OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Faxriddin Sodiq. Tasavvur (hikoya)

Buvisi nevarasiga aytayotgan navbatdagi matalini tugatayapti:
— ... Shunday qilib, elning og‘zida gap qopti: kuchuk, egamning bolalari ko‘p bo‘lsin, har biri bir burdadan non bersayam, qornim to‘yadi, der ekan. Mushuk bo‘lsa, qaniydi, egamning bolalari yo‘q bo‘lsa, borlariyam tezroq o‘lib qolsaydi, ular yeydigan narsalar menga qolardi — qornim to‘yardi, dermish.
Buvi jim bo‘lib qolgan nevarasini allaqachon uxlab qopti, deb o‘yladi va o‘zi ham uxlashga yotdi.
Hech qancha vaqt o‘tmay buvisi uyquga ketdi. Bola esa allamahalgacha uxlay olmadi. Negadir uyqusi o‘chdi. Keyin-keyin qanday uxlab qolganini o‘zi ham bilmaydi.
Buvisining o‘sha matalidan so‘ng bolada mushukka nisbatan (shundog‘am u kichkinaligidan mushukdan qo‘rqadi) qo‘rqinchli nafrat kuchaydi. Kuchukka nisbatan esa murg‘ak qalbida yangicha — cheksiz-chegarasiz muhabbat paydo bo‘ldi. To‘rt yashar bolaning shuuriga shu tariqa muhabbat ham, nafrat ham ayni bir paytda joylandi.
Oylar o‘tdi. Bir kuni akasi qaerdandir ko‘zi ochilgan qop-qora kuchukcha olib kelib berdi. Shunda bola o‘zining bu paytga qadar ovinib yurgan dunyosidan tashqariga chiqdi. Endi uning qiziqish doirasi kengaygan va odamzodning doimiy ehtiyoji — kimgadir mehr ko‘rsatish va shu mehrning aks ta’siri natijasi bo‘lgan tengsiz zavqning ko‘nikmasi bilan ovinib qoldi. Do‘ndiqqina, qop-qora kuchukchaning ikki qoshida bilinar-bilinmas oqlik bor edi.
— Ko‘rayapsanmi, qoshining rangini, bunday alomati bo‘lsa, kuchukka To‘rtko‘z deb nom berish kerak, uni To‘rtko‘z deb chaqir — ikki kunda otiga o‘rganadi, — dedi akasi. Bola uchun esa, to‘g‘risini aytganda, kuchukchaning oti nima bo‘lishi ahamiyatsiz edi. Yo‘lbars bo‘lmaydimi, Qoplonmi, Tuzik bo‘lsayam baribir emasmi, muhimi, uning kuchukchasi borligi edi. Kunlar o‘tib, kuchukcha bilan bola bir-biriga juda o‘rganib qolishdi. Bola har kuni ertalab va kechqurun sigir sog‘ayotgan onasidan chelakni olib, shishachasiga sut soladi — To‘rtko‘zga beradi. To‘rtko‘z qorni to‘ygach, dumini likkillatib bola bilan o‘ynaydi, u yoqdan bu yoqqa yuguradi, hazillashib tishlamoqchi bo‘ladi. 
Bir oy o‘tib kuchukcha ko‘zga ko‘rinarli bo‘lib, bolaning chin ovunchog‘iga aylanib ulgurdi. Negadir ana shunda unga qandaydir kasal tegdi. Borgan sari ulg‘ayib — do‘mboqlashib borayotgan kuchukcha ikki-uch kunda anchagina ozib qoldi. Shuning barobarida bolaning ko‘ngli ham ancha cho‘kdi. Otasi bilan akasi kuchukchani o‘zlaricha davolagan bo‘lishdi. Nimalarnidir ichirishdi. 
— Yaxshi bo‘ladi, — dedi otasi, — ichini bir tozalaydi-da...
Ertasigayam kuchukning ahvoli yaxshilanmadi. O‘sha-o‘sha — ovqatniyam tuzukroq yemaydi.
— Bolalar kasal bo‘lsa, ularni do‘xtirga olib borishadi-ku, ota, — dedi bola. — To‘rtko‘zniyam oboraylik, davolasa bo‘ladi-ku uniyam.
— Do‘xtir kuchuklarni davolamaydi, o‘g‘lim, sen xafa bo‘lma, yaxshi bo‘p ketadi. 
Bola aynan shundan: dunyoda kuchuklarni davolaydigan joy yo‘qligidan aziyat chekardi. To‘rtko‘zning ko‘zlaridagi mungli ifodani ko‘rmaslik uchun u har narsaga tayyor edi. Qaniydi qandaydir iloji bo‘lsa. 
Yarim kechasi negadir bolaning uyqusi qochdi. Hovlidagi chiroq yoniq, oqshom tinch. Yoz yaqinlashib qopti — chigirtkalar unda-munda chirillab qo‘yadi. Bola hovlidagi supada o‘tirib, birdan nimanidir eslaganday bo‘lib atrofga alangladi. 
