OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Chirog‘i yoniq xonadon (hikoya)

Shom mahali. Naqshinkor katta darvozaning kichik darichasi qiya ochiq. Supirib-sidirilgan, suv sepilgan xonadonda orastalik. Qiyg‘os ochilgan gullar, sadarayhonlar xonadonga fayzu tarovat baxsh etib, bo‘y taratib turibdi. Gulzor chekkasidagi quvur jo‘mragidan oqib turgan suvning chuldirashi ham quloqqa musiqadek eshitiladi.
Xonadon sohiblari hali zamon kelib qoladigan jigargo‘shalarini risoladagidek kutib olish uchun oyoqlari olti, qo‘llari yetti bo‘lib taraddud ko‘rmoqda.
Rahmatli ota-onalaridan qolgan mo‘‘jazgina hovlida yashayotgan kenja o‘g‘il G‘olibjon, uning rafiqasi Soliyaxonlar kechadan beri tinim bilmaydi.
G‘olibjon rahmatli otasi ekkan meva, uzumlardan uzib katta o‘rik ostidagi chorpoyaga qo‘ydi. Qizi Nazira darrov ularni joylash uchun idish tanlay boshladi. Soliyaxon tushlikdan buyon oshxonada kuymalanadi. Non yopdi, somsa pishirdi. Palovning masallig‘ini taxt qilib qo‘ydi. Yangi so‘yilgan qo‘y go‘shtidan tayyorlanayotgan quling o‘rgilsin sho‘rva milt-milt qaynab turibdi. Rahmatlik qaynotasi shunaqa ovqatni yaxshi ko‘rardi. Keyin oila a’zolarining jam bo‘lib o‘tirishini yoqtirar, farzandlarini qayta-qayta duo qilishdan charchamasdi. U kishining vafotlaridan keyin aka-uka, opa-singillar ham o‘z oilalari, o‘z tashvishlari bilan bo‘lib ketishdi. To‘y-to‘kin, o‘lim-etimda ko‘rishib qolishmasa, boshqa vaqtda hamma har qayoqda.
Ishdan qaytganidan buyon yengil sport kiyimida yurgan G‘olibjon yumushlari xiyol bir yoqli bo‘lgach, halizamon kelib qoladigan opalari, kelinoyilari oldida bunday yurishi noma’qulligini o‘ylab ichkari xonaga kirib, kiyimlarini almashtirdi. Qaytib chiqib eshikning shunday yonginasida devorga o‘rnatilgan ko‘zguga qaradi. Otasidan qolgan eskiroq chopon va do‘ppini kiyib olgani o‘ziga xush yoqdi. Shu kunlarga yetib kelolmagan ota-onalarini eslab xo‘rsindi.
— Rizqu nasibaning halolidan bersin, bolam, — derdi rahmatli otasi. — Birovning haqini yemoqning ertami-kechmi javobi bor...
Ana shunday aqida bilan boriga qanoat qilib, butun umri dalada ketmonini sudrab o‘tdi. Bir burda nonni peshona teri bilan topib yedi. Yoshi bir joyga borib qolganida ham o‘g‘illari “qo‘ying endi, ro‘zg‘orni o‘zimiz amallarmiz” desa, “ie, uyda o‘tirib nima qilaman, dalalarimni sog‘inib qolaman-ku”, derdi. Dehqonchilikning piri edi. Ekinlar bilan tillashardi, bir gal g‘o‘zalarini do‘l urib ketganda sim-sim yig‘laganini ko‘rgandi G‘olibjon.
Uyning to‘riga osib qo‘yilgan suratda ham o‘tgan umridan mamnundek o‘ktam boqib turibdi. Yana jinday razm solgach esa, otasi yaltiroq chorcho‘p ichidan boqib, undan hisob so‘rayotganday tuyuldi: “gaplarim yodingdami?”
Uylanishi ham otasining bir og‘iz gapi bilan bo‘lgan.
