Kunlardan bir kun Quyonboy ilmiy maqola bitdi.
–Bir ko‘rib bersangiz, so‘ngra e’lon qilsak, – dedi u Tulkixonning huzuriga borib ta’zim qilarkan.
Tulki maqolaga bir ko‘z yugurtirib chiqdi, u yer bu yeriga qalam urdi, so‘ngra Quyonning ismi-sharifi oldiga o‘zinikini ham qo‘shib qo‘ydi. Keyin maqolani olib Bo‘rining huzuriga jo‘nadi.
–Quyon bilan hamkorlikda bir ilmiy maqola yozgandik, Bo‘riboy og‘a.
–Hmm, – dedi Bo‘ri maqolaning u yer-bu yerini o‘qigan bo‘lib. – Shuni sizlar yozdinglarmi?
–Ha, Bo‘riboy og‘a.
–Ancha yangi gaplar bor ekan-da. Buni ikkalalaring aytgandan ko‘ra, birgalikda aytganimiz yaxshi. Menga qoldirib ketaveringlar.
–Assalomu alaykum, ustoz, – dedi ertasi kuni Bo‘ri Arslonto‘ra huzuriga ta’zim qilib kirib. – Biz ko‘plashib bir ilmiy maqola bituvdik. Shuni bir muborak nazarlaridan o‘tkazib olsak, deb keluvdim.
Arslon yonboshlab olib maqolani astoydil o‘qishga tushdi. Goh bosh irg‘ab allanimalarni ma’qulladi, goh boshini tushunarsiz chayqab qo‘ydi. Oxiri xursandligini yashirmadi.
–Yashang, Bo‘riboy, juda ajoyib maqola ekan. Lekin bu yerda mening ismi-sharifim yo‘q-ku?
–Albatta bo‘ladi, shunga sizning roziligingizni olgani keluvdik-da?
–Mayli roziman. Maqolani o‘zimizning ilmiy jurnalda chop ettiramiz. Faqat shunday ajo yib maqolani yozgan allomalar orasida anavi tirrancha Quyonning familiyasi nima qilib yuribdi. O‘chirib tashlanglar.