G‘alati tush ko‘rdi. Tushida rahmatli onasi sovuqdan junjikkancha mung‘ayib eski hovlilarining darvozasi oldida qo‘lida bir parcha non, bermoqchi bo‘lib itni chaqirardi: “Olapar, ma, bah, bah”.
“Onam o‘lmagan ekan, qaytip kelipti” deya suyundi nimagadir. Yugurib borib quchoqlagisi keldi, lekin onasi ro‘yxush bermagani uchun jur’at qilolmadi.
“Voy, sovuqda bunday turmang, shamollab qolasiz, o‘ziz kasalmand bo‘lsayiz, uyga kiring”, deyarmish jonhalak.
“Yo‘o‘-o‘q, ketaman?” – onasi allaqanday g‘amgin mo‘ltirab tisarildi, tisarila-tisarila Nozimaga qo‘lidagi nonni uzatdi:
– Ma, Olapar kelmadi, sen yeya qol.
Nimadandir noroziga o‘xshadi: “Dadang shahardan olib kelgan gaz o‘chog‘imni olib ketay, o‘shani berib yuboringlar” deganday bo‘ldimi-ey, keyin mo‘risidan qop-qora tutun burqsib chiqayotgan kulba tomon ketdi. Kimning kulbasi, bu nimaga ishora?
Ruhi og‘ir, dili xun bo‘lib uyg‘ondi. Yuragi tez urardi. Tushini, onasining gaplarini ta’bir qilmoqqa urindi. Bir nuqtaga tikilgancha, biroq hech narsani ko‘rmay, o‘ylamay, karaxt alfozda ancha yotdi. Eri nimadir deb hazillashdi, egilib yuzidan o‘pdi, xotinining befarqligidan ajablandi: “Tuzukmisan?” dedi yelkasini silab.
Deyarli lom-mim demay erini ishga kuzatganida ham, maktabga ketayotgan qizini yo‘ldan qaytarib, “engil kiyinipsan” deb koyigancha qalinroq kiyintirganda ham karaxtligi tarqalmagan, yod bo‘lib ketgan yumushlarini ixtiyorsiz takrorlardi, xolos.
“Bechoragina onam-a, otam uylanganiga hech toqat qilolmayaptimikin, o‘n yil o‘tayotgan bo‘lsayam ko‘nmayaptimikan?!... Yoshgina ketgan onama”.
Allaqachon ishga boradigan vaqti bo‘lgan bo‘lsa ham uy ichida maqsadsiz timirskilandi, o‘z xayolida ishga bormaslik uchun bahona qidirdi, jo‘yali bahona topolmadi. Ko‘zgu oldiga upa-ellik qilgani o‘tirar ekan, yana ko‘rgan tushi yodiga tushdi. Ixtiyorsiz xalatining old tugmalarini ochib ko‘kraklariga sinchiklab qaradi. Ularni joniga qasd qilishi mumkin bo‘lgan zaharga to‘la qopchalardek, qo‘l tegizsa zahar tanasiga tarqashi mumkindek ehtiyot bo‘lib paypaslab ko‘rdi, hech qanday xunuk alomatni sezmay xotirjam bo‘ldi.
“Agar men ham xuddi onamday... uylanarmikan... Albatta uylanadi. Otam uylanganda, nega bu uylanmasin. Kimga uylanarkin? Ziyodagami? Eridan chiqib bunga tegadimi?! Hali ham uni yaxshi ko‘rsa kerak, meni hech kim yaxshi ko‘rmaydi, hech kimga keragim yo‘q... Jinni bo‘lipman. G‘irt jinniman. Kimga uylansa uylanavermaydimi, menga baribir emasmi keyin”. Og‘rindi. Xuddi birov o‘lasan deganday, bema’ni o‘ylardan dili xira edi. Ko‘chaga chiqib qishga og‘ushini ochayotgan shaharning yalang‘och daraxtlari ustida qag‘illab aylanayotgan qarg‘alarga qaradi: “Uch yuz yil, uch yuz yil-a?! Balki yuz yildir? Baribir ham qop-qora bir qush uchun juda ko‘p” deb ming‘irlab qo‘ydi. Avtobus bekatida sut va bo‘lka non ko‘tarib turgan, munkillab qolgan o‘ris kampirning imillagan harakatlarini kuzatib turib yuragi battar g‘ashlandi, toqatsizlikni va ko‘nglini to‘ldirib turgan qora quyqani chiqarib yubormoqchi bo‘lganday chuqur xo‘rsindi, uzoq “uff” tortdi. Kampir esa: “ne speshi, nash toje pridyot, ne nervnichay” deya uni ovutgan bo‘ldi.
