O‘n besh yoshar bola edim. Shapoq laqabli eshagimni (bir ko‘zini oq qoplagan edi) minib, Sangardak sharsharasiga yo‘l oldim. Sharshara Xonjizadan ikki chaqirimlar narida. Qo‘yosh olov po‘rqaydi. Ko‘nning issigiga elib, boshimni qo‘mning* ustiga qo‘yib olganman. Endi ko‘zim ilingan ekan, qalin archazordan olashaqshaq shaqillab yubordi, uchib tushdim.
Sharshara tog‘ning ko‘ngay betidan sizib chiqadi. Suv chim bosgan, qo‘ng‘ir, sirpanchiq qoyalarga urilib tushadi va billo‘rday favvora hosil qiladi. Ayniqsa, tong mahali sharshara oltinday tovlanar, gala-gala qushlar charh urib aylanganidan nurning tig‘lari sinib, battar jimirlaydi. Qishlog‘imizdagi odamlar: "Ana, qushlaram ziyorat qilishyapti", deyishadi. Lekin buning ziyoratga hech qanday dahli yo‘q edi. Axir, qushlarning bari yiltiragan narsani yaxshi ko‘radi. Tog‘am bilan Bobotoqqa chiqsak, yonimizda oyna bo‘lardi. O‘ni yalanglikka qo‘yib, o‘zimiz biror harsang o‘ngirida biqinib turardik, tog‘am oynaga yaqinlashgan kakliklarni otib olardi. O‘q ovozi chiqqan yerga qaytib kaklik dorimaydi. Shuning uchun ovni boshqa darada davom ettirardik.
Bir yili uyimizga otamning xonjizalik cho‘pon jo‘ralari kelishdi. Mehmonlar tuni bilan gurunglashdi. Mamay cho‘pon: "Bir palang sharsharaga sajda qip turganini ko‘rganman", dedi. Men hayron qoldim. Hayvonlar ham ibodat qiladimi, deb. Xullas, o‘sha gurungda ko‘p gaplar aytildi. Ularning qay biri chin, qaysi o‘triq — menga qorong‘u. Ochigi, bunday hangomalar qiziqarli. Ayniqsa, sharsharani yaqindan ko‘rish, osilib tushgan suvqapaning tagiga kirib, ko‘klam hididay iforni simirishning gashti boshqacha.
Manzilga yetganimda quyosh tikkaga kelib qolgan, lekin sharsharaga yaqinlashsang eting junjiqadi. “G‘urra-g‘urra» shamol qo‘l-yuzga tikonday sanchiladi. Egilib o‘sgan tollarning biriga eshagimni qantarib, so‘qmoq bo‘ylab tepaga o‘rladim. Oyog‘imning ostida siniq toshlar g‘ichirlaydi, ularni sizib tiniq suv oqadi. Ziyoratchilar ko‘p, yelkalariga to‘n, sochiq yopinib olishgan. Men xurjundagi beqasam choponni kiyib oldim.
Biz turgan joy soylik edi. Atrofini tik qoyalar o‘rab olgan. Kunchiqardagi qoyalarning ortidagi keng daralarda odamning bo‘yi baravar yulg‘unlar o‘sib yotibdi. Ulardan ham naridagi tepaliklarda choynak nusxa tog‘ archalari va pista butalari to‘mpayib to‘ribdi. Olisdagi tog‘lar boshida ko‘pikday bulutlar so‘zib yuribdi.
Ziyoratchilar sharsharadagi harsangtosh biqinidan o‘sib chiqqan daraxtni qo‘rg‘alab turishibdi. Daraxt barglari g‘uj, ko‘m-ko‘k, tikilib to‘ymaysan kishi. Shu yerliklar buni “Najotkor daraxt”, deb atashar va unga topinisharkan.
Sharshara suvi bug‘lanib turadi. Harorat past. Shuning uchun toshning sathida yupqa muz qatlami hosil bo‘lgan, kun tikkaga yetganda yaltirab ko‘rinadi. Harsang tuxumsimon, ustida tik turib bo‘lmaydi. Biroq daraxt shoxlari har xil rangdagi mato qiyqimlariga bo‘rkangan. Bularni g‘oyibdan najot tilaganlar ilishgan. Qo‘lini iyagiga tirab, palaxsa toshga o‘tirib olgan kalta galstukli qishi: “Daraxtni rasvo qilishibdi, — dedi. — Bir parcha lattaning najotga nima daxli bor? Tushunib bo‘lmaydi. Axir, bu — fitishdan boshqa narsa emas!”. Men: bu shunchaki bir irim, ixlos-xalos, deganday, dedim. U gapimni cho‘rt kesib: “Najotni daraxtdan kutib bo‘ladimi?! Najot falakdan”, dedi jahl aralash. Men indamadim. Chindan ham daraxtdan najot kutishda mantiq yo‘q-ku. Najot — ko‘ngilda. Shunday ekan, ko‘ngilni boyitish kerak, deb o‘yladim. “Irim-sirim odamlarni buzayapti, — dedi yana u. — Bo‘lmaganda odamlar boshqacha yashardi. Umuman, tasavvurimiz ham boshqacha bo‘lardi”. “Biz, endi shunga o‘rganib qolganmiz-da", dedim. U kuldi: “Bizning zil ketgan joyimiz ham ana shunda”.
