Uni avval tushida ko‘rdi Sabohat. Qizilqoya tepasida u lov-lov yonib turardi. Ufqdan endi bosh ko‘targan quyosh nurlarida barglari cho‘milayotganday edi. Quyoshdanmi yoki o‘zi shundaymi, ular qip-qizil. Yirik-yirik. Bo‘ylari ham antiqa. Sarvguldan-da baland. Shoxalari bo‘ldamli. Orasida bulbul chah-chah sayraydi.
Yo, tavba, deydi Sabohat entikib. Qizilqoya yonbag‘rlariga shuncha chiqib bunaqasini uchratmagan edi-da. Yo toshni yorib chiqdimi yo osmondan tushdimi! Bil’aks, uni ko‘rmasligi mumkin emasdi. Qizilqoyada u bilmaydigan gul yoki giyoh navining o‘zi yo‘q.
Haftada hech bo‘lmaganda u yerga bir borishi bor. Shifobaxsh giyohlar, gullarni terishi bor. Qaysining rangi qanaqa, qaysi qay dardga davo, biladi. Lekin barglari quyosh bilan teng talashgan bunaqa gulni ko‘rmagan.
Hayrati ichiga sig‘may dik etib turadi u. Hoziroq Qizilqoyaga ko‘tarilmoqchi bo‘ladi. Apil-tapil kiyinadi. Tashqariga otilayotib banogoh boshini eshikka urib oladi. Ko‘zlaridan o‘t chaqnaydi. Vah, degancha boshini changallaydi. Uyg‘onib ketadi.
To‘shakda ancha o‘tirdi u. Nimaning alomati bu? Qizilqoya... shu paytgacha uchratilmagan gulning ko‘zga ko‘rinishi... Bu yaxshilikdan bashorat, albatta. Birinchidan gul turfa, olovrang. Qizillik boylik belgisi. Ikkinchidan u eng baland qoya tepasida. Sarbaland bir tole nasib etishi tayin.
Shu xayollar bilan kayfiyati ko‘tarilib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Singlisi Inobat hovlini supurayotgan ekan, ko‘ziga u avvalgiday sovuq bo‘lib emas, balki o‘ta yoqimtoy ko‘rindi. Hovli supurganida hamisha chang ko‘targuvchi, taqir-tuqur, betartib ishlovchi, shundan Sabohatning asabi qaqshaguvchi edi. Bugun chang-chung yo‘q, hovliga maydalab suv sepgan, supurgini ham erinmay ho‘llagan shekilli, go‘yo yerni siypalayotganday tuyuladi.
Aslida Inobat o‘zi qo‘rsroq, dag‘alroq. Yo‘qsa, Xudo unga qomat ham, husn ham ato aylagan. Lekin uni avaylashni, o‘ziga oro berishni bilmaydi, sochlari to‘zg‘ib yuradi.
Avval bunaqamasdi. Qishloqning og‘izga tushgan go‘zallaridan edi. Kiyimiga gard yuqtirmas, husnini yanada orolantirishni bilardi. Idoradosh hisobchi Eshmat unga ilashdiyu bechora qizni sindirdi, uni suyub yurib tuyqus boshqasiga uylanib oldi. Aqldan ozayozdi Inobat. Hech o‘ziga kelolmadi. Vaqt o‘tib dil yarasi bitganidan so‘ng ham odamovi bo‘lib qoldi. Yaxshi joylardan qo‘lini so‘rab kelganlarni rad etaverdi. Erkak zotiga ishonmay qo‘ygan edi.
Sabohat bunday emas. Singlisining teskarisi desa bo‘ladi. U biladiki, odam bolasi har xil. Biri yaxshi, biri battol. Bir yomonning makridan hamma erkaklarni yomonotliga chiqarish xato. Yomondan yaxshi ko‘p.
