OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamroxon Musurmonova. Diydor qo'shig'i (hikoya)

Bu atrofda uning oldiga tushadigan tulpor yo‘q edi. Uni yetaklab, ko‘chadan savlat bilan borayotgan Baxtiyor chavandozga hammaning havasi kelardi. Chunki Oqqashqa uloq-ko‘pkarilarga tulporlarning sardori bo‘lib kirardi. Qop-qora yollarini hilpiratib, maydonga chopib kirganda har qanday zo‘r chavandozning ham yuragi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lmay qolmasdi. Baxtiyorni Oqqashqaning chavandozi deyishardi.
Baxtiyor esa tulporini «Do‘stim, qadrdonim» deb erkalardi. Faqat ko‘pkariga kirgandagina: «Olg‘a, tulporim, olg‘a», deya mehr bilan qulog‘iga shivirlardi.

* * *

Odatdagidek, saharda otxonaga kirgan Baxtiyor bir zum serrayib turib qoldi. Hech nimaga tushunmagandek angrayib, Oqqashqaning qozig‘i yoniga bordi. «Bo‘shroq bog‘lagan bo‘lsam, yechilib ketganmikan?» degan o‘yda tulporning arqonini qidirdi. Qoziqda arqon ko‘rinmasdi.
Baxtiyorning ich-ichidan bir ovoz: «Tulporni o‘g‘irlashgan», deya ta’kidlagandek bo‘ldi. Og‘ilxonadan shoshib chiqib, hovlini aylandi, ko‘chaga yugurdi. G’ira-shirada ko‘chaning ikki yuzidagi teraklar qilt etmay turardi. Yuragi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qaytib kirib, yana tulporning qozig‘i yoniga bordi. Yerga tikilib, o‘zicha biror alomat, nishon izladi. Yerda tulporning tuyoq izlari ko‘rinmasdi. Shundagina ich-ichidan toshib kelayotgan g‘alayon tiliga ko‘chdi:
− Ah-h, yaramaslar! O’g‘irlashibdi! Oqqashqani olib ketishibdi! 
Ichkaridan xotini, o‘g‘li va qizi yugurib chiqdi:
− Nima gap, otasi?
− Oqqashqa... Oqqashqa yo‘q, Hanifa.
− Balki, arqoni bo‘shalib ketgandir? Ehtimol, ko‘cha-po‘chaga chiqib...
− Yo‘q! − dedi Baxtiyor Hanifaning gapini bo‘lib. − Uni o‘g‘irlashgan...
Baxtiyor boshini changallab, Oqqashqaning oxuri yoniga o‘tirib qoldi. Hanifa o‘n to‘rt yoshli o‘g‘li Shahobiddinga yuzlandi:
− Bor, bolam, Eshpo‘lat amakingni chaqirib kel. 
Dadasining do‘stini chaqirib kelsa, Oqqashqa topiladigandek, Shahobiddin ko‘cha tarafga yugurdi.

