OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ulom Karimiy. O‘n besh yoshli hukmdor (hikoya)

Xuroson hukmdori Shohrux Mirzo otasi so­hib­qiron Amir Temur vafotidan so‘ng to‘rt yil o‘tgach, nihoyat, g‘olib sifatida Turon poytaxti Samarqandga qadam qo‘ydi. Amir Temur taxtini, uning vasiyatiga zid o‘laroq, o‘zboshimchalik bilan egallagan nevarasi Xalil Sulton Movarounnahrda to‘rt yil hukmronlik qilgan, biroq siyosatdagi noshudligi tufayli, bir necha oy ilgari o‘z amirlari tarafidan taxtdan ag‘darilib, bandi qilingan edi. Shohrux Mirzo lashkar bilan shoshilinch safarga chiqib, Samarqandni egallab, jiyanini tahqirli asirlikdan xalos qilib, shafqatu muruvvat ko‘rguzdi. Biroq Movarounnahr aholisining Xalil Sultondan ko‘ngli qolgan, u zindonband ekanida suyukli xotini Shodmulk shahar bo‘ylab sazoyi qilingan edi. Shohrux o‘z jiyanining tanazzuli sabablaridan biri ushbu ayol ekanini bilsa-da, Xalil Sultonning yagona iltimosini bajarib, xotinini qaytarishni buyurdi. Xotini bilan diydorlashgan shahzoda endi toju taxtdan judo bo‘lganidan qayg‘urmas, yana o‘zini jahondagi eng baxtiyor kimsalardan deb bilardi. Ammo endi Xalil Sultonning Samarqandda qolishi mumkin emasligi tufayli, Shohrux uni Erondagi Ray shahriga hokim qilib tayinlash haqida farmon chiqardi. Shahzoda Shodmulkni olib, jahongir bobosi saltanati poytaxti va o‘zi – yanayam aniqrog‘i, o‘zi va suyukli xotini birgalikda – to‘rt yil hukmronlik qilgan muazzam shaharni abadiyan tark etdi.
Endi Samarqand ahli Shohrux Mirzoning o‘z ota­si taxtiga chiqishini sabrsizlik bilan kutar, zero sohibqironning tirik qolgan yagona o‘g‘li sifatida u bu sharafga eng haqli kishi hisoblanardi. Biroq Shohruxning boshida boshqa o‘y-fikrlar g‘ujg‘on edi...
Avvalo, u otasi tirikligidayoq Xuroson hukm­dori etib tayinlanib, bu o‘lkaga ancha ko‘nikdi. Soniyan, Xuroson poytaxti Hirot temuriyzodalarga tobe mulk­larning deyarli qoq markazida edi. Boz ustiga, masjidu madrasalar qurdirib, Xuroson obodonchiligiga katta hissa qo‘shgan xotini Gavharshodbegim ham saltanat poytaxti aynan Hirot shahri bo‘­lishini istardi. Demak, o‘g‘illaridan biriga nasib etgusi Samarqand taxti...
Shohrux Mirzo o‘g‘illarining yoshlari orasida farq katta bo‘lmasa-da, to‘ng‘ich o‘g‘li – o‘n besh yoshli Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek yaqqol ajralib turardi. Cho‘zinchoq yuzi, qirra burni, hamisha qat’iyat aks etib turuvchi o‘tkir nigohi bilan jahongir bobosiga nihoyatda o‘xshab ketgani tufayligina emas. Kuchli xotirasi, quvvai zehni, ilmga mehri, shahzoda bo‘lishiga qaramay, zamonning har bir yirik olimiga shogird tushishga moyilligi bilan ham.
Otliq jarchilar Samarqandning silliq tosh yot­qizilgan ko‘chalari bo‘ylab farmoni oliyni e’lon qilishdi: “Bugundan e’tiboran Movarounnahr hukmdori Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek Ko‘ragondur. Shahzodayi jahon bu o‘lkani padari buzrukvori, hoqoni said sulton Shohrux Mirzo nomidan boshqaradur”!
