OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. Qarmoqqa ilingan hikoya (hajviya)

Xolxo‘ja axiyri qo‘ymadi.
Bu safar baliq oviga chiqadigan bo‘ldik. Men-ku, tabiatan sayohatu sarguzashtlarga suyagi yo‘qroq odam emasmanmi, “Nasib qilsa ko‘ramiz”, deb qo‘yaqoldim. Bu “yo‘q”dan ko‘ra, “ha”ga yaqinroq javob ekanligini sezgan Xolxo‘ja suyunib ketdi. Lekin, Jo‘ravoy akani ko‘ndirish azobul-azobga aylandi. Xolxo‘ja uning uyiga borgan ekan, oldiga solib ko‘chaga haydabdi. Axiyri, men chiqishimga to‘g‘ri keldi. Qani endi ko‘nsa! “O‘laman sattor, ovdan og‘iz ochmang! Ovga yuragim dov bermay qo‘ygan. Sulaymon ovchining “kuchugi” bilan o‘sha uchrashuvimizdan beri yurak o‘ynog‘i bo‘lib qolganman”, deydi. 
U dedim, bu dedim. “To‘qayga bormaymiz, toqqa chiqmaymiz. Shundoq daryo sohilida o‘tirib, kechki payt qaytamiz. Oqar suvning bo‘yida odamning dardlari forig‘ bo‘ladi”, deya gapni goh uzoqdan, goh yaqindan oldim. Jo‘ravoy aka uf tortdi, gardanini qashlab o‘ylanibroq qoldi, keyin “Negadir ko‘nglim notinch, Xolxo‘ja yaramas yana bir baloni boshlamasa go‘rgaydi”, deb ming‘irlab qo‘ydi. Men “Hech vaqo bo‘maydi. Daryo bo‘yida dam olib kelasiz, ko‘nglingiz ham tinchiydi”, dedim. Xullas, Jo‘ravoy akani ko‘ndirdik. 
Yakshanba kuni saharlab yo‘lga chiqadigan bo‘ldik. Odatdagidek, yana uch kishi. Oldinda qarmoqlarni xuddi miltiqdek yelkasiga tashlab olgan Xolxo‘ja, orqada ichiga chuvalchang, chigirtka, ninachi, yana allambalo xo‘raklar solingan shisha bankani ko‘tarib olgan Jo‘ravoy aka, oxirida bo‘lsa men. Yelkamda ichiga non, konserva, qozoncha, tovoq, bir necha shisha aroq va boshqa narsalar joylangan safar xaltasi. Hayyo-huyt deb Uchtepa tomonga yo‘l oldik. 
Oftob endigina Yakkaqoya tog‘lari ortidan bosh ko‘targan, tevarak-atrof qushlarning chug‘ur-chug‘uriga, ari va tillaqo‘ng‘izlarning g‘ing‘ir-g‘ing‘iriga to‘lib toshgan so‘lim bir tong edi. 
Uchovlon uzun-qisqa bo‘lib ke-e-t-dik!.. Hali yuramiz, hali yuramiz. Tepangda tiniq osmon, tevaragingda go‘zal tabiat bag‘rini ochib, biz nomini bilib-bilmaydigan gullaru chechaklar atrini sochib, ukpardek mayin o‘t-o‘lanlar tovoningni yalab, muzdek shabboda yuz-ko‘zlaringni siypalab turgan bunaqa lahzalarda charchoqni ham sezmas ekansan kishi. 
Bir tepalik tagida to‘xtaganimizda Xolxo‘ja “Beshta-beshta olvolamizmi?” deb yelkamdagi xaltaga imo qilgandi, Jo‘ravoy aka sarg‘ish qoshlarini chimirib, “Borishda ham, kelishda ham “olvolish” yo‘q. Iching, o‘shaqda, baliq tutib o‘tirganimizda kuydirgingizga icharsiz”, deb to‘ng‘illab qo‘ydi. 
Boshqa yoqlarda bilmadim-u, bizning shaharga o‘xshagan qishloq, qishloqqa o‘xshagan shaharchamizda kattalarning gapi yoshlar uchun qonun. Azaldan shunaqa bo‘lib kelgan. Shuning uchun miq etmay, yana yo‘lga tushdik. 
