– Ketayapman, do‘stim, – dedi u ma’yus ovoz bilan.
– Qayoqqa?
– Qishlog‘imga...
– Butunlaymi?
– Butunlay...
Ernazar bilan dorilfununda birga o‘qiganmiz. Asli Barqut tog‘lari bag‘ridagi Tozasoy qishlog‘idan. Tug‘ma iste’dod. Hali o‘qishga kirmayoq besh-olti tilni mukammal o‘rgangan. Chet tillar bo‘limida o‘qish asnosida yana uch-to‘rt tilni o‘rganib poliglot, ya’ni ko‘p tillarni biluvchi yetuk mutaxassis bo‘ldi. Ayniqsa anglis, nemis tillarida bulbulday sayrar, Bayron, Hayne she’rlarini aslida o‘qib, mag‘zi-ma’nosini tikkasiga tushuntirib ketaverardi. O‘zi ham she’r yozar, a’lochi va buning ustiga tog‘da o‘sgan emasmi, rangi toza, qaddi-qomati kelishgan – qizlarning joni edi.
Biz unga havas va hatto biroz hasad ham qilardik. Anglis adabiyotidan dars beruvchi Yulya Yurevna, degan bir gurji kampir uni «Garmonichniy bola», deganini ilib olib, «Ernazar garmonchi», deb masxara ham qilib yurdik. Holbuki, gurji onaxon uni «Har tomonlama takomillashgan bola», deb maqtagan ekan.
Mana shu «har tomonlama takomillashgan», bola aksiga olib o‘zining anchayin teskarisi bo‘lgan bir qizga ko‘ngil qo‘ydi.
Qizni go‘zal deb bo‘lmasdi. Ammo qurg‘ur qaeri bilandir
«Mona Liza» degan suvratdagi sohibjamolga o‘xshab ketardi. Ernazarning o‘zi aytgandi buni. Shundan so‘ng Ernazar qaerdandir «Mona Liza»ning reproduktsiyasini topib, xonasiga, karavotining tepasiga osib qo‘ydi. Men rasmga nazar solib, Ernazarning mahbubasi va suvratdagi qizning tabassumi aynan o‘xshash ekanligini angladim. Ammo besh yil o‘qib anglis tilida «Ay lav yu»dan nariga o‘tolmadi. O‘qishni bir amallab bitirdi-yu, men tarjimonlik qiladigan «Inturist» mehmonxonasida kotiba bo‘lib ishlay boshladi.
Ernazarni diplomni olar-olmas nomzodlik dissertatsiyasini yozishga kirishdi. Charlz Dikkensning kattakon to‘plamini o‘zbekchaga o‘girdi. Shu orada «tumanli Albion» – Angliyaga ilmiy-ijodiy safarga ham borib keldi.
Ularning to‘yi «Inturist»ning muhtasham ziyofatxonasida bo‘ldi. Mazmunan xalqaro bu to‘yda Ernazarning Barqutdan kelgan tog‘chi cho‘pon qarindoshlari bilan bir qatorda Angliyada orttirilgan olim do‘stlari ham qatnashishdi. Biz to‘yxo‘rlar Shotland viskisiga Tozasoydan kelgan tandirkabobni gazak qilib, rosa yayradik.
Ernazar fan nomzodi bo‘lganida birinchi o‘g‘li, dekan o‘rinbosari bo‘lganida ikkinchisi, doktorlik dissertatsiyasini yoklaganida Kenjagul qizi tug‘ildi. So‘ngra Ernazar fakultet dekanligiga tayinlandi. Xotini «Inturist»ning ma’muri bo‘ldi. Xullas. Ularning oilasini ma’lum ma’noda zamonaviy o‘zbek xonadoni, deyish mumkin edi. «Ma’lum ma’noda», deganimning sababi: Ernazar o‘g‘illari bilan anglischa, qizi bilan farangcha, xotini bilan o‘rischa va shahar markazidagi chiroyli hovlisiga onda-sonda keladigan qishloq qarindoshlari bilan o‘zbekcha gaplashardi.
Men esam «Inturist»da oddiy tarjimon edim. Shunga qaramay yakshanba kunlari Ernazarning Zarrinsuv daryosi bo‘yidagi chorbog‘ida u bilan shatranj o‘ynardim va nuqul yutqazardim. Ernazar qurmagur shaxmatni ham zo‘r o‘ynardi...
Keyin men xizmat safari bilan ikki-uch yilga xorijda bo‘ldim. Kuz oxirlashganda qaytib kelib, ish yuzasidan dorilfununga bordim va do‘stim Ernazarni so‘roqladim.
– Professorning sal toblari yo‘q edi, – dedi dekan kotibasi.
