OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Halima Ahmedova. Ruh olmoshlari (hikoya)

M E N


Havo tundlashgandan tundlashdi. U go‘yo lahza sayin qorong‘ulashib borayotgan qismatimga o‘chakishayotgandek edi.
Men shosha-pisha ishdan qaytar edim. Ust-boshim shallabbo. Yomg‘ir tinay demasdi. Shu dam negadir yomg‘irning ta’mini bilgim keldi va hovuchimni behush yog‘ayotgan yomg‘irga tutdim.
Bir zumda hovuchim to‘ldi. Bolaligimda ariq suvini ichganday uni yutoqib sipqordim. Buncha totli. Men doim yomg‘ir yog‘ishini osmon yig‘layapti, deb ta’riflardim. 
Aytishlaricha, g‘amdan yig‘lasang ko‘z yoshing sho‘r, shodlikdan yig‘lasang shirin bo‘lar ekan... Osmon buncha xushbaxt bo‘lmasa?! 
Men hamon ketardim o‘zini tanib-tanimagan yomg‘irlar bilan, mening bosgan qadamlarim yelkasiga malol kelayotgan yo‘l bilan... Ortimdan kelayotgan bir erkak hansiraganicha qo‘lidagi ulkan qora soyaboni panasiga meni ham taklif etadi. Unga minnatdor boqib: "Soyabonni xush ko‘rmayman", deyman. U mening yomg‘ir yuvib borayotgan yuz-ko‘zimga ajablanib qaragancha yugurib ketadi. Men nega o‘zi soyabonni yomon ko‘raman? Negadir soyabon mening boshimni qo‘riqlabgina qolmay, balki erkimni ham bo‘g‘ib qo‘yayotgandek bo‘laveradi. Yaratganning o‘zi kechirsin-u, ba’zida osmon ham boshimda ulkan bir soyabonga aylangandek bo‘ladi. O‘shanday paytlarda shu qadar siqilib ketamanki, bo‘g‘ilish jahdida beixtiyor osmon ortidagi dunyo haqida o‘ylay boshlayman. Qiziq, u yerda nima bor ekan-a? Harchand urinmay chala-chulpa o‘qigan kitoblarimdagi ba’zi manzaralar va allaqanday farazlarimdan boshqa hech narsa topolmayman. 
Hozir esa yomg‘irli olam ichra borar ekanman, ro‘paramdan bir-birining pinjiga kirgancha kelayotgan yoshgina oshiq-ma’shuqlarga ko‘zim tusharkan, nima haqda o‘ylayotganimni esimdan chiqaraman. Ularga qorni och qolib sevimli taomining shirin hidi dimog‘ini qitiqlayotgan odamdek entikib qarayman. Shu payt bir tomchi yomg‘ir kiprigimga ilinib ko‘zimga to‘layotgan suv bilan o‘ynashgisi kelganday sho‘xlik qila boshlaydi. Endi yuzimda shirin va sho‘r suv bir-birining pinjiga kirgan oshiq-ma’shuqlarday bitta bo‘lib oqa boshlaydi.
 Ko‘cha chiroqlari birin-ketin yonib, atrofimda baxtiyor raqsga tushayotganga o‘xshaydi. Men hanuz kalovlanib borayapman, ammo qaerga?! Albatta uyimga-da, deb o‘ylayman, miskin karaxtlik bilan. Mening uyim. U qaerda edi, o‘zi bor edimi?! Tahlikali bir savol butun vujudimni uyg‘otmoqchi bo‘lganday barmog‘imdan sochim uchigacha sovuq o‘rmalaydi. Men esa loqayd dunyo-ning bir loqayd savoli yanglig‘ hamon qayoqqadir sud-ralaman. Koshkiydi shu damda ( hatto qattol g‘animim bo‘lsa ham mayli) kimdir yo‘limni to‘sib chiqib, mendan hol so‘rasa. O, o‘shanda bulutday tilkapora bo‘lib to‘kilardim. Aytaverardim, yig‘layverardim, aytaverardim, yig‘layverardim. Mendan hol so‘ragan ustimdan kulsa ham mayli...
