Ko‘pqavatli uyning poyida turibman. Tepaga qarayman: bala-a-and, osmonga tirab qo‘yilgan ustunday, boshi bulutlarga tegay deydi; o‘ziyam g‘alati qurilgan, necha qavatligini bilib bo‘lmaydi. Qachonlardir pushtiga bo‘yalgani seziladi; qovurg‘asimon bo‘rtiq balkonlar to‘qroq rangda, ko‘zga yanada bo‘rtib ko‘rinadi. Binoning kunbotar tarafidagi oynalarda shom shafag‘ining yolqini jilvalanadi.
So‘rab-so‘rab topib kelguncha bo‘larim bo‘ldi. Yana, aksiga olib, lift ishlamayotgan ekan. Balki, umuman ishlamas. Og‘ir qadamlar bilan bir-bir bosib, zinadan ko‘tarilib boraman. Qo‘limdagi qog‘ozga manzil yozilgan: mo‘ljal, uy va xonadon raqami... Xuddi yordam beradigandek tez-tez qarab qo‘yaman. Nechanchi qavatga chiqqanimni chalkashtirib yuboraman. To‘xtab, nafas rostlayman. Zina ham g‘ayrioddiy tushgan: o‘rtada emas, yonboshda. Derazalardan shahar manzarasi ko‘zga tashlanadi: quyosh tog‘lar ortiga bekinmoqda, tilla barkashi soniya sayin kichrayib-kichrayib, oxiri ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi; beriroqda esa allaqanday inshootu imoratlar, ko‘chalar yoqalab ekilgan daraxtlaru qator-qator uylar bijir-bijir chaplashib ketadi. Yetimtog‘ mayda jonivorlarga yengilgan dinozavrday shahar o‘rtasida do‘mpayib turibdi, poyida esa qup-quruq daryo o‘zani... Yaqin-oradagi yirikroq binolarni nomma-nom sanash mumkin. Biz tanishgan joy ham ko‘rinadi: huv anavi pochta idorasi va sport majmuasining orqasidagi sarg‘ish-kulrang imoratning nechanchidir qavatida, nimqorong‘i yo‘lakning eng oxiridagi xonada, eski zamondan qolgan stol-stulda o‘tirgancha hikoyani jon qulog‘imiz bilan ting¬lardik.
Orziqul Qarshiboy xonaning to‘rini egallagan katta yozuv stoliga tirsaklarini tirab, boshini ikki kafti orasiga olgan ko‘yi ovozini goh balandlatib, goh pasaytirib hikoya o‘qimoqda. Orqadagi derazadan tushayotgan quyosh nurida uning keng-mo‘l ko‘k ko‘ylagi ichidan jikkakkina jussasi ajralib ko‘rinadi, oqargan sochlarining anchayin siyraklashgani ham seziladi. Qoqsuyak iyak-jag‘i tez-tez ko‘tarilib-tushadi, lunji kirib-chiqib turadi. Asarining yosh qalamkashlarga yoqib-yoqmayotganini bilish uchun har-har zamon qo‘y ko‘zlarining osti bilan bizga qarab qo‘yadi. Uch-to‘rt o‘g‘il-qiz sel bo‘lib eshitamiz. Shoira opaning shahlo ko‘zlarida yosh aylanadi, qaymog‘i olinmagan qatiqday so‘lqildoq yuziga milt-milt tomadi. Hamishabahor shoira qizaloqning ham chehrasi tund, “baxt kuychisi” ham g‘am chekar ekan-da, deya hayratlanasan. Afg‘on urushi, vizillab uchayotgan samolyotlar, tog‘-toshni o‘pirib portlayotgan bombalar, chumolining iniga qaynoq suv quygandek juvonmarg bo‘layotgan yigitlar – taqdirlar... hali-hamon ko‘z o‘ngimda, qulog‘im ostida, yuragim qa’rida.
Shom shafag‘ida samolyot ko‘rinadi, pastlab tog‘lar ortiga sho‘ng‘ib ketadi. Men nechanchi qavatda turganimni chamalayman. Turfa eshiklardagi raqamlarga qarayman. Hammasiyam hashamatda bir-biridan o‘taman deydi. Manavi qoraqo‘chqil temirqopqaga klassik uslubda jimjimador naqsh urilgan. Anavi moshrangi esa banklarda bo‘ladigan po‘lat seyfni eslatadi. Ha, shunday: bir oilaning qanday kun kechirishini bilish uchun uyining ichiga kirib ko‘rish shart emas, eshigining o‘ziyoq bor sirni sotib qo‘yadi. Masalan, mana bunisi – ko‘m-ko‘kka bo‘yalgani – do‘xtirxonani yodga soladi yoki suvsoznimi-ey... Qo‘shnisiniki esa yupqa fanerdan, qaysi bir tashkilotdan qo‘porib kelingan chiqar, hatto “Bosh direktor”, “Hisobxona” deganga o‘xshash lavhaning o‘rni bo‘yoq tagidan seziladi.
