OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fayzulla Salayev. Qamish qayiqchalar (hikoya)

Ayvon xarilarida uyalagan qaldirg‘ochlarning «vijir-vijir»i uyg‘otib yubordi. Atrof nim qorong‘i. Yana biroz mizg‘ish niyatida ko‘rpaga burkandim. Eshik ochilib, polda oyimning shippagi shipilladi. Ko‘rpa ko‘tarildi.
− Yozning issiq kunida bunchalik o‘ranmasang. Tur, bolam, akangning mazasi qochib qoldi. Darmon opangga borib kelmasang bo‘lmaydi. − Oyim tuni bo‘yi uxlamagan shekilli, ovozi horg‘in eshitilar, qaboqlari shishinqiragan edi. − Tez bor, o‘g‘lim! Akang qiynalib ketdi. Uyini bilarsan, Beshtomda, «Zarif traktorchiniki qaysi» desang, hamma ko‘rsatadi.
Apil-tapil kiyinib, tashqariga otildim. Akam ayvonda ko‘rpasidan yarim chiqqanicha yonboshlab yotar, boshini bir qo‘liga tirab, o‘xchiq aralash yo‘talardi. Yuzi-ko‘zi qizarib ketgan… Salomimga so‘lg‘in bir qarash bilan javob berdi.
Kanal bo‘yidagi yo‘ldan velosipedga «qamchi bosdim».
Beshtom − qo‘shni ovul. Kattagina-yu, nechundir shunday nomlanadi. Bizning ovul − Qo‘shterak bilan mana shu kanal bog‘lab turadi Beshtomni. Ilgari yo‘l ancha aylanish edi. To‘g‘ridan mana shu kanal olingach, beshtomliklarga qulay bo‘ldi. Ular kolxoz markazi va Ko‘kko‘ldagi maktabga mana shu yo‘ldan qatnaydilar. Bu kichik uch ovul kolxoz markazidan ancha olis bo‘lgani uchun ularga bir hamshira − Darmon opa birkitilgandi. Uning ishxonasi yo‘q, bemorlarga uyma-uy yurib qarardi. 
Zarif traktorchining uyi xuddi biznikiday kanal bo‘yida ekan. Uyining to‘g‘risida xuddi biznikiday poyapul . Zarif aka ishga chog‘lanayotgan bo‘lsa kerak, traktori yonida kuymalanib yurardi. Kelishimning sababini bilgach, qizini chaqirib chiqdi.
Darmon opa qizg‘ish-sarg‘ish ranglar qorishgan atlas ko‘ylak ustidan yashil nimcha kiyib, tillarang simli ro‘molini ingichka iyagi tagidan tang‘ib olgan edi. 
Velosipedga mingashib oldik. Yo‘l sertuproq bo‘lgani uchun men haydolmadim. Strelizatorni menga tutqazib, velosiped rulini Darmon opaning o‘zi oldi. 
− Qaysi akang og‘ridi?
− Mening bir akam bor. Qodir akam.
− Ha-a, sen hali Salima xolaning o‘g‘limisan? Tunov kuni armiyadan kelgan akangmi mazasi qochgan?..