Lekin Sabohatning o‘zi ko‘proq yomonlarga duch keldi. Ne-ne orzular bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan kishisi nash’avand chiqdi. Tuzalib ketishiga ko‘zi yetmagach, ajrashdi. Ikkinchi eri o‘ta tanbal ekan. Ro‘zg‘or bilan bir chaqalik ishi yo‘q, televizor oldida cho‘zilib yotgani yotgan edi. Undan ham ajrashdi. Hozirgisining esa bor-yo‘g‘i bilinmaydi. Qishloqda ish yo‘q deb avval Toshkentga ketdi, undan o‘rusyurtga. Erining yiroqlardan o‘zgarib qaytishiga ishonmaydi u. Qozonda bo‘lsa cho‘michga chiqadi-da.
Yana bir armoni bor. Tirnoqqa zorligi. Doktorlarga, tabiblarga qaratib ko‘rdi. Foydasi bo‘lmadi. Lekin oilada ovunchoq yo‘q emas. Paxmoq bilan Momiq — antiqa it va mushuk. Paxmoqning etidan tuki ko‘p, ko‘zi arang ko‘rinadi, lekin yer ostida ilon yursa ko‘radi. Odam ilg‘amaydigan joylarni oladi ko‘zi. Sabohat toqqa usiz chiqmaydi. Momiq bo‘lsa sichqonning qironi, u bois qo‘ni-qo‘shnilarda ham sichqon qolmadi.
Bu gaplar Sabohatning kallasiga bir pasda kelib, bitta joyda turolmaydigan somonchumchuqday pirr etib uchdi-ketdi. Xayolini yana tushida ko‘rgan ajabtovur gul egalladi.
U gulning bir karomati bo‘lsa kerakki, boshqalariga o‘xshamaydi. Tag‘in ko‘kka, quyoshga yaqin. Tabiiyki, shu’lani ko‘p shimadi. Demak, shifobaxsh. Ko‘p kasalliklarga shifo bo‘lishi mumkin.
Dorivor giyohlar xosiyatini Sabohatga qishloq tabibi Fotima aya o‘rgatgan. Bir paytlar qishloqda qo‘tir ko‘p tarqadi. Ko‘p yuqumli ekan, Sabohatga ham yopishgan. Qo‘tirni davolayman degan do‘xtirlarning qo‘lidan hech ish kelgani yo‘q. Uning davosini o‘sha tabib topdi. Tog‘dan qandaydir giyohlarni terib keldi-da bemorlarga ham qaynatib ichirdi, ham taniga surdi. Qo‘tir chekindi.
Tabib qarib qolgan, toqqa avvalgidek bemalol chiqib-tusholmas, toliqib qolaboshlagan edi. Bu ishni “ilonning og‘zidan chiqqanday shamshod qiz” (tabibning ta’rifi) Sabohatga o‘rgatdi. Boshda o‘zi bilan olib chiqdi toqqa, qay giyoh qaerda o‘sadi, rangi-tusi, xosiyati ne, hammasini bir-bir tushuntirdi.
Sabohat bu yumushga qattiq qiziqib qoldi. Axir, do‘xturning maqtovli dorilari eplolmaydigan dardga oddiy giyoh bas kelib, ofatning tomirini qirqib tashlaydi-ya.
Oldin giyohlarni dam olish kunlari havasga terib yurdi Sabohat. Tabib xizmat haqqi bermoqchi bo‘lganida qo‘lini qaytardi. O‘zi ishlaydigan dam olish uyi xodimlari va hordiqqa kelganlarga tekin hadya qilib yurdi.
Keyin... shahardan kelgan bir erkak tabib uning qo‘liga mo‘may pul tutqazdi va falon-falon giyohlarni terib berasan, dedi. So‘zini qaytarmadi Sabohat, lekin qo‘lini qaytardi. Tabib qo‘yarda-qo‘ymay pulni uning cho‘ntagiga tiqdi. So‘ng Sabohat pulni sanab ko‘rsa, o‘zining uch-to‘rt oylik maoshiga teng.
