Bo‘ri bolalaydigan ungur og‘zida ilonning kulcha bo‘lib yotishini, bo‘rivachchalarni vaqt-bevaqt ilon qo‘riqlashini bir ovchidan eshitgandim. Ochig‘i, o‘sha gapni mubolag‘a deb o‘ylab, qo‘l siltab qo‘ygandim. Keyinroq o‘zimning boshimdan o‘tgan mana bu voqea ko‘zimni moshday ochib qo‘ydi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, oradan o‘n besh qovun pishig‘i o‘tsayam o‘sha voqea ko‘z o‘ngimda...
Qirq bilan ellikning nari-berisida edim. Bizning barlos qavmimiz eshigida besh-o‘nta qo‘y-echki asramasa, «uchovara»ga qo‘shilmaydi. Yetti pushtimizdan narida otakentilik katta bobomizga ona sovliq shivirlab aytgan ekan:
— Hoy odam, men Odam Atoga ergashib jannatdan chiqqanman. Ta’bim nozik. Tuyog‘imday qattiq odamga haq beraman. Mehringni ayamasang, turgan-bitganim baraka! Bir amallab uzun sonimni ellikka yetkazsang, elingni-ovulingni boqaman!..
Echkining tilini tushunadigan yana bir bobomiz bolalariga manovi hikmatni bot-bot tayinlagan ekan: Esing ketsa, echki qil!
Bizam o‘shalardan ortib qayga bordik. Qattiqchilikni bo‘ynimizga olib, qo‘y-echkimiz sonini yigirmatadan oshirib olamiz-da, huv anovi Langar tog‘ bag‘ridagi bobomeros yaylovga haydaymiz. Qish-qirovli kunlarda hovlimizdagi bostirmali qo‘tonda, ko‘klamda adir yoqalab, yoz kelishi bilan baland tog‘ cho‘qqilari bag‘riga kapa tikib ko‘chib chiqamiz. Buni qarangki, saraton paytida ham cho‘qqilar qo‘ltig‘ida hur-hur shabada, salqin, jilg‘alar jimirlab, giyohlar yam-yashil bo‘ladi. Bunday yaylovda uch-to‘rt oy o‘tlagan qo‘y-echkilar bab-baravar semirib, bo‘rdoqi bo‘ladi. Qish boshida tug‘ilgan qo‘zilar ota-onasiga bo‘ylashib, bozorga optushsangiz, oyoq tirab «dusoq» (ikki-uch yoshli urg‘ochi qo‘zi) sovliq narxida sotasiz...
Biz tarafda «Qo‘y qilsang, o‘zing boq, cho‘ponga qo‘shsang, omonat» degan gapga amal qilib, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘ besh-o‘n kishi «navbat»ga chiqamiz. «Navbat» degani shundayki, cho‘ponlikka chiqqan kishi kechqurun qo‘tonga yetib borib, tunni sherik bilan o‘tkazgach, ertalab qo‘yni sanab, qabul qilib oladi va sherikka javob beradi. Ikkinchi kecha ham shuytib davom etadi. Bo‘lar gapni aytsam, sho‘roning zamonida qo‘y-echkimiz o‘ntadan oshmas edi. Oshirgani qo‘yishmasdi. Majburlab «go‘shtlikka» olib qo‘yishar edi. Hozir zamon boshqacha, eplasang, yuzdan oshir! Oqibat bozorni arzon qilasan. Bunday ro‘shnolik hech qachon bo‘lmagan.
Saraton sariq choponini yelkasiga tashlab, jizlovuqlar farg‘onacha katta ashulasini boshlaganda «yaylovqochdi» qilib o‘rmalab, baland toqqa ko‘chamiz. Katta yo‘l adog‘idagi Qoratut degan oftobga terskay, biroz toshli bo‘lsayam sero‘t manzilga suruvni haydaganimizga ikki haftadan oshgandi. Yaylov sero‘tlikka sero‘t, ammo-lekin anchayin xilvat ham. Yozda toqqa o‘rlaydigan cho‘ponlarning hammasiniyam Qoratutga qo‘y haydashga yuragi betlamaydi. Sersuv jilg‘alar bo‘yi qalin chakalakzor. Soy bo‘yidagi maymunjonzorlar shunday quyuqki, samolyotdan sakrasang ham a’zoyi badaningga ozor yetmaydi.
