Arslon akamiz dunyodan o‘tgandan so‘ng Marina yangamiz mana shu kunni intiqib kutadigan bo‘lib qolgan. Ilgari onda-sondagina borardi, endi har oy bir qatnamasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Taraddudni uch-to‘rt kun oldin boshlaydi. Markazga chiqib sovg‘a-salom oladi; Lena serfarzand, quruq qo‘l bilan borish noqulay. Quruq qo‘l — qora kosov. Lenaning o‘ziga xushbo‘yroq atirmi, yuzga chaplaydigan biror malhammi xarid qiladi, bolalariga — shirinlik-pirinlik. Yuvosh, allaqanday tortinchoq eri Sa’dullaboyga kelganda har gal ikkilanib qoladi: araq olsinmi yoki ikki-uch shisha pivomi? O‘tgan daf’a araqni ko‘rib, “Biz bu narsalar bilan xayr-xo‘sh qilgan edik-ku, Marinaoy”, degan edi odaticha yerdan ko‘z uzmay. Erkak kishiga yana nima olib borish mumkin? “Ichmasa ichmas. Shofyor emish tag‘in! — deydi ichida yangamiz bir shisha musallasni to‘rvasiga joylab. — O‘zidan ko‘rsin, Lena ikkalamiz quritamiz!”
Yo‘lni o‘ylab har safar Marina yangamizni tashvish bosadi. Lenaning uyi olis, qo‘shni qishloqda, soy kechib, o‘ru qir aylanib boriladi. Ilgarilari ko‘ylak tiktirgani jo‘nasa, Arslon akamiz alomat mototsiklida eltib tashlab kelardi; oldinda devdek bo‘lib o‘zi o‘tiradi, yangamiz orqasiga mingashib, belidan quchoqlab oladi — ke-etdi. Qaytishda esa o‘zi bemalol salt-suvoy qaytaverardi. Endilikda erinadi, yo‘l bosish malol, borib-kelib yurgan manzili yanada olislashib ketgandek tuyuladi. O‘tirib-o‘tirib, shu savil mototsikl haydashni o‘rganmaganiga afsus qiladi. Bolaligida Nikol qishlog‘ini changitib o‘rtoqlari bilan velosiped minib yurardi-ku, buni uddalayolmasmidi? Uyaldi, gap-so‘zga qolishdan qo‘rqdi. Ie, bu yer senga Voronejmi? Ayol boshiga, buning ustiga — o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya beradigan muallima, ko‘chama-ko‘cha mototsikl tarillatib yursa! Nima, shu shaytonaravani butining orasiga oladigan ering o‘lganmi?
O‘ldi. Mana, endi o‘lgan. Bu yog‘iga nima qilsin Marina yangamiz? Anovi ro‘paradagi pastak omborchada chang bosib, zang bosib yotgan ordonani olib chiqib minsinmi? Yoshi bir joyga borgan qopdek xotin, nafaqadagi muallima! Qaranglar, qaranglar, erining boshiga yetgach, anovi kampir ko‘chaga mototsikl minib chiqibdi! O‘l bu kuningdan, sharmanda kelgindi!
Bu “toychoq”ni Arslon akamiz qurilishda ishlaganida mukofotga olgan edi. O‘ziyam oddiy mototsikl emas, chog‘roq bir moshina desa bo‘ladi. Bu atrofda boshqa bunaqasi yo‘q. Biqinidagi tepki bot-bot qaqshatib o‘tirilmaydi, minib olib xuddi moshina singari kalitchasi sekin buralsa kifoya — g‘izillab yurib ketaveradi. Rosa bejirim, “ichak-chavog‘i” ko‘rinmaydi, hammayog‘i sirlangan. Yurishlari ham bir mayin, bir ravon! Arslon akamiz uni bekorga “bizning “Chayka” deb g‘ururlanmasdi.
O‘ylay-o‘ylay, Marina yangamiz ayvonchasidan turib, qo‘shni Zaynab bevaning hovlida to‘p tepib yurgan Abdi o‘g‘lini chaqiradi. Shu bola texnikaga juda o‘ch, akamiz tirikligida yonidan ketmas, vaqt-bevaqt mototsiklni yaraqlatib changini artar, boshqa qora-qura yumushlariga ham shay — evaziga g‘irillatib hovlini bir-ikki bor aylanib kelar edi.