 
* * *

Qutlovga kelgan Samarqand amirlari, a’yonlar, ulamoyu fuzaloga ruxsat berilgandan so‘ng, ota-o‘g‘il Ko‘ksaroydagi Amir Temur xazinasiga tushishdi. Zarboft chopon kiyib, boshiga yoqutlar qadalgan simobiy salla o‘ragan Shohrux Mirzo tutqichi fil suyagidan yasalgan aso ushlab olgan, aft-angorida jindek horg‘inlik sezilardi. Ulug‘bek bolaligida ko‘p tushib o‘rgangani tufayli, nimqorong‘ulikka qaramay, marmar zinalardan chaqqon yurib borardi. Kech tusha boshlagani uchun, soqchilar xazinaning keng xonalarida mash’alalar yoqib turishar, ularning yog‘dusida xazinabonning oppoq oqargan yuzi va qo‘rquvdan olazarak ko‘zlari bo‘rtib ko‘rinardi.
Ulug‘bek bolaligida har gal kirganida xazinada yetti iqlimda yasalgan nafis buyumlar, sandiq-sandiq oltin-kumushlar, qimmatbaho toshlar, hatto u nomini ham bilmaydigan g‘aroyib narsalar bo‘lardi. Voajab, hozir xazinaning xonalari bo‘m-bo‘sh va o‘pqon kabi yutaman deb turganini ko‘rib, u ko‘zlariga ishonmasdi. Ba’zi xonalarda hali tashib ketilmagan bir necha sandiqlar turardi. Shohruxning ishorasi bilan ochilganda, ular ham bo‘m-bo‘sh ekanligini ko‘rishdi.
Sohibqiron bobosi davrida ham Ulug‘bek xazinadan ko‘p miqdorda boyliklar chiqarilganini ko‘rgan. Odatda, Amir Temur biron muhtasham imorat qurishga qaror qilganida yoki olis o‘lkalarga sovg‘a-salomlar bilan elchilar karvonini jo‘natganda shunday hol ro‘y berar, lekin sarflangan mablag‘ o‘rni tezda to‘ldirilardi.
“Xalil og‘am Samarqandda biron o‘rtacha imorat ham bunyod qilmadi-ku, – og‘riqli o‘ylar xayolidan kechdi Ulug‘bekning. – U holda marhum bobomning shunday ulkan xazinasini qayga va nimaga sarf etdi ekan?” Biroq shahzoda bu haqda ovoz chiqarib otasidan so‘rashga jur’at etmadi. Yetti iqlimdagi eng katta xazinaning shamolga sovurilganini ko‘rib, hukmdorning yuziga afsus va achinish soya tashlaganini u mash’alalar yorug‘ida payqagan edi.
Xazinadan qaytib chiqishayotganda oyoq ostida yilt etgan bir narsa Shohrux Mirzoning diqqatini tortdi. U toshga yopishib, ustini tuproq ko‘mayozgan narsani hassasi uchi bilan ko‘chirdi va engashib qo‘liga oldi. Bu – bir dirhamlik kumush tanga ekan. Sulton shohi dastro‘molini olib, uni tuproqdan tozaladi, tangadagi “Amir Temur Ko‘ragon” deya o‘yib bitilgan yozuvni peshonasiga tekkizib dedi: “Allohga shukrki, mana shu bir dirham tufayli biz jahongir otamiz xazinasidan bahramand bo‘ldik”.
 
* * *

Ota-o‘g‘il Ko‘ksaroyning bir paytlar Amir Temur ulug‘ rejalar tuzganida kirib o‘tirishni sevadigan, devorlariga yetti iqlim o‘lkalarining xaritalari chizilgan xonada suhbatlashishar, to‘g‘­rirog‘i, Shohrux Mirzo Hirotga qaytish oldidan Movarounnahrda o‘z noibi sifatida qoldirayotgan o‘g‘liga davlatni boshqarish yuzasidan yo‘l-yo‘­riqlar berar, Ulug‘bek ularni jon qulog‘i bilan tinglab, ayrim nasihatlarni so‘ngroq takror o‘qib, mag‘zini chaqish uchun oldidagi daftarga tez-tez bitib olardi.