Undan ham yuqoriroqda, odam qadami yetmaydigan qalin archazor orasida g‘orsimon ungurda bo‘ri bolalaydi. Behamroh, bemiltiq, bo‘ribosar itlarsiz Qoratutdagi qo‘tonda tunab bo‘lmaydi. Xayriyatki, binoyiday itimiz ham, ilgaridan Qoratutda qo‘y haydaydigan «tishqoqdi» cho‘ponlarimiz ham, otam zamonidan qolgan yakka bir miltig‘imiz ham bor. Tong azonda uydan chiqib axtaligidan semirib ketgan shalpangquloq eshagimni uchi nayzaday o‘tkir irg‘ay xalacho‘p bilan “ix-ix”lab yetganimda, ko‘rdimki, qo‘shnimiz chag‘irko‘z, hammaga o‘xshatib laqab qo‘yadigan, belida churrasi borligidan egilib yuradigan Sharif ho‘kak «Qishloqlar tinchmi?» deyishga bazo‘r ulgurib, qo‘y-qo‘zilarni bir-bir sanay ketdi. Xayriyat, to‘rt ko‘z tugal ekan. Mendan to‘rt-besh ko‘ylakni ziyod yirtgan Sharif ho‘kak egilgancha, eshagini egarlayotganda tayinladim:
— Anovi bodicha Yunus po‘piga (tikraytirib soch qo‘yib yurgani uchun laqabi po‘pi) xotinchasi qo‘ydan yaxshi ko‘rinib, oqshomgi navbatga kelmay qo‘ymasin, xo‘pmi?
— Mayli, mayli, aytaman!..
Bu makonda kuppa-kunduzi ham suruvga bo‘ri tashlanib qolishi mumkin. Itimiz kechasi bilan uxlamay, hurib chiqqani uchun kun bo‘yi qo‘tonda, tosh soyasida bir ko‘zini ochib, ikkinchisini yumib uxlaydi. Hushyor bo‘lmasang, qo‘y-qo‘zini oldirib qo‘yishing mumkin. Lekin qo‘ychivonlikning maza tomoni ham bor-da... Suruvni bir sermab qaytarib qo‘yib, qizib turgan yasqoqtosh ustiga ketingni bosib, o‘zing bilan o‘zing qolib, qo‘ylarning kurt-kurt o‘t chaynayotganiga qarab turib, xayol surganga nima yetsin! Xotirga nimalar kelmaydi...
Ko‘z ochib ko‘rganimiz yangangiz Saboga fotihalik paytimda ikki qir osha qo‘shni qishloqqa «qalliq»qa borganman, deng. Ba’zan piyoda, ba’zan ot yoki eshakda. Yaqinroq bir soyda qorong‘i bo‘lishini poylab, Saboni chaqirib chiqib xilvatga o‘tamiz-da, shirin-shirin suhbat quramiz. Gap topilmay qolganda shartta o‘pichga o‘taman. Bir safar borganimda qaynotam rahmatli xufton nomozini o‘qiyotgan ekan. Mushukday o‘rmalab tomga chiqib, yana mushuk yurish qilib bo‘g‘otga kelib, egilgancha hushtak chalayapman. Jo‘rttaga qilibmi, Sabo chiqmayapti. Qaynotam bechora nomozni shosha-pisha tugatib, «Assalomu alaykum va rahmatulloh», deya o‘ng-chapiga salom berib, tomda egilib turgan boshimni ko‘rib qolib, o‘g‘ri deb o‘yladimi yoki ataylabmi, «omin» deya o‘rnidan turib, so‘kingancha narvon tarafga yurdi.
— O‘ldim, endi qo‘lga tushaman. Sharmanda!
Burilib orqaga yurdim-da, tavakkal qilib o‘zimni tomdan otdim. Jonim og‘zimga kelib ketyapman-ketyapman, sira oyog‘im yerga yetmaydi. Chuqur loyxandaq ekan. Tizzamgacha loyga botdim. Urinib-surinib brizent tuflim loy ichida qolib, yalangoyoq o‘rmalab chiqib qochdim. Qaynotamning ovozi chiqmadi. Ichida rosa kulgan bo‘lsa kerak. Ikki kun o‘tmay uyimizga odam jo‘natdi:
— Buytib yurmay, kesin-da, odamini opketsin!
Eh, esga tushganda entikib ketasan kishi... Xayol bilan bo‘lib narida bir qo‘yning bezovta ingrayotganini eshitib qoldim. O‘n besh-yigirma qadam pastda to‘rt gilam bo‘yi yastangan yasqoq tosh biqinida bir dusoq (ikki-uch yoshli urg‘ochi qo‘y) pishqirgancha oldingi oyoqlarini tap-tap yerga urib, xezlanib turibdi. Nima ekan uni bunchalik bezovta qilgan narsa? Atrofda boshqa qo‘ylar bamaylixotir o‘tlamoqda. Qiziqib ikki-uch qadam yurdim.
