Bektemirdan Sebzorga yetib kelib, tanish to‘qqiz qavatlik uy yo‘lagiga kirdik.
– Lift odatdagidek ishlamaydi, – dedi «yoshullimiz» Ravshan aka. U Tursunboy akaning ilk shogirdlaridan. Ravshan akaning bolalar uchun yozgan she’r va dostonlari ko‘proq e’tirof qozonib, bu sohada u o‘z munosib o‘rnini egallaganini ham biz bir jihati ustoz Tursunboy Adashboevning ijobiy ta’siri va g‘amxo‘r murabbiyligidan deb bilamiz.
– Tursunboy aka bizni atayin lift ishlamaydigan kunlari chaqirsalar kerak. Qani, shogirdlarimning matonatini bir sinay, deb, – dedi rassom do‘stimiz Abdusattor. Tasviriy san’at bilan birga u she’riyatga ham oshiq. O‘zining aksar she’rlarini yod bilganidan yig‘in-suhbatlarimizda unga she’r o‘qitishni xush ko‘ramiz.
To‘qqizinchi qavatga ko‘tarilar ekanmiz, «osmonu falakka» har kuni chiqib-tushadigan Tursunboy akaga qoyil ekanimizni bir-birimizga aytamiz.
Bir necha yilki ustoz shoir yuqori qavatdagi ikki xonalik uyda yolg‘iz yashaydilar. Umr yo‘ldoshlari vafot etgan, bola- chaqalari ota yurtlari - O‘sh viloyatida uyli-joyli bo‘lib ketishgan. Ammo «yolg‘iz» so‘zi Tursunboy akaga uncha yopishmaydi. Farzandlari, qadrdonlari, shogirdlari yo‘qlab turishadi, bir muddat kelmay qolishsa, ustoz o‘zi sog‘inib chaqiradi. Ijodkorligi tufayli uning bir oyog‘i Toshkentda bo‘lsa, bir oyog‘i O‘shda. Ikki xalq – o‘zbek va qirg‘izlarga birday sevimli, ularni bog‘lovchi madaniy ko‘prikning mustahkam ustunlaridan biriga aylangan. Bu jihatdan uni ustozi Mirtemir domlaga mengzasak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Odatdagidek ochiq turgan eshikdan dahlizga kirdik. Ustoz xonada ko‘rinmagach, uni chaqirdik.
– Xonaga o‘taveringlar, – oshxona tarafdan ovoz keldi. – Guruch ivityapman.
– Devzirami, ishqilib, ustoz? – quvlik bilan so‘radi Abdusattor.
Uning bilib turib so‘raganidan gurra kulib yubordik va xonaga kirdik. Bu shinam uydagi kamtar-kamsuqum anjomlar bizga yod bo‘lib ketganidan, undagi bir yangilik darhol diqqatimizni tortdi. Eshikdan kirganda to‘g‘ridagi devordan ko‘hlik ayol surati muloyim boqib turar, u go‘yokim «xush kelibsizlar» deyayotgandek edi. Ravshan akaga savol nazari bilan qaraganimda, u mening taxminimni tasdiqladi:
– Ha, bu kishi marhuma yangamiz. O‘shda men bir necha yil birga ishlaganman ham.
Bizning suratdan anchagacha ko‘z uzolmaganimizni Abdusattor mamnun iljayib kuzatib turardi.
– Bu surat sizning ishingizmi? – so‘radim undan. – Yo‘q, kechirasiz, ish emas, san’atingizmi?
– Ha, kaminaning kamtarin ishi bu, – dedi u og‘zi qulog‘iga yetgudek bo‘lib.
Bu asnoda Tursunboy aka oshxonadan chiqib keldi. O‘tirib, duoyu fotiha qilgach, ustoz yaqinda safardan qaytgani qo‘shni Qirg‘izistondagi madaniy hayot, u diyordagi qirg‘iz va o‘zbek ijodkorlarining yangi asarlari haqida so‘zlab, olib kelgan kitoblaridan ba’zilarini «sizlar ham o‘qib ko‘ringlar», deb bizga berdi.