– Ko‘zimizning nuri, to‘ng‘ich farzandimiz Mu­hammad Tarag‘ay, – salmoq bilan davom etdi Shohrux Mirzo. – Kalomi sharifda zikr qilinganidek, “Mulk Al­lohnikidir va Alloh uni xohlagan kishisiga ato etadi”. Karami keng Alloh Movarounnahr yanglig‘ jannatmonand, otameros yurtimizni bizga ato qildi. Yaratgan Egamning bu lutfu inoyatiga biz raiyatparvarlik hamda oqilona siyosat bilan shukrona keltirmog‘imiz lozim. Shundoq ekan, payg‘ambarimiz Muhammad sallallohi alayhi vasallam o‘rnatgan adolatli qonunlarni mo‘­minlar orasida joriy etuvchi qozilar qo‘lini shariat hukmlari ijrosida baquvvat tuting. “Hidoya” muallifi Burhonuddin Marg‘inoniy avlodlariga alohida e’zoz-ikrom ko‘rguzing. Olam obodonligining sababi va odamzod rizqining vositasi bo‘lmish dehqonlarni zulmu adolatsizlikdan himoya qilib, adlu insof bilan o‘zingizga yaqin eting. Davlat sarhadlari soqchilari va mamlakat himoyachilari bo‘lmish lashkarlar toifasini ochiq yuzli va xushmuomalalik bilan o‘zingizga sodiq va itoatkor qilib, maoshlarini belgilangan vaqtda to‘la yetkazib turing. Chegaralarga ish ko‘rgan, tiriklikning achchiq-chuchugini totgan odamlarni tayinlang. Ba’zi xizmatni tashlab qochuvchilarga saza berib, qilmishiga yarasha jazolang. Xullas, barcha hollarda payg‘ambarimizning “ishning yaxshisi miyonasidir” degan hadisi sharifiga amal qilib, haddan ortiq yoki keragidan oz chora ko‘rishdan ehtiyot bo‘ling.
Biron bir, boringki, eng xayrli mashg‘ulotga ham, siyosat va davlatni boshqarishdan ziyodaroq vaqt sarflamang. Chunki endi siz katta bir mamlakat hukmdorisiz. Shu yoshingizdayoq qanchalab tarixiy asarni mutolaa qilganingiz tufayli, bu sohada sizga dars berish ortiqcha. Biroq o‘git tariqasida ikkita misol keltirmoqchiman. Birinchisi shuki – mo‘g‘ul xoni Halokuxon Bag‘dodni zabt etganida xalifa al-Mu’tasim taxtda o‘tirgani sizga ayon. Haloku mag‘lub bo‘lib, asirga tushgan xalifa xazinasida oltinu kumush, marvaridu javohirlar xirmon bo‘lib uyulib yotganini ko‘rib, taajjub qilibdi. Holbuki, bu mablag‘ga katta lashkarni qurollantirib, dushmanga qarshi jangga solmoq mumkin edi. Ko‘ringki, ochko‘z xalifa hatto o‘zi, toju taxti va mamlakati himoyasi uchun ham yiqqan oltinlarining bir qismini-da, sarf qilmoqni istamagan. Haloku: “Qani ko‘raylik-chi, bu oltinlar seni o‘limdan qutqara olarmikin?” – deya, uni o‘z xazinasiga qamab qo‘ygan. Xalifa oltinlar uyumi orasida ochlikdan tirishib halok bo‘lgan.
Ikkinchi misol esa hozirgi kundan. Mening jiyanim va sizning amakivachchangiz Xalil Sulton padari buzrukvorimiz tirikligidayoq onhazratning safdoshlaridan biri amir Hoji Sayfiddin haramidagi bir kanizakka oshiqi beqaror bo‘lib, uni olib qochib, beruxsat uylandi. Amirlarga quyuq va’dalar berib, Samarqand taxtiga o‘tirgach ham, har bir yumushni mana shu xotini ko‘ngliga qarab bajardi. Bu ayolning nazari tushgan tagi past qullar, ertaklardagidek bir kunda molu mulkining hisobini o‘zi ham bilmaydigan boylarga aylanishdi. Holbuki, Xalil Sulton bo‘ydoqligida shijoatli, dovyurak, yovqur bo‘lib, Hindistondagi muhorabada butun lashkar fillardan qo‘rqib sarosimaga tushganda, oldinga otilib chiqib, eng katta filning xartumiga nayza urib, qo‘shin ruhini ko‘targan. Afsuski, filga bas kelgan er yigit bir zoti past ayolning izmiga o‘z ixtiyorini qo‘sh qo‘llab topshirdi. Amirlarning Xalil Sultonga sadoqati esa to Samarqand xazinasi tamoman sovurilguncha davom etdi va voqeaning bu yog‘i o‘zingizga yaxshi ma’lum.
