(Voqeiy hikoya)
Otamizning o'lganiga anchagina yil o'tib ketdi. Bu yil - o'n yettinchi yilning ko'klamida onamizdan ham ajralib, shum yetim bo'lib qoldik. Biz to'rt yetimdan xabar olib turishga katta onam - onamning onalari Roqiyabibi kelib turibdilar. Bu kishini biz erkalab «qora buvi» deb ataymiz.
Oqshomlari buvim boshliq hammamiz oldi ochiq ayvonda uvunto'da[1] ko'rpa-yostiqlarga o'ralib, bittagina O'ratepaning kir ip sholchasi ustida uxlaymiz.
Sentabr oylarining oxiri, ilk kuz oqshomlaridan biri edi. Havo anchagina salqin. Biz yetimlar bir-birimizning pinjimizga tiqilib, bir-birimizni isitib uyquga ketganmiz. Oatorda eng so'nggi bo'lib, ona chumchuqday qora buvim yotardilar, u kishi saksondan oshib ketgan, noskash kampir edilar.
Bu oqshom uch xo'roz o'tgandan keyin, yetti qaroqchi yulduzi tik kelganda g'o'ng'ir-g'o'ng'ir ovozdan uyg'onib ketdim. Buvim kim bilandir anchagina baland ovoz bilan suhbatlashmoqda edilar. Hovlimiz, ota-buvadan qolgan, anchagina katta bo'lib, to'rtburchak tanobi hovlilardan edi. Gir atrofi imorat, shimol tomonda amakivachchalarimiz turishardi. Lekin ular yozda bog'ga ko'chib ketardilar. Hozir ular tomon bo'sh.
Buni qarang-a, bizning uyimizga o'g'ri kepti. Bizni ham odam deb yo'qlaydigan kishilar bor ekan-da, dunyoda? Ertaga o'rtoqlarimga toza maqtanadigan bo'ldim-da: «Bizning uyga o'g'ri keldi». G'urur bilan aytilsa bo'ladi. Lekin ishonisharmikan?
O'g'ri o'sha amakivachchalarning tomidan sekin yura kelib, buvimning to'g'rilariga kelganda aksa urib yuboribdi. Buvim esa yostiqni ko'kraklariga qo'yib, til tagidagi nos bilan o'ylab yotar ekanlar. Buvim «tuf» deb nosni tuflab, tomga qarab:
- O'g'rigina bolam, hoy o'g'rigina bolam, hoynahoy biror tiriklikning ko'yida tomga chiqqan ko'rinasan, axir kasbing nozik, tumov-pumovingni yozib chiqsang bo'lmaydimi, - debdilar.
O'g'ri tomdan turib:
- Axir, buvijon, siz ham birorgina kecha tinchingizni olib uxlasangiz bo'lmaydimi, bizning tirikchiligimizning yo'lini to'saverasizmi? - debdi.
Men gap shu yerlarga kelganda uyg'onib ketgan bo'lsam kerak. Qolgan gaplarni eshitganimcha qilib yozaman.
- Hoy, aylanay, o'g'rigina bolam, boshimda shunday musibat turganda ko'zimga uyqu keladimi? Mana: olti oy bo'ldi, biror soat mijja qoqib uxlaganim yo'q. Kunduz kunlar garangday dovdirab yuraman. Biror yerga o'tib mizg'iganday qush uyqusi qilaman. Kechalari xayol olib qochib ketadi.
- Nimalarni xayol surasiz, buvijon? - bu gapdan keyin ustidagi to'nini turmuchlab[2]bo'g'otning ustiga yostiq qilib qo'yib, o'g'ri ham yonboshlab oldi.
- Nimalarning xayolini surardim. Shu to'rtta yetimning ertasini o'ylayman-da, bolam. Zamonni o'zing ko'rib turibsan, tiriklik toshdan qattiq, tuyaning ko'ziday non anqoga shapig'. Hali bularning qo'lidan ish kelmaydi. So'qqaboshgina aravakash tog'alarining topgani o'zining ro'zg'oridan ortib, bularga qut-loyamut[3] bo'lishi qiyin. Ro'zg'orda bo'lsa, ko'z ko'rib, qo'l tutguday arzigulik buyum qolgani yo'q. Bir chekkadan sotib yeb turibmiz. «Turib yeganga turumtog' chidamas», deganlar. Eh-ha, bu bolalar qachon ulg'ayadi-yu, qachon o'zining nonini topib yeydigan bo'ladi! Chor-nochor xayol surasan, kishi. Tag'in bu yetimlarning bittaginasi o'g'il, uchtasi qiz. Endi o'n to'rtdan o'n beshga o'tdi. Qizlari qurg'ur qachon bir yerga elashib ketadi-yu. O'zi o'rab, o'zi chirmab oladigan joy chiqmasa, bularga kimning ham ko'zi uchib turibdi deysan. Zamon qattiq, o'g'rigina bolam, zamon qattiq!
