OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farrux Jabborov. Olam bus-butun... (hikoya)

Osmonning tagi teshildi: yomg‘ir yog‘di, shovva yog‘­di. Chelaklab quydi, deganlari ham buncha bo‘lmas-ov. Juzumko‘z momo ayvonga chiqib, ustunga suyangancha kunbotarga ko‘z tikdi. Oq ro‘moli sirg‘alib boshidan tushdi, ko‘k ro‘molining chetidan oppoq sochlari ko‘rinib qoldi. Ko‘zlari mo‘lt-mo‘lt etdi, ikki tomchi yosh dumaladi. Hal­viragan uzun yengi bilan yuzini artib, xo‘rsindi:
– O‘-o‘, bolam-a! Boshidan suv o‘tib ketdi ulimning...
Ichkaridan ayolning jon achchig‘ida chinqirgani eshitildi. Kampir ro‘molini yerdan olishni ham unutib, uyga qarab yugurgiladi:
– Oyimxol!.. Nima, ilon chaqdimi?! Qizim...
Eshikka yetayozgan edi, uydan ko‘k ko‘ylakli juvon chiqdi: boshi tang‘ib bog‘langan, bir qo‘li yoqasida, kesakiga suyangancha “tuf-tuf”lardi.
– Ha, bolam? Yomon tush ko‘rdingmi?
Oyimxol bosh irg‘adi. Tund osmonga tikilgancha karaxt turib qoldi. Keyin onasining oyog‘i yalangligini ko‘rib, bo‘sag‘adagi kovushlardan birini keltirib, tashladi.
– Oyog‘ingizga kiymaysizmi? Yosh boladaysiz-a, ena... Yotgan ro‘molni qoqib-suqib, kampirning yelkasiga yopdi. – Yomon tush ko‘ribman.
– Oqar suvga ayt... – dedi Juzumko‘z momo beixtiyor tag‘in ustun tomon yurib. Hozir ariqqa borib bo‘­larmidi, degan o‘y o‘tdi xayolidan.
Oyimxol onasi suyanib turgan ustun tagiga cho‘k­kaladi-da, tarnovdan sharillab tushib, hovli etagiga qarab egri-bugri yo‘l solib oqayotgan loyqaga yuzlandi:
– Akam chiqqan uyda ajdaho bor emish, badani laxta-laxta qon emish, chinqirib ko‘chaga otilgan emish...
Kampir “shilq” etib o‘zini tashlab yubordi. Qizi shoshib qoldi:
– Ena! Ena! Sizga nima bo‘ldi? Huy, kim bor-ey, yordam beringlar...

* * *
Momo hushiga kelganida qalin ko‘rpa ichida yotardi. Yonboshida dasturxon yozig‘liq: ustma-ust uchta non – yana biri sindirib tashlangan, qizil taram-taram parvarda sochilgan, to‘rt-beshta qizil olma – bittasi yarimta. Kampir ko‘zi bilan mevaning ikkinchi pallasini qidirdi... Oyoq betida qizi bilan Maston kayvoni o‘tiribdi.
– Ena, qo‘rqitvordingiz-ey! – zo‘raki ohangda ko‘­tarinki gap boshladi Oyimxol, onasi ko‘zini ochganidan quvonib.
– Ha, sovuq o‘tgan-da... – dedi kayvoni hamdard ohangda. – Ichiga issiq kirsa, otday bo‘lib ketadi.
Kampir indamadi, shiftga tikilib yotaverdi, oyoq­lari muzlab borardi. Qizidan mash’um tushi ha­qi­da yana so‘rayin dedi, so‘rolmadi.
– Akamdan ajraganimiz yetmasmidi, – ginaxonlik qildi Oyimxol. – Boshimizda duogo‘y bo‘lib yuring endi. Birin-birin ikki akamdan ayrildik. Otam o‘tib ketgan bo‘lsa...
– Ko‘rgilik, aylanay, ko‘rgilik! – kayvoni odamlarning qora kunida g‘am-tashvishiga ko‘p sherik bo‘lgan, bunaqa paytda aytiladigan gaplar osongina tilidan uchaveradi. – Kim o‘ylabdi deysiz, Arslonboyning to‘p­pa-to‘satdan... Har qadamidan yer gursillardi-ya. Egam­ning irodasi-da...
Sochlari jamalak qiz la’lida uch kosa sho‘rva keltirdi. Eshitilar-eshitilmas salom berdi-da, ov­qatlarni uzatib, choynakni olib chiqib ketdi. Oyimxol onasining boshini balandroq ko‘tarib, suyuq ichira boshladi. Ikki-uch qoshiqdan keyin kampir qaltiroq qo‘llari bilan qizining etagidan tortdi: “Bo‘ldi”. Teskari o‘girilib yotdi, mehmon bormi ham demadi. Issiq ko‘z yoshlari ajinlari bo‘ylab yugurdi, og‘zida sho‘rtang ta’m his qildi.

