OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. Homiy qidiryapman (hajviya)

Yangi ishga kelgan paytlarim edi. Bir ishni eplolmay qoluvdim ustamning jahli chiqib ketdi. 
— Surat ekansan-ku, xumpar.
—Ha-ha, Surataliman, — dedim.
— A? …
— Chindan ham shunday. Ismim Suratali, familiyam Robiev.
Usta sal jahlidan tushib jilmaydi.
— Uncha muncha she’r ham yozib turaman, — dedim.
— Yo‘g‘-e?... Taxallusing ham bordir.
— Bo‘lmasachi!.. Taxallusim Sur Rob. Ismi sharifimni yuqorida aytdim-ku! Shundan qisqartirib ustozim qo‘yib berganlar.
— E-ha. O‘zing ham ismi jismiga monand surgina yigitga o‘xshab turibsan.
Ustaning bu maqtovidan ancha taltayib ketdim. Bir ikkita she’rlarimdan o‘qib berdim. 
— Balosan-ku, xumpar, — dedi usta. – Bu kitob-mitob chiqaray demayapsan-mi?
O‘ziyam shunaqa deb so‘raydigan odamni topolmay yuruvdim. Dardimni bir boshdan to‘kib soldim. 
Aslida-ku, tuman gazitida qo‘shnimizning qo‘yi egiz qo‘zilagani haqidagi xabarim bosilib chiqqandayoq ancha mashhur bo‘lib ketganman. Keyinchalik bir nechta teng tushlarimizning tug‘ilgan kunlarida, to‘ylarda she’rlar o‘qib qishlog‘imiz odamlari orasida og‘izga tushdim. Hatto bitta she’rim viloyat gazetasida ham bosilgan. O‘shanda rosa qiziq bo‘lgan-da. Aytsam kulasiz. Sarlavhasini o‘zgartirib yuborishibdi. Satrlarimni ham andak tahrir qilishgan ekan. O‘qidim. Tanish gaplarga o‘xshaydi, lekin qaerda ko‘ruvdimikin?.. Ie, xayolim qursin, tagida taxallusim turibdi-ku!.. She’r meniki ekanligini bilgach, xursandligimdan do‘ppimni osmonga otganman. Ana shunda kitob chiqarsam, degan orzu ko‘ngilda paydo bo‘ldi. Ammo buning uchun homiy topishim kerak ekanligini ancha kech bildim. She’rlarimni maktabimiz direktorining kotibasiga mashinkalatib, kitob chiqaradiganlar meni ko‘rganda shoshib qolishmasmikin degan hadik bilan o‘zimni sal siporoq tutib, nashriyotga kirib bordim. 
Salom-alik va qisqagina tanishuvdan keyin bu yerdagi jovonlarda, stollarda, hatto polda ham taxlanib, chang bosib yotgan papkalarni ko‘rib hayratga tushdim. Hammasi bo‘lg‘usi kitoblarning qo‘lyozmasi emish. To‘plamim ana shunday chang bosib yotmasligi uchun oldimda bitta yo‘l bor ekan. U ham bo‘lsa birorta beli baquvvatroq homiy topish. 
— Asaring bilan ishimiz yo‘q. Homiy topsang bo‘ldi. Badiiy saviyasi uchun mas’uliyatni ham olmaymiz. Bosib berish bizdan, — dedi xususiy nashriyot direktori. — Homiylarni topish bo‘yicha esa ijodiy izlanib ishlashing kerak-da, jigar. Kecha gazetda  bitta shoirni maqtab yozishibdi. «Izlanishlari o‘z samarasini berdi. Endi u muhlislardan ko‘ra homiylarni osonroq topyapti» deb. Bir amallab qitig‘ini topasan-da endi. Bekordan bekorga kim ham senga bir narsa beradi. Birorta beli yo‘g‘onning etagiga yopishib, yengidan kirib yoqasidan chiqasan.
Ana shundan keyin belni bog‘lab harakatga tushdim. Homiy deganlari ham osongina topilavermas ekan.  Borgan joylarimda mendek shoirning tashrifidan ortiqcha hayajonga tushib qolishmasin, degan fikr bilan o‘zimni siporoq tutishga harakat qilyapman. Kamtarlik yaxshi-da. Tumanimizning katta shoirlaridan biriman deb yurgan bo‘lsam ham har borgan joyimda o‘zimni tanishtirishga to‘g‘ri keldi. Tanishuvdan keyin esa bo‘lg‘usi homiylarimga ijod namunalarimdan o‘qib tashlayverdim. Kim bilan gaplashayotganini bilib qo‘yishsin-da. She’rlarimni tinglab ba’zisi «O‘-ho‘» deb yubordi, boshqasi indamay jilmayib basharamga qarab bosh chayqab qo‘ydi. Hatto «ollo sabr-qanoat bersin, bu ham bir ko‘rgilik-da», deydiganlar ham bo‘ldi. Shunga qaramasdan, astoydil izlagan albatta topadi, degan gapga amal qilib homiy izlash bo‘yicha harakatimni bo‘shashtirmadim. 