Men “... bo‘limi boshlig‘i” degan lavhali eshik qarshisida turardim. Ilgarigi xonadan bitta pastki qavatda joylashgan. Ishqilib, tushlikka chiqib ketmagan bo‘lsin-da, deya xavotirlanaman. Bir dam nafas rostlab olaman. Hayajonimni bosib, ohista taqillataman. “Kiring”. Qiya ochilgan eshikdan nimqorong‘i yo‘lakka yorug‘lik tushadi. Sekin ichkari mo‘ralayman. Orziqul Qarshiboy oldingiday derazaga orqa o‘girib o‘tiribdi. Parda ko‘tarib qo‘yilgan, xonaga ko‘chadagi chinorlarning quyuq shox-shab¬basi orasidan shu’lalar yog‘iladi. Yozuvchi bir qarashda xuddi nurga yo‘g‘rilgandek tuyuladi. Hali maktabni ham bitirmagan mendek havas¬korni – bir marta ko‘rgan – tanimasa kerak, deb o‘ylagandim. Adashibman. Bir bosh o‘sdim. O‘sha galgi suhbatimizni hozir batafsil so‘zlab bera olmayman. Esimda qolgani – ochlik bilan davolanayotgan ekan. “Samolechenie”, degandi. Yanayam ozib-to‘zib ketgan, lekin rang-ro‘yi tiniqlashgan. Ruhi ham tetik. Ichishni tashlaganini eshitib xursand bo‘ldim. Litseyni tugatgach, qaysi institutga kirmoqchiligimdan so‘roqladi.
– Yashashni bilgan odam mazza qilib yashayveradi. Buni eplolmaganlar esa hayot mashaqqatlari haqida yozib, axiyri yozuvchi bo‘ladi...
– Folkner! – dedi gapimni shartta kesib, ko‘rsatkich barmog‘ini havoga nuqib.
Tepadan semiz odamning qadam tovushlari eshitiladi. Bor og‘irligini oyog‘iga tashlab yurganidan zinalar zirillab ketadi. Bo‘ynimni bukib, temir tutqichlar orasidan qarayman – ayol kishi ekan: qop-qora kiyinib olibdi, ozg‘inroq ko‘rinaman, deb o‘ylagan-da. Mana, endi harsillashlari ham eshitilayapti. Yonma-yon kelganimizda devorga tisarilib yo‘l berdim. Dimoqqa ter hidi gupillab uriladi. Shoshganda salom-alikni unutibman. Besh-olti pog‘ona o‘tib to‘xtadim, xatomni to‘g‘riladim. Shu bahonada nechanchi qavatga yetganimni so‘rab oldim.
– Va-a alaykum, hah... olti yarminchi... hah...
Shu xotin ham qachonlardir gulday bo‘yqiz bo‘lib, do‘nonday juvon bo‘lib ko‘zlarni yashnatib yurgani aqlingga sig‘maydi. Tasavvur etish qiyin...
Keyingi borganimda meni yanayam pastroq qavatga yo‘lladilar. Avvalgi samimiy suhbatlardan erkinsibmi, sira taraddudlanmay eshikni ochdim. Deraza tomonda xushbichim juvon o‘tiribdi. Tokchada anvoyi gullar: ochilgani qaysi-yu, ochilmasa-da ko‘zni quvnatadigani qaysi...
Orziqul aka yozuv stoliga o‘ng qo‘li bilan suyangancha, qaddi sal bukilib, xuddi eng muhim so‘zlarini hamsuhbati eshitmay qoladigandek engashib, fikrini uqtirmoqda:
– Agar... – menga ko‘zi tushib, chap qo‘li bilan “kelaver” degandek ishora qildi. – Agar Anna Grigorevnam bo‘lganida, men Fyodor Dostoevs¬kiy bo‘lardim. Agar Zarifam bo‘lganida, men Oybek bo‘lardim...
Qolgan gaplar ahamiyatsiz, mana shu ushalmas orzuga, to‘g‘rirog‘i, adoqsiz armonga ilovalar, xolos. Ehtimol, hayotning o‘zi ilovadir.
Xotin kishining to‘ng‘illashi quloqqa chalina boshladi. Yaqinlashganing sayin bu shovqinga suv-ning shar-shuri, tog‘oraning tiqir-tiqiri ham qo‘shiladi. Qachonlardir oqqa bo‘yalgan, yillar sarg‘aytirib yuborgan yog‘och eshik lang ochiq. Vannaxonada ozg‘in ayol egilib kir yuvmoqda. Boshu yelkasi ko‘rinmaydi. Guldor ko‘ylagi xira chiroq nurida map-malla tus olgan. Qo‘li ham, og‘zi ham tinmaydi:
– Sassiq paypoqlaringizni yuvib umrim o‘tayapti. Kirmoshin sotvolish osmondagi oyni uzvolishday gap. Manavi o‘lgur eshik yozi bilan yopilmaydi, katalakday uy issiqdan dimiqib ketadi. Konditsionerni-ku rahmatli enamning oldiga borganda...