G‘iyqillagan keskin bir ovoz yo‘lning o‘rtasida meni o‘zimga keltiradi. Hashamatli mashina egasi boshini chiqarib, so‘kinadi: 
– O‘lging kelgan bo‘lsa, boshqa joy izla, iflos, sening kasofatingga qolaymi endi?!
Bir zum hushyor tortaman: "Iflos dedimi?" Nimadandir jahlim chiqqandek bo‘ladi. Ammo, zum o‘tmasdan yana labimga loqayd tabassum sigir yeliniga yopishgan kanaday yopishadi. Bu tabassum shu qadar mazmunsizki, agar shu lahzada kimdir menga boqsa yig‘lab yuborish hech gap emas, deb o‘ylayman.
Nega to‘rt tomonim bo‘m-bo‘sh, ko‘nglimning ichida huvillayotgan kimning ovozi?! Men qayoqqa ketayapman?! 
Xullas, mana shunday savollar arqoniga o‘zimni chandib tashlaganimga ancha bo‘ldi. Har tongda so‘nggi jangga otlangan majolsiz askarday hayotga kiraman. Faqat bu jang so‘ngida g‘olibligimni ham, mag‘lubligimni ham anglolmayman. Hozir esa yomg‘irlar shaffof qamchisida meni savalab ana shu og‘ir xayollar ichidan quvib chiqarmoq uchun zo‘r berayotgandek. Afsuski, men allaqachon o‘sha xayolning o‘ziga aylanib bo‘lganman. 
Yomg‘irli shomning soyasiga qoqilib ketaman. Xayriyat-ey, yiqilmadim. Meni bekatda anchadan buyon avtobus poylayotgan bir ayol suyab qoladi. Unga rahmat aytgancha, shoshilib so‘rayman: 
– 21- avtobus o‘tmadimi?
U ayol parishon javob beradi:
– O‘tmadi shekilli.
Bu ayol ko‘zimga juda tanish ko‘rinadi. Uni avval qayokda ko‘rgan edim-a? Uning bir tutamgina bo‘lib qolgan yuzi, taram-taram ajinga to‘la peshonasi, ko‘zlari ichidagi mung yuragimni azob tirnog‘ida qitiqlay boshlaydi. 
Bekatda u ayoldan boshqa hech kim bo‘lmaganligi boismi yoki yuragimdagi g‘ashlikni tarqatish uchunmi, uni suhbatga tortgim keladi:
– Siz qaysi avtobusni kutayapsiz?
– Bilmayman.
– Nima, adashib qoldingizmi?
– Adashganimga ancha bo‘lgan.
– Farzandlardan nechta? – so‘rayman suhbatga sal iliqlik kiritish uchun.
Ayol avvalgi ohangda javob beradi:
– Bitta o‘g‘lim bor...
U shu so‘zni aytib, nazarimda juknjikkandek bo‘ladi. U yoqdan bu yoqqa betoqat yura boshlaydi. Ayolning bu holatini kuzatib turib, o‘smoqchilab so‘rayman:
– Nimadandir xafamisiz?
– O‘zimdan xafaman, – deydi ayol ko‘zlariga to‘lib borayotgan qorong‘ulikni yashirib. 
– Qiziq, men sizni qaerdadir ko‘rgandekman. Qaerda ishlaysiz?
– Radioda ishlayman, – deydi u nimadandir toliqqan va nimadir joniga tekkanday.
– Men ham radioda ishlayman, ammo sizni u yerda ko‘rmaganman, – deyman hovliqib.
Ayol mening ko‘zlarimga manosiz boqadi. Ruhimda jinlar bazm qura boshlaydi, jonim qandaydir noxushlikni sezganday tinimsiz tipirchilaydi. Bor kuchimni to‘plab so‘nggi savolimni beraman:
– Uzr, ko‘nglingizga kelmasin-u, qaerda yashaysiz? 
Ayol toshdan yo‘nilgan o‘rta asr haykaliday sovuq va pinagini buzmasdan men yashaydigan manzilni aytadiyu borib bekatdagi o‘rindiqqa o‘tiradi. Odmigina sumkasini changallagan qo‘llariga boqaman. Uning barmoqlarida mening sevimli kumush uzuklarim siniqqina jilmayadi. Mening esa bu ayolning oldidan tezroq ketgim, yomg‘irgami, shamolgami aylangim keladi. Ovozsiz bir ovozda baqiraman:
– Men kimman, u ayol kim?!