“Ha, shoshmaslik kerak, menga ham balki navbat kelib qolgandir, kim oldin, kim keyin, Xudo biladi. Ko‘p-kamligining ham uncha ahamiyati yo‘q.”
Ko‘z oldida yana bo‘ylari baland, sochlari, qosh-ko‘zlari qop-qora, doim jilmayib turadigan navqiron onasi jonlandi, uni ko‘rish, ovozini eshitish, vujudidan taralib turguvchi xushbo‘y hidlaridan to‘yib nafas olish istagi jismini yoqib yubordi. Hatto sog‘inchdan so‘ngaklari qaqshab ketgandek, joni bo‘g‘ziga tiqilgandek tuyuldi. Tomirlari titrab ketdi... birdan dilining o‘rtanishiga chidolmay yosh boladek ho‘ngrab yig‘lagisi, chorasizlik tugunlarini ko‘z yoshlari bilan yechgisi keldi. Onasi qazosidan ko‘p o‘tmay qishloqqa borganida uzoq vaqt bemor yotganligidan devorlariga dorilar hidi singib ketgan, og‘riqli tunlarning ingrog‘i, vidolashuv kunlarining qiynog‘i ufurib turgan hujraga kirib, onasidan qolgan tugunlarni titgan, ko‘ylaklarini topib hidlagan, sochlarining qadrdon hidlari anqib turgan bolishlarni bag‘riga bosib uvillagan: “Chidolmayapman, sog‘inayapman. Onamni sog‘inib ketayapman, ko‘rgim kelayapti, hech chidolmayapman”, – deya dod solgandi. Xolasi ko‘zidan mildirab oqayotgan yoshlarni oq ro‘moli uchi bilan arta-arta: “Astag‘furulloh, degin, sabr so‘ragin, o‘lganni “sog‘indim” deyilmaydi, bezovta qilasan, faryod qilaversang chin dunyoda tinchimaydi” deb koyigandi.
Beixtiyor “astag‘furulloh” deya shivirladi. Tirbandligidan yorilguday bo‘lgan avtobusda bir pasda ezilib, g‘ijimlandi. Baland bo‘yli, kelishgan yigitning yelkasiga tiralib turarkan, dimog‘iga kelinchakli uydan keladigan isiriq, ohorli kiyimlar va qalampirmunchoqning aralash bo‘yi urildi, yoshlikning hayotbaxsh nafasi xotirasini qitiqladi, eti yoqimli jimirladi. Hammasi xuddi kecha yuz berganday ko‘z oldidan lip etib o‘tib ketdi. Tavba, u kelin bo‘lgandi-yu, nazarida onasi uyalgan, allanechuk iymangan, to‘yga keluvchilardan tortingandaymi bo‘lgandi. Qizi bilan anchagacha ochilib gaplashmagandiyam. Yigitdan tisarilmoqchi bo‘lib atrofga qaradi, nigohi beixtiyor to‘lagina juvonning paltosi etagidan mahkam ushlab olgan qizchaga tushdi. Qizcha tinmay burnini tortadi. Juvonning qimirlash, demakki, dastro‘molini sumkasidan olish imkoni yo‘q, qizi har burnini tortganida xijolatdan jahli chiqadi, “burningni tortishni bas qil” deganday xo‘mrayib qo‘yadi. Yillar orqaga qaytsayu, onangni etagidan ushlagan qizchaga aylanib qolsang, uning xo‘mrayishlariga beparvo burningni tortib ketaversang...
...Buncha tez o‘tdi, ulgura olmadim hatto ilg‘ashga, qo‘llarim havoda muallaq qoldi, qildayin ilinjim yo‘q fursatni-da ushlashga. Dunyo, rostlaring yolg‘ondir, yolg‘onlaring rost. Nega kiprigimni ko‘tardim, nimani ko‘rdim? Anglolmasman sira – nimaga keldim....
Kechikkanidan tajang bo‘lib kirdi, issiq havo urildi yuziga. Eshik oldidagi xonadan shogird qizlarning kulgisi eshitildi. To‘rdagi kichikroq xonada uch kishi: Oydin opa, Guli degan chevar birga ishlashadi.
Chok bosadigan mashinaning allaqaerini ustaga ko‘rsatayotgan Oydin opa ko‘zoynagining ustidan dum-dumaloq ko‘zlarini xunuk go‘laytirib Nozimaning salomiga xushlamaygina alik oldi. Paltosini yechib odatdagiday devorga mixlangan tosh oynaga qaradi, yuzi qarimsiqlashganday, eng so‘ngi rusumda havas bilan tikkan, qomatiga yopishib turgan ko‘ylagi uniqib ketganday tuyuldi. Hafsalasiz kecha chala qolgan ishini olib u yer-bu yerini ko‘klay boshladi. Ustani kuzatib qaytgan Oydin opa eshikdan kira solib bidirladi:
– Nima balo bo‘lib kechikib yuripsiz? Kech kelib, erta ketasizlar, hozirgi yoshlarga ishlash yoqmaydi, biz ekanmiz-da o‘zimizni ayamagan, insofi yo‘g‘a bularni, xohlaganda kirib kelishaveradi. Yaxshiyam o‘zlaring uchun ishlaysizlar. Tartib bo‘lishi kerakmi, axir?
– Shunday bo‘p qoldi, – Nozima ham g‘o‘ng‘illadi. Opa yana xunuk qaradi, nigohi Nozimaning ko‘ngliga botdi: “oshirib qo‘ygan joyi bormi, o‘qrayadi.”
– Har kun nimadir bo‘p qoladi. Ishga vaqtida kelmaysizlar-da, keyin plan katta, bajarish qiyin deysizlar, – javrardi opa, – mang, Gulining ikkita ko‘ylagining yengi qo‘ndirilmagan ekan, hozir mijozi telefon qildi. Bugunga kerak ekan. – Opa ko‘ylaklarni Nozimaning oldiga itqitarkan, qo‘shimcha qildi: – U yog‘-bu yog‘iniyam ko‘rib qo‘ying, yana biror kamchiligi bo‘lsa qolib ketmasin.
Opaning asabiy qimirlayotgan ingichka lablari, qandaydir sovuq tusga kirgan raftoriga, soyasi og‘ir bulut kabi ustaxonada u yoqdan buyoqqa suzib yurishiga og‘rinib qarab turdi va nima uchun ko‘ylaklar o‘zi tomonga lopillab uchib kelganiga avval tushunmadi, biroq so‘ngi jumlalarni anglagani sayin miyasi yuzlab vertolyot bir vaqtda parraklarini aylantirib uchishga shaylangan aerodromga aylandi. O‘zini bosishga harakat qilib tikuv mashinasi ustiga tushib beo‘xshov osilib qolgan ko‘ylaklarga tikildi, tikilgani sari mavhum g‘uvillash ostida gullar harakatga keldi, asta-sekin o‘z shaklini yo‘qotdi va oxiri bir-biriga chaplashib ketdi, ranglar allaqanday qoramtir, yashiltob bo‘tqa tusiga kirdi va portladi:
– Erkatoyingiz yana ishga kelmadimi? – ovozi chiyillab chiqardi: – Men kechiksam bo‘lmaydi, u haftada ikki marta ishga chiqmasa ham damingiz chiqmaydi-a?! Undan tili qisiq joyingiz bo‘lsa bordir, meni tilim qisiq emas! Aytayotgan so‘zlari tomog‘iga tiqilib turgan yong‘oqdek alamzadalikka urilib to‘xtab qoladi, keyin titrab chiyillaydi, xuddi begona birovning ovoziday, vertolyotlarning g‘uvillashi aralashgan, shallaqilarcha. Shu ovoz o‘ziniki ekaniga, shu gaplar o‘zidan chiqayotganiga hatto o‘zi ham hayron qoldi, Oydin opani-ku ko‘zoynagi naq engagiga tushib ketdi. Aytilishi kerak bo‘lmagan gaplar aytilgan, endi orqaga yo‘l yo‘q edi. Nimagadir shartta turdi-yu, ko‘ylaklarni opa tomonga siltab tashladi: – Men uning chalasini bitkazuvchi emasman! Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymang!
Yarim soatlar chamasi og‘ir sukunat cho‘kdi. Bu orada Oydin opa allaqanday dori ichdi shekilli, xonani achqimtir hid tutib ketdi, ikki-uch xo‘rsindi. Nozima hammasini bilib tursa ham boshini ishidan ko‘tarmadi, onasi tengi ayolni xafa qilganiga pushaymon bo‘ldi, ammo o‘zini haq hisobladi, uzr so‘rashni nojoiz bildi. Hadeb chigil bo‘layotgan iplarni jahl bilan tortar ekan, dilidagi qorong‘ulik quyuqlashayotganini, bir-ikki ko‘ngliga kelgan-u, biroq tiliga chiqmagan gaplarni aytib g‘azabini to‘kib solgani bilan yengil tortmaganini, aksincha, devordagi soat millari sukunat yuragiga tiqillab urilgani sari tomog‘idagi alamzadalik yong‘og‘i zaharday achchiq quyqani vujudiga tarqatayotganini , ko‘ksi kuyisha boshlaganini his qildi.
Tushlik ham qilishmadi, birga yermiz deb olib kelgan quymoqlarini ham sumkasidan chiqarmadi.
“Ishga kelsam, opa bilan hasratlashsam, dilimning xiraligi tarqaydi deb yuripman men ahmoq. Battar bo‘ldi. O‘zi nima jin urdi meni? Bilaman-ku Gulining ahvolini, o‘ynab yurmagandir... ikkita tirik yetimini boqaman deb o‘tga ham, suvga ham kiradi sho‘rlik... yo‘o‘q, nimaga hammaning rahmini yeyishim kerak, mening rahmimni kim yeydi? Jin urgan meni. Qanday jin ekan-a?... Shu yenglarni qo‘ndirsam o‘lib qolarmidim, ishim ham kam edi. Opa bechoraning Guliga rahmi keladi, yosh jonini jabborga beradi deb achinadi, nega “tiling qisiq” dedim?... opa mung‘ayganda onamga o‘xshab qolarkan... kechirim so‘rasammi... keyin yana yelkamga chiqib olishadi... esimni yebman, yelkamga chiqqanda nima qilishardi? Osmon buncha tund-a?...Yaxshiyam qizimni issiqroq kiyintirganim...” Hovliga chiqib bir pas izg‘irin sovuqda turdi, vujudini yondirayotgan allaqanday g‘alati, o‘ziga ham tushuniksiz nimaningdir taftini achchiq sovuq bilan bosishni istadi.
Tanamni paypaslar noma’lum bir dard,
Sovuq harorati jonim kuydirar,
Kiprigimda titrar ozor otlig‘ gard
Neni istashimni Xudoyim bilar...
Qaytib kirganida Oydin opa ketib bo‘lgan, xonada hech kim yo‘q, bo‘zraygan manikenlar ustida osilib turgan ko‘ylaklar, nimchalaru kamzullar va yana allanimabalolarning soyasi kech kuzning kul rang havosidan nimqorong‘ulashgan xonaga o‘lik ruh berayotganday edi.
Yana tirband avtobus, charchagan chehralar, ko‘zlarini yumib olgan, qulog‘iga telefon simini tiqqan talaba qizlar, sochlari qo‘qigan, paltosining tugmalarini qadamagan, uzun sharflarini iyaklari bilan aylantirib olgan hafsalasiz yigitchalar...
Uyiga yetmay bir bekat beridagi kichkina bozorcha oldida avtobusdan tushdi. Bir oz yurmoqchi, bahonada ko‘katlar, meva-cheva olmoqchi bo‘ldi.
– Olma olib keting, opa, – bozor darvozasi oldida turgan yuk mashinasi panasidan eskigina telpak kiygan, ko‘zlari qisiq, sovuqdan yuzlari qip-qizil, oyoqlarini yerga tapillatib urayotgan yigit o‘tib borayotgan odamlarga xuddi olmalarini bepul berib yuboradigandek manzirat qilardi: – Aka, olma tekin bo‘lib ketdi.
Nozima mashinaga yaqin bordi, oq, qizil, ko‘kimtir bo‘lib tovlanib turgan olmani ushladi, olma muzday edi.
– Qanchadan bo‘ldi?
– Opa, arzon, ikki ming, yangi yil oldi olib chiqmoqchi edim, besh mingdan kam bo‘lmasdi, ko‘rmaysizmi, dabdurustdan keliningizning mazasi bo‘lmay qolsa deng.
Yigit gapira-gapira olmalardan birini pichoqchasi bilan tilimlab uzatdi: – Oling opajon, qarang, saralama olma, Oloyga olib borsam noinsoflar bir ming uch yuz oxiri deydi, suvga oqizganday berolmayman-ku, to‘g‘rimi?
Yigitning qaeridir ukasiga o‘xshab ketdi, yapaloq burnimi, jovdirab qarashimi? Bir bo‘lak olmani tili ustiga qo‘ydi, shimidi: shirin. Nozima indamay sumkasini kavladi, rostdan ham arzon, puli yetsa birdan o‘n kilo oladi, yangi yil bayramiga bir yarim oycha boru, balkonga qo‘ysa turar. Karmonining cho‘ntaklariyu, avra-astarini ag‘darib o‘n to‘qqiz ming to‘rt yuz topdi, yigitcha yana bordir deganday karmonga umidvor qaradi.
– Hay, to‘qqiz kilo bera qoling, chiqmadi, bori-da, – dedi xijolatomuz.
– Yo‘g‘e, o‘n kilo beraman, opa, barakasini bersa bo‘ldi, qo‘lingiz yengil bo‘lsin, tezroq hammasini sotay, – dedi shoshgancha qiyshaygan paqirni olmaga to‘ldirar ekan.
– Ilohim xotiningiz ham sog‘ayib ketsin, – dedi Nozima unga javoban.
– Aytganingiz kelsin. Bolalar yosh, – yigitning ovozi titrab ketdi, – sog‘ayib ketsin.
O‘n kilo hazilakam yuk emas ekan, o‘zini ancha pishiq deb yurgani bilan yigirma-o‘ttiz qadam yurar-yurmas o‘pkasi og‘ziga tiqildi. Qattiq matodan tikib olgan to‘rxaltasini yerga qo‘yib atrofga javdirab qaradi: “hademay qorong‘u tushadi, bu yurishida qachon yetib boradi”.
– Ko‘tarishib boraymi opa?
Nozima o‘girilib qaradi, bechorahol kiyingan o‘ttiz besh yoshlar atrofidagi erkak turardi:
– O‘zi qatta turasiz?.
– 12-kvartalda.
– Anchagina ekan, qancha berasiz?
– Rozi qilaman. Qanaqasiga ancha, besh yuz metr, uzoq emas, uygacha olib chiqasiz, uchinchi qavat. Erkak indamay sumkani ko‘tarib ildamladi, uning ortidan ergashib borarkan, erkakning yuk og‘irligidan yon tomonga mayishgan gavdasiga, eski shimiga va allaqachon sovuq tushgan bo‘lsa ham oyog‘idagi chap tomoni yeyilib ketgan yozlik latta tuflisiga qaradi: “yomg‘ir yog‘sa nima qilarkan?” Yo‘lni yaqin qilish uchun ikki uy orasidan kesib chiqayotganlarida qaerdandir, pod’ezd ayvonchalarining biridanmikan, yosh bolaning quvnoq ovozi eshitildi:
– Foti, adajonim kevottila, adajooonim... – ular tomonga yo‘lakni to‘ldirib to‘rt yoshlar chamasidagi lo‘ppi bolakay o‘qday uchib kelardi, xazonlarni qo‘lidagi cho‘pcha bilan titib yurgan qizaloq uning ketidan yugurdi: – Adajoonim. Bolalar maydonchasidagi olti-etti yoshlar chamasidagi bola halinchakdan tushib “men ham borsammi” deganday taraddudlanib turardi. Birinchi bo‘lib yetib kelgan bolakay dadasi qo‘lidagi olma to‘la sumkani ko‘rib quvonchdan sakradi va orqasiga qarab qichqirdi:
– Foti, adajonim olma olib keldi. Olma, urey, olma... Qizaloq ham kela solib dadasi qo‘lidagi sumkaga qaradi va chapak chalgancha u ham orqasiga qarab, maydonchada turgan bolaga suyunchilab baqirdi:
–Ko‘p olma, rosa ko‘p, urreey.
Aka ham olmadan quruq qolmaslik uchunmi, yoki ukalarining gapi chinligiga ishonch hosil qilish uchunmi, ular tomonga yugurdi. Erkak bolalari oldidan chiqishini kutmagan ekanmi, dovdiradi, xijolatdan nima qilarini bilmay tipirchiladi:
– Sovuqda nima qilib yuripsanlar, kech bo‘ldi, uyga kirlaring, oying qani? “Tez uyga kirlaring”. Bolalar otalariga yordamlashmoqchi bo‘libmi uning qo‘lidagi sumkani olishga urinib tarmashgancha quvonchdan qichqirishardi, go‘yo bu olmalarni ular ming yildan buyon kutayotgan edilar. Juda g‘alati vaziyat edi, erkak ularni sumkadan nari itarmoqchi bo‘lar, bo‘sh qo‘li bilan qushlar galasini haydaganday havoni sermar va ayni paytda oldinga qarab yurishga behuda urinardi, bolalarining sumkani ko‘tarib, otalari yukini yengil qilishdek ayricha xohish-istagidan yuk yana ham og‘irlashgandi: Uyga bor baring, kirlaring uyga,– deb baqirib yubordi u oxiri vajohat bilan, bolalari yopishgan sumkani siltab tortarkan, qichqirdi.
– Yo‘qol, yo‘qole hammang.
Ovozi vahshiy hayvon o‘kirigiga o‘xshab ketdi, bolalar tosh qotishdi, butun dunyo jimib qoldi yoki Nozimaning quloqlari bitib qoldi, hech narsani eshitmay qo‘ydi.
– Sardor, ukalaringni olib kel. Nozima ovoz egasini qidirdi: pod’ezd oldida qorni do‘ppaygan ayol, rangi gezarganday (balki shom qorong‘usida shunday ko‘ringandir) turardi. Uning ranju norozilik singib ketgan chiyillagan ovozi Nozimaning ko‘ksiga kelib urildi, zarbidan yuragi qalqib ketdi. Nimagadir bolalar ham otalarining hayqirig‘i, onalarining chorlovidan keyingina ularga termilib turgan xolani payqashdi. Hamma bir-biriga tushunarsiz alfozda tikildi. Yana qoralik nuqsi ura boshlagan kul ranglar, bolalarning kichkina jussalari, yalang‘och daraxtlarning sovuq ko‘lankalari mayishib-qiyshayib bir-biriga aralashib quyqa tusiga kira boshladi, hozir portlaydi deb o‘yladi Nozima va ana shu falokatning oldini olmoqchiday beixtiyor erkak tomon intildi, unga muhim nimanidir aytmoqchi bo‘ldi, biroq o‘sha muhim nimaning nima ekanini hatto o‘zi ham bilmasdi. Xijolatdan qaddi bukilayozgan erkak unga sumkani tutqazmoqchi bo‘lib uzatdi, u esa sumkani to‘ldirib turgan olmalar tomon oriq va sovuqdan zahil rangga kirgan qo‘llarini uzatarkan:
– Qizimga ham olmalaringizdan bir-ikkita bering, maylimi – dedi va hayron erkak o‘ziga kelmay turib bir necha dona olma oldi, lablari esa shivirladi:
– Bolalarni xafa qilmang, men roziman, keyin uzilib ketarsiz, hozir indamang, indamang.
Juda qat’iy, muhokamaga o‘rin qoldirmay aytdi bu gapni, har bir tovushga singib ketgan hukmfarmolikdan o‘zi ham hayratlandi. Erkak rozi bo‘lganday siniq iljaydi, biroq lablari xuddi yig‘layotgan odamning lablari kabi xunuk qiyshaydi. Ulardan uzoqlashar ekan, erkakning:
– Yuringlar uyga, – deganini eshitdi, – yuringlar, olma yeymiz.
Nozima ko‘zidan issiq yosh oqayotganini sezdi, uni qo‘lidagi olma bilan artdi.