– Jannatga tushaman deb o‘ylayapsan, shekilli, – Orziqul aka o‘ng qo‘ldagi xonada, devor tagida uzala tushib kitob o‘qiyapti. Olovrang harflar bilan “Qavatimdagi yot qadrdon” deya yozilgan qop-qora muqova uning yuzini to‘sib qo‘ygan. – Do‘zax bundan ham issiq...
– Sizni onangiz gapga tuqqan. Chiroyli so‘zlaringizga uchganman-da...
– Xudoga shukr qil. Men uylanmaganimda, kim bilsin, hozir qishloqda tappi yopib yurarmiding?!
– Hecham-da, – yanga mening kuzatib turganimni payqamas, vannaga enkayib kir yuvar, eriga past kelgisi kelmas, bir gapdan qolay demas edi: – Men sizga Oybekday katta shoir bo‘ladi, shaharma-shahar olib yuradi, Toshkentu Moskvani ko‘rsatadi, deb tekkanman. Esingizdami, qishloqda bizni qanday dabdabayu as’asa bilan kuzatib qo‘yishgan?! Yetib kelgan joyimiz mana shu – bulbulning ketiday shaharcha bo‘ldi. Yigirma yilki, men tugul, o‘zingiz ham aeroport nari tursin, e... vokzalning ostonasidan hatlamadingiz-ku!
– Uzoqni ko‘ra bilmagansan. Kosayi davronning aylanib ketishi tushingga kiribdimi?!
– Qaytanga, Hoshim ikkichiga tegsam bo‘lar ekan, xotinini Antaliyaga oborib kelibdi. Qish¬loqda duv-duv gap.
– O‘ynashlari bilan o‘n borgan joyga xotini bilan bir borsa, nima qipti?! – Orziqul aka haliyam kitobni yuzidan olmagan; xuddiki gapirmayapti, o‘qib berayapti. – Antaliya deysanmi?
– Ha, a...
– Qaerda ekan? Do‘zaxning birinchi qavatidami?..
Yanga qaddini rostladi. Sochini tepaga yig‘ishtirib tukkan, qulog‘i atrofida turmakdan bo‘shagan sochlari bo‘ynini yanayam uzun va ingichka ko‘rsatadi. Zulukday qoshi, quralay ko‘zi, qirra burni... yoshlikda ancha-munchani dog‘da qoldirganini aytib turibdi. Meni ko‘rib qolmasin deb o‘zimni eshikning panasiga oldim. Shu paytgacha payqamabman, chap qo‘ldagi xona ostonasida to‘qqiz-o‘n yashar bolakay o‘tirgan ekan. Og‘zini xiyol ochib, mung‘ayib qaradi. Lekin indamadi. Uning ko‘zlari... tag‘in bir boqishga botinolmaysan. Shuncha mungni qaerdan oldiykan?!
Ishxonasiga oxirgi borganimda Orziqul akani yanayam quyi qavatdan topdim. Derazadan tashqarini tomosha qilib turgan ekan. Hamma yoqni oppoq qor qoplagan, faqat yo‘l qorayib qolgandi. Ko‘chaning narisidagi qalin archazor orasiga kirib ketgan bir juft izga ko‘zim tushdi. Sport majmuasidan qiy-chuv ko‘tarib bolakaylar chiqdi, qorbo‘ron o‘ynay-o‘ynay bekat tomon yurdilar. Qarshidan kelayotgan qora “Lasetti” chetlab, ularga yo‘l berdi. Haytovur, haydovchi insofli ekan, qor-suv aralash shilta sachramasin dedi...
Orziqul aka qo‘lidagi sarg‘ish qog‘ozga tikilib:
– Bir she’r yozdim, – dedi, salom yo‘q, alik yo‘q, dabdurustdan. Mulozamatimni ham kutmay, hirqiroq ovozda o‘qiy ketdi:
...Hayot – armon, yutqiziq – har on,
Yillar o‘tar misoli sharpa.
Ikki o‘g‘lim – Qodirbek, Davron
Mendan senga eng buyuk zarba!..
Fikrim bilan qiziqmadi ham. Oppoq olamga termulib turaverdi. Indamay xonadan chiqdim.
Eshik oldida serrayib qoldim. Er-xotinning aytishuvi tugay demasdi. Bolakayga ko‘z qirimni tashlayman. Bayroqli futbolkasining yirtig‘idan yelkasi ko‘rinadi. Oyog‘ida esa tishi yedirilib ketgan butsi. Shu turishida uydan qochib ketishga shaylangandek tuyuladi. Orziqul Qarshiboy o‘z hayotini Folknerning gapi ustiga qurgan-ov. Bolalarini esa Hemengueyning maslahati bilan tarbiyalayaptimi deyman. Baxt¬siz bolalik buyuk yozuvchilarni yaratishi haqida aytgan-ku!.. O‘qraygan nigohga ko‘zim tushdi. Boyagi mung qayoqqa yo‘qoldi?! Eshik “QARS” etib yopildi. Ming‘ir-ming‘ir gaplar ham tindi...
Do‘rmon, 2014 yil