Nariroqdagi kursitoshda odamlar qaldirg‘ochday tizilib o‘tirishar, oralarida po‘rim kiyingan, rang-ro‘ylari oppoqlari ham bor edi. Odatda, tog‘liklarning terisi qizg‘ish, gavdasi yirikroq bo‘ladi. Uncha-munchaga hayratlanmaydi ular. Bu odamlar sharsharaga hayrat bilan termilishardi. Demak, shahardan kelishgan. Shaharliklar tabiat qo‘yniga sayr qilishni yoqtirishadi. Keyin sayohati haqida uzoq gapirib yurishadi. Biz esa e’tibor bermaymiz, ko‘zimiz bolaligimizdayoq bunday manzaraga o‘rganadi. Yoshimiz ulg‘aygach, buning qizig‘iyam qolmaydi.
Shaharliklar sharsharani har tarafdan suratga olishdi, keyin kulishib so‘qmoqdan soyga enib ketishdi. Soy toshloq ko‘chadan keyin, ko‘ksini adl tutgan qoyadan berida oqib o‘tadi, suvi osmonday moviy — qarab sochingizni tarasangiz bo‘ladi. Bir gal qizlar suvga qarab o‘ziga ora berayotganini ko‘rgandim. Soy qo‘yiga bir chaqirimcha oqqach, ikkiga bo‘linib ketadi. O‘rtadagi qumloq soyliqni quyuq yulg‘unlar, ajriq bosgan. Arnadan kechib o‘tgan otlar shu yerda o‘tlab yuradi.
Toshsupada bir qari chol qoldi. U qo‘llarini choponining o‘ngiriga tiqib, bukchayib olgan. Sharsharadan ko‘zini uzmay, bug‘riqib yo‘talar, tupugini cho‘zib tupurardi. Bu qilig‘i uchun mendan uzr so‘raganday yuvosh qarab qo‘ydi. Men hechqisi yo‘q, deganday boshimni chayqadim. U esa siniq boqdi va yoniga burilib tilini osiltirgan itga “chip”, dedi. It asta qadam tashlab, tolning soyasiga borib cho‘kkaladi. Yunglari to‘kilib, terisi ko‘chib, oqchil bo‘lib ketgan it tek turganicha sharsharaga tikilib qarar, hayot shami o‘chib borayotgan nursiz ko‘zlarida purviqor suvning aksi ko‘rinardi.
Shamol cholning egnidagi choponning yirtiq yelkasida idragan paxtani hilpiratib o‘ynardi. Qariyaning yuz-ko‘zidan hayotdan ko‘ngli sovub qolgani shundoq sezilib turardi. Bir mahal chol o‘rnidan ilkis turdi-da, to‘g‘ri daraxtning oldiga bordi. Qarasam, avzoyi buzuq, ko‘zlari alamzada. Sertomir qo‘llarini paxsa qilib toshga o‘dag‘aylay ketdi: “Shu bugun qirq yillik armonimga nuqta qo‘yaman. Yetar shuncha sazoyilik”.
Uning nimaga bunday deyayotganini anglolmadim. Esi og‘maroq bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. Ko‘nglimda hadik uygondi. Ilon izi so‘qmoqqa tushib qochishga ham shaylandim. Biroq undan hirildoq, kasalmand tovush chiqardi, taqqa to‘xtadim. Bu — dardli tovush edi. Ortimga burilib cholga yaqin bordim. U allanimalarni gapirar, lekin gapiga tushunib bo‘lmasdi. Men uni jim kuzatib turardim.
“Sen manglayimga bitgan balo bo‘lding, — dedi u. — Nega meni sarson qilasan? Ustimdan kulib o‘ynaysan! A? Yelkangni bir marta tutib bersang nima bo‘lardi? Bilib qo‘y, baribir tiz cho‘ktiraman”.
Chol, chamamda irimga ishonib daraxtdan najot kutgan va qirq yillik umrini yelga sovurgan. Buni ko‘rib, haligi galstukli ziyolinamo odamning gapi chin, dedim o‘zimga o‘zim. Irim umrni barbod qiladi.