* * *

− Nima gap? Tinchlikmi, kelin? − deya eshikdan hovliqib kirib keldi Eshpo‘lat.
Hanifa unga salom berishni ham unutib, otxona tarafga ishora qildi:
− Oshnangizning oti... Oqqashqa yo‘qolib qoldi.
− Vahima qilmasalaring-chi, arqoni yechilgan bo‘lsa, dala-palaga yo‘rg‘alab ketgandir. Hozir birgalashib qidiramiz, − deb Eshpo‘lat, Baxtiyorning yoniga borib, yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. − Og‘ayni, bu nima o‘tirish?.. Qarash kerak, ehtimol, bedapoyaga ketgandir...
− Ko‘nglim sezib turibdi. Uni o‘g‘irlashgan, − dedi Baxtiyor tishlarini g‘ijirlatib. − Lekin bu ishni kim qilganiga aqlim yetmayapti.
− Avval mundoq dala-palani aylanib ko‘raylik-chi, topilmasa, keyin vahima qilasan. Tur endi. Tulporing yo‘qolishi mumkinmas-e... Topamiz. Sening uyingga haddi sig‘ib, birov o‘g‘rilikka kirolarmidi? Tur, oshna...
Baxtiyorning ko‘zida allanechuk umid uchqunladi.
− Shu paytgacha sira bunday bo‘lmagan, begonani yaqiniga yo‘latmasdi. Juda bo‘lmasa, kishnab, ishora berardi, − dedi do‘stiga javdirab qarab.
− Ko‘rdingmi, unga birov daf qilganda, Oqqashqang hammani oyoqqa turg‘azgan bo‘lardi. Vaqtni o‘tkazmay, qidirish kerak, − Eshpo‘lat g‘ayratli qiyofada Shahobiddinga yuzlandi: − Shahob, bor, Oybek akangni chaqir. Dadangiz aytyapti, ikkalamiz bedapoyani ko‘rib kelarkanmiz, deb ayt unga... Kelin, sizlar uydan chiqmay o‘tiringlar, nima xabar bo‘lsa, shu yerga kelamiz.
− Yaxshiyam sen bor ekansan, og‘ayni, bo‘lmasa, shu payt nima qilardim? − dedi Baxtiyor uning yelkasiga qo‘l tashlab.
Eshpo‘lat oshnasiga qarab kulimsiradi:
− Bunaqa o‘tirma, topamiz tulporingni.

* * *

Hanifa so‘rida boshini egib o‘tirgan Baxtiyorning yoniga kelib, qo‘lidagi choynak-piyolani erining yoniga qo‘ydi.
− Otasi, topilar o‘sha jonivor... Odamlar o‘tib ketyapti bu dunyodan, u-ku bir ot ekan...
− Gap otning yo‘qolganida emas, onasi, − dedi Baxtiyor bir nuqtadan ko‘z uzmay. − Oqqashqani o‘g‘irlagan nokas uyimni oyoq osti qildi. Endi el-yurt oldida nima degan odam bo‘laman? Baxtiyorning uyiga it ham, bit ham bemalol kirib, istagan narsasini olib ketaveradi, deb odamlar ustimdan kulmaydimi, axir?!
− Qo‘ysangiz-chi. Bir otning yo‘qolgani Baxtiyor chavandozni sindiribdi, qaddini bukibdi, degan ta’na yomon, otasi. Boshingizni ko‘taring. Odamlar qayg‘ungizni sezmasin.
Xotinining gaplari Baxtiyorga ma’qul ko‘rindi.
− Senga gap bo‘lsa, bas, juda chechansan, − dedi u og‘ir xo‘rsinib. − Lekin gapingda jon bor. Men Baxtiyor chavandozman. Elning ichida yurgan odamman. Har qancha tashvishim bo‘lsa ham boshimni egmasligim kerak.
Chavandoz xotini uzatgan choyni issiq-issiq ho‘pladi.
− Ana, Eshpo‘lat oshnangiz, sizni deb kuyib-pishib yuribdi. Shu ot o‘lgurni qidirtirib o‘g‘li Oybekniyam tindirmayapti.
− Uning bunaqa jonkuyarligini avvallari sira sezmagandim. Ichida bir g‘ayirligi bor, deb yurardim.
− Ha, endi do‘st degani sinovda bilinadi-da, otasi...

