O’sha kun yodimda. Kuz edi. Yomg‘ir shorillatib quyardi. Yomg‘irko‘sh ostida ikkimiz boshlarimizni bir birimizga suyab asfaltda oqayotgan yomg‘ir suvlariga tikilgancha tek qotgan edik. Mayin, sovuq havo go‘yo ikkimizni bir-birimizga chirmar edi. Oyoqlarimiz tizzalarimizgacha xo‘l bo‘lsada vujudlarimizda olov yonardi. Nafis krepdeshin moviy rangli ko‘ylagingni yelkang uzra yopilib turgan joylari kaftlarimga tegib turibdi. Yomg‘irpo‘sh tutgan qo‘llarim nozik bilaklaringga surkalib ketadi. Shunda vujudimda o‘t yonadi. Sen qanday holda ekanligingni bilmaymanu, ammo men cho‘g‘dek o‘rtanardim. Yog‘ayotgan yomg‘irning salqini sezilmasdi. Havodagi tund namgarchilik kayfiyatimni tushirish o‘rniga aksincha yuksakka ko‘targanday edi. Chunki yonimda sen bor eding. To‘lishgan oydek chehrangdagi yorug‘lik olamimni charog‘on etgan edi. Goh yerga boqishing, goh ko‘zlarimga qarab qo‘yishing borliq olamimga nur bag‘ishlardi. Yonimdaligingdan mamnunligim beqiyos darajada edi. Yerga qarab turib, ba’zan atrofga alanglay-alanglay Gi De Mopassanning hikoyasidagi “Sevdi, sevildi” jumlalarini shivirlab aytsam “Nima dedingiz” deganlaring g‘alati tuyulardi. Men hikoyadagi jumlalarning oxirini aytmasdim. Yana sekin quloqlaringga engashib turib sendan dimog‘imga urilayotgan atir hididan mast bo‘lgan holda o‘sha so‘zlarni takrorlardim. Oxirgi so‘zni esa aytmasdim... Sen hikoyani o‘qimaganing uchun oxirgi so‘zdan bexabar eding. Bilmasding. Bilganing ham yaxshi edi men uchun. Men shuni istardim. Bilmasliging men uchun kerak edi. Shuni hohlardim o‘shanda.
Tuyqusdan yana “Nima dedingiz”? deding. Yana mast bo‘lish istagida quloqlaring tomon engashdim. Soching tolalari dudoqlarimga tegdi. To‘g‘rirog‘i, dudoqlarim sochlaringga tegib turdi. Yana sekin “Sevdi, sevildi”, dedim. Avval tek qotding. Ranginda hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Oppoq yuzlaring o‘sha jiddiy qiyofada. Ko‘zlaring qaerga tikilgan bilmayman. Qimirlamasdi. Shu turishing sovuq tosh haykal turishiga o‘xshardi. Go‘zal edingu ichki bir muzlik vujudingda hukmrondek sezilardi.
Yomg‘ir yog‘ardi. Yomg‘ir yog‘ardi. Borliq negadir tund edi. Yomg‘irpo‘sh ostida ikkimiz edik. Bir yomg‘irpo‘sh ostida ikki jon, ikki vujud. Bir-birimizga yaqin edik. Bir jon edik go‘yo, ham bir vujud edik...
Shunda yana so‘rading:
- Nima dedingiz?
- Sevdi, sevildi!
Javobim qat’iy va aniq edi. Ovozimdan qat’iyat sezilib turardi. Buni sen bilganday bo‘lding. O’ylading. Yomg‘ir suvlariga tikilgancha tek qotding. Yomg‘irpo‘sh dastasidan tutib turgan qo‘ling yoningga tushdi. Dasta mening qo‘limda qoldi. Shuning uchun u yon buyon silkindi. Yomg‘ir tomchilari yengil esgan shamoldan yuzlarimizga urildi. Yomg‘irpo‘sh ostida turga bo‘lsak ham shunday bo‘ldi.
Birdan qiyofang o‘zgardi. Yuzingda allanima holat paydo bo‘ldi. Odatda vahima deymizmi, qo‘rquvmi shunga o‘xshash narsalar inson yuragida paydo bo‘lsa shunday bo‘ladi. Chehrang o‘zgardi. O’zgarganda ham g‘alati o‘zgardi. Hozir men hammasini to‘la aytib bera olmayapman...
Keyin. Keyin. Xiyol miyig‘ingda kulimsirading va birdan qahqah urib kulib yubording.
Men tushunmadim. Seni endi ko‘rayotganday edim. Sen o‘shamas, boshqa eding. Tamoman boshqa eding. Qattiq va qahrli kularding. Kulging tahqirlovchi ma’noda edi. Yurakka huzur berib emas, nayzadek sayilib jaranglardi. Kulding. Kulding. Ichak uzdi kulgiga uchragan odamdek kulding. Tizzalaringga kaftlaringni urib, u yon bu yon tebranib kulding. Va birda “voy “ dedingda sharros quyayotgan yomg‘ir ichra o‘zingni urdingda ko‘zdan g‘oyib bo‘lding. Ortingdan faqat:
- Go‘zal!!!- deya oldim xolos...
Shundan keyin uchrashmadik. Topolmadim. Topishning imkoni bo‘lmadi. Topib bo‘lmadi. Suvga tushgan toshdek yo‘q eding. Yo‘qolgan eding. Oylar, yillar o‘tdi. Qalbimda qolgan jarohatga faqat bir so‘z o‘sha o‘qiganim Mopassanning hikoyasidagi so‘zlarni takrorlash malham berardi.
Endi men uni boshqacha aytardim. “Sevdi, sevildi” emas, ... “sevildi, o‘ldi” tarzida takrorlardim. Shu dardli yuragimga orom edi. Hikoyaning oxirida qahramonni larzaga solgan jumlalarni ham ba’zan eslab qo‘yardim. Hikoyadagi “U suyuklisiga xiyonat qilib jazmaninikiga bordi. Yomg‘irda qoldi shalabbo uvidi va shamollab qolib kasal bo‘ldi, o‘ldi”, demasdim, ammo o‘z o‘zimga “... sevildi, o‘ldi”, deb qo‘yardim. Shunday derdim...
Bir kuni “Damas”da ketardim. Mashina do‘mlikdan tushiboq chapga burildi. Umumiy hovlilar bor ko‘cha boshlandi. Mashina tekkis asfalt yo‘lda g‘izillab uchib ketyapti. Mashinadagi yo‘lovchilarning hammasi o‘z o‘yi, xayoli bilan band. Qarab ketyapman. Umumiy hovlilarning biri temirdan, biri yog‘ochdan qilingan keng, katta darvozalari ochiq.
Ko‘zim uzun devorga katta-katta harflarda yozilgan yozuvga tushdi. “Meni sev, meni sev”! so‘zlari uyning orqa devorini egallab yotardi. “Qiziq” dedim ichimda o‘zimga o‘zim. “Odatda devorlarga daraxtlarga, tog‘lardagi ulkan toshlarga “seni sevaman”! so‘zlari yozilardi. Bu yerda “Meni sev”! deb yozib qo‘yibdi-ya” o‘yladim. Bu ma’shuqaning so‘zlarimikin, oshiqnikimikan? Aslida oshiq “Seni sevaman”, deyishi tabiiy. Demak...
Xayolimda yomg‘irli kun jonlandi. “... sevildi, o‘ldi”, deb pichirladim. “Meni sev”! degan hikoya ham yozmoqchi bo‘ldim. Bu ikki so‘z yoniga “Kim” degan so‘roqni qo‘ydimu, yozmadim, yozolmadim...