Darmon opa jim qoldi. Chunki bir oylarcha avval dadamning vafot etganini bilardi u. Dadamning hech qanday kasali yo‘q edi. Bir kuni kechqurun daladan qaytdilar-u, yuvinib, dasturxon boshida yonboshlaganlaricha… qayta turmadilar. Kutilmagan yo‘qotishdan qarindoshlar dovdirab qolishdi. Qodir akam xizmatning so‘nggi oyini o‘tayotgan edi. Uni marosimga chaqirish hech kimning xayoliga ham kelmabdi. Ertasiga xola-amma, amaki-tog‘alar maslahatlashib, akamga xabar berishmaydigan bo‘lishdi. «Birato‘la xizmatini tugatsin endi. Marosimdan avval bo‘lsa boshqa gap edi» deyishdi. Oyimning dardi bolaladi. U deyarli har kuni akamni eslar, «yurakkinasi yoriladi endi bolamning» deb, ko‘zyoshlarini daryo qilardi. Mana, besh kun bo‘ldi akam uyda. Oyim qayg‘urganidek uning yuragi yorilmadi. Oldiga yig‘lab chiqib, hushsiz yiqilgan oyimni dast ko‘targanida ko‘zidan to‘kilgan yosh oldin o‘zining, keyin oyimning yuzlarini yuvdi. Oldiga kelgan ta’ziyachilar bilan sovuq-salqi so‘rashib, uch kun uyda yotdi. To‘rtinchi kun o‘zi yolg‘iz baliqqa ketib, mana shu dardga chalingani…
− Nechanchi sinfda o‘qiysan, polvon? – Ertalabki salqindan bo‘lsa kerak, ovozi titrabroq chiqdi Darmon opaning.
− Beshinchiga o‘tdim.
− Soldat ham kasallanarkan-da, a, polvon? – Aftidan Darmon opa mening xomush tortib qolganimni sezib, ko‘nglimni ko‘tarmoqchi edi.
− Qaydam…
Hademay uyga yetib keldik.
− Aynonay do‘xtir qizimdan! – Oyim Darmon opa bilan achomlashib, o‘pishib ko‘rishdi. − Shu desang, qizim, kecha baliqdan kelib, qo‘l-oyog‘i o‘t bilan olov. Naq qirq daraja. Uxlaydi − sapchib uyg‘onadi. Uxlaydi − cho‘chib tushadi. Yo‘tal aralash o‘xchigani yana ortiqcha… Baraka topgur qizim, seniyam tong bilan bezovta qildik…
− Hechqisi yo‘q, bezovtaligi bor ekanmi?.. − Darmon opa shippagini pastda qoldirib, akamning karovati tomon yurdi.
Akam uxlayotgandek ko‘zlarini yumib yotar, xo‘rsiniqqa o‘xshatib nafas olardi. Hamshiraning qo‘li peshonasiga tekkach cho‘chinib ko‘zini ochdi. Loqayd nazar bilan atrofga alangladi. Kechagina soppa-sog‘ akamning bunday ahvolga tushib qolganini ko‘rib xo‘rligim kelib ketdi. 
− Ana-ana. Yana alahsirayotir, jon qizim. Yoki kuyukdanmikan, dadasiga kuyadi-da endi esligim… − Oyim yig‘lab yubordi, men ham…
Darmon opa oyimga tasalli berib, akamning qo‘ltig‘iga termometr qo‘ydi. Yo‘q, akam alahsiramayotgan ekan.
− Darmon, senmisan? – Bilinar-bilinmas miyiq tortdi u. − Men tuzukman, yaxshiman!
Darmon opa jilmayib salom berdi.
− Xizmatni yaxshi bitirdingizmi?!
− Rahmat! O’zing qalay... bitkazdingmi o‘qishingni?! 
Akam entikib, bazo‘r gapirayotgan bo‘lsa ham, ancha tetiklashgandek edi. Uning lablarida tabassumga o‘xshagan yengil bir to‘lqin kezinar, Darmon opaning yuz-ko‘zida ham qandaydir bir yoqimli yog‘du borday edi. Buni ko‘rgan oyim yig‘ini yig‘ishtirib, choy qo‘ygani ketdi.
− Ozodjon, mollaringga o‘t-cho‘p solmading-ku bugun! – Oshxonadan qichqirdi oyim. Uning ovozida qandaydir mamnuniyat bor edi. 
Uyga kelsam, oyim Darmon opa bilan supada choy ichib o‘tirishardi. Oyim shu orada tuxum qovurib ham ulguribdi.
Darmon opa oyim bilan xayrlashayotib, akamni quyosh urganligini aytdi. Armiyada salqin yurtlarda bo‘lgani uchun bizning issiqni ko‘tarolmaganmish. 