Bir mahal qarasam, Bo‘tanasoy kunchiqar tarafda qolib, biz kunbotar tarafga ketyapmiz. Adashmadikmi, degan xavotirda “Soy uyoqda edi shekilli”, degandim, Xolxo‘ja ko‘zlarini quvlik bilan qisib, “Marshrut o‘zgardi, shoir”, deb iljayib qo‘ydi. Keyin Jo‘ravoy akaning o‘ziga qadalgan norozi qarashini sezib, darrov gapiga “tahrir” kiritdi: “Soydagi baliqlarning mazasi yo‘qmish. Dallidaryoga borib qo‘yaqolamiz!”
 Jo‘ravoy aka “Bunaqa kelishmagandik-ku?” degan ma’noda tomoq qirib qo‘ygandi, Xolxo‘ja hazilga yo‘ydi: “Nima farqi bor, aka? Yarmiga kelib qoldik. U yoqqayam shuncha yuriladi, bu yoqqayam shuncha yuriladi!”
Nimayam deymiz? Xolxo‘ja ko‘pni ko‘rgan, tajribali ovchi. Qayoqda nima borligini bizdan ko‘ra yaxshiroq biladi. Shuning uchun indamay, unga ergashib, “Dallidaryo qaydasan?” deya yana yo‘lga tushdik. 
Xolxo‘janing aytishicha, Dallidaryo quyiladigan yerda, Yakkaqoya yaqinida ko‘pchilik bilmaydigan bir sharshara bormish! Agar o‘sha sharshara tagiga kirib chelak ushlab turilsa bas, baliqlarning o‘zi “manaman, akaxon” deb oqib kelaverarmish!
— Xuddi “Baliq do‘koni”ning o‘zi! — dedi Xolxo‘ja iljayib. — Xohlang unisini tanlang, xohlang bunisini!..
— Nega o‘sha yoqqa bora qolmadik? — so‘radim astoydil qiziqib. 
— Yo‘q, — dedi Xolxo‘ja o‘ziga yarashmagan jiddiy ohangda va bosh chayqab qo‘ydi, — bu, g‘irrom ov hisoblanadi. Biz ovchilar mard va halol kishilarmiz. Chumchuq otsak ham, ilon tutsak ham halollab olishimiz kerak! Innakeyin, shoir! Baliq ovining o‘ziga yarasha gashti bo‘ladi. Qirg‘oqqa qarmoq tashlab qo‘yib o‘tirishga nima yetsin! Mazza! Xuddi lotereya o‘yini bo‘layotganga o‘xshaydi. Hozir menga yutuq chiqib qoladi deysan, yuraging taka-puka bo‘lib kutasan. Lekin omad sherigingga kulib boqadi. Zo‘r-a?!.
— O‘sha laqqa baliqni tutgan qarmog‘ingni olvolganmisan? — so‘radi Jo‘ravoy aka Xolxo‘janing oldi-qochdi gaplariga ishonib-ishonmay. 
— E, akaxon, menikidaqa qarmoqlar hech kimda yo‘q, — yelkasidagi qarmoqlarga imo qildi Xolxo‘ja. — Atayin, Toshkanga borib, sport do‘konidan tanlab olib kelganman. Qarmoqlarni barmoqdayidan tortib, zirapchadayigacha bor. Iplariga gap yo‘q! Laqqa tugul, akula ham uzolmaydi!..
Jo‘ravoy aka uning quruqlanishidan ensasi qotib kinoyali kulimsirab qo‘ydi. Xolxo‘ja esa, odatdagidek parvoyi-palak, o‘tgan yili qarmog‘iga bir yo‘la ikkita baliq ilingani haqidagi hikoyasini boshlab ketdi. 
Xolxo‘janing hikoyasini tinglab ketaverib, Dallidaryo bo‘yiga qanday yetib borganimizniyam sezmay qolibmiz. 
Daryo odatdagidek jimgina mavjlanib turar, toshloq sohilda bizdan tashqari yana besh-o‘nta baliqchilar u yer-bu yerda jimgina baliq tutib o‘tirishardi. Xolxo‘janing mashhur ovchiligiga shu yerda tan berdim. Chunki o‘tirganlarning deyarli hammasi uni yaxshi tanisharkan. Baliqchilarning biri u bilan qo‘l silkib salomlashsa, boshqasi bosh irg‘ab, uchinchisi esa gazetadan yasab olgan qalpoqchasini silkib qo‘ydi.
