Ochlikning azobi tutdi, har kim qo‘li-qo‘njiga ilashganini yutdi. Avval ko‘kka yetdik deb ko‘karganning barisini yeyishdi, keyin, seldrbosh ham qurib qopti, endi o‘lmaymiz, deyishdi. Shunda ham arpa kaplab qancha odam shishib o‘ldi. Tirik qolgani bug‘doy pishig‘iga yetgan bo‘ldi.
Erman deganning bari urushda, kunimiz o‘zimizga qoldi bu turishda, deb ayolman deganning barining oti o‘roqchi bo‘ldi.
– Birgad o‘lsin, oy chiqsayam, kun chiqsayam shunga bo‘sin ekan-da, – deb belini mahkam tugdi ayollar.
– Otasi volos bo‘gan, o‘gay otasining otiminan juripti bu juvonmarg, mardning maydoni u yerda, ayolman qolgan Jovdot birgadding joyi qaerda? – dedi ayollar.
Norsuluv qush uyg‘onmay uyg‘ondi, kechasi bilan quruq chandirni shimib yig‘lab chiqqan go‘dagiga boqib ichi yondi. Chorasizlikka chora topmoqchidek o‘z-o‘ziga so‘zlandi:
– Or degani ustun keldi, bunda qolmoq o‘lim bo‘ldi. Otangam kech ketib, ketganigayam yildan oshdi, ulim. Ko‘ngli bo‘sh odam edi, ko‘ngilchan edi, oxiri “ko‘ngilli” bo‘p ketdi. O‘ziyam, har nega qo‘l ursa chin pishig‘i minan kirishardi, pashisttiyam iniga quvg‘an bo‘lsa kerak, kelganda oldiga jugurip chiqasan, – dedi dadillanib.
Dadil bo‘lgani bilan bolasini ko‘tarishga beli chidamadi. Katta bir bo‘xchani bo‘shatib, bolasini bola ko‘targanga o‘xshatib beliga tuydi. Muqaddam chechayam chiqqandir deb, teshikdan uvada choponni olib, qo‘shnisiga ham qarab qo‘ydi.
Ozib-to‘zib qoq bo‘lgan, eri ketib toq bo‘lgan Muqaddam ham erganakdan osilib qo‘shnisini chaqirdi, so‘ng yana allaqachon yo‘lga tushgan qiziga baqirdi, anov tosh olmaminan, ayrondanam ozgina oldingmi, dedi. Qizi ham o‘n uchlarni qoralagan esli edi, Samat qoraning qizi emasmi, rangiyam qora tusli edi.
– Ha!.. Samat akam tushingizga kirdimi, azondan turib opsiz?.. – dedi Norsuluv bolasining boshidan tutib o‘roqqa egilar ekan.
– Ey... qo‘ysangiz-chi, nima qilamiz, bu kunlaram boshda borakan, bir so‘kish kam-kamda, aynanay, – deb qo‘shnisining qo‘lidagi tugunchani oldi.
Banda yog‘iy bo‘lib boshga kulfat solgan bilan Xudo o‘z marhamatini ayamadi, shu yili ariqlarda suv mo‘l bo‘lib, omoch shudgor qilgan bo‘z adirlarda ham bug‘doy yaxshi bo‘ldi. Qishloqdan chiqa turib, ikki ayol elda tuyoq zoti qurib, mol ham dalaga haydalmay qo‘yilgan bo‘lsa-da hamon oti “Podajotoq” deb ataladigan joydan o‘tib, to‘g‘ri bug‘doy dala boshi – Kuyuktutga qarab ketishdi.
Kuyuktut shunday kuyuktut edi, Xudo suygan suyuk tut edi. Chaqmoq urgan gavdasi qulamagan, biron bad niyatli odam yo‘lamagan. Ichi kuysayam ko‘kargan tut, el bilan elning dardini ko‘targan tut. Yomg‘irdan pana, issiqda soya, charchab toliqqanga suyanchiq, misoli qoya. Belanchaklar osilsa alla aytgan, beva-bechoralar kuygan borki, unga qaytgan tut edi.