Zudlik bilan toqqa jo‘nadi. Yoniga Paxmoqni ham olgan edi, ikkovlon chopqillashib tabib aytganidan ham ziyoda giyoh terib qaytdi.
Tabib obor, deb adresini berib ketgan edi, topib bordi. Qarasa, dang‘illama hovlisi oldida tumonat odam, navbatda turganlarning sanog‘i yo‘q.
Odamlarni oralab turtinib-surtinib zo‘rg‘a kirdi tabib huzuriga. Keltirganlarini topshirdi. Tabib erinmay ko‘zdan kechirib mamnun bo‘ldi. Yana terib kelasan deb avvalgidan ham ko‘p pul berdi. Bu gal Sabohat negadir pulni iymanmay oldi.
Ishi yurishganidan yurishib ketdi. Har xil bahonalar topib, ishga bir kun borsa, uch kun bormay toqqa jo‘nayverdi, giyohlarni shahar va qishloq tabibiga, dam oluvchilarga pullayverdi.
Dam olish uyi direktori intizomni talab etganda shartta ariza yozib ishdan bo‘shab oldi-da o‘zini butkul o‘sha pulli yumushga urdi.
Endi Qizilqoyadagi bemisl gul tushiga kirgach, oromini tamom yo‘qotdi, uni o‘ngida ko‘rmoq istagi borlig‘ini qamrab oldi. Unda bitta emas, ming xosiyat bo‘lsa kerak, degan o‘y kallasidan ketmay qoldi.
Vaqtni boy bermay yoniga Paxmoqni oldi-da toqqa jo‘nadi.
Aylanma so‘qmoqlardan, sirpang‘ich qiyaliklardan, vahimali jar yoqasidan go‘yo qilko‘prikdan o‘tganday xavotir ichida bazo‘r osha-osha Qizilqoyaga yetdi.
Uning poyida turib tepaga hapqirib tikildi. Ko‘kka bosh tirab turgan Qizilqoya avvalgisidan ham mahobatli, bag‘rida ming-ming sirlarni yashirgan afsonaviy Bistun tog‘iga o‘xshardi. Unda, albatta, o‘shal sinoatli gul tovlanib turgan bo‘lishi kerak. Behudaga tushga kirmaydi bunday narsa.
U qoyaga dadil tirmasha ketdi. Oldida Paxmoq is olib borar, ketida Sabohat oyog‘i ostidagi tor so‘qmoqqa bir ko‘z tashlasa, qoyaga o‘n qarar. Yuzini ter bosganini, cho‘qir tikanaklar boldirlarini tilganini sezmasdi.
Va nihoyat, tepada olovrang gul ko‘rindi. Voajab, tushidagining naq o‘zi. Shoxlari yo‘g‘on. Yaproqlari qip-qizil. Borlig‘idan jilo taraladi. Yo qudratingdan, gul degani ham shunchalik fayzli bo‘ladimi va... tushga kiradimi!
Qalay, deganday Paxmoqqa qaradi Sabohat. U dumini likillatdi. Yurdikmi, oldinga, dedi xuddi odam bolasiga gapirganday jiddiy. Paxmoq ko‘zini mo‘ltiratdi. Olddagi so‘qmoq tag‘inda qaltis degani edi bu. Sabohatning o‘zi ham buni yaxshi biladi. U yoqqa yakka chiqish xatarli. So‘ng... ko‘rganini tabibga gapirib berishi kerak. U ne deydi hali. Shu xayolda gulga uzoq tikilib turdi-da orqasiga o‘girildi. Paxmoq yengil silkindi.
Ertasigayoq Sabohat shaharga tushdi. Tabib dargohiga yetdi. Shifo istab kelganlar avvalgisidan o‘n chandon ko‘p, qariyalardan tortib bolalarini yetaklab kelgan juvonlargacha qator-qator navbat poylab o‘ltirishibdi.
Kelganini bildirgan hamono tabib qabul qildi. Ko‘zi bilan o‘ltiratur, degan ishorat qilib, oldidagi o‘nga yaqin bemorni davolashda davom etdi.
Sabohat qarasa, tabibning davolashi g‘alati. Hammaning bir-bir tomirini ushlab ko‘radi. So‘ng oldida qatorlashtirib qo‘yilgan giyoh qaynatmalaridan har biriga falon puldan bir-ikki shisha beradi. Qachon va qanday ichishni aytadi. U bechoralar minnatdor bo‘lib chiqib ketishadi.
Eshitgani bor, tomirni ushlab ko‘p narsani bilishadi tabiblar. Lekin hammaga deyarlik bir xildagi qaynatmalardan berish... Har kimning dardi har xil-ku, axir.
Lekin bilib-bilmay birovni yozg‘irish yomon. Ilm har kimga har darajada beriladi. Tabibning tutimi o‘ziga ayondir. Kasallarning keti uzilmayapti-ku. Foydasi tegmasa kelarmidi...
Shu mulohazalarga borib o‘ltirar ekan tabib shuncha bemorni bir pasda ko‘rib bo‘lganini sezmay ham qolibdi. Tabibning hukmron ovozidan o‘ziga keldi.
— Hech kimni kiritmang, — dedi dastyoriga.
Xonada ikkovlon yolg‘iz qolishdi. Sabohat to‘rvani ochib dastalangan arslonquyruq, do‘lana, na’matak, kiyiko‘t va boshqa giyohlarni tabibning oldiga qo‘ydi. Borakallo, borakallo, deya tabib barini ko‘zdan kechirdi va bir necha dasta mingtaliklarni unga cho‘zdi.
Shundan so‘ng Sabohat Qizilqoya va uning tepasida ko‘rgani g‘aroyib guldan so‘z ochdi. Tabibning borlig‘i quloqqa aylandi.
Sabohatni bo‘lmay eshitganidan keyin ust-ustiga savollar yog‘dirdi.
— Haqiqatda samoga yaqinmi?
— Bosh tirab turibdi.
— Rangi och qizilmi yo to‘q qizil?
— To‘q qizil.
— Barglari shoda-shodami?
— Marjonday tizilgan.
— Toshni yorib chiqqanmi?
— Menimcha, yorib chiqqan.
— Bo‘ldi, — dedi tabib qo‘lini bir-biriga qars ettirib urgancha. — Men necha yildan beri kutayotgan gul ana shu. Men ham uni tushimda ko‘rganman. Bir kunmas-bir kun unga yetishaman deb ishonardim. Orzuimga endi yetdim hisob. Borakallo, qizim, borakallo!
Sabohatning yuzlari qizarib, ko‘zlari chaqnab:
— Bu gul... qaysi dardga shifo? — so‘radi tabibdan.
— Uni iste’mol qilgan odam nafaqat darddan forig‘ bo‘lar, balki butkul yasharib ketar, qizim, bekorga uni Yoshlik guli deyishmagan.
Bu gapdan beixtiyor o‘rnidan turib ketdi Sabohat. Nahotki, nahotki?
— Tez toqqa otlan, qizim, o‘shal noyob gulni zudlik bilan olakel, — deya tabib suhbatga nuqta qo‘ydi.
— U bir dona-ku, kimga ham yetardi? — deb yuborganini o‘zi sezmay qoldi Sabohat.
Tabib miyig‘ida kuldi.
— To‘g‘ri, bir dona, — dedi har bitta so‘zga urg‘u berib. — Lekin shu bitta donadan yuz ming paket gulbarg, shoxlari maydalanib yana shuncha tsallofan xaltacha bo‘lurkim, u yasharmoq istaganlarning bariga yetib ortar. Oq yo‘l, qizim, omadingni bersin.
Sabohat go‘yo qanot chiqarganday edi. Qishloqqa oyog‘i yerga tegib- tegmay keldi. Ertagayoq toqqa otlanishi ko‘ngliga tugib, singlisi va itini ham olaketishni rejalashtirib qo‘ydi.
— Men bormay qo‘yaqolay, — dedi Inobat. — Oyog‘im tortmayapti.
— Sening oyog‘ing... hech qayoqqa ham tortmagan, — arazladi Sabohat. — Qari qiz bo‘lib qolayotganing ham shundan.
Inobat xafa bo‘ldi. Opasining cho‘rtkesarligi ko‘nglini tilib o‘tdi. O‘zini bosdi. So‘z qaytargudek bo‘lsa, opasi yana lovullaydiyu ikki-uch kungacha tarqamaydi dilxiralik. Indamay qo‘yaqoldi. Bormasam, qutulmayman, dedi ichida.
Aksiga olib ertasi tongdanoq ko‘kni qora bulut bosdi. Etagi to‘la yomg‘ir edi uning. Ikki kun sharillatib quydi. To‘rtinchi kun quyosh yuz ko‘rsatdi.
Ular yo‘lga chiqishdi...
Bu payt tabib bo‘sag‘asiga bosh qo‘yib navbat kutayotganlar orasida mish-mish tarqab bo‘lgan edi. Tog‘da g‘aroyib gul topilganmish. Ming dardga davo emish. Qaynatmasini ichganlar yasharib ketarmish. Oltmishdagi odam qirchillama yigitga do‘narmish, kampirlar yuzida bitta ajin qolmas emish. Qizlar pariga aylanarmish va hokazo.
Gap tabib bo‘sag‘asidan uzoq-uzoqlarga o‘rmalab ketdi.
Bu asnoda bizning qahramonlarimiz ham o‘rmalay-o‘rmalay, nihoyat, Qizilqoya etagiga yetib kelishgan edi.
Oftob charaqlab turar. Osmon go‘yo hozirgina yuvib-artilgan shisha, yaraq-yaraq jilolanadi.
Sabohat qoya cho‘qqisiga tikildi va ko‘zlari chaqnab:
— Ana, — deb qichqirdi, ovozi jarangli edi. — Ko‘rdingmi, Inobat?
Inobat harchand tikilsa ham hech vaqo ko‘rolmadi.
— Shabko‘r bo‘lganmisan? — jerkdi singlisini Sabohat. — Ana-ku, huv ana.
Baribir Inobat qoya boshida gul-pul ko‘rmadi.
— Yur, — dedi unga hukmron Sabohat. — Yaqin borganda ko‘rasan.
Singil istamay unga ergashdi. Aslida uning ko‘zlari, lof emas, kunduzi yulduzni ko‘rar daraja o‘tkir edi. Nahotki, daf’atan ko‘ziga bir balo bo‘lgan...
Tushda ular qoya poyida edilar.
— Ana o‘shal Yoshlik guli, — dedi Sabohat qo‘lini bigiz qilib. — endi ko‘rgandirsan, Inobat?
Singlisi bosh chayqadi. Yo‘q, ko‘rmayapman.
Sen ko‘rayapsanmi, deganday Paxmoqqa ko‘z tashladi Sabohat. Uning ham shashti past edi. Bularni jin urganmi o‘zi?
Inobat bo‘lsa o‘z opasini jin chalgan deb o‘ylayotgan edi. Aks holda yo‘q gulni ko‘radimi ko‘zlari!
— Yur, tezroq, paysallasak, hademay kun og‘adi, — Sabohatning yuzlari lov-lov yonardi.
U yerda gul yo‘q, deb ming aytsa ham opasini ishontirolmasligini o‘ylab:
— Chiqmaylik, o‘sha yoqqa, — dedi Inobat yolvorib.
— Nega?
— Sirpanchig‘ligini ko‘rib turibsiz, opa, muz ustida yurganday bir gap, Xudo ko‘rsatmasin...
— Bo‘ldi, — cho‘rt kesdi gapni Sabohat, — seni ergashtirib kelgan men o‘zim axmoq. Sen o‘zi... menga hasad qilib kelgansan. Gulni olib millioner bo‘lib ketadi deb ichiqoralik qilyapsan.
— Opa!!!
Sabohat qulog‘iga gap kiradigan holatda emasdi. Paxmoqqa buyurdi: Yur.
Jun ichidan arang ko‘rinib turgan ko‘zlarini mo‘ltiratdi Paxmoq, dumini asabiy likillatdi. Bormayman, degani edi bu.
Tfu! Joni xalqumiga keldi Sabohatning. Jahd bilan qoyaga tirmasha boshladi. Paxmoq chopib bordi-da pochasidan tishlab tortdi. Daf bo‘l, qichqirdi Sabohat va beri oyog‘i bilan itni shunday tepdiki, u chinqirgancha pastga ag‘anab Inobatning oyog‘i ostiga kelib tushdi. Bor kuchini to‘plab cho‘qqiga tirmashayotgan egasiga qarab ust-ustiga hurdi. Go‘yo u fig‘on qilmoqda edi.
Inobat oxirgi marta opasini to‘xtatmoqchi bo‘ldi: Bormang, opa!
Sabohat parvo qilmadi. Tikka ko‘tarila ketdi.
Inobat ortiq turolmadi. Opasi tomon yurdi. Paxmoq ham og‘ir qo‘zg‘aldi.
Xuddi alpinistlarday cho‘qqiga asta-asta tirmashib borishardi mo‘’jiza izlovchilar. Terga bota-bota biri ko‘rib, ikkinchisi ko‘rmayotgan gul sari yaqinlashib borishardi.
Bir joyga yetganda qoyaning usti xuddi kaftdagiday aniq-tiniq ko‘rindi. U yer tap-taqir edi. Nainki gul, sassiq alaf ham yo‘q edi.
— Ana o‘shal gul, — dedi hayajonlanib Sabohat va singlisiga kesatiq qildi, — ko‘zlaring endi ko‘rayotgandir?
Ko‘rmayapman, desa opasi baribir ishonmasligini o‘ylab Inobat yelka qisdi. Paxmoq esa orqasiga qarab-qarab qo‘yardi.
Ular osmoni falak ostonasiga kelib qolganday edilar.
— Yur, — dedi Sabohat singlisiga buyruq berib. — Gulni qo‘porishga yordamlashasan.
Yo‘q gulni qo‘porish...
Inobatning xayoliga bolalagidan eshitgani bir gap keldi. Emishki, jin odam ko‘ziga yo‘q narsani ko‘rsatib aldarmish. Aldab-aldab jarga qulatarmish.
— Opa, orqaga qaytaylik, — dedi Inobat ovozini ko‘tarib. — Ko‘rib turibsiz, cho‘qqiga chiqish xavfli, ushlaydigan joyi yo‘q uning. Buning ustiga...
— Bas! — qichqirdi Sabohat, — qo‘rqsang, sen qolaver. Men ketdim.
Paxmoq qattiq hurdi. Ketma, demoqda edi u ko‘zlaridan yosh tomardi. Sabohat hech narsaga parvo qilmay cho‘qqiga tikka tirmashmoqchi bo‘ldi. Inobat yo‘lini to‘sdi.
— Bormaysiz, tamom!
— Qoch! — zahrini sochdi opasi va uni siltab tashlagancha ko‘tarila boshladi.
Paxmoq oyoqlariga yopishmoqchi edi, uni tepib yubordi. It jon achchig‘ida vang‘illadi.
Ko‘p ko‘tarila olmadi Sabohat. Qo‘li sirg‘aldimi, oyog‘i toydimi, muvozanatini yo‘qotgancha pastga ag‘anadi. Uchli xarsangga qarsillab qulab tushdi.
— Opa, opajonim! — chinqirdi Inobat.
It telbalarcha hurdi...