* * *

Oqqashqaning dimog‘iga zax hidi urildi. Ko‘ngli allanechuk noxushlikni sezib, bezovta depsindi. Boshini ilkis siltab, tuyoqlariga solingan zanjir-kishandan ozod bo‘lishga urindi. Qaerda turganini anglamoqchi bo‘lgandek boshini sarak-sarak qildi. Ammo hech narsani ilg‘amadi. Birozdan keyin dimog‘iga qurigan bedaning isi urilib, ko‘ngli xotirjam tortdi. Chunki bu is unga qadrdon otxonasini eslatgandi.
− Endi shu yerda yashaysan, tulporlarning sardori, − degan ovoz qulog‘iga kirdi.
Ovoz ham, uning atrofida o‘ralashayotgan odamning isi ham unga juda tanish edi.
So‘ng ko‘zini to‘sib turgan narsani olib tashlashdi. Tuynukdan xira nur yog‘ilar, g‘ira-shira xonada Eshpo‘lat tirjayib turardi. Uni ko‘rib, tulporning ko‘nglidagi noxushlik tarqaldi. Axir bu Baxtiyorning do‘sti-ku. Demak, Oqqashqaning ham do‘sti. Do‘stning do‘stidan yomonlik kelmaydi.
− G’iring deb, ovozingni chiqara ko‘rma, − dedi Eshpo‘lat, unga g‘alati o‘shshayib. − Baxtiyor o‘pkasini bosib olguncha shu yerda yashaysan, keyin... − Eshpo‘latning yuziga zaharxanda kulgi yoyildi. − Qazi-paziga yararsan.
Eshpo‘lat yog‘och eshikni g‘ichirlatib ochib, tashqariga chiqib ketdi.
Uning gapini anglamagan Oqqashqa qurigan bedani kurt-kurt qilib, erinibgina kavshay boshladi...
U ichki botiniy sezgi bilan tong otganini payqadi. Tuynukdan tushayotgan yorug‘lik tiniqlashdi. Oqqashqaning og‘zi quruqshab, suv ichgisi keldi. Har kuni bu mahalda Baxtiyor undan ikki marta xabar olardi. G’ira-shira tong otayotgan pallada kelib, oldiga bir bog‘ qurigan beda tashlar, so‘ng yolini silab:
− Yaxshimisan, oshna, omonmisan? Ikkimizni sog‘-salomat ko‘rishtirgan Allohga shukrlar bo‘lsin, − deb u bilan so‘rashardi.
Oftob olamni yoritgan paytda esa bo‘yniga arpa solingan xaltani ilib qo‘yardi-da, dag‘allashgan keng kaftlari bilan badanini ishqalab, silab-siypalab erkalardi. «Ikkimiz do‘st bo‘lish uchun yaralganmiz: sen va men, ikki do‘st», − derdi Baxtiyor uning ko‘zlariga termilib. Bu gapdan yayrab ketgan Oqqashqa dumini u yoq-bu yoqqa tashlab, yer depsinib, boshini sarak-sarak qilib, do‘stiga muhabbatini izhor etardi.
− Hamma gapimga tushunasan-a, jonivor? − deb uning yuziga shapatilab urardi Baxtiyor. − Odamlar bir-birini tushunmaydigan zamonda, sening aqlingga besh ketaman. Zukkosan, do‘stim.
Oqqashqa Baxtiyorni odamlarning eng ko‘rkami, eng saxovatlisi va eng yaxshisi deb biladi. Uni ko‘rishi bilan beixtiyor kuylagisi keladi, tuyoqlari bilan yer depsinib, dumini kerib, o‘yinga tusha boshlaydi. Baxtiyor esa ko‘zlari quvonchdan porlab: «Ha, jonivor-a, mening tulporim. Gijinglab turishingga borman-da», deb uning bo‘ynidan quchoqlaydi. Oqqashqa yayrab ketadi. Shu asno Baxtiyorning ham yuragi muhabbatga limmo-lim to‘lganini his etadi.
Lekin nimaga bugun u kelmayapti? Oqqashqa tuyoqlari bilan yer depsinib, boshini silkidi. Tungi voqealar elas-elas esiga tushdi: Eshpo‘lat uni bu yoqqa boshlab kelayotganda, qulog‘iga: «Tinchlan, do‘stimning do‘sti, seni Baxtiyor chaqiryapti, do‘sting seni kutyapti», degandi. Ha, aniq shunday degan edi. So‘ng negadir tuyoqlariga va ko‘ziga yumshoq mato bog‘lab, uni otxonadan yetaklab chiqdi...
Endi esa Baxtiyordan darak yo‘q.
Oqqashqa tuynukdan tushayotgan nurga termildi. Chanqog‘i kuchaydi, qorni ochdi. Yana yer depsinib, bezovtalanib, uch-to‘rt marta kishnadi. Baxtiyorni chaqirdi. Ammo undan Baxtiyor ham, Eshpo‘lat ham xabar olmadi.

