Bu qadim dunyoda bog‘lar ko‘p, chorbog‘lar ko‘p. Ammo bularning birortasi bobomning bog‘iga yetmaydi. Qandaydir muammo oldida ojiz qolsam yoki hayotning qadamlari yelkamga og‘ir botgan damlarda bobomning bog‘idan kuch olaman, yashash qudratini topaman.
NIHOLLAR
Bobom urush ko‘rgan edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, dasturxon ustida hammamizga rizq-baraka tilab,tinchlik, xotirjamlik bo‘lsin, degan gapni ko‘p takrorlardi.
Uning Turkmanistondan bir quroldosh do‘sti kelganini ham eslayman. Issiq kunda ham boshiga g‘alati telpak kiyganini ko‘rib ajablanganman. Ularga choy damlab berganman. Shunda bobom «bu turkman do‘stim Go‘ro‘g‘li bo‘ladi» deganida -hayratim yanada oshgan. Va bobomning do‘stiga uzoq tikilganman. Men eshitgan dostondagi Go‘ro‘g‘li boshqacha edi, bu esa unga sira o‘xshamaydi, deb o‘ylaganman. Soqoli yuziga tushgan, bir yuzida chandig‘i bor bu odam negadir qo‘rqinchli ko‘ringan ko‘zimga.
Ammo qiziqishim zo‘r kelgan:
— Bobo, bular dostondagi Go‘ro‘g‘limi?
Bobom yelkalari silkinib-silkinib kulganlar va do‘stlariga mening savolimni tushuntirganlar:
— Go‘ro‘g‘li bobong bilan urushda birga bo‘lganmiz.
Ular uzoq suhbatlashishgan. Men qancha harakat qilmay, Go‘ro‘g‘li boboning bitta ham gapiga tushunmasdim.
Bobom esa bemalol gaplashib o‘tirardi. Shunda bobomning til bilishiga qoyil qolganman. Suhbat orasida Go‘ro‘g‘li boboning:
— Sani nallaring bagimda go‘garmadi, — degan gapini eshitganman. Bobom esa hech ajablanmaganday:
— Go‘ro‘g‘li jo‘ra, o‘tgan yili nihol olib ketayotganingda aytganman. Har bir ungan nihol o‘z tuprog‘ini yaxshi ko‘radi, deb. Sen gapingda turib olding. Mana, aytganim bo‘ldi, — dedilar.
Bobomning “Har bir nihol o‘z tuprog‘ini yaxshi ko‘radi», degan gaplarini ilib olib, uzoq o‘ylaganman. Ammo hech narsani tushunmaganman.
Bugun unib-o‘sgan qishlog‘imni, xayolimda tez-tez jonlanadigan bobomning bog‘ini ko‘p sog‘inaman. Shunda devorlar osha ko‘nglimga mo‘ralagan mevali daraxtlar chiroyli pichirlaydi:
— Biz bobongni taniymiz!
Xursand bo‘lib ketaman. Va ilohiy, baquvvat ildizlar tomirimga payvand bo‘layotganini his qilaman. Ufqqa tutashgan yo‘llarni to‘ldirib yosh yigit- qizlar o‘tadi. Ularga boqib, bobomning gaplarini takrorlayman:
— Nihollar o‘zi ungan tuproqni yaxshi ko‘radi.
SO‘RI
Bobom bog‘ning o‘rtasida so‘ri qurdirib olgan edi. So‘ri yuziga katta bo‘yra va bo‘yraning ustiga esa qadimiy eski Xiva gilami to‘shalgan bo‘lardi. U gilamning naqshlarini hali-hanuz eslayman. To‘rt burchak-to‘rt burchak katakchalarda gulga o‘xshab ketadigan yozuvlar aks etgan edi.
So‘ri tepasida ko‘tarilgan tolorda husayni, shibirg‘oni, sultoniy kabi uzumlar oftobga o‘zini ko‘z-ko‘z qilardi. Bobom bu uzum boshlariga biz tikkan xaltachalarni kiygizib qo‘yardi. Va yana qanchadir uzum boshlarini bo‘sh qoldirib, farzandini ayayotgan otaday mehr bilan o‘z-o‘ziga aytardi:
— Qolgani qushlarning rizqi...
