OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilmurod Sodiqov. Ustoz o‘kinchi (hikoya)

Panji muallim qosh qoraygan mahal uyiga qaytdi. Loy ko‘chaning boshiga kelib, sumkasini qultig‘iga siqdi, egilib balog‘ini etik qo‘njiga tiqdi. So‘ng oldi-ortiga qaradi, hech kim ko‘rinmadi, sekin yonidan papiros olib tutatdi va jadallab yurdi. Shu payt orqadan “Panji muallim”, degan ovoz eshitildi. U taqqa to‘xtadi, qo‘lidagi papirosni yanchdi va o‘ng yondan u tomonga qaradi: 7-sinf o‘quvchisi Oqbo‘ta To‘raboev pishillab chopib kelayapti. Yaqinlashib: “Kechirasiz, muallim, sizni uyga qaytishingizni kutib turuvdim. Boisi... Govurgan qissasining davomini bilmoqchiydim...”, dedi iymanib. Muallim chuqur nafas oldi, jim qoldi, so‘ng “yaxshi”, dedi.
Ikkovi uzun-kalta bo‘lib yura boshladi. O‘qituvchi qissani kelgan joyidan, xalifa ilonlar podishohining huzuriga kelgani, xatni unga ming bir hadik bilan berganiyu ortiga jonini hovuchlab qaytganidan boshladi. Qissa mo‘l edi, qishlog‘iga yetib kelganida ham nihoyasiga yetmadi...
Ular Govurgan qissasi sabab qil o‘tmas ustoz-shogird bo‘ldi. Oqbo‘ta ustozining etagidan mahkam tutdi, undan maktab ta’limi bilan birga hayot sabog‘ini o‘rgandi. Eshigidan nari ketmay, muallimning nima xizmati bo‘lsa, barini chin ko‘ngildan bajardi. Ilmning chegarasi yo‘q, ustoz Oqbo‘tani katta shaharga undadi. Otasining qo‘li qisqa edi, boshida ko‘nmadi: “Zarang tayoqni yelkaga tashlab, molni boq, senga katta shaharni kim qo‘yibdi”, dedi. Shunda Panji muallim oracha qildi: “Unday demang, To‘raboy aka, o‘g‘lingizning kallasi butun, o‘qisin, odam bo‘lsin”, dedi. Shu gurungning ertasiga Panji muallim bir shirvozini Jo‘lli dallolga pullab, shogirdiga oq fotiha berdi.
Shogird katta shaharda ko‘p o‘qidi, yaxshi-yomon kunlarni, odamlarni ko‘rdi. Qishloqning oddiy bolasimasmi, na yurish-turishida, na tilida o‘zgarish bo‘lmadi. Kimsan, To‘raboyning bo‘sh-bayov o‘g‘li Oqbo‘ta. Oddiyligi bois nazarga tushdi. Ya’niki, oliygoh boshlig‘ining nazariga. Boshliq Oqbo‘tani obdon surishtirdi, qarasa, cho‘ponning bolasi, farzandlarning to‘ng‘ichi, go‘l va ishonuvchan, naq o‘zining yoshligi ekan. Oqbo‘taning baxti kuldi. Uni bir kattaga ro‘para qilib, shundan odam chiqadi, yuzni yerga qaratmaydi, dedi. Shu gap bo‘ldiyu u biror yigirma odamga boshliq bo‘ldi. Boshliqki, suv ichgan bulog‘iniyu non yegan dasturxonini unutdi-qo‘ydi. Yillab qishlog‘iga qadam bosmadi. Ayniqsa, Panji muallim u haqida eshitib, boshi osmonga yetdi. Ko‘p yillar suyunib, gap-gashtakda: “Mening Oqbo‘taday shogirdim bor”, deb marsindi. Shogirdki, boladay beg‘ubor ustozini bir borib ko‘rmadi, necha-necha to‘ylarga chaqirdi, bormadi. Shundan so‘ng Panji muallim ichdan ezildi, dardini hech kimga aytmasdan, ichda saqladi.
Yillar qatorlashib o‘tib ketdi. Panji muallim qaridi, belidan quvvat, ko‘zlaridan nur ketdi. Ammo shogirdini hamon kutdi, eshik “tiq” etsa, intiq bo‘lib qaradi. Intiqligini esa birovga bildirmadi. Keyinlari qishloq bobolari: “To‘raboy cho‘ponning to‘ng‘ichi zo‘r odam bo‘p ketibdi”, desa muallimning yuragiga titroq tushar, “Yaxshilikning ham jazosi bor”, degan naqlning rostligiga amin bo‘lardi.
Muallim yotib qoldi. Tunlarning birida yomon bosliqdi, o‘g‘lidan gapga yetar bobolarni chaqirtirib aytdiki: “Meniyam bu dunyoga bog‘lab qo‘ygani yo‘q, jarning yoqasiga kelib qolganga o‘xshayman. Men taqdirimdan roziman. Yaxshimi-yomonmi elning bolasiga saboq berdim, odam bo‘lishida ulushimni qo‘shdim. Ularning tole’lari hamisha porloq bo‘lsin”, dedi. Ammo yurakdagi o‘kinchni aytmadi. Aytmadiki, dunyoning tashvishi shu sozi ham boshdan oshib yotibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.