OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoza Mamarasulova. Uy mojarosi (hikoya)

Sokin tun....
Ovozi pastlatib qo‘yilgan radiodan taralayotgan maxzun kuygina bu xonadonda hayot davom etayotganini anglatardi. Qo‘shni uydan quloqqa chalinib turadigan g‘ala-g‘ovurlar ham bugun tinch. Goh-gohida issiq o‘rnida miriqib uxlayotgan bolaning g‘ingshishi jimlik pardalarini yorib o‘tardi-yu yana tin oladi. Qani u ham bola bo‘lib qolsa.... Beg‘ubor, betashvish... va beg‘am damlarga qayta olsa...
Havoning issig‘idan bo‘g‘riqib uyg‘ongan Layloning uyqusi qochgandi. Qo‘li bilan yon-verini paypaslab, telefonini topdi. Zimistondan yorishgan nurdan ko‘zlari qamashdi. Ko‘zini yirib ochib, soatga qaradi. Yonida yotgan bolasining ustiga yengil yopinchiq tashlab, o‘rnidan turdi.
-Haliyam kelmabdi... – dedi o‘ziga-o‘zi narigi xonadagi erining joyini ko‘zdan kechirar ekan.
Ha, anchadan beri er-xotinning o‘zaro janjallari va arazlar alohida xonalarda yotishga majbur qildi.
Tun yarmidan oshgan. Saidbekdan esa hanuz darak yo‘q. Ustiga ustak bu hol birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Layloning ko‘ngli g‘ashlandi. “Kimlar bilan... Qaerlarda yurgan bo‘lsa... Yana... Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas...” hayolidan har nelar o‘tdi ayolning. Ichidan to‘fondek ko‘tarilayotgan g‘ashlik “g‘urur”ini chetga surib, telefon tugmalarini terishga undadi. Ammo... Ketma-ket qo‘ng‘iroqlar javobsiz -qoldi. Unga sayin ayolning ich-etini shubha-gumon va... va aybdorlik qurtlari kemira boshlagandi.
Axir, nega bunday bo‘lyapti?... Nima uchun borgan sari “turmush” atalmish tushuncha “to‘rt musht”ga aylanib bormoqda... Kim bunga aybdor? Nahotki, barcha bo‘lib o‘tgan gina-qudratlarning ildiz-tomiri oxir-oqibat o‘ziga kelib taqalayotgan bo‘lsa...
Adoqsiz savollardan boshi aylangan ayolning ko‘zidan shashqator yoshlar oqdi. So‘ngi yillarda tushgan ajinlari – da o‘ziga husn - sutga chayilgandek oppoq yuzidan, go‘yoki dur kabi betizgin tomchilar dumalay boshladi. Ro‘parasida turgan ko‘zgudagi aksi ham unga hamdardlik bildirib ,ko‘z-yosh to‘kardi... O‘tgan vaqt mobaynidagi baxtiyor damlari-yu so‘ngi paytlarda beto‘xtov bolalayotgan dilxiraliklar Layloni yig‘latdi.
Tomog‘i qaqrab ketgan ayol oshxonaga chiqdi. Paxta gulli piyolaga suv quyib, yutoqib ho‘pladi. Nazarida, ruhi uni tark etgandek, go‘yo bo‘m-bo‘sh qopdek yengil va hissiz bo‘lib borayotgandek edi. Oyoqlari esa aksincha, kishanlangan kabi og‘ir, tanasiga bo‘ysunmasdi.
Hayolida ming xil o‘ylar gir-gir aylanmoqda.
-Yo‘q, yo‘o‘-o‘q! – qichqirib yubordi u. Hatto buni o‘zi ham anglamay qoldi. Bolasidan xavotirlanib, uning oldiga yugurdi. Har ne, uni cho‘chitib yubormabdi. O‘g‘li shirin uyquda yotibdi. Xuddi otasiga o‘xshaydi. Burni, ko‘zi, qoshi va hatto, peshonasi ham quyib qo‘ygandek dadasining o‘zi... Shularni Laylo hayolidan o‘tqizar ekan, yuziga nim tabassum yugurdi.

