OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. Quloqsiz yong’oq (hikoya)

Quyoshning nurlari paxsa devorlardan oshib o‘tib, bog‘ning etaklarigacha yoritib yubordi. Ertalabki tiniqlik devor, daraxt hatto hov do‘mliklarda o‘z ifodasini topdi. Olam charog‘on tusga kirdi. Kech kuzning tongi ana shunday nurli va yoqimli edi.
Xuddi shu payt hovli etagida savlat to‘kib turgan keksa yong‘oq daraxtining yoniga bir narsa “tap” etib tushdi. “Tap” etgan bu tovushni barcha daraxtlar, yong‘oq daraxti va hatto uning shohidagi yong‘oqlar ham eshitishdi. Hammasi sergak tortishdi. Yashil yong‘oq barglari orasidan “tap” etgan joyga qaragan yong‘oq yerda yotgan sherigini tanidi. Tanidida so‘z qotdi:
- Shoshilmagin dedimu senga. Sen bo‘lsang, shoshilding. Bog‘bon o‘zi terib olguncha kutaylik dedim-a. Kutmading. Yerga tushishni hohlading. Xakka keldiyu bir cho‘qib olib ketdi. Qalay rosa o‘ynashdimi?
Yuzlari kir-chir bo‘lib ketgan yong‘oq sherigiga javob qildi:
- O‘ynash ham gapmi?! Shunaqa cho‘qishdi, shunaqa cho‘qishdi. Toza qiynashdi, sherikjon. Dunyoga yong‘oq bo‘lib kelganimga pushmon yedim. Rosa xo‘rlashdi.
- Aytdimu senga. Sabr qilaylik, qanoat qil dedim.
- Gapingga kirmaganim xato bo‘lgan ekan. Yerdan Xakka bir cho‘qib oldi-ketdi. Bir joyga olib borib tashladi. Undan qora qarg‘a cho‘qib o‘ynadi. U zerikib charchagandan so‘ng Olaqarg‘a cho‘qishga tushdi. U juda yomon ekan. Cho‘qib tumshug‘iga oladi-da, osmonga parvoz etadi. Tepaga chiqib turib yerga tomon tashlaydi. Shumg‘ib kelib havoda tumshug‘i bilan ilib ham oladi. Bir o‘zi o‘ynasa mayli, sheriklari bilan o‘ynashganichi. Jonim chiqishiga sal-sal qoladi. Juda-juda qo‘rqib qiynaldim.
- Xudo bir saqlabdi seni, - dedi yong‘oq. Yaxshi ular yumshoq, tuproqli joylarda o‘ynashibdi. Agar toshloq, xarsanglar bor joylarda o‘ynashgandami?! Kuning bitardi qolardi. Biror bir harsangga borib tekkaningda. “Paq” etarding, yorilarding. O‘sha qarg‘alar topib olishsa mang‘izingni yer, po‘chog‘ingni tashlab ketishardi. Yo qurt-qumursqalarga yem bo‘larding.
Yerda yotgan yong‘oqning yuragi orqaga tortib ketdi. Endi u rostdan ham qo‘rqayotgan edi. Ranglari oqarinqiradi. O‘zini noxush sezdi.
- To‘g‘ri aytasan, Xudo saqlagan ekan.
U barg tagida turgan sherigiga gap qotdi.
- Toshga borib teksammi, pachoq-pachoq bo‘lib ketarkanman. Jismim tilka-pora bo‘larkan-a. Bir o‘limdan qolibman. Voyey! Xudo o‘zi asrasin. U endi o‘lim vahmini sezgandi. Tirik qolganiga shukrona keltirgan bo‘ldi. Shamol tebratayotgan yong‘oq daraxti barglariga tikilib qaradi. Barg tagida cho‘qqayib o‘tirgan sherigiga havasi keldi. Ichida “qani edi, men ham hov o‘sha o‘tirgan joyimda bo‘lsam. Betashvish, beg‘am yashagan bo‘lardim”, deya orzumanda edi. Lekin buning iloji yo‘q edi. U o‘z joyini tark etib, havoyi o‘ylar bilan yerga to‘kilgandi.
- Esingdami,- dedi shoxdagi yong‘oq yana tilga kirib. – Xakkani ko‘rsatgan edim. Devor ustida o‘tirgan Xakkanichi. Dumi uzun, o‘zi ola-bula. Haligi Qoraqarg‘ani ham aytganman. Shulardan ehtiyot bo‘lgin deganman-a.
- Ha, degansan. Esimda. Nima qilay endi. Bir xato qildim-da. Axir yong‘oq degan ham adasharkan.
- Endi adashma, Hushyor bo‘l. Gapni qulog‘ingga ol.
- Xo‘p, olaman. Endi nima qil deysan.
- Endimi?! Endi yotgan joyingda jim yot. Avvalo yuzlaring yuv.
O‘zingga kel. Bog‘bon kelsa ham puch yong‘oq ekan deb yurmasin tag‘in. Shunday desa bormi? Tuproqqa qorishib ketasan.
- Qanday yuvinaman? Suv yo‘qku, axir.
- Sabr qil. Sabr. Havo ochiq. Kechasi salqin bo‘ladi. Tunda shudringlar tushadi. Shudringlarga yuzlaringni yuvib olasan. Vassalom.
Haqiqatda kechasi salqin bo‘ldi. Shudring tushdi. Yerdagi yong‘oq yuzlari mayin yelgan shamol va shudringlardan yuvilgandek tiniq tortdi. U yerda yotgan bo‘lsa ham birov ko‘rsa suyar holatga kelib qolgan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.