OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eshqobil Shukur. Qo‘rixonada (hikoya)

Peterburgdan “kuyov”ni samolyotda olib kelishayotgan paytda Qorovulbozor qo‘riqxonasi kengliklarida bahor tantana qilardi. Ko‘l bo‘yida burungi yili burishib, sarg‘aygan qamishlar endi yashil qanotlar chiqarib ulgurgan, sayxonliklarda barra maysalar yerdan bag‘rini uzib, hamal nasimlarida nafis chayqalib turardi.
Shu kuni ertalabdan ko‘k yuzini kulrang bulutlar qoplab, shiddatli yomg‘ir quydi. Tushga borib osmonning qovog‘i ochildi. So‘ng bulutlar butunlay tarqab ketdi. Osmon yerga tabassum qildi. Yerni qoplagan o‘t-o‘lanlarning yashilligi yanada yorqin tus oldi. 
Hademay,bu yam-yashil baxmal chimildiqqa “ kuyov ” kirib keladi. 
Men bu paytda vagon uyimiz yonidagi choyo‘choqqa o‘tin qalayotgan edim. Gugurtni chaqdimu, birdan Nikani eslab qoldim. Nika... Men uni shu damda ko‘rishga oshiqdim. Nika deganimiz bu, qo‘riqxonamizdagi yakkayu yagona qoplon. Urg‘ochi qoplon... Biz uni erkalab, shunday ataymiz.
Choyo‘choqqa qalangan o‘tin tagidagi tutantiriqqa tutashayotgan o‘tni apil-tapil o‘chirdimu, Nikaning qarorgohi tomon shoshildim.
Bahor o‘z oti bilan bahor-da! Yerga boqsang ham, osmonga qarasang ham ranglar tiniqligidan ko‘zlaring qamashadi. Yam-yashil ulkan doira gardishiga cheksiz moviy gumbaz tutashib ketgan. Ranglar ham mayin va harir... Uzoqlarda jayronlar hamal yellariday yeladilar. Qo‘riqxonaning bir burjidagi ko‘l zaminga qulab tushgan osmon parchasiday yaraqlaydi. Buning ustiga shunday kunda “kuyov” kelyapti.Olis-olislardan kelyapti u.
Nikaning qarorgohi mustahkam simto‘rlar bilan o‘rab qo‘yilgan. Uch gektarga yaqin maydonda u yakka hokim. U yer-bu yerda gulga to‘layotgan saksovullar hurpayib ko‘rinadi. Mayda bargli yantoqlarning mitti g‘unchalari yayrab ochilgan. Bu fuqarosiz saltanat uniki. Bu maydon ustidan uchib o‘tayotgan qushlar ham ehtiyotkor bo‘lib qoladilar.
Nika meni uzoqdan tanidi. Taniydi-da, necha yillardan beri shu qo‘riqxonada nazoratchi bo‘lib ishlaganimdan keyin...Meni bu yerda hatto hurkak jayronlar ham tanishadi-yu, Nika tanimasinmi? U simto‘rlarni yoqalab men tomon yugurdi. Albatta, meni sog‘inib qolganidan emas, biron-bir yegulikdan umidvor bo‘lib shoshilardi u. Attang, bir parcha et olib kelishni unutibman-da. U simto‘r ortidan old oyoqlarini kerib oldinga tashlab, bo‘ynini cho‘zdi-da...irilladi. Bu bilan u menga nimadir degandi. So‘ng u qo‘riqxona malikasining huzuriga qup-quruq qo‘l bilan kelganimni bildi-da, xafa bo‘lib, nari ketdi. Tavba, xuddi qizlarday nozu firoq qiladi-ya...
Nikaning qo‘riqxonaga keltirilganiga uch yil bo‘ldi. Uning tomirida sahroyi qoplonlarning qaynoq qoni gupirib turardi. O‘tgan yili iliqish faslida Nika yolg‘izlikdan ko‘p azob chekdi. Hech narsani tan olmaydigan tabiiy ehtiros, tirik qon istagidan junbushga kelib, o‘lik simto‘rlar bilan olishardi. U kechalari juftini izlab, olamni buzib, fig‘on ko‘tarardi. Ammo, undagi xohish qancha qaynoq bo‘lsa, simto‘rlar shuncha sovuq edi. Uning tirik vujudidan ko‘ra, o‘lik simto‘rlar kuchli edi.