Taklifni eshitib Abdining ko‘zlari chaqnab ketadi:
— Bo‘pti, muallim yanga! Qachon?
— Ertaga, — deydi yangamiz va andak xayollangach, ichkari kirib ketadi-da, ko‘zmunchoq aralash bir to‘p kalit bilan chiqib, ayvon tagida javdirab turgan o‘spirinning hovuchini mo‘ljallab pastga tashlaydi. — Ertaga, Abdiboy. Peshinga qarab jo‘naymiz, xo‘pmi?
Abdi kalitni olasolib ombor sari chopadi. Mototsiklni tashqariga sudrab, o‘zicha u yoq-bu yog‘ini tekshirib ko‘ra boshlaydi. So‘ngra o‘t oldirib, hovlini bir-ikki qatla aylanadi va ko‘ngli joyiga tushib, odatdagidek uni yaltiratib artmoqqa kirishadi. Har-har zamon boshini ko‘tarib, ayvoncha tarafga qiyqiriq soladi:
— “Chayka”miz zo‘r hali, muallim yanga! Bugun borsak-chi?
— Ertaga, ertaga, Abdijon, — deb qo‘yadi panjaraga suyanib turgan yangamiz parishonlik bilan.
Shu kecha Marina yangamizning tushiga kim kiribdi deng — Fedka! Qirq yil burungi Fedka abjir! Sinflarida unga pinhona yoki oshkora oshiq bo‘lmagan qiz yo‘q edi. O‘ziyam abjirmisan abjir edi-da. Boshida qalpog‘i qirra, qaddi g‘oz, tutqichini erkin qo‘yib velosiped surishlarini ko‘rgan har qanday qiz o‘lib qolardi. Turnikda o‘yin ko‘rsatishlari-chi! Katta tanaffus tugaguncha oyoq barmoqlarida teskari osilib turardi. O‘sha Fedka chaqqon kiribdi tushiga. Ikkalasi velosipedning ikki yonida, javdarzor oralab ketayotganmish. Fedka ho‘ngir-ho‘ngir yig‘larmish: “Aytsang, o‘zim olib borib qo‘yardim-ku, Marin”.
Bundan o‘n-o‘n besh yillar burun — hali ota-onasi hayotligida yozgi ta’til chog‘i Nikolga borganlarida yangamiz uni pivoxona oldida uchratgan edi. Qontalash ko‘zlari chaqchayib, adoi tamom bo‘libdi. Oyoqda turolmaydigan mast. Salom berib baloga qoldi: “Menga xotin bo‘lsang-chi, Lyuska! — deya, kimgadir o‘xshatibmi, tarmashdi o‘lgur. — Zoykam o‘lgan, bilasan”.
Arang qochib qutulgan edi. O‘sha Fedka abjir! Esidan chiqib ketganiga ham ming yil bo‘ldi, tushida nima qiladi? Xayoli qochib uyg‘ondi Marina yangamiz. Qarasa, kun yoyilib qopti. Hademay choshgoh, jo‘nash kerak. Hali tort ham pishirmoqchi eding, Marin, tur!
* * *
“Akamiz”u “yangamiz” deb gapiryapman. O‘zi, aka-ukadan bizda serob, lekin Arslon akamiz bitta edi, yagona. U asli Mahmud jo‘ramizga tog‘a, menga esa amaki maqomida. To‘g‘ri, bir bo‘g‘in nariroq qarindosh. Mahmud ikkovimiz bolalikdan unga havas qilib, ketidan dumdek ergashib katta bo‘lganmiz. Velosiped haydashni ham, soyda suzishni ham bizga shu odam o‘rgatgan. Sirasi, ikkalamizni bir-birimizga bog‘lagan, do‘stga aylantirgan — Arslon akamiz deyish mumkin. O‘qishdan ta’tilga kelganlarida oyna oldida turib soch tarashlariyu shimini dazmollashlariga mahliyo bo‘lib termilib o‘tirardik, gapirgan gapiyu qiliqlariga taqlid qilib charchamasdik. Keyinchalik bizni poezdga solib Toshkentga olib borgan ham, o‘qishga qabul etilganimizda ilk bor restoranga boshlab, umrimizda ko‘rmagan taomlaru limonad va muzqaymoqlar bilan siylagan ham ana shu Arslon akamiz bo‘ladi. Toshkentga yo‘li tushganda jo‘ralarimizni to‘plab choyxonada osh qilib berardi, talabalik qo‘limizga pul qistirardi. Ta’tilga borganimizda-ku bor maishatimiz akamizning bo‘ynida edi.