Mening hayqirig‘imni bekatda daydib yurgan yomg‘irli shamol yutib yuboradi.
 

S E N


Tun edi. Sen cho‘chib uyg‘onding. Kim uchundir yashirib qo‘yganing xasta yurak, endi hech kimga kerak emasligini sezganidanmi, sozanda yomg‘irlar chertayotgan deraza oynasidan taralayotgan kuyga o‘ziga qasd qilgandek tinimsiz raqsga tushar, uning bu zarbi sening ko‘krak qafasingga og‘irlik qilar edi.
Sen o‘zingga bo‘ysunmayotgan vujudingni sudrab, bir amallab derazani ochib yubording. Bahor va yoz qovushgan tunning havosi xonangga gupirib kirdi. Yana yomg‘irda ivigan tuproqning juda tanish hidi dimog‘laringni to‘ldirdi. Nogahon unda onangning shirin bo‘yini tuyib, entikib qo‘yding.
Deraza raxiga suyanib uzoq o‘tirding. Qiziq, yomg‘ir yog‘ayapti-yu, oy hech narsa bo‘lmagandek bulutlar osha kulib turibdi. Shu damda oyga juda havasing kelib ketdi. Qaniydi men ham barcha g‘amu qayg‘ularim ustidan kulib yashay olsam edi, deb o‘ylading.
Ammo o‘ylaring ham shu qadar ojiz ediki, ruhingdagi qorong‘ulikdan cho‘chib seni bir zumda tark etdi.
Yana sudralib kelib, sovib ulgurmagan o‘rningga yotding. Uyqusizlikdan og‘riyotgan ko‘zlaringni harchand yumishga urinmagin, ular uxlashdan bosh tortardi.
Shunda birdan ochiq derazadan kirib kelgan oppoq nurga nigohing tushdi. U nur xonangni obdon aylandi va g‘alati ovozda shivirladi:
– Uyqung kelmayaptimi?
Avvaliga g‘ayritabiiy bir qo‘rquvdan titrab ketding. So‘ng esa aqldan ozayapman shekilli, degan xayolga bording. Nur senda kechayotgan holatni sezdi. Va yana tilga kirdi:
– Meni tanimadingmi, deyman.
– Sen o‘zingni qo‘lga olishga urinding va xasta ovozda so‘rading:
– Sen kimsan?
Nur sening yoshlikdagi ovozingda uzoq qahqaha urdi.
Nigohingga kirguday bo‘lib shivirladi.
– Endi tanidingmi?
– Tanigandayman...
– Men sening joningdan qochgan nurman.
– Nega jonimdan qochding?
– Sen bilan birga tug‘ilgan edim. Men bilan naqadar go‘zal eding, xushbaxt eding. Afsus, meni qadrlay olmading. Menga xiyonat qilding.
– Xiyonat, qanday xiyonat?!
– Arzon garovga qayg‘u, g‘amlarni sotib olaverding. Senda shaffof bir ishq bor edi. Uni yolg‘onning bir bo‘sasiga tuhfa qilib yubording. Agar yodingdan chiqqan bo‘lsa, mana ko‘r.
Oq nur bir aylanib ko‘zguga aylandi-da, sening o‘tgan kunlaring bu ko‘zguda aks eta boshladi. Sen ularni ko‘ra turib hayqirib yubording:
– Bas, bas, yetar. Maqsading nima o‘zi sening? Yo meni ajalimdan burun o‘ldirmoqchimisan?!
– Yo‘q, aslo unday emas vaholanki necha yildan buyon eshiging ortida ajaling seni poylab turibdi... Faqat men uni chalg‘itib seni undan asrayapman.
– Tashakkur, mendan arazlab ketganingni bildim, ammo qaytishingning boisi nima?
– Senga juda rahmim keldi.
– Hozir qaerda yashayapsan?
– Baland oq terakning uchidagi bir yaproqda...
– Jonimga qaytsang bo‘lmaydimi? 
– Yo‘q, endi u yerga qaytolmayman. Faqat bu dunyoni tark etganingda joningni ko‘tarib Haqning oldiga borishim kerak..