Nikaning bu azoblarini ko‘rib, chiday olmadim. Turli mutasaddi idoralarga qo‘riqxonada yolg‘izlikdan azob chekayotgan urg‘ochi qoplonning ahvolini bayon qilib xatlar yozdim,yozaverdim. Mas’ul odamlarga borib uchrashdim. Xayriyatki,vaziyatni to‘g‘ri tushunadigan kishilar topildi. Uzoq bahsu munozaralardan so‘ng, Peterburgdan erkak qoplon olib kelishga kelishildi. 
Ayni shu kunlarda Nikada iliqish davri boshlandi. U juda bezovta edi. Har narsaga injiqlanar,har narsadan tez xafa bo‘lib qolardi. U saltanatidan o‘zining izlagan narsasini topolmay qiynalardi. Axir, bugun uzoq-uzoqlardan “kuyov” kelayotganini qayoqdan bilsin.
Shomga yaqin maxsus yuk mashinasida qafasga qamalgan “kuyov” qo‘riqxonaga keltirildi. Uni amallab malikamizning qarorgohiga kiritdik. “Kuyov” quyib qo‘ygandek Nikaning o‘ziga o‘xshardi, go‘yo egizak qoplonlar kabi... Uning quyuq sariq terisi mayda-mayda mallarang xollar bilan qoplangan, faqat osilib turgan qorni oqish tusda bo‘lib, xoldan xoli edi. 
Nika “kuyov”ni ko‘rib, uzun va chayir oyoqlarini oldinga cho‘zib, butun gavdasini silkib, bosh chayqab, bo‘lajak juftining tashrifini shodumon olqishladi. U yaqinlashayotgan visol sururidan masrur edi. Endi uning baxti tog‘u dashtlarda emas, osmonlarda emas, shundoq yonida savlat to‘kib turardi. Nika o‘ynoqlab bir sakradi-da, o‘zi egalik qilayotgan saltanatni changallari bilan ezg‘ilab tashlamoqchi bo‘lganday, simto‘rlar yoqalab, yugurib ketdi. U nihoyatda chaqqon, chopqir va abjir edi,yuguriklikda homilador tuyalarning fig‘onini oshirguvchi nakbo shamollaridan* ham tez edi. Nika yugurayotganda, uning oyoqlari yerni qanday qattiq “tishlashi”ni his qilib turardim. U bir necha daqiqada o‘z saltanatining boshidan oxiriga dovur borib qaytdi. Bunday paytda shiddatli shamollar ham Nikaning shijoati qarshisida nafasini ichiga yutib yuborardi. U chopayotganda oldingi va orqa oyoqlarining nihoyatda tezgir va abjir harakatida yagona, yaxlit muvozanat holati namoyon bo‘lardi. Bu tezlikda, bu yugurushda sershiddat va betakror bir ohang bor edi. U uch gektarlik katta maydonni shamoldan tez aylanib qaytdi. Nika bu harakati bilan zor-intizor kutilgan shahzodaning tashrif buyurganini o‘z saltanatiga e’lon qilayotgan edi. 
U “kuyov” huzuriga qaytgach, gavdasiga nisbatan kichik boshini qattiq silkidi-da, kuchli na’ra tortdi. So‘ng “kuyov”ning tumshug‘ini hidlab, bilinar-bilinmas yollarini qaynoq tillari bilan yaladi. Bu Nikaning dil izhori edi. “Kuyov” esa uning o‘tli ehtiroslariga nisbatan beparvo, sovuq irillab qo‘ydi, xolos. Shaharlik, olifta qallig‘, deb o‘ylandim.
Bu paytda bepoyon dashtning g‘uborli ufqlariga quyosh cho‘kib borardi. Qo‘riqxona dashtlarining yam-yashil tusini shom ko‘lankalari yutib yuborayotgan edi. Sollanib kirib kelayotgan visol oqshomiga xalaqit bermay, deb men vagon uyimga qaytdim. Bu kecha faqat Nika bilan “kuyov”- ga atalgan kecha. Ularning kechasiga biz kirib yurmaylik.
