Uni hamma usta deb chaqirardi. Chunki u umr bo‘yi ustachilik qilgan. Lekin aytishlaricha, hech kim uning ishidan baraka topmagan. Yopib bergan tomi chakka o‘tkazgan, yasagan eshiklari qing‘ir-qiyshiq chiqavergan. Yashab turgan joyi ham hatto mundoq hunarmand usta yashaydigan hovliga o‘xshamaydi. Shunga qaramay, negadir uni hamma usta deb chaqirardi.
Oltmishni urib qo‘ygan usta hayoti davomida na do‘stu yor va na obro‘ orttirdi. Bor-yo‘q orttirgani shu – usta degan nom. Lekin gap boshqa yoqda: kunlardan bir kun u bir rom yasadi. Derazamas, portret romi. O‘ziyam uzoq yasadi. Qarichlari bilan to‘rt tarafini to‘rt yuz martalab o‘lchab chiqdiyov. Unga o‘zicha naqshlar ham o‘ygan bo‘ldi. Nihoyat, ishni bitirdi va bundan o‘zi rosa mastu mamnun bo‘ldi. Keyin odamlarni ham o‘z ishi bilan rom etmoqchi bo‘ldi: yasagan romini kishilarga ko‘z-ko‘z qilib har kun bazmu jamshid berdi, kazo-kazolarni o‘tirishiga taklif etdi. Go‘yoki shu orqali ular qatoriga qo‘shilmoq yoxud yasagan romiga rom bo‘lishlarini ko‘rib zavqlanmoq bo‘ldi. Aslida, uni pisand qilmaydiganlar boyaqishning qozon-qozon oshini yeb, ustiga ag‘anab tushay deb qolgan hovli-joyiga qarab boshlarini sarak-sarak qilib ketishardi. Oxiri, bu yumush ustaning joniga tegdi. Yasagan romining haqiqiy bahosini odamlarning o‘z og‘zidan eshitmoqchi bo‘ldi. Eng avval mahallaning eng boy kishisinikiga bordi.
– Yasagan romimga kir, – dedi usta. Yeb-ichgan tuz hurmati boy kirmoqchi bo‘ldi. Ammo sig‘madi.
– Qorin kattalik qilayapti, yasagan roming tor ekan, – dedi boy norozilanib.
– Rosa maqtagan eding-ku? Yana bir urinib ko‘r!
– Yo‘q! Maqtov senga kerak edi, maqtadim va sen xursand bo‘lding!
– Kir deyapman senga!
– Nega kirar ekanman? Tor joyga xushim yo‘q, qornim sig‘maydi!
– Men ustaman-ku, o‘lchamni aniq olganman, sen sig‘ishing kerak! – tutaqib ketdi usta boyning yoqasiga yopishib.
– Tupurdim ustaligingga! Yoqamni qo‘yvor!
Ustaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib boynikidan chiqdi. “Usta-usta” deb mayda-chuyda ishlarini bitkazib yuradigan mansabdor qo‘shnisinikiga chopdi va unga o‘dag‘ayladi.
– Kir romning ichiga!
– Chetlari yaxshi randalanmagan, menga to‘g‘ri kelmaydi, – to‘ng‘illadi qo‘shnisi, – kiyimlarimni falon pulga olganman ilinib, so‘kilib ketishi mumkin.
– Kirasan!
– Nega?
– Qancha yumushingni qilib berdim, axir, mehnatimning hurmati yo‘qmi?
– Sen qilgan ishni ko‘chadan kelgan mardikor ham qilardi. Hech bir ishni qoyillatganing yo‘q.
– Valdirama! Kir romga!
– Yo‘qol ko‘zimdan, pandavaqi!
Usta yana nechalarni o‘zi yasagan romga solib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Yo‘q, foydasiz. Kimningdir bo‘yi, kimningdir jussasi romga to‘g‘ri kelmadi. Usta ular bilan endi yuz ko‘rmas bo‘ldi. Rom ko‘tarib kelayotgan ustani ko‘rganlar tum-turaqay qochib ketadigan bo‘lishdi. Ha, yana nimasini aytay...
Begona, baribir, begona-da. Endi jon jigarlari – farzandlariyu qarindosh-urug‘larini kirgizadi romga! Kirgizadi. Ko‘nglining tub-tubida romning nimasidir noto‘g‘ri ekanligini payqagan bo‘lsa-da, sirtdan buni u aslo tan olgisi kelmasdi. Qanday qilib tan olsin? Axir, u usta bo‘lsa!...
O‘g‘lini chaqirdi.
– Romga kir!
– Sig‘mayman, ota!
– Qani bo‘l, sig‘asan!
– Kirolmayman, tushuning, axir.
– Unda xotiningni chaqir.
– .....
– Erkakmisan o‘zi?
– Xotinim o‘zi rom yasatgan, o‘shanga kiradi. Sizning romingiz unga to‘g‘ri kelmaydi, ota.
– Beoqibat farzand, ket!
Alqissa, hech kim ustaning romiga kirishni istamadi. Na aka-ukasi, na bola-chaqasi. Ana shu tariqa jigargo‘shalari bilan ham aloqani uzdi hisob. Nihoyat, og‘ilxonaning bir burchagiga itqitdi la’natini. Ichi huvullab qoldi. Uyga kirib yotib oldi. O‘tgan umrini sarhisob qildi. Tavba, hayotining teng yarmi shu romni yasashga ketgan bo‘lsa, qolgan qismini unga kimnidir kirgizaman deb suvga oqizibdi. Eh!.. Natijada, hech kim qolmadi. Na do‘stu yor va na qavmu qarindosh, essiz, essiz... Bir mahal deng, miyasiga chaqindek urgan fikrdan sapchib o‘rnidan turib ketdi. Hamma baxtsizliklari o‘sha savil romning kasofati ekanligini fahmlab yetdi. Umr bo‘yi yecholmagan jumboq javobini mana endi topdi – hamma o‘zining romiga kiradi! U butun hayotini sarflagan romga, aslida ham, hech kimning ehtiyoji bo‘lmagan. Hozir shu romni yoqib yuboradi. Biror zot ichiga kirmagan rom kimga kerak! Shu o‘y bilan og‘ilxonaga kirib qarasa, qop-qorong‘i zulmat ichida kimdir haligi romga kirib olib, unsiz yig‘lardi. Chiroqni yoqib yaqinroq bordi. Xotini ekan.
– Sen bu yerda nima qilayapsan?
– O‘ttiz yildan beri shuning ichidaman. Gavdamga mos kelmasa-da, belim bukchayib, badanlarimni randalanmagan payraxalar tilsa-da, chidab o‘tiribman. Iltimos, meni bu yerdan chiqaring. Ortiq bu og‘riqlarga chiday olmayman. Ketmoqchiman.
Usta xotinini romdan chiqarib quchoqlab oldi-da, ho‘ngrab yubordi. Yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. Ayolidan dalaga chiqib toza havoda aylanib kelishini so‘radi. Uzoq yillardan beri romning ichida beli bukchayib, rangi siniqib ketgan xotini bo‘ynini uqalay-uqalay, kulishini ham, yig‘lashini ham bilmay, hovliga chopqillab chiqib ketdi. Usta uzoq o‘yladi va bir qarorga keldi. Pichanni bir joyga qalab, tepa qildi-da, ustiga romni qo‘ydi. O‘zi yasagan “san’at asari”ga bir muddat mahliyo bo‘lib turdi-da, ichiga kirdi. Qanday mashaqqat bilan yasagan edi uni. Qancha ko‘z nurini sarf etgandi shu matohga. Tushunmadilar, qadriga yetmadilar, sig‘madilar, istamadilar. Usta gugurt chaqdi... Olov butun vujudini yondirsa-da, romning ichiga kirib olgan suratdek qotib turaverdi. Keng qulochlari bilan romning ikki yonini qattiq ushlab olgan ko‘yi joyida mag‘rur turib jizg‘anak bo‘ldi....
...Usta o‘z hayotini mana shu tariqa yakunladi. Har holda, shunday deb atardilar uni...
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 2-son