Biz ham yuklarimizni yerga tashlab ovga hozirlana boshladik. Xolxo‘ja xaltamdagi aroqlarni olib bo‘g‘zigacha qumloq sohilga tiqib qo‘ydi-da, “Xoladilna” deb jilmayib qo‘ydi. Topqirligiga qoyil qoldik. Keyin u ov uchun joy tanlagani ketdi. Jo‘ravoy aka bilan men qarmoqlarni yoyib tayyorlashga kirishdik. 
... Nihoyat, ov boshlandi. Xolxo‘ja baliq ovining ham xo‘p hadisini olgan ekan. Ov paytida gaplashmasdan jim o‘tirish, boshqalarga halal bermaslik, xo‘raklarni qanday tayyorlash, baliq ilingan paytda hovliqib qolmaslik, sergak bo‘lish haqida ancha-muncha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi. 
Xolxo‘janing qarmoqlari maqtangancha bor ekan. Iplarining uzunligi o‘ttiz-qirq quloch keladi, pishiqligi naq trosning o‘zi!
Boshladik! Jo‘ravoy aka birinchi, undan quyiroqda men, eng oxirida Xolxo‘ja o‘tiribmiz. Tevarak-atrof allanechuk sukutga cho‘mgan. Bu jimjitlikni faqat to‘lqinlarning erinibgina sohilga shaloplab urilishiyu, oppoq baliqchi qushlarning ora-chora qiyqirib uchib o‘tib qolishigina buzadi, xolos. Baliqdan bo‘lsa darak yo‘q. Qarasam, Jo‘ravoy aka charchaganmi yo zerikdimi, haytovur yonboshlab olibdi. Men ham ko‘ylagimni yechib tashlab, labimga sigaret qistirib endi chalqancha yotmoqchi edim, bir mahal Jo‘ravoy aka qirg‘oqqa sanchib qo‘ygan qarmoq cho‘plarining biri qimirlayotganini sezib qoldim. Oyoq uchida yugurib bordim-da, Jo‘ravoy akaga yaqinlashdim. 
— Sizniki qimirlayapti! — dedim shivirlab. 
— Qimirlamaydi, — shang‘illadi Jo‘ravoy aka halovatini buzganimdan achchig‘lanib. — Hozir tashladim. Qayoqqa qimirlaydi?
Atrofdagi baliqchilar uning tovushidan ranjib, bosh chayqab qo‘yishdi. 
— Ana, qarang! — dedim suv sathida ko‘rinib-ko‘rinmay likillayotgan po‘kakka imo qilib. 
Jo‘ravoy aka daryo tarafga qaradi-yu, sapchib o‘rnidan turib ketdi. Qarmoq dastasiga yopishdi. Haqiqatan ham, uning qarmoq ipi xuddi varrak ipidek tarang tortilgan ko‘yi to‘lqinlar orasida nari borib, beri kelib sohildan uzoqlashmoqda edi. 
— Ol qulim, degaysan Xudoyim! — dedi Jo‘ravoy aka birdan tovushi titrab. — Kattasi ilinganga o‘xshaydi, Shokirvoy! Buni qarang!
Qarmoq ipini ushlab boqsam, uzilgudek tarang, ipning suv ostidagi narigi uchida allanima qarmoqdan qutulishga urinib tipirchilamoqda edi. Baqirib yuborishdan zo‘rg‘a o‘zimni tiydim va qo‘limga uch-to‘rtta mayda tosh olib qumloqda cho‘zilib yotgan Xolxo‘ja tarafga otdim. 
