Ilyos shoirtabiat yigit. Shu fe’li zo‘r kelib, bir paytlar qog‘oz qoralab ham yurgan. Shoir-ku bo‘lmadi, lekin adabiyotga ixlosi sababidan kitoblar bilan ko‘proq tanishdi va... yaxshigina o‘qituvchi bo‘lib yetishdi. Ertaga o‘z sinfining o‘quvchilariga darsi bor. Yangi chorak bo‘lgani uchun adabiyotda “Vatan mavzusi talqini”, degan erkin muloqotni reja qilib qo‘yibdi. Shunaqa erkin mavzularga kelganda “shoirligi qo‘zib” ketadi doim. Hozir ham qalin daftariga muk tushgancha uzoq o‘yga toldi, xayolida ayqash-o‘yqash misralar kezdi. Ularni bir safga tizib, bitta to‘rtlik bo‘lsa ham yozishga va ertaga o‘quvchilari oldida “Muallimingiz nafaqat adabiyot o‘qituvchisi, shoir ham” degandek, ayrim gaplarni ham aytib o‘tmoqchi edi. Ammo urinishlari zoe ketdi. She’r chiqmadi. “Ilhom kelmadi”, deb qo‘ya qoldi xo‘rsinib, ham biroz jahllanib. Xulosasi shu bo‘ldi. Yaqinda uylangani va kasb taqozosi hisobga olinsa, bu shoirta’b yigitning ahvoli anchagina tushunarli bo‘ladi.
Har gal shunaqa to‘mtoq kayfiyat chulg‘aganida xayoli Dilrabo tomon olib qochadi. Ismi jismiga monand, maftunkor kursdosh qizni qachon o‘ylamasin, beixtiyor ko‘ngliga g‘ubor cho‘kadi va ayni damdagidek mujmal holati sabab battar asabiylashadi. Dilraboga qanday qilib bog‘lanib qolganini o‘zi ham bilmasdi. Nazarida ovozi musiqa yanglig‘, nutqi g‘azal monand bu suluv qizga oshiq bo‘lmaslikning iloji yo‘q edi. Qizning yoqimli boqishlari, umidbaxsh kulgulari, erka xo‘rsinishlari... Bari-barisi Ilyosni mubtalo qilgan, qalam tebratishiga ham shu qiz sabab bo‘lgan edi. Ilhom parisi ham aslida shu qoraqosh sanam — Dilrabo edi. Lekin... uchinchi kursdayoq boshqa yigitga tegib ketdi. Yigit hali dil izhorini aytib ham ulgurmay ketdi-qoldi. Birgina hamxonasi Muhammadjongina Ilyosning bu pinhon dardidan voqif va hamdard shu bo‘ldi unga. Ilyosni ham o‘qishni bitirgan yili he yo‘q, be yo‘q uylantirishdi. Olis qishloqdagi qarindoshining qizi — Dilnozaga. Bu qizning ham husnda husni bor, qaddi-qomatda Dilrabodan qolishmasdi. Ammo... Dilrabo emasdi-da. Suygan kishingning har bir harakatiyam fazilat bo‘lib ko‘rinadi, degan gapning mazmunini shundagina his qildi yigit.
Uylangani — risoladagidek kelinchak Dilnoza esa... qisqa-qisa gapiradi, hech nimadan hayron qolmaydigandek, hech narsaga qiziqishi yo‘qdek go‘yo. Deylik, biror badiiy asar ustida bahslashmaydi, chiroyli so‘zlarni ham bilmaydi, Ilyos bilan xayolot, tasavvur olamida qo‘l ushlashib birga kezmaydi. Har holda, Ilyosning ilk taasurotlari shunday, garchi to‘ydan avval uch-to‘rt marta Dilnoza bilan suhbatlashgan, fe’li-xo‘yi bir-biriga ma’qul bo‘lganini o‘zgalarga aytgan bo‘lsa-da... hay, odamning ko‘ngli qachon to‘lgan?!
“Ilyos aka, choy...” Mana, qo‘lida choynagu piyola bilan qayoqdandir paydo bo‘ldiyu muallimning xayolini bo‘ldi kelinchak. “Choy” emish. Agar uning o‘rnida Dilrabo bo‘lganida qancha chiroyli so‘zlarni izhor etgan bo‘lardi. “Azizim, bir piyola choyimizni qaytarmassiz? Nimalar band etdi xayolingizni, shoirim?!”
— Bir iltimosim bor edi...
Dilnoza choy uzatarkan, eriga iltijoli boqdi.
— Nima gap?
— Tomorqadagi ishlarni tugatdim. Bir uyga borib kelsam, devdim. Oyim ruxsat berdilar. “Xo‘jayiningizdan so‘rang-da borib kelaqoling”, dedi.
Ilyos “mayli” deyishga og‘iz juftladiyu fikridan qaytdi.
— Uyingdagilar kuni kecha kelib ketishdiyu, kimni ko‘rgani borasan?
— Uyimizni.
— Nima?
— Uyni sog‘indim-da.
Ilyos kulib yubordi.
— Yosh bolaga o‘xshaysan-a?
— Kulmang. Odam uyini sog‘inadi-da. O‘sha yerga borsam xumorim bosiladi. Tug‘ilib o‘sgan hovlimning har burjini sog‘inaman. Tandiru o‘chog‘i, so‘riyu supasi, paxsasigacha. Faqat odamlarigina emas, tuprog‘i, isi ham boshqacha azizda u yerning...
Ilyos bir so‘z demay unga tikilib qoldi. Shu topda odmi, so‘zga no‘noq xotinining aytgan ikki og‘iz gapi unga ertangi darsi uchun mavzu ekanini tuyqus anglab qoldi. Va beixtiyor to‘lqinlanib ketdi. “Yo, piray! Shundan chiqdimi shu gaplar?” Bu savollar quvonch aralash uni qamrab oldi. Ha, uning — adabiyot muallimining ertalabdan beri boshini qotirib, allaqanday chuchmal satrlar, go‘zal tashbehlar bilan evini qilolmayotganini xotini oddiygina qilib aytdi-qo‘ydi. O‘zidek sodda iboralar bilan anglatdi.
— Bo‘pti, unda, men ham kiyinib chiqay. Kuzatib kelaman...
Eridan bu javobni kutmagan kelinchak yoyilib yoqimli jilmaydi. Ilyosga xotini ilk marotaba benihoya go‘zal ko‘rinib ketdi.