Men bu so‘rini yaxshi ko‘rardim. Yozning shabbodasi daraxtlarni mehr bilan ohista silkitar, yerga g‘arq pishgan mevalar dup-dup tushganda juda shirin va xushbo‘y hid bog‘ni to‘ldirardi. Ayniqsa, so‘rining yonginasidan oqadigan ariqchaning qo‘shig‘i yoqimli edi. Qo‘shni bog‘dan to‘kilgan qizil, ko‘k, oqish olmalarni suv o‘ynab-o‘ynab bizning bog‘ga olib kelar, so‘ng esa bizdan keyingi qo‘shnining bog‘iga olib ketardi. Ana shunday saxovatli edi bu ariqcha.
Yoz tunlari shu so‘rida uxlardi bobom. So‘ri juda sirli ko‘rinardi ko‘zimga. Chunki bobom qanchadan-qancha dostonu afsonalarini shu yerda so‘zlab berar edi. U har bir voqeani xuddi o‘zi ko‘rganday gapirib berardi. Va dostonning eng qiziqarli joyida to‘xtatib, qolganini ertaga aytib beraman derdi... Qani endi, ko‘zimga uyqu kelsa... Davomini o‘ylayveraman... o‘ylayveraman...
Bir marta Alpomishning xiyla va nomardlik yo‘li bilan chohga (zindonga) tashlangan joyini aytgan bobom ko‘zlarida miltillagan yoshni daraxtlarning ildiziga o‘xshab qolgan qo‘llari bilan sidirar ekan:
— Qolgani ertaga, — dedi amrona.
Men esa bobomga uzoq tikildim:
— Bobojon, ayta qoling, bedanalaringizga juda ko‘p shilliq qurt yig‘ib beraman.
Bobom o‘zini eshitmaslikka oldi. So‘ri tolorlarida qator osilgan bedanalarining sopoldan yasalgan bejirim idishchalariga suv quya boshladi. Bobomning orqasidan yuraverib, kunni kech qildim hamki, u aytganidan qaytmaydi. Xafa bo‘lib uyga kirdim. Xayolimdan chohda yotgan Alpomish ketmasdi. Unga qanchalar qiyinligini tushunaman.
Chunki hovlimizdagi o‘raga tushib ketganimda nafasim qisilgani yodimga tushadi. Bobomning aytishicha, Alpomish tushgan zindon bizning o‘ramizdan yuz barobar chuqur ekan, uxlab uxlayolmayman. Qaerdandir qulog‘imga Alpomishning chuqur xo‘rsingani eshitiladi. Va yana Surxayl kampirning qo‘rqinchli kulgisi tushlarimni buzadi.
Erta tongdan bobomning bedanalari tiriklikka hamdu sano aytib meni uyg‘otadi. Uyg‘onganimga xursand bo‘lib ketaman. Bugun bobom bilan birga Alpomishni zindondan qutqaramiz.
Yuzimni apil-tapil yuvaman-da, bobomning huzuriga chopaman va uning nonushtasiga sherik bo‘laman. Bobom nonushta qilib bo‘lgach, bog‘ni bir aylanib chiqish odati bor. Albatta, men ham uning izidan qolmayman. U barcha daraxtlarni ko‘zdan kechirgach, yana so‘riga qaytadi. Yoz qanchalar issiq bo‘lmasin, bobomning so‘risiga kuchi yetmaydi. Chunki bu yerda doimo hur-hur shamol esib turadi. Va nihoyat, ozod shamollarning zavqi bilan Alpomishni chohdan qutqaramiz.
