OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Sobirova. Yillar ta’sirini o‘tkazolmadi… (hikoya)

Ishlarini tugatib gazeta varaqlashga tushgan Faridaning diqqatini bir e’lon tortdi: «TDPIni … yilda bitirgan kursdoshlarimizni … kuni bo‘ladigan 10 yillik uchrashuvga chorlaymiz. Manzil:…»
Og‘ir xo‘rsinib gazetani stolga uloqtirdi. «Besh yillikka ham bormagandim… o‘n yillikka borsammikan? Lekin u yaramas bilan qanday yuzma-yuz bo‘laman?.. To‘xta… Nega endi men hammadan qochib, uzlatda yashashim kerak. U nomard uyalsin! Boraman! Ko‘zlariga tik qarab bor gapimni aytaman! Kursdoshlar ham bilib qo‘yishsin, uning asl basharasini!.. Shuncha qiynalganim yetar!»

* * *

— Rozi bo‘lishmaydi, degandim-ku… — hiqilladi Farida.
— Nega?.. Nega doim kimdir to‘sqinlik qiladi? O‘z holimizga qo‘yishsa bo‘lmaydimi… Yosh bola emasmiz-ku!
— Dadamning odatlarini bilmaysiz..
— E-e! Bilvoldim! — to‘ng‘illadi Jamshid. — Senga aytgandim-a, ko‘nmading! Qochib ketayli-i-k, iltimos! Bir marta aytganimga ko‘ngin, keyin kechirishadi, meni aytdi deysan. Menikilar qarshilik qilishmaydi…
— … Qo‘rqaman!..
— Bo‘ldi ikkilanishlaringga quloq solmayman endi. Tushunsang-chi, bu oxirgi imkoniyatimiz! Keyingi dushanba kuni diplom olgani kelganingda, biryo‘la hujjatlaringni ham olvolgin. Ortiqcha narsa olma, hech nimaning keragi yo‘q… Nima kerak bo‘lsa, keyin o‘zim olib beraman! Seni soat oltida Shimoliy vokzalda kutaman. Ikkita chipta olib qo‘yaman. Kelasan-a? — yana iltijoli qaradi Jamshid. — Bo‘pti, men shoshyapman…
Farida sekingina «xayr» dedi. Negadir ichidan bir nima uzilgandek bo‘ldi.
Ikki qadam yurmay Jamshid yana iziga qaytdi.
— Menga pand bermagin, ishqilib. Ota-onamni ko‘ndirganman, keyin menga ishonmay qo‘yishadi… Xo‘pmi? Xayr… — Jamshid hech undan ko‘ngil uzolmas, lekin shoshilmasa poezdga kechikyapti. U shoshib qizning peshanasidan sochi aralash o‘pdi va yugurib ketdi. To‘siqlardan sakrab o‘tarkan, ortiga o‘girilib yana bir bor qo‘l siltadi…
Dushanbagacha Faridaning bo‘lari bo‘ldi. Onasi qizining rangi siniqib borayotganini otasidan ko‘rdi. «Sevganiga bersa bo‘lardi-ku, bu qaysar odam hech o‘zgarmadi-o‘zgarmadi-da!» deb to‘ng‘illab qo‘yardi.
Dushanba kuni ertalab u uydagilar shubhalanmasligi uchun kichkina sumkachasiga bir-ikkita zarur narsalarini va barcha hujjatlarini soldi. Keyin onasi va ukalari bilan birma-bir xayrlashib chiqdi. Oxirida otasi bilan ham xayrlashdi.
— Ehtiyot bo‘lib borib kel. Nechchida uyda bo‘lasan? — so‘radi otasi har doimgidek qovog‘ini ochmay.
— K-kechga yaqin qaytaman…
Onasi unga achinib qaradi. «Sho‘rlik qizim yurak oldirib qo‘ygan».
Har  doim shaharga quvonib ketadigan qizi bugun negadir shashti pastdek tuyildi.
Institutdan diplomini olguncha kun peshindan og‘di. Vaqtli bo‘lsa-da, vokzalga bordi. Jamshid hali kelmagan. U oxirgi marta xayollarini yig‘ib, yaxshilab o‘ylab olmoqchi bo‘lib bir burchakka borib o‘tirdi. Xayoli uyda ota-onasida edi. Kechga yaqin qizi qaytavermagach, xavotirga tushishadi… Yarim tun bo‘lganda ham boravermagach esa otasi baqirishni boshlaydi, onasi esa qizining xonasiga kirib yig‘laydi. Shunda ukalaridan bittasi xonasidagi xatni ko‘rib qoladi… Keyin hammasi tugaydi. Otasi oq qiladi!.. Onasining iltijolariga quloq solib o‘tirmaydi.