Ie, ana, ilon, katta ilon, uloq yoki qo‘zichoqni o‘rtaga olib, bo‘g‘ib turibdi. Uloq boshi o‘rtada to‘lg‘onmoqda. E ha, bu uloq boshi emas, katta morning boshi. Boshi shunday bo‘lsa, tanasi qanday ekan? Badanim bijirlab, tanamga chumoli o‘rladi. Hamla qilsa, meniyam yutib yuboradi. Endi nima qildim? Kimdir aytuvdi. Buni mendan boshqalar ham ko‘rishgan. Birov yurak yutib unga yaqin yo‘lamagan. Menda o‘qlangan miltiq bor. U shunga yaramasa, nimaga yaraydi? Mohir mergan kabi miltiqni yelkamdan olib ilonga to‘g‘riladim. Qo‘y bilan andarmon bo‘lib (balki «avrab» turgandir) menga e’tibor qilmadi. Tavakkal qilib tepkini bosdim. Pitrasi ko‘p solinganmi, qo‘ndoq ko‘kragimga shunday tepdiki, ot emas, tuya tepganday bo‘ldi. Bir lahzalik tutun ichra hech narsa ko‘rinmay qoldi. Ko‘p eshitganman, ilon zotiga otilgan o‘q tegmay qolmaydi. Buning sir-sinoati menga qorong‘u. Lekin gazandaning zo‘rini otdim. Jo‘rasi bo‘lib, qidirib kelmasa, go‘rgaydi. Hali Yunus po‘pi kelsa ko‘rsatib maqtanaman. Hozircha joyida tura tursin... O‘zimcha yovuz ajdarhoni o‘ldirgan bahodirdek biroz havolandim. Biroq ilon tomonga borishga, borib ko‘rishga yuragim betlamadi. Hali sherigim kelsa, ulguraman, deb o‘yladim. Nogoh qarasam, suruvning bir tomoni o‘q ovozidan hayiqib ketibdi. Oftob ham ufqqa yonboshlab toshlar soyasi kun chiqish tomonga cho‘zilibdi. Shoshilish kerak. Xarsanglar oralab pastu balandga yugurishning o‘zi bo‘lmaydi. To‘rt oyoqli, temir tuyoqliga qaraganda ikki oyoqli, yumaloq boshlining buziq joyda yurishi qiyin. Mahmat mudirdan yaqinda olganim latta botinkaning tagi «padush»ligi yodimdan ko‘tarilibdi. Chap oyog‘imni bo‘shangroq tashlab yuborib toyib ketdim. Yiqila turib oyog‘im buralib, qattiq qarsilladi. Og‘riqning zo‘ridan ihrab yubordim. Rasvo bo‘ldi. Chap oyoq yo sindi, yo chiqdi. Oshiq atrofi ko‘karib ketibdi. Og‘riq tobora zo‘rayib, oyoq shisha boshladi. Endi sho‘rim quridi. Bir oyoqlab suruvni qanday qaytaraman. Zormanda miltiqni bir amallab kovakka tiqdim-da, tayoqqa suyanib zo‘rg‘a yura boshladim. Qo‘ylar esa parvoyi palak. Yeb to‘ymas yuhodek o‘t-o‘langa yopishadi. «Xo‘p bo‘ldi, ajab bo‘ldi», degandek chor-atrofga yoyilib o‘rmalaydi. Ikki ko‘zim sharshara ortidagi qishloq tarafda. Yolg‘izoyoq yo‘lga termulaman. Qaniydi birorta odamning qorasi ko‘rinsa. Kunbotarda qora terga botib, qo‘ylarni qo‘tonga to‘plab oldim. Baland tog‘ ustida kun botishi cho‘zilib ketadi. Qorong‘ulik esa xonadagi chiroqni birov puflab o‘chirgandek birdan yopiriladi. Ozib-yozib o‘g‘irlikka chiqqanimda oy oydin bo‘ldi, degan ekan allakim. Borib-borib, mening navbatimda shu falokat bo‘lib tursa-ya. Yunus bodining kelmayotgani ham dard ustiga chipqon bo‘ldi. Uyginang kuygur bodi, po‘pi yaqinda uylangan. Xotinchasining qo‘ynidan chiqqisi kelmagan. O‘zini-ku jonligi hemiri emas, ko‘pchilikning moli-jonini o‘ylamagan. Qora choydishni qaynatib, choy damlab ichishga ham hafsalam bo‘lmadi. Ikki burda nonni suvga ivitib yeb, yonboshladim. Lat yegan oyoq og‘riy-og‘riy uvishib qoldi. Ko‘zim ilinibdi. O‘ldirgan ilonimning jufti kelib, he yo‘q, be yo‘q chap oyog‘imga