Bo‘rdoqichilik bazasidagi amakimga taklifim ma’qul tushmadi.
— Homiying nimasi? – dedi sal anqayibroq. – E-e, isponso‘r deganida-a?... Xo‘sh, qancha pul kerak … Uch yuz ming?!. Ie, hazillashma-e, jiyan. Qo‘y, bunaqa gaplarni. Sening she’ringdan mening buqalarim semirib qolmaydi. Ular kitobingni o‘qishmaydi, men ham…Bundan tashqari senga kim qo‘yibdi kitob chiqarishni. Ko‘rpangga qarab oyoq uzat. O‘zi ahvoling nima-yu! Undan ko‘ra, avvalo, ro‘zg‘oringni but qip qo‘y. Bechora xotining ham homiy qidirib ketib qolmasin tag‘in. 
A’zoyi badanimdan  ter chiqib ketdi.
— Xafa bo‘lma, jiyan, — deb meni yupatgan bo‘ldi amakim. – Bu ahvolga tushgan bitta sen emas. Ana bittasi sigirlarni sun’iy urchitish bo‘yicha ommabop kitob yozgan ekan, homiylik qilasiz deb tixirlik qilyapti. Yordam berolmayapman.
Ana shundan keyin tog‘amga umid bog‘lab ko‘rdim. U kishi qassoblarning kattasi. Mana, hayriyat kitob chiqarishning hamma harajatini bo‘lmasa ham bir qismini ko‘taradigan bo‘p turibdi. Lekin, ogohlantirib qo‘ydi:
— Kitopingni shapaloqdek qilib bostirmagin-da. Katta parmatda bosishsin. Ja-a bo‘lmasa go‘sht o‘rab sotvoramiz. Ana undan keyin kitobing ham, pichog‘ing ham moy ostida bo‘ladi. Pistapurushlar bilan gaplashib ko‘rish kerak. Ular ham anchadan buyon har xil kitob yozadurg‘onlar bilan ijodiy hamkorlik qilib turishadi. 
— Kitobimda sizning xo‘jaligingiz odamlarining obrazini yaratganman. Homiylik qilmaysizmi? – dedim o‘zimiz yashaydigan hududdagi shirkat xo‘jaligining raisiga.
— Bilasanmi, uka, bu masalada hisobchimiz  bilan bir gaplashib ko‘rishing kerak. 
— Kitopingni bizzi kalxo‘z haqida deysan-mi .. Materiallarni kim bergan?... O‘sha faktlardan foydalanganing uchun xo‘jalik kassasiga pul to‘lashing kerak. Hozir hisoblab beraman… 
Hisobchi ko‘zoynagini taqib cho‘tini yaqinroq suruvdi, sekin sirg‘alib qochib qoldim.
— Hali unga homiylik, hali bunga hayriya, deb xo‘jaliklarga ko‘rsatma beraverish ham noqulay bo‘lyapti, — dedi tuman hokimi muovini.— Bizda paxtachilik bo‘yicha ixtisoslashgan xo‘jalik bor… bog‘dorchilik, chorvachilik  bo‘yicha ham bor. Qani endi, homiylik bo‘yicha ham ixtisoslashgan xo‘jalik bo‘lsa-yu, boshqalarga sarg‘ayib o‘tirmasang. Axir, o‘zlariga yeng bo‘lolmayotganlar boshqaga yoqa bo‘larmidi?.. O‘zi bu ketishda dunyo ikkiga — homiylar va homiytalablarga bo‘linib qolmasa deb qo‘rqaman.
— Ozgina kech qolibsan-da. Biz yaqinda bitta kitob chop etishga homiylik qildik, — deb afsuslandi yana bir tanishim. — Ilmiy ommabop asar emish. Nomiyam zo‘r: «Pashshaning gorizontal uchishining  suv ombori to‘g‘oni mustahkamligiga ta’siri» degan.
— Qanaqa pashshaning?  Xira pashshaningmi? — dedim ensam qotib.