− Hozir o‘zim «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilaman. Uch-to‘rt kun ichida otday bo‘lib ketadi. Sira bezovta bo‘lmang, xolajon! – deb oyimni ovutdi. 
Oyim endi o‘zini qo‘lga olgan, hatto biroz xursand ham edi. Dadam vafotidan keyin uni birinchi marta xushnud ko‘rishim. 
Akam kasalxonada bir haftacha yotib chiqdi. U ancha ozgan, biroq o‘zini yengil his qilardi. Oyimning «hay-hay»iga qaramay bog‘dagi ishlarda menga qarashardi.
Bir kuni akam qo‘limga lapa  tutqazdi. 
− Boshim yana og‘riyapti, − dedi u peshonasini tirishtirib, − mana shu xatda dorining nomi bor. Darmon opangga oborsang, berib yuboradi!
Qaydasan Beshtom deb velosiped popishagini bosdim, jonivor yelday uchdi. Uylarida Darmon opadan bo‘lak hech kim yo‘q ekan. Lapani qo‘liga tutqazdim.
− Akam berib yubordi. Dori berarmishsiz!..
− Qachon chiqdi?
− Tunov kuni. Kechadan oldingida.
Darmon opa negadir ingichka qoshlarini chimirib qo‘ydi. Lapani ochdi. Mana senga dorining nomi, ikki varaq qog‘ozga zo‘rg‘a sig‘ib turibdi. Kim biladi, balki boshining qanday og‘riyotganini ham yozgandir. 
Darmon opa xatni lablarini sezilar-sezilmas qimirlab o‘qidi. Nigohlari jiddiy edi. Ikkinchi varaq-qa o‘tgach, qoshlari orasi ochilib, kipriklari tutashganday bo‘ldi, lablaridan boshlangan tabassum yonoqlariga yoyildi. 
Men velosipedim «shox»larini silagancha angrayib qolibman.
− Ha, sen nega turib qolding?
− Dori…
− Ha-a, aytganday, esim qursin... − Darmon opa yugurgilagancha uyiga kirib ketdi. Zum o‘tmay qog‘ozchalarga o‘ralgan dorilarni olib chiqdi…
Ertasiga akam ovuldagi o‘zgarishlarni ko‘rib kelaman deb ketdi. Ertalab ketgan odam kun oqqanda qaytdi. Uning ruhi tetik edi. Men bilan kechgacha beda o‘rdi.
                    
 * * *

Bir kuni tushdan keyin akam Ko‘kko‘lga ketdi. Vaqt o‘tkazish uchun qarmoq olib, kanal bo‘yiga chiqdim. Uyimizdan ikki yuz qadamcha yuqorida, kanalning biz tomon qirg‘og‘ida kichik tolzor bo‘lib, uzoqlardan ham ko‘zga tashlanib turardi. Tolliqning bir chekkasiga joylashib oldim. Borgan paytda unchalik emasdi-yu, kechqurunga qarab «tort-tort» avjiga chiqdi. Yem ilib tashlaysan, besh-o‘n minut o‘tmaydi. Po‘kak avvaliga o‘ynaydi, keyin yarmi suvga botganicha kanal o‘rtasiga qarab keskin suzadi. Tortasan, tirsak bo‘yli laqqa yo sazan!..
Quyosh ufqqa tegar-tegmas paytda yo‘l tomonda yigit kishining do‘rillgan sasi eshitildi. Darov tanidim − akam. Yonidagi − Darmon opa. Nima uchundir ularga ko‘rinish berishdan uyaldim. Qarmoq dastagini qirg‘oqqa suqib, o‘zimni bo‘yonlar  orasi − panaga oldim. 
− Uf-f, charchab ketdim. Mana shu yerda bir nafas dam olaylik!
− Siz-a charchagan?! Hali dunyoning u burchiga yetmadik-ku?