– Mana bu sizga, G‘ulomjon, – deya bir necha arab alifbosidagi eski kitobni menga uzatdi. – Ba’zan yurtdoshlarimiz arab alifbosidagi kitoblarni topib, «qadriga yetadigan odam» deb menga keltirishadi. Ba’zilari ancha hilvirab qolgan. Afsuski, o‘zim uncha o‘qiyolmayman. Sizning ixtisosligingiz esa qo‘lyozmashunoslik. Shunday ekan, bular sizda turgani ma’qul.
Kitoblarni olgach, uzr so‘rab bir burchakdagi yozuv-chizuvga mo‘ljallangan xontaxta yoniga o‘tdim. Bir necha qo‘lyozma va toshbosma kitoblarni varaqlab ko‘z yugurtirib chiqdim. Qur’oni karimning ba’zi suralari qo‘lyozmalari, Hofiz devoni, So‘fi Olloyor kitobi. Bular tanish asarlar. Bir necha varag‘igina saqlanib qolgan o‘zbek tilidagi g‘azallar qo‘lyozmasida Sadoiy taxallusi e’tiborimni tortdi.
– Mumtoz shoirlarimiz orasida men oldin Sadoiy nomini uchratmagan edim. Afsuski, bu kitobdan bir necha varag‘i qolibdi, xolos. Bir izlanib ko‘rish kerak. Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasidan asarlarining boshqa nusxalari chiqib qolishi mumkin.
– Men ham bunday shoirni eshitmagan edim. Ajab emas, merosidan yana namunalar topilib, nomi va ijodi yorug‘likka chiqsa, – dedi Tursunboy aka, hadya etgan kitoblari darhol kaminada bir izlanish istagi uyg‘otganidan quvonib.
– Siz hadya qilgan kitoblarni javonning alohida bo‘lmasiga qo‘yib, «Tursunboy Adashboev tuhfasi» deb yozilgan lavha osib qo‘ymasam bo‘lmaydi, – dedim yarim hazil, yarim chin tarzda.
Ustoz yana oshxonaga chiqib ketgach, Qirg‘izistondan kelgan, O‘zbekiston nashriyotlarida chiqqan bolalar adabiyotiga oid kitoblarni ko‘zdan kechirdik. Tursunboy aka lotin alifbosida chop qilingan «Orzularim - qo‘sh qanotim» kitobidan har birimizga sovg‘a qilgan, ularni bolalarimiz, ulardan olib sinfdoshlari ham o‘qishardi. Ajabki, o‘zimiz ham bolalikda boshqa bolalar shoirlari qatori Tursunboy akaning kitoblarini o‘qib ulg‘ayganmiz. Ayniqsa, «Arslonbob sharsharasi» harf taniganimdan keyin men o‘qib chiqqan ilk kitoblardan biri sifatida iliq taassurotlarga o‘ralib xotiramga muhrlanib qolgan. Varaqlari rangdor va rasmli she’r kitob. O‘sha paytda qishloq bolalari uchun bunday kitoblar noyob, o‘qituvchi ota-onam «Alifbe» va «O‘qish kitoblari»ni tugatgandan so‘ng menga olib berishgan dastlabki ikki kitobning biri shu edi. Endi esa o‘sha kitob muallifi xonadonidamiz. U bilan oy o‘tmay uchrashib turamiz. «Ustoz» deb ehtirom ko‘rsatsak, u kishi kamtarinlik bilan «sizlar ham menga ustozsizlar», deb lutf qilib qo‘yadilar.
Tursunboy aka guruchni damlab kelgach, qittak-qittak olindi. Qadah so‘zida dastavval yanganing suratini chizgan Abdusattor sha’niga madhiyalar aytdik.
– Siz suratni keltirib bergach, anchagacha o‘tirib yig‘ladim, – dedi Tursunboy aka Abdusattorga. – Oq-qora fotosurat asosida shunday ajoyib rasm ishlabsiz. Qo‘lingiz hech qachon dard ko‘rmasin.
– Chizaturib o‘zim ham yig‘ladim, – dedi Abdusattor. – Rasmni sehrlanish darajasida tikilib tomosha qilgan keliningizga bu ayol bizga viloyatdosh ekanligini aytganimda, quvonib ketib: «o‘zimga ham bu ayolni qaerdadir ko‘rgandek tuyuluvdi. Kim bo‘ladilar bu kishi? Hozir Toshkentda turadilarmi»? deb hovliqib so‘radi. «Tursunboy akamning marhuma xotini», desam yig‘lab yuborsa bo‘ladimi.