Dostonni yakunlagan bobom, nazarimda, yanada mehribon va dilkashroq bo‘ladi. Yoz tunlarida yulduzlar yerga juda yaqin tuyuladi. Beda gullarining yoqimli hidi dimog‘imni qitiqlaydi. Ba’zan so‘rida o‘tirib boshida yulduzlar charaqlayotgan bobomning bog‘ini tomosha qilaman. Shunda Go‘ro‘g‘lining qadam tovushini, Boychiborning tuyog‘idan sachragan qo‘shiqni, ariqchadagi suvlarning mayin chuldirashiga o‘xshab ketadigan Yunus parining nafis kulgusini eshitgandek bo‘laman...
Bir kuni dadam menga dunyo shaharlarining rangli surati aks etgan kitob olib keldi. Men bu kitoblarni varaqlab, bir-biridan chiroyli shaharlarning suratiga havasim kelib boqardim. So‘rida ko‘k choy ichib o‘tirgan bobomning yoniga joylashib maqtandim:
— Bobo, mana bu shaharlarni ko‘ring, juda ham chiroyli-a!?
Bobom kitobni varaqlab ko‘rdi. Ammo pinagini ham buzmadi. Aksincha, o‘z bog‘ining jamoliga to‘ymayotgan odamday har bir daraxt, ajriq, ariqcha, bedazor va tollarga bir boshdan tashnalik bilan qarab chiqdi.
Men esa betoqatlik bilan yana so‘radim:
— Dunyodagi eng chiroyli joy qaer, bobo?
Bobom ma’noli jilmaydi:
— Dunyodagi eng chiroyli, ko‘rkam joy — mana shu so‘ri!
Hazillashyaptimi, deb bobomning ko‘zlariga tikildim. Bobom hazillashmayotgan edi. Aksincha, uning ko‘zida butun bog‘imiz borligicha aks etib, bobomday jilmayib turardi.
KO‘KSULTON
Bolalik sodda va beozor kapalakning qanot qoqishiga o‘xshaydi. Rangin gullar oralab zavqlanib uchadi-da, ko‘z ochib- yumguncha yo‘qotasan. Ammo undan betakror xotiralar, eslaganda entiktirib yuboradigan lahzalar yodgor bo‘lib qoladi.
Bolaligimda bobom bunyod etgan bog‘dan beri kelmasdim. Faqat qish faslidagina bu bog‘ ustiga qorning oppoq ko‘rpasini yopgancha uxlardi. Balki tush ham ko‘rardi, mening esa bog‘ning tushlariga kirgim kelardi.
Bobom qishning izg‘irinli kunlarida ham qo‘llarini orqasiga chalishtirgancha bog‘ni aylanishni kanda qilmasdi. Odati bo‘yicha daraxtu nihollar, toklar bilan uzoqdan-uzoq gaplashardi.
Va nihoyat men orziqib kutgan bahor yelib-yugurib kelardi-da, avval bobomning bog‘iga salom berardi. Bobom bahor kelishi bilan yosh bolaga aylanardi-qolardi. Tongdan kechgacha bog‘ida gulga kirayotgan daraxtlarni erkalatar, silab-siypardi.
Bobomning bog‘idagi osmonga qarab tikka o‘sgan ko‘ksulton daraxtini yaxshi ko‘rardim. Mevasi juda shirin bo‘lardi. Bahorning oxiriga borib, ko‘k-qizg‘ish rangda oftobga toblanib pishardi. Mevasiga qaraboq, og‘zimda shirin suvli ta’mni tuyib, tamshanib ko‘yardim. Daraxt juda baland bo‘lgani bois, oyog‘imdagi shippakni yechib qo‘yardim-da, baland shoxlardagi mevalar tomon tirmashib chiqa boshlardim. Daraxtning g‘adir-budir tanasi qo‘l-oyoqlarimni shilib yuborardi. Og‘zimda qolgan shirin ta’mning istagi bilan buni sezmasdim ham. Boshimdagi munchoqli kallapo‘shimni g‘arq pishgan ko‘ksultonga to‘ldirib tushardim. Va bog‘imiz o‘rtasidan oqadigan ariqchada chayib, bitta-bitta qarsillatib yeya boshlardim. Bobom o‘zi yaratgan bog‘ning mevasidan totayotgan nevarasini ko‘rib ich-ichidan suyunardi. Ammo doim beradigan tanbehini takrorlardi:
— Qiz bola shoxdan-shoxga sakramaydi, narvonni qo‘yib, tersang ham bo‘lardi-ku?!
