OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fayzulla Salayev. Yettinchi bo‘rdoqi (hikoya)

Yangi davrning issiq-sovuq shabadalari bosh­lan­g‘ich sinf o‘qituvchisi Saltanat va tuman maishiy xiz­mat ko‘rsatish kombinatining rassomi Mo‘minjon Qo­bilovlar xonadonining u burchagidan bunisiga o‘tib, katta-kichik girdoblar hosil qildi, oila a’zolarining rejayu orzularini hazon kabi to‘zitib, dillariga g‘ulg‘ula soldi. Reja, orzu deymiz-u, aslida o‘tgan zamonlarda bu xil odamning ko‘kayiga doxil tushunik­lar bo‘lmagan ekan hisobi.
Nafsilamri, har doimgi bir xil mashg‘ulot: bir yo‘lakdan ishga borib, yana shu yo‘lakdan uyga qay­tish, necha yillardan beri yod bo‘lib ketgan gap­larni o‘quvchilar xotiriga joylash uchun yetti marta qaynab-qovrilish; dam olish kunlari yaganayu o‘toq, dag‘al xashak yig‘ish, terim kampaniyalarida kolxozga hasharga chiqish... bari-barchasi to‘rt nafar aka-uka ichida tantiqroq o‘sgan Saltanatni rosa charchatgan edi. Shu bois o‘tish davri qiyinchiliklari bahonasida chorak asrlik ishini kanda qilib, bozorga chiqib ketdi. Uzoq kentdagi ko‘tara bozordan mayda-chuyda olib, chakanalab sotishni kasb qilib oldi. Tabiatan tili shirin, istarasi issiqqina emasmi, qarshisidan o‘tgan xaridorni bo‘sh yubormasdi. Yoqimli muomala bilan mijozning bag‘ri-diliga kirib, hatto rastasida yo‘q molni ham pullardi – buyurtma olardi.
Natija yomon bo‘lmadi: ikki yilda buyumlar bozorida doimiy o‘ringa ega bo‘ldi; yana ikki yildan so‘ng hayhotday magazini molga to‘ldi; tag‘in bir yil o‘tib, uydagi «Jiguli» o‘rnini zamonaviy rusumli mashina egalladi. Bozorda, mahalla-ko‘yda Saltanatning nufuzi oshdi. To‘y-ma’rakada to‘rroqdan o‘rin tegadigan bo‘ldi…     
Markazdagi mashhur rassomlik o‘quv yurtini bi­tirgan Mo‘minjon xotini oldida biroz xijolat bo‘lib qoldi. Xotini bozorni tanlaganida rosa qar­shilik ko‘rsatgan Mo‘min zamona zayli bilan butunlay ishsiz qoldi.
U o‘sha yillar o‘zini omadli sanardi. Ro‘zg‘or yumushlariga qo‘lini ham urmas, barchasi xotini gardanida edi. Kunini ustaxonada o‘tkazardi. Kinofikatsiya buyurtmasi bilan suratli afishalar chizar, kolxoz-sovxoz va boshqa tashkilotlar uchun turli xil shior va plakatlar tayyorlardi. Bo‘sh qolgudek bo‘lsa, ustaxonani ichkaridan berkitib, «ijod»ga sho‘ng‘ir – tevarak-javonibdagi mashhurlar portretini moy­bo‘yoqda chizib, egasiga pullardi. «Ijod»ga urg‘u berayotganimiz – Mo‘minjon portretlar uchun mansha o‘r­nida qahramonning fotosuratidan foydalanardi. Shunga qaramay, uning suratlari ancha jonli chiqar, ularda kishi sajiyasidagi muhim xislatlar manaman deb bo‘rtib turardi.
Zamon bilan birga odamlar ham o‘zgararkan. Kinotomoshabinlar keskin kamaydi. Klublar huvillab qolgach, afishaga buyurtma ham to‘xtadi. Qo‘lda chizilgan portretlar o‘rnini istagan o‘lchamda tezkor tayyorlanadigan rangli fotolar egalladi. Aslida san’at asari – moybo‘yoq qayoqdayu hissiz texnika samari foto qayda? Ammo buni tushunadigan did, farosat qani?!. Shunday qilib, tumandagi birinchi raqamli rassom Mo‘minjon qo‘lida gulday hunari bilan bekor qoldi. Yuragidagi ijod ahliga xos yoniqlik so‘nib ulgurmagan Mo‘minjon uchun ishsizlikning ilk kunlari toshoyna vazifasini bajardi, unga qarab, o‘zini tanib olishga intildi.
Donishlarga mengzab, yarim yumilgan mushtini iyagiga tirab, tafakkur otiga minib, umri sarhadlarini aylanib boqsa, hunarli bo‘lib, ish boshlaganidan be­ri hech qanday ish qilolmabdi (pul topish, bola-chaqa orttirish, hovli-joy va mashinani istisnolaganda)… Eh-hey, orzulari osmonday edi. Orzulashga haddi sig‘ardi. Guruhida, hatto o‘quv yurtida o‘z o‘rni bor edi. Hali eskiz darajasidagi mashqlari ham o‘qituvchi-ustozlar diqqatini tortardi, munozaralarga sabab bo‘lardi. Tugallangan asarlari o‘rni ko‘r­gazmalar to‘­rida edi (albatta, so‘z talabalar ko‘r­gazmasi haqida boryapti). Mo‘minjon Qobilov ijodining ilk davriga mansub «Sog‘inch» deb nomlangan bir moybo‘yoq portret hali-hanuz bilim yurtiga kiraverishdagi suratlar orasida osig‘liq turibdi…
Afsus, endi bular bari o‘tmish, xotira…
O‘shanda ustozlar o‘gitiga ko‘nib, o‘qish-izlanishni davom ettirganda balki bu ahvolga tushmagan bo‘­lar­midi… Mo‘minjon uzoq mushohadadan so‘ng jilla qur­sa biror buyurtma olarman degan ilinjda Rassomlar uyushmasining viloyat bo‘limiga bosh urdi. Uyushmaga a’zo emasligini yuziga solishib, tuzukroq qabul ham qilishmadi…
Nima qilsin, ikki nevaraga andarmon bo‘lib yuraversinmi? Xotini qavatiga kirayin desa, savdoni umuman jini suymaydi. Sotish u yoqda tursin, shu kungacha o‘zi yoki bolalari uchun paypoq ham xarid qilmagan. Qurilish, dehqonchilikka esa, bo‘yin yor ber­maydi. Umrida biror jismoniy ish qilganini eslol­maydi…
Saltanatga baribir, bu mavzuda gap qo‘zg‘alsa, «gullarga bog‘bon, uyga qorovul ham kerak-ku», – deb ma’noli kuladi.
O‘g‘il, kelin va ikki nevara – olti jondan iborat bu oilada hamma narsa yetarli edi. Yetarligina emas, ortiqcha. Uyda hafta desak lof bo‘lar-u, oy sayin biror yangi jihoz paydo bo‘lardi. Odam bo‘yli sovutgich, ekraniga quloch yetmaydigan televizor, yozda sovutib, qishda isitadigan allambalo texnikalar olindi. Bu xil ashyolar «qishloqcha» uyga yarashmasligi ro‘kach qilinib, xonalar «evrota’mir»dan chiqarildi…
Bekorchilik, qolaversa, vaqt sayin sotuvdagi mollari va uydagi jihozlarga mutanosib ravishda dimog‘i o‘sayotgan xotiniga boqimanda bo‘lib qolayotgani alam qilardi Mo‘minjonga…
Kunlarning birida Saltanat yangi gap topib keldi: keyingi paytda odamlar boyiyotganmish; shu sabab hech kim go‘shtsiz ovqat yemasmish; go‘shtning qim­mat­lashayotgani shundanmish…
– Buning menga qanday dahli bor? – sabrsizlandi Mo‘minjon.
– Dahli bo‘lgani uchun aytyapman, – dedi Saltanat ovoziga jiddiy ohang berib. – Ho‘kiz, aniqrog‘i, bo‘rdoqi boqasiz! Bekorchilikdan to‘ydim deb, jonimdan to‘ydirdingiz-ku…
– Shu-shu, shapaloqdek hovlida-ya?..
– Berdisini eshiting! Hovlining oyog‘idan eshik ochib, molxona quramiz. Ko‘kalamzorlashtirishga qol­dirilgan zonada. Rahbarlar ishlayman degan odam bo‘lsa, dobro beryapti. Hokimlikka borib, o‘zim olib beraman ruxsatni sizga...
Mo‘minjonni ter bosdi. Xontaxtadagi choynakdan piyolaga sovuq choy quydi, bosib-bosib ho‘plaganicha jim qoldi. Saltanat so‘zida davom etdi:
– Molning zoti yaxshi bo‘lsa, o‘t-emi yetib tursa, kuniga bir kilodan semiramish…
Xotini miyasida masalani rosa pishirgan shekilli, avvalgi buromadu keyingi daromadni ipidan ignasigacha hisoblab, eri oldiga dasturxonday yozdi.
– Bug‘altir bo‘p ket-ey, – dedi nihoyat Mo‘min. – Buning barini men qilamanmi?! – Mo‘minning tovushida hadik va zarda aralash edi.
– Boshqa kim, menmi? – dedi Saltanat ilkisdan, keyin yumshab, qo‘shib qo‘ydi, – ulgurmasangiz, moyana berib, odam yollaymiz… Qolaversa, molxonani modern – zamonaviy qilib quramiz. U yerda odam ishlab charchamaydi, zavq oladi…
Keyin xotini barmoqlarini ishga solib hisobga ko‘chdi. Mo‘minjon xotinining bir gapiga tushunsa, ikkinchisini anglamay tingladi. Xotini:
– Go‘nginiyam sotamiz, bir mashina go‘ng yuz ming so‘m! Kunjara yegan mol go‘ngi yanada qimmatroq. O‘n bo‘rdoqi oyiga bir arava o‘g‘it beradi.., – deganida chiday olmadi:
– Nima qilasan shuncha pulni, nima yetishmayapti senga?! – dedi ovozini balandlatib.
– Yo, alhazar! Yo, tavba!.. Kuniga million topayotgan odamday gapirishini qarang! Pulni nima qilishini bilmaydigan odam ham bor ekan bu zamonda…
Mo‘min xotiniga bir o‘qraydi-da, tortmadan sigaret olib, hovliga yo‘naldi…
– Tavba, shunaqayam odam bo‘larkan, pulni nima qilarmishmiz! Avval sen bel og‘ritib bir tanga topib ko‘r! Dalli-darvesh!..