– Uydamikan?
– Uyda bo‘lishlari kerak.
Qo‘ng‘iroq qildim. Telefonni qizi oldi.
– Otam dachadalar, – dedi negadir siniq ovozda.
Kech kirib qolayotganiga qaramay o‘sha yoqqa yo‘l oldim. Borayotib xayolimdan «Kuzgi salqinda chorbog‘da nima qilib yuribdi», degan gap o‘tdi.
Eshik ochiq ekan. Kirib boraverdim. Ernazar ayvonchadagi kursida choponga o‘ralganicha sarg‘aygan bog‘ga o‘ychan tikilib o‘tirardi. Meni ko‘rib quvonib ketdi. Quchoqlashib ko‘rishdik.
Uning xayoli parishonroq edi. Men buni ilm ahliga xos odatiy holat, deb deyaqoldim. Ko‘p o‘tmay yana xorijga jo‘nab ketishimga to‘g‘ri keldi. Oradan yana ikki yil o‘tdi. Keyingi uchrashuvimiz, boya aytganimday, nogahon, shahar chetidagi bekatda yuz berdi. Men qishloqdan qaytib kelayotgandim. U esa... ketayotgan ekan.
– Nega endi Ernazar, axir ilmiy ish, ijod?.. Yo... qishloqda, tog‘lar bag‘rida toza havolardan nafas olib, ijodni davom ettirmoqchimisiz?
– Shunaqa bo‘ladi, shekilli, – dedi u va ko‘zlarini mening nigohimdan olib qochdi.
– Oila tinchmi?
– Oila tinch. Ammo... biz keliningiz bilan xayrlashishga qaror qildik.
– Yo‘g‘-e, yosh bir joyga borib, bolalar bo‘y yetganda...
Men «Nimaga ajralayapsizlar», deb so‘ramadim. Chunki men buning sababini sal-pal bilardim va shu topda bundan o‘zim ham o‘ng‘aysizlanib turardim.
U ketdi. Men uning ortidan qarab. Ancha vaqt xayol surib qoldim. Noyob bir iste’dod xor bo‘layotganidan afsus chekdim...
O‘sha lahzada hayajonlanib, mulohaza va xulosani bir qadar oshirib yuborganimni... oradan qariyb o‘n yil o‘tgandan so‘ng angladim...
Bir kuni mehmonlarning navbatdagi guruhini Toshkentgacha kuzatib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Bahorning o‘rtasi emasmi, tevarak-atrof yashnab yotibdi. Yo‘lda mehmonlar «tabiat qo‘ynida» biroz dam olishni ixtiyor etib qolishdi. Usha lahzalarda biz g‘oyat ko‘rkam va shinam «Mersedes» avtobusida Barqutsoy qishlog‘i yonidan o‘tib borayotgandik. Boshini qor qoplagan ulug‘vor Barqut tog‘ yaqinginada, go‘yo qo‘l uzatsa yetgudek joyda edi.
Nogahon ko‘nglimda shu qishloqqa birrov kirib», Ernazar do‘stimning holi ahvolidan ham xabar olib ketsam-chi, degan niyat tug‘ildi. Qaytaga... xorijliklarni ham bir qoyil qoldirmaymi – uzoq bir qishloqda Ovrupo tillarining mukammal bilimdoni bo‘lgan professor yashayotganini ko‘rsatib...
Xullas, bu niyat bir zumda amalga oshdi. «Mersedes» chambaragini qishloq sari burdik.
Sharqirab oqayotgan soy bo‘ylab yuqoriladik. So‘rabsurishtirsak, Ernazarning yangi uyi qishloqning eng tepasida ekan. Devor ortidan yong‘oqzor, sal naridan archazor boshlanib ketadi. Uyi odmigina. Oldi ayvonli, o‘rtada ikki xona, bir dahliz. Qanotda keng-mo‘l – to‘qqiz bolorli mehmonxona. Mehmonxonada sarishtalik. Yaraqlagan baxmal ko‘rpachalar. Poygak tomonda mo‘‘jaz televizor, videomagnitofon. Devorda... menga tanish o‘sha suvrat – «Mona Liza».
Mehmonlar amerikalik edi. Ular anglischaning York-Shir lahjasida qoyilmaqom qilib so‘zlayotgan Ernazarga qarab og‘izlari ochilib qolishdi. Qariroq bir ayol – Ketrin xonim tarix, qadimshunoslik, adabiyot bobida Ernazar bilan ancha munozara yuritdi.
– Siz mening o‘g‘lim Samuilga o‘xshab ketar ekansiz, – dedi u. – Illinoysga borsangiz tanishtirib qo‘yardim.