— Onang rahmatli to‘yingni ko‘rmay o‘tib ketdi, bolam, — degandi o‘shanda otasi, — men ham bugun borman, ertaga yo‘q...
— Unday demang, dada.
— Endi ixtiyor bizda emas-da. Yaratganning irodasi, omonatini istaganda oladi.
Bir oz tin olgach, shirali ovozda davom etdi:
— Ceniyam bolalaringni ko‘rsam deyman. Shunga akalaring, opalaring bilan maslahatlashib, Qodir oqcoqolining qiziga og‘iz solsak, deb turibmiz.
Endi to‘rtinchi kursni bitirayotgandi. Aspiranturada o‘qish, Toshkentda qolish niyatlari bor edi. Lekin, otasining gaplaridagi qat’iyat og‘iz ochishga yo‘l qo‘ymadi. Tez orada to‘y bo‘lib, bugun usiz hayot qanday bo‘lishini tasavvur qilolmaydigan Soliyaxon bag‘rini to‘ldirdi. Kelin poyqadamli keldi. Xonadonga baraka kirdi. Bu orada o‘qishni ham bitirib, qishloq shifoxonasiga ishga keldi.
Mana shundan buyon ham sal kam o‘ttiz qovun pishig‘i o‘tibdi.
Kunlar, oylar, yillar bir-birini quvalab o‘taverar ekan. O‘tkinchi umr... “Hayotda ko‘zingizni kattaroq oching-ki, o‘layotganingizda bemalol yumasiz”, degan ekan mashoyixlardan biri. Lekin, yumuq ko‘z ila yashab, ochiq ko‘z bilan ketganlar ozmi? Yaratganning o‘zi saqlasin.
Kenjatoyi bo‘lgani uchunmi unga mehri bo‘lakcha edi. Xotindan yolchiganini ham bot-bot aytar, kelinini alqab duo qilardi.
Bir palakda har xil xamak, deganlaridek, katta akasi mol-mulkka hirs qo‘ygan, boy-badavlat, lekin, tomsa yalaydiganroq chiqdi. O‘zbekchilik, unga bir nima deyishga andisha qiladi. O‘zining aravasini o‘zi tortadi. Xastalanib, biroz qiynalib qolgan kunlari ham og‘irini solgisi kelmadi. Baxtiga suyanadigani — xotini bor ekan. Zoriqtirib qo‘ymadi. Mana, yana oyoqqa turib, u kunlar ortda qolib ketdi. Bugun dasturxon yozib jigarbandlarini chorladi. Halizamon ular kelib uyi to‘lib qoladi.
Ishxonasidan ham andak ko‘ngli xijil bo‘lib qaytdi. «Bosh shifokorning gapini qaytarib to‘g‘ri qildimmi?», deya o‘ylanib boshi qotdi. Boshqa iloji ham yo‘q-da. U aytgan ishni qilolmaydi. Qo‘lidan kelmaydi. Nima emish, bemorlardan, ularning yaqinlaridan kasalxonani ta’mirlashga yordam so‘rash kerak emish. E, o‘rgildim unaqa ishlardan. Yana nima deydi, deng: aylantirib gapirib, diplomatlik qilib bo‘yniga qo‘yish kerak emish. Mabodo bir joyga borib shikoyat qilsa, o‘zi javob berarmish.
Shuncha yil ishlab birovning qo‘liga qaramadi, bu gapni qaysi yuz bilan aytadi, «Kasalingizni davolayman, shifoxonani ta’mirlab bering» deb-a?... Yo‘-o‘q, unaqa qilolmaydi.
Ko‘cha tomonda mashina ovozi eshitildi: “Akamlar keldi shekilli», deya o‘sha tomon yurdi.
Yanglishmagan ekan, mashinadan savlat to‘kib akasi tushdi.
— Assalomu alaykum...
— Keling, aka... kelinglar...