Hamma kuyuktutni qoralab jam bo‘lgan vaqti, vaqti sahar edi. Birgadirning jiyani Salim oqsoq oqsoqlanib dedi: "Bugun bardammisiz, chechalar?.." Eriga ham boshini ko‘tarib qaramagan ayollar, ko‘zlari yerda, bosh irg‘ab ha degan bo‘ldi. Salim ham so‘ragan bilan hammaning ahvoli ne ekanini bildi. Uyam... ko‘p chatoq chiqdi, Oysanamni olib qochib xotin qilib shuni uqdi:
– Xotinning bari bir ekan, tillashsang senga tir ekan. Tuvg‘ani shu bir qiz bo‘ldi, yana tilagani biramas, o‘namas, yuz bo‘ldi, – dediyu xirmonjoyga ketdi. Kuyuktutdan odam arib, Norsuluv bolasiga imo qilib qo‘shnisi Muqaddam bilan qiziga sekingina hozir, dediyu tutga suyanib yerga o‘tirdi. Bovuridagi bo‘xchani bo‘shatib, yarim kaft tolqonni doka ro‘molining uchiga lo‘nda qilib go‘dagining og‘ziga soldi. Uyqudagi go‘dagi onasini izlab qoldi. Tut soyada uxlaguncha o‘g‘lini “hiyo” ladi, bug‘doypoyaga kech qolib borganiyam uyaladi. Yelbeshikka ham bir qarab qo‘ydi: – Nima bo‘lsayam Oysanamning qizi-da, oyparchaga o‘xshaydi-ey, – dedi ichida. Norsuluv oyog‘ining uchi bilan yurib ketdi, chekiga tushgan yerni ilg‘ab, qolganiga yugurib yetdi.
Yana bir shoxi – qo‘lida belanchak, etagida bir bola kuyuktut qoldi. Kuyuktutning tanasi o‘yiq bir eshik bo‘ldi. Past shoxida yel tebratgan beshik bo‘ldi. Yelbeshikni yel tebratdi, shukur qilib o‘z kunini el tebratdi.
Kun qiziganida ish ham qizidi, ro‘moli qiyshayib o‘roqchi ayollarning sochi to‘zidi. Qiyani qiyalab o‘rgan Norsuluvning ko‘ziga qishloq qorayib ko‘rindi. Eri yo‘q, boshegasi yo‘q, ko‘ziga dunyo torayib ko‘rindi. Tutamlagan bug‘doyi qo‘lida qoldi, Norsuluv atrofga nazar soldi.
– Muqaddam chechaning qora qizi hali yosh-da, orqada qopti, bechora kichkina bo‘lsayam o‘roq tutib rizqini topdi, – dedi. – Bolam! – dedi-yu, bola mehrini tuyib ketdi, ko‘ylagi ho‘l bo‘lib, bilsa, ko‘kragida suti iyib ketdi.
– Voy ulim! – o‘roqni yerga tashladi, ko‘zimas, ko‘ksini yoshladi. Qulog‘iga olis bo‘lsa ham bola yig‘isi eshitildi. Bu yig‘i ovozini qulog‘i emas, ko‘ngli eshitganday bo‘ldi. Kuyuktutga yetganida yig‘lagan o‘ziniki emasligini bildi. Yelbeshikka chopib bordi, bora solib ko‘nglini yordi:
– Ey kuyuktutning ostida uxlagan oy qizim, girgittoning bo‘lay o‘zim, senu menga degan kunam bordir-da.