Farida uh tortdi. Jamshid hammasini o‘zim hal qilaman, dedi-ku… yuragiga taskin bergan bo‘ldi. Jamshid uni birinchi kursdanoq sevib qolgan. Hatto ota-onasi bilan ham tanishtirgandi. Xayollarga berilgan Farida vaqt o‘tganini ham bilmabdi. Soatga qaradi — 6:00. U o‘rnidan sakrab turib vokzal eshigi tomon yurdi. Burchakda o‘tirganim uchun qidirib yurgandir? Hech kim ko‘rinmagach, kassa tomon bordi. Jamshid u yerda ham ko‘rinmadi. Sumkachasini bag‘riga bosgancha vokzalning u yog‘idan bu yog‘iga yugurar, lekin negadir Jamshiddan darak yo‘q edi. Komuntator «Toshkent-Buxoro» yo‘nalishidagi poezd ketayotganini e’lon qildi. U esa hamon umid bilan ikki ko‘zini eshikdan uzmay qotib turardi… Ishongani kelmadi…
Shu kecha vokzalda tunadi… Hamon ichida nimadir Jamshid kelishiga ishonishga undardi. «U hech qachon meni aldamagan… Otam sovchilarga rad javobini berib jo‘natganda ham fikridan qaytmagan. Uyidagilariga faqat Faridaga uylanaman, deb gapiga ko‘ndirgan, endi fikridan qaytarmidi?.. O‘zini qanchalik ovutishga urinmasin Jamshid baribir kelmadi… Unga o‘zidan ham ko‘proq ishongan qizni aro yo‘lda qoldirib ketdi…
Xayolidagi tuman tarqab, atrofga hushyor qaray boshlagan Faridaning ko‘zi ochilgandek bo‘ldi. Qilgan ishini aniq-tiniq his qilib seskanib ketdi. Nima qilib qo‘yganini angladi. Tamom! Endi uyiga qaytib borolmaydi. Otasining fe’lini biladi. Jamshid otasining fe’lini bilardi-ku… Nega kelmadi?! Nahotki, adashgan bo‘lsa?!. Nahotki, otasining gaplari rost chiqsa? Otasi har doim «Bu dunyoda hech kimga ishonma!» derdi. Unga nima bo‘ldi, aqlli mulohazali qiz edi-ku!
Lekin hozir o‘zini ayblab, ich-etini yeb o‘tiradigan payt emas. Tezroq biror nima o‘ylab topishi kerak. Uyiga qayta olmaydi. Jamshidning yoniga esa endi o‘lib qolsa ham bormaydi. Aqli biroz tiniqlashgan Farida o‘ylay boshladi. Sekin ko‘chaga chiqdi. Endi hayot ko‘ziga boshqacha ko‘rindi, bor bo‘yi basti, qiyinchiliklari-yu, yaxshi-yomon odamlari bilan. U birpas o‘ylanib turdi-da keyin yo‘lga tushdi. Xayoliga qaerdan kelganini o‘zi ham bilmaydi, lekin to‘g‘ri shaharning eng chetida joylashgan «Kar-soqovlar maktab-internati»ga kirib bordi.
— Opa, kecha diplomimni oldim... Lekin boradigan joyim yo‘q. Iltimos, menga ish bering, enagalik qilishga ham, har kun navbatchilikda turishga ham roziman…
Bu dunyoda hamma ham Jamshidga o‘xshagan emas… Yaxshi odamlar ham bor. Direktor opa Faridaga ish ham, bolalar yotoqxonasidan joy ham ajratib berdi.
Ichidagi alam olovini bosish uchun bosh ko‘tarmay ishlashdan boshqa chorasi yo‘q edi… Mehnatlari zoe ketmadi. Besh yildan keyin u internatga ilmiy mudir vazifasida ishlardi. Keyinchalik esa pensiyaga chiqqan direktor opaning tavsiyasi bilan u internet boshqaruvini qo‘liga oldi. Endi u Farida Mahmudovna edi.
Bugungi e’lon uni yana oldingi, sodda, ishonuvchan, muhabbat boshini aylantirgan davrlariga yetakladi.