Siz ham endi taxt sohibi bo‘lgach, ilmi hay’at kitoblari mutolaasi-yu, tunlari sayyoralar va yulduzlar harakatini kuzatish kabi mashg‘ulotlaringizni bir oz chegaralab, – otasi bu so‘zlarni aytayotganida Ulug‘bekning yuziga qizillik yugurib, tiyrak ko‘zlari chaqnadi, biroq bu uyatdanmi yoki shavqdanmi ekanini Shohrux Mirzo anglayolmay qoldi – diqqat-e’tiboringizni ko‘proq saltanat yumushlariga qa­rating. To‘g‘ri, ilmu fanga ixlos – bu oltinga hirs qo‘yish yoki husndor ayolning chayon yanglig‘ zulfiga bandi bo‘lish kabi koyishga sazovor bir ish emas. Biroq siz sultonsiz! Binobarin, saltanat yumushlaridan boshqa mashg‘ulotlarga keragidan ortiq chalg‘igan hukmdorning mamlakatida zimdan va oshkora tarzda fitnalar yetilmog‘ini zinhor esdan chiqarmang. Zero, bo‘sh qo‘yilgan jilovni boshqalar o‘z qo‘liga olmoqqa intilur. Saltanat sirlarini chuqur egallamog‘ingiz va davlatni boshqarishni batamom o‘z qo‘lingizga olish iqtidorini kasb etguningizga qadar, otabegingiz amir Shohmalik Samarqandda – sizning huzuringizda qolur. Barcha muhim davlat ishlarini saltanatimizga shoyon xizmatlari singgan ushbu ulug‘ amir bilan bamaslahat hal qiling.
 
* * *

Otasini Buxoroga dovur kuzatib qaytgan Ulug‘bek Ko‘ksaroydagi Amir Temur taxti qo‘yilgan salomxonaga oshiqmadi. Saroyning devorlariga marmar qoplangan hammomida yuvinib, yengil liboslarni kiygach, bolalikdan o‘ziga qadrdon bo‘lib qolgan bir xonaga kirdi. Undagi tokchalarga katta-kichik kitoblar terilgan, xontaxtada taxlam-taxlam a’lo sifatli Samarqand qog‘ozlari, dovot va qalamlar qo‘yilgandi. Bir necha yillik judolikdan so‘ng, nihoyat, ustozi Qozizoda Rumiy bilan xoli suhbatlashish imkoni tug‘ilganidan Samarqandning yangi sultoni nihoyatda masrur edi. Ustoz-shogird quchoqlashib ko‘rishishdi. Ulug‘bek mosh-guruch soqolli, nuroniy yuzli, tunlari engashib usturlobda osmon jismlarini kuzatish natijasida qaddi biroz bukinqiragan allomani, unamaganiga qaramay, to‘rga chiqarib o‘tirg‘izdi. Qozizoda shogirdiga uzoq umr va saltanatiga rivoj tilab, duoyi fotiha qildi.
– Ushbu xonada sizdan olgan saboqlarim so‘ngra qo‘limga tushgan ancha murakkab kitoblarni o‘qib tushunishimga katta yordam berdi, ustoz, – dedi Ulug‘bek ko‘zachadagi gulobdan chinni kosaga quyib uzatar ekan. – Endi, janoblariga malol kelmasa, haftada ikki-uch bor o‘shal saboqlarni davom ettirsak.
Qozizoda taxtga o‘tirgach ham, ilm kasb etishga ishtiyoqi so‘nmagan shogirdiga ehtirom va mamnuniyat bilan boqarkan, o‘z mulohazasini aytdi:
– Kaminangiz ham aslida Rumdan Samarqandga ilm izlab kelgan. Endi o‘rganganlarimni sa­mar­qandlik ilm toliblariga – ayniqsa, ularning eng tirishqog‘iga – o‘rgatolsam, bu ulug‘ shahar oldidagi qarzlarimning bir qismini uzgan bo‘­larmidim. Biroq, mashg‘ulotlar davlat ishlari bilan shu­g‘ul­lanishingizga xalal bermaydimi?