* * *
Shu yerda bir to‘xtab o‘tgim kelyapti.
Qizim rassomlikka o‘qimoqchi bo‘ldi. Tuni bilan uxlamay etyud chizishni mashq qilardi. Bir kecha allamahalda xonamga kirdi, ko‘zlari kirtayib ketgan.
— Dadajon, esingizdami, huv yoshligimda qishloqqa borganimizda anuv gavdali amakingiznikida mehmon bo‘luvdik. Uylaridagi devorda bir rasm ko‘ruvdim. G‘alati rasm edi.
Eslamay nima! Chamasi, ming-minglab nusxada tarqalgan plakatsimon bir tasvir-da. Bir yoni pushtinamo allaqanday yirik shaftoli, ko‘kmak butog‘i tikkayib turibdi. Shuni uchtami-to‘rtta qipyalang‘och, qiyiqko‘z mitti bolakay xuddi koptok misol qayoqqadir dumalatib ketayotir. Yonboshida xitoychami, tikka tushgan bir yozuv, xolos.
Sarg‘ayib ketgan shu rasmga ko‘p yillar muqaddam Arslon akamizning bo‘ydoqxonasida ham ko‘zim tushgan — devorga osig‘liq turardi. U menga negadir yoqmasdi, sababini o‘ylab ko‘rmaganman.
— Xo‘sh?
— O‘sha rasmni ko‘rgim kelyapti, — dedi kap-katta qiz ko‘zlari yoshlanib, erkalik bilan.
— Hay, ko‘rarsan, — dedim ajablanib, — qishloqqa borgan-qolganda.
— Berib tursalar, nusxa ko‘chirib olardim.
— Obbo, namuncha! Oddiy bir plakat-da. O‘qishga kirsang, birato‘la o‘zini ham keltirib berishim mumkin.
— Aldamaysiz-a?
Qizim o‘qishga kirdi. Qishloqqa borganimda va’dam esimga tushib, Arslon akamizdan rasmni so‘radim. “Jonim kerak bo‘lsa, mana — seniki, lekin uni bermayman!” desa bo‘ladimi kutilmaganda qizishib! Men uni sira bunaqa holatda ko‘rmagan edim, hayratda qoldim.
Qizim negadir qaytib rasmdan so‘z ochmadi. Men ham indamadim. Ammo hanuz taajjubda yuraman.
* * *
Arslon akamiz o‘zi ham bir arslondek devqomat odam edi. Ko‘kragi baland, errayim, chapani. Lekin, bolalikda “beshikkertti” qilinganiga qaramay, ammasi unga qizini bermadi. Aniqrog‘i, Toshkentda do‘xtirlikka o‘qigan qiz, shevasiga mahliyo bo‘ldimi, xorazmlik bittasiga tegib ketdi. Arslon akamizning arslonnikidek ko‘ngli ana shunda sindi — u ham yoshligidan bu eski matallarga ishonib, boshqasini diliga yaqinlashtirmay yurgan ekan-da. “Bir nuqsoni bordirki, jondek ammasi qizini ayadi” deb, o‘zgalar ham birin-ketin uni ko‘kragidan itara boshladi.
Shu orada Rossiyaning har joyidan besh-o‘n qiz qishloq maktablariga muallimlikka keladi. Tuman markazidagi, hovlisi Turgenev sevgi qissalarida tasvirlamish azim daraxtlarga ko‘milgan, ammo tashlandiq ko‘hna chorbog‘larni eslatadigan qator oq binolar — “kelgindilar uyi”dan ularga joy beriladi. Ketma-ket uylangan ukalari ota hovlini egallagandan keyin ana shu bo‘ydoqxonada so‘qqabosh yashab yurgan, boz ustiga araqqa havas qo‘ygan (bir cheti shunga ko‘ra ham el qiz bermagandir) Arslon akamiz oqshom chog‘lari bu sirli chorbog‘da o‘z-o‘zidan boshlanib ketadigan ovrupocha bazmlarda boyagi salt-suvoylardan royishroq biriga ilakishib, birga istiqomat qila boshlaydi. Nomusga qolgan ota bir tovoq osh bilan ularni musulmonchasiga nikohlab qo‘yadi. Mana, endi rostakam er-xotin. Marina yangamiz ham o‘shshayib turmay, yarashsa-yarashmasa, sariq atlasdan ko‘ylagu lozim kiyib, binoyidek yanga bo‘lib ketdi. Uni maqtamagan, havas qilmagani yo‘q edi. Saranjom-sarishta, erga mehribon, shirinso‘z, kirishimli. Tag‘in nima kerak, bir ro‘zg‘orga bo‘ladi-da!