Vagon uyga kelib, o‘zimga yarasha ovqat pishirdim, choy damladim, xullas, qornimni aldadim. So‘ng vagondagi tor kravatga chalqancha yotib, xira chiroq yog‘dusida eski gazetalarni varaqlab, ko‘zim ilindi. Charchagan ekanmanmi, ertasi kech uyg‘ondim. Bu paytda quyosh o‘z yotog‘idan bir qarich yuqori ko‘tarilib bo‘lgan edi. Choy-poy ichib bo‘lgach, omborxonadan zarur yeguliklarni olib, “kelin-kuyov”ni ko‘rgani shoshildim.
Dastlab, simto‘rlar ichida, gulga kirgan saksovul tagida mudrab, esnayotgan “kuyov”ga ko‘zim tushdi. U mening qo‘limdagi etni ko‘rishi bilan simto‘rning tuynugi tomon, men sari yurdi. Simto‘rga yaqinlashib kelayotgan “kuyov” menga qarab yaltoqlanganday bo‘ldi. Bu qanday gap?! Axir, qoplon ham o‘zini shunday tutadimi? Nega u yaltoqlanayapti? Mana, Nikani qarang, urg‘ochi bo‘lsa ham bir parcha et uchun bizga yaltoqlanmagan. U qorni ochganda yemak so‘rab emas, yemak keltirishni buyurib bizga bo‘kiradi. Bu esa... Mana ol haqingni, ey, nomard! So‘ng simto‘rlarni yoqalab, ohista va mag‘rur qadam tashlab Nika kela boshladi. U tuynuk yoniga kelganida, xo‘rak tashlayotganimda, bexosdan ko‘zlariga ko‘zim tushdi. Nikaning porloq ko‘zlarida so‘ngsiz mung bor edi. Men uni kuzata boshladim. U istab-istamay etni tishlab tortdi. Nika avvalgidan ko‘ra juda bezovta, buning ustiga juda g‘amgin bo‘lib qolgan edi. Bir qarashda bildimki, kecha hech qanday ish bo‘lmagan. Bo‘lmagan! Chunki, men hayvonlarning qovushishidan so‘ng juda yengil tortib qolishlarini, shodmon bo‘lib, o‘ynoqlab ketishlarini, yangidan-yangi qiliqlar chiqarib erkalanishlarini yaxshi bilardim. Demak, kechagi visol oqshomi xarom bo‘libdi. Bu visol emas, azob va xo‘rlik kechasi bo‘libdi.
Kim biladi deysiz, balki erkak qoplonning uyg‘onishi qiyin kechar... Ehtimol, bugun Nikaning murodi hosil bo‘lar.
“Kuyov” o‘z ulushini paqqos tushirgach, yana saksovul tagiga borib yotdi-da, mudray boshladi. Nika oxurdan suv ichib, tuynuk yonidan nari ketdi. U qo‘riqxonaning yastanib yotgan yashil kengliklariga uzoq tikilib turdi-da, yana “kuyov” yoniga bordi. Nika kuyovga erkalanib, yana uning yuz-ko‘zlarini hidladi, bo‘ynidan tishlab tortdi, pinjiga suqilmoqchi bo‘ldi. “Kuyov” esa, unga qayrilib ham qaramadi. Qaytanga nari tur deganday, jur’atsiz irillab qo‘ydi.
Ey, tirik murda! Sen nega Nikaning hislarini poymol qilayapsan? Quruq olifta! Erkakmisan o‘zi, yo xezalakmisan?! Xo‘rlama uni, qirchang‘i! Xo‘rlama uni, o‘zing xor bo‘lasan!
Shu kun ham, shu kecha ham Nikaning barcha ehtirosli harakatlari besamar ketdi. “Kuyov” “tirilmadi”. Atrof javonibga yashillik, go‘zallik, salqin va muattar shamollarni tuhfa qilayotgan tabiat Nikaning vujudini beshafqat olov alangasida yondirardi. Men kun bo‘yi, so‘ng tun bo‘yi goh ochiqda, goh panada natijani kutib ularni kuzatdim. Lekin... Nikaning baxti ochilmadi.
Ertasi tushdan keyin Nika yana shu tirik murdaga suykala boshladi. Sho‘rlik uch kundan beri qattiq xo‘rlanayotgan edi. Hali iliqish harosati uning vujudida davom etardi. Nimayam qilsin, bu tabiat ishi, bu tabiat hukmi.