− Xo‘p de, Darmon. Birpasgina o‘tiramiz-u…
Akam velosipedni mendan ikki qadamcha nariga yotqizdi. Keyin Darmon opa bilan yetaklashib kelib, tollarning quyuq shoxlari orasidagi to‘nkaga o‘tirdilar. Botayotgan quyosh aksi suv yuzida jimir-jimir o‘ynar, qizarib-bo‘zarib o‘tirgan Darmon opaning yuz-ko‘ziga tushib, uni yanada chiroyliroq ko‘rsatardi. Ular nima uchundir jimib qolishdi. Darmon opa sokinlik bilan oqayotgan suvga tikilganicha o‘tirar, akam atrofdan cho‘pmi, kesakchami olib, suvga itqitar, hosil bo‘lgan to‘lqinlarni tomosha qilardi. Uzoq davom etgan jimlikni Darmon opa buzdi:
− Gaplaringizga ishonmayman! Rost bo‘lsa, yozardingiz. Aqalli bir tabrik ham yubormadingiz-a, bayramlarda… − Darmon opa yig‘lagudek kuyunib gapirardi. 
Akam qo‘lidagi kesakni zarb bilan suvga urib, qiz tomon yuzlandi. Uning qo‘llaridan ushlab, ko‘zlariga tikildi.
− Nahotki, nahotki Darmon, xatlarimni olmagan bo‘lsang?!.
− Yo‘q, hech nima olganim yo‘q! Xudo haqi!..
Darmon opa labini tishlab jimib qoldi. U akamning ko‘zlariga sinchkovlik bilan tikilar, ingichka qoshlarini chimirib, allanimalarni eslashga harakat qilardi. 
– Bo‘ldi! Tushundim, hammasini bildim. Sizga ishondim, Qodir aka! 
U yosh bolaning yig‘i orasida so‘zlaganidek, entika-entika gapira boshladi… Hammasiga aybdor Sotim po‘shta ekan... Darmon opa uning o‘g‘li taklifini rad etib, sovchilarini qaytargach…
− Tumshug‘ini yoraman o‘sha ukkiyapaloqning!.. – Akam g‘azab bilan o‘ng qo‘lini musht qilib, o‘z tizzasiga urdi. Uning qo‘llari qaltirar, g‘azab bilan gavdasini har tomonga tashlar, so‘kmasa ham eng qo‘pol so‘zlarni ishlatib o‘shqirardi. – Onasini ko‘rsataman, o‘ldiraman o‘sha qiltiriq bolasini!..
Bir mahal o‘zining qiz bola oldida ekanligi esiga tushdimi, birdaniga tinchidi. Beozor bir tovushda:
− Men esam, xatlarimni javobsiz qoldirishing sababini so‘rashga botinolmay yuruvdim. Darmon… − dedi. Akam qizning oldiga tashlab qo‘ygan soch o‘rimini barmog‘iga o‘ray boshladi. − Kap-katta qiz bo‘lib qopsan. Esingdami, Xivaning avtobusida yig‘laganing?..
− Qo‘rqqandim-da, kim biladi o‘shanda sizlar bo‘lmaganda… − erkalandi Darmon opa.
Akam qo‘llarini qizning yelkasidan oshirib, gavdasini o‘ziga tortdi. Darmon opa ham qarshilik qilmadi. Ular xuddi mening kuzatayotganimni bilishganday endi shivirlashib gaplasha boshlashdi.
Darvoqe, men nega gap o‘g‘irlab o‘tiribman. O’zimdan-o‘zim qisinib ketdim. Onda-sonda chigirtka chirillab qo‘yadi, «ketar vaqt bo‘ldi» degandek. Qimirlasam, kanalga kesak yumalaydi. Ular tomonga qaramaslik va quloq tutmaslikni shart qilib, biroz kutishga qaror qildim. Oyoqlarim og‘rib ketdi. Kechqurun ish boshlaydigan chivinlar ham izillay boshladi. Ketmasmikanlar, degan umid bilan yana o‘sha yoqqa qarashga majbur bo‘ldim.