* * *

Eh, o‘sha damlar... Bir-birini intiqib kutishlar-u oyga termulgancha shirin-shirin orzular osmoni ostida o‘tgan baxtiyor damlari... Tasavvurlarida bir-birlarisiz vaqt to‘xtab qolardi go‘yo...
Hamon esida, to‘ydan oldingi uchrashuvlarga Laylo shamoldek uchib borar edi. Hamma-hamma narsani unutardi. Bu dunyoda faqat u va Saidbek bor edi, go‘yo.
Hatto bir marta, Saidbek bilan diydorlashish umidida shoshilgancha, gaz pechiga qo‘ygan pirogi ham yodidan ko‘tariladi. Gaz pechini tekshirmay, uyni tark etadi. Aksiga olib, uydagilar o‘z ishlari bilan allaqachon chiqib ketgan. Yaxshiyamki, o‘sha kuni opasi ishdan ertaroq qaytib, falokatning oldini olgan...
Bu voqeani eslagan Layloning yuzida hasrat va dard aralash kulgu balqdi-yu o‘zini-o‘zi yomon ko‘rib ketdi. Endilikdagi munosabatlarning keskinlashuvidagi ayblorlik hissi alomatlari edi bu.
Yillar oldin Saidbek bilan bir-birlariga ko‘ngil qo‘yib, turmush iplarini bog‘lashgan edilar. Hammasi risoladagidek ketardi. Tangri ularga o‘g‘il farzand hadya etib, baxt bog‘ichlarini qattiqroq bog‘ladi. Ammo inson ba’zida shukronalik hissini unutar ekan...
O‘g‘li tug‘ilgandan keyin Layloning injiqlari yanada ortdi. Hali qaynonasi bilan, hali ovsini, hali qaynakasining bolalari dastidan shikoyat qilib, Saidbekni bezor qildi. Har kuni ishdan kelgan erni bir olam gina-arazlar kutib turishi tayin edi. Saidbek ham tushuntirishlardan charchadi.
-Nima deysan... mendan nima hoxlaysan? Nima qilsam, mendan , mening yaqinlarimdan rozi bo‘lasan? – dedi xotinining injiqliklariga nuqta qo‘yish maqsadida er gapni bir joyga qo‘yib.
-Bizni o‘ylasangiz alohida uy olib chiqib ketasiz! – qat’iy va lo‘nda javob berdi Laylo.
Bu taklif uni tamoman esankiratib ko‘ygandi. Axir xotinining gapiga kirib, ota-onasi va yaqinlaridan ajrab, uydan chiqib ketish, to‘g‘rimikan? Yoki Layloning bugungi kayfiyatini o‘zgartiradigan boshqa yo‘llarni qidirish kerakmi?! Nima qilsin u?... Nima qilsa to‘g‘ri bo‘ladi? Saidbekning boshi qotdi.
Anchagacha bunga rozi bo‘lmagan Saidbekni kelindan zada bo‘lgan ota-onasi ham qistay boshladi. Kelinning arzimagan narsadan qovoq-tumshuq qilishi, ovsini bilan g‘idi-bidi aytishishlariga chek qo‘yishning yagona yo‘li edi bu, nazarlarida.
 Saidbekning otasi umr bo‘yi halol mehnat teri evaziga farzandlarini voyaga yetkazdi, nomdor oliygohlarda o‘qitdi, to‘y-tomoshalar qildi. Endi qarib qoldi. O‘g‘liga yangi uy-joy qilib berishga qurbi yetmaydi. Buni yaxshi biladigan Saidbek tavakkal qilib, ko‘p qavatli binodan ijaraga uy topdi-yu ko‘pga cho‘zmay ko‘chib kelishdi.
Laylo ham ijara bo‘lsa-da, o‘z uyidek emin-erkin qush bo‘lib oldi. Avvalgidek xushchaqchaq va quvnoq insonga aylandi. Bularni sezgan Saidning ko‘nglidagi g‘ashliklar biroz arigandek bo‘ldi.
Biroq.... To‘satdan uy egasi kvartirani sotish qaroriga kelib qoldi. Saidda esa yetarlicha pul yo‘q. Shuning uchun boshqa turar joy topishga to‘g‘ri kelardi. Ustiga-ustak xotini yana hunarini qarichlay boshladi. Oxir – oqibat boshqasiga ko‘chib o‘tishdi hamki, uning qovog‘i yoyilmasdi. Hatto ko‘rpa-to‘shagini erinikidan alohida qilib oldi. Saidbek ham hammasidan to‘yib ketdi.
-Nima darding bor? Nega ranging ochilmaydi, - dedi u tishini-tishiga qo‘yib kunlarning birida.
-Uyma-uy ko‘chib yurish jonimga tegdi. Qachon o‘zimizni uyimiz.... – xo‘rligi kelib xo‘ngrab-xo‘ngrab yig‘lay boshladi ayol.
-Boshida o‘zing tushunishni istamading! Axir shunday bo‘lishini bilar eding-ku! – dedi er o‘ksib yig‘layotgan juvonga rahmi kelib.
Laylo yig‘idan to‘xtab, shartta o‘rnidan turib, asabiy holatda xona bo‘ylab yura ketdi.
-Hammaning o‘z uyi bo‘lishi kerak, axir. Opa-singillarim... dugonalarimni qarang...Uyi tugul, tagida mashinasi ham bor. Biz esa faqat qiynalib...
-Afsuslanayapsanmi-a!... O‘ynab yurganim yo‘q, harakat qilayapman-ku.... – dedi iztirob bilan u. Rostdan ham Saidbek kechasiga qo‘shimcha ish topgan, shahardagi dong‘i chiqqan kafelarning birida bosh hisobchi sifatida ish yuritardi. Unday tashqari kunduzlari asosiy ish joyida bank xodimi ham edi. Shu sababli, uyga doim xorg‘in holatda kirib kelardi. Xotinining hozirgi gap-so‘zlari esa Saidbekning bu holatiga umuman ortiqcha. Uni eshitadigan ahvolda emasdi.
-Sabr qila olasanmi, iltimos... – u iltijoli ko‘zlari bilan Layloga boqdi. Laylo ham jimib qoldi-yu ammo ichidan bir to‘fon ko‘tarilgandek zum o‘tmay jazavaga tushdi:
-Sabr! Sabr! Qancha? Yana qancha kutish kerak?...Javob bering?... Odamlar chet elda ishlab kelib, qo‘sha-qo‘sha .... - uning gapi chala qoldi.
Said sapchib o‘rnidan turdi- yu qaxr to‘la ko‘zlari bilan xotiniga bir zum darg‘azab tikildi va ko‘chaga chiqib ketdi.
Ularning munosabatlari vaqt o‘tgan sari keskinlashib bormoqda. Layloni ham u bilan yolg‘izgina o‘g‘li bog‘lab turardi. Nahotki shu rost bo‘lsa... Mana shunday hayotni orzu qilib , Saidbek bilan turmush qurgan edimi?...
 Mana, u bugun ham yo‘q. Anchadan beri xo‘jayini kechalari, ba’zida ikki-uch kunlab ishini ro‘kach qilib uyga kelmaydigan odat chiqardi. Saidbekning bo‘y – basti kelishgan, yosh yigitlardek navqiron... Istagan qizni o‘z qarmog‘iga ilinshtirishga qodir... Daraxtni tepsang qiz yog‘iladi, degan naql bekorga aytilmagan. Laylo Saidbek bilan borgan to‘y-tomoshalarda shaxsan o‘zi guvoh bo‘lgan. Ne-ne qizlar unga ko‘z suzib, atrofida girdikapalak bo‘lib kolardi... Balki ... kechalari ishini bahona qilib... Kim biladi yana birontasi bilan...
-Tuf-tuf, tavba qildim...- pichirladi juvon o‘z hayollaridan o‘zi cho‘chib.
Sabri chidamadi. Jajji apparat tugmalarini terib, tanish raqamga qo‘nqiroq qilmoqchi bo‘ldi-yu ko‘zi ekrandagi sanaga tushdi.
-Voy, Xudo! Unutib qo‘yibman! Ana-mana deguncha to‘yimizga bugun besh yil bo‘libdi, - hayratdan uning ko‘zlari katta-katta ochildi.
Saidbek bilan umr iplarini bog‘laganlariga ham roppa-rosa besh yil bo‘libdi-ya... Shuncha vaqtdan beri ayolining ko‘nglini xushlash uchun er sarson-u sargardon. Uzz-u kun tinim bilmaydi. Yana Laylo noshukrlik qiladi. Noligani noligan-a ... Axir ko‘chada qolishgani yo‘q-ku. Qaynota – qaynonasi bitta hovlidan aka-ukalar uchun uy solib qo‘ygan. Tayyor uy-joyini, yaqinlarini tashlab chiqishga Saidbekni majbur qilgan o‘zi edi-ku... Eri nufuzli ishda ishlaydi. Layloga qanchalab dugonalari aytib-aytmay, havas va hatto hasad qilishlari ham rost. Yana erini ezgani-ezgan... Hayolidan o‘tgan umri kino lentalaridek birma-bir o‘ta boshladi. O‘z qilmishlari xuddi kinodek ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgandi.
O‘yladi... o‘yladi...
-Menga ortiq hech narsa kerakmas... Baxtli damlarim ortga qaytsa bas! – deya shivirladi o‘ziga-o‘zi. Ko‘zidan tushunib bo‘lmas his-tuyg‘ular alomati - yoshlar dumalardi. Har tomchi oqayotgan yosh tanasiga yengillik bag‘ishlayotgan edi, go‘yo. Ayol g‘ingshib uyg‘ongan bolasining, yuz-ko‘zlaridan o‘pa ketdi. Onasi yonidaligini sezgan bolakay yana xotirjam uyqusida davom etdi.
Layloning ko‘nglida ajib hislar jo‘sh urdi. Butun vujudi bo‘ylab sof va pok muxabbat ildizlari yana tomir ota boshladi .
Darvoqe, bugun ular uchun bayram! Bayramga esa tayyorgarlik ko‘rish zarur. U apil-tapil yuvindi-yu oshxonaga o‘tib, ertalabki nonushtani bayramona tuzash taraddudiga tushdi. Saidbek yoqtiradigan taomlar-u shirinliklardan pishirdi. Uy ishlarini bor mexr-muxabbati bilan bajardi.
Quyosh chiqdi... O‘z nurlarini har kungidan o‘zgacha taratib...Dunyoning qanday go‘zal mo‘jizasi... Avvallari bunga u e’tibor bermagan ekan u... Qanchalar go‘zal hodisa ro‘y bermoqda...Turmush o‘rtog‘i nima qilayotgan bo‘lsa...

* * *

Necha vaqtlardan beri Saidbek oilaviy halovatini yo‘qotgandi. Yaqinlarining noroziliklarida o‘zini aybdor his qilar, o‘zini qo‘lidan hech narsa kelmaydigan noshudlarning-noshudi hisoblab, ich-etini yerdi. Topgan maoshi ro‘zg‘or va ijara xarajatlaridan ortmasdi. Bunga sayin xotini o‘z uylari bo‘lishini istab, uni qistar edi. Endi nima qilishi kerak?! Qo‘shimcha ish izlashga tushdi. Kechki smenaga yaxshi maoshli ish ham topila qolmadi. Kredit muammolari bilan bankka kelgan xususiy kafe egasi unga duch keldi-yu omadi yurishdi. Yiqqan – terganini uy uchun to‘play boshladi. Shu orada esa ular yashab turgan ijara uy egasi xorijga ketayotgani bois, uyni imkon qadar tezroq sotish maqsadida arzon narx taklif qildi. Hali yetarlicha pul to‘play olmagan Saidning boshi qotdi. Akasidan yordam so‘radi. Akasi yo‘q demadi. Saidbek tun-u kun tinim bilmay harakat qildi. Uy hujjatlarini rasmiylashtirib bo‘lishdi. Ertasiga , to‘ylarining yubileyiga xotiniga sovg‘a qilmoqchi edi... Layloning qanchalar bundan quvonishini, tinch-totuv bo‘lib yashashlarini tasavvur qilib, quvonchdan ichiga sig‘masdi u. Tezroq bu yangilikni xotini bilan baham ko‘rish maqsadida, kafedan ertaroq chiqqan edi. Hayolida ming xil o‘ylar charx urardi. Uyiga shunday oshiqardiki....

* * *

Layloning hayolini eshik qo‘ng‘irog‘ining asabiy jiringlashi buzdi. Turmush o‘rtog‘ini kutayotgan ayol, eshik tomon shamoldek oshiqdi. Ammo yo‘l-yo‘lakay ko‘zguga qarab, sochlarini to‘g‘irlashga ulgurdi. Qo‘ng‘iroq tugmasi yana bosildi. Shovqindan bola uyg‘onib, yig‘lay boshladi.
-Hozir, - deya eshikni ochgan Layloning taxmini to‘g‘ri chiqmadi. Eshik oldida begona kishilar turardi.
-Siz Olimov Saidbekka kim bo‘lasiz? – javobni kutmay yana davom etdi militsiya formasidagi kishi. - Turmush o‘rtog‘imisiz?
Laylo arang tasdiq ishorasini bildirib, boshini silkidi.
-Aniqlanishicha, xo‘jayiningiz kunduzi bankda, kechasi kafeda hisobchi bo‘lib ishlar ekan. Buni tasdiqlaysizmi ? – javob kelavermagach, yana davom etdi u. - Afsuski, o‘tgan tunda kafe yaqinida Olimov Saidbekni mashina turtib yuborib, halokatga uchrabdi. Yonidan kuni kecha shartnomalanib, imzolangan uy xujjatlari va mana bu kalit topildi... Shuningdek...
Militsiya xodimining qolgan gaplari Layloning qulog‘iga kirmadi. Boshida qattiq og‘riq turdi-yu ingrab yubordi. So‘ng xushidan ketib, polga yiqildi... Ichkarida esa qarovsiz qolgan o‘g‘li chirillab yig‘lardi... Ora–sirada otasini sog‘ingan bolaning “dada-a” degan tovushi ham quloqqa chalinardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.