Akasi bilan quchoq ochib ko‘rishar ekan andak entikib ketdi, rahmatlik otasining isini his qilganday bir zum bag‘ridan bo‘shatmadi. Akasi esa beparvogina, so‘rashayotib ham ko‘zlari u yoq-bu yoqqa alanglab, goh rom qilingan ayvonga, goh qaytadan ko‘tarilgan temir so‘ritokka boqdi: «Ukam ham yomon yashamayapti, shekilli».
— Sog‘inishib qolgan ekansizlar-da, — deb kuldi kelinoyisi. — Ayb o‘zlaringda, uzoqlashib ketyapmiz. Axir, oralarimiz ikki qadam bo‘lsa....
— To‘g‘ri, kelinoyi, ishlar bilan bo‘lib.., — deb kalovlandi-yu, miyasiga allakimning «Odamlarni bir-biridan masofa emas, fikrlar uzoqlashtiradi», degan gapi keldi.
So‘ritok ostiga qo‘yilgan chorpoyaga o‘tirishgach, akasi xonadonga tinchlik-omonlik, baraka tilab qisqagina duo qildi. Bir piyola choy ichishgach, kelinoyisi sekin turib oshxonada kuymalanayotgan ovsini tomon yurdi. Avvaliga uni qaytarmoqchi, «o‘tiravering» demoqchi edi, keyin, «ha, mayli, ularning ham dardlashadigan gaplari bordir, zora shu bahona oraga yanayam yaqinlik tushsa», deb umid qildi. «Ovsinlar inoq bo‘lsa, og‘a-inilar chinoq bo‘lmas» deydilar-ku.
— Ahvoling durustmi, G‘olib?
— Shukur, aka. O‘zingiz ham charchamay yuribsizmi?
— E-e, charchash ham gapmi. Yashash qiyin bo‘p ketyapti-ku, uka!
Ie, dang‘illama hovli joyi, qo‘sha-qo‘sha mashinalari, qator tijorat do‘konlari bor odamning gapimi shu?.. Akasi uning xayolidagi gapni anglaganday:
— Beli og‘rimay non yeyishni istaydiganlar ko‘payib ketdi-da. Sen ularni bilmaysan, — deb qo‘shib qo‘ydi.
Biladi. Bilmay nima, yosh bolamidi? O‘sha tekshiruvchi, nazoratchi, taftishchi deganlarida. Ular ham noto‘g‘ri bir joyi bor-ki, ilintiradi-da.
Darvoza tomonda opasi o‘g‘li bilan paydo bo‘lganda beixtiyor o‘rnidan turdi. Negadir ko‘nglida iliqlik emas, g‘ashlik tuydi. Buning o‘ziga yarasha sababi bor. Onasining ajalidan besh kun burun o‘lib ketgani sababiniyam shu opasidan ko‘radi. Yoshiga yarashmagan libosiyu beo‘xshov soch turmagiga qarab ko‘nglida paydo bo‘lgan istehzoni sezdirmaslikka harakat qilib so‘rashsa-da, o‘sha mash’um kunlar xayolida gavdalandi. «Katta o‘qishda o‘qiyapti», deb orzulab yurgan qizi kutilmaganda ostonasida bola quchoqlab paydo bo‘lganda onasi hushini yo‘qotdi. Nima gapligini bilgach esa nolasi olamni tutdi: «Bu kunlardan o‘lganim yaxshi edi». Ana shu yuziqarolik bois umrining oxirigacha ham boshini ko‘tarib yurolmagan onasini eslab ko‘ziga yosh keldi. Avval qo‘lini siqib, keyin yaqinroq tortib yelkasidan olib ko‘rishar ekan, bo‘yi cho‘zilib, mo‘ylovi sabza urib qolgan, otasiz o‘sayotgan jiyaniga achinib ketdi.
Opasi keyinroq o‘qishni sirtqiga tiklab, amallab bitirdi. Shahardan ish topdi, erga chiqdi. Rasmi-rusumini qilib uzatishdi. O‘shanda ham onasi yum-yum yig‘lab kuzatgandi. Avval boshda yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatish qiyin ekan, shekilli, turmushlari uzoqqa cho‘zilmadi.