Lekin bu dunyoda akaxonimizga yana bir balo tayyor turgan ekan: shunday azamat odam bepusht chiqdi. “Anovi”ning kasrigami yoki ko‘p yillardan so‘ng asorat ko‘rsatgan dardi bedavo sababmi, u yog‘i xudoga ayon. Er-xotin noiloj yetimxonadan ota-onasiz bir qizaloqni asrab oldilar. O‘ziyam duragaymikan, aft-angori qoracha-yu, ko‘zlari pistoqinamo — bir hisobda bularga mos, birov “nega bunaqa?” deyolmaydi. Mehr qo‘yib, yuvib-tarab katta qildilar. Biroq, erka o‘sgan qiz, Toshkentda o‘qib yurganida uni-buni bahona tutdiyu Rossiya tomonlarga ketib qoldi. Daraklab borgan otaning bilgani shu bo‘ldiki, boqqan onasiga tovon tushgisi kelganmi yo pistoqi ko‘zlariga urgan begona qon tortganmi, ishqilib, bir Andreyga ko‘ngil berib, o‘shaning izidan jo‘nagan ekan; “Papa, ya yego lyublyu!” dedi, vassalom.
Samaradan shalvirab qaytgan ota ko‘p o‘tmay yotib qoldi. Devdek odam uch-to‘rt oy ichida cho‘pdek ozib, rangi za’faron bo‘lib ketdi. Qon aynigan, taloq ishdan chiqqan edi. Ana shunda barchasi ayon bo‘ldi: akamizning sarishtasi asli huv yoshligida, koinotga uchiladigan joylarda xizmat qilib yurganida buzilgan ekan.
Ikki yil chamasi kechayu kunduz yangamiz uning boshida turdi, yosh bolaga qaragandek qaradi, boqdi. Bo‘lmadi. Akamiz ketdi. Armonli dunyodan armonsizigami yo‘l tortib!
Mana, endi Marina yangamiz yoppa-yolg‘iz! Ko‘ngli suv so‘rab boradigan yagona joyi — qo‘shni qishloqlik Lena dugonasiniki. U bilan bir yillari bozorda tanishib, chiqishib qolgan. Lena “modachi” armiyadan orttirilgan xotin; qishloq qiz-juvonlarining jonu dili — ochiq-sochiq ko‘ylaklar tikadi, chevar. O‘ziyam o‘zbekning o‘zbegi bo‘lib ketgan. Ayniqsa, bolalarini qarg‘ashini ko‘rsangiz!
* * *
— Sen shu atrofda bir-ikki soat aylanib turarsan-a, — deya Abdini etakda qoldirib, Marina yangamiz sovg‘a-salom joylangan to‘rvasini sudray-sudray, mayishibgina do‘nglikka qarab o‘rlaydi.
— Bo‘ldi, muallim yanga, siz qancha desangiz — shuncha! — deydi xudo bergan Abdiboy og‘zi qulog‘iga yetib va mototsiklni adir yoqalatib uchirib ketadi.
Yangamiz yonbag‘irda joylashgan bog‘-rog‘li, keng-mo‘l hovliga kirib borganida Lena modachi tandir boshida non yopmoqda ekan. Aniqrog‘i, yopib bo‘lganu xontaxtaga yoyib qo‘yilgan qip-qizil nonlarini dastalab dasturxonga o‘rayotgan ekan. Ammo, kun qizib turganiga qaramay, egnidagi qopdek ko‘ylagiyu bet-boshini chirmab o‘ragan uvada, dog‘-dug‘ ro‘molini hali yechmagan. Hovurdan qizargan, asli qovjirab ketgan bir burdagina yuzda ikkita kirtaygan yashiltob nuqta yiltillab ko‘rinadi — bamisoli ikki tomchi o‘sma suvi!