Men endi simto‘rlar ortidan Nikaga qichqirardim: o‘zingni xor qilma, Nika! Chida! Erta-indin hammasi o‘tib ketadi. Xo‘rlama o‘zingni! Suykalma unga! U “kuyov” ham emas, qoplon ham emas. U bor-yug‘i bir mo‘yna-ku. Mo‘yna, xolos.
Nika gaplarimni tushunganday o‘lik “kuyov”ning yonidan nari ketib, simto‘r tuynugi yoniga keldi. Men unga yana et tashladim. U etga qayrilib ham qaramadi. Shunda yana Nikaning ko‘zlariga ko‘zim tushdi. Ne so‘z bilan aytayki, Nika yig‘layotgan edi. Uning katta-katta mallarang ko‘zlaridan qaynoq yoshlar to‘kilardi. Ovozsiz yig‘lardi u birinchi kechasi harom bo‘lgan baxtsiz kelinchak kabi. Mening achinishdan bo‘lak hech narsa qo‘limdan kelmasdi.
Qaerdan keldi o‘zi bu tirik murda? Kim o‘zi u? Nima o‘zi bu?
Shunda birdan “kuyov”ning hujjatlari esimga tushdi. Axir, u bilan birga hujjatlarini ham keltirishgan edilar-ku. Ochib ham qaramabman-a...
Vagon uyga kirishim bilan yozuv stoli g‘aladoniga tashlab qo‘yilgan “kuyov”ning hujjatlarini qo‘limga oldim. Uning tarjimai holi shunday yozilgan edi:
 “Osiyo gepardi.
1968 yilda tug‘ilgan.
Yoshi: 9.
Jinsi: erkak. 
Tanasining uzunligi: 125 sm.
Dumining uzunligi: 64 sm.
Laqabi: Koshka
Izoh: Tug‘ilganidan buyon faqat qafasda saqlangan.
Men hammasini birdan tushundim. Qaysidir kitobda o‘qigan edim, agar hayvon doimo qafasda saqlansa, u o‘zining tabiiy tuyg‘ularini yo‘qotib qo‘yadi.
“Kuyov”ning esa, butun tarjimai holi qafasdan iborat edi. Keyinroq uni tekshirgani kelgan mutaxassislar ham mening fikrimni tasdiqlashdi.

* * *

Keyingi kun ertalab yana Nikaning qarorgohi tomon yo‘l oldim. Qorovulbozor qo‘riqxonasi kengliklarida bahor tantana qilardi. Tong nasimlarida titrayotgan maysalarning bargida shudringlar yaltiraydi. Gupchaygan saksovullarning mayda gullari xushbo‘y ifor taratadi.
Mana Nikaning saltanati... Nika bu saltanatga hukmronmi, yo bu saltanat Nikaga hukmronmi? Kim kimni zabt etgan?.. Nika saltanatnimi, yo saltanat Nikani zabt etganmi? Shunday o‘ylar bilan borayotganimda simto‘rlar ustida nimaningdir osilib yotganiga ko‘zim tushdi. Kuyov qochmoqchi bo‘lgan shekilli. Yo‘q, u qafasga o‘rganib qolgan. Qafas - uning uyi, qafas uning ko‘ngli. O‘z uyi, o‘z ko‘nglini tashlab qayoqqayam qochardi. Yaqinroq bordim... Ne ko‘z bilan ko‘rayki, simto‘rlar tuynugiga biriktirilgan uzun uchli temir tayoqqa Nika osilib yotardi. Uning ko‘kragidan kirib ketgan uchli temir qonga botgan nayza kabi yelkasidan chiqib turardi. Nikaning ko‘zlari ochiq qolgan va ko‘z yoshi hali qotib ulgurmagan edi.
U ikki dunyo oralig‘idan sakrab o‘tayotganida halokatga uchragandi. Simto‘rli dunyo o‘z o‘ljasining jonsiz tanini xochga tortilgan avliyo jasadiday tutib turardi. 
Ichkarida esa, saksovulning ola chalpoq soyasida “kuyov” hamon mudrab, esnab o‘tirardi.
_____________
* Nakbo shamollari — Beruniyning ta’kidlashicha, eng shiddatli shamol

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.