Oysanamning qizi ha deganda yig‘lab ko‘navermadi, ko‘zidan yoshi tinavermadi. Norsuluv qizni oldi, olib etagiga soldi, qizni ovutdi:
– Sen manov bo‘xchani qara, – dedi, bo‘xcha ichida uxlab terga tushib yotgan o‘z o‘g‘liga imo qilib:
– Tolqondi tollisiminan ko‘zini ochmaydi, otasining uli-da, qizding yig‘isigayam uchmaydi, – dedi atrofga nazar tashlab. Oysanamning qorasi ko‘rinmadi, qora qumg‘onning osti tutab yotar, tut ostiga kim kelib kim ketgani ham bilinmas edi. Uyg‘otib emizay desa, o‘g‘li uyquda bo‘ldi, yig‘langanni ovutmoqni qiyin bildi.
– Kele...y qizim, enang bilib jotirma, otang gumon qilib jotirma, – deb ena ko‘ksini qizga tutdi.
Qizam ena ayirmadi, ema turib biram burnini jiyirmadi. Bir ko‘krakni qoqalab bo‘ldi, yot enada uxlab bo‘ldi. – Aytmayman, – deb qizni yelbeshikka soldi, so‘ng o‘z o‘g‘lini qo‘liga oldi. Tolqonni og‘zidan olib ko‘kragini soldi. U ham uyqusida tolqon emas, ko‘krak so‘rdi, ko‘zini ochib oyoqlarini tirab ko‘rdi. Kuyuktutda issiqdan qochib chumchuqlar soyaladi, Norsuluv o‘g‘lini yana “hiyo”ladi. Yana ishiga chopdi, ko‘kragi bo‘shab halovat topdi. Yopiq qozon yopiqligicha qoldi...
Peshinda ayollar yana kuyuktutning ostiga qaytishdi, o‘zlaricha yigiti yo‘q qizlarga hazil qilib qo‘shiq aytishdi:
Kuyov to‘nlar qaviysan,
Yoring qani, yor-yor,
Jo‘qdi jo‘qlab chiqqani,
Boring qani, yor-yor.
Bir va’dasi bormidi,
Ko‘zing jo‘lda, yor-yor,
Erman degan olisda,
O‘zing jo‘lda, yor-yor.
O‘roq tutsang bug‘doying,
Eshiladi, yor-yor.
Aytmay desang dardga dard,
Qo‘shiladi, yor-yor.
Qizu juvonlar yor-yor aytishdi, Mallaboy o‘zicha o‘nga kirsa ham songa kirgan bo‘lib, qora qumg‘onning qorasini mo‘ylab qilib, qorakuya barmoqlarini yoyib rosa o‘ynadi. Ayollar qotib-qotib kulishdi, bir payt otda Jovdot birgadirning yaqin kelib qolganini bilishdi. Bu keliboq so‘kar deb, ayollar ko‘zini olib qochib bug‘doypaykalga yugurgiladi. Salim esa cho‘loq oyog‘iga paytava o‘rayolmay shoshib qoldi.
– Jim!.. – dedi Salim ham tog‘asiga, ko‘rsatkich barmog‘ini tutib, chaqaloqlarga imo qilib, aslida esa o‘zi so‘kish eshitib qolishidan, bir qamchi yeb qolishidan qo‘rqdi.
– Ha jiyan! Bu turishda meni juvonmarg qilasan-ov sen, so‘kay desam... – dedi Jovdot birgadir past ovozini balandlatib, bir beshikka, bir Samadga qarar ekan.
– Ey sen mening ovzimg‘a urma! Plan bor, plan!.. Kattadan katta ko‘p, zamon bunaqa bo‘lsa, – dedi otining jilovini tortib.
– Tushunaman, tog‘a...
– Ey! Sen nimaniyam tushunarding esi past, anov Qulmat cholga ayt, bug‘doy yanchishga yana otini bermasa, o‘lsa o‘liginiyam mozorga qo‘ydirmayman, lekin, – dedi ko‘zlari battar vajohatdan yonib, tishlari tegirmon toshiday g‘ichirlar ekan. So‘ng oti yo‘rtib ketdi, fe’lida, Salimniyam har gapi bilan o‘yib, turtib ketdi.
