— Hey, choyni qaytarmang! Endi, oshna, nima desangiz deng, shu choy qaytarish eskilikdan qolgan-da. O‘zim guvoh, choy qaytaraman deb qo‘lini kuydirib olganlar qancha, — deb Nizom choynakni Ergashning qo‘lidan oldi. — Mana, misol uchun, kechagida yangangizning qo‘li kuyib qoldi.
Yangi qurilgan, faqat ichki ta’miri qolgan bino ichida o‘tirgan ishchilar Nizomning bunday “aqlli“ gaplarini ko‘p eshitishgan. Shuning uchun ham bu gal unga hech kim e’tibor bermadi.
Derazadan kirayotgan sovuq havo yuzni yalab o‘tadi. Ishchilar bir isinib olaylik deb issiq choy ichishga o‘tirishgan edi.
— Hoy! Choyga qaranglar! — Nizom piyolalarga to‘ldirib-to‘ldirib choy quydi.
— Hoy musulmon! Oz-ozdan quy, nima balo, kalla sho‘rva suzayapsanmi? — e’tiroz bildirdi kimdir.
Nizomning bir maqtangisi kelib ketdi. Xuddi ko‘p ovqat yeb qo‘ygandek, yo‘q qornini oldinga tashlab kekirdi-da boshladi:
— Kecha deng, bu yerdan ketdim-ku, Eshon bova, shunday chiqsam, direktor turibdi. “Keling, Nizom aka, — dedi. — O‘tiring, bir joyga boramiz”. “Espero”ga minib olibman deng. “Sharshara”ga bordik. Kechgacha torta-tort. O‘chib qolibman. Lekin ovqatniyam “dvaynoy”, “tiraynoy” yedik-da. Haliyam hazm bo‘lgani yo‘q. — Nizom gapini isbotlamoqchi bo‘lib tag‘in bir kekirdi.
— Direktor dam olishga ketgan-ku! — Eshon uni chuqalab qo‘ydi.
— E, kechirasiz, direktor dedimmi? Yo‘q, “upravlashi”. Ha, uzr. Xom sut emgan bandamiz-da! Nima dedingiz, Ergashboy? Shuytib, bugunam ish unmay turibdi. Bosh og‘riq...
Bino oldiga mashina kelib to‘xtadi.
— Xo‘jayin!!! — Hamma ishga kirishdi. Qadam tovushlari yaqinlashib, xonaga ikki kishi kirib keldi. “Xo‘jayin dam olishdan qaytib, ishni bir ko‘ray debdi-da!” xayolidan o‘tkazdi Ergash.
— Assalomu alaykum, xo‘jayin.
— Hormanglar.
Nizom ishini tashlab yosh bolalarday boshliqning oldiga pildirab bordi.
— Assalomu alaykum! Qalaysiz, tuzukmisiz? Yaxshi dam olib keldingizmi? Kennoyimlar ham yaxshi dam oldilarmi? — Uning boyagi Nizomligiga ishonib bo‘lmasdi. Direktor xushlamaygina qo‘lining uchini cho‘zdi.
— Siz bunaqa ko‘rishishda ikkita odam kelsa, bir ish kunini o‘tkazib yuborasiz-ku!
Nizom muloyim jilmayib qo‘ydi-yu, direktorning orqasida turgan pastakkina odamga yuzlandi:
— Tuzumisiz, aka! — deb unga ham qo‘l uzatgandi, u tutab ketdi:
— Bu odam voobshe ishlamaydi. Kecha ishni tashlab shaharda nima qilib yuruvdingiz? Bu kishini haydab yuborish kerak.
Qum elayotgan Ergash Eshonga ko‘zini qisdi: “Bular kecha birga tortishgan-da!”
Nizom tamom bo‘ldi. Xo‘jayinning qahriga uchradi! Shu kuni uxlay olmadi. Ustiga ustak, oyog‘i tizzasigacha qaqshab og‘rib chiqdi.
Onasi bir mushkul ish chiqib qolsa, beva-bechoraga sadaqa berardi. U ham biror nima atashni ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Erta turib Nizom ko‘chaga chiqdi. Metroga kiraverishda qari kampir turardi. Shunga “100 so‘m” bersa... E-ya, chap tomonda turibdi-ku?
— Hoy, “babula”, o‘ng tomonda turiladi. Chap tomoni bilan kim pul beradi sizga?
Hassaga suyanib zo‘rg‘a turgan kampirni yo‘lakning bu tomoniga salkam sudrab o‘tdi va cho‘ntagidan 100 so‘m chiqardi. Qaysi qo‘li o‘ng edi? Ha, mana bunisi. O‘ng qo‘li bilan kampirga pul berdi.
— Duo qiling kampirsho, xo‘jayinning qahriga uchramasin, deb duo qiling.
Duolarni eshitib uning ko‘ngli biroz tinchiganday bo‘ldi va metroga tushib ketdi. “Oylik falon pul bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 100 so‘m sadaqa berdim. Yo‘q, bo‘lmaydi. Yana 100 so‘m berishim kerak”.
Nizom metrodan qaytib chiqdi. “Iya, kampiri tushmagur-ey, yana chap tomonga turib olibdi-ku!”
Nizom kampirni sudraguday qilib narigi tomonga boshladi...