Barchamiz mutaassir bo‘lib ko‘zlarimiz namlangan, suratdan mehr bilan qarab turgan nigoh bizga tasalli bergandek edi.
– Katta ijodkor bo‘lganingiz sirlari bizga endi ayon bo‘lmoqda, – dedim Tursunboy akaga jindek hazillashib. – Yangamizdek ayol sizga umr yo‘ldoshi va ilhom parisi bo‘lgani ko‘pgina ijodiy muvaffaqiyatlaringiz garovi bo‘lgani shubhasiz. Endi, sir bo‘lmasa, ilk bor tanishganingiz, bunday hurliqoga qanday erishganingiz va hokazolar haqida so‘zlab bersangiz.
– U paytda meni Bishkekka – Qirg‘izistonda chiqadigan o‘zbekcha gazeta «Qirg‘iziston haqiqati» tahririyatiga ishga jo‘natishgan edi. Salomatxon tahririyat bosmaxonasida linotipda harf teruvchi bo‘lib ishlardi. Bu kasbga qiziqib qolgani tarixini menga o‘zi so‘zlab bergan keyin. Ular 8-sinfdagiligida o‘quvchilarni bosmaxonaga ekskursiyaga olib borishibdi va bu yerdagi ish jarayonini tomosha qildirishibdi. Yosh qizga linotipda harf terish pianino chalishni eslatib yoqib qolibdi. Bir qarindoshlarining uyida pianino bo‘lib, ularnikiga har borganida Salomatxon pianino chalinishini zavq bilan tinglar, ba’zan o‘zi ham havas bilan klavishlarni bosib ko‘rarkan. O‘zining pianinosi bo‘lishini, chalishni o‘rganishni juda xohlar ekan-u, ammo ko‘p bolali oilada bunga pul qayoqda deysiz. Bosmaxonadagi harf terish mashinasi pianino klavishiga o‘xshashini ko‘rgach, shu kasbga mehri tushib, 8-sinfni bitirgandan so‘ng o‘qishni kechkiga aylantirib, Roza degan harf teruvchi rus ayoliga shogird tushibdi. Pianino orzusidan tug‘ilgan mehrini boricha bu ishga berib, oz muddatda mohir harf teruvchiga aylanib, kasbiga ixlos qo‘yib, ba’zan matnlarda xatolarni ko‘rib qolsa, mualliflarni ayamay aytadigan bo‘libdi.
– Aslida matnlarni tekshirish va xatosini tuzatish harf teruvchi vazifasiga kirmasdi, – luqma tashladi Ravshan aka. – Shunga qaramay, Salomat opaning xatolarni ko‘rsatganidan hech kim ranjimay, doimo unga quloq solishar, matn to‘g‘ri va savodli bo‘lishi uchun jonkuyarlik qilishiga tahsin aytishardi.
– U hali yosh qiz, oilasi yashaydigan uyg‘urlar mahallasi – asosan Xitoydan ko‘chib kelgan uyg‘urlar yashaydigan mahalla shunday atalardi – ishxonadan uzoqroq bo‘lganidan, men ko‘pincha ishdan kech chiqqanimizda uni kuzatib qo‘yardim, – davom etdi Tursunboy aka. – Shu-shu yaqinlashib qoldik.
– Yosh va suluv qizni kuzatishga da’vogarlar faqat siz bo‘lmagandirsiz, albatta, – kunjikovlik qildim men.
– Ha, boshqalar ham kuzatib qo‘yaylik, deb aytishganda, Salomatxon, Tursunboy akam kuzatib qo‘yaman deganlar, deb ularning taklifini muloyimlik bilan rad etarkan...
Salomatxon adabiyot, ayniqsa, she’riyatni sevardi. Gazetaning terilayotgan sonida ozgina bo‘sh joy qolsa, bosh muharrir menga qarab: «Qani shoir, hunaringizni ko‘rsating, falon mavzuda bir she’r ayting, Salomatxon to‘g‘ridan to‘g‘ri tersin. Vaqt ziq» – derdi. Men buyruqqa bo‘ysunib, badihatan she’r o‘qir, yangi she’r qog‘ozga yozilmasdan turib, gazeta sahifasiga tushardi. Maqolalarga shoirona sarlavhalar lozim bo‘lganida ham buni menga buyurishardi...
