Sen ham o‘zlaridek javob qaytar.
O‘sha kuni Tanya o‘z do‘stlari bilan birga meni uygacha kuzatib qo‘yishdi. Anna meni qovog‘ini ochmay kutib olgan bo‘lsa, bolalar quvonib kutib olishdi.
Shundan keyin oiladagi munosabatlarimiz sovuqlasha boshladi. Dugonam ularga yoqmagandi. Chunki u bilan tanishganimdan keyin ular chaqqon, hozirjavob «dastyorlaridan» mahrum bo‘lishgandi.
Bu hali hammasi emas ekan. Bir kuni kursga o‘qishga ketayotganimda g‘alati ish bo‘ldi.
— Lola, — dedi Anna. — Endi kalitni o‘zing bilan olib ketma. Devordagi guldonning ortiga tashlab ket.
— Nega? — dedim hayron bo‘lib.
— Meni to‘g‘ri tushun, lekin yaqinda ikki uy naridagi qo‘shnimizning uyini o‘g‘ri urib ketibdi.
Buning menga nima aloqasi bor ekan, deb hayratlanib turganimda:
— Sening tanishlaring shubhali. Ehtiyot bo‘lganim yaxshi, — dedi.
Qotib qoldim. Mendan gumonsiragani ko‘nglimga og‘ir botdi.
Yo‘l bo‘yi yig‘lab ketdim. Kechqurun ishlarimni tindirib, Annaning oyisi bilan gaplashib o‘tirganimda qo‘ng‘iroq jiringladi. Anna bo‘lsa kerak deb o‘yladim, chunki har kun kechki soat to‘qqizda onasiga qo‘ng‘iroq qilib bir kunlik ishlarini gapirib berardi. Go‘shakni ko‘tarsam, Annaning xavotirli ovozi eshitildi, Erika isitmalab qolibdi, shifokor chaqirishibdi. Kampir shifokor chaqirib yaxshi qilibsan, dedi qiziga va bemalol televizor ko‘rishda davom etdi.
— Biz ularnikiga bormaymizmi? — dedim hayratimni yashirolmay.
— Nega? — dedi kampir mendan battar hayratlanib.
Nevarasi isitmalab yotasa-yu, bitta ko‘chada yashaydigan buvisi bemalol televizor ko‘rib o‘tirsa? Yana buning ustiga kuyovi safarga ketgan. Buni tushunishga mening aqlim ojizlik qilardi.
Kampirining hay-haylashiga qaramay ustimga kurtkamni tashladim-u, Annanikiga yugurdim. Eshikni ochgan Anna meni ko‘rib ko‘ziga yosh oldi. Darrov bolalarning xonasiga yugurdim. Muolajadan keyin isitmasi tushgan bo‘lsa-da, qizaloq uxlolmay bezovtalanib yotardi. Uni qo‘limga oldim, Erika bo‘ynimdan quchoqlab oldi. Bir payt oyog‘imga kimdir suykanganini sezdim. Singlisining betob bo‘lganidan qo‘rqib qolgan Andrea ko‘zlarini mo‘ltiratib tizzamdan quchoqlab turardi.
— Bugun buvinikiga ketmayman, bolalar bilan qolaman. Erikaga ham tuni bilan o‘zim qarayman, — dedim Annaga. U menga birpas tikilib turdi-da, keyin bag‘riga bosgancha yig‘lab yubordi.
Hamma narsaning yakuni bo‘lganidek, mening shartnomam ham yakuniga yetdi. Qaytish chiptalari olindi. Anna hammamizni yig‘ib xayrlashuv dasturxoni yozdi. Xuddi ketishimni bilgandek Erika hech qo‘limdan tushmasdi. Men ham uni hech qo‘limdan qo‘ygim kelmaydi.
— Bolalarim seni juda yaxshi ko‘rib qolishgandi, Lola. Ayniqsa Erika qo‘lingda katta bo‘ldi. Birovning bolasiga ham mehr ko‘rsata oldigan darajadagi marhamatli millat ekansizlar… Sendan ko‘p narsa o‘rgandim. Bizni unutib yuborma, — dedi ko‘zda yosh bilan.
— Biz tomonlarga ham boringlar, mehmon qilaman, — dedim.
Ularni albatta mehmonga chaqirishni ko‘nglimga tugib, xayrlashdim. Bolalar bilan xayrlashishim juda qiyin bo‘ldi. Ortimdan yig‘lab qolgan Andrea yo‘l bo‘yi ko‘z o‘ngimdan ketmadi.
Ona yurtimda barcha yaqinlarim meni quvonch bilan qarshi olishdi. Shunda yaqinlar mehrini qanchalik sog‘inganimni his qildim. Qaytganimdan keyin ko‘p o‘tmay sayyohlik kompaniyasiga gid bo‘lib ishga joylashdim. Chunki nemis tilida bemalol gaplashadigan bo‘lgandim. Shu yerda Sardor bilan tanishdim. Bir-birimizga ko‘ngil qo‘ygnimizni eshitgan ota-onamiz bizga oq fotiha berishdi. To‘y kuni beligilangach, Annaga qo‘ng‘iroq qildim.
Meni ovozimni eshitib shunchalik xursand bo‘ladi, deb o‘ylamagandim.
«Andrea, tez kel, Lola qo‘ng‘iroq qilyapti», dedi u o‘ziga yarashmagan hovliqmalik bilan. Ularni to‘yga taklif qilayotganimni eshitib rosa xursand bo‘ldi.
— Lola, to‘yga ikki kishi bo‘lib borsak, uydagilaringni bezovta qilmaymizmi?
Uning gapidan kulib yubordim.
— Hammalaring kelsanglar ham bezovta qilmaysizlar, — dedim xayrlasha turib. Ular kelishsa, Drezdendan qolishmaydigan Samarqand, Buxoro va Xivani albatta ko‘rsatishni niyat qilib qo‘ydik.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.