* * *

Bir hafta, o‘n kun o‘tsa ham, Oqqashqa topilmagach, Baxtiyor ko‘cha-ko‘yga ham chiqmay qo‘ydi. Unga alam qilayotgani Baxtiyor chavandozni nazar-pisand qilmay, uyiga o‘g‘rilikka kirishgani edi. Hamma unga achinib qarayotgandek, «Buning hovlisi bir marta oyoq osti bo‘ldi», deya kalaka qilayotgandek tuyulardi. Oqqashqani o‘g‘irlagan odam chavandozning ori, g‘ururini ham toptab ketgandi. Kimsan − Baxtiyor chavandoz, Baxtiyor fermer bo‘lsa... Uncha-muncha odam haddi sig‘ib, yuziga gapirolmasdi. To‘rtta sigirni parvarishlab, boqib, ko‘paytirib, ferma barpo qildi. Qo‘lida ishlayotgan yigitlarning oyog‘idan o‘t chaqnaydi. Lekin Oqqashqasiz uning obro‘si kemtik edi.

* * *

Tulporning tuyoqlariga kishan solib qo‘yishgandi. U yer depsinib toliqdi. Ochlik, chanqoq azob bera boshladi. Oxurga tumshug‘ini tiqib, kecha solingan beda qoldiqlarini qidirdi. Oxurning bir burchagida to‘rt-beshta yaproq qolgan ekan, shuni topib kavshandi.
Tuynukdan tushayotgan nur xiralashayotgan pallada eshik g‘ichirlab ochilib, Eshpo‘lat kirib keldi va otning oldiga bir bog‘lam qurigan beda tashladi. Tulpor shosha-pisha kavshanishga tushdi.
− Ha, yotibsanmi?.. − dedi Eshpo‘lat.
Tulpor uning tovushidan zarracha mehrni his etmadi. Birdan kavshanishdan to‘xtab, Eshpo‘latga tikildi: «Meni nega bu yerga olib kelding?»
− Nimaga o‘shshayasan? − deb uning yag‘riniga shapaloqladi Eshpo‘lat. − He, egangga o‘xshamay o‘l!
«U sening do‘sting emasmidi?!»
− Ikkoving yomon jonimga tegdilaring! Ana, tomoshasini ko‘ryapman, chavandozing yotibdi sulayib... Endi nima qilsam ekan? − Eshpo‘lat o‘ychan nigoh bilan Oqqashqaga tikildi. − Bozorga oborib sotib bo‘lmasa... Seni hamma taniydi. So‘yib, qazi-qarta qilay desam, uyimda ot yo‘qligini odamlar yaxshi biladi. Darrov mendan shubhalanishadi. Shu yerda yota tur-chi, bir gap bo‘lar... Ammo maishatda bo‘laman, deb o‘ylama, senga yig‘ib qo‘ygan bir g‘aram bedam yo‘q mening...
«Sen Baxtiyorga do‘st emasmisan?!»
− Namuncha hamma gapni uqqanday tikilasan menga?.. He... − Eshpo‘lat og‘zini qiyshaytirib kuldi. − O’zim ham g‘alatiman, sen bor-yo‘g‘i bir ot bo‘lsang... Gapga tushunarmiding?.. Egangni mushtdayligidan bilaman. Tepishib katta bo‘lganmiz. Bolaligimizdan beri menga saxovatpeshalik qiladi. Hamma narsasini bo‘lishishni istardi men bilan. Har doim omad uniki bo‘ldi. Bir parcha yer olib fermerlik qilayotuvdim, ammo uni o‘zinikiga qo‘shib oldi. Tag‘in ko‘zini lo‘q qilib, ayb mendamas, qoidasi shunaqa bo‘p qoldi, deydi yaramas. Yana menga saxovatpeshalik qilmoqchi bo‘ladi. “Yerimda ishlab, dehqonchilik qilsang, kosang oqararmidi”, deb o‘tiribdi. Voy, yerlik boyvachcha bo‘lgan-ey... Tokaygacha uning soyasida yuraman? O’zicha senga bino qo‘yardi. Mana, ikkalangni ayirdim. Qani bir-biringga yordam berib ko‘r-chi... Qani, chaqir Baxtiyorni, chavandozingni chaqir!
Eshpo‘lat qamchi bilan tulporni ayamay savaladi. So‘ng hiringlab kuldi. O’zicha g‘udranib-g‘udranib, yog‘och eshikni g‘ijirlatib, ochib chiqib ketdi.
Qamchi zarbidan Oqqashqaning a’zoyi badani zirqirab ketdi. Bag‘riga o‘t tushgandek bo‘ldi. U nafrat, hasad degan tushunchaning nimaligini bilmasdi. Hozir negadir yuragi yomon o‘rtandi. Tuyoqlari bilan yerni tepib-tepkilab, o‘rtanib-o‘rtanib kishnadi. Eshik ortidan hiringlagan kulgi eshitildi. So‘ng Eshpo‘lat ming‘irladi:
− Hadeb kishnayverma, baribir, ovozingni hech kim eshitmaydi...
Tulpor yarim tungacha boshini silkib, dumini gajak qilib, yer depsindi. O’zicha «Do‘stim, do‘stingdan ehtiyot bo‘l... Uni o‘zingga yaqinlashtirma», deb Baxtiyorni ogohlantirmoqchi bo‘ldi. Uni Eshpo‘latdan himoya qilishni istadi.
Yuragida bir qat’iyat uyg‘ondi. Tuynukdan tushayotgan nurga termilarkan, ich-ichidan bir kishnoq keldi, o‘zini uchib ketayotgandek his etdi. Boshini yerga egib, holsizgina ko‘zini yumdi... So‘ng tik turib mulgiy boshladi. Qalbi ninadekkina yorug‘lik to‘kilayotgan tuynukka qarab intildi...