Chol yengini shimarib, belbog‘ini tortib bog‘ladi. Shunda uning gavdasi tayoqday tikkaydi. Orqaga bir-ikki qadam tashladi va shaht bilan o‘zini toshning ustiga otdi. Oyog‘i toshga tekkanda sirg‘alib ketdi. Xuddi yerga tushgan parashyutday pahmayib qoldi. Yugurib borib tirsagidan ko‘tardim. Qariya inqillar, chuqur-chuqur nafas olardi, qo‘llari qaltirardi. Shu holida qo‘limni silkib tashlab, o‘zi turishga, olg‘a intilishga chog‘landi. Men qo‘ltig‘idan olib mahqam tutib turaverdim. U qattiq siltandi, keyin yig‘lab yubordi. Men uni qo‘yib yubordim. “Hayotdan armon bilan ketishni istamayman, shu toshga baribir chiqishim kerak”, dedi u. Ko‘nglini ko‘tarish uchun, albatta, chiqasiz, dedim men. Uning bu ishi menga bema’nilik bo‘lib tuyuldi. Nachora, ixlos qo‘ygan-da, dedim ichimda. Endi uni bu niyatidan qaytarib bo‘lmaydi. Men uni bunday samarasiz harakatdan qaytarish uchun qo‘lidan ushlab, toshkursiga o‘tqazmoqchi bo‘ldim. Biroq u unamadi. “Tegma menga”, deb jerkib berdi. Nima qilarimni bilmay qoldim. Chol esa yana toshga sakragandi quymuchi bilan tushib, jim bo‘lib qoldi. Bo‘ynini cho‘zgancha qo‘liga tiralib turishga o‘rindi. Keyin chirt yumgan ko‘zini asta ochdi va menga, so‘ng sharsharaga, qoyalarga qaradi. Uning ko‘zlari azob chekayotgan odamday iltijoli boqardi.
“Qo‘ying, o‘zingizni qiynamang! Daraxtga ipni bog‘lashning nima keragi bor? Bu — bo‘lmag‘ur narsa!”, dedim.
Gapim cholga yoqmadi. Ko‘zlari kosasidan chiqquday bo‘lib: “Bu mening... berimda qolgan, — deb ko‘kragini ko‘rsatdi, — bilasanmi?! Daraxtga ipni bog‘lasam bas, najot shunda. Senga o‘xshaganlarga bo‘lmag‘ur narsa. Axir, bu — Xudoning qudrati-ku! Undan ko‘ra, daraxtga ko‘nglingni och! Ana shunda baxtli bo‘lasan”.
“Biz — baxtlimiz. Chunki tirikmiz, axir, bu olamni ko‘rmay qolishimiz ham mumkin edi”, dedim. “Tiriklik bu — boshi-keti yo‘q sinov, — deb chiyilladi u. — Sinovni eson-omon yengib chiqish — baxt. Biroq oqibat baribir fojea”.
Chol shularni gapirib jim qoldi. Men ham og‘iz ochmadim. Bir oz o‘ttach allanimalar, deb ming‘irladi. So‘ng yana ko‘zyosh qildi. Daraxtni ko‘rsatib: “Sinovning zo‘ri shu bo‘ladi”, dedi.
U o‘rnidan to‘rib, yana toshga irg‘idi. Sakraganda ichi "gup-gup" etar, buni qurgan har qanday odamning yuragi ezilardi.
Men chidolmadim. Osmonga sapchiyotgan cholning boldiridan mahkam Ushladim-da tepaga dast ko‘tarib yubordim. U likkillab toshga chiqib oldi. Aftidan, toshga o‘zim chiqdim, deb o‘yladi. Mamnun holda to‘rt oyoqlab oldinga yurib, daraxtni quchoqladi. Shu ko‘yi ancha turdi. Qarasam, yelkasi silkinayapti. Yig‘layotgan ekan. “Bechora, mayli to‘yib-to‘yib yig‘lasin! Hayotidagi eng katta armoni o‘shalyapti-ku! Qani, endi u baxtli bo‘la qolsa? Axir, hammamiz ham bu hayotga baxt izlab kelamiz-da”. Shularni o‘ylab turganimda chol shimarilgan yengidan bir parcha lattani olib, pastga egilib turgan shoxga bog‘lay boshladi. U menga o‘girilib qaradi, xursandligidan ajin to‘la yuzi battar tirishardi. Shu asnoda men ham baxtiyor edim. Etim jimirlab ketdi. Uning yosh boladek:
“Odamlar-u, odamlar, menga qaranglar! Manglayi yaraqlaganni bir ko‘rib qo‘yinglar!”, deb jar solishiga qo‘shilgim kelardi.