- To'g'ri aytasiz, buvijon, - dedi o'g'ri, - mening ham ikki bolam, xotinim, bitta kampir onam bor, bir tovuqqa ham don kerak, ham suv kerak, deganlaridek, shularni boqishim kerak. To'rtta chavati non[4] topish uchun o'zimni o'tga, cho'g'ga, Alining qilichiga uraman. Bo'lmasa, ishlay desam bilagimda quvvat bor, aql-u hushim joyida. Menga hozir shu qilib turgan o'g'rilik kasbi yoqadi, deysizmi. Tuppa-tuzuk ayolmand kosibning bolasi edim. Zamon chappasiga ketdi. Kerinska poshsho[5] bo'lgandan keyin urush to'xtaydi, degan edilar. Hali-beri to'xtaydigan ko'rinmaydi. Hali ham zamon-zamon o'sha iligi to'qlarniki.
- Biror boshqa kasb qilsang bo'lmaydimi, bolam, - dedi kampir.
- Nima kasb qilay? Hamma kasblarning ham bozori kasod. Ota kasbim kavushdo'zlikni qilaymi? Avvalo shuki, kavush tikishga na charm bor, na sirach, na mix, na lok. Masallig'ining o'zi bitib chiqqan kavushdan uch baravar qimmat. Hammollik qilay desam, avvalgidek qoplab g'alla, qoplab sabzi-sholg'om oladigan badavlatning tuxumi qurigan. Tunov kuni shu mahallaning devkor etikdo'zlaridan Buvamat ota butun qolip-u shon-u so'zan, bigizlarini ulgurjisiga ikki pud jo'xori unga movoza qildi. Yaxshi qildi. Uning etigini kiyadigan o'zbek, qozoq, qirg'iz dehqonlari qayoqda deysiz, qolgan emas. Faqat ularning yetimlarigina shahrimizni to'ldirib yuribdi. Qaysi burchakka, qaysi chordevorga bosh suqmang, o'n beshta yetim yuvuqsiz qo'lini cho'zib: «Amaki, non bering», deydi. Non-a, o'zimnikiga topolmayman-u! Bitta man emas, buvi, mahalladagi hamma kosiblarning ahvoli shunaqa. Pichoqchilar ham, bo'zchilar ham, ko'nchilar ham, boringki, maktab domlalari ham, mullavachchalarning ham rangi pano. Bir qoshiq obi yovg'onga zor. Sanqib yuribdi.
- Huv, xudoyo urushi boshiga yetsin, qiyomat-qoyim degani shudir-da, a, o'g'rigina bolam-a. Ha, mayli, shu yetimlarning ham peshanasiga yozgani bordir. Xo'sh, endi o'zingdan so'ray. Axir, noilojlikdan-ku, shu harom yo'lga qadam bosibsan, o'ziga to'qroq, badavlatroq odamlarnikiga borsang bo'lmaydimi? Mana shu mahallada Karim qori degan chitfurush bor, Odilxo'jaboy degan pudratchi bor. Matyoqubboy degan ko'nchi bor. Bularning davlati-ku mil-mil. Beshikdagi bolasi ham chetiga bayt yozilgan chinni kosada osh ichadi. Shularning tomini teshsang bo'lmaydimi?
- Ey, buvim tushmagur, soddasiz-da, sodda, - dedi o'g'ri. - Boylarning uyiga tushib bo'ladimi, ularning paxsasi sakkiz qavat, eshiklari temirdan, har bittasining qo'rasida eshakday-eshakday ikkita, uchtadan itlari bor. Bu itlar hovli sahnidan bitta kapalak o'tsa, bir hafta vovullaydi. Odilxo'jaboyning g'ulomgardishida-chi[6], miltiq ushlagan gorodovoy turadi. Jonimdan kechibmanmi, o'ldirmaganda ham sibir qilib yuboradi.
- Bu gaping ham to'g'ri, o'g'rigina bolam. Ammo-lekin ehtiyot bo'l. El-yurtning oldida tag'in badnom bo'lib qolmagin, - dedi bizning kampir.