— Qayoqdan bilaman? Xuddi men o‘qib ko‘rganday so‘raysan-a?.. Ha, darvoqe o‘sha olim kecha yana qo‘ng‘iroq qilibdi. Yo‘q ekanman, kotibam bilan gaplashibdi. Endi to‘g‘onning mustahkamligiga chivinning ta’siri haqida kitob yozayotgan emish. 
Hafsalam pir bo‘lib yurganimda yana bittasini tavsiya etishdi. Bu yog‘ini so‘rasangiz bunisining gaplari hammasidan ham o‘tib tushdi:
— Homiy ham har xil bo‘ladi. Men nazariy homiylik qilishim, maslahat berishim mumkin. Keyin daromadning qancha foizi menga tegishini aytib qo‘ysang bo‘ldi. Masalan, gazli suv do‘koni ochsang bo‘ladi. Darchaning tagida o‘tirib «tanga, sanga, manga, pul, gul, tul» deb qofiyalab she’ringni  to‘kib o‘tiraverasan. E-e, bu yerga ne-ne odamlar kelmaydi. Oynavand xonada o‘tirganing uchun ham basharang hammaga tanish bo‘p ketadi. Ancha–muncha she’rlaringdan o‘qib o‘tirsang shu yerning o‘zidayoq mashhur bo‘p ketishing hech gap emas. Aytishlaricha O‘risiyaning katta shaharlarida shoirlar yo‘l bo‘yida o‘tirib she’r o‘qib ham ancha-muncha pul ishlab olisharmish. Baxting chopib kattaroq  shoirlar kelib qolsa ko‘zga tashlanib qolishing ham hech gap emas. Boshlanishiga o‘sha do‘konni tebratib turasan. Ishing yurishib ketsa bilyardxonami, yana qanaqadir xona qip qo‘ysak kitopingni chiqimi cho‘t bo‘may qoladi. 
Homiy qidirib yuguraverib surobim tortilib qoldi. Shuhrat pillapoyalaridan yuqori tomon o‘rmalashning yagona yo‘li homiy topish va kitob chiqarish ekan — chidamasdan ilojim yo‘q. Baxtim ochilib ketib kitobim chiqib qolsa barcha tanish-bilishlarga tarqatib chiqaman, deb turibman. Biznikidan borgan sovchilarni mulzam qilib quruq qaytargan Mahmud naynovning qizi Suxsuroyning eri Xolmat so‘takka ham tagdor dastxat bilan bittasini beraman.  Xotiniga olib borib ko‘rsatadi-da. Ana o‘shanda bechora bilmasdan noz qilib qo‘yib menday mashhur shoirning xotini bo‘lolmay qolganiga afsuslanib, paxmoq sochini changallab, bir umr armon bilan o‘tsa kerak.  
Chiqmagan jondan umid deb harakatimni davom ettiryapman. O‘ziyam endi ishim yurishib ketadiganday bo‘p turibdi.
— Mayli roziman. Faqat meni ham kitobingga so‘aptir qilasan,  genaralini bo‘lamiz? — dedi homiylikka navbatdagi nomzod.
— General emas, gonorar – qalam haqi degani.
— Shapaloqdek kitobiga falon ming so‘m general olishadi, deyishadi-ku.
— Unchalik emas. Bundan tashqari siz umringizda hech narsa yozmagan bo‘lsangiz.
— Nega yozmay? Yozganman. Qolaversa o‘sha kitobi chiqqanlaringni hammasi ham o‘zi yozmagan. Bir joyda e’lon yozib  qo‘yishganmish: «Hammualliflar guruhiga muallif kerak» deb.
— Mayli, — dedim oxiri boshqa yo‘l qolmaganligiga ishonch hosil qilib.— Sizni o‘zingiz aytganday «so‘aptir» qilaman. Taxallus   ham topib qo‘ydim. 
— Qanday?
Aytdim. Ma’qul tushdi. Shundan beri o‘sha boshliqning ketidan chopaman. Taxallusini eshitganda iyib ketarmikin degan umidda eshigini asta chertib ichkari kiraman-u qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib deyman:
— Assalomu alayko‘-o‘m, Mavlono Homiy.
Ana… Homiy hazratlari jilmayib qarshi oldilar. Endi quyosh biz tomondan chiqadiganga o‘xshab turibdi. Do‘konlarni kuzatib turavering…Peshtaxtada Mavlono Homiy va Sur Robning «Shilliqqurtning parvozi» kitobiga ko‘zingiz tushsa, bilingki, bizning ko‘chada bayram boshlangan bo‘ladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.