− Voy-vuy, buncha chiroyli bo‘lmasa! Kimdan o‘rgandingiz? Xuddi qayiqning o‘zi-ya! − Darmon opa qamish yaprog‘idan yasalgan qayiqchani qo‘liga olganicha bolalardek quvonar, suvga qo‘yvorib, tag‘in qo‘liga olardi. – Suzishini qarang, Qodir aka, xuddi katta qayiqlarday…
− Qo‘yvoraver! Mana, yana bittasi tayyor!
− Bilasizmi, Qodir aka, qaysidir bir yurtda qizlar suvga gulchambar oqizarkanlar. Kimning gullari uzoqqa suzsa, umri uzun, baxtli bo‘larmish…
− Kel, bizlaram… Qayiqchalar oqizamiz! 
− Keling, faqat kattaroq yaproqdan, nari-beri to‘lqinga dosh beroladigan qilib yasab berasiz. Yo‘-yo‘q, har kim o‘z qayig‘ini o‘zi yasaydi!
Darmon opa ham bir zumda qayiq yasashni o‘rganib oldi. Keyin ikki qayiqni yonma-yon qo‘yib, oqizib yuborishdi. Qiz qayiqchalarni hayajon bilan kuzatar, suvni qo‘llari bilan to‘lqinlatib, ularni kanal o‘rtasiga haydashga intilardi. Qayiqchalar mening to‘g‘rimdan ham bir-biriga tekkanicha qo‘shaloq bo‘lib, oqib o‘tib ketishdi.
− Darmon, Darmonim mening! – Akam tik turgan qizni quchdi. − Istaysanmi, men senga har kuni qayiqchalar yuborib turaman! Xuddi shu paytda kutgin! Har kuni…
− Qayiqchalar?!
− Ha, qayiqchalar! Ularga qo‘shib yuragimni…
Ular o‘pisha boshlashdi. Ko‘zlarimni chirt yumdim. Quloqlarimga barmoqlarimni tiqdim. Bir mahal «endi ketishgandir-ov» degan umidda ko‘zimni ochdim. Hali ham shu yerdalar. Yana to‘nkaga o‘tirishibdi. 
Tizginga tizib, suvga tashlab qo‘ygan baliqlarga ilon keldimi, suvni sho‘pirlatib, tipirchilab qo‘yishdi. Birdan qarmoq esimga tushdi. Voy, dastak ko‘rinmaydi-ku! Bo‘ynimni cho‘zibroq mo‘raladim. Po‘kak butunlay yo‘q, ip teran tortilgan edi. Yuragim hapqirib ketdi. To‘rt qadamcha yo‘lni bir sakrashda o‘tib, qiyshayib qolgan dastakni sug‘urib olib, tortdim. Baliq katta bo‘lsa kerak, ip suvni yorib, u yoqdan-bu yoqqa tortilar, baliqning suvdan chiqqusi yo‘q edi. 
− Qiyalab tort, qiyalab! Hozir ipni uzasan… 
Akam chopib kelib, qo‘limdan dastakni oldi, baliqni o‘zi suvdan chiqardi.
Tirsak bo‘yli sazan bo‘yon va takasoqollar orasida tipirchilar, akam uni ushlashga harakat qilardi. Darmon opa joyida turganicha xandon otib kular, kulgidan ko‘zlari yoshlanib ketgandi. 
− Qachon kelding bu yerga? – so‘radi akam baliqni ushlab, o‘ziga kelgach. 
− Hozir… Boya qurib ketgandim qarmoqni. – O’yimga kelgan bahonadan xursand bo‘ldim, o‘zimga qoyil qoldim. 