– Unda ayt-chi, yana qancha yashayman?
– Buni aytishga ojizman. Faqat qushlarning ko‘ziga qamalgan osmon ozod bo‘lgan kuni omonatingni topshirishingni bilaman, xolos.
– Yaqinginamda yashar ekansan, nega oldinroq kelmading?
– Seni har kuni kuzataman. Bu tun juda abgorsan, taskin beray deb keldim. Bilasanmi, sening chekkan har ohing menga borib tegadi va mening kuchimni zaiflashtiradi. Nahotki hayotdan rozi bo‘lib yashashingning iloji bo‘lmasa?!
– Men ko‘p harakat qildim. Ammo...
– Yo‘q, bu shunchaki bahona. Men seni yana bir sirdan ogoh etmoqchiman. Barcha do‘stlaringning yuzida, hattoki sevgan insoningning yuzida ham niqobi bor. Sening eng katta fojiang dunyoga niqobsiz boqishingda.
– Yo‘g‘-ey, nahotki do‘stlarim meni aldasa?! Aytganday men sevgan insondan xabaring bormi?! U baxtlimi?!
– Uni bilmadimu, ammo seni allaqachonlar unutib yuborgan...
– Unutish shunchalar osonmi?!
– Har holda niqobi borlarga yashash ancha oson... Aytganday tunlarda derazangdan qandaydir nigoh seni kuzatganini sezasanmi?
– Sezganman. Menga shunday tuyuladi deb o‘ylardim...
– Yo‘q, u bir senga o‘xshagan alamzada ayolning nigohi.
– Tushunmadim.
– Bu dunyoni tark etar chog‘da hayotga to‘ymagan insonlarning ruhi daraxtlar ruhi bilan qovushadi.
– Nahotki?!
– Ha, shunday, derazang oldidagi katta o‘rik daraxtiga o‘sha ayolning ruhi ko‘chgan. U ayol bir paytlar juda dilbar va davlatmand bo‘lgan. Husnining davlati ortida turib o‘z ishqiga xiyonat qilgan. Ishqning qarg‘ishi urgan.
– Qanday qilib?!
– Yaqin bir dugonasi zaharlab o‘ldirgan. Qilgan xiyonatini o‘zga bir xiyonat og‘usi bilan yuvgan bu ayol qiyomatgacha daraxtdan daraxtga ko‘chib yashaydi.
– Sen bularni qaerdan bilasan?
– Esingdan chiqarma, men Oq Nurman.
– Tushundim. Ammo menga qaytishingning hech ham iloji yo‘qmi?
– Iloji bo‘lganda qaytgan bo‘lar edim. Mayli, men ketdim.
– Shoshma, shoshma, yana kelasanmi?!
– Balki....
– Ayt-chi, men qanday qilsam yaxshi yashayman?!
– Hayotning ko‘ziga qo‘rqmasdan qara. Hayot kuchlilarni yaxshi ko‘radi...
Oq Nur xonangni yana bir bor aylanib chiqdi-da, xayr deganday bir silkinib chiqib ketdi. Sen esa o‘zingni ancha bardam his qila boshlading.
Yomg‘ir ham tindi. Osmonning oppoq shohi ro‘moli sirg‘alib yerga tushdi. Tong mayingina jilmaydi. Tun bo‘yi yomg‘ir bodasidan to‘ygan g‘unchalar kerishib ko‘z ochdi.
Farroshlarning supurgisi tiriklikning yangi qo‘shig‘ini kuylay boshladi.
Sen titrab turgan baland oq terakning uchidagi yaproqqa ko‘z tutding. Unda qandaydir nur porlab turardi. Joning o‘sha nurga yomon talpindi.
 

U


U Buxorodan ancha olis, ammo ildizlari Buxorodan suv ichgan, kichik bir qishloqchada yashar edi. Bolaligi kapalaklar qanotiday rang-barang kunlar jilvasida o‘tdi. Qushlar, qumursqalar, maysayu giyohlar tilini o‘rganishdan aslo erinmadi.
Ammo negadir uni shamol sevgisi o‘ziga jalb qilar, qaerda bo‘lmasin shamolning sog‘inchi bilan yashar edi.
Beda gullarining nafis hidiga ko‘milgan dalalarda shamol bilan o‘ynashdan charchamas, ichidagi bor- yo‘q dunyosini unga tuhfa qilgisi kelardi. Sunbulaning sochlariga quyosh o‘zini osgan kunda shamol uning yuragini sirli chimchiladi. Va Uni ortidan boshlab katta shaharga yo‘l oldi.
U yo‘l bo‘yi bolalikdan yod bo‘lgan qo‘shiqni xirgoyi qilib bordi:

Shamol-shamol kokili haydar.
Sen darbadar, men ham darbadar...

Bu qo‘shiqni u shamol bilan shu qadar ko‘p kuyladiki, bundan charchagan hayot ularning ovozini eshitmaslik uchun qulog‘ini berkitdi. Shundan so‘ng hayotning qulog‘i eshitmaydigan bo‘lib qoldi.
Xullas, u shamolning ortidan ergashib, nokaslar oyog‘i ostida ta’na-ma’lomatlardan ezilib yuragi toshga aylangan shaharga kelib qoldi.
Shamol bilan bu shaharni obdon aylandi. Uzoq yillar bu shahardan nimadir izladi. Ammo nima izlayotganini o‘zi ham bilmas edi. U shodlikdan ham, g‘amdan ham to‘yib bo‘lgan bir paytda, sodiq do‘sti shamol uning qulog‘iga shivirladi:
– Yur, seni dunyoning eng toza joyiga olib boraman. U avvaliga shamolning gapiga ishonmadi. Chunki u bu dunyoda toza joy qolmagan deb o‘ylardi.
Ammo azbaroyi zerikkanidan shamolning ortidan yana yo‘lga tushdi. Va nihoyat bog‘ desa boqqa, tog‘ desa toqqa o‘xshamaydigan joyga yetib keldi. Qiziq, bog‘ desa, daraxtlarining mevasi yo‘q, o‘rta-o‘rtasida marmar toshlar bosh ko‘tarib turibdi. Tog‘ desa cho‘qqisi yo‘q...
Bu joy shunchalar sokin ediki, u kar quloqlarining ichidagi bezori shovqinning aks-sadosi yanada balandlashganini sezdi.
Nogahon ko‘zi yaltirab turgan qora marmartosh ustida oyoqlarini o‘ynatib xotirjam o‘tirgan o‘smirga tushdi. O‘smirning ko‘zlari ichidagi armonli shu’la shu qadar og‘ir ediki, u buni ko‘tara olmay, beixtiyor yerga o‘tirib oldi.
O‘smir hayron bo‘lib unga uzoq tikildi. Va uningg sevimli qo‘shig‘ini baralla kuylay boshladi:

Shamol, shamol kokili haydar,
Sen darbadar, men ham darbadar.

Avvalliga bu bola uni masxaralayotganday tuyulib, rosa, jahli chiqdi.
– Hey, bola, uyalmaysanmi o‘zingdan kattani masxara qilishga?!
– Men hech kimni masxara qilganim yo‘q, bu bolalikdagi sevimli qo‘shig‘im.
– Senga bu qo‘shiqni kim o‘rgatgan?
– Shamol o‘rgatgan. Siz ham bilasizmi bu qo‘shiqni?!
– Bilaman.
– Keling, birgalashib aytamiz bo‘lmasa.
Bolaning ko‘ngli uchun U bu qo‘shiqni jo‘r bo‘lib aytdi.
Qo‘shiq tugagach, boladan so‘radi:
– Sen bu yerda nima qilyapsan?
– Men uch yildan buyon shu yerda yashayman.
– Nega, uying yo‘qmi?
– Mana mening uyim,– dedi bola katta qora marmartoshning ostini ko‘rsatib...
Shundagina uning ko‘ngli sovuq bir nimani sezganday bo‘ldi.
– Seni bu yerda yashashga nima majbur qildi?
– O‘zim, – dedi bola pushaymonligini oshkor etmoqchiday.
U razm solib bolaga qaradi shundagina bolaning bo‘ynida qolgan arqon izlarini ko‘rdi.
– Nega axir bunday qilding?!
– Qadrimni o‘tkazmoqchi edim.
– Xo‘sh, o‘tkaza oldingmi?
– Bir yilcha eslab yig‘lab oldimga kelib yurishdi. Ammo keyin hamma do‘stlarimning yodidan chiqdim. Bilasizmi, sinfimizda juda go‘zal bir qiz bor edi. Uni yaxshi ko‘rardim. Ammo u menga qiyo ham boqmasdi. Men uchun kuydimi, yo‘qmi – bilmayman...
Shu payt yuzlariga g‘am soya solgan bir ayol to‘g‘ri o‘smir o‘rnashib olgan marmar tosh tomon kela boshladi.
Bu ayolni ko‘rgan bola sakrab tushdiyu, "oyijon" degancha ayolga talpindi. Ayol karaxt edi. Muk tushib yig‘larkan, bo‘yniga osilgan bolaning mehribon qo‘llarini sezmasdi. U mung haykaliga aylanayozgan onaga va o‘z xatosini kech anglagan o‘smirga qanday so‘z ila taskin berishni bilmasdi.
Ularni xoli qo‘yib, yana shamol etagi bilan erinmay artayotgan marmar toshlar oralab borar ekan, U kar qulog‘ini qomatga keltiruvchi baland- past, turli-tuman ovozlarni eshita boshladi.
U go‘yo qiyomatning shahriga kelib qolganday edi.
Mahobatli marmar toshga suyangan, qirq yoshlardagi sochi oppoq kishi o‘zidan sal naridagi yaqindagina qorni do‘ppaygan tuproq boshida abgor o‘tirgan keksa odamga qahrini to‘kardi.
– Oxiri kelar ekansanku men kelgan joyga. Nega shunday qilding-a, senga mening unvonim kerakmidi, seni do‘st deb ishonibman. Uyalmay-netmay o‘zing qilgan rasvolikni mening bo‘ynimga yuklading. Bechora bir qizning sha’nini bulg‘ab, yana uni o‘ldirib yubording. Hammasi uchun esa men javob berdim. Bu ko‘rguliklarga yuragim dosh berganda edi, hammasi boshqacha bo‘lardi.
Bilasanmi, o‘sha qiz har tunda kelib menga dardlarini aytib ketadi...
– Men nobakorni kechir, do‘stim.
– Do‘st dema, hech qachon do‘st dema...
Marmar toshlar aro u yoqdan bu yoqqa yugurib yurgan bir telba ayolning fig‘oni ikki do‘stning suhbatini bosib ketdi.
Marmartoshlarning sovuq, sirli nigohi telba ayolga tikiladi.
Ayol tinimsiz:
– O‘g‘ri, o‘g‘rini ushlang, topgan barcha boyligimni o‘g‘irlab ketdi....
U bu telba ayolning suratini qaysidir marmartoshda ko‘rganday bo‘ldi. Qo‘rquvdanmi yoki bu joyning sovuq nafasidanmi, eti junjikib ketdi. 
Telba ayol yugura-yugura o‘sha surati aks etgan marmartoshning oyog‘ida hushidan ketib, og‘zidan ko‘pik oqa boshladi. Ammo hech kimning u bilan ishi yo‘q edi.
Zotan, hayot bu go‘shadan allaqachon oyog‘ini uzgan. Uning qonuni bu yerda kor qilmas edi.
U bu yerda qorni do‘ppayib, umid bilan farzand kutayotgan onalarning allasini eshitdi, visol tunidan ayro tushgan kelinchaklarning yor-yorini tingladi. Ammo ular juda sovuq, umidsiz edi. Ulardan quyoshning nur tomirlari allaqachon uzilgan edi.
O‘zidan ketib borayotgan ruhini mahkam quchoqlagancha U shamolni chaqirdi .Ammo shamol javob bermadi.
Tog‘ desa toqqa, bog‘ desa boqqa o‘xshamaydigan joydan bir amallab chiqdi-yu, hayotni to‘yib-to‘yib hidladi.
– Mayli, arzu-dodimni eshitmaydigan kar bo‘lsa ham Hayot juda xushbo‘y, juda shirin, – dedi u yuragining rangini o‘g‘irlab, ko‘ziga qaray olmay botishga chog‘langan oftobga boqib...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.