OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulbahor Tavakkalova. Shamol hikmati (hikoya)

Musofir nafas rostlash uchun yo‘l chetidagi xarsang ustiga omonat o‘tirdi. Har tomonga javdirab suv axtardi. Notanish qiyofalar orasidan bir mehribon siymoni topish mahol edi. Yaqin orada bozor bor shekilli, kimdir o‘sha yoqqa intilsa, kimdir yelkasiga og‘ir yuk ortib qaytyapti. Balki izlaganini o‘sha joydan topishi mumkindir? U yana o‘rnidan turdi. Nigohlari oyoqlaridan ham oldin gavjum bozor tomonga shoshdi. Peshtoqiga katta harflar bilan “BOZOR” deb yozilgan oshyonga umidlanib yetib keldi.
“O, bozorni ko‘ring! Odamzodning qudratiga qarang! Ko‘z yayraydi! Bu yerdan hamma narsani topish mumkin… Odamlar muncha bir-birlarini turtib o‘tadilar? Nega shoshadilar? Buncha dilozor, takabburlar? Ko‘zlari biram qattiqki…” – xayolidan o‘tkazdi u.
– Nega anqayasan? Hech narsa olmasang, xaridorni to‘sma! – do‘kondorning jerkib aytgan gaplari tomoshatalab olomonga bahona bo‘ldi:
– Puli bo‘lsa oladi-da, – tirjaydi baqbaqasi osilgan ayol musofirga boshdan oyoq nazar solarkan.
– Tomoshaxonamas, bozor bu, – dedi xonimning yonidagi olifta dugonasi hiringlab.
Musofir izza bo‘lib chetga chiqarkan, ko‘ngli og‘rib, turtib o‘tayotgan olomon orasiga o‘zini urdi.
Birdan turgan shamol odamlar ustiga chang yog‘dirib, xazonlarni yuzlarga ura ketdi. Kiraverishga omonatgina ilingan BOZOR so‘zining bosh harfi qulab tushdi…
Musofirning tomog‘i qaqrab nigohlari do‘konlar oralab sarson yugurdi. Hamma narsa mo‘l, lekin nega o‘sha izlagani yo‘q? Nega?!
– Siz nima axtaryapsiz? – do‘kondorlardan birining iliq muomalasi musofirni dadillantirdi:
– Menga haligi… QADR bormi?
– Nima u? – qappaygan qornini siladi do‘kondor.
– Mayli…
– Bundoq tushuntirib ayting-chi.
– Qo‘yavering.
O‘chakishganday shamol ham yaqini o‘lgan odamdek uv tortardi. Musofirning qadami chalishib, toliqib ketib borarkan, son-sanoqsiz do‘konlarga umidvor javdiradi:
– Sizda QADR topiladimi?
– Yo‘q…
– Kechirasiz, sizda…
– Unaqa matohni endi eshityapman…
– Bilasizmi, menga…
– O‘rniga boshqa narsalarimizdan tanlay qoling…
– Sizlarda…
– Unaqasi hozir urfda emas…
– QADRni qaydan topsam bo‘larkin?
– Avval bo‘lardi. Hozir… bilmadim.
Shamol alamzada odamday do‘konlardagi matohlarni u yoq-bu yoqqa ota boshladi. Bozor peshonasiga omonatgina qoqilgan so‘zning endi ikkinchi harfini ham uchirib yerga urdi…
Musofir oyoqlari titrab shundoq yerga cho‘kkaladi. Yuzini to‘sib turgan ro‘mol ham shamolda go‘yo o‘zini qutqarmoqchidek yulqindi. Uning ko‘zlaridagi samimiyat nuri yuzlarini shu’lalantirdi. Atrofdagi och nazarli kimsalar nigohida nafs­ning qizg‘ish chizgilari yashinday chaqnab o‘tdi. Bir zumda ulardan biri musofirni yerdan turg‘izish uchun tilla tishlarini ko‘rsatib tirjaygancha qo‘l uzatdi.
Musofir uning qo‘lini muallaq qoldirib, dast turdi, kiyim-boshini qoqdi-da, yo‘lida davom etdi.
– Shunday ko‘rkam ayolning sarson yurishi yaxshi emas, – yoshi bir joyga borgan boshqa bir savdogar yaltoqlandi.
“Yoshi ulug‘ odam ekan, insofi bordir”, – o‘yladi musofir.
– Siz bilmaysizmi, amaki, QADRni izlashdan naf bormikin?
– Qadr izlayapman deng… siz uchun topib beraman…
– Nahotki?! Olijanob inson ekansiz!..
– Lekin… Bozorning o‘z qoidasi bor: evaziga...
– Buning ham narxi bormi?
– Hamma narsaning narxi bo‘ladi.
– Qancha?.. – hafsalasi pir bo‘lib so‘radi musofir.
– Hech qancha. Men boyman, pulga muhtojlik joyim yo‘q, nomusga alishaman.
– Qimmat ekan!.. – uning nozik qo‘llari beixtiyor musht bo‘lib tugildi.
– Aqlingizni yig‘ing. Men bilan hech nimaga muhtoj bo‘lmaysiz. Bu gulbadanga manavi odmi kiyimlar munosibmi? Qo‘ying, qayoqdagi xomxayollarni. Yashashni biling!
– …
– Qayoqqa?! Shoshmang!
– …
Zaif vujud shamolga tomon tik borgan bu paytda odamlar pana-panaga yashirinishar, bo‘ronga aylanayotgan shamol esa musofirning ko‘zyoshlarini quritib, nokaslarni uning atrofidan haydamoq uchun kuchliroq hayqirardi.
Bozor peshtoqidagi so‘zning navbatdagi harfi qulab tushdi… Kechga borib esa yozuvdan asar ham qolmadi…
Tongda shamol tindi. Tuproqda abgor yotgan harflar g‘alati bir tasodif tufayli avval qanday yozilgan bo‘lsa, darvoza yoniga o‘shanday terilib qolgan, ammo kechagi bo‘ron ko‘chadagi boshqa shu kabi yozuvlarni ham uchirib tashlagani bois bozor ostonasiga so‘zning bosh harfigina parvoz qilib borayotgan qushning qanotlarini eslatuvchi boshqa bir harf bilan almashib qolgan edi. Hammayoq alg‘ov-dalg‘ov, faqat mag‘ribga tomon bir tomonlama ketgan qadam izlari orasida yangi paydo bo‘lgan yolg‘izoyoq izgina shundayligicha saqlangan, dovul unga hech bir putur yetkazmagan edi.
Bozor yana qizidi… Ammo odamlar yonginalarida ShAMOL qoldirib ketgan HIKMATni sezmadilar...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.