* * *
– Voy, o‘ldi-i-im! Uxlab qolibman-a! – Juzumko‘z o‘rnidan irg‘ib turdi, kuyovi ham allaqachon uyg‘ongan chog‘i. Munday turtib o‘tsa bo‘lardi-ku! Pardani ko‘­tarib, derazani ochdi, tashqari qaradi: oftobning ilk nurlari terakning uch yaproqlarida yaltirardi. Shoshib hovliga chiqdi-da, so‘ritok tagidagi oftobadan yuz-qo‘lini yuvib, sut paqirni izladi. U yon-bu yon ko‘z tashladi – yo‘q. Qaynonasi sigirlar atrofida kuymalanardi: qo‘lida paqir...
– Ena, o‘zim sog‘aman! – deya shu tomonga yurdi, ro‘moli olma shoxiga ilinib, yana besaranjom qildi: “Hah, o‘l-a... Shoshganda...” Hali yaqinlashib ulgurmay tushuntira ketdi: – Boya uyg‘onuvdim, yana ko‘zim ilinibdi-da...
– Yoshsiz, bo‘lib turadi, – dedi qaynona paqirni unga tutarkan.
Bu gapdan kelinchakning xijolati yana ortdi. Qi­zarinqirab, duch kelgan qoramolni sog‘moqqa chog‘­lan­di. Endi enkaygan ham ediki, qaynonasi kulib yubordi:
– Bu ho‘kiz-ku, qizim?!
– Ha-a, o‘lsin-a... – kelinchak yana o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Qishloqda o‘sgan qiz bo‘lsa, ho‘kizni sigirdan ajrata olmay qolganini qarang.
Qaynona qo‘l qoqishib turdi. Har tugul, qaynota bomdodni o‘qib, fotihali joylarga kirib qaytgunicha, nonushtani tayyorlab ulgurishgandi... Kelin kosalarni yig‘ishtirib, oshxonaga ketgandan so‘ng qaynota o‘rnidan turarkan, o‘g‘liga dedi:
– Yangi kuyovsan, bugun ham dalaga chiqmay qo‘ya qol. Hovlida u-bu ishlarni qil...
O‘g‘il dasturxondan ko‘z uzmadi:
– Uyda nimayam ish bor? Bedani bo‘lsa, erta-matan o‘rib tashladim.
– Unda o‘zing bilasan...
To‘ydan keyin uchinchi kun ham dalaga chiqmasa, oshnalariga rosayam gap topiladi-da...

* * *
Kelinchak ko‘chadan poda haydab o‘tayotgan bolakaylarga “Bizning sigirlarni ham qo‘shib ketinglar”, deya iltimos qildi-yu, ikki paqir bilan buloqqa qarab yurdi. Xo‘rozqand shimadigan yoshdan o‘tgan, u-bu narsaning fahmiga borib qolgan bo‘z bolalar yaltir-yultir ko‘ylakli kelinchaklarning gapiga darrov ko‘nadi. Shumroqlari “Akam yaxshimi...” deb qo‘yadi qitmirlik bilan. So‘ng tengqurlari piq-piq kuladi...
Muzdekkina buloq suvidan quyib, kuvi pisha boshladi. Suv qancha sovuq bo‘lsa, sarimoyning tushishi shuncha oson. Pishkakni guv-guv uradi, hovlida yana nima ish bor ekan deb ko‘zi bilan chamalaydi. Og‘ilga baqamti bosilgan g‘aramdan bir iloncha chiqib, yalang hovlidan ko‘cha betdagi ariq tomon sudraldi. Kelinchak atrofga alanglab qaradi, belkurakka ko‘zi tushib, ola solib bordi-da, arg‘amchiday ilon bolasini belidan ikkiga ayirib tashladi. Qaytib kelib, ishini davom ettiraverdi: guv-guv-guv... Bir ko‘zi o‘sha yoqda: iloncha qimir-qimir etib, oxiri tinchidi. Lekin shu payt ikkinchisi paydo bo‘ldi. Kelinchak qo‘liga yana belkurak ushladi. Og‘zini kappa-kappa ochib joni uzildi ilonchaning... To‘rtinchisini ham o‘ldirishga chog‘langandi, “Hay, kelin! Hargiz, hargiz...” degan ovozdan cho‘chib ketdi. Ko‘chadan oq eshakli mo‘ysafid o‘tayotgan ekan. Belkurakni ko‘targancha nima qilishini bilmay qoldi, bu orada iloncha yo‘l yoqalab oqayotgan jilg‘aga yetib oldi.
Begona erkak ovozini eshitib, qaynona ham tash­qariladi. Nima bo‘lganini ko‘rib, oshig‘ich ko‘cha tomon yurdi. Shox-shabbali to‘siq osha ovoz berdi:
– Huy, mulla bobo! Endi kelinimga nima bo‘ladi?!
Adog‘i adirga tutashgan tuproq yo‘lga ikki betdagi tol-teraklar ola-chalpoq soya soladi. Oq eshakning tuyog‘i yerga tegib-tegmay boradi, chang ko‘tarilmaydi.
Chol sekinladi, lekin ortga qaramadi:
– Hech nima bo‘lmaydi... – biroz yurgach, tag‘in allanima deya g‘udrandi. “Olam...” dedimi, “Bolam...” dedimi...
Kampir haliyam belkurakni qo‘ldan qo‘ymay ang­rayib turgan keliniga mo‘ltiradi: “U eshitdimikan?” Juzumko‘zning yuzi bo‘zargan edi.
– Ko‘nglingga olma... Ishingni qilaver...