— Keling, keling, Marinaoy!
— Bormisiz, Lenaxon, bormisiz?
Ikki dugona achom-achom qiladi, hol-ahvol so‘rashadi.
Mezbon darhol ichkari kirib, kiyim-boshini almashtirib — mavridiga moslab chiqadi. Keyin zipillab birpasda tut tagidagi chorpoyada mehmoniga joy hozirlaydi. Dugonasi ko‘tarib kelgan sovg‘a-salomni bir-bir ochib ko‘rarkan, minnatdorlik bilan har gal uni quchib-quchib qo‘yadi. O‘zi ham uyga qatnab, borini dasturxonga to‘kib soladi.
Kiftida jildxaltasi, boyadan beri hovlida ivirsib yurgan, tushdan keyin o‘qiydigan kenjatoy qiziga bir bo‘lak tort kesib berib maktabiga jo‘natgach, nihoyat, kelib aziz mehmoniga ro‘baro‘ o‘tiradi.
Hovlida o‘zlaridan boshqa kimsa qolmagan — ota ikki o‘g‘lini yoniga olib somon to‘plagani dashtga ketgan, o‘rtancha qiz darsdan so‘ng xabarlashgani momosinikiga borishi kerak — tayinlangan.
Ana shunda ikki eldosh, ikki musofir o‘tirib olib ona tillarida so‘ylasha ketadi. Hech kim yo‘q, birov eshitmaydi, bemalol. Orqadan ko‘rgan odam, ayniqsa, g‘irt jaydari qiyofadagi qishloqi xotinning o‘rischa chuldirashiga lol qolishi turgan gap.
— Kel, Marinochka, odamga o‘xshab o‘zimiz bugun bir o‘tirishaylik! — deydi dugonasi keltirgan atirdan apil-tapil quloqlari ortiga surtib, malhamni darrov yuziga chaplab olgan Lena modachi birdan ruhlanib.
— Mana, o‘tiribmiz-ku! — deydi Marina yangamiz beozor kulimsirab.
— Boshqacha-da, — deya chorpoya burchagidagi to‘rvadan sirachli boshi chiqib turgan qizil musallasga ishora qiladi mezbon. — Madaniyroq!
— Men buni eringga deb olib kelganman-ku?
— Zaharni ichsin! — deydi dik etib o‘rnidan turgan Lena modachi beixtiyor o‘zbekchaga o‘tib. — Ichadiganini ichib bo‘lgan u.
Mezbon uydan ikki qo‘lida ikkita uzunchoq fujer ko‘tarib chiqayotganida darvozadan qo‘shni qizaloq bosh suqadi:
— Ko‘kko‘z xola-a, xamirturushingizni berib turarkansiz, enam aytdilar.
— Ko‘kko‘z xolang ham o‘lsin iloyim, xamirturushi ham ordona qolsin! — deydi javrab uy egasi va qo‘lidagi idishlarni avaylab ayvon chetiga qo‘yadi-da, tandir tarafga yo‘rg‘alaydi.
Qizchani jo‘natgach, darvozaga zanjir solib qaytarkan, u sho‘xlik bilan dugonasiga ko‘z qisadi:
— Maylimi? Ha, nima qipti, o‘zimiz-ku!
— Ixtiyoring, — deb qo‘yadi yangamiz yelkasini uchirib.
Musallasdan quyib, qadah urishtirisharkan, Lena modachi bexos esiga tushibmi, so‘raydi:
— Aytganday, nima uchun ichamiz buni? Biror nima desang-chi!
— O‘zing ayt.
Lena modachi fujerni baland ko‘tarib, o‘yga toladi.
— Kel, shuni ikkalamiz uchun, ikki sho‘rpeshona uchun olaylik!
— Ichmayman! — deydi yangamiz to‘satdan qo‘lidagi fujerni dasturxonga qaytib qo‘yib. — Sening nimang sho‘rpeshona ekan? — U obod-orasta hovliga, pastak-pastak ishkomlari yashnab turgan bog‘ tarafga bir nazar tashlaydi: — Mana, hamma narsang bor! Boshingda ering, bola-chaqang yoningda!