Salomatxonni har gal mahallasiga kuzatib qaytgach, ko‘nglimni surur qoplar, yo‘l tez tugab qolganidan jindak afsuslanardim ham. Bir kun shundoq masrur o‘ylarga berilib qaytayotganimda yo‘limni uchta uyg‘ur yigiti to‘sdi. Ular jismoniy jihatdan baquvvat, avzolari ham yaxshilikdan darak bermas edi. Men beixtiyor to‘xtadim. Ammo mutlaqo qo‘rqmaganimga hozirgacha hayron qolaman. Ko‘nglim Salomatxon haqidagi o‘ylarga limmo-lim bo‘lib, boshqa tuyg‘ularga joy qolmaganidan shunday bo‘lgandir, ehtimol. Yigitlardan barvastarog‘i qarshimga kelib to‘xtadi va bepisand ohangda dedi: «Xo‘sh, shoir, bizning mahallamiz qiziga namuncha ilakishib qolding? Maqsading nima»? Shoir deganidan bildimki, men ularni tanimasam-da, ular men haqimda «zarur» ma’lumotlarni to‘plab ulgurishibdi. Ammo ular kimlar? Birontasi Salomatxonga ko‘ngil qo‘yganmi? Yoinki – bu o‘y boshimga kelishi bilan ko‘z oldim bir zum qorong‘ilashib ketdi – unga unashtirib qo‘yilganmi?
– Biz birga ishlaymiz. Qiz bola bo‘lgani uchun ba’zan ishdan kech chiqqanida kuzatib qo‘yaman shundoq.
– Laqillatma bizni, agar joningdan umiding bo‘lsa. Kuzataman desang Salomat ishxonangdagi yagona qiz emas-ku! Sen bizga o‘z maqsadingni ayt!
Men go‘yo shu savolni o‘zim uzoq kutib yurgandek, dardlarimni tinglaydigan odamlar topilganidan quvongan kabi javob berdim:
– Men shu qizni yaxshi ko‘raman. Unga odam qo‘yib, uylanish niyatim bor. Ammo haligacha uning ko‘nglini bilmayman. Chunki o‘ziga bu to‘g‘rida hech narsa demaganman.
O‘z so‘zimni aytgach, yengil tortdim. Salomatxonga aytolmagan muhabbat izhorimni unga mahalladosh yigitlarga to‘kib solgan, endi oshkora bo‘lgan muhabbatimdan g‘ururlanib, yigitlar ko‘ziga tik boqardim. Kutilmaganda, mening so‘zlarim nash’a qilgandek, barvasta yigit kulimsiradi.
– Kuzatib qo‘yib, kech payti yolg‘iz o‘zing qaytishga qo‘rqmaysan-u, sevgingni izhor qilishdan qo‘rqasan. Hay, mayli, bir yigitning bir qizni sevishga haqqi bor. Faqat u o‘z sevgisiga bir umr vafodor bo‘lsa. Niyating shu bo‘lsa, omad senga yor bo‘lsin. Ammo bundan keyin bizning mahallamizga tinch kelib-ketishing uchun sen bizga so‘z ber. Sening shoirligingga uchgan, balki boshqa biron jihatlaringni ham yoqtirgan Salomatni hech qachon aldab tashlab ketmaslikka, agar u ham senga moyil bo‘lib, ota-onasi ham rozi-rizolik bersa, uylanib, bir umr vafodor er bo‘lishing haqida bizga so‘z ber!
– So‘z beraman!
– Shoir bo‘lsa, yozib bersin, - dedi shu paytgacha indamay turgan birovi. U, aftidan, do‘pposlash umidida kelgan, ishning tinch ko‘chayotganidan norozidek edi.
– Uyg‘urcha yozishni bilasanmi? – so‘rashdi mendan.
– Yo‘q, sizlar yozib beringlar, men qo‘l qo‘yaman, – dedim.