— To‘rtko‘z, To‘rtko‘z, — deb pichirlab chaqirdi. 
Shu paytgacha u qay mahalda chaqirmasin, kuchukcha chopib kelardi. Kechagina oqshom chaqirgandayam keluvdi. Hozir esa yo‘q. 
Bola To‘rtko‘zga yog‘och kartondan uycha yasagandi. Negadir kuchukcha kechalari unda yotmas, nuqul kuli olingan o‘choqda yotardi. 
— To‘rtko‘z, To‘rtko‘z, — takrorladi bola. Kuchukdan yana darak bo‘lmadi. Bolaning vujudiga allanechuk seskanish va qo‘rquv o‘rmaladi. Sochidan tirnog‘igacha jimirlab yoyildi. O‘choq tomon qorong‘i edi. Pichirlab To‘rtko‘zni yana chaqirdi. Ichkaridan kerosin, yana bir qancha balo-battarlar solib qo‘yiladigan tomchadan kuchukchaning zaif g‘ingshigani eshitildi. Bola quvonib ketdi. Sovqotibdi, deb qo‘ydi o‘zicha, bo‘lmasa o‘choqda yotishi kerak edi. Devorni paypaslab o‘choq boshini yoritadigan chiroqni yoqdi. Va beixtiyor engashib o‘choqqa qaradi. 
Seskanib ketdi, qo‘rquvdan oyoq-qo‘liga qaltiroq yugurdi. 
O‘choqda — To‘rtko‘zning har kungi joyida qop-qora mushuk yotardi. Mushuk o‘zini ichkariroqqa tortib xurpaydi. 
 — Pisht, — dedi bola, — kuchukchani shu quvib chiqargan. 
Unga javoban mushuk zaifgina miyovladi, bola qayta-qayta haydayvergach kuchsiz “px-x-x” degan ovoz chiqardi. 
— Pisht, — dedi bola qaltirab, — oxirgi marta aytayapman. 
Uning “oxirgi marta aytayotganini” mushuk, albatta, tushunmasdi. Bola shu qo‘rquv ichida hayron qoldi. Odatda, mushuk zoti odamni ko‘rsa zirillab qochardi. O‘zini sal chetga olib, kosov bilan mushukni turtdi. Shunda mushuk ayanchli miyovladi va pixillab panjasi bilan kosovga changal soldi. Bola sovuq terga tushdi, qaltirog‘i biroz kuchaydi. Kosovni mushukning beliga bor kuchi bilan urdi.
— Mi-yoyoyoyov, — qorong‘i sukunat mushukning ayanchli ovozidan zirilladi. 
Bola kosovni mahkam ushlaganicha orqaga tisarildi. Qo‘rquv bilan pichirladi: 
— To‘rtko‘zni sen quvdingmi, ablah! 
Mushuk o‘choqdan chiqa boshladi. Uning ahvoli rostdan ham ayanchli edi: oldingi oyoqlari bilan sudraladi, keyingi oyoqlari ishlamay qolgan — falaj edi. Bolaga qarab pixillab qo‘yar, hurpayishga urinar, buning uddasidan chiqolmasdi. Bola bor kuchi bilan yana bir tushurdi.
— Mii-i-yoyoyoyov! 
Boladagi qo‘rquv va nafrat kuchaydi. Yig‘lashni o‘ylagani ham yo‘q edi — ko‘zlariga yosh to‘ldi. Endi o‘zidagi ishonch uchungina pichirlardi: 
— To‘rtko‘zni sen quvdingmi, ablah, mana, mana...
— ...mi-i-yoyov, pxx-x-xx, mi-i-yoyoyov.
Mushuk bolaga qarab-qarab, o‘sha ayanchli tarzda, faqat biroz sekinroq sudralishda davom etardi. Hovliga yotqizilgan tsementga chiqib oldi. O‘zi old oyoqlari bilangina zo‘rg‘a sudraladi-yu, bolaga qarab pixillaydi.
— Mana senga! 
Bola bor kuchi bilan mushukning qoq boshiga tushirdi. 
Mushuk kallasini toshga tiragancha qotdi. 
Dahshat ichida qaltirayotgan bola kosov bilan uni turtib ko‘rdi. Mushuk bir-ikki qimirladi.
— Mana, mana, mana!
Yana turtib ko‘rdi — o‘lganiga ishondi. 
Keyin kosov bilan turta-turta hovli chetidagi anorning tagiga olib borib tashladi. Qaytdi-yu negadir qo‘rqmay qo‘ydi. 
— To‘rtko‘z, To‘rtko‘z, — deb kuchukchasini chaqirdi. 
To‘rtko‘z dumini likkillatib chiqib keldi. Tuzalayotganga o‘xshaydi, deb qo‘ydi bola o‘zicha. Endi undagi qaltiroq — qo‘rquv butunlay yo‘qoldi. U tushuniksiz mamnuniyat bilan uxlab qoldi. 
Kuchukcha esa yana besh kun mo‘ltirab yurdi — tuzalmadi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.