OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. Sababi - tirikchilik (hikoya)

To‘dada saf tortib yurish joniga tekkan chumoli o‘zini oqsoqlaganga soldi-da, sekingina chetga chiqdi. O’ngga burildi, shoh-shabbalar osti bilan sarg‘ayib to‘kilgan barglarni chetlab do‘mlikka chiqdi. Bu yerdan hov uzoqlar ham kaftdek ko‘zga tashlanadi. Unga odam uymalanib yurgan joy qiziqarli tuyuldi. Ha deb uyaga bug‘doy tashish, somon tashish joniga tekkani uchun bir oz dam olish bahonasida faoliyatini o‘zgartirmoqchi bo‘ldi. Shuning uchun boshidagi bahmal do‘ppisini olib avval qashindi. Keyin fikrini jamlashga tushdi. Nima qilsin. Borsinmi? U yoqlarda nima bor ekan?!
Ishqilib omadi yurishib ketsa yaxshi. Kattaroq o‘ljaga ega bo‘ladi. Yo‘qsa quruq qaytsa... safdoshlari oldida uyalib qolishi hech gap emas.
U endi kattayayotgan qornini qo‘lini yaktagi tagidan tiqib qashladi. Yapoldosh yuzlaridagi xotirjamlik o‘rnini xushyorlikka o‘xshash bir ko‘rinish egalladi. U yaktagi ichidan qo‘lini qorniga shappatilab urdi. “Tavakkal. Ajabmas yirikroq bir narsa ilashsa. Boshlig‘i oldida yuzi yorug‘ bo‘lardi”.
Chumoli qaytishi uchun belgilarni aniqlab oldinga qarab g‘imirlab ketdi. Inson o‘tirgan dasturxon oldiga yetib keldi. U dasturxonga chiqdi. Non ushoqlari pishgan kartoshka maydalari, g‘ajib tashlangan suyak, to‘miq qoldiqlari. Shularning yonida bitta chigitak ari va bitta qovoq ari cho‘zilib yotibdi. Ikkalasi ham o‘ldirilgan.
Chumoli ari go‘shti to‘yimli ham shifobaxshligini yaxshi bilardi. Shuning uchun “kattarog‘ini olay” dedi-da, qovoq arining qizg‘imtir tanasiga yopishdi. U tishlab tortib ko‘rdi. Tana qimirlab ham qo‘ymadi. Mahkamroq tishladi va orqa oyoqlarini pildiratib yana harakat qildi. Og‘ir edi. Yana urindi. Qani endi o‘rnidan qimirlatib bo‘lsa. O’lja zil-zambil edi. “Yo‘q, buni sudrab ketish qaerli, o‘rnidan siljitish ham amri maholku”.
U bir oz dam olgan bo‘ldi. O’lja yonidan aylanib o‘tib, boshqa tarafidan ham tortib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Haligi aytganimiz bahmal do‘ppisini qo‘lga olib terlagan boshini yana qashidi. U o‘zi shunaqa. Biror ishga chora topgisi kelsa boshini qashib qoladi. Shu bilan aqlini jamlab oladi go‘yo. Yaxshisi xayollandi u. Anavi sariq tusligini sudrab ko‘radi:
Kattasi bo‘lmasa kichigi. Qizg‘ishi bo‘lmasa sarg‘ishi. Nima qipti. Yemish bo‘lsa bo‘ldi-da. Yaxshilab omborga joylab oladi. Qish ichi bahorgacha bola-chaqa bilan maishat qilib chiqadi. Bu boshqa ovqatlarga qaraganda ham to‘yimli, ham shifobaxsh. Ana huzuru, mana halovat.
Joni sal orom olgandan keyin yana harakatga tushdi. G’imirlab borib endi sariq chigitak ari jasadiga yopishdi. Qovoq ari jasadini tishlab tortganday uni ham tishlab torta boshladi. Jasad qimirlardiyu, ammo o‘rnidan jilmasdi. Nimaga bunday. Qimirlamayaptiyu, jilmayapti.
U aylanib yonboshiga o‘tdi. Qanot tomoni dasturxonga yopishib qolgan edi. “E, ha. Gap bu yerda ekanda. Qanot dasturxonning ipiga ilashib qolibdi-da”. Qattiq zarb bilan urilganda ari yonboshi bilan dasturxonga uzala tushgandi. Qanotining to‘rlari qaysi yo‘sinda bo‘lsa ham dasturxon iplariga ilashgan. Shuning uchun chumoli harchand urinmasin, ari qimirlardiyu o‘rnidan jilmasdi.
U qanotga yaqin bordi. Ha, manavi tarafi ipning tagiga kirib qolibdi. Manavi joyi ipning tepasiga ilashibdi. Buni teparoq joyidan shart qirqib tashlagani ma’qul.
Chumoli arining yonboshidan qanot ostidan narigi tarafga o‘tib qanotni mo‘ljalga oldi. Xuddi shu yerdan qirqqani ma’qul. Ish oson ko‘chadi.
U og‘zini ochdi. Ombirnikiga o‘xshash egri, o‘tkir tishlarini ishga soldi. Ish oson ko‘chaverdi. Bir zumda dasturxon ipiga ilashib qolgan yer rangiga o‘xshash to‘r qanot qirqildi qoldi. Chumoli darhol iziga qaytib hali tishlagan joyiga og‘iz soldi. Bir tortgan edi ari jasadi o‘rnidan jildi.
U endi sekin sudray boshladi...
Xuddi shu payt. Xuddi shu daqiqa dasturxon yonida o‘tirgan bola birdan dadasiga murojaat qildi:
- Dada! Dada! Qarang chumoli arini sudrab ketayapti.
Ota hali o‘zi urib dasturxonga yopishtirib qo‘ygani ari jasadlariga qaradi. Qovoq ari jasadi o‘rnida turibdi. Chigitak arini esa chumoli sudrab borayapti...
Ko‘z oldida kinolarda ko‘rgani jang maydoni gavdalandi. Yaradorlarni ortqilab sudragan sanitarlarni esladi. Jang to‘xtaganda o‘lganlarni ko‘mganlari ko‘z oldidan o‘tdi. “Bu chumoli ham ari jasadini olib borib biror chuqurga ko‘msa-ya”, xayollandi u. “Qaerda”- dedi yana o‘ziga o‘zi. U o‘ljasini uyasiga olib ketadi. Olib borib qirqib qirqib tahlab qo‘yadi. Qishi bilan mazza qilib yeb chiqadi. Sababi tirikchilik... Yashashga bo‘lgan majburiyat uning uchun shu... Shunday harakat omili bilan yashaydi u. U o‘likni ko‘mish, yaradorga yordam berish tuyg‘usidan mahrum. Qonuniyat shunday. Uning hamma harakatlari shu hukumga bo‘ysundirilgan.
 Birdan o‘g‘li yana “Dada! Dada!,- deb qoldi. – Qarang,shuncha joyga sudrab keldi-ya.
Chumoli bir qanoti qirqilgan ari jasadini endi dasturxonning u burchidan sudrab borardi. Endi uning harakatlari tez, avvalgiga qaraganda shiddatli edi
– Qo‘yaver, - dedi ota bolasining mayin sochli boshini silab. 
- Sababi tirikchilik.
Mehnati bilan bolaga o‘zicha zavq bag‘ishlayotgan chumoli esa hamon harakatda edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.