Saratonning issig‘i jizillaydi. Tol tagidagi kuchuk ichini urib nafas oldi. Unga so‘nalar biri qo‘yib, biri yopishdi. Oxiri chidolmadi, shing‘illab, boshini silkidi. Oyog‘i bilan tumshug‘ini, chakkasini qashladi. Shunda oyog‘i yerga tap-tap etib tegdi. Yong‘oqning soyasidagi supada mudrab yotgan Mamatqulboy sekin ko‘zini ochdi, hech kim ko‘rinmadi, birgina kuchuk g‘ingshidi. Uning tovushi tinmadi, oxiri erinib turdi-da, ipdan bo‘shatib yubordi. Arqondan bo‘shalib ham nari ketmadi, boshini sarak-sarak qilib, supa poyiga yotib oldi. Mamatqulboy esa yana cho‘zildi.
Xayol o‘tmay qorong‘u tomdan xotini chiqib keldi, bo‘sag‘ada o‘tirdi, qo‘lidagi bir enlik gazeta bilan shamol yelpidi. Havo dim, yuragi siqilib ketdi. Tura solib, bir chelak sovuq suvni hovli aylantirib sepdi. Shunda havo sal salqin tortdi, shamol jonlanganday bo‘ldi. Bundanam ko‘ra, suvga chanqoq yerning bo‘yi shunday anqidi, Mamatqulboy o‘rnidan qanday turib ketganini bilmay qoldi. O‘tirib, do‘ppisini kiydi, so‘ng tuproq hididan to‘yib-to‘yib navas oldi.
Qumri checha anchadan beri erini qistovga oladi. Shahardagi yolg‘iz o‘g‘li bu yoqqa kuchib kelingizlar, hamma sharoit bor, deb qo‘ymayotganini aytadi. Katta shaharda biz ham odamga o‘xshab yashaylik, deb xarxasha qiladi. Mamatqulboy esa unamaydi, qishlog‘idan bir qadam ham nari ketgisi kelmaydi. Xotinining yana shu gapini eshitmayin, deb yuz-qo‘lini apil-tapil yuvdi va chalg‘ini ko‘tarib, dalaga chiqib ketdi.
Bedaning gullaganiga ancha bo‘ldi. O‘sib ketganidan buralib, yiqilib qolgan. Mamatqulboy havsala bilan chalg‘i soldi. Yo‘ng‘ichqa tartib bilan yiqilib ketaverdi va uning mast qiluvchi hidi olis-olislarga taraldi. U bir maydon o‘rdi. So‘ng, qo‘lini beliga tirab, binafsha tusda tovlanayotgan bedapoyaga boqdi. Misoli dengiz. Ya’ni sokin va moviy dengiz. Qaldirg‘ochlar uning ustidan charx urib uchdi, qanotlari bilan oqish, qizg‘ish gullarni siypab o‘tdi. Bedanalar u yoqdan-bu yoqqa sakradi, ketma-ket bor ovozda sayradi. Havoda qotib qolgan mullato‘rg‘ay esa vijir-vijir qildi, so‘ng o‘qday uchib pastga endi. Bu manzara tongdan shomgacha, yo‘q, juda ko‘p yillardan beri davom etadi. Bolalikning ilk xotiralari bilan chog‘ishib ketgan bu manzaralar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Mamatqul boy bolaligini esladi, uning sirli olamiga sayohat qildi. U bu holni tomosha qilib, o‘z ko‘ngliga singib ketdi. Poyidagi ona zaminni quchgisi, boshi ustidagi musaffo osmonga uchgisi kelib ketdi. Yuragi esa to‘lqinlandi, bir boshqacha bo‘lib ketdi.
Ketmon ko‘targan odamlar: “Hormang, Mamatqulboy, hirmonga baraka”, deb tovush berdi. U boshini irg‘adi, jilmaydi va “umringizga baraka”, deb qo‘ydi. Shu ko‘yi yarim tungacha beda o‘rdi. Osmonda to‘lin oy sutday yog‘du sochdi. Mamatqulboyning esa g‘ayrati oshgandan oshdi. Qadamini keng tashlab, qo‘lini yirib-yirib chalg‘i soldi va beixtiyor o‘yga toldi: “Mana sizga huzur-halovat, mana sizga baxt! Bunday taft, bunday muhabbat hech joyda yo‘q”, deya iqror bo‘ldi u.
Bir mahal bedapoya oralab birov kelaverdi. Mamatqulboy sezdi, bu — Qumri checha. Ovqat olib kelayapti. “G‘ayrat qiling”, deydi u past ovozda. Eri eshitmadi, chuqur-chuqur nafas olib ishlayverdi. “Yegulik opveluvdim”, boz aytdi checha va dasturxon tuzay boshladi. Mamatqulboy yonboshlab olib sho‘rva ichdi, damba-dam peshonasidagi terni artdi. Ko‘kdagi to‘lin oy, bodrab yotgan hadsiz-hisobsiz yulduzlarga termildi. Qumri checha esa uning yal-yal yonayotgan yuziga, chaqnoq ko‘zlariga tikildi, uyaldi va yerga uzoq qarab qoldi. So‘ng, o‘zi-da, osmonga boqdi, u ham samodagi tengsiz go‘zallikka mahliyo bo‘lib qoldi. Ko‘ngli hapriqri, ichida bir nido paydo bo‘ldi: “Men hech yerga ketmayman, o‘la-o‘lguncha shu qishloqda qolaman”.
Ular allamahalgacha yulduzlarga termilib o‘tirdi...