* * *

Eshpo‘lat yarim tunda otning kishnashidan cho‘chib uyg‘ondi. Ko‘zini ochishi bilan shiringina uxlayotgan Zubaydani ko‘rib: «Xayriyat, tushim ekan», degan o‘yda to‘shagi yonidagi choynakka qo‘l cho‘zdi-yu, baqadek qotib qoldi: uning tepasida katta, juda katta bir ot ko‘zlaridan o‘t chaqnatib turardi. Ot tuyoqlarini ko‘tardi va butun savlati bilan o‘zini Eshpo‘latning ustiga tashladi.
− A-a-a-a!!! − deya baqirib yubordi u.
− Hay-hay, tinchlikmi? Nima bo‘ldi? Hay, deyman... − Zubayda o‘rnidan turib, erining yelkasiga turtdi. − Yomon tush ko‘rdingizmi?
− Ot, allaqanday ot... − talmovsirab javob qaytardi Eshpo‘lat.
− O’lsin, shu oshnangizning oti yo‘qoldi-yu, sizning uyqungiz ham harom bo‘ldi. Ikkovingiz ot dardiga mubtalo bo‘lgansizlar. Ko‘zingizga otning devlari ko‘rinishi yetmay turuvdi endi, − deb Zubayda piyolaga sovuq choy quyib, Eshpo‘latga tutqazdi.
So‘ng og‘ir uf tortib, teskari o‘girilib yotdi.
Eshpo‘lat ertalab uyg‘onganda lablarining atrofiga uchuq toshib ketgandi. Uning ahvolini ko‘rgan Zubayda Sarvi kinnachinikiga otlandi.
− Qaerga ketyapsan? − dedi Eshpo‘lat xotinining muddaosini anglab.
− Sizni o‘qitib, kinna soldirib tashlash kerak.
− Irim-sirimlaringni enangga qilasan, o‘tir uyda! − deya jerkib berdi u xotinini.
Oradan ikki kun o‘tib, Baxtiyornikiga borib, uyiga kech qaytayotgan Eshpo‘lat tutqatorlar orasidan o‘tayotganda otning kishnashini eshitib, taxtadek qotib qoldi. Uning ro‘parasida bir emas, bir qancha otlar tizilib turishar, hammasi baravar kishnayotgandi. Eshpo‘latning oyog‘idan madori ketib, beixtiyor cho‘kka tushdi. Shu payt ro‘parasidagi yo‘ldan unga qarab bir ot shitob bilan chopib kela boshladi va shundoqqina tepasiga kelganda tuyoqlarini ko‘tarib, kishnab yubordi. Eshpo‘lat qo‘llarini boshiga pana qilib, muk tushib yotib oldi.
Qancha yotganini bilmaydi, bir payt kimdir uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Dir-dir titrab o‘girildi. O’g‘li Oybek ekan.
− Kechasi sayoq yurma, deb urishasiz, ota. Mana, tunda yurishning ham foydasi bor ekanmi? − dedi u tirjayib.
So‘ng otasining qo‘ltig‘idan olib, uyiga yetakladi.
Eshpo‘lat boshqa hech narsani eslay olmaydi. Ertalab turganida, boshi lo‘qillab og‘rir, a’zoyi badani kaltaklangandek zirqirardi.
− Yo‘q, bugun meni yo‘limdan qaytarmang, sizni o‘qitvorish kerak, otning jinlari yomon bo‘ladi, − dedi Zubayda yeng shimarib.
Eshpo‘lat xotinining orqasidan hayhaylab qolaverdi.
− Eringizga ins-jinslar dorigan. Qon chiqarvorish kerak, − dedi Sarvi kinnachi.
Zubayda shu kuniyoq Baxtiyornikiga qarab yo‘rg‘aladi.
− Sizning otingiz yo‘qolganini eshitgandan buyon g‘alati bo‘p qolgan. Kechasi o‘ziyam uxlamaydi, mengayam uyqu bermaydi, − dedi u yig‘lamsirab.
Baxtiyor shahardan do‘xtir chaqirtirdi.
− Chinakam do‘stingiz bor ekan, − dedi Eshpo‘latni tekshirgan do‘xtir. − Qayg‘ungizni yuragiga yaqin olibdi. Shunga asablari ancha toliqqan. Men dori-darmon yozib beraman.
− Meni kechir, do‘stim, − dedi Baxtiyor do‘xtirni kuzatib qaytgach. − Avvallari ichingda bir xusumating bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Endi chinakam do‘stim ekaningga ishondim. Otim yo‘qoldi, lekin bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi-ku... Men chavandozman, fermerman, yuragimdan o‘tayotganini birovga bildirmasligim kerak. Do‘st-dushmanning oldida boshimizni tik tutib yashaylik, do‘stim.