Yalt etib qaradi. “Buyoqqa keling!” deb imladim. Xolxo‘ja xuddi cho‘g‘ ustida oyoq yalang yurayotgandek sakrab-sakrab yetib keldi. Mohir ovchilarga xos sovuqqonlik va jiddiylik bilan qarmoq ipini ushlab ko‘rib, “O‘xo‘!” deb qo‘ydi, keyin bizni nari surib, sekin ipni sog‘a boshlarkan, Jo‘ravoy akaga shipshidi: “Bir kilodan oshiq keladi. Boshlanishi yomonmas! Faqat ipni ancha joygacha sudrab ketibdi. Endi, se-ke-en... avrab-aldab, mana bundoq qile-eb... qirg‘oqqa olib kelvolmasak, qarmoqdan chiqib ketishi mumkin...”
Jo‘ravoy aka “xo‘p bo‘ladi” degandek bosh irg‘adi va o‘z o‘ljasini o‘zi qo‘lga kiritish ilinjida qo‘lini cho‘zdi. Xolxo‘ja ham uning zavqini so‘ndirgisi kelmadi shekilli, qarmoq ipini qo‘liga tutqazdi: “Xuddi osmondagi varrakni ipidan sekin tortib tushirayotgandek harakat qilsangiz bas!..”
Jo‘ravoy aka xursandlikdan lab-lunjini yig‘ishtirolmay, bizning havasimizni qo‘zg‘ab ishga kirishib ketdi. Xolxo‘ja bo‘lsa tizzasigacha suvga tushib unga yordamlashdi. Alhol, qarmoq ipini tortib, o‘ljani qirg‘oqqa chiqarishdi... Uni ko‘rdimu, o‘zimni tutolmay piq etib kulib yubordim, Jo‘ravoy aka “Tfu, padariga la’nat!” deya to‘ng‘illadi. 
Ma’lum bo‘lishicha, Jo‘ravoy akaning qarmog‘iga baliq emas, o‘rtacha likopchadek keladigan kulrang-qoramtir tusli chig‘anoq ilingan ekan. 
Xolxo‘ja bo‘lsa, parvoyi-palak, belidagi ov pichog‘ini olib, chig‘anoq kosalari tishlab qolgan qarmoqni chiqararkan, xushnud ohangda dedi:
 — Nichevo, yaxshilab tozalab loklansa, quling o‘rgulsin kuldon chiqadi!
— Olaqol, mendan senga padarka! — norozi ohangda to‘ng‘illadi aka teskari qarab. 
— Hechqisi yo‘q, Jo‘ravoy aka, bunaqa umidsizlanish yaxshi emas. Ov shunaqa bo‘ladi. Goh undoq, goh bundoq! — dedi Xolxo‘ja va qo‘lidagi chig‘anoqni xuddi yong‘oqdek ikki pallaga ajratib shag‘al ustiga tashladi. 
Jo‘ravoy aka shundan keyin hafsalasi pir bo‘lib, betiga gazeta tashlab yotib oldi. Xolxo‘ja ikkovimiz yana ovga kirishdik. 
Bir mahal daryoning o‘rtasida motorli qayiq ko‘rinib qoldi-ku! Undagi og‘ziga tunuka karnay tutib olgan kishi xuddi to‘tiqushdek bir xil: “Hurmatli ovchi o‘rtoqlar! Daryoda cho‘milish ma’n etiladi! Suvga axlat tashlanmasin! Baliq faqat belgilangan joydagina tutilsin! Hayotingizni xavf ostiga qo‘ymanglar! Ehtiyot bo‘linglar! Sizlarga yaxshi xordiq tilaymiz!” qabilidagi gaplarni takrorlagan ko‘yi o‘tib ketdi. O‘tishga o‘tdi-yu, hamma ishni rasvo qildi. Qarasam, motorli qayiq ortida qolgan to‘lqinlar bir-birini quvalab sohilga bosh urdi va qaytishda boya Xolxo‘ja “xolodilna” deb bo‘g‘zigacha qumga sanchib qo‘ygan aroqlarni daryo tarafga surib ketsa bo‘ladimi! Shartta o‘zimni suvga otdim. Bitta shishani arang ushlab qolishga ulgurdim. Agar Xolxo‘ja yugurib kelib meni suvdan tortib olmaganda, kim biladi deysiz, aroqlarning orqasidan daryoning tagiga kirib ketarmidim?
— Jinnimisan, shoir? — baqirdi Xolxo‘ja jon-holatda. — Nima, o‘lging kelyaptimi?
— A-roq ketdi-i-i! — dedim tovushim qaltirab. 