Opasi ham ko‘pda kelavermaydi. Yuzi shuvitligini biladi. Lekin ne qilsa ham jigarlari. Boshqa bosh urib boradigan joyi yo‘q. Ora-sira qisinib-qimtinib kirib keladi. Peshonasiga shunday bitilgan ekan, shekilli, nima qilsin? U shunaqa bo‘lishini xohlabdimi?
G‘olibjon ham ko‘nglidan har xil xayollar o‘tsa-da opasiga sezdirmaydi. Hozir ham...
— Keling, opa bormisiz, — deb ochiq chehra bilan kutib oldi.
— Borman. O‘zing qalaysan? Ko‘rinmay ketding-ku?..
— Uzr, opa o‘zimiz bilan bo‘lib, sizlardan xabar ham ololmadik, — deb ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi.
— Yo‘g‘-e, tinch bo‘lsang bo‘ldi, uka. Hammaga ham o‘zining tashvishi yetib ortadi.
— Mehr-oqibat degan gaplar ham yo‘qolib ketyaptimi...
Tuyqusdan tiliga chiqqan bu gapdan andak xijolat chekdi. Bu gapni shunchaki opasining gapi davomi sifatida aytib yubordi-yu jigarlari yozg‘irish, nolish deb qabul qilmasa edi, deb o‘ylanibroq qoldi.
— Mehr, oqibat yo‘qolgani yo‘q. Ularning o‘lchovi o‘zgardi, — dedi opasi.
— Puling bo‘lsa senga mehr ham ko‘rsatishadi, oqibat ham, — dedi akasi o‘ziga ishongan qat’iyat bilan.
— Yo‘g‘-e, aka, unaqa demang. Pul bilan o‘lchanmagan o‘zi shu qoluvdi.
— Ishonaver, shunaqa.
— Yo‘q, pul bilan dunyoni sotib olish mumkindir. Lekin, mehrni sotib olib bo‘lmaydi.
— E, puling, moling bo‘lmasa mehrniyam, oqibatniyam topolmaysan.
— Yo‘q, mening hech narsam yo‘q edi. Pulim ham, molim ham. Sha’nim ham. Agar mehrli, oqibatli odamlar suyamaganlarida men allaqachon bu dunyo bilan xayrlashgan, sizlar bilan diydorlashmoq ham qiyomatga qolgan bo‘lardi.
Opasi shunday deya dastro‘molini yoshli ko‘zlariga bosdi va asta o‘rnidan turib gulzor tomon yurdi. G‘olibning ko‘zlari opasining ko‘zlari bilan uchrashdi. Hech qanday ma’no uqmadi. Faqat o‘zining bir paytlar opasiga nafrat ko‘zi bilan boqqan kunlarini eslab o‘zidan uyaldi: «Mard bo‘lsang qoqilgan jigaringni suyashing kerak emasmidi».
Darvozadan kirishdayoq yo‘talib, oyoqlarini tapillatib sharpa bergan o‘rtancha akasi salom-alikdan keyin chorpoyaga o‘rnashib o‘tirib olgach, ota-onalari ruhi poklariga bag‘ishlab Qur’on tilovat qildi. Chiroyli tilovat, xayrli duolar boismi o‘rtancha akasi kelguncha o‘tgan dilxiraliklar chekinganday bo‘ldi, davraga fayz kirdi.
Hol-ahvol so‘rashishdi.
— Shukr, — dedi o‘rtancha aka kulib, — Shu kunlarga yetkizganiga shukr. Eslaysizlarmi, otamiz o‘zi tikkan mahsini bozorga olib chiqib sotolmasdi. Bugun molimizni xohlagan bozorimizda pullayapmiz, mushugimizni pisht deydigan odam yo‘q.
— E, pattachi, soliqchi deganlari tinchitmayotgandir? — gapga qo‘shildi katta aka.