— Tavba qildim, tavba qildim! — deya yana o‘zbekchasiga oladi Lena modachi kaftini ko‘kragiga bosib. — To‘g‘ri aytasiz, dugonajon, to‘g‘ri. Xudoga shukr, hazoron shukr!
— Demak, sen uchun, sening ering va bolalaring uchun olamiz!
— Rahmat, azizim, rahmat senga, — deydi Lena modachi ko‘zlari yoshlanib va musallasni qulqillatib oxirigacha simiradi. Og‘ziga ta’m beradimi, qadahini qayta to‘ldirib oladi: — Endi sen uchun ichamiz! Arsloning qandoq odam edi-ya! Yotgan yeri yostiq bo‘lsin! Bunga cho‘qishtirilmaydi, cho‘qishtirilmaydi — esingdan chiqibdi-da!
— Sen o‘zi men uchun ichmoqchimisan yoki marhumning haqigami?— deydi ko‘zlari namlangan yangamiz dugonasining dovdirligidan kulgan bo‘lib.
— Baribir emasmi — Arslon seniki, sen Arslonniki eding! — deya yutoqib fujerini bo‘shatadi mezbon. — Bir o‘zing yolg‘iz, zeriksang kerag-a, Marin?
— Yo‘q, nimaga — zeriksam, qo‘ni-qo‘shninikiga chiqaman, qaynotamnikiga borib kelaman yoki divanda dumalab kitob-pitob o‘qiyman, televizor ko‘raman. Bu yoqda ro‘zg‘or yumushlari!
— Voronejingni sog‘inarsan? Tug‘ilgan joylaringni ko‘rging kelar? Qizingdan darak bormi o‘zi?
— Qaysi savolingdan boshlasam ekan? — deydi o‘yga cho‘mib yangamiz. Tug‘ilgan yurtini kim sog‘inmaydi? Lekin sog‘inganda, borganda nima? Cholu kampir allaqachon oyoq uzatib bo‘lgan; birgina singlisi bor edi, Nastya, u ham eridan ajralib, chet ellik bittasiga ilashib ketgan, Portugaliyadami yashaydi — yo‘q hisobi endi. Ota-ona tirikligida deyarli har yoz eri bilan mehmonga borardi. Nikolsoy bo‘yidagi o‘tloqda butun oila jam bo‘lib, baliqxo‘rlik qilishardi. Baliq bahona, ikki kuyovi ikki yonida, ichkilikka ishqiboz keksa otaga ayniqsa xudo berardi; badrashkroq kenjasi mojaro chiqarmasa, ular goho soy bo‘yida gulxan yoqib, o‘sha yerda tunab ham qolishardi.
— Men bechoraning esa boradigan manzilim ham yo‘q, sog‘inadigan kishim ham. Yetimxonada o‘sgan bir benavo bo‘lsam! — Ichkilik ichmay yurgan odamga birdan ta’sir qiladi: ko‘ngli suv ochib, ko‘zlari halqoblangan Lena modachi bir vaqt shartta joyidan turib dugonasining biqiniga o‘tib oladi: — Kel, azizim, ashula aytamiz.
Ikkovlon bir dam nimani aytish xususida talasha-talasha, axiyri o‘sha hamma biladigan mashhur “Podmoskovnыe vechera”ni tanlaydi.
— Qani, boshla!
— Yo‘q, sen boshlaysan, sen!
Ikki g‘arib bir-birining kiftiga qo‘l tashlab, olis yurtlaridan esdalik, olis yurtlarining nafasini keltiradigan sog‘inchga to‘la shu hazin taronani ohista xirgoyi qila boshlaydi. Bir fursat tevarak-atrof o‘zgacha tus olib, allaqanday armonli oqshom sokinligi ingandek, qo‘shiq kuylayotganlar — sirdoshu jondosh Marfushalarga, huv devor bo‘ylab qad cho‘zgan bo‘zteraklar ham oqbadan qayinlarga aylanib ketgandek bo‘ladi.
Xiylagina “o‘xshab” qolgan yetimxona farzandi — nima, bu hovli-joy o‘ziniki-da! — nogahon ovozini baralla qo‘yib yuboradi:
Ne-e-e za-abud i tы-ы
eti letnыe-e-e
Podmosko-ovnыe ve-che-ra-a-a...
