Yillar…
Soniyalar...
Ana oq ot, oppoq ot shamol raqsiga hamohang tarzda hilpirayotgan o‘zining uzun-uzun yollariga mahliyo bo‘lib chopib ketayapti. Bu yellar uni qay yurtlarga elitadi, qay manzillardan makon toptiradi, kimlar bilan oshna qiladi-yu so‘ng qay kunlarni boshiga solishini hech kim bilmaydi... bilolmaydi...
Men o‘sha oq ot yollariga yopishgan bir tola baxtni topdim. Ha, uni topdim. Qancha mashaqqatlar, qancha ozorlarni qo‘rgan bo‘lsam nima bo‘libdi?! Muhimi u endi meniki, mening peshonamga bitilgani. Axir qancha sitamlarga qon yutib bo‘lsada chidab berdim-ku… Kimlar nimalar demadi, ne bo‘xton-u uydirmalarni eshitib, tilingni chirt tishlamading.
“Hammasi o‘tkinchi, hammasi yolg‘on...
Faqat birgina rishta bor umurboqiy u...
Qo‘llarimdan tutgin qo‘llarimdan tut!
Axir menikisan endi, menikisan sen....”
Ko‘nglim ming bo‘laklarga bo‘linib ketgandek go‘yo. Ana qarang, huv ko‘kdagi yoniq mitti yulduzchani ko‘rayapsizsi? Undan taralayotgan nur qanchalab insonlarning yo‘lini, dilini yoritishini tasavvur ham qilolmaysiz. Ishongmasangiz , hozir sizga bir nechtasini sanab beraman.
Tunlarni bedor o‘tqizadigan buvijonning xonasiga mo‘ralayman. Yo‘q, o‘ylamang. U davrlar o‘tdi-ketdi. Avvalgidek ertak aytishlarini so‘rab, xiralik qilish yo‘q endi. Osmondagi yulduzchaga qarab qo‘yaman. Avvalgi joyidan ozgina siljigani rost. Bu ham yaxshi, yaxshilik yo‘liga. Axir, yaqindan bilaman, deb kerilgan do‘stingni kun kelib tanimay qolasan-ku. Bu beozorginaning qimir- qimiri nima bo‘libdi. Har qalay, u ham buvijonning derazasiga yaqin kelib, hamroh bo‘lay, degan ilinjda. Xira yog‘du bag‘rida tasbeh sanayotgan buvimning issiq bag‘irlariga bosh qo‘yib, mudragancha uyqu topaman. Internet-u balo-gardonlardan, sovuq chehralardan toliqqan dilginamni yayrashini bir ko‘ring qani.
Uyning to‘ridagi xona chirog‘i bilan “qani kimning yog‘dusi charog‘onroq ekan...” qabilida o‘ynashayotgan yulduzchaga maftun bo‘lgancha, padari-buzrukvorimning yonlarida paydo bo‘laman.Nahotki, sochlariga oq oralabdi... Nahotki kechagina meni dast ko‘tarib, osmonga otib quvnagan padarim bilan bugun bo‘yim tenglashib qoldi. Oqshomlari atroflarida vijir-vijir qilib uxlab qolsam, sekingina ko‘tarib joyimga elitardilar. Ulardan ufurayotgan mehr nafasi meni so‘zsiz tarbiyalaydi. Matonat, to‘g‘ri so‘zlilik, qat’iyatlilik, halollik qonimga singadi. Parvonalarni shaydo qilgan chiroq yog‘dusida qog‘oz qoralayotgan otajonimga halal bermaslik ilinjida ohista qadam olaman. Otam bitgan qoralamalarni ur-sur-u “sevgi” deb nom berilayotgan, aslida esa behayo tasvirlarga boyitilgan ming xil mukofotlarga loyiq topilgan chet elning bebaho durdonasiga ham alishmayman.
Bu xonadan tun-u kun ajib tuyg‘ular ifori taralib turadi. Bir bora kirsangiz mast-alast bo‘lasiz-u bu tuyg‘uning asiriga aylanasiz. Keyin shu manzil tomon talpinaverasiz, talpinaverasiz... O‘qishda yuribdi bolam, deb g‘ururlanib yurgan volidam, qaytishimni intizor bo‘lib kutgancha yo‘l poylaydi. Mehr-muxabbatini qo‘shib yopgan issiq kulcha nonni qo‘llarimga tutgan onamning poyiga dunyo-i dunni to‘ksam ham kam aslida. Ul shundayin zotki, ming yaxshiligi aslo minnatli bo‘lmagay... ul shundayin zotki, olam gullari undan rang olib gurkiraydi, quyosh bobo taft olib kurrai - zaminni qizdiradi... Mitti yulduz miltirab turgan osmon ostida onaginam hadisi sharif mutolaasiga berilgan.
Endigi yo‘l... U nima bilan band ekan. Yog‘duli mitti mixchalarga limmo-lim ko‘klik bag‘rida U nelarni xayol qilmoqda. Kim o‘zi menga u? Uni kim deb atay? Nega g‘alati hislarga burkanib qolaveraman uni uchratsam... Nima uchun men muzlayveraman-u U beparvo, begonadek. Otning yolidagi bir tola baxtimga nahotki U bitilmagan bo‘lsa... Ming o‘ylarni o‘ylayman-u g‘urur qurg‘ur hech yo‘l beray demaydi.
Nega?... Nega?... Nima uchun avval men?... Bu kabi javobsiz savollarni o‘zimga kuniga yuzlab, balki minglab berarman. Koshki sado chiqsa... koshki U yonimda paydo bo‘lsa... koshki U ham meni desa... Yulduzim yo‘limni yoritding, endi qalblarga ham iliqlik yubor! Yo‘limni uning qo‘nimxonasiga solganimni sezmay ham qolaman. Ana U! O‘z yumushiga ovungancha meni sezmaydi ham toshbag‘ir! Dilim ming pora bo‘lib, unga yaqin kelaman. Uning zabardast yelkalari osha mo‘ralab....Sur’at ?! Kim bo‘ldi ekan bu tole kulib boqqan qiz? Soniya soniyalarga, daqiqalarga ulanib, boshim uzra osmon-u falak gir aylana boshlaydi. Yaxshisi, rasmga qaramay qo‘ya qolay. Ko‘rganda ne naf?! Endi buning nima ahamiyati bor! Ko‘nglimdan shularni bir-bir o‘tqizaman-u holsizlangan oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmaydi. Kim u qiz?... Yo qudratingdan.... Axir qo‘lidagi mening suvratim emasmi?! Meni o‘ziga shaydo qilgan bu ko‘zlar mening tasvirim tushirilgan parcha qog‘ozga termulmaganmi... Pinhonaginam deb atayman seni....
Bu kabi ajoyibotlari ko‘p dunyoning. Hamma o‘zining baxt sur’atini chizish bilan ovvora-i sarson bo‘lib o‘tadi bu dunyodan. Mening esa oq tulporning yollaridanda mo‘lroq baxt-u taxtim kutib turibdi. Hali bor-yo‘g‘i ulardan bittasini ko‘rdim xalos. Oq tulpor esa yollariga mahliyo shamol raqsida o‘yinga tushadi...