— Ha, endi ularniyam rizqi-da. Qolaversa, dehqon bug‘doy eksa, qush ham to‘yadi, sichqon ham. Nafsilambrini aytyapman-da. Menga-ku birov bir narsa deyolmaydi. Hamma tomonini qonuniy qilib qo‘yganman.
Chindan ham shu akasining birovdan tili qisiq joyi yo‘q. Ota kasbi — kosibchilik bilan ro‘zg‘or tebratib yurgan bo‘lsa-da, mahalla-ko‘yda obro‘si yomon emas. Qolaversa, durustgina ilmi bor, taqvoda sobit, halol-haromning farqiga boradi, halqumini pok saqlaydi.
— Qani, olishib o‘tiringlar.
— Rahmat, dasturxondagi ne’matlarga qaranglar-a. Bu hammasi tinchlikdan, to‘kinlikdan nishona. Bunday kunda shukr qilmaslik Xudoga ham xush kelmaydi.
— Gap faqat dasturxonda emas, xotirjamlik ham kerak, — katta aka yana o‘z “haqiqati”ni peshladi.
— To‘g‘ri, aka, lekin, xotirjamligimiz o‘zimizga bog‘liq.
— Tinch, xotirjam ishlashga qo‘ymayotganlar ham bor.
— Kim o‘sha sizni xotirjam ishlashga qo‘ymaydigan? Menga ayting, kekirdagini uzib olay, — dedi qizishib G‘olibjon. U hamma narsasi oshib-toshib yotgan katta akaning hasratlarini hazm qilolmayotgandi.
— Qo‘y, mayli, bu gaplarni boshqa kunga qoldiraylik, — dedi akasi ham o‘zini biroz noqulay sezib.
— Rost aytasiz, xayrli kunda xayrli gaplardan gaplashaylik. Qarang, har birimizning uyimiz bor. Ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz to‘kin. Lekin, endi uyimiz to‘rida o‘tiradigan ota-onamiz yo‘q. Bizni ne-ne qiyinchilik bilan o‘stirishdi, rohatini ko‘rolmay ketishdi. Endi qo‘limizdan keladigani ularning ruhi poklariga duoda bo‘lish, xolos... Yana... bir-birimizga yaqin bo‘lsak, mehr-oqibatli bo‘lsak, ularning ruhi shod bo‘ladi. G‘olibboy bizni yig‘ib xo‘p yaxshi ish qildi-da. Dasturxondagi ne’matlargagina emas, bir-birimizning diydorimizga to‘yayapmiz. Dunyo o‘tkinchi, bir-birimizga g‘animatmiz.
Haq gap qarshisida hech kim og‘iz ocholmas ekan. Kosibning ma’ruzasini tijoratchi boy ham, shifokor ham miq etmay eshitardi.
— O‘g‘illarim ham yonimga kirib qoldi, — deb g‘ururlandi kosib aka. — Maktabidan ta’tilga chiqqan Soqivoy ham kecha o‘zi tikkan tuflilarini bozorga olib chiqib sotib keluvdi, xursand bo‘lib ketdim.
— O‘zing topib-tutib turganingda o‘g‘illaringni o‘qitishni o‘ylasang bo‘lardi, — gap qo‘shdi katta aka.
— O‘qishlari ham chakki emas. O‘qitaman. Lekin, hunarni ham egallab olsa yomon bo‘lmaydi-da, aka. Mana, o‘zim ham ota kasbini qilib kam bo‘lmadim.
— Sen bilan bizning zamonimiz boshqa edi. Endi o‘qitmasang bo‘lmaydi. Mana, jiyaning Sunnatilloni ikki mingga o‘qishga joyladim... Ko‘kidan.
— E-e, unaqa qip o‘qitib nima qilasiz, aka? Agar o‘zida bo‘lmasa...
— Bir amallab diplomli qilib qo‘ysam, keyin aravasini tortib ketadi.
— Una qip opkirgan bo‘sayiz o‘qishiyam o‘zidan o‘zi bo‘lmayotgandir.
— Ha, endi har uch oyda, olti oyda xabar olib qo‘yaman. Quruq bormayman, albatta. Sizdan ugina, bizdan bugina, deganday. Undan tashqari yigitning o‘ziga ham kunda, kunora... Endi bizning davrimizda o‘ynab-kulib qolsinda...
— Erkalatsa otasi, taltayadi bolasi, degan gaplar bor. Juda bo‘sh qo‘yvormang, aka.
— Hozirgi yoshlar erkin bo‘lishni yoqtirishadi. Biz edik, ikkita bolalik bo‘lganda ham otamizdan so‘rab bir yerga boradigan. Endi esa yarim kechada kelsayam tergolmaysan: “Nima, men sizga yosh bolamanmi», deb to‘ng‘illashadi. Zamon o‘zgardi, uka.
— Zamon emas odamlar, qarashlar, munosabatlar o‘zgaryapti, xolos. Oltin oltinligicha, tosh toshligicha qolgandek, insoniy qadr-qimmatlar ham hech qachon o‘zgarmaydi.
Katta akasi uncha-muncha otib turadi. Shu vajdan kelinoyiga ham «prava» olib bergan. Ziyofatlardan qaytishda odatda rulda u kishi ketadilar. Bugun ham o‘zi ichadigan bo‘yni uzunidan opkelibdi. Lekin, taqvodor ukasidan hayiqibroq turardi. Uka asr nomozini o‘qish uchun ichkariga kirib ketishi bilan piyolani chertdi. G‘olibjon piyolani darrov to‘ldirdi. O‘ziga ozroq quydi. Akasi piyoladagilarni tenglashtirdi-da, sekingina «Omon bo‘laylik, uka» deb piyolani bo‘shatdi. Vaqt ziqligini hisobga olib, G‘olibjon ikkinchi qadahni ham tezlatdi. Akasining uydan chiqayotganini ko‘rib shishani chorpoyaning ostiga yashirdi. Uning harakatlari katta akasiga nasha qildi va egilibroq sekin shivirladi:
—    Qolganini shomda olamizmi?
G‘olib istamaygina bosh irg‘adi.
Namozdan qaytgan aka chorpoyada joyini egallagach dasturxonga, uning atrofdagilarga bir-bir razm soldi, qandaydir o‘zgarishni sezdimi, his qildimi, jilmayib qo‘ydi, biroq hech narsa demadi. Bir piyola qaynoq choy ho‘plab, “O‘zingga shukr”, deb qo‘ydi. Yarim kosadan qaynoq sho‘rvani ichishganidan keyin esa izn so‘rab ketishga chog‘landi.
— O‘tiring endi, osh bo‘lyapti, aka.
— Rahmat. Osh yeyish qochmas, hademay qorong‘i tushib qoladi. Agar o‘zim ushlab turmasam, sigir kelinga sog‘dirmayapti.
— Ha, endi bir ilojini qilishar.
— Yo‘-o‘q, jonivor menga o‘rganib qolgan. Kelinni hali yaxshi tanimaydi.
Bu gaplardan hayratlangan kelinoyisining og‘zi ochilib qoldi: “Tavba, qarang-a, bu odamlar moliga ham mehr bilan qarashar ekan-a”.
— Bahonayam ishonarli chiqdi-ya, — deb kuldi aroq to‘la piyolani qo‘liga olgan katta aka. Andak fursatdan keyin esa sal xijolat bo‘lganday piyolani qayta joyiga qo‘ydi. — Xonadoningdan baraka arimasin, uka. Ota-onamizning chirog‘ini yoqib o‘tiribsan. Senga rahmat. Mendek bemehr akangni kechir, G‘olibboy.
— Unaqa demang, aka, men sizdan mingdan ming roziman. Siz bizga ota o‘rnidasiz.
— Rahmat, uka. Muzdekkina suvingdan quy... Yuragim kuyib ketyapti. Bugun ko‘p narsalarni anglagandayman... Ko‘-o‘p narsalarni...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.