* * *
Tanang qoqsuyak bo‘lib qolgandan keyin qavat-qavat ko‘rpachada yotsang ham botib ketaverarkan. Kampir o‘ng yonboshiga o‘ngarilib, to‘rdagi taxmon tepasiga, cholining suratiga qaradi. Ko‘z ham ko‘rmaydi o‘lgur. O‘g‘illarining ko‘yida yig‘layverib qurib qolgan-da... To‘ng‘ichining tobuti harbiydan kelmasi burun rahmatli choli “Yomon tush ko‘rdim, kampir. Bir ilon bo‘lak-bo‘lak bo‘lib, qonga belanib yotgan emish”, degandi. O‘shanda ham kallaga urmabdi-da. Arg‘amchini yo‘lga yo‘yib, o‘g‘lining hademay eshik qoqishiga ishonibdi... O‘rtanchasiga nima balo doridi, poezdning yo‘liga chiqib ketibdi. Hali yettisini bermasdan, qiz nevarasi dirdirab keldi: “Tushimga ilonlar kiribdi, momo...”. Qachonlardir qulog‘iga chalingan gap bilan ovutdi uni: “Har odamning yulduzi bo‘lganidek, o‘z iloni ham bo‘lar emish. Sen ko‘rgan ilon – otangning ruhi...”. “Ha, – dedi esini tanib qolgan nevara, – nima uchun maydalanib yotganini endi tushundim...”.
...Kampirning xira ko‘zlariga yelkama-elka oshib, lopillab borayotgan uchinchi tobut ko‘rindi. A’zoyi badani muzlab, ter chiqib ketdi. Sovuq o‘lkalarda uloqib yurgan kenjasini, issiq bag‘rida o‘tirgan qizini o‘yladi. Tanlash haddin og‘ir edi. Ikki chakkasi lo‘qillab, ko‘z oldi tumanlashib bora berdi...
– Ena, fotihaga kelishibdi... – qizining xirqiroq tovushi xayollarini to‘zg‘itib yubordi. Ro‘molini to‘g‘­rilagan ko‘yi “Kim ekan?” degandek qaradi.
– Maxsum bo‘laning Rossiyadan mulla bo‘lib kelgan o‘g‘li... – Oyimxol onasini sal ko‘tarib o‘tqazib, ortiga yostiq qo‘ydi va tashqariga qarata dedi: – Kiraversin...
Tizzaga dovur qora ko‘ylak, qora do‘ppi kiygan soqolli yigit qiroat bilan salom berdi. Ko‘rpachaga o‘tirib, qisqagina tilovat qildi. Duoga ochilgan qo‘l­lari bilan qop-qora soqolini silab, ikki yonga keng yozgancha tizzalariga qo‘ydi. Televizordagi “ya-yu”chilarga o‘xshaydi-ya...
– Bir kam dunyo, onaxon... – yigitning begonasirab aytgan gapi Juzumko‘z momoga yoqmadi. “Xola” desa, qaytardi?! Ko‘zlarini yumib oldi, o‘ziga-o‘zi pichirladi. “Olam” dedimi, “bolam” dedimi...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.