– Ba’zida shunday hollar yuz bermog‘ini eh­ti­moldan soqit qilib bo‘lmas. Mana bugun ham ota­begim amir Shohmalik a’yonu sarkardalarni yig‘ib, mashvarat o‘tkazmoq lozimligini aytdi. Siz birla suhbatga oshiqqanim uchun mashvaratni ertaga qoldirdim. Chunki saboqlarim chala qolishini istamasman. Ayniqsa, ilmi hay’at sohasida mukammal bilim egallamoqchiman.
– Kamina hozircha faqat nazariy bilimlarni o‘r­gata olaman.
– Amaliyotga ham o‘tamiz, albatta. Ustalar topib, bir necha kuzatuv olotlarini yasattiramiz. Kelajakda esa rasadxona ham bunyod etamiz. Men Marog‘a shahridagi alloma Nasriddin Tusiy kuzatuvlar olib borgan rasadxona haqida ma’lumotlar yig‘dirdim. Uning hozirda faqat vayronalari qolgan bo‘lsa-da, muhandislar imorati tarhini taqriban asliga mos qilib chizdilar. Albatta, bizning rasadxona Tusiynikining bir takrorigina bo‘lib qolmas. Ilmi hay’at kitoblari va rasadxonalar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishda davom etamiz.
Movarounnahrning yirik shaharlarida yangi mad­rasalar bunyod etamiz. Mamlakatda ilmli odamlar qancha ko‘paysa, u shunchalik taraqqiy etgusi. Ulug‘ bobom Temurbek Samarqand madrasalarida tolibi ilmlarga beriladigan tahsil pulini bir necha barobar ko‘targanlari bejiz emas. Shunda ular hech narsaga zoriqmay, faqat ilm kasb etishga mashg‘ul bo‘lishadi. Xalil og‘am o‘zi ash’or bitishga moyil bo‘lganidan ko‘proq shoirlarga homiylik qildi. Bu ham zarur, albatta. Biroq, biz shunga erishaylikki, ilmga chanqoq yoshlar fanning istalgan sohasi bo‘yicha ilm olishlari uchun Samarqandda barcha shart-sharoitlar muhayyo bo‘lsin.
– Sizning so‘zlaringizni tinglarkanman, tez orada Samarqandda bir necha asr burungi Bag‘dod va Xorazmdagidek bayt ul-hikma bunyod etilishiga ishonchim ortmoqda.
– Ko‘nglimdagi eng buyuk orzuimni yanglishmay ang­ladingiz, ustoz. Jahongir bobom davrida Samarqand yer yuzining siyosiy markazi bo‘lgan bo‘lsa, endi uni zamonning ilmiy markaziga aylantiraylik. Chinga borib bo‘lsa-da, ilm izla, demish donishmandlar. Kelasi yili qiblagohim Chin mamlakatiga elchilar yubormoqchi. Biz o‘zimizning elchilarni ham ularga qo‘shib jo‘natamiz. Shu bois, shogirdlaringiz orasidan bir uquvlisini tanlang. Elchilar bilan birga jo‘nab, boshqalar xitoyi ipak va chinni xarid qilishganda, u ilmi hay’atga doir kitoblarni izlab, puliga qaramay sotib olsin. Xalqlarning dini turlicha bo‘lishi mumkin, biroq ilm butun bashariyat uchun yagonadir.
Maroqli suhbatdan so‘ng Ulug‘bek ustozini saroy darvozasigacha kuzatib chiqdi. Qozizoda Rumiy masrur o‘ylarga berilib, uyiga qaytar ekan, jahongir Amir Temur marhum alloma Sa’duddin Taftazoniyni har gal saroy darvozasigacha kuzatib chiqqanini esladi. “Ha, Mirzo Ulug‘bek sohibqiron Amir Temurga munosib nabira, – ko‘nglidan kechdi olimning. – Inshoolloh, uning shuhrati bobosinikidan kam bo‘lmagay. Ulug‘bek kelgusida bitajak kitoblar Temur lashkari yetmagan mamlakatlarga dog‘i yetib borsa, ne ajab!”

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.