Bizni ko‘rib Jo‘ravoy akayam yaqinlashdi. 
— Oqizib ketdimi? — dedi u ham yig‘lagudek bo‘lib. 
— Ketdi... — dedi Xolxo‘ja ham bo‘shashib va odatdagidek iljayib qo‘ydi. — Shoir ham orqasidan ketishiga sal qoldi!
— Xudo bir asrabdi, — dedi Jo‘ravoy aka bosh chayqab va boyagi motorli qayiq ketgan tarafga qarab to‘ng‘illadi, — “Yaxshi xordiq tilaymiz!” emish-a...
— Jo‘ravoy aka, keling, ko‘p siqilmang, — dedi Xolxo‘ja xushchaqchaq ohangda. — Kelgan balo o‘sha aroqqa uraqolsin! Undan ko‘ra, kelinglar, shoir Shokiralini bir o‘limdan qolganini nishonlab qo‘yaqolamiz!
Jo‘ravoy aka “mayli” degandek qo‘l silkidi. Xolxo‘ja xuddi shu ishorani kutib turgandek, shartta xaltani ag‘dardi, ko‘z ochib-yumguncha dasturxon tuzadi, haliyam qo‘limda mahkam ushlab turganim — aroqni tortib olib ochdi, istakanlarga quydi. “Ovimiz baroridan kelishi uchun” ichdik. Ustiga “Skumbriya” deb yozib qo‘yilgan konservadan gazak qildik. Qiziq bo‘larkan! Daryo bo‘yiga baliq tutgani kelgan odamlar baliq konserva yeb o‘tirsa juda kulgili ko‘rinarkan. Nailoj, boshqa nimayam qilolardik?
Shundagina, saqlab qolganim, bu yagona aroqni nafaqat meni omon qolganim, balki Jo‘ravoy akaning qarmog‘iga chig‘anoq ilingani haqqi, ovimiz baroridan kelmayotgani va daryo yutib yuborgan ikki shisha aroqning alami haqqi ichayotganimizni sezdimu, g‘alati bo‘lib ketdim. 
Nega shunaqa? Nega har safar biz ovga chiqqanimizda qanaqadir hangoma bo‘ladi? Boshqalar jimgina baliq tutib o‘tirishibdi-ku? Nega bizni ishimiz sira o‘ngidan kelmaydi?..
Ana shunaqa alamli savollarga javob izlagan ko‘yi sigaret tutuniga ko‘milib o‘tirarkanman, yonimizga yaqinlashib salom bergan va Xolxo‘ja bilan quyuq so‘rashayotgan odamniyam payqamay qolibman. 
Qarasam, ro‘paramizda peshonasiga g‘ovvoslarning oldi oynavand, tepasida naychasi bor rezina qalpog‘ini qo‘ndirib, oyog‘iga qurbaqaning panjasiga o‘xshash katta, yapaloq rezina kalish kiyib olgan xabashlardek qop-qora yigitcha tirjayib turibdi. 
— Tanishinglar! — dedi Xolxo‘ja. — Bu bola eski tanishim Ixtiyoriddin bo‘ladi!
— Ixtiyondr, — uning so‘zlarini to‘g‘riladi yigitcha. 
— Bunisi, laqabing. Otang qo‘ygan ot bor-ku? — qoshlarini chimirdi Xolxo‘ja. — Ixtiyondrga balo bormi?
— Ha, endi, o‘rischasiga-da, — iljaydi yigitcha. 
— Ismni o‘rischasi, o‘zbakchasi bo‘lmaydi, kallasi yo‘q. O‘rislarniki o‘rischa, o‘zbaklarniki o‘zbakcha bo‘ladi. Odamni otiyam tarjima qilinarkanmi? To‘lavoyni To‘lik deganday! Unaqa axmoq gaplarni gapirma!
— Xo‘p, Xo‘ja aka, — kuldi yigitcha va gapni boshqa yoqqa burdi, — kun tikkaga kelib qoldi, bittayam baliq tutmadinglarmi?
— Tutib yeb bo‘ldik, — g‘o‘ng‘illadi Jo‘ravoy aka. 
— Shuni alamiga ichayotgan ekansizlar-da? — xiringladi yigitcha. 