tashlanibdi. Tortib olay desam, oyog‘im yo‘q. To‘rtko‘zning bezovta hurgani qulog‘imga elas chalindi. Xayriyat, To‘rtko‘z yordamga keldi, deb o‘yladim. Bir payt ko‘zimni ochsam, tepamda To‘rtko‘z qorong‘i tomonga qarab bezovta bo‘lyapti. Irg‘ib o‘rnimdan turmoqchi bo‘ldim-u, gursillab yiqildim. Atrofga qaradim. Ilon yo‘q. Oyog‘im singanini unutgan ekanman. Qo‘tonga bo‘ri dorigan. Miltiqdagi bor-yo‘g‘i bittagina o‘q kecha otilib bo‘lgan. Ie, o‘sha miltiqni o‘ziyam tosh kovagida qolgan. O‘tirgan joyimda hay-haylashga tushdim. Cho‘qmor tayog‘imni ko‘tarib, liqqillab To‘rtko‘zga himo qildim. Xayriyat, To‘rtko‘z bo‘rini quvib soldi. Lekin bo‘ri oladiganini olib, ikki qo‘yni tinchitib ketibdi. Tutolmagan avliyo kechirimli keladi, deganlaridek, sadqai sap deyishdan boshqa ilojim qolmadi. Endi buyog‘iga ko‘zimga uyqu kelmadi. Tong yulduzi Hulkar bir arg‘amchi bo‘yi ko‘tarilganda otarga yana bo‘ri hujum qildi. Bu safargisi bir emas, ikkita ekan. Qancha qiyqirib baqirsam ham, toshni toshga urib uchqun chiqarsam ham, foydasi bo‘lmadi. Ojizligimni bilganday u yoqdan, bu yoqqa tashlanaverdi. Tong otguncha olti qo‘y, to‘rt sovliq, ikki qo‘chqorni nobud qilishibdi. Tuvallab qarasam, hammasi bo‘lib sakkiz qo‘y ketibdi. Xayriyat, ikkitasini bir amallab «halol»lab oldim. Kun chiqarda Yunus bodi eshakka qiyshiq o‘tirib yetib kelganda, men sho‘rlik usti-boshim qon, qo‘ton bilan bitta bo‘lib qo‘ylarning terisini shilayotgan edim. Yunus eshakdan tushmay salom berdi. Alik o‘rniga «Hey otangdi qoq kappasiga», deb so‘ka boshladim.
— Fayziqul bobo, siz otamning jo‘rasi, nima deb so‘ksangiz ham, ursangiz ham haqqingiz bor. Kecha qaynotam, qaynonam bir moshin bo‘lib qiz ko‘rgani kelishgan edi. Qo‘y so‘yib ziyofat qildik. Qosh qorayganda qaytishdi. Oqshom kelishga otam qo‘ymadi. «Fayziqul «tishqoqdi», necha yil kolxozning qo‘yini boqqan. Bir o‘zi ming qo‘yni eplaydi», deb yo‘l bermadi.
— Hah ulim-a, men bir kasofatga duch bo‘ldim. Kuni kecha kuppa-kunduzi bir katta ilonni otib qo‘ydim. O‘sha noma’qul ishning kasofati urdi, bolam. Sen ko‘rib turganing qo‘ylarga bo‘ri chopgani bir halvo. Merganlikdan sal o‘tmay chap oyoqni sindirib qo‘ydim. Guppiday shishib ketgan. Bilmadim, necha oy gipsda yuraman. Yiringlab ketib, kesib tashlashmasa go‘rgaydi. Yur qani, ilonning o‘ligini ham ko‘rganim yo‘q.
Men eshakda, Yunus piyoda, kechagi joydagi yasqoq tosh biqinida o‘lib yotgan ilonni ko‘rdik. Uh-hu, bu ilon emas, ajdar bo‘ladigan ekan. Kechadan beri ilon tanasi biroz shishibdi. Hozirgi turishi odamning yo‘g‘on soniday keladi. Uzunligi ham uch metrdan ziyod. Boshi uloqbosh, yelkasida muguzsimon yoli ham bor. Bunday yoshi katta ilonlar sudralib ov qilolmasa ham, avrab, o‘ziga tortib, yutib yuboradi. O‘lja esa har doim ham ro‘parangdan tap-tayyor chiqib turmaydi. Kechagi dusoqni ham avrab domiga tortmoqchi bo‘lgan. Halaqit berganman. Boshqa nima qilay, birovning molini ko‘ra-bila berib qo‘yayinmi? Otishga otdim-u, izidan bunday azob borligini qaydan bilay. Po‘pisa qilib, otmasam bo‘larkan...
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 47-son