OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. Ko‘nikish (qatra)

Yangalar ketishdi. Kelin bugun ertalab hovliga o‘zi tanho chiqdi. Hayhotday begona hovliga sinchkovlik bilan ko‘z yugurtirdi. O‘rtasidan bir ariq suv shovullab oqib yotgan hovli shu qadar keng ediki, hayron qoldi. Etakda bostirma. Bostirma tagida tandir, tandir yonida qo‘sh o‘choq.
Kelin shularni ko‘rdi. U hadiksirab qaynona yashaydigan uyga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. Begonasirash hissi butun vujudini chulg‘ab oldi. Endi u shu yerda yashaydi, shu hovlida bir umr kun kechiradi, istasa ham, istamasa ham...
Xo‘rligi keldi. Xayolida o‘z uyi, tug‘ilib ulg‘aygan qadrdon hovlisi gavdalandi. Endi u yerga so‘rab, javob berishsa boradi, “Ha deb uyingizga yo‘rg‘alayvermang, mana shu uy, hovli sizniki”, deyishsa, xo‘p deyishdan boshqa iloji yo‘q.
Ularning xonadoni mahallaning fayzi edi. Bolalar bemalol o‘ynashardi. Hovli tashqarisidagi keksa tutning soyasidan ham, mevasidan ham hamma birday bahramand bo‘lardi.
Tutning yoshini hech kim bilmasdi. Sakson yoshli katta enasi ham so‘raganida aytib berolmagan. Balkim uzoq o‘tmishdagi bobolari ekishgandir...
Xayolga berilib, uydan qaynonasi chiqib kelganini ham sezmay qoldi. Sarvi xola keliniga ko‘zi tusharkan:
— Voy qizim-ey, muncha erta turmasangiz, — dedi. Kutilmagan gap bo‘ldi. To‘y arafasida turmushga chiqqan dugonalari: “Yana pishillab, kuyov bolaning yonida yotaverma, azonlab turish kerak, hovlini supurib-sidirish kerak, kelin bo‘lish osonmas”, deya vahima qilishgan edi-da. Qaynonasi chehrasidagi iliq tabassumni ko‘rib, ko‘ngli o‘rniga tushdi va uyalinqirab dedi:
— Hovlini supurib qo‘yay devdim...
Qaynona kelin ra’yini qaytarmadi.
— Qizim, hali yoshsiz, ishga ulgurasiz, bugungidek juda barvaqt turmang, biz keksalarning yo‘rig‘i boshqa, — deb qo‘ydi.
Qaynonaning qizim deb gapirishi kelinning qalbiga harorat baxsh etdi. Hovliga mehr bilan ko‘z yugurtirib, uni toza qilib supura ketdi…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.