— Kattalarning ishiga aralashma! — uni jerkib berdi Xolxo‘ja. — Bir litr aroq daryoga tushib ketdi...
— Rostdanmi? — dedi Ixtiyondr. 
Hech kim indamadi. 
— Olib chiqib beraymi? — dedi yana u. 
— Qanaqa qilib olib chiqasan? — hayron bo‘ldim men. 
— Shundoq sho‘ng‘iymanu, olib chiqaman!
— Ehtiyot bo‘l, yana o‘zing ham aroq shishalariga o‘xshab... — dedi Xolxo‘ja.
— Xavotir olmang! Bu yerlarni besh qo‘lday bilaman, — maqtandi yigitcha va ko‘zlarini quvlik bilan qisdi, — evaziga nima bo‘ladi?
— Nima xohlaysan? — so‘radi Xolxo‘ja.
— Shishasiga 2000 so‘mdan berasizlar... 
— Esing bormi o‘zi? 1000 so‘mlik aroqni endi 2000 so‘mga sotvolamizmi? — jahli chiqib ketdi Jo‘ravoy akani. 
— Bo‘pti, olib chiq! Men to‘layman! — dedi Xolxo‘ja.
— Mana bu boshqa gap, — dedi yigitcha va sohilga tushib niqobini kiydi-da, daryoga sho‘ng‘idi. 
Qiziqsinib biz ham sohilga keldik. Ixtiyondr bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay qolar, goh xuddi qora baliqday lop etib suv ichidan chiqib qolar, keyin qo‘lini silkib “yo‘q” ishorasini qilar va og‘zidagi naychasidan suv purkab yana suvga sho‘ng‘irdi. Shu ko‘yi ancha quyiga qarab suzib ketdi. 
— Ixtiyoriddin “odam amfibliya”! Topib chiqadi! — dedi Xolxo‘ja. 
— Topmasayam mayliydi, — dedi Jo‘ravoy aka, — qaysi axmoq 2000 so‘mga o‘zining arog‘ini sotvolib ichadi?
— Qo‘yaversangiz-chi, buyam bir gap-da! — iljaydi Xolxo‘ja.
Ixtiyondr suzib ketdi. Biz qoldik. Bir mahal Jo‘ravoy aka hoy-hoylab qoldi. Qarasak, Xolxo‘janing ancha naridagi yo‘g‘on qarmog‘i lopillab turibdi. O‘sha tarafga yugurdik. Lekin ulgurolmadik. Qarmoq cho‘pi sanchib qo‘yilgan joyidan chiqib suvga otilib tushdi. Xolxo‘ja shalop-shulup qilgancha suv kechib arang ushlab qoldi-yu, birdan siltanib yiqildi. Qarmoqqa ilingan baliq uniyam sudrab ketayotgan edi. Yordamga otildik. Haqiqatan ham katta baliq ilingan edi. Xolxo‘janing po‘lat simdek pishiq qarmoq ipi uzilgudek tarang tortilgan, ipning narigi uchi esa suv ostida ko‘rinmasdi. Baqir-chaqir qilib o‘ljani tortib olishga kirishdik. Buni ko‘rib boshqa baliqchilar ham yugurib kelishdi. 
— Akulaga o‘xshaydi! — dedi Jo‘ravoy aka hansirab. 
— Yo‘q, cho‘rtan! Esosidae oilasidan! — dedi Xolxo‘ja bilag‘onlik qilib. — Erkagi. Harakatidan sezyapman. Taxminan, 60 kilocha bor!
Bir mahal qarasak, Ixtiyondr daryo o‘rtasida bizga qarab qo‘l silkiyapti. 
— Aroqni topganga o‘xshaydi, — dedi Jo‘ravoy aka. 
— Obbo! Baliq bolaga hujum qilmasa bo‘ldi, — dedi baliqchilardan biri. 
— Ixtiyoriddin! Qoch u yerda-an! — qichqirdi Xolxo‘ja qo‘lini og‘ziga karnay qilib. 