Bu voqeadan so‘ng Darmon opani yanada yaqin seza boshladim o‘zimga. U ham ko‘rgan joyda biror narsa deb hazillashib qo‘yar, oyimga salom aytib qo‘yishimni ta’kidlardi. Uyga kelgan paytda oyim bilan u yoq-bu yoqdan suhbatlashib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Oyim unga o‘rganib qoldilar. Ikki-uch kun ko‘rinish bermasa, «do‘xtir qizim nega kelmay qo‘ydi» deb, sog‘inchini yashira olmasdi.
Akam armiyadan avval biror ish qilib qo‘ysa, oyimga chaqib bermasligimni uqtirib, va’damni olmaguncha qo‘ymasdi. Negadir bu safar unday qilmadi. Men oyimga chaqmasam-da, ularni kuzatishni davom ettirdim. Nega shunday qildim, bilmayman. Ularni kuzatish, ikkisini bir yerda uchratish menga qandaydir zavq bag‘ishlardi. Quvonardim, Darmon opaga erkalangim kelardi.
Akam tolzorda kelishilganidek, har kuni qayiqchalar oqizib turdi…
Hammasi akam ishga kirgandan keyin boshlandi. Bir kuni kechqurun ovqatdan keyin oyim gap boshladilar:
− Bugun dalaga rais keldi. Ayaydi-da, achinadi. Dadang ikkalasi qanday inoq edilar. Qalandarning traktorini o‘g‘li haydaydi deb, hech kimning qo‘lini tekkizmay qo‘yibman, deydi. Kuzda va’da qilingan «Moskvich»ni ham o‘g‘lingga beramiz, deydi…
− Qo‘ying, oyi. Men kolxozda ishlamayman. − Oyimning gapini bo‘ldi akam. − Dadamning adoyi tamom bo‘lgani ham yetar kolxozning ishini deb.
− Tavba degin, bolam! Mard odam musibatni Xudodan ko‘radi, nomard atrofdagilardan…
− Oyi, xudoyu boshqalarni tinch qo‘ying! – Ovozini ko‘tardi akam. − «Moskvich»mas, «Volga» berishsa ham… Vaqti yo‘q, soati yo‘q, bayrami, yakshanbasi yo‘q…
Xullas, akam ko‘p o‘tmay rayon markaziga ishga qatnay boshladi. U ertalab velosipedda ketganicha kechqurun qaytardi. Unga achinardim. Borishda yetti, qaytishda yetti, kuniga o‘n to‘rt chaqirim yo‘l bosish oson emas-da velosipedda. Yana hamma qatori ishlash… 
Dastlabki kunlari akamning charchagani shunday ko‘rinib turardi. Ishdan kelgach, hech kim bilan so‘zlashmas, nari-beri ovqatlanib, yig‘ma karovatini ko‘tarib, boqqa oshiqardi, uyquning tadorigini ko‘rardi. Bu hol uzoq davom etmadi. Ikki haftacha o‘tgach, akam chiniqib ketdi shekilli, ishdan kayfi chog‘ qaytadigan, mening ishlarimni surishtiradigan bo‘ldi. Biroq u negadir Darmon opa bilan uchrashishga harakat qilmasdi. Bu kunlari Darmon opa deyarli har kuni tushda uyimizga kelar, oyim bilan yo‘l-yo‘lakay, ba’zan choy ustida suhbatlashib ketardi. U menga yoqimli bir tuyg‘u bilan qarar, ko‘zlari nimadir istab jovdirardi. Men endi hamma narsaga tushunardim. U mendan o‘shandagi dorining nomi yozilganga o‘xshagan biron lapa kutardi. 
− Qiz bola ham bunchalik ko‘hlik bo‘larkan-a, odobini aytmaysanmi! Onasini ko‘ru qizini ol, demishlari shu-da! Gulsara bekorga to‘yboshi bo‘lib yurgani yo‘g‘akan. – Darmon opa ketgach, o‘ziga-o‘zi gapirib, nima uchundir bosh chayqab qo‘yardi oyim.