– Ey!.. – dedi Salim qo‘llariga tiralib o‘rnidan turar ekan. – Senday tog‘aniyam... donga to‘ygan xo‘rozday qip-qizarib... bu yerdagilar bug‘doy boshoqday egilib, to‘kilib borayotganini sen qaydan bilasan?..
Salim ham oqsoqlanib xirmonga ketdi. Yana shu kuyuktut uning g‘am kuyugini anglaganday ikki go‘dakni ovutib qolaverdi.
Kuyuktutning boshidan qancha bulutlar o‘tdi, qancha izg‘irin, qancha garmsel uning-da bag‘rini ezib ketdi. U esa eridan “qora xat” olib tul qolgan ayoldek sukut saqlab turaverdi. Oradan besh yil o‘tdi, urushdan kim qaytdi, kim qaytmadi. Har nega ko‘nib ko‘nikkan el elmasmi, birovga kulib, birovga la’nat aytmadi.
Norsuluvning “ko‘ngilli” bo‘lib ketgan eri esa dom-daraksiz ketdi. Norsuluv yig‘lashini ham, kulishini ham bilmay “ko‘ngilli” erini kuta-kuta yashashdan ko‘ngli qoldi. Faqatgina endigina uch yoshdan oshib, "Oting nima?" – degan savolga, – "Muyodjon!" – deydigan o‘g‘liga ovunib endi bor murodi o‘g‘li ekanini angladi.
Vaqt o‘taverar ekan, erkaklar qaytib Jovdot birgadirning boshi egildi. Kimligi fosh bo‘ldi, bevayu bechoraning rizqini yegani hazm bo‘lmadi. Odamlarning aytishicha hozir ichagining bir kuloch yeri chirib o‘sal bo‘lib yotgan yerida, tegishgan qizi ham onasi bilan kelib mol-mulk da’vo qilayotgan emish. Eshitganlar: "Tavba, bedavodan yana nimani da’vo qilishar ekan", – deyishdi.
Samat qora qo‘ltiqtayoqda keldi, hozir so‘kishlariga yana so‘kish qo‘shilganmish, faqat ruscha, xotini esa, – shu o‘rischani bilmaganimga ham shukur, – deydi. Qora qizi ulg‘ayib otasiga parvona.
Elda gap ko‘p-da... Salim opqochib uylangan edi, endi xotini erini opqochganmish... Eshitganlar "Salimam enasinikiga ketipti", – deyishayapti.
Bugun ham Norsuluv qush uyg‘onmay uyg‘ondi. Baxmal jildga – kitoblarning yoniga zog‘oranon, yong‘oq, mayiz, turshak soldi.
– Meni o‘ylama, bolam, qo‘ni-qo‘shni, tog‘alaring bor. Sen o‘qishing kerak, o‘qib odam bo‘lsang, elga qo‘shilsang deyman, – dediyu yig‘lab yubordi.
Murodjon onasini murodbaxsh kunlarga qoldirib yo‘lga otlandi. Katta shaharda onasining aytishicha, katta o‘qishga – texnikumga, kirgan emish.
– Voy katta o‘qishmish, anov qishloqdagi Solih tunov kun shaharga borgan ekan, o‘qishdaman deb Murod bir qiz minan juriptiymish, – dedi ayollardan biri.
– Uyat-ey, – dedi yana eshitganlardan biri, – yo‘lidan ozipti, otasi mundaychikin emasdi, enasiga dard bo‘lmasaydi, – dedi yana birov. Norsuluv unisiniyam, bunisiniyam eshitdi.
– O‘zimding bolam, yo‘lidan ozmaydi, hali o‘qib katta bo‘p kesa, odamlar bir tilini tishlab qosin, – dedi o‘zicha miyig‘ida kulib, ichki bir ishonchi tantana qilib. Murod shunda ham ha deganda kelavermadi.
– O‘qisham osonmas-da, – deb dalda berdi u yana o‘ziga.