Saltanat bu gapni o‘zicha aytgan bo‘ldi. Lekin qiya ochiq eshik orqali gap egasiga yetdi. Mo‘minjon yondirilgan sigaretni ezg‘ilab, tok tagiga otdi. Uni xotini birinchi marta sensiramoqda edi…
Xullas, ikki hafta o‘tib-o‘tmay hovli tashida Sal­tanat aytmoqchi «modern» molxona paydo bo‘ldi. Uzunasi hovli bilan barobar molxona uch bo‘lak edi. Yem-xashak uchun mo‘ljallangan qism ikki qavat qilib qurildi: pasti kunjara, omixta, kepak kabi yemishlar uchun; ikkinchi qavat xashak uchun. Ikkinchi qavatning bir burchida xashak maydalaydigan elektr uskuna. U har qanday dag‘al o‘tni, hatto g‘o‘zapoya, chuchukmiya kabi qattiq xashaklarni kukunga aylantirib beradi. Ikkinchi bo‘lma oshxona vazifasini o‘tardi. Bu yerga g‘ishtin o‘choq qurilib, katta doshqozon o‘rnatildi. Qo­zonga yemxonadan nov orqali xashak kukuni oqib tushadi. Aralashma mollarga pishirilib berilsa, yuqimli bo‘larmish. Uchinchi bo‘lma – mollar uchun xo­na, alomatxonaning o‘zi. Devorning odam bo‘yichalik qismi betondan quyilgan. Bo‘rdoqi novvoslarga g‘ish­tin devor dosh berolmasmish. Xona yetti bo‘rdoqiga mo‘ljallangan, hayvonlar orasi ko‘krakdan keladigan beton to‘siq bilan ajratilgan. To‘siqlar orasi bir mol bazo‘r yotib-turadigan darajada tor. Demak, ortiqcha harakat qilmaydi – yog‘ boylaydi. Mollar bir-birini ko‘rmaydi, bezovtalanmaydi – semiradi. Xona ichi nim qorong‘i. Zulmatda hayvon tezroq et to‘p­larmish. Old tomondagi oxur ham, orqa tarafdagi najas oqadigan nov ham betondan bejirim qilib ishlangan. Qalin taxtadan nishabroq qilib yasalgan, poliga linoleum to‘shalgan. Bu joy ayni paytda mollar uchun dushxona ham edi. Molxonadan chiqqan axlatu yuvindi yon tarafdan qazilgan sig‘imi yuz kublik maxsus hovuzga to‘planadi…
Mo‘minjon xotinining anoyilardan emasligi­ni mollar keltirilgan kuni bildi. Mollar u o‘y­la­gandek mahalliy bozordan emas, qo‘shni tumandagi bo‘rdoqichilik fermasidan keltirilgandi. Tuman ve­terinariya ambulatoriyasi bosh do‘xtiri Zarif zargar o‘rinbosari bilan, yetti ajdodining kasbini begona qilmay, ikki o‘g‘liga o‘rgatayotgan Matyoqub qassob bir bolasi bilan, molxona qurilishida ishboshilik qilgan sobiq prorab Hoji kal va shogirdlari shu yerda hoziru nozir bo‘lishdi. Yoshlar kattalar nazorati ostida novvoslarni mashinadan tushirishib, o‘rinlariga zanjirband qildilar. Buqachalar yettita emas, oltita edi. Fermada bori shu ekan… Ular qaddi-basti bir-biridan ko‘rkam, uzun bellik, zotdor bo‘rdoqilar edi.
Bu kun yaqin o‘tmiщda tamoyil bo‘lgan seminar-ko‘rikka o‘xshab ketdi. Uskunalar ishga tushirildi, kun salqin bo‘lishiga qaramay, bo‘rdoqilar cho‘­mil­tirildi. Mollarga beriladigan ozuqa ratsioni, oziq­­lantiriladigan vaqtlar aniqlandi. Darvoqe, cho‘­­­­­miltirish asnosida qiziq hodisa ro‘y berdi: Mo‘­minjon oxirgi – yettinchi bo‘sh o‘rindagi sachratqich tagiga borib, jo‘mrakni berkitishga unnayotganida Hoji kal elektr motorni qo‘shib yubordi; bo‘rdoqilar qatori uy egasi ham «cho‘mildi» – usti-boshi shalabbo bo‘ldi. Molxona erkaklar kulgisidan portladi.
– Mana, yettinchi bo‘rdoqi ham topildi, – dedi Zarif zargar o‘zini kulgidan bazo‘r to‘xtatib.
Mo‘minjon do‘xtirning hazil-mazaxini eshitmadimi yoki eshitmaganga oldimi, barchaga qo‘shilib xoxoladi. To‘nganidan yelkasini qisib, uyi tomon chopdi. Keyin bu o‘ziga xos tadbir uyda – bir piyola choy ustida davom etdi.
– Chorva yetti xazinaning biri, – tomoq qirdi Zarif zargar, limmo-lim to‘ldirilgan billur qadahni qo‘liga olarkan, – Saltanat, Mo‘minjon, zap ish boshladingizlar. Sarf qilingan xarajat har olti oyda ikki barobar bo‘p qaytmasa – men kafil!.. Og‘il klassniy qurilgan. Hojivoyga rahmat! Biroq kichkina… Mayli start uchun yetarli. Keyin kengaytiraverasizlar. Menimcha, bugun buyuk bir ishga qo‘l urildi – «Mo‘min Qobil» bo‘rdoqichilik fermasiga asos solindi. Ha, aytganday, fermani ro‘yxatdan o‘tkazishni maslahat beraman. Nalogi arzimas, hatto avvalgi uch yilda sariq chaqa ham to‘lamaysiz, menimcha. Za to yemni o‘z bahosidan olasiz!.. Shu qadahni «Mo‘min Qobil» fermasining, to‘g‘rirog‘i, bo‘rdoqichilik kompleksining ke­­lajagi uchun ko‘taramiz!.. – Zargar paymonasini bir ho‘plashda bo‘shatdi. – Qani, olinglar, Hojivoy, Sal­tanat, olinglar! Mo‘min, tumovlab qo­lasan, ol, qol­dir­may ol!..
Shu yo‘sin mehmonlar o‘z bilganlaricha mas­la­hat berishdi. Yordamlarini ayamasliklarini ur­g‘u­lashdi…
Mo‘minni erta sahar Saltanat uyg‘otdi:
– Hov, xo‘jayin, tursinlar! Qulog‘ingizda kana inlaganmi?!. Bo‘kirishyapti buqalar, qo‘shnilardan uyaling, turing, ul-bul bering!.. – Xotini ustidan ko‘r­pani sidirib tashladi. – Xurmachaga qarab ichadilar, kecha uchib qoldingiz!.. Kechki ovqatini Tirkash berdi, nimani tushunadi shu erkatoyingiz, qaysi yemdan qancha berdi, yolg‘iz Xudoga ayon…
Mo‘minjon o‘rnida o‘tirganicha kerishib, kiyina boshladi. Xotini javrashini to‘xtatmadi:
– Bu borishda meni xonavayron qilasiz. Tamom, bundan keyin bir tomchi ham ichmaysiz!..
– Bo‘pti, biz uchun ham o‘zlari ichaversinlar, – kesatdi Mo‘min.
– Voy-voy-ey! Shugina ichganim ko‘rina qoldimi, uyaling-ey! Ichganda so‘zim buzilmasa… Hozir-chi, ham­­ma ichadi.
– To‘g‘ri, so‘zing buzilmadi, biroq ko‘zing suzildi!..
– Nima, nima dedingiz?! Siz haliyam mastsiz. Tuzaling, bu mavzuda siz bilan ayricha gaplashaman!.. – o‘shqirdi xotini.
– O‘chir-ey! Namuncha baqirasan, bolalardan uyalsang bo‘lardi!..
– Siz uyaling! Farishtaday jufti halolini «ko‘z suzdi»ga chiqarib o‘tirgan…
– Ha, erkaklar bilan bo‘kkanicha ichishadigan farishta!.. – Mo‘min yana nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, so‘z topolmadi, qo‘llarini havoga ko‘tarib, asabiy silkitdi, boshini changallaganicha xonani tark etdi…
Bu dahanaki jang Saltanatning er xohish-iro­dasiga qaramay maktabdagi ishini qo‘yib, bozorga chiq­qanidayoq oraga tushgan devorning oshkor bo‘y ko‘r­satishi edi.
Er-xotinni qo‘shchi ho‘kizlarga o‘xshatishadi. Ikkalovi bir maromda harakat qilmasa, pozna izdan chiqadi. Ho‘kizlar istagi o‘z yo‘liga. Yer gohida qattiq, ba’zan toshloq, ba’zida botqoq. Omochni tekis tortish osonmas. Bunday paytda ho‘kizlar aybni bir-biridan izlaydilar.
Mo‘minjon boqqa chiqqach bosib-bosib sigaret tortarkan, bugungi san-manni bu xil mojarolarga o‘xshatmadi. «Nima bo‘lyapti o‘zi, Saltanatga ne bo‘ldi? Nahotki, qo‘lga kirgan arzimas daromad – bir siqim la’nati amirkon pul shunchalik qudratli bo‘lsa, chorak asrlik (muhabbatni qo‘yaturaylik) oilaviy rishtalarni kunpayakun qilishga qodir bo‘lsa?! U qanday joduki, Saltanatday toblangan, axloq-odobdan sa­boq bergan odamni ham o‘z nag‘masiga o‘ynatsa?.. Ha, o‘ynatyapti… Bu yog‘i ne bo‘ldi?.. Nahotki, bariga alvido?! Nahotki, bu yog‘i sarson-sargardonlik?.. Yo‘q, hech bir kuch meni nevaralarimdan ayirolmaydi!.. Qolaversa, men daho emasman, elkezarlik ularning ishi!..» Mo‘minning xayolini xotinining ovozi buzdi:
– Namuncha tortmasangiz o‘sha zahri qotilni! Yuring, xabar olaylik novvosjonlaringizdan!..
Tavba, xotini kulib turardi. Oradan hech gap o‘tmaganday… Bu yaxshilik alomatimi yoki… Balki o‘sha joduning sehridir?..
Mo‘min yelka qisib qo‘yib, xotiniga ergashdi.
Tirkash yoki kelini bo‘lsa kerak, yemni qaynatib qo‘yishgan ekan. Xashak maydalab, aralashtirishdi, maxsus metall supaga yoyib, sovugach mollarga taq­simlashdi. Sug‘orishdi, taglarini tozalashdi. Mo‘­min­jon ko‘zlariga ishonmasdi. Saltanatning ha­­­ra­kat­lari bir umr og‘ilda ishlab kelayotgan chorvador­ni eslatardi. «Xabar olish» bir yarim soatcha davom etdi.
– Keyinroq elektr bo‘lmay qolishi mumkin, tushligiga bir bunker xashak maydalang!.. Yem bilan ara­lashtirib, olovni pastroq qilib qo‘ysangiz ham bo‘­laveradi. Men ketdim. Nonushta tayyorlayman. Ko‘n­­gillari nima tusaydi? Quymoq qilaymi yoki… Ayt­moq­chi, kechagilardan ilitaman, – dedi xotini peshonasidagi terni sidirib.
– Bilasan-ku, men ertalab hech narsa yemayman. Bir piyola choy…
– Yemasdingiz, endi yeysiz! Yemasangiz bu ishlarga yarab bo‘psiz!.. – dedi Saltanat ovoziga nozli ohang berib, – qaysi yemdan qancha qo‘shishni bilasiz-a? Men ketdim…
Nonushta ustida ham xotini o‘zini juda mehribon ko‘rsatdi. Hatto bosh og‘riqqa ellikta quyib berdi. Mo‘minning qitmirligi tutdi:
– Birga ichamiz! – dedi.
– Nimalar deyapsiz, piyonistaga chiqaring-a, indamagan sayin!..
– Ha endi, siz hamma bilan ichavermaysiz-da…
Keyingi gap xotiniga yomon botdi. Shaxt kelib, Mo‘minning qadahiga chang soldi.
– Ichsam, sizni, shu xo‘jalik – oilamni deb ichdim. Bildingizmi?! Siz bilan... shunchalar zarur bo‘lsa! – Saltanat billur jomni bir ko‘tarishda bo‘­shatdi.
Mo‘min angrayib qoldi: u o‘zining ko‘zu quloqlariga ishonmasdi.
Nahotki, shu ayol chorak asrlik yos­diqdoshi Saltanat bo‘lsa? Odam boshqa birovga evrilishi uchun qancha vaqt kerak? Bir necha yilmi yoki biror soat yetarlimi? Yo‘q, vaqt buzmaydi insonni! Uni pul buzadi, saltanatlar aytmish «ko‘k»i buzadi…
– Shu bilan ko‘nglingiz joyiga tushdimi? Mana, endi oling! – Xotini ko‘zlarini ayyorona suzganicha kulib, eriga qadah sundi. Mo‘min qadahni qo‘liga oldi. Ikkilanmay xotinining yuzi-ko‘zi aralash bar­qut xalat yoqasidan «M»ga mengzab ko‘rinib turgan ko‘kragiga sepdi. Bo‘sh qadah stol ustidagi boshqa idishlarga tegib, jarang berdi, chil-chil sinib, to‘rt tarafga sochildi…
Voajab, Saltanat yana qiliq ko‘rsatdi – lom-mim demadi. Yuzini sochiq bilan artib, dasturxonni tartibga keltirdi. Shisha siniqlarini terdi, likopchaga solib, sollana chiqib ketdi… O‘n daqiqacha o‘tgach xona eshigini qiya ochib:
– Dadasi, men ketdim, – dedi negadir jilmayib, – istasangiz bufetda ochig‘i bor!..
Saltanatdagi loqaydlikka o‘xshash kayf Mo‘minga ham o‘ta boshlagandi. Indamadi. Go‘yo eshitmadi…
– Buyog‘iga Tirkashning o‘zi tashiydi bolalarini bog‘chaga. Sizning moldan bo‘lak ishingiz yo‘q. Unutmang – ozuqa vaqtida berilsagina semiradi… Mollarni sizga, sizni Yaratganga topshirdim. Yaxshi qoling!..
Eshik yopilgach Mo‘min ohista uh tortdi. Bufet oldiga borib, ketma-ket ikki qadah ko‘tardi, gazagiga sigaret tutatib, o‘zini oromkursiga tashladi…
«Eh, dunyoi kajrav, ey, bevafo falak! Ayt, ne yozig‘im bor edi mening?! To‘g‘ri, xotinimni vaqtida bozordan qaytara olmadim. Yuganini ustiga tashlab qo‘ydim… Aybim – mo‘min-qobilligimmi! Darvoqe, mo‘­min-qobillik aybmi, ojizlikmi erkak kishi uchun?!.»
Mo‘min roppa-rosa to‘qqiz yarimda uyg‘ondi. Ayni yem vaqti. Qozondan olib sovutguncha o‘n bo‘ladi. Og‘il tomon shoshildi. Uning qo‘li ishdayu, xayolini ertalabki mojaro bir zum tark etmasdi. O‘ylana-o‘ylana yana mo‘minligiga bordi.
«Saltanatni ham tushunishi kerakka o‘xshaydi. O‘zi aytmoqchi, barini shu xonadon deb qilyapti, boyaqish. Ertalab og‘ildagi harakati-chi, bir erkakday ishladi-ya… Aroqni yuziga sepsam ham miq etmadi. Sal oshirvormadimmi ishqilib…»
…Kun ketidan kun o‘tib, yoz ham boshlandi. Mo‘­minning navvoslari yangi sharoitga moslashib, ish­tahasi karnay bo‘lib ketdi. Bu orada Saltanat yangi gap topib keldi. Tabiiy sharoitda o‘sgan ko‘k o‘tlar bo‘rdoqilar uchun ayni darmondorilar manbai sanalib, ozuqa birligi juda kuchli bo‘larmish. Buni hafta-o‘n kunda mollardan xabar olib turgan Zarif zargar ham ta’kidladi.
Xullas, yangi rusumdagi mashina tepasiga chertak o‘rnatildi. Mo‘min har kuni bir marta – soat o‘ndagi yem bilan tushlik oralig‘ida Suvliqqa qatnaydigan bo‘ldi. Suvliq o‘n besh chaqirimcha keladigan daryo yaqi­nidagi sholi ekiladigan massiv. Chel-chebiru marza, ariq-zovur yoqalarida o‘t mo‘may – qamish, bug‘doyiq, kurmagu g‘umaylar odam bo‘yi o‘sib yotibdi. Biroq bu yerda har qarich yerning egasi bor. O‘zbekning tanish-bilishga egiladigan odati yaxshi-da. Mo‘minning yo‘lini hech kim to‘smaydi. Eng qimmat va ko‘rkam mashinada o‘tga qatnaydigan bu boyvachcha molboqarni hamma taniydi, siylashadi. Hatto mavridini topib, hol-ahvol so‘rashadi, mollarini surishtirishadi. U istagan joyidan xohlaganicha o‘t o‘rishi mumkin…
Ho‘kizlar ishtahasi ochilib, ishning ko‘payib borayotgani Saltanatni zarra qiziqtirmas, u har kech­qurun birrov mollarni ko‘zdan kechirar, eri ishlarini ma’qullab, alqardi. Eriga e’tibor uyda ham o‘zgargandi. Ho‘kizlar kabi Mo‘minning ham ratsioni yaxshilanib borar, ilgarilari faqat mehmon kelganda ochiladigan sarxil ichimliklar saqlanadigan bufet sari yo‘lakda doimo yashil chiroq porlardi.
Mo‘min taqdiridan nolimay qo‘ydi. U bo‘r­do­qi­chilik bilan bog‘liq ishlarni atrofdagilarning havasini keltirar darajada sidqidildan, fav­qu­lodda bir g‘ayrat bilan bajarar, charchoqqa bo‘y bermasdi. Qa­riyb hamma vaqtini molxonada o‘tkazar, har bitta mol bilan «tillashar»di. Har kuni bir marta yettinchi o‘rinda bo‘rdoqilar qatori cho‘milardi. Mo‘min mollarga yaqinlashgan sari odamlardan yi­roqlashib borardi. Buni o‘tgan yakshanbada o‘zi ham sezib qoldi. Novvoslarga tushki yemni berayotgandi. Orqa tomonidagi yo‘lakda qo‘llarida bir siqimdan o‘t bilan yurgan nevaralari – Sanjar va Sevaraga ko‘zi tushdi. G‘azab bilan o‘shqirdi:
– Hey, shaytonlar!.. Kim chaqirdi sizlarni bu yerga? Yo‘qollaring! – baqirgani yetmagandek qo‘lidagi panshaxa bilan o‘dag‘ayladi. – Keting bu yerdan!..
Bunday po‘pisani umrida eshitmagan Sanjar ko‘z­lari ola-kula bo‘lib, turib qoldi. Kichkintoyi esa bo‘sh kelmadi:
– Bobo, shaytonmashmiz, bizlaymiz. Innaykeyin, ashta aytshangizam ketaviyamiz… – dedi kipriklarini pirpiratib.
Mo‘min toshday qotdi. O‘ziga kelib, bolalar tomon aylanib o‘tdi. «Salom!» deya cho‘zgan qo‘liga bolalar kaftlarini jimgina tekkizishdi. Mo‘min Sevarani ko‘tarib oldi. Bo‘rdoqilarning old tomoniga olib o‘tdi.
– O‘tni mollarning bosh tomonidan kelib berish kerak. U yog‘idan kelsanglar, tepvorishi mumkin. Men shundan qo‘rqib… baqirdim sizlarga!.. – dedi bobo uzrxohlik qilgandek…
Uyga qaytayotganida opichidagi Sevaraning:
– Bobo, nega shizdan molding iyshi keladi? – deya so‘ragani baridan oshib tushdi. Mo‘min javob berolmay qoldi. Tomog‘iga allanarsa tiqilib, ko‘zi namlandi… «Yig‘layapman. Demak, odamman, hali hay­vonga ay­lanmabman. Insonman!..»
– Bobo, nega yig‘layapshiz? Ho‘kijlay xafa qil­dimi shizdi?..
– Ko‘zim og‘riyapti, qizim! Mol ham xafa qiladimi odamni...
Tushlikka tortilgan qalampirdo‘lmadan kelini ko‘ngli uchungina totindi. Ishkom tagidagi so‘riga cho‘zilib, xayol dengiziga g‘arq bo‘ldi.
«Kecha kim edim?
Bugun kimman?
Ertaga kimga aylanaman?»
Novvoslar olingandan buyon nevaralari bilan mundoq bir ko‘ngilochar suhbat qurmabdi yoki shaharga tushmabdi. Mahalla-ko‘y va qarindoshlardagi to‘y-hasham, ma’raka-majlisga ham chiqmabdi, o‘g‘li Tirkashni jo‘natibdi. Kitob u yoqda tursin, biror gazeta ham o‘qimabdi…
Mol egasiga o‘xshamasa o‘larmish. Ehtimol bu gapda jon bordir. Ammo egasi moliga o‘xshashi ham tayin shekilli… Ilgari Mo‘minga ilhom bag‘ishlagan yashil qiru dalalar, atlas bilan rang talashadigan qamishzorlar bugun uning ko‘ziga bitmas-tuganmas ozu­qa manbai bo‘lib ko‘rinadi. Qarab o‘txo‘r hayvon singari yutinadi… «Zarur texnikang, kuch-qudrating bo‘lsayu barini o‘rib, g‘aram qilsang… Yuz, minglab bo‘rdoqi boqsang…» deya orzulaydi.
Bas, yetar! Shu bugun Saltanatning oldida masalani ko‘ndalang qo‘yadi: yo ishchi yollanadi; yoinki bo‘rdoqilar go‘shtga topshiriladi; yoki molbertu mo‘yqalam, bo‘yoq­larini olganicha «hoyyu-huyt!» – (Alvido, Saltanat! Salom, Ilhom parisi!). Qisqasi, paykon tig‘i etdan o‘tdi, suyakka yetdi!..
Shunday xayollar bilan pinakka ketgan Mo‘min yem berar vaqt bo‘lganda dasturlashtirilgan robotday sapchib o‘rnidan turdi. Molqo‘ra tomon shoshdi. Og‘ilga kirib, doshqozonda «biq-biq» qaynayotgan omixta yem hididan sarmast bo‘lib, boshi aylandi, yutindi. G‘ayrat va ishtiyoq bilan ishga sho‘ng‘idi. U bo‘rdoqilar oxuriga pishirilgan yemni chelaklab quyib chiqqandan keyin ham mollar atrofida parvona bo‘ldi – badanlariga yopishgan xas-cho‘plarni terdi, maxsus taroq bilan qashladi, yag‘rinlarini yengil shapatilab, erkaladi. Silab-siypalash, erkalashlar mollarga xush yoqardi, hatto yeyishni to‘xtatib, kerilganicha turib berardi. Mo‘min har bitta bo‘rdoqining ovqatlanishini diqqat bilan kuzatar, bundan o‘zida shirin bir lazzat va huzur tuyardi. Oziqlantirish tugagach mollarni cho‘miltirdi, o‘zi ham yettinchi o‘rinda yuvindi… Uyga qaytayotib yana so‘riga cho‘zildi. Uzoq mushohadadan so‘ng qarorga keldi: «Men – odam emasman!..»
Shu kuni Saltanat ishdan vaqtliroq qaytdi. Yollanma mashinada qo‘yni-qo‘nji liq to‘la – bir necha yelim xalta mayda-chuyda, qutichalarda sarxil shirinlik, meva-cheva, qovun-tarvuz bilan keldi. Allaqancha katta-kichik, rango-rang idishlarda issiq-salqin deganday ichimliklar ham bor edi.
– Bolalar bir yayrashsin, dedim, dadasi. Yoz – pishiqchilik o‘tib boryapti.
– Ha, yeb-ichganlari yaxshi, ammo bular... – shishalarga ishora qildi Mo‘min.
– Zargarning viloyatdan kelgan mehmoni bor ekan. Bo‘rdoqichilik bo‘yicha olimmish. Kafe-mafeda choy ichirib yuboraversam ham bo‘lardi-yu, novvoslarni bir ko‘rsin dedim… Har qalay mutaxassis, bilgich bo‘­ladi…
Mo‘min xotinining orqalanib kelishi boisini ang­laganday bo‘ldi, biroq Zarif zargarning meh­moniga nima uchun choy ichirishi kerakligini tu­shun­madi. Ammo tiliga chiqarmadi. Yelka qisib, qo‘l­larini yozganicha «Mayli, qarshimasman» ishorasini qildi.
Mehmonlar mollarning kechki ovqati paytida kelishdi. Ular uch kishi edi – markazlik olim, zargar va uning muovini. Olim degani o‘tgan yili nomzod bo‘lgan mol do‘xtiri ekan. Elektr yorug‘ida mollarni ko‘zdan kechirgan bo‘lishdi. Ratsion bilan qiziqishdi. Molxonada ham, dasturxon ustida ham novvoslar yaxshi boqilayotgani aytildi. Egalari sha’niga ol­qish­lar yog‘dirildi.
– Qobiliyat, talant degani bitta bo‘ladi. Kimga ato qilinsa, o‘sha odam qaysi ishga qo‘l ursa, uni gullatadi. Rassomchilik qiladimi, artistchilikmi, mol boqadimi, qatiy nazar, shu sohaning peshraviga aylanadi, – deya qadah so‘zi boshladi Zarif zargar. – Mo‘minjon shunday talantli inson. O‘tgan uch oy uning uchun o‘rganish davri bo‘ldi. U tumanimizda tengi yo‘q rassomgina emas, bo‘rdoqichilik ustasi ekanligini ham isbotladi. O‘zlaring ko‘rdinglar, uch oy badalida har bitta novvos kamida yigirma-yigirma besh foiz et to‘plagan. Bu bir yilda ikki barobar foyda degani emasmi. Menimcha, ferma faoliyatini kengaytirish davri keldi. Yetti mol boqding nima, yetmish mol boqding nima!.. To‘g‘ri, bu xil zotli mol hozir viloyatda yo‘q. Lekin dovonning naryog‘i – qo‘shnilarda bor. Faqat buqachalar olib kelmay, sigirlar ham kel­tirib, ularni o‘zlarimiz ko‘paytirishimiz kerak. Mo‘minjon, birinchi oxurdagi qora novvosingiz zo‘r ekan, otini «Zuluk» dedingizmi, uni urug‘ uchun asrash kerak… – Zarif zargar so‘zi oxirida o‘tgan safardagidek «Mo‘min Qobil» bo‘rdoqichilik kompleksining kelajagi uchun qadah ko‘tarishni taklif etdi…
Bir qo‘lida qadah bilan notiq og‘zini poylagan Mo‘min aftini bujmaytirdi, bo‘sh qo‘li bilan peshonasini ikki bor ohista shapatiladi. Buni hech kim sezmadi…
Mazkur tilak va takliflar uddaburo Saltanat yuragida bir haftalardan keyin aks sado berdi. Bir oqshom uyqu oldidan gap boshladi:
– Dadasi, ro‘zg‘oru bozordagi ishlarimiz zo‘r!.. Bundan ortig‘i bo‘lmaydi.
– Xo‘sh, endi o‘tga vertolyotda qatnaymizmi?..
– Avval tinglab oling! – dedi Saltanat jilmayib va xitoyi tun kiyimdagi bo‘liq vujudini ko‘z-ko‘z qilgandek qilpanglab kelib, eri yelkasiga qo‘lini tashladi. – O‘zingiz sezavermaysiz, novvoslaringiz ham bo‘yiga, ham eniga o‘syapti… Har biri o‘rtacha bir yarim qo‘shdi deylik. Bu oyiga uch «limon» degani emasmi? Gap oltita novvos haqida boryapti. Ular yigirma, o‘ttiz, zargar aytgandek, yetmish bo‘lsa-chi, biz kim bo‘lamiz?!. Bir tasavvur qiling, ikki-uch yil o‘tib... balki milliarder!..
Saltanat loqaydgina o‘tirgan erini bo‘ynidan qu­chib, yuziga yuzini qo‘ydi. Mo‘min jilmayganicha:
– «Milliarder»ning oldiga «multi»ni qo‘shgin, – deya xotinining beliga qo‘l soldi…
…Oromkursida yastanganicha tafakkurining hor­g‘in oti jilovini yana qo‘yvordi.
Asli bu xotin odam bolasimas. Jodugarning o‘zginasi. Nima gapi bo‘lsa ko‘ndiradi. Ammo o‘zi biron so‘zga ko‘nmaydi. Doimo shunaqa. Qizligidan beri... Shu qilig‘i sabab to‘ylari ham qishning qora sovug‘ida, ota uyining yozlik ayvonida palto-po‘stinlarga o‘ran­gan-chirmangan holda o‘tgan. Ammo-lekin yaxshi o‘t­gan. Jo‘ralari ancha vaqtgacha aytib yurishdi: «Yurakda muhabbat o‘ti gurkirab turganida o‘ttiz darajalik sovuq nima bo‘pti. Buni Mo‘min amalda isbotladi». Aslida Saltanat isbotlagandi…
Shunday… Mo‘min har safar ming bitta raddiya dalil bilan uni u yoki bu yo‘ldan qaytarishni diliga tugib, gap boshlaydi. Ikkinchi gapga bormay tili tutilib, inon-ixtiyorini yo‘qotadi, masala Saltanat foydasiga hal bo‘ladi. Shunday bo‘lgach bahs-mu­nozaradan ne manfaat… Jodugar, jodugar… Am­mo ajoyib xotin!..
Mo‘minning xayolini yonginasiga kelib, sochlariga tartib berayotgan xotini ovozi buzdi:
– O‘n sakkiz yashar yigitday namuncha xayol surasiz? Turing, yuvinib chiqquningizcha asalli choy tayyorlayman!..
Gapning indallosi asalli choy ustida aytildi. Yetti xosiyatli son emish. Og‘ildagi yettinchi o‘rinning bo‘sh turishi yaxshilik alomati emasmish… Xullas, Mo‘minjon yettinchi bo‘rdoqi uchun indinga – shanba kuni saharlab dovon oshib ketadigan bo‘ldi. Bu yurish o‘ziga xos razvedkamish. Qo‘shni viloyatdagilar bo‘r­do­qilarini qanday boqishyapti, o‘rganib qaytarmish. Tuyoq sonini yana ko‘paytirgudek bo‘lishsa, qaerdan va kimdan olish kerakligini bilib kelarmish.
Saltanat o‘rnidan turib, chekkadagi stol g‘a­la­do­nidan buklog‘lik idora qog‘ozini keltirdi.
– Mana, hammasi yozilgan. Dovon oshilgach birinchi kent – Jo‘shbuloqqa yaqin ekan. Katta trassadan emas, tog‘ yoqalab o‘ng tomonga o‘n besh chaqirim yurilsa bo‘ldi ekan. Qir ustida shunday ko‘rinib turganmish. Turdiboy ota. Telefoni mana, yozilgan. Fermasining nomi ham shunaqa – «Turdiboy ota». Narxini aytmabdi. O‘sha paytda kelisharmish. Ko‘kartirib qo‘ydim, savdolashasiz…
Mo‘min qog‘ozga ko‘z yugurtirdi. Unda qalamda chizilgan yo‘l tarhi va telefon raqamidan bo‘lak hech narsa yo‘q edi.
– Telefonini sotkangizga ko‘chiring, bo‘ldi. Surishtirib ham topasiz. Bir tog‘lik yuz chaqirim doiradagi tog‘likni tanirmish. Qolaversa, Turdiboy ota mashhur odam…
Haydovchi Mo‘minning tengquri, juda so‘zamol yi­git ekan. Tumandagi yo‘l idorasida yigirma yil «ZIL» haydabdi. Uzoq Sharqdagi ikki yillik harbiy xizmatni ham «baraban tovlab» o‘tkazgan ekan. Yo‘l idorasida ish o‘rinlari qisqargach mana shu bortli «UAZik»ni sotib olib, tirikchilik qilayotgan ekan. O‘z kasbini jonidan ortiq sevarmish. Qaysi mashinani haydasa, «gullatib» qo‘yarmish, qush kabi uchirarmish... O‘zini Samad deb tanishtirgan bu yigit dovongacha bo‘lgan uch soatlik yo‘l davomida biron tanaffussiz gapirdi. Birinchi muhabbatidan boshlab, oilasiyu aka-uka, opa-singillari haqida berilmagan ma’lumot qolmadi. So‘ngra gap mavzu­si bo‘rdoqichilik bahonasida Mo‘minning oilasi va hayotiga ko‘chayotganida yaxshiyamki dovon boshlandi. Miqtidan kelgan bu «sayroqi» yigit negadir Mo‘­minning diliga o‘tirmadi. So‘zu harakatlari yasama, nosamimiy tuyulaverdi. Birinchi uchrashuvdayoq shunchalik to‘kilib-sochilishi sababini tushunolmadi.
Dovon poyida mashinani to‘xtatgan «YPX» xodimi hujjatlarni tekshirarkan:
– Yangimi, aka? – so‘radi mashinaga ishora qilib.
– Qayda bularning yangisi, yigirma beshda, yigit yoshida! – dedi Samad mamnuniyat va viqor bilan. So‘ng Mo‘min tomon «mana, ko‘rdingizmi?» degandek ko‘z qisib qo‘ydi.
Mo‘min shundan so‘nggina kabinaga razm solib qaradi – qo‘g‘irchoqday bezatilgan, o‘rindiqlarga charm qoplangan, qoplama ustidan havorang surpdan tikilgan g‘ilof kiygizilgan edi. Zamonaviy magnitola, o‘ngu so‘lda jajji shamollatgichlar... Oyoq ostidagi linoleum to‘shama yog‘ tushsa yalagudek, top-toza. Samadning maqtanganicha bor ekan…
– Oldinlari dovondan o‘tganmisiz hech? – navbatdagi savolni berdi militsioner.
– Yo‘q… Nimaydi, komandir?..
– Shunchaki so‘radim-qo‘ydim-da… Ehtiyot bo‘ling, mashinangizga gap yo‘g‘-u, baribir hazir bo‘ling! Birinchi marta odam hayajonlanadi… Qo‘rqadi deganday…
– Meni qo‘rqadi deyapsizmi?..
– Yo‘g‘-ey, xapa bo‘mang, shunchaki aytdim-qo‘ydim-da, usta. – Militsioner kulib, hujjatlarni qaytararkan, chest berganicha qo‘shib qo‘ydi, – mayli, yo‘lingiz ochiq bo‘lsin!
– Radiongizdan biror narsa eshitsak ham bo‘­la­dimi, – taklif kiritdi Mo‘min mashina o‘rnidan qo‘z­g‘algach.
– Albatta, albatta. Zamonaviylaridan qo‘yib beraymi?..
Mo‘min indamadi. Buni o‘zicha tushungan Samad radioni qo‘ydi. Mumtoz kuy jo‘rligidagi ashula ochiq darchadan zuv-zuv oqayotgan tog‘ manzarasi, nabotot iforidan to‘yingan salqin havo bilan qo‘shilib, dilni allalar, kishiga allaqanday masrurlik bag‘ishlardi.
Samad kutilmaganda mashinani to‘xtatib, pastga indi. Biror joyi ishkal topdimi degan xayolda Mo‘min ham tushdi.
– Mo‘min aka, qarang!.. – Yuqoriga imladi shofyor. Samad burala-burala tepaga tarmashgan ilonizi yo‘lga tikilganicha qalt-qalt titrardi. – Huv… Moshinlarni qarang, bulutdan ham yuqorida… Men, men… Haydolmayman… Yo‘lning torligi… Yana davleniyam ham bor…
Samadning yuzi qorday oqargan, peshonasidan reza-reza ter yumalardi.
«Qon bosimi bor odam qizarardi shekilli».
Militsiya xodimi bilan suhbatni eslab, Mo‘­minning kulgisi qistadi. Ammo o‘zini tiydi.
– Uzoq Sharqda tog‘, dovonlar yo‘qmidi? – dedi.
– Ha-ha, bor. Biroq bunaqamas – past, kichkina…
«Yolg‘onniyam rosa yasantirarkansiz-da. Yigirma yildan ortiq chambarak nonini yeganingizga ham shubham bor-ov, valdirvoy Samad!»
Mo‘min sigaret tutatdi. Dovon yo‘lini tusmolladi, tasavvur qilishga intildi. Shu kungacha bu yo‘llardan yurmagani, voha tomon o‘tmagani uchun o‘zini koyidi, uyatga o‘xshagan noqulay tuyg‘u yuragini mijg‘iladi. Dovonni yaxshiroq ko‘rish niyatida sayhonlikka chiqdi. Kaftini soyabon qilib qaradi. Samadning qo‘rqqanicha bor ekan. Eshilib-buralib yotgan qop-qora asfalt afsonaviy ajdarga o‘xshab yaltirar, turli xil mashinalar ilon yag‘rinidan tepalayotgan chumoli va qo‘ng‘izlarga mengzardi. Kungayi ko‘karib, orqa tomonini oppoq qor bosgan cho‘qqilar orasiga kirib ketsa kerak, yo‘l davomi ko‘rinmasdi. Beixtiyor pastga nazar soldi. Yo‘l yoqalab quyuq o‘sgan daraxtlar to‘pi orasida «YPX» manzili tomi to‘rtburchak tugmaday yarqirab turardi.
Tavba, vahimami, qo‘rquvga o‘xshagan bezovta tuyg‘u Mo‘minning ham yuragini «shig‘-shig‘» tilimladi. Ke­yin chumolilar to‘pi singari butun vujudiga tarqaldi. Tinka-madorini quritdi…
Mo‘min yeli qochgan to‘p kabi yumshab, mashina yoni­ga qaytdi. Samad yassi toshga yozilgan ko‘rpachada o‘tir­ganicha ma’danli suv ho‘plardi.
– Endi nima qildik, do‘st? – Mo‘minning tovushi o‘ziga ham juda horg‘in va hazin eshitildi.
Samad qat’iy qarorga kelib qo‘ygan shekilli:
– Shopir yollaymiz, haqini mening hisobimdan to‘­laysiz.
– Ahvol shu ekan, Samadvoy, nima qilardingiz ish­ni gardanga olib? («Ahvolingiz» demoqchi edi, Samadni ayadi.)
– Qaydan bilibman, aka, dovonning buna­qa­li­gi­ni… Botir bo‘lsangiz, marhamat, ana moshin, ana rul, o‘tiringu haydang!..
– Obbo-o!
Mo‘min keskin harakat bilan kabinani ochib, rulga o‘tirdi.
– Odam yollagandan ko‘ra har narsa bo‘lgan yax­shi. Kimsan falonchi baxshi, polvonning ur­voqlarimiz-a! Ruhlari rosa chirqirayotgan bo‘lsa kerak! Raim polvonni bilasiz, Eran baxshi bilan birga mana shu tog‘ni qoq belidan poyu piyoda kechishib, voha to‘ylarida qatnashishgan. Yurt sha’nini qo‘riqlashgan…
Samad «Qachongacha falsafa so‘qasan?» degandek norozi qarash qildi.
– Voh, bobojonlarim!.. Bu qo‘rqoq va subutsiz bolalaringni kechir!..
Mashina o‘t olib, o‘rnidan jildi. Motor ovozi ham ingroqqa o‘xshardi…
Mo‘min tepaga ham, pastga ham, hatto sherigiga ham qaramas, chambarakka mahkam yopishganicha gaz po­pishagini bosardi. Yuqoriga mashina emas, o‘zi o‘r­malayotganday butun vujudi zo‘riqar, havo sal­qin­li­giga qaramay, qora terga botib borardi. Payt topib Samadga nazar tashladi. U tirsaklarini tizzalariga tiraganicha qo‘l bog‘lab o‘tirar, ko‘zlarini yumib olgandi…
Quvib o‘tayotgan «Jiguli» signali Mo‘minning diq­qatini tortdi. Old o‘rinda o‘tirgan yo‘lovchi qo‘lini darchadan chiqarib, «to‘xtating» ishorasini qildi.
O‘ttizning uyoq-buyog‘idagi bu yigitlar tog‘lik – Jo‘sh­buloqdan ekanlar. «UAZik»ning «qadam oli­shi»dan vaziyatni anglagan yigitlar chaynalib o‘tir­may, maqsadga ko‘chishdi, yordam taklif etishdi:
– Mehmon akalar, bu borishingizda moshinni ham horitasiz, o‘zingiz ham… Bu yo‘llarda moshinni esnatib-esnatib haydash kerak, – dedi bo‘ychanrog‘i.
– Avvali hamma ham shunday… Keyin o‘rganib ketasiz. Yo‘g‘asam, men hayday qolay monumentgacha… – dedi ikkinchisi.
– Dovonning eng balandidagi monumentgacha... – to‘ldirdi bo‘ydori.
– Yaxshi bo‘lardi, – xijolatomuz jilmaydi Mo‘min.
– Ha-ha, quruq qo‘ymaymiz, necha pul bilan oborasiz? Monumentmas, hu o‘sha Jo‘shbuloqning o‘zigacha...
– Odamni xafa qilmang-da bunaqa, aka!.. Meh­monsiz-a… Men sizga borsam, mendan aqcha so‘ray­siz­mi!? Bunisi ketmaydi, aka!..
Jo‘shbuloqqacha yetib borolmadilar. Yo‘lning qish­­­­loq kaftdagidek ko‘rinadigan darajada pastlagan joyida, tog‘u tosh tugab, qir boshlangan yerda bir buloq bor ekan. Shundan suvlashayotganda yo‘l chekkasidagi toshdan terilgan mo‘‘jazgina yemakxonadan davangirday bir odam chiqib, Samadga tikilib qoldi. Hamma hayron, Samad gungu garang, «muz»ga aylandi…
– Eh-ha, yaramas! Qo‘lga tushdingmi?.. Tepki yeysanmi, mushtmi? Ayt-chi, qani! – Barzangi gurziday mushtini Samadning boshi ustida ko‘tarib do‘laydi.
Zo‘ravonning esu hushi joyida ko‘rinar, mastga ham o‘xshamasdi.
– Aka, qo‘ying-ey, hazilni! Bu akamlar mehmon bo‘lsa, – yurak yutib tilga kirdi «Jiguli» egasi – Komiljon.
 – Mehmonligi uchun urishim kerak buni. Ursam o‘lib qolar, bir tepaqolay, a, mehmon!..
Mushtumzo‘r kutilmaganda Samadning ketiga oyoq sermadi. Samad tepki zarbidan munkib ketdi, ammo yiqilmadi. Ixtilof shu bilan tugadi.
– O, O‘roz! O‘zingmisan?!. O‘lay agar, seni hech kim tanimaydi. O‘sib ketibsan-ey!.. Yigirmadan keyin ham o‘sarkan-da odam, a? – deya Samad quchog‘ini yozganicha raqibi tomon burildi.
– Bo‘ldi. Baribir sen yutilding. Tepkidan keyin taniding!
Ma’lum bo‘lishicha, barzangi Samadning qu­rol­dosh do‘sti ekan. Xizmat bitib, uylarga tarqash oldida kelishilgan ekan – Vatanda uchrashib qolganda, kimdir kimni tanimasa, tanigan odam unutgan odamni kuchining boricha bir musht tushirishi yoki tepishi lozim ekan. Musht yegan quroldosh xotirasi pastligi uchun jarimaga tortilishi – guvohlarni qo‘shgan holda bir ziyofat berishi shart ekan.
– Shartnomaga bir o‘zgartirish kiritamiz, – dedi O‘roz yo‘g‘on ovozini yanada do‘rillatib. – Ziyofatni sen emas, men beraman. Ana, mening makonim, – u o‘ng tomonda sarg‘ish tortgan o‘t-cho‘p orasidan zo‘rg‘a ko‘zga tashlanib turgan o‘tovga ishora qildi. – Tandirkabob qilib beraman. Maza olgach, tuzim tortib, yilda bir keladigan bo‘lasan. Mana ko‘rasan!..
O‘rozni hech kim niyatidan qaytara olmadi. Jo‘sh­­buloqiylar ishlari qistovligi tufayli uzr so‘rashdi, kechqurun kelib, albatta hamnasiba bo‘­lish­lariga va’da berib, jo‘nab ketishdi.
Asli palandaralik bo‘lgan O‘roz o‘rmon xo‘­ja­ligida ishlarkan. Xo‘jalik qir bag‘ridan yuz gektarcha yer ajratib, terak ekibdi. O‘sha sun’iy o‘rmon tarbiyasi O‘rozning zimmasida ekan. Ta’til davri emasmi, bo­la-chaqayu qo‘y-qo‘zisi shu yerda ekan...
Avval tog‘liklar urfi bajo keltirildi – meh­monlar tashrifi ulug‘landi, poyi qadamiga qo‘y so‘­yildi…
O‘tovning soya tomoniga gilam, ko‘rpachalar yozildi. Quroldoshlar bugungi hayotlari, sharoitu ahvollari, moddiyatiyu ruhiyatlarining asosiy ko‘rsatkichlari ha­qida ma’lumot almashib bo‘lishgach Mo‘min qat’iy ohang­da:
– Endi mezbon, bizdan «Yo‘l bo‘lsin?» deb so‘­rang!.. – dedi.
– Xo‘p-xo‘p, qurdosh, yo‘l bo‘lsin? Qaysi shamollar uchirdi? Ammo-lekin meni yo‘qlab kelmaganlaringni ko‘rib turibman!
Mo‘min safarlari sababidan so‘zladi. Bugun qay­­tishlari lozimligini urg‘uladi.
– Bunaqa fikringizning peshonasiga cho‘liqning cho‘qmori! Salkam uch yuz chaqirimdan kelib, quruq og‘iz, quruq so‘z bilan ketgan odamni topib bering o‘zbekning tarixidan… Turdiboy otaning govmish fermasiga keldim deyavering, anov pastda bir qadam. Men hozir, bir minut… – deya O‘roz telefonini ishga soldi. O‘tov panasiga o‘tib, kim bilandir gaplashib keldi. – Hozir «Matiz» keladi. Borib savdolashasizlar. Saharlab yo‘lga chiqasiz… Botarga qaray yo‘lga chiqma, otarga qaray chiq, deyishgan. Gapning toko‘tari shu!..
Shu orada dasturxonga qovurdoq tortildi.
– Buni bizda fursatona deyishadi. Tandirkabob pishguncha ichaklarni aldab turish kerak, shu uchun… Qani olinglar!.. Yaxshi bir odatimiz ham bor – birinchi ovqat bilan ichilmaydi.
– Zo‘r ekan!.. Ovqat bitta bo‘lsa-chi?.. – so‘radi Samad.
– Araq bergan zang‘ar ikkinchini ham ayamaydi…
– Zo‘r ekan! Birato‘la ichilmasa yana yaxshi bo‘lardi!
– Shunday deyapsan-u, ko‘zlaring araq so‘rab jovdirayapti… – O‘roz vah-hahlab kuldi.
Samad jilmayganicha bejavob qoldi…
Chaqirtirilgan «Matiz» ko‘p kutdirmadi. Boya O‘roz buyurtma qilgan shekilli, katta-kichik quti va yelimxaltalar bilan keldi.
– Parashyutdan sakragan odam yerga tushguncha yarim kilogacha ozarkan. Sizlarga o‘xshab qo‘rqqanidan… Samad, hoynahoy sen ikki kilo tashlagandirsan, – kuldi O‘roz. – Bizning dovon ham samolyotdan past emas – bir ming yetti yuz sakson sakkiz metr. Ustiga-ustak boya men ham qo‘rqitdim. Keyin Mo‘minga yuzlandi:
– Samad dam ola tursin. Norbo‘ta bilan borib kelaqoling. Birvarakay savdoni bitirib keling. Ertalab to‘g‘ri olib ketaveradigan bo‘linglar!
Zargarmi, xotinining boshqa maslakdoshimi qo‘n­g‘iroq qilib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Ularni bir nevarasi bilan Turdiboy otaning o‘zi qarshi oldi. Salom alikdan keyin Norbo‘tadan so‘radi:
– Oqbo‘taning o‘g‘limisan? Moshini qani meh­mon­ning, buzilib-netib qolmadimi mabodo?
– Moshin bor. Shopiri O‘roz palandaraning fronti ekan. Opqoldi. O‘zlariyam dovondan charchab tush­ganakanmi…
– Charchamagan bo‘lsa, palandaraning o‘zi charcha­tadi endi, – kuldi Turdiboy ota. – Hay, mayli, bo‘­masam, qani, yo‘lda turmaylik, uyga marhamat! Bir­pasgina dam olamiz. Shungacha kunning ham tig‘i qay­tadi.
Darvozaxonadan kirgan joyda, ishkom tagidagi so‘ri to‘shog‘lik, dasturxon yasog‘lik ekan. Rayhonmi, kiyiko‘timi bilan iforlangan ko‘k choy charchoqni dar­hol haydadi. Yetmishdan o‘tgan bu ota g‘oyat dilkash, suratidan siyrati ko‘rinib turgan, issiqqon bir odam ekan. Uning yozlik chakmonini turtib chiqqan yelkalari, keng peshonali, cho‘zinchoq yuzi, yo‘g‘on, sertomir bo‘yni, yirik panjalari bir paytlar norg‘ul yigit bo‘lganidan darak berardi. Xatti-harakatida yoshiga munosib bo‘lmagan sur’at va bardamlik ila keksalarga xos tiyraklik va sinchkovlik tajassum topgan edi.
Nevara bilan Norbo‘ta qurdosh jo‘ralar bo‘lsa kerak, bog‘ aylanib kelish bahonasida mezbonu mehmon ikkovlarini xoli qoldirishdi.
Gurung qizigandan qizidi. Yarim soatcha vaqt ichida Turdiboy ota Mo‘min va uning ajdod-avlodi haqida to‘liq tasavvur hosil qildi desak mubolag‘a bo‘lmas. Mezbon istagan narsasi haqida tortinmay so‘rar, ovozidagi mehribonlik va yuzu ko‘zidagi nuroniylik bu o‘ziga xos «tergov»ga samimiy suhbat maqomini berardi. Mo‘min bu farishtasifat kishining zalvorli savollaridan zarracha injilmas, aksincha, javob berarkan, ruhiyatida ajib bir yengillik sezardi.
– Hay, attang, jilovni berib qo‘ygan ekansiz, o‘g‘lim! Ha, endi bu yog‘ida kelinga insof bersin. Hali ham kech emas, o‘zingizni qo‘lga oling. Erlik qiling, shijoat ko‘rsating!..
Choydan so‘ng Turdiboy ota Mo‘minni molxonaga boshladi. Og‘il kattakon hovlini eslatardi. U asosan ikki bo‘lakdan iborat. Bittasi mollar uchun yotoq. Ikkinchisida yem-xashak tayyorlanarkan. Ikki qismni usti shifer bilan yopilgan uzun nova ajratib turardi. Novaning bir qismida suv. Qolgan qismida omixta yem. Bo‘rdoqilarni oziqlantirish vaqti belgilanmagan, ular ochiqqan payt nova oldiga kelib, qorin to‘ydirib, suvlashib, yotoqqa qaytisharkan. Yotoq uch qism ekan – yopiq kuzlik-qishlik og‘il, sholi qipig‘i to‘shalgan keng shiypon va qum to‘shalgan ochiq maydon. Arqon-zanjir nimaligini ko‘rmagan mollar emin-erkin, istagan jo­yida cho‘zilib, kavsh qaytarib yotisharkan…
– O‘lchovsiz yem-hashak sharoitida ular bo‘kib qo­l­ish­maydimi? – so‘radi Mo‘min.
– Yo‘q. Bu sharoitda ular ko‘zi to‘q bo‘lib o‘sadi. Ortiqcha yeb-ichmaydi. Menimcha, mollarimning fav­qulodda yuvoshligi ham shundan…
– Buzoqlar ko‘rinmaydimi?
– Emiziklilari shu yerda, huv burchakda, qo‘rada. Sutdan chiqqanlari biroz pastda, dala boshida…
Ular shiypon tagida quyruq bulg‘aganicha chibin hay­dab yotgan, qizildan ko‘ra qo‘ng‘irga moyilroq buqacha yonida to‘xtashdi. Buqa egasi tomon beozor bir qarash qildi-da, yengil bir pishqirib, o‘rnidan turdi. Qaddi-bo‘yini ko‘z-ko‘z qilgandek kerishdi.
– Sizga mana shuni beraman. Go‘shtga topshirmaslik sharti bilan… Urug‘ olasiz bundan. Hali-beri o‘sadi bu… Oti o‘zi bilan – Oqquyruq. Aslida bir-ikkita qochar ham opketishingiz kerak edi-da… Hay, mayli, yanagi safarlarda… Ma’qulmi mol, yaxshilab qarang!.. Endi uchga kiradi. Hali-beri o‘sadi… Bundan qoyimini bilmadim…
– Bo‘pti, ota! Zo‘r ekan, rahmat!..
Turdiboy ota allanima izlab yon cho‘ntaklarini kovladi:
– O‘tirgan joyda qoldiribman shekilli ter­ro‘­mo­limni. Bo‘yniga bog‘lab qo‘ysak, saharda izlab yurmasdik…
Mo‘min ko‘ylagi ichidan bog‘langan «ko‘k» o‘ralgan chorsini yechdi. Aqchadan bo‘shatib, otaga uzatdi.
– O‘zingiz bog‘layvering, u juda ham yuvosh!..
Oqquyruq rosti bilan juda beozor ekan. Mo‘­min chorsini bo‘yniga bog‘larkan, mehri jo‘shib, yag‘­rinini sekin shapatiladi, tomog‘ini qashladi. Buqa bunga javoban tumshug‘ini ko‘targanicha, yirik qora ko‘z­lari ila yigitga yoqimli qarab, boshini saraklatdi.
– Qarang, jonivor salomlashyapti!..
– Ha! U hamma narsani tushunib turgandek.
Ular supaga qaytganlarida dasturxon yanada kengaytirilgan, yozning sarxil mevalari, qovun-tarvuz bilan boyitilgandi.
– Eh-ha, ota! Sizni naslchi chorva desam, bog‘bon ham ekansiz-da!.. – dedi Mo‘min hayajonini yashira olmay.
– Ha endi, shunday sharoitda yashab turib… Yana-tag‘in bog‘bonlik bizga otameros… Huv-v, to‘rdagi, burchakdagi nok salkam bir asrga guvoh. Bobomiz – Murod polvonni mardikorga kuzatib qolgan…
Turdiboy ota bu galgi suhbatda asli Surxon bo‘y­laridan bo‘lgan ajdodlari – ikki yetim aka-uka­ning bu yerlarga qanday kelib qolgani, ulardan tar­qagan avlod haqida muxtasar gapirdi. Ular ikki yuz yilcha avval qo‘nim topgan ekan bu makonda. Hozir o‘sha sa­g‘irlar avlodi bir joyga to‘plansa bir to‘ylik odam bo‘larmish…
– Mana bu to‘ng‘ichimning supraqoqdisi… – deya nevarasiga ishora qildi chol.
Norbo‘ta:
– Ota, boshqa bir zakazim ham bor edi, endi bizlarga ruxsat bersangiz… – deb uzrxohlik bilan qis­tamaganda mehmonu mezbonning bir-biridan ajralgisi yo‘q edi…
Ertaga tong-sahar uchrashadigan bo‘lib xayrlashishdi.
Norbo‘ta degani balo chiqdi. Uning hech qanaqa oshi­g‘ich «zakaz»i yo‘q ekan. Qaytishda «Matiz»ini Jo‘sh­­bu­loq tomon haydadi.
– Bizning yurttiyam bir ko‘rib keting-da, mehmon aka! Shuncha joydan kelib… U yoqda do‘stlar «nima ko‘r­ding?» deyishsa, «o‘tovdan qaytdim» deysizmi?.. Hali kun erta. Tandirkabobga bemalol ulguramiz…
Norbo‘taning yuzu ko‘zi, ovozida zuhurlangan samimiyatmi, suhbatdoshga hurmatmi yoki mehr, shunga o‘xshagan dilxush tuyg‘ular Mo‘minning tiliga bog‘ich bo‘l­di, e’tiroz bildira olmadi. U:
– Hali, boyatda «zakazim bor» devdingiz. Tag‘in meni deb ishdan qolib o‘tirmang! – dedi jilmayib.
Norbo‘ta bo‘sh kelmadi:
– Zakaz mana shu-da… O‘zimning shaxsiy zakazim! Doimo birovlar buyrug‘iga chopmay, o‘zimizga ham ish­laylik-da, onda-sonda bo‘lsayam, yilda bir marta deganday…
Mashina Jo‘shbuloqda, daraxtlarga ko‘milgan shi­­nam bir yemakxona oldida to‘xtadi. Norbo‘ta «men hozir» deganicha ketib, ko‘tarinib chiqdi. Keyin katta traktga chiqib, qiblalashda davom etishdi.
– Daryoliqqa tushib, bir yayrataman sizni. U yerda-chi, o‘pkangizmas, tanangiz nafas oladi… Hozir o‘n minutda yetamiz!..
Norbo‘ta balanddid yigit ekan. Ko‘prikdan o‘tib, o‘ng qirg‘oq bo‘ylab haydadi. Bu tomondan daryo, tog‘ etagi juda chiroyli ko‘rinarmish…
Qirg‘oqda Mo‘min yuragini tushuniksiz bir kayfiyat egalladi. Bir maromda sharqirab oqayotgan daryo shovqini, suv sathini yalab esayotgan salqin epkin yigit dilini qitiqladi. U toshdan toshga sakrab, pastga indi, yuz-qo‘lini muzday suvga chaydi, tevarak-javonibga suqlanib qaradi… Rassomligi tutdi. Uning nazdida qarshisidagi osmono‘par cho‘qqilar, kungayda pishgan kabi qizarib ko‘rinadigan qoya, xarsanglar, pastroqdagi ko‘m-ko‘k archazorlar, undan ham quyiroqdagi sarg‘ish torta boshlagan qirlar, tomirday tarqagan katta-kichik yo‘l va so‘qmoqlar va nihoyat poyida to‘lg‘anib yotgan daryo tabiatning bir parchasi emas, yaxlit bir moybo‘yoq kartina – san’at asari edi…
Mo‘min bu xil asarlarni ko‘plab uchratgan, sin­chik­lab o‘rgangan. Ulardan mantiqiy tafakkur va xayolot, fano va abadiyat, zamonu makon cheksizligi, mahobat va go‘zallikka oid hissiy-shuuriy to‘xtamlar topgan. Ammo negadir Mo‘minjon hech bir yaratiq va undagi rangin timsollarning inson ruhiyat-sajiyasi bilan aloqadorligi haqida o‘ylab ko‘rmagan ekan. Sinchik­lab boqsa, bugungi kartina – tirik manzara butunlay o‘zgacha. Unda ishtirok etgan har bitta jism, fragmentda, ularning shaklu shamoyili, rangida tog‘ odamlariga xos soddaligu samimiyat, mardligu tantilik, ochiq­ko‘ngilligu jo‘mardlik, kamtarlik zamiridagi vi­qor singari xislatlar manaman deb turardi…
Mo‘min qo‘lida mo‘yqalami bilan molbert yonida turgan maestroday bo‘lajak kartinaning tarhini chamaladi, sarhadlarini belgiladi. Go‘yo har bitta detalini suratga oldi. Tamom, vassalom. Nasib qilib nimadir chizsa, ushbu manzarani chizadi. Unda serviqor tog‘lar bilan barobar oqko‘krak tog‘liklar sajiyasi ham aks topadi…
Mo‘min xayolini cho‘ntak telefonidan yangragan «Karvon ko‘rdim»ning lo‘nda-lo‘nda maromli mu­si­qa­si buzdi. Saltanat.
– Dadasi, bormisiz?! Qalay, ishlar bityaptimi? Telefoningizga hech tusholmayapman…
– Ha, endi... tog‘li joylar…
– Ko‘rdingizmi, oldingizlarmi?..
– Ha. Zo‘r!..
– Yo‘lga chiqdingizlarmi, qaerlarga keldingizlar?..
Mo‘min bugun chiqolmasligini aytib, vaziyatni izoh­­lashga intildi.
Saltanat javrab berdi:
– Hay, sho‘rpeshona erkaklar. Uydan bir qadam chiqsangiz ahvollaring shu, shishaning ichida tunaysizlar!..
Qisqa gudoklar. Yo xotini aloqani to‘xtatdi yoki tog‘ sharoiti…
Atigi bir daqiqachalik suhbat Mo‘minni arshdan zaminga olib tushdi. U Norbo‘ta yoniga qaytdi. Piknik tayyor ekan. Mezbonni ko‘pam yalintirmadi. Tunuka idishli pivodan bosib-bosib ichdi. Muzday ichimlik yuragidagi alangani biroz pasaytirganday bo‘ldi…
Norbo‘ta mehmonining ahvoli ruhiyasidagi o‘zga­rishni ho­zir­­gina bo‘lib o‘tgan simsiz so‘zlashuvdan deb bildi, uni chalg‘itishga urindi:
– Oling, mehmon! Yaxnadan oling, bu yerlarda yeyil­gan ovqat to‘g‘ri borib qonga qo‘shiladi. O‘roz akaning kabobiga o‘rin qoldiraman, deb o‘tirmang. Hozir teparoqqa chiqib bir cho‘milamiz… Bari yo‘q bo‘p ketadi. Patir bilan oling, bunaqasi faqat Jo‘shda yopiladi… Darvoqe, palandarangiz zo‘r odam… Tinchlik ekanmi, axir, aka?!.
– Ha-ha, chechangiz… Shunaqa... izlayapti...
– Iy-y, o‘chirib qo‘ymaysizmi o‘sha matani… Tog‘li joy, shunday-shunday deysiz!..
– Odam aldab ko‘rmaganman hech.
– Hatto chechamizniyam-a? Yo‘g‘-ey, bo‘lishi mumkin emas… – Norbo‘ta hoholab kuldi. – Rosa soddakansiz-ey, aka…
Baribir shu kuni Saltanatni aldashga to‘g‘ri keldi. O‘roznikiga kelgach ham qo‘ng‘iroq qilaverib hammaning tinchini oldi. Tuzukroq so‘zlasha olishsa ham mayli edi. Ikki kalimaga yetib-etmay «xizmat doirasidan tashqari…» Saltanatning bilgani bir gap – «Bugun qaytinglar! Bugun qaytinglar!» To‘tiday takrorlaydi… Vaziyatni tushuntirib bo‘lmadi. Oxiri telefon o‘chirildi, aniqrog‘i, Norbo‘ta javob chaqirig‘ini «xizmat doirasidan tashqari»ga aylantirib berdi…
Jo‘shliklar so‘zlaridan chiqishdi. Shafaq so‘nib, tog‘u tosh qora pardaga o‘rala boshlaganida qo‘llarida mehmonpay – bir blok pivo bilan kajavali mototsiklda kelishdi. O‘tirish rosa qizidi. Ikki yillik harbiy xizmat qariyb oyma-oy xotirlandi. Xotiralar qadah so‘zlari bilan bo‘linib turdi, albatta. Ko‘p o‘tmay Samad «pishib» qoldi. U kim nima aytsa, «ha-ha, shunday» deya ma’qullar, ko‘zlari suzilib o‘tirardi. Goh qaerdaligini aniqlamoqchiday tevarak-atrofga alang­lar, gohida yuzlarida fonusning qizg‘ish shu’lasi o‘ynagan davradoshlarga «bular kim bo‘ldi?» degandek tikilib qolardi.
Mo‘min tomog‘ining changi chiqayotganiga qaramay, o‘zida ichmaslikka kuch topa olgan, mezbonlar ko‘zi uchun araqqadahga quyilgan «yumshog‘i»dan har zamonda bir ho‘plab o‘tirardi. Buni hozirgina qadah so‘zi aytgan jo‘shlik Komil sezib qoldi.
– Bu joylarda ikki soat uyqulasangiz, hech narsa qolmaydi. Nima yeb, nima ichganingizni ham unutasiz. Oling mehmon, Jo‘shchasiga bir to‘ldirib oling!.. – deya qadah sunib, xarxasha qildi. – Mening tilaklarim uchun bir oling!..
Mo‘min Samadga ishora qildi:
– Ko‘ryapsiz-ku!.. Ertaga o‘zim o‘tirsam kerak rulga.
– Aka, bu problemani xayolingizdan chiqarib tash­­lang! Sizlarni dovon oshirib, tekis yo‘lga solib yuborishni mana men zimmalayman… O‘zim shopir topaman!..
«Bularda so‘zdan qaytish yo‘q. Otalariga rah­mat!..» Mo‘min birdan yengil tortdi. Limmo-lim to‘l­gan, yuzida fonus nuri jimirlayotgan qadahga qo‘l cho‘zganini bilmay qoldi...
Katta mezbon – o‘tov egasi O‘roz ham Mo‘minni kuzatib o‘tirgan ekan. U hammaga eshittirib:
– Mana bu boshqacha bo‘ldi!.. – dedi. – Aslida, Mo‘minjon, bariga siz, chinrog‘i, sizning bo‘rdoqi sababchi. Siz bo‘masangiz, sizning bo‘rdoqi bo‘masa, men Samadni topolmasdim va tepolmasdim. Hov, tamada, mulgima, hammaga birday, Jo‘shchasiga to‘ldirib quy! Shu qadahni bosh mehmon Mo‘minjon va uning buqasi uchun ichamiz!..
O‘tirish yarim tunda tarqadi. Uyqulash uchun pashshaxona shu yerning o‘ziga qurildi.
Tong oqligi pashshaxonaga kirib ulgurmay ularni traktor ovozi uyg‘otdi. Baraka topgur Turdiboy ota Oqquyruqni bolalari orqali jo‘natibdi. Tirkama va mashina balandligi qariyb barobar bo‘lganidan molni unisidan bunisiga o‘tkazish osongina ko‘chdi. Traktorchi o‘g‘il maslahati bilan Oqquyruq to‘rt tomonidan, nishab yo‘lda uyon-buyon borib-kelmaydigan qilib bortga tang‘ildi…
Mahalliylarning aytganlaricha bor ekan – besh soatchalik uyqu charchog‘u mastlikni qilichday kesgandi. Ular butunlay hushyor edilar. Yengilgina nahori qilindi. Tamaddidan so‘ng qo‘y sutidan uvitilgan qatiq ichildi (Vujudda umuman, spirtning hidini ham qoldirmasmish).
O‘rozning telefoni jiringlab qoldi.
– Tushundim. Bo‘pti, bo‘pti. Ay, rahmat-ay, senga Komiljon! Sendaqalar bor ekan, tog‘liklarning bovuri but… To‘yingda qaytsin-ey! Hozir, hozir yetamiz!.. – Keyin mehmonlarga yuzlandi, – kechagi joyda kutish­yaptikan, Komiljon, shopir bilan…

* * *

Saltanat tunni bedor o‘tkazdi. «Kechlatib yo‘lga chiqishgan bo‘lsa, kelib qolishar» degan xayolda bot-bot tashqariladi, yo‘l poyladi. Ufqda ko‘zga tashlangan katta yo‘lda mashina chiroqlari daryoday oqar, ammo hech biri bu tomonga burilay demasdi. Saharga yaqin charchoq zo‘r keldi. Qaboqlari un tiqilgandek achishib, mijjalari og‘irlashdi. Kelib qolishsa bexabar qolmayin degan o‘y bilan bog‘dagi so‘riga cho‘zildi…
Og‘il tomon avval yorishib, keyin birdan qorong‘i tortdi. Ketma-ket chinqirgan mashina signali xotin kishining uvvosiga o‘xshagan sas bilan almashdi, ke­yin itmi, chiyabo‘ri uvillashiga evrildi. Molxona dar­vozasi oldida turgan «UAZik» Saltanat chiqishi bilan darhol jimidi. Endi uning chiroqlari trevoga ko‘targan harbiy kema sirenasiga mengzab yonib, o‘cha boshladi. Kabina ichkarisidagi chiroqchalar ham bir maromda yonib, o‘char, u yerda hech kim ko‘rinmasdi. Saltanatning yuragi qafasdagi qushdek potirlar, boshida go‘yo kaptar uyalagan, betinim g‘uv-g‘uvlardi. Bor kuchini to‘plab, kabinaga mo‘raladi.
– Dadasi!.. Samad!.. Kim bor bu yerda?..
Tavba, uning savolini simyog‘ochga qo‘nganicha op­poq yog‘du taratayotgan oy ham takrorladi. Oy shu’lasi ovozga mutanosib tarzda pasayib-kuchayardi. Sal o‘tmay tepadan yog‘ilayotgan tovushga buqaning «mo‘-o‘»lagan sasi esh bo‘ldi. Saltanat beixtiyor yuqoriga qaradi. Bortda chiroyli bir buqa uzun kiprikli ko‘zlarini suzganicha boshini sarak-sarak chayqardi. Saltanat angrayganicha qotdi. Buqaning beozor qa­rashimi, kipriklarining biroz qayrilmaligimi eri Mo‘minjonni eslatardi. Nogoh u tilga kirdi:
– Tanimadingmi?!
Saltanat tosh qotdi. Savol qaytalandi:
– Tanimadingmi?.. Bu men – eringman! Ovoz eriniki edi…
Saltanat ovozi boricha dodladi. Atrofda aks sa­do bergan faryod ayolning tushmi, xayolligini bilib bo‘lmaydigan dahshat changalidan qutqardi…
O‘rnidan turib, chiroqlarni yoqdi. Og‘il tomon qa­rashga yuragi betlamadi. Qo‘rqinch zo‘ridan o‘zini ichkari urdi. Dahliz chirog‘i yondi. Cho‘chib tushdi. Qar­shisida o‘g‘li Tirkash turardi.
– Ha, opa?.. Kimdir qichqirgandek bo‘ldimi?..
Saltanat sir boy bermadi:
– Yo‘g‘-ey, men eshitmadim! Dadanglar kelib qo­lishadimi deb so‘rida yotuvdim… Sovqotdim… Ha, ayt­moqchi, it o‘lgur uvladi… O‘shanga baqirdim, – dedi.
O‘g‘lini tinchlantirgach xonasiga kirib, ko‘rpaga bur­kandi. Uxlashga urinishlari besamar ketdi. O‘sha bergan mash’um manzara xayolini bir zum tark etmas, ko‘zlarini yumsa, yana jonlanadigandek edi… Vahima aralash vujudiga kirgan titroq borgan sari kuchayardi…
Ertalabki oltilarda xona eshigi ohista ochilib, kelini qo‘lida patnis bilan paydo bo‘ldi.
– Assalomu alaykum, ena!.. Shamollaganga o‘x­shay­siz. Asalchoy opkeldim. Issig‘ida ichib oling. Mana bu dorilar… Isitmani bir zumda tushiradi…
Saltanat dilida «koshki edi isitmam bo‘lsa» dedi-yu, tilida:
– Rahmat qizim, xontaxtada qoldiraqol, – dedi. Kelinidan rizoligi vajhidanmi, ahvoli ruhiyasi sababmi, ko‘zlarini yosh pardasi qopladi.
Kelini ketmadi. Choyni o‘zi shopirib, nim ta’zim bilan uzatdi, hapdorilarni birma-bir kaftiga soldi.
– Mana bu isitma uchun, bunisi tinchlantiradi, manavisi esa, o‘zingizning hamishagi doringiz…
Saltanat biroz ikkilanib turdi-da, keyin dorilar to‘pini og‘ziga solib, choydan ho‘pladi.
– Issiq-issiq iching, ena. Non bilan qaymoqdan oling, dorining zahrini kesadi…
Kelini tushmagur o‘zidan ham xushgap, shirinso‘z. Qo‘yarda-qo‘ymay qaymoq surilgan bir bo‘lak non, bir dona qaynatilgan tuxum yedirdi. Hapdorilaru iliq muomaladan tarkib topgan ushbu o‘ziga xos muolaja hademay samara berdi – Saltanatning yuziga qizil yugurib, peshonasi terladi. Kelin enasini o‘rniga yot­qizib, deraza darchasini ochishga unnadi.
– Umringdan baraka top, qizim! Ochmay qo‘yaqol, chiroqni ham o‘chirma, – dedi qaynona.
Saltanat soat o‘nlarda telefon qo‘ng‘irog‘idan uy­g‘ondi. Telefon raqami eriniki, ovoz egasi ayol!.. Sapchib o‘rnidan turdi.
– Saltanat opa, o‘zingizmisiz?
– Ha-ha, tinchlikmi? Dadasi qani?!.
– Men navbatchi hamshiraman!.. Eringiz bizda – markaziy shifoxonaning jarrohlik bo‘limida…
– Nima gap? Gapiring, singlim, tinchlikmi o‘zi?..
– Tinchlikmas, kichkina avariya yuz bergan…
Aloqa uzildi. Saltanat uvvos tortdi…
Uni ichkariga qo‘yishmadi. Operatsiya hali tugamabdi. Saltanat na yig‘ladi, na birovga biror savol berdi. Dahliz o‘rtasida qaqqayib turib qoldi. Aslida u nima sodir bo‘lganini bilishni xohlar, ammo bosh chanog‘i markazida cho‘g‘dek qizigan bir nuqta ong-shuuri va butun vujudini harakatdan to‘xtatganday edi. Saltanat o‘zini birdan yengil sezdi. Go‘yo parqu bulut ustida osmonu falak toqida uchardi…
Saltanat o‘ziga kelib, ko‘zu qovoqlari yig‘idan shishgan to‘ng‘ichi Mehrini tanidi. Ancha ti­niq tortgan tafakkuri vaziyatni darhol angladi. O‘zini tetik ko‘rsatishga urinib:
– Dadang qalay? – deya so‘radi.
– Yaxshi. O‘zingiz tuzukmisiz, oyi? – Mehri o‘zi­ni tutishga harchand urinmasin, eplay olmadi, dast­ro‘molini yuziga bosib, piqilladi.
– Men savilni balo ham urmaydi. Dadangdan gapir!
– Aytdim-ku, yaxshi deb. Chap qo‘llari tirsagidan chiqqan, boshlari ozgina lat yegan, bori shu!.. – Mehri bu safar jilmayishni biroz uddaladi.
– Shopir-chi?
– Chibin ham chaqmagan. Bo‘rdoqi ham soppa-sog‘­mish!..
Saltanat azbaroyi xursandligidan yotgan o‘r­ni­dan turib ketay dedi. Chap bilagiga bandlangan nina va ingichka yelimichakni ko‘rib tinchlandi.
– Bo‘rdoqisi o‘lsin… Unda men nega aza tutib yotibman, – deya kuldi. Keyin jiddiy tortib, chuqur xo‘rsindi.
…Mo‘min manglayi bir enlik bint bilan tan­g‘ilgan, gipslangan qo‘li bo‘yniga osilgan, qo‘sh yos­tiqqa suyangan ko‘yi, xayol og‘ushidagi odamday o‘tirardi. Xotinini ko‘rib, qoni qochib, oqish tortgan yuzida bolalarcha samimiy quvonch jilolandi. Saltanat jadal kelib, qo‘lini eri bo‘yniga soldi, yuzidan o‘pdi, sassiz yig‘ladi. Ehtiroslariga javob izlagandek eriga tikilib qoldi. Mo‘minning tabassumdan biroz qisilgan, odatdagidan tezroq pirpirayotgan ko‘z­larida al­laqanday loqaydlik mavjud edi. Saltanat yuragida bosh ko‘targan gumon bulutini tarqatish niyatida erini savolga tutdi:
– Dadasi, yaxshimisiz?! Hech joyingiz og‘ri­mayap­timi?
– … (Loqayd tabassum)
– Mashina rulida sizmidingiz yo… shopirmi?
Yana o‘sha javob.
Saltanatning xayolida o‘tgan kechagi mash’um man­zara jonlandi. Bo‘rdoqi, uning qayrilma kiprikli yirik ko‘zlari Mo‘minnikiga o‘xshashiga yana bir bor amin bo‘ldi. A’zoyi badaniga o‘rgimchak o‘rmalaganday junjikdi.
Nogoh Mo‘min tilga kirdi:
– Ammo bo‘rdoqi zo‘r!.. Oqquyruq zo‘r! Uni ko‘­pay­tirish kerak. Uni so‘yma!..
– Bo‘rdoqisi o‘lsin, iloyo!.. O‘zingiz qalaysiz, dadasi?!
– Ammo tog‘liklar… Mollari ham zo‘r ekan. Molbertim… Bo‘yoqlar!.. Hali bunaqasini hech kim chizmagan!.. Oqquyruqni so‘yma, ko‘paytir uni...
Saltanatning yelkasidan kimdir ohista turtdi. Saltanat bo‘lim boshlig‘i Karomat Sobirovnani ilgaridan tanirdi. U:
– Qo‘ying, uni qiynamang, egachi, – dedi eshik tomon ishora qilib.
– Endi nima bo‘ladi?.. – so‘radi Saltanat dah­lizga chiqqach.
– Bu o‘tkinchi jarayon bo‘lsa ajab emas! Viloyatdan mutaxassis chaqirganmiz. Siz tashvish tortmang, barcha imkoniyatni ishga solamiz!..
– Dori-poriga zaruriyat bo‘lsa, tortinmang! Erimdan ayaydiganim yo‘q!..
– Rahmat, hozircha yetarli hammasi. O‘g‘lingiz juda farosatli yigit ekan…
Kechqurun Tirkashdan boshqa hammalari uyga qay­tishdi. Mehri ham ota makonda qoldi. Kuni bo‘yi to­liqqan asab va vujudlarni shom shafag‘i so‘nmayoq uyqu elitdi…
Saltanat ertalab qizining achchiq faryodidan cho‘chib tushdi. Mehri shum xabar keltirgan telefonni devorga urib chil-chil qilgan, dahlizda har tomon ag‘anaganicha boshini to‘shamaga urib, «voy, da­dam»lardi…

* * *

Bu voqealar besh yilcha avval bo‘lib o‘tgan. Ho­zirda «Mo‘min Qobil» xususiy fermasi tumandagina emas, butun viloyatda, mintaqada mashhur. Aytganday, asosiysi – korxona o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi. Bo‘rdoqichilik fermasi naslchilikka aylantirildi. U yerdagi barcha chorva Oqquyruqning avlodi. Tabiatan yuvosh, shu tufayli et to‘plashga moyil bu xil mollarning bozori chaqqon. Fermani asl kasbi muhandis bo‘lgan Tirkash Mo‘min o‘g‘li boshqarmoqda.
Maslahatchilar o‘sha-o‘sha – Zarif zargar, Ho­ji ­kal, onasi.
Saltanat tez-tez mollardan xabar olib turadi. Biroq Oqquyruq bog‘langan o‘ringa yaqin yo‘lamaydi…
 
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.