Akam ko‘p o‘tmay kanal bo‘yiga borib, qayiqchalar jo‘natishni ham unutdi. Qayiqchalar oqizilmagan birinchi kuniyoq yuragimning allaqaerida uvishiq his qildim. Balki esidan chiqqandir? Eslatsammikan? Yo‘q, unaqada ularni kuzatib yurganim ochilib qoladi. Ko‘z oldimda uyi oldidagi poyapul yonida suvga termulganicha parishon o‘tirgan Darmon opa gavdalanadi. Akamning yubormasligiga aniq ko‘zim yetgach, o‘zim oqizdim qamish qayiqchalarni. Ertasiga ham, indiniga ham… 
Bir kuni akam ishdan vaqtliroq qaytdi.
− Ozod, chopgin! Oyimni aytib kel! Uyga mehmon kelarmish, degin! – Buyurdi u. – Velosipedga teginma. Magazinga borishim kerak. Yo‘lakay olib kelay desam, bir tiyinsiz chiqibman.
Mehmonlar ikki yigit va uch nafar qiz bo‘lib, ikkita bir-biriga o‘xshash kajavali mototsiklda kelishdi. Yigitlarning ozg‘in va chayir gavdalari, sochlaridan yaqinda harbiydan qaytganlari sezilib turardi. Akam yigitlarni «quroldoshlarim», qizlarni «hamkasblarim» deya tanishtirdi oyimga. Keyin nomlarini bir-bir sanab chiqdi. Kun issiq bo‘lishiga qaramay, akam mehmonlarni ichkari uyga taklif qildi. 
Men odatdagidek, mehmonlarga xizmatga shoshildim. Akam yo‘ldan qaytardi:
− Boshingni suqma xonaga. Bor, oyingga qarash!
Oshxonaga qaytdim. Oyim o‘choq boshida parishonxotir o‘tirar, tutundanmi, piyoz archiganmi, ko‘zlarida yosh qalqirdi. Meni ko‘rib beparvogina:
− Kel, bolam, - deb qo‘ydi. 
Bir mahal oshxonaga bo‘sh choynak ko‘targan akam, ketidan boya «Karomat» deb tanishtirgan qiz kirib keldi. Karomat ro‘molini yechib tashlagan, qop-qora sochlari yelkalarini to‘ldirib turardi. U choy damlab chiqib ketdi. Oyim nimanidir sezdi shekilli:
− Uyatmasmi, bolam, dadangning tuprog‘i sovumasdan turib… − deb tutilib qoldi.
− Shu yoshingiz bilan kampirning gapini gapirmang, oyi! – dedi akam bamaylixotirgina. − Dadam qaytib kelarmidi ichmasam… Undan ko‘ra Karomat bilan tanishing! Idoramizda ikkinchi bug‘oltir. Menam o‘qiyman, zaushniy…
Oyim indamadi. Akam sigaretini tutatib, chiqib ketgach, burnini tortib, ko‘z yoshlarini yengiga artdi. 
Akam shu kuni yarim tunda mehmonlar bilan birga ketdi. Ishxonasi yotoqxona berganmish. Kiyimlarini olib, birato‘la ketdi. Ketayotganida chidab turolmadim:
− Aka, balki Darmon opamga biror gapingiz bordir? Men aytib qo‘ysam…
− Nima?! – Akamning kayfdan suzilgan ko‘zlari yirtilib, g‘azabdan chaqnadi. Negadir tariqcha ham qo‘rqmadim undan. 
− Darmon opamga nima deyin?!
Akam kutilmaganda xandon otib kulib yubordi.
− Ey, galvars! Ey, xumkalla!.. Hoh-hoh-ho! Demak, bo‘sh emaskan-da bu qovoq! – Taqir boshimni shapatiladi u. – Senga baribirmasmi, Darmon bo‘lmasa, Karomat! Ishqilib chechasiz  qolmassan, axir! Shuni ayt qishloqi opachangga-a! – Akam yana kulganicha o‘t oldirilib, uni kutayotgan mototsikllar tomon lo‘killadi.