Norsuluv tush ko‘rdi, tushida Murodjon tinmay, "Ena, mendan rozi bo‘ling", – der emish. Norsuluv cho‘chib uyg‘ondi, uyg‘onsa eshik taqillar, tushimi, o‘ngimi, nimaga uyg‘onganini o‘zi ham bilmay, yuragi hadik oldi.
– Ey Xudo, yarim kechasi kelgan xabardan qo‘rqaman, Muqaddam chechamikan yo?.. Ishqilib birov o‘tib netgan bo‘masin-da, – dediyu tokchadagi lampachiroqning piligini ko‘tarib, boshiga ro‘mol tashladi.
– Kim?.. – ovozlari qaltiradi beixtiyor.
– Men! Ena, Murodman! Oching eshikni! – tashqaridan Murodning yigitlarga xos zalvorli ovozi yangradi.
– Voy bolam! – eshikning zanjiri shiqirladi. Ostonada ona bola quchoq ochib ko‘rishishdi.
– Bir o‘zim emasman, ena! – Murod orqasiga o‘girildi.
– A?! – Norsuluv endi gapga og‘zini juftlagan ham ediki, xira chiroq yorug‘ida boshiga katta ro‘mol tashlagan, qo‘lida tugun tutgan bir qiz ko‘rindi. Qosh- ko‘zi pilikday, qizning yuzida tabassumi balqib, chiroq nuridan-da ravshan nur taralganday bo‘ldi.
Murod, qizga bir nazar tashlab, "endi bir kechaga bizga joy berasiz-da, ena," – dedi. Norsuluvning tili tutildi, ichiga bir dard yutildi.
– Bir kecha nima, ming kechaga joy beraman, – dedi yana yuragi qandaydir bir orziqish tuyib.
– Kiraver, – Murod yana qizga yuzlandi.
– Kiravering, tortinib o‘tirmang, qizim.
Qiz boshqacha iltifot kutgandek hadikda bo‘xchasi qo‘lida, sekin devor tubiga cho‘kdi. Murod onasining yotgan o‘rniga o‘zini tappa tashlab, yostiqdan onasining hidini izlab sog‘inchdan yuragi hapriqdi.
– Men... u-bu topib kelay bo‘lmasa, – sukutni tushuniksiz sukut mavh etganday bo‘ldi.
– Hech narsa kerakmas ena, tong otsin, aytganday bu keliningiz...
– O‘zimam...
– Sanobar, tuguningni qo‘ysang-chi, – Murod o‘zi yetaklab kelgan qizga yana o‘zi termulib zavqlandi.
Norsuluv tugunga uzanib, hammasini tushunganday bo‘ldi. Qiz homilador edi.
– Voy o‘lmasam!.. Ha mayli, otang yo‘q... ayb o‘zimdayam... – Norsuluv unsiz yig‘ladi. Qiz birdan tugunini ko‘tarib o‘rnidan turib qotib qoldi.
– Voy o‘tiring, qizim, qayoqqa?.. Bosham, savdosiyam o‘zimizniki, qayoqqa borasiz... – bu safar uning ovozi mehrli, samimiy va yalinchoq edi.
Xudo Norsuluvga kelin ham berdi, sabr ham berdi. Odamlarning gapiga ham quloq solmadi. Negadir til-zabonsiz qolgandek, tilini ichiga yutdi. Ko‘ngliga olmasin deb kelinidan ham hech narsa so‘ramadi . Kelinini avayladi, ming yillik yolg‘izlikni boshidan kechirgandek, bag‘ri to‘lganiga shukur qildi. Murodning o‘qishi chala qolsa ham ro‘zg‘or ishlariga berilganini ko‘rib, uning yurish-turishida bedarak ketgan erining daragini ko‘rganday bo‘ldi.
Kech kirib yomg‘ir sevaladi.
– Men hozir, tandirning og‘zini yopib kelay, – dedi Norsuluv.
– Men o‘zim, ena... – kelin ingranib eshikdan chiqdi. Norsuluv jun titayotgan joyida keliniga xavotirli qarab qo‘ydi.
– E...na!.. – tashqarida zorlandi kelin.
– Hay, kelin, – Norsuluv tashqariga otilib chiqdi. Tandir egniga suyanib dard chekayotgan kelinining oldiga yetib, o‘choqday o‘tirib qoldi. – Hozir, hozir, aytib qo‘yuvdim, – Norsuluv yig‘lab kular edi.
Murod yomg‘irda ham tashqarida o‘tirdi, Norsuluv o‘g‘lining yelkasiga paxtali choponni tashlab o‘zi ham yomg‘irda o‘tirdi. Norsuluvning ko‘zidagi yoshini yomg‘ir yuvar, yomg‘irmi, ko‘zyoshmi, ishqilib yog‘ib turdi. Bir payt ichkaridan chaqaloq yig‘isi eshitildi.
Doya xotin:
– O‘g‘il! O‘g‘il ekan, – dedi negadir ko‘zi yerda, o‘zi terda. Kechasi zulmat edi, tong yorishdi. Ona-bola suyib-suymalab chaqaloqning oldiga borishdi.
Norsuluv kelinining yig‘lab o‘tirganini ko‘rib, yuragi seskanib ketdi, shoshib chaqaloqni qo‘liga oldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, chaqaloq oq-oppoq tug‘ilgan edi, sochiyu kipriklari, hatto lablari ham sutdek oppoq.
Murod tashqariga chiqib so‘kindi, Norsuluv tashqariga chiqib yig‘ladi.
– Bu nima, qarg‘ishmi?.. Yo‘q, Salim oqsoq ham opqochib... A!..
Norsuluv ichkariga yugurib kirdi, kelini yana o‘sha ilk bora eshikdan kirib kelganidagidek qaynonasining vajohatini ko‘rib o‘rnidan turib shoshib qoldi.
– Kimning qizisiz, qizim?! Otang, enang kim, deb ham so‘ramadim, la’natlab so‘rayapti demasin dedim, ota-enangizni so‘rashgayam tilim bormadi.
– Otam...
– Otangiz... Salim oqsoq emasmi?
Kelin bosh irg‘ab “ha” dedi-yu:
– Shunday deyishadi, – deb qo‘ydi.
– Onangiz-chi, Oysanammi?
– Ha!..
– Voy men o‘lay, falakning gardishini qara, hech narsa bejavob emasakan... – Norsuluv yana jimib qoldi.
Tashqariga chiqqanida ko‘cha boshida kimdir:
– Lampamoy!.. Lampamoy! Chiroqmoy... – deb baqirar edi.
Norsuluv ichkari kirib, tokchadan pul olar ekan, keliniga yuzlandi:
– Menga qo‘shsha qarisalaring bo‘gani, bolangizni joni omon, siz kuyinmang, – dedi.
Lampamoy sotuvchi eshagini to‘xtatganida:
– Uch objo‘sh bersangiz bo‘ldi menga, – dedi. Buni ko‘rib atrofdagilar:
– Nevara qulluq bo‘sin, mayli ko‘proq osin, chaqaloq bor-da, chaqaloqli uy, – deyishdi.
Norsuluv ichkari kirib lampachiroqqa lampamoy solib, piligini yoqdi, qolganini mis obdastaga solib, sekin yo‘lga tushdi. Yurganda ham sekin yurdi, lampachiroqning olovi o‘chib qolmasin, dedi. Ko‘rganlar yoqa ushladi:
– Kun ko‘rmagan kun ko‘rsa kunduz chiroq yoqadi deganlari shu bo‘lsa kerak, – deyishdi o‘zlaricha. – Yo‘q, shu keyingi paytlar sal aqlidan adashgan, ulniyam nomusiga qo‘ydi, – dedi yana kimdir.
Kuyuktut tutadi, cho‘ponlar hayron bo‘ldi: "O‘zi kuyuktut bo‘lsa, yana unga kim o‘t qo‘ydi ekan?" – deyishdi. Ammo, yonayotgan tut emas edi...