«Boraman! Albatta, boraman!» qaror qildi u. Xayolan belgilangan restoranga kirib bordi. Mana dugonalari, kursdosh yigitlar… Barchasi uni ko‘rib hayron qolishadi. Tortinchoq, xushfe’l Farida endi o‘ziga ishongan direktor xonimga aylangan! Jamshid uni ko‘rib dovdirab qoladi, keyin kursdoshlarning nigohi ta’qibiga dosh berolmay kelib ko‘rishadi. U esa Jamshid bilan hech nima bo‘lmaganday ko‘rishadi va o‘tirish tugaguncha unga qaytib e’tibor ham bermaydi. Xuddi u yo‘q, hayotida umuman bo‘lmagandek… Ha, xuddi shunday qiladi! Bergan o‘n yillik azobi uchun nazariga ilmay jazolaydi.
Farida ertalabdan tayyorgarlikni boshladi. Sochlarini turmaklatdi, firma do‘konidan o‘ziga juda yarashgan lola rang ko‘ylak xarid qildi. Xuddi shunga mos tufli. Bir xarajat qilsam qilibman-da, shuncha mehnat qilganimdan keyin arzimaymanmi? Ko‘zguda zamonaviy, o‘z qadrini biladigan go‘zal ayol qarab turardi. Bir paytlardagi ma’sumalik, soddadillik o‘rnini qat’iyat va ishonch egallab, husniga husn qo‘shib turardi.
Kursdoshlari yig‘ilishini kutib, ataylab kechikdi. Restoran yonida mashinadan tusharkan, ichida titroq turganini his qildi. Lekin o‘zini bosdi. Eshik oldida keluvchilarni kutib turgan kursdosh yigitlar uni tanishmadi. Bir qarab yana gaplarida davom etishdi. U esa mag‘rur yurib ularga yaqinlashdi va:
— Salom, yigitlar! — dedi.
Yigitlar unga qarab anqayib qolishdi. Birozdan keyin Abror o‘ziga kelib:
— F-farida! O‘zingmisan?.. E-e , o‘zingizmisiz?..
Yigitlarning og‘zi ochilgani holva ekan, dugonalari uni ko‘rib qiyqirib yuborishdi. «Bormisan, qaerlarda yuribsan, chet elga ketib qoldingmi…» savollarga ko‘mib tashlashdi. Bir-ikkitasi ko‘z yoshi ham qilib oldi. U esa savollarga javoban sirli jilmayib qo‘yardi. Ko‘zlari esa atrofga alanglab kimnidir qidirardi. Lekin kechasi bilan tuzgan rejalarini chippakka chiqarib o‘sha «kimdir» ko‘rinmasdi.
Dugonalaridan biri uni turtib, «u ichkarida» dedi. Farida o‘zini tushunmaganga soldi. Hamma joylashgach, zalda birdan chiroqlar o‘chdi, g‘ira-shira chiroqlar yorug‘ida mayin kuy yangray boshladi.
Bu bir paytlar ularning sevimli qo‘shig‘i edi. Magnitofonda shu qo‘shiqni takror–takror eshitishardi. Endi esa hofizning shaxsan o‘zi ijro etyapti. Qo‘shiq tugagach, mikrofondan tanish ovoz hofizga minnatdorchilik bildirdi. Tanish ovozdan Faridaning yuragi qalqib ketdi.
— Salom, aziz kursdoshlar! Bu uchrashuvimizni ham sevgilim Faridaga bag‘ishlayman! Lekin u bugun ham kelmadi… Mayli, lekin men sizlarni yig‘ishdan charchamayman, balki o‘n besh yillikda kelar, balki yigirma besh yillikda… Bittasida bo‘lmasa bittasida darak berar! Endi dasturxonga marhamat… Shu gapdan keyin chiroqlar birdaniga yondi. Yorug‘likdan Faridaning ko‘zlari qamashib ketdi, u hech nimani tushunmasdi. Kursdoshlari undan ko‘z uzmay qarab turishardi. Abror engashib qulog‘iga shivirladi:
— O‘sha kuni otasi dunyodan o‘tib qolgan… Shundan buyon seni qidiradi. Kursdoshlarni ham seni ko‘rish umidida restoranida yig‘adi. U hamon seni kutyapti…
Farida beixtiyor o‘rnidan turdi va sahna tomon yura boshladi. Mikrofon tutgan Jamshid toshdek qotdi. Zal suv quygandek jim! Mana o‘n yil deganda birinchi marta yuzma-yuz kelishdi. Ko‘zlarda alamli savollar, diydor quvonchi, shukronalik…
— O‘shanda nega kelmadingiz?... — titradi Faridaning lablari.
— Shuncha yildan buyon nega kelmading? — ko‘z yoshlarini ichiga yutdi Jamshid.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.