Yig‘lab yubordim. Nega yig‘layotganimni aniq bilmasdim. Go‘yo ko‘krak qafasim ko‘zyoshi va yana allaqanday og‘ir narsalarga to‘lib ketgan, yig‘laganim sari ulardan qutulmoqda edim. 
− Ha, bolam? Hali senga ishonib akangni yotoqxonaga jo‘natib yursam… Aytdi-ku, axir, hafta sayin kelib turarmish… Qo‘y, yig‘lama, bolam! – Oyimning titroq tovushidan uning ham yig‘layotganini sezish qiyinmasdi. 
Ertasiga tushda Darmon opam yana keldi. Men uning ko‘ziga qaray olmadim. Ichkari kirib, kitob o‘qishga unnadim. Kitob sahifasida nigohim so‘zdan-so‘zga sakrar, xayolimda qorishiq fikrlar g‘ujg‘on o‘ynardi…
Nega men ularni kuzatdim? Nima uchun qayiqchalar jo‘natdim? Qanday haddim bor edi bunday qilishga? Balki o‘sha qayiqchalar bormaganida Darmon opam ilgariroq sezarmidi akamning bunaqaligini… Bugun aytaman, hammasini gapirib beraman. Ularni poylab yurganimni ham, qayiqchalar jo‘natganimni ham! Yalinib-yolvoraman, kechirim so‘rayman!..
Darmon opa oyim bilan xayrlashib, deraza oldidan kanal tomon o‘tib ketdi. Tashqariga otildim. Poyapul ustida ketidan yetdim.
− Darmon opa, to‘xtang, iltimos! Bilasizmi, men, men sizni… − Tomog‘imga allanarsa tiqilib gapirolmay qoldim. – Bilasizmi…
U menga qarab ma’yusgina jilmayib turar, men aytmoqchi gap uni qiziqtirmayotgandek edi. U strelizatorini yerga qo‘yib, menga intildi. Yuzimni issiq kaftlari orasiga olib, ko‘zlarimga tikildi.
− Gapir, polvon!
− Men… men sizni aldadim, Darmon opa! Qayiqchalarni…
Darmon opa pastki lablarini tishlab jim qoldi. Uzun va qora kipriklari orasida yosh tomchilari paydo bo‘ldi.
− Aytmay qo‘yaqol!.. – Haligi munchoqdek tomchilar yonog‘iga tushdi. Keyin iyagi tomon bir-birini quvlab oqa boshladi. – Rahmat senga, uka! – Darmon opa ortiqcha gapira olmadi. Meni bag‘riga tortib, titroq lablari bilan yosh quyilayotgan ko‘zlarimdan o‘pdi. Men uning mehr ufurib turgan og‘ushida yig‘idan to‘xtolmasdim.
− Yig‘lama, uka! – dedi u. Avval mening, keyin o‘zining yoshlarini artdi. – Shunga ham yig‘imi, a, polvon? – U jilmayishga harakat qildi. 
− Darmon opa, kechiring meni! – dedim uning ko‘zlariga tik qarayolmay. 
− Nimani? Sen nima gunoh qilding?!
− Qayiqchalarni… − deyoldim so‘lig‘imni  bosolmay. 
− Nima qayiqchalar?.. Endi oqizmay qo‘ymoqchimisan? – dedi u jiddiy ohangda. − Men esam, har kuni kutaman qayiqchalaringni!
U strelizatorini olib, sekin mendan uzoqlashdi. Yigirma qadamcha yurgach, qo‘lini ko‘tarib, ro‘molchasini silkidi.
− Mayli, ertagacha! Qayiqchalaringni esa kutaman! 
Men o‘sha kuni kechqurun Beshtomdagi opamga odatdagidan bir necha marta ko‘p qamish qayiqchalar oqizdim…

                            1978 yil. 
Nukus shahri.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.