Nola nolaga ulanadi:
Ot etix mest kuda mne detsya?
S lyuboy travinkoy xochetsya drujit.
Ved zdes moe ostalos serdtse,
A kak na svete bez lyubvi projit?
Ashula aytib tolgach, dugonalar bir-birining bo‘yniga chirmashgan ko‘yi talay zamon mahzun shalpayib o‘tiradi.
— Voy, esim qursin! — Mezbon bir mahal irg‘ib o‘rnidan turadi va uyga kirib ketib, qo‘lida allaqanday quticha bilan chiqadi: — Qahva ichamiz! — Chorpoyaga yaqinlasharkan, shosha-pisha qutichasini ochib ko‘radi-yu, hafsalasi pir bo‘ladi: — Iya, yanchilmagan, donadori ekan-ku bu savil! Bulturmidi, markazga tushganda roppa-rosa besh ming so‘mga oluvdim-a. Tuzuk qaramagan ekanman-da, esizgina!
— Kofemolkang yo‘qmi, nima? — deydi yangamiz ham achingannamo.
— Unaqa matohlar nima qilsin bu uyda! — deydi o‘z-o‘zidan tutaqib Lena modachi. — Ha-a, bo‘ldi, bo‘ldi! Urib-urib yanchamiz buni!
— Nima bilan? Nima bilan urasan?
— Urib-urib tuyadigan-chi? Anuv, nima derdi? Hah, qurg‘ur, sira tilimga kelmayapti-ya! — O‘sha qurg‘urning nomini topolmaganidan Lena modachi bu yog‘ini o‘zbekcha qiladi: — He, qo‘y shu mallavoylaringning chuldir-chuldirini! Havoncha bor-ku, o‘zimizning havoncha!
— Havoncha?! — deb takrorlaydi yangamiz daf’atan allanechuk bo‘shashib; ichida nimadir chirt uzilgan kabi, hoziroq bu yerdan chiqib qochgisi keladi. — Nima u havonchangiz?
— Ha, o‘g‘ir-chi, o‘g‘ir? Mana, hozir opkelaman, ko‘rasiz! — Lena modachi hadaha burilib, oshxonasi tomon yo‘rtmoq bo‘ladi.
— Hey, shoshmang! Men kofe icholmayman. Jigarim og‘riydi.
Mezbon sarosimalanib, burilgan joyida to‘xtaydi.
— Men endi tursam, Lenaxon, javob bersangiz? Uyimda bir dunyo yumush!
Qip-qizil bahona bu! Mana, hozir yangamiz huvillab yotgan o‘sha yolg‘izxonasiga kirib boradi-yu, barmoq tishlab qoladi: qiladigan ishining tayini yo‘q. Siqilganidan chiqib qo‘ni-qo‘shnisining ul-buliga qarashgan bo‘ladi. Bir mahal yuragi toshib, yana iziga chopadi: “Uyimda bir dunyo yumush!”
— Iya, qo‘ysangiz-chi, Marinaoy! Ozib-yozib bir kelganingizda-ya? Osh-chi, hozir osh qilamiz, axir!
— Keyin, keyingi safar, — deydi yangamiz keyingi safar bu uyga qadam bosmaslikni diliga tugib o‘rnidan turarkan; shu to‘pori xotinning oldiga nima uchun keldi o‘zi?!
Hangu mang bo‘lib qolgan Lena sho‘rlik harchand qistab ko‘ndirolmagach, tipirchilagan ko‘yi tandirxonadan to‘rtta non keltirib mehmonning to‘rvasiga soladi, so‘ng u yoq-bu yoqqa jonsarak alanglab, ishkomdan uch-to‘rt bosh uzum uzib keladi.
Xullas, boyagi musallasdanmikan yoki arzanda dugonasining xursand-xushon kirib kelganiyu qo‘qqisdan bunday turib jo‘naganigami, ko‘ngli bexos buzilib, u ko‘zida yosh bilan kiftu boshini silay-siypalay uni kuzatadi.
Darvozadan chiqarkan, Marina yangamiz bu yerga aslida nima uchun kelganiniyu hali yana ko‘p bora kelajagini daf’atan anglab yetadi.