Qasamyod so‘zlarini arab alifbosida uyg‘ur tilida yozib, menga o‘qib berishdi. Men bajonudil imzo qo‘ydim. Siyoh o‘rniga yurak qonim tomgandek edi go‘yo.
– Bu boshqa gap, – dedi jo‘raboshi mening xatti-harakatimdan qoniqqandek. – Endi bu lafzingga sodiq bo‘l. Yigitning lafzi ulug‘. Lafziga xiyonat qilgani uning o‘lganidir.
Ular men bilan tinch xayrlashishdi. Shu-shu men bu mahallaga erkin kelib-ketadigan bo‘ldim. Hatto ba’zida odamlarning bir-biriga men haqimda «shoir yigit, bo‘lajak kuyov» deya gapirishganini eshitar edim. Dunyoda mendan baxtli odam yo‘q edi. Ha, Salomatxon bilan birga bo‘lgan yillarim hayotimning eng baxtiyor pallasi edi...
Tursunboy aka ko‘zlariga quyulib kelgan yoshni tiyolmay, bizdan xijolat bo‘lgandek, dedi:
– Uzr, bu haqda shu paytgacha hech kimga so‘zlamagan edim. Bugun Abdusattor chizgan rasm sabab bo‘lib, ham sizlar so‘raganlaringiz uchun ko‘nglim tubida ardoqlab kelayotgan armonli xotiralarimni bayon qildim.
Bu tarixni kovlashtirgan asosiy aybdor bo‘lganim uchun, gapni bir muddat boshqa mavzuga burishga urindim:
– Mana shu devzira guruchini Farg‘ona vodiysidan boshqa joyda yetishtirib bo‘lmaydi, deyishadi. Ammo 17– asrda Hindistonning bir viloyatida ekilar ekan. Bu ma’lumotni men Mahmud ibn Valining «Bahr ul-asror», ya’ni «Sirlar dengizi» asari qo‘lyozmasida uchratdim. O‘sha paytdayoq shuhratli guruch bo‘lsa kerakki, alohida ta’kidlab yozibdi.
– Hindistonga uni Bobur olib borgan bo‘lishi mumkin, – mulohaza bildirdi Abdusattor. – Boburning Farg‘ona meva va ekinlarini Hindistonda o‘stirishga katta e’tibor bergani ma’lum. O‘sha viloyatning iqlimi devzira ekishga mos bo‘lgandir.
Oshdan so‘ng bizning unsiz so‘rovimizga ko‘ra Tursunboy aka hikoyasini davom ettirdi:
– O‘zbeklar asosan O‘sh va Jalolobod viloyatlarida yashashi hisobga olinib, o‘zbek tilidagi gazeta tahririyati O‘shga ko‘chirilganida, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan Salomatxon ham O‘shga ko‘chib keldi. Bu paytda onasi vafot qilgan bo‘lib, otasi qizini benihoya sevar edi. O‘g‘illari bo‘lsa-da, u ham Salomatxon bilan O‘shga keldi. To‘y qildik. Yangi oila bo‘lsak-da, moddiy jihatdan ham yaxshi yashardik. Chunki endi Salomatxon o‘z kasbida ustoz bo‘lib, o‘zbek, qirg‘iz, rus tilidagi matnlarni a’lo darajada terib, ikki smenada ishlab katta maosh olardi. Shu sababli men boshqa jurnalistlar kabi vaqtimni tinimsiz xabaru reportajlar yozib qalam haqini ko‘paytirishga sarflamasdan o‘zbek, qirg‘iz, rus va jahon bolalar adabiyotini imkon qadar chuqurroq mutolaa qilib, o‘zlashtirib olishga tirishardim. Bu jihatdan menga xotinimning madadi beqiyos bo‘ldi. Farzandlar ko‘rdik. Ustozlar maslahatiga ko‘ra Toshkentga ko‘chib keldik. Ijara uylarda yashaganimizda ham mening hamdardim, tayanchim, qismatdoshim Salomatxon edi. Vafotidan so‘ng ham uning aziz xotirasi menga hamisha hamroh...
Mehmondo‘st xonadonni tark etib xayrlashayotganimizda suratdagi Salomatxon aya ham go‘yokim bizni muloyim nigoh bilan kuzatib qolayotgandek edi.
2009 yil