Haqiqatan ham, devorga suyab qo‘yilgan narvon bo‘lguvchi edi. Ammo o‘zim daraxtga chiqib uzsam, nazarimda ko‘ksulton yanada shirinroq tuyulardi.
Bir kuni peshinda bog‘imiz tomondan «do‘-o‘p» etgan ovoz eshitildi. Yugurib boqqa chiqdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, doim kir-chir yuradigan, beliga har xil chilvirlarni bog‘lashni odat qilgan Karim devona devordan oshib tushib, ko‘ksulton daraxtiga kesak otardi. Jon-ponim chiqib ketdi. Biz uning alang-jalang ko‘zlaridan qo‘rqardik. Uning esa hech kim bilan ishi yo‘q, juda beozor edi. Darrov qo‘limga ukam ot qilib minib yuradigan kaltakni oldim, va uni qo‘rqita boshladim:
— Qani, tez yo‘qol-chi bu yerdan, bo‘lmasa, uraman.
Karim devona ko‘p kaltak yeganmi yoki boshqa bir sabab bilanmi, xullas, qo‘lida kaltak tutgan odamdan qo‘rqardi.
U menga mo‘ltirab-yolvorib qaradi va o‘zining ajabtovur ovozi bilan yig‘lamsiradi:
— Meni urma, kamgina ko‘ksulton ber...
Bog‘da shuncha mevali daraxtlar turib mening ko‘ksultonimga ko‘z olaytirgani battar jahlimni chiqardi.
Ovozimni yanada balandlatib baqira boshladim. Karim devonaning tezroq ketishini xohlardim. Shu payt mening shovqin-suronimni eshitgan bobom bog‘da paydo bo‘ldi. U bo‘lgan voqeani eshitgach, ko‘ksulton daraxti tagida o‘tirib olgan Karim devonaning yonini oldi:
— Karimboyni bir ko‘ksulton yegisi kepti-da qizim, bor narvonni olib kel.
Bobom bir zumda belidagi belbog‘ini to‘ldirib ko‘ksulton uzib tushib uni Karim devonaning qo‘liga tutqazdi. Karim devona belbog‘ni ko‘ksiga mahkam bosgancha bobomga ma’nosiz iljaydi. Va yugurib borib devordan sakrab g‘oyib bo‘ldi.
Men bobomdan xafa bo‘laman:
— Qiziqsiz-a bobo, o‘sha jinniga shuncha ko‘p ko‘ksulton berishingiz shartmidi?
Bobom daraxtning tilini tushunguvchi qo‘llari bilan boshimni silab yana tanbeh beradi.
— Voy mening o‘jargina qizim-ey, sening qoningda bag‘ritoshlik yo‘q edi-ku? Aytib qo‘yay, Karimboy ham bizga begona emas...
Seskanib ketaman:
— Nima, u bizning qarindoshimizmi?
Bobom endi daraxt ostidagi yumshoqqina ajriqzorda chordona qurib oladi:
— Nahotki tushunmaysan, Karimboy o‘zimizning qishloqning devonasi...
Qancha yomg‘irlar-u qorlar yog‘ib o‘tdi. Qanchadan, qancha fasllar aylandi. Bobomning o‘sha gapini yuragimning qaerigadir berkitib qo‘ygan ekanman. Yillarning o‘tkir nigohi uni har damda o‘zimga o‘qib beradi. Bugun keng, obod ko‘chalarda sayr etgan chog‘imda yashash zavqi bilan yurgan odamlarni ko‘raman. Ruhlanaman. Ularning barchasidan hol-ahvol so‘ragim keladi. Ba’zan bergan salomimga alik olib:
— Ko‘zimga issiq ko‘rinyapsiz, sizni qaerdadir ko‘rganman, — degan savollarga kulib javob beraman:
— Sizga begona emasman. Men ham shu Vatanning farzandiman.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 10-sonidan olindi.