* * *
— Men sizni bemalol o‘tirasizmi desam — darrovgina chiqibsiz, muallim yanga? — deydi cho‘nqayib olib mototsiklning allaqaerini kavlashtirayotgan Abdi. — Hali ikki soat bo‘lmadi-ku?
— Bo‘ldi, Abdiboy, undan ham ko‘p bo‘ldi. Ketdik.
Qaytib yo‘lga tushadilar.
Soydan o‘tib, qabriston yoqalab borayotganlarida yo‘l qiya kelib, g‘ildiraklari nogahon tuproqqa sirpanib ketadiyu muvozanati qochgan mototsikl surila-surila yonbosh bo‘lib qoladi. Abdi jontalvasa irg‘ib turib unga yopishadi va bir hamla bilan tikka qiladi. Chap tizzasini changallab nari ketgan yangamiz borib yerdan uchginasi bo‘rtib turgan bir xarsangga o‘tiradi.
— Bilmay qoldim, kechirasiz-da, — deydi rangi o‘chinqirab Abdi.
— Kechirmayman, — deydi oyog‘ining nari-berisini siypab ko‘rayotgan yangamiz. Boldiri salgina shilinibdi, xolos, boshqa beshikast. — Kechirmasam-chi, a?
— Kechirmasangiz ham kechiring, jon yanga!
— Topdim! — deya qichqirib yuboradi shunda yangamiz ilkis boshini ko‘tarib. — Topdim — stupka, stupka!
— Nima topdingiz? — deb so‘raydi bola anqayib. — Ustupka? Nima u?
— Ustupka emas, kallavaram, stupka! Stupka, bilding? Urib-urib maydalaydigan, ezib-ezg‘ilab tashlaydigan narsa bor-ku, o‘sha. O‘zbekchasini nima deyayotuvdi-ya hali?
— Nimani uradi? Nimani maydalab tashlaydi?
— Nimani bo‘lsayam-da! — deydi ensasi qotib yangamiz. — Masalan, tuyilmagan kofe yo shunga o‘xshash qattiqroq narsalarni. Hatto — odam deganingni ham! — Shu gapi o‘ziga nash’a qilibmi, u bir zum ma’yus tortadi. — Sen aytgan “ustupka” esa boshqa narsa.
— U nima degani?
— Mana, sen hozir anovi mototsiklni ag‘darib, meni yarador qilding, shundaymi? Endi kechirim so‘rayapsan. Men esa sening qilmishingni kechiryapman. Chunki meni yana u yoq-bu yoqqa mindirib yurishlaring bor! Ana shuni “ustupka” deydi, tushundingmi?
— Ustupka, ustupka, stupka, — deya chaynaladi-yu, baribir hech baloni anglayolmaydi Abdiboy.
— Bu dunyoda ustupka qilmasang, stupkaga yem bo‘lasan, ukajon. Mana, shunchasiga ko‘narkan-ku odamzod, — deydi yangamiz ajab bir o‘ychanlik bilan. — Mayli, sen endi ketaver.
— Qayoqqa ketay? Siz-chi, siz?
— Ishing bo‘lmasin, men o‘zim boraman.
Yangamiz bilinar-bilinmas oqsoqlangan ko‘yi tepalik sari yuradi.
Qabriston darvozasiga yetganda u bir zum taraddudlanib qoladi. Har-har zamon kelib turadigan joyi, boshiga ro‘mol-po‘mol o‘rab olmaganini qarang — ko‘rgan birov nima deydi?
Nima desa der — kir, Marin, kiraver!
* * *
Qabristondan qaytib chiqqach, qiyalik bo‘ylab enib kelarkan, yangamizning ko‘zi “bizning “Chayka”ga tushadi. Boya turgan joyginasida turibdi. Egasi esa ko‘rinmaydi. Keyin bunday o‘tib qarasa — u mototsiklning panasida mushtdekkina bo‘lib pinakka ketgan.
— Nima tushlar ko‘ryapsiz, ustupkavoy? Turing endi, jo‘naylik.
Bola asta ko‘zini ochib, boshini ko‘taradi:
— Hali aytgan gaplaringizni sira tushunolmayapman-da, muallim yanga?
— E, o‘zim ham tushunmayman, Abdiboy! Tur endi, turaqol.