Ernazar dasturxonga qayroqi bug‘doy unidan qilinib, archa o‘tida yopilgan xushbo‘y non, qo‘y qatig‘i, qimiz, tandir kabob qo‘ydi. Kiyik o‘ti solib damlangan antiqa choy bilan siyladi. Xotini – qishloqcha kiyingan xushro‘ygina ayol – hovlidagi o‘choqqa o‘t yoqib sho‘rva pishirishga kirishdi.
Bularning hammasi xorijlik mehmonlar uchun antiqa edi.
Men esa uning chehrasiga boqib huv o‘sha, o‘n yil oldin yodimda qolgan manzaraning izlarini izladim. Va... «topolmadim», desam nosamimiylik qilgan bo‘laman, albatta. O‘sha noxush holatning asoratlari — bir qadar horg‘inliq, bir qadar so‘lg‘inlik hamon zohir edi uning yuzida. Ammo...
Ammo uning ko‘zlari butunlay boshqacha edi. Men bu ko‘zlarga boqib... toshlar uyumi orasidan nogahon bir juft gavhar topib olgandek bo‘ldim. Uning ko‘zlari chaqnab, nur sochib turardi. Bu nur tufayli odmigina usti-boshi, bir oz keksaygan jismidagi to‘zg‘inlik ham unga allanechuk yarashgan, o‘ziga xoslik kasb etgandi.
– Qalaysiz endi, do‘stim, – dedim men suhbatlar biroz siyraklashgach, – turmush qalay?
– Turmush – urunish, – dedi u kulimsirab. – Ko‘rib turibsiz –
yashayapmiz. Ishlayapmiz.
– Qaerda? Maktabdami?
– Ha. Ingliz tilidan dars berayapman. Darsdan tashqari gumanitar fanlar bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar to‘garagini ochdim. O‘quvchilarimdan ikki bola respublika olimpiadasida g‘olib chiqib, Amerikaga borib keldi. Men tayyorlagan bolalarning aksariyati institutga kirib ketayapti. Ikkita sigirimiz bor. Sut-qatig‘ini qishloq bog‘chasi bilan baham ko‘rayapmiz. O‘g‘illarim, qizim kelib ketishadi. O‘shalarga berib yuboraman.
– Darvoqe, o‘g‘illaringiz...
– Ikkovi ham do‘xtir bo‘lishgan. Qizim Toshkentda iqtisodiyot universitetida o‘qiyapti. Qishloqdan uylandim. Turmushimiz yaxshi. Faqat farzand bo‘lmadi. Endi nasib etsa... nevaralardan birini olib tarbiya qilish niyatimiz bor. U bilan o‘zim shug‘ullanaman, zo‘r bir olim qilib yetishtiraman...
Shu so‘zlarni aytar ekan, uning ko‘zlaridagi nur yana ham kuchayib, yarqirab ketgandek bo‘ldi.
Biz Ernazar bilan xayr-xo‘sh qilib yo‘lga chiqqanimizda quyosh botay deb qolgandi. Bunday paytda tog‘ qishloqlarining manzarasi juda bo‘lakcha bo‘ladi.
Kichik-kichik ovullardagi tizim-tizim xonadonlar ulkan
moviy dengizda chayqalib turgan g‘uj qayiqlarni eslatdi menga. Huv narida balandlikda turgan mo‘‘jaz qo‘rg‘on – Ernazarning hovlisi ham bamisoli bir qayiq.
Bilmadim, nega fikrimga shunday muqoyasa keldi. Ehtimol men qachonlardir Ernazarni hayot ummonidagi to‘lqin tufayli kattakon bir kemadan tushib qolgan yo‘lovchi deb tasavvur etganman-u, uni bag‘riga olgan qishloq kulbasi xaloskor bir qayiq bo‘lib ko‘ringandir.
Mayli, gap bunda emas. Muhimi men do‘stim Ernazarning sokin va masrur hayotini ko‘rib unga yana havas qildim. «Men shunday qilaolarmidim», deb o‘yladim ham. Ammo bu savolimga javob bera olmadim.
Barqutsoydan uzoqlashar ekanmiz, atrof qorong‘ilashib borar, mening tasavvurimda esa Ernazarning ko‘zlari chaqnab turardi...
Bu voqea aslida uncha qiziq emas va ehtimol hikoya qilib o‘tirishga ham arzimasdi. Ammo...
Yaqinda men «Ernazar shaharga qaytib kelibdi», degan gapni eshitib qoldim. Uni qidirib topdim. Uzoq suhbatlashdim. Va... inson tabiati, fe’li hech qanday qolipga sig‘masligini yana bir karra angladim. Mayli, bu yog‘i endi boshqa hikoya...