* * *

Oqqashqaning holidan hech kim xabar olmay qo‘ydi. Tashnalikdan tulporning tili tanglayiga yopishdi. Ochlikka chidolmay, depsina-depsina charchadi. Hammasidan ham u Baxtiyorni juda sog‘indi. Tuynukdan tushayotgan nurga termilarkan, «Do‘stim, do‘stingdan hushyor bo‘l», derdi u ichki ovoz bilan.
Nihoyat, yog‘och eshik g‘ijirlab ochildi. Noxush bir sezgidan tulporning yuragi uvishdi. Og‘zining atrofiga yara chiqqan, ko‘zlari chaqchaygan Eshpo‘lat kirib keldi. Uning bir qo‘lida chelakda suv, bir qo‘lida bir bog‘lam beda bor edi.
− Meni qo‘rqitaman deb o‘yladingmi? Sen meni qo‘rqitmoqchi bo‘ldingmi?! − deya Eshpo‘lat tulporni qamchilay boshladi.
Oqqashqa holdan toydi. Eshpo‘lat qo‘lidagilarni eshik oldida qoldirib, tashqariga chiqib ketdi va shu bo‘yi qaytib kirmadi.
Tulporning dimog‘iga suv va beda hidi urilar, ochlikdan ichaklari ag‘darilib ketgudek bo‘lar, ammo yegulikka yetolmasdi. Boshini yerga solintirib turgan Oqqashqaning ko‘z oldiga Baxtiyor keldi: «Qani, tulporim, kel o‘zimga», derdi u jilmayib. Oqqashqa yegulik tomonga intildi. Baxtiyor: «Qani, qani, yana ozgina...» deb unga dalda berayotgandek bo‘lardi. Tulporning yuragiga quvvat kirib, yegulik sari intilaverdi.
Nihoyat, necha kundan buyon temir qoziqqa ishqalanib, noziklashib borayotgan arqon uzilib, tulpor yegulikka yetdi. Qonib suv ichdi. Kumir-kumir qilib beda kavshadi. So‘ng boshini solintirib, eshikka ko‘z tikib turib qoldi. Tuynukdan tushayotgan nur yorishdi... xira tortdi... Tulporning tag‘in qorni ochqadi.
Bir mahal eshik g‘ichirlab ochildi va Eshpo‘latning tirjaygan basharasi ko‘rindi. Uning qo‘lida nimadir yarqirab turardi.
− Bugun kuning bitadi, Oqqashqa. Sening bu yerdaligingni bilib qolishlarini istamayman. Go‘shtingni qazi-qarta qilib, Baxtiyorga yedirsam, manavi yerimdagi, − Eshpo‘lat ko‘ksiga mushtladi, − alamlarim doriydi, − deb vishilladi u. − Sening holdan toyishingni kutdim. Harom o‘lmasliging uchun ikki kunda bir mahal oldingga xashak tashlab turdim. Endi kuning bitdi, Oqqashqa...
Eshpo‘lat yeng shimarib, devordagi qoziqda osilib turgan arqonni qo‘liga olib, Oqqashqaga yaqinlashdi. Shunda tulpor shitob bilan tuyoqlarini baland ko‘tardi. Eshpo‘lat o‘zini o‘nglolmay o‘tirib qoldi. Oqqashqa qattiq kishnadi. Eshpo‘lat seskanib, boshini qo‘li bilan yashirdi... Tulpor yog‘och eshikka o‘zini urdi... Eshpo‘latning yuziga otning orqa tuyog‘i tegib ketdi. Atrof qorong‘i edi. Tulporning ko‘ksiga toza havo, dimog‘iga namchil beda isi urildi. Shamol, maysa va o‘t-o‘lanlar hidi, ozodlik ifori qalbini larzaga soldi. Suvning salqinini his etib entikdi. To‘yib suv ichgach, shamol bilan quvlashmachoq o‘ynayotgandek yugurib ketdi. Uzoq yugurdi. Ko‘z oldida Baxtiyorning siymosi turar, u Oqqashqani imlar, unga ozodlik va’da qilardi. Tongga yaqin qadrdon yerlarga yaqinlashganini sezdi, atrof ko‘ziga tanish ko‘rindi...

* * *

− Ota, otajon! − darvozadan yugurib kirgan Shahobiddin nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, gapirolmay qoldi.
− Hay, kallayi saharlab yana nima shovqin? − dedi oshxonadan rangi oqarib chiqib kelgan Hanifa. − Nima balo, otang ikkoving meni ajalimdan besh kun burun o‘ldirasanlarmi?
− Bedapoyaga borgandim, otimiz... otimizni ko‘rib qoldim. Ota, yuring, tezroq yuring, − deb Baxtiyorning yengidan tortqiladi Shahobiddin.
Baxtiyor o‘g‘liga ishonib-ishonmay qaradi:
− Chinmi, chindan ko‘rdingmi?
− Ha, ota, Oqqashqani ko‘rdim. O’zingiz yuring...
Oyog‘iga bir etigini kiygan Baxtiyor ikkinchisiga kalish ilib, o‘g‘li bilan ko‘chaga qarab yugurdi. Hanifa esa oshxona ostonasiga holsizgina o‘tirib qoldi.
Oqqashqa bedapoyada zo‘r berib kavshanardi.
Baxtiyor uni ko‘rishi bilan:
− Tulporim... mening tulporim, − deb pichirladi.
Boshini ko‘tarib silkigan Oqqashqa Baxtiyorni ko‘rdi-yu, kavshanishdan to‘xtab, tuyoqlarini baland ko‘tarib, bor ovozda kishnab yubordi. Shu tobda uning kuylagisi kelar, ich-ichidan bir qo‘shiq otilib chiqayotgandi. U tuyoqlari bilan yer depsinib, dumini gajak qilib, o‘yinga tusha boshladi. Tulpor diydor qo‘shig‘ini kuylayotgandi. Baxtiyor esa ko‘zlari quvonchdan porlab:
− Ha, jonivor-a, mening tulporim, gijinglab turishingga borman-da, − deb uning bo‘ynidan quchoqlab oldi. − Bormisan, qadrdonim?.. Oqqashqa... do‘stim...
Oqqashqa yayrab ketdi va bor ovozda kishnab yubordi.

* * *

Baxtiyor yana qaddini g‘oz tutgan, avvalgidek salobatli fermerga, mag‘rur chavondozga aylangandi.
− Baxtiyorboy, tulporingiz asl zotli-da, qarang, o‘g‘rilarni dog‘da qoldirib, qochib kelibdi, − deyishdi «qulluq bo‘lsin»ga kirgan qo‘shnilar.
− Shahob, bor, Eshpo‘lat amakingni chaqirib kel, − dedi Baxtiyor odamlarning oyog‘i tingach. − Aftidan, uyida emasga o‘xshaydi, haligacha daragi yo‘q.
Oradan chorak soat o‘tib, iziga qaytgan Shahobiddin noxush xabar bilan qaytdi:
− Amakim betob ekan.
− Unday bo‘lsa, borib ko‘rish kerak, − deya o‘rnidan qo‘zg‘aldi Baxtiyor.
Darvozadan kiraverishdagi qoziqqa bog‘langan Oqqashqa uning yo‘lini to‘sdi: «Do‘stim, do‘stingdan hushyor bo‘l».
− Men darrov kelaman, oshnamiz betobmish, ko‘rib kelay, − deya Baxtiyor tulporning yolini silab, ko‘chaga yo‘l oldi.
Tulpor achchiq alam bilan kishnab yubordi. Baxtiyor ortiga o‘girildi: Oqqashqa boshini xam qilib, yerga ko‘z tikib turar, uning ko‘zlari yoshlangandi.
− Sen xafa bo‘lma, oshna, men darrov kelaman. Hali sen bilan gaplashadigan gaplarimiz bor.
Tulpor kiprigini pirpiratib qo‘ydi.
Baxtiyor Eshpo‘latning uyiga kirib borganda, u ayvon chetidagi so‘rida yonboshlab yotgandi. Yuzining bir tarafi ko‘karib ketgan, ko‘zlari bejo boqardi.
− Tuzukmisan, og‘ayni? − dedi Baxtiyor uning yoniga o‘tirib.
− Oting topilibdi, qulluq bo‘lsin... − deya ko‘zini olib qochdi Eshpo‘lat.
− Sengayam katta rahmat, biz uchun jon kuydirding, − deb Baxtiyor uning yuz-ko‘zlariga sinovchan boqdi... − Yuzingga nima bo‘ldi, oshna?
− Shu... shu desang, devorga urib oldim, − dedi Eshpo‘lat ko‘zi bilan yer chizib.
Baxtiyor yaxshilab razm soldi. Eshpo‘latning yuzida otning tuyog‘idan qolgan iz borligini ilg‘adi. Baxtiyorning ko‘ngli allanechuk g‘ash tortib, Eshpo‘latning ko‘zlariga tikildi. Do‘sti ko‘zini olib qochdi. Baxtiyorning ko‘nglidagi xijillik kuchaydi. Yerga qarab o‘y surib qoldi. Ko‘z oldiga darvozadan chiqayotganda Oqqashqaