Har gal qishloqqa qadam bosganda yuragim xapqirib ketadi. Mana shu chang ko‘cha, paxsa devorli pastqam uylar, ariqqa soch yoygan majnuntollar ko‘zimga olovday bo‘lib ko‘rinadi. Dov-daraxt kiprikday tizilgan ko‘cha bo‘ylab borar ekanman, devori nuragan, tomi ko‘chgan xonadon yonidan o‘tganda bir xil bo‘lib ketaman. Og‘ir bir yuk bosadi. Aslida ko‘rimsiz bu uyning boshqa hovlilardan farqi yo‘q. Qishloqning bir xonadoni. Bir qarashda shunday, ammo u menga boshqacha ta’sir etadi. Ko‘p falokatni yashirib yotgan lahadday bo‘lib tuyuladi. Gap shundaki, bu hovlida juda g‘alati bir kampir yashagan. U odamlarga ko‘pam aralashmas edi. Alamzada. Doim tund kayfiyatda. Men uning qovoq ochganini, kulgan-boqqanini bilmayman. U hatto bolalarga ham iliq so‘z aytmasdi. Qizig‘i, qachon qaramang, hovlida bir eski po‘stakni sudrab yurardi. Hatto ko‘chada ham shu matohni qo‘lidan qo‘ymasdi. Bir kuni buvimdan bu kampir, (biz uning ismini bilmasdik,) po‘stakka muncha yopishib olgan, deb so‘radim. Buvim biroz o‘ylanib turgach, tin oldi, so‘ng:
– Zax o‘tmasin, deydi-da, bolam, – dedi. – Ko‘rmaysanmi, darvozasi oldida o‘tirg‘ich ham yo‘q. Shuning uchun po‘stakni sudrab yuradi.
Buvimning gapi meni qoniqtirmadi. Ammo unga yana gap qotishga cho‘chidim. Mahmadonalik qilmaslik uchun, hm-m deb qo‘ya qoldim. Lekin bir kuni buvim «yorildi», menga o‘sha po‘stak bilan bog‘liq voqeani aytib berdi. Kampir erini urushga jo‘natgach, u omon-eson kelsin deb bir qo‘chqor boqqan. Eri urushdan qaytgach, o‘sha qo‘chqorni so‘yib, xudoyi qilgan. Shungacha u birovga bir chuqum osh bermagan, xonadoniga birovni chorlab chaqirmagan ekan. Jonliqning terisini esa kampir olib qo‘ygan, shundan beri qaerga bormasin, o‘sha po‘stakni sudrab yurgani-yurgan...
Kampirning yolg‘iz qizi bo‘lgan. U shaharga o‘qishga borib, institutga kira olmagan. Oriyat qilib qishloqqa qaytmagan. Ishga joylashgan. So‘ng qaysidir boyvachcha bilan don olishib, unga «osilib» olgan. Xullas, shunaqa gaplar. Aslida qizi ham odamlarga uncha yoqmasdi. Ayniqsa, o‘sha boyvachchaga tekkach, uning dimog‘i yanada ko‘tarilib ketdi...
Bilmadim, u shahardan baxt topdimi yoki baxtsizlik, ochig‘i, bu hech kimni qiziqtirmasdi. Qishloqda birov uni yaxshi yoki yomon demaydi, muhokama qilmaydi, go‘yo bu mumkin emasdek...
Qishloq odamlari kampirni ham uncha xush ko‘rmasdi. Nimagadir u haqda birov botinib gapirmasdi. Uzunquloq gap-so‘zga qaraganda, kampir vaqtida aktiv bo‘lgan, o‘sha notinch zamonda uning chaquvi bilan qanchadan-qancha odamning yostig‘i qurigan.
Biz esimizni tanigan vaqtda eri olamdan o‘tgan edi. Qizi esa ahyon-ahyonda qishloqqa birrov kelib-ketardi. Aytishlaricha, kampirning yiqqan boyligi o‘ziga yetarli. Keyinchalik men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Shunday bo‘lmaganda, boshqalarga o‘xshab munkillagan kampirda boylik nima qilsin, deb yurar edim.
Dunyoda g‘alati odamlar bo‘ladi. Ularning yurish-turishiga qarab bir beva-bechora-da, deb o‘ylaysan. Aslida esa...
Bir kuni oyim bir kosa oshni qo‘limga tutqazib, qizim, shuni ko‘cha boshidagi momoga olib borgin, deb qoldi.
– Voy, oyi, men undan qo‘rqaman! – dedim yuragim hapqirib.
– Nimaga qo‘rqasan? – hayron bo‘ldi oyim. – Uyam bir odam-da, nima, seni yeb qo‘yarmidi?
Oyim shunday deyishga dedi, ammo gap ohangidan o‘ziyam o‘sha kampirdan hayiqishi sezildi. Men battar taysalladim. Oyim kampirga achindimi yoki gapi yerda qolishini istamadimi, qovog‘ini solib: – Gapimni ikki qilma, – dedi. – Momo kasal, butun qishloq qarab turibmiz. Bemordan xabar olish savob bo‘ladi, qizim!..
Rosti men o‘sha uyga borishdan cho‘chirdim. Ammo oyim qo‘yarda-qo‘ymay qo‘limga tugun tutqizdi va kampirnikiga yubordi. Yetib borgach, zo‘r bir taraddud bilan qarovsiz hovliga kirdim. Borib ayvon eshigini sekin itardim-da: – Momo, – deb ovoz berdim. Lekin sado bo‘lmadi. Asta oyoq uchida yurib ayvonga kirdim. Dahliz eshigi qiya ochiq ekan. Kirsam, kampir saratonnning jaziramasiga qaramay, qalin ko‘rpaga o‘ranib yotibdi, hammayoq besaranjom.
– Momo, – dedim yana yuragim betlamay.
– Kim u? – dedi u zo‘rg‘a. – Kir-kiraver!
Kampir ko‘zlarini qisib menga tikildi.
– Sizga ovqat opkelgandim. – Shunday deb tugunni uning bosh uchiga qo‘ydim va ketishga chog‘landim.
– Umringdan baraka top! – Kampir mung‘ayib qaradi. – Kimning qizisan?
Men istar-istamas kimligimni aytdim.
– Ha, shunaqami? – Kampir g‘alati kuldi. Kulganda tishi yo‘q og‘zi o‘raga o‘xshab ketdi. Qandaydir xunuk, yoqimsiz. Yuragim bezillab, qaytmoqchi bo‘ldim, shunda kampir, to‘xta, deb qoldi. Xuddi ertakdagi yalmog‘izning oldida turganday yuragim uvushib ketdi. Butun vujudimni qo‘rqinch hissi chulg‘ab oldi.
– Kechadan beri choy ichganim yo‘q, – dedi u juda norozi bo‘lib. – Qumg‘on qaynatib ko‘k choy damlab ber! – Kampir ming azob bilan chap yonboshiga o‘ngarildi.
U behol ko‘rinsa-da, ovozi miltiqning o‘qidek edi. Shu bois, qo‘rsa-pisa, mayli, dedim-da, so‘zsiz aytganini qilishga kirishdim. O‘choq boshiga borib, qumg‘onni chayib, suv quydim. Qarasam, o‘t yoqish uchun gugurt yo‘q. Tandir boshida ham, o‘choq atrofida ham...
Kampir uxlaganday yotsa-da, ko‘zi ochiq edi.
– Momo, gugurt qolmaganmi? – deb so‘radim undan. U miq etmadi. – Gugurt yo‘qmi, deyman, momo?
U tush ko‘rayotgan odamday sachrab ketdi.
– Gugurt deysanmi? Nega yo‘q bo‘lsin. G‘aladonga kir, tokchada qutisi bilan turibdi, – Keyin u yuzimga tikilib qaradi. – Ichim yonib ketayapti...
Men ichkari xonaga o‘tdim. Shunda hayron bo‘lib qoldim. Uning yashirin boyliklari haqida ko‘p eshitganman. Shuning uchunmi, kampirning uyi qimmatbaho buyumga to‘la, degan tasavvurda edim... Qayoqda, xona to‘la eski-tuski, ashqol-dashqol, hech kimga kerak bo‘lmagan yaroqsiz buyumlar qalashib yotibdi. To‘rdagi tokchada cheti singan toshoyna, devorga titilib ketgan gilam osilgan, almisoqdan qolgan xum va ko‘zalar, chala-yarim to‘ldirilgan qoplar, siniq idish-tovoq...
Buni boshiga uradimi u, deb o‘yladim.
Tokchadagi narsalar ichidan bir quti gugurt topdim. Kampirning bor-budini ko‘zdan kechirayapman-u, odamlar ham aytaverar ekan-da, xayoliga kelgan gapni, tilla yo‘q-ku, deb o‘ylayman ichimda. Hammasi eski-tuski. Biz uning tashlandiq narsalarni yig‘ib-terib yurganini ko‘rganmiz. Attorga sotib pul qilsa kerak-da, deb o‘ylaganmiz. Hamma ashqol-dashqolni g‘aladonga yiqqan ekan-da! Nega? Nima uchun? O‘ylab o‘yimning oxiriga yetolmadim. Gugurtni olib, xonadan chiqsam, kampir eshikka tikilib yotibdi.
– Topdingmi? – dedi u. – Yonib ketayapman. Ammo tanim sovqotayapti...
Qumg‘onni qaynatib, choy damladim. Kampir qaltiragan qo‘li bilan piyolaga choy quymoqchi bo‘ldi. Bexosdan choy uning ko‘ksi aralash to‘kildi. Ammo u buni sezmadi. O‘zim choy quyib unga ichirdim. Kampir ko‘zlari yumuq holda bir piyola choy ichdi, bir nima deb pichirladi. So‘ng ko‘zidan bir tomchi yosh dumalab ajin bosgan engagiga tushdi. «Yo tavba, bu kampir ham yig‘lar ekan-a?!». Hayratdan qotib qoldim. Kampir pichirlab: «Kimning bolasiman deding?» – deb so‘radi. Aytdim. U yalt etib menga qaradi. Birdan hushyor tortgani meni sergaklantirdi. Buvamning qamalib ketgani xayolimdan o‘tdi. «Nahot uni shu kampir qamatgan bo‘lsa?» – deb o‘yladim. Yuragim orqaga tortib ketdi. Kampir inqillab bezovtalana boshladi. Yelkasidan ushlab chalqancha yotqizmoqchi bo‘ldim. U negadir bejo bo‘lib, g‘alati qaradi, bir nima deb g‘udrandi. O‘tirishga yordam ber, degandek bo‘ldi. Uning qo‘ltig‘idan olib o‘tqizmoqchi bo‘ldim. Shunda qo‘lim qandaydir bir qattiq narsaga tegdi. Kutilmaganda kampir meni bor kuchi bilan siltab yubordi. Tap etib o‘tirib qoldim. U ham holsizlanib hansiradi.
– Buvang... – dedi u og‘ir-og‘ir nafas olib, so‘ng belini paypasladi. – Sen bor-ket!
Bir seskandim. «Buvamni shu qamatgan bo‘lsa-ya?..» Uni battar yomon ko‘rib qolgan edim. Vujudimda g‘alati titroq, ammo bu qo‘rqinch emas, men undan qo‘rqmay qo‘ygandim. Unga nisbatan ko‘nglimda achinishmi, nafratmi, juda g‘alati hislar aralash-quralash bo‘lib yotardi.
Keyin shartta o‘rnimdan turdim-da, eshikni ham, darvozani ham lang ochiq qoldirib, uyga qarab chopdim.
– Namuncha qopketding? Yana ko‘chada o‘ynab qoldingmi?
– Yo‘q, oyijon. Haligi, u choy damlab ber, deb qoldi. Qumg‘on qaynatib, choy damlab berdim.
– Voy, o‘zimning dastyor qizimdan aylanay, yaxshi qipsan, bolam!
– Oyijon, u kampir buvamni... Oyim jim deganday barmog‘ini labiga bosdi.
Birozdan so‘ng o‘zimga kelgach: – Odamlar bu kampirni katta boyligi bor, derdi. Hech qanaqa tilla buyumi ham, taqinchog‘i ham yo‘q ekan! – dedim o‘zimni chalg‘itishga urinib. – Men g‘aladonini kirib ko‘rdim!
– Boyligi bo‘lsa-bo‘lmasa, senga nima? Jon qizim, qo‘y, yaxshi emas bunday gaplar...
Bari bir, kampirning boyligi haqidagi fikr xayolimdan ketmasdi. Ayniqsa, uning siltovi yuragimga og‘ir botgan edi.
O‘sha haftaning oxirida qishlog‘imizga «Tez yordam» mashinasi keldi. U kampirning uyi oldida to‘xtadi. Biz ko‘chada o‘ynayotgan edik. Bir to‘da bola qiziqib, o‘zimizni hovliga urdik. Bir kun oldin qizi kelgan, hovli-eshikni tozalagan, ayvonga joy qilib, kampirni olib chiqqan ekan. Biz borsak, yuzidan nur yog‘ilib turgan, nigohi o‘tkir doktor amaki kasalni ko‘rayotgan ekan. U obdon ko‘rgach, kampirga sinchidek qadalib qaradi. Keyin miyig‘ida kuldi va uni yonboshlatib, ko‘ylagi ostiga qo‘l yubordi. Va ... u ham o‘sha qattiq narsani ushladi. Kampir bezovtalandi. Doktorni siltab tashlamoqchi bo‘ldi, lekin u kishi kampirning belidan belbog‘ini yechib oldi. Kampir belboqqa tashlandi, akashak qo‘li bilan uni yulqib tortdi.
– Bo‘ldi, endi, momo! – dedi doktor juda vazmin ovozda. – Hayajonlanmang, sizga mumkin emas! Buni qizingizga bersangiz ham bo‘ladi! Sizga endi bu ortiq yuk! Yaxshisi, picha dam oling!
Nazarimda kampirning joni chiqib ketganday bo‘ldi. Qo‘li shilvirab tushdi, belbog‘ning u tutgan uchi ochilib, tilla taqinchoqlar yerga sochildi. Hamma, voy-bo‘, deb yubordi. Doktor amaki kampirning qiziga yuzlanib: – Onangizning mushkuli oson bo‘ldi, ortiq bezovta qilmang, – dedi. U hech qanday dori-darmon yozib bermadi. Miyig‘ida jilmaygancha bizga:
– Tomosha tugadi, – dedi. – Hamma uy-uyiga! – So‘ng o‘zi mashina tomon ketdi. Biz bolalar bo‘lsa, bu sirli hodisani uydagilarga aytish uchun shoshildik.
– Oyijon, oyijon, aytgandim-ku, sizga, kampirning boyligi bor, deb. Belidagi belbog‘ to‘la oltinlar ekan. Men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Belbog‘ga o‘rab, beliga boylab olgan ekan!
Kattalar bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishdi.
– Yolg‘on aytish yaxshimas, qizim, – dedi oyim.
– Sizni aldamayapman. Ishonmasangiz, ana, bolalardan so‘rang. Ular ham ko‘rishdi. Doktor amaki uning belidagi belbog‘ni yechib olayotganidi, tilla taqinchoqlar sochilib ketdi. Keyin kampirning qizi ularni terib oldi.
Hademay bu mish-mish butun qishloqqa yoyildi.
Ertasi kuni kampir olamdan o‘tdi. Uni ko‘mib kelgach, odamlar: «Tillaning kuchi bilan yurgan ekan-da!..» deb yurishdi. O‘sha tilla qiziga ham buyurmadi. Uning bittayu bitta arzanda o‘g‘li bor edi. Aytishlaricha, o‘sha o‘g‘il ularni bittalab sotgan, nasha olib chekkan. Faqat bu emas, keyinchalik u ninaga «o‘tirib» qolgan va bor-budini sovurgan. Axiyri, qamalib ketgan. Hozir kampirning qizi qishloqqa kelmaydi. Tashlandiq hovli esa huvillab yotibdi. Odamlar uni bexosiyat deb biladimi, o‘zlarini chetga oladi...
Ha, aytmoqchi, yaqinda «Taynaya magiya» degan kitob qo‘limga tushib qoldi. Unda tilsimlar izohi berilgan. Masalan, tumor odamni balodan asrar ekan. Po‘stak esa... Bilasizmi, bu kampirga o‘xshaganlar oldin Yaratganga shirk keltirar ekan, keyin qora niyat qilar ekan. Niyatga ko‘ra, kimda-kim qo‘chqorning go‘shtidan yesa, po‘stakka bandi bo‘lib, uning egasiga moli, kerak bo‘lsa, joni bilan qullik qilar ekan...
Men hikoya qilgan voqea shundaymi-yo‘qmi, bilmayman. Ammo o‘sha ishlardan so‘ng bir haqiqatni anglab yetdim: odamzod qilmishini oq yoki qora chimmatga qanchalik o‘ramasin, bir kun kelib o‘sha chimmat chok-chokidan so‘tilib ketadi. Va bunday vaqtda kishi o‘zi bilan o‘zi qoladi, uning dahshatidan qochib o‘zgalarga talpinadi. Ammo...