Chol niyatiga yetdi, chamasi yarim soat burungi mungdan ko‘zlarida asar ham yo‘q edi. U xushkayfiyatda tosh ustidan o‘rmalab kela boshladi, men esa go‘yo omonsiz urushdan g‘oliblik nashidasi bilan qaytayotgan jangchini bag‘rimga bosish niyatida oldinga talpindim. Chol soy tarafdagi odamlarning e’tiborini qaratish uchun qo‘lini og‘ziga karnay qilib qichqirmoqchi bo‘ldi. Men unga: “Ehtiyot bo‘ling, yiqilasiz”, deya “hay-hay”ladim. Oradan bir necha soniya ham o‘tgani yo‘q, cholning ikki oyog‘i bo‘yi barabar ko‘ratildi-da, toshga boshi bilan tushdi. Sung ikki qo‘lini kerganicha, xuddi to‘lqin yuzida qalqib ketayotgan po‘kakdek ohista pastga sirg‘aldi...
Men karaxt bo‘lib qoldim. Vujudimni qo‘rquv bosib, qulog‘im hech narsani eshitmay qoldi.
Bir zumda odamlar yig‘ildi. Ular vahimali shivirlashar, chalqancha yotgan cholga hangu mang bo‘lib qarashardi. Yoshi o‘tinqiragan ikki kishi jildirab oqayotgan suvdan uning yuziga hovuchlab sepishdi. Cholning yuzida hech nima sezilmadi. Shunda qimdir qo‘lini uning bo‘yniga solib: “Bo‘ldi, tamom bo‘pti”, dedi. Kapalagim uchib ketdi. “Yo‘q, bo‘lishi mumkinmas”, deb qichqirib yuboribman. Ular meni cholning nevarasi deb o‘ylab, sabr-toqat tilashdi. Oqsoqollarning biri: “Cholni uzoq yillardan beri bilamiz. ko‘lbasiga ham borganmiz. Kultepada bir o‘zi yashardi. Hech qimi yo‘q edi-ku!”, dedi. Men cholning dunyoni so‘qqabosh tark etishini istamasdim. “Qarindoshiman”, dedim.
Cholni kiygizga o‘rab, usti ochiq mashinaga ortishdi. Kultepagacha bir soatlik yo‘l ekan. Mashina kuchanib yetib bordi. Bortdagilar cholga yetti yot begona bo‘lsa ham ko‘ngillari cho‘kkan, ko‘zlari nam edi. Ular pichirlab, allaqanday duolarni o‘qishardi.
Dafn marosimi juda tez o‘tdi. Xuddi choldan bezor bo‘lishganday shart-sho‘rt ko‘mib qo‘yishdi. Gap qo‘shmay ortga qayta boshladik. Kultepadan enayotgandik, ko‘zimiz hansirab kelayotgan cholning itiga tushdi. Oqsoqollar: “Vey, Bo‘ynoqmi?”, deyishdi. It to‘g‘ri borib yakka qabrni iskab aylandi va cho‘zib g‘ingshidi.
Men izimga qaytib: “Egangdan rozi bo‘l, Bo‘ynoq. Ko‘rgo‘lik bo‘ldi”, dedim. Bo‘ynoq menga bo‘ynini burib qaradi. Ko‘zida yosh g‘iltillaganini ko‘rdim.
Bo‘ynoqni o‘zimiz bilan olib ketmoqchi bo‘ldik. It qabr yonidan bir qadam ham jilmadi. Qariyalar: “Qo‘y, indama, qorni ochsa qishloqqa o‘zi enib boradi. Yur, ketdik", deyishdi.
Biz moshinaga o‘tirib jo‘nadiq. Qariyalar: “Essiz, shunday odam-a?”, deyishdi. Men marhumning ilgari qanday odam bo‘lganligini bilmayman. Shuning uchun menda unga nisbatan achinish hissi kamroq edi.
Shapoq meni ko‘rib hangrab yubordi. Yoniga borganimda qulog‘ini chimirib, kallasini osiltirdi. Hafa bo‘lganini sezdim. Bo‘yni aralash yag‘rinini qashladim. U tek turdi. Men unga minib, uyga qaytdim.
Uyga kelib, otam bilan onamga bo‘lgan voqeani aytib berdim. Ular: “Odam shunchalikka ham boradimi”, deb yoqa ushlashdi. So‘ng: “Itni iyartib kelmabsan-da. Jonivor dardiga malham izlaydi”, deyishdi.
Shu oqshom bosinqirab chiqdim. Tongda apil-tapil kiyinib Kultepaga otlandim.
Avtoulovdan tushishim bilan usti yassi, kulrang tepalik tomon chopdim. Qabrning yoniga kelsam — it yo‘q. Atrofga olazarak qarandim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, it qabriing shundoq adog‘ida “qotib” yotardi...
Bo‘ynoqning ustiga ham tuproq tortib, ortimga qaytdim.