Ixtiyondr uni eshitdimi-yo‘qmi, birdan suv sathidan g‘oyib bo‘ldi. Bu yoqda Jo‘ravoy aka bilagiga o‘rab olgan ip uzilib ketaman deydi, uyoqda Ixtiyondr tipirchilaydi. Axiyri bo‘lmadi. Ixtiyondr bir nima deb qichqirdiyu, qo‘llarini silkigancha suv yuzida ko‘rinmay qoldi.
— E, esiz, butilkani tushirib yubordi shekilli! — dedi Jo‘ravoy aka.
— Uni qutqarish kerak! — dedi boshqa bir baliqchi vahimali ohangda.
Xolxo‘ja o‘ylab o‘tirmasdan, gavdasiga yarashmagan chaqqon harakatlar bilan o‘zini suvga otdi va birpasda hozirgina Ixtiyondr ko‘ringan joyga suzib bordi va oyog‘ini osmondan qilib suv ostiga sho‘ng‘idi. Biz bo‘lsak, yuragimizni hovuchlab bu yoqda turibmiz. Qandaydir bir necha daqiqa bir soatga cho‘zilib ketganday bo‘ldi. Nihoyat, Xolxo‘janing kallasi, keyin yelkasi, innakeyin u qo‘ltiqlab olgan Ixtiyondrning boshi ko‘rindi. Suyunib ketdik. 
Jo‘ravoy aka bilagiga o‘rab olgan Xolxo‘janing qarmoq ipini bo‘shatarkan, norozi ohangda dedi: 
— Cho‘rtan ham uzib ketganga o‘xshaydi! 
“Shu paytda cho‘rtanga balo bormi”, degandek unga qarab qo‘ydim. 
Xolxo‘ja Ixtiyondrni sudragan ko‘yi sohilga olib chiqdiyu, o‘zini qum ustiga tashladi. Hamma birdan gurr kulib yubordi. Ixtiyondrning cho‘milganda kiyiladigan kalta ishtoni yechilib boldiriga tushib yotar, o‘zi bo‘lsa bundan bexabar, aftidan nima bo‘layotganini tushunmasdi. 
Ma’lum bo‘lishicha, Xolxo‘janing barmoqday keladigan qarmog‘i Ixtiyondrning ishtoniga ilashib qolgan ekan. Boz ustiga qarmoq ipi pishiq emasmi, bola bechora chiqib ketolmagan. Biz bo‘lsak, buyoqda 60 kilolik “Esosidae” cho‘rtani ilindi deb, jon-holatda tortib yotibmiz, u bo‘lsa og‘zi-burni suvga to‘lib, uyoqda ishtonini qarmoqdan chiqarolmay garang, pitirlab yotgan ekan... 
Toza kulishdik. Boyagi ko‘ngilg‘ashlik ham, daryo domiga yutib yuborgan aroqlaru, bugungi baroridan kelmagan ovimiz ham unutildi-qo‘ydi...
Shu yerlik Xolxo‘janing tanish baliqchi og‘aynilari dasturxon tuzashdi. Anchagacha “uxa” sho‘rvani xo‘plab, hangomalashib o‘tirdik. Qaytishimizda, har birimizga uchtadan bilakdek-bilakdek baliq sovg‘a qilishdi. Yo‘q, desak, qo‘yishmadi. “Ovdan quruq qaytish yaxshi emas”, deyishdi...
 
 * * * 

Ochig‘i, men bu hangomalarni unutib yuborayozgandim. Qaysi kuni xonamda sigaret tutatib xayolga cho‘mib o‘tirarkanman, tuyqusdan yozuv stolim ustidagi chig‘anoq pallasidan yasalgan kuldonga ko‘zim tushdi-yu, beixtiyor o‘sha kungi ovimizni, Dallidaryoni, Jo‘ravoy akaga ilingan chig‘anoq, suvga cho‘kkan shishalar va Xolxo‘janing qarmog‘iga ilingan Ixtiyondrni eslab ketdim. 
Va o‘sha kuni o‘zim hech narsa tutolmay qaytganim yodimga tushdi. Endi o‘ylab qarasam, ovdan quruq kelmagan ekanman. Mening qarmog‘imga hikoya ilingan ekan.
Qanaqasiga, dersiz? Shunaqasiga-da! Siz yuqorida o‘qigan hangoma ana o‘sha kuni mening qarmog‘imga ilingan hikoya bo‘ladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.