- Gapingiz to'g'ri, buvi, tunov kuni Orif sassiqning otxonasidan to'rtta tovuq, bitta xo'roz o'margan edim.
- Tovuq, xo'roz dedingmi? Ha, bu maxluqlari qurg'ur qaqaqlab seni sharmanda qilmadimi?
- Hamma ishning ham o'z maromi bo'lar ekan, buvi, tovuq olgani borganda cho'ntagimga bir shishaga suv solib olaman. Keyin qo'ndoqning tagiga borib, og'zimni suvga to'ldirib tovuqlarga purkayman. Tovuqday ahmoq jonivor olamda yo'q. Yomg'ir yog'yapti, shekilli, deb o'ylab, boshini ichiga tiqib, hap yotaveradi, keyin bitta-bitta hiqildog'idan tutib xaltaga solaman.
- Shunaqa degin, voy tavba-ey. Hamma hunarning ham o'zining murt gardoni[7] bo'lar ekan-da.
- Shunday qilib desangiz, buvijon, sirimning xashagi ochilishiga oz qoldi. Yo'q, ellikboshimiz Rahmonxo'jaga xo'rozni olib borib bergan edim, ishni bosdi-bosdi qilib yubordi. Rahmonxo'ja men bilan tuzuk, yaxshi odam. Bultur uni-buni sotib, sakson uch so'm pul jamg'arib: «Topganimiz shu, ellikboshi ota», deb pora bergan edim, rabochiyga ketishdan olib qoldi.
- Ha, ishqilib, bola-chaqasining egiligini[8] ko'rsin. Endi buyoqqa qara, o'g'ri bolam, hademay tong ham yorishib qolar. Ana, yorug' yulduz ham tikkaga kelib qoldi. Oshxonaning yonidagi tutdan sirg'alib pastga tush, o'tinimiz yo'q. Oshxonada bir zamonlar bog'dan kelgan bir-ikkita yong'oq to'nka bor, boltani olib, shuning bir chekkasidan ozgina uchirib ber, qumg'on qo'yaman. Kecha tog'ang berib ketgan zog'oradan ikkitasini olib qo'yganman, birgalashib choy ichamiz.
- Yo'g'-e, buvi, - dedi o'g'ri, - to'nka yorib-ku berarman, ammo choy icholmayman, chunki kun yorishib qolsa, meni tanib qolasiz. Juda ham yuzimni sidirib tashlaganim yo'q, andisham bor, uyalaman.
- Voy o'lay, qutlug' uydan quruq ketasanmi, bolam? Bir nima olib ket. To'xta, nima olib ketsang ekan, ha, darvoqe, oshxonada bitta yarim pudlik qozon bor. Allazamonlar uyimizda odamlar ko'p edi, katta qozonda osh ichardik. Xudoning g'ashiga tegdik shekilli, shundoq katta, gurkiragan xonadondan mana shu to'rttagina yetim qolib turibdi. Eh-ha, bular qachon katta qozonni qaynatar edi-yu... Shuni olib keta qol. Sotib bir kuningga yaratarsan, o'g'rigina bolam.
- Yo'q, yo'g'-e, buvi, yomon niyat qilmang. Ha-huv deguncha bu kunlar ham unut bo'lib ketadi. Yana katta oilalar jam bo'ladi. Hatto bu qozon ham kichiklik qilib qoladi. O'sha yetimlarning o'ziga buyursin. To'ylarida o'ynab-kulib xizmat qilaylik. Xayr endi, buvi, men ketaman, tog' tomon ham yorishib qoldi.
- Xayr, o'g'rigina bolam, kelib tur.
- Xo'p, ona, xo'p...
Men o'sha o'g'ri kishini tanir edim. Haligacha hech kimga kimligini aytgan emasman.
[1] Uvunto'da - eski, titilib ketgan.
[2] Turmuchlab - buklab.
[3] Lut-loyamut - yetarli ovqat.
[4] Chavati non - oshirilmagan xamirdan qilinadigan yupqa non.
[5] Kerinska poshsho - Rossiyada 1917-yilning fevralidan oktabr oyiga qadar hukm surgan muvaqqat (vaqtinchalik) hukumat boshlig'i.
[6] G'ulomgardish - hovli darvozasi yonida qullar yashaydigan kulba; bu yerda «yo'lak» ma'nosida ishlatilgan.
[7] Murt gardoni - hisob-kitobi, javobi.
[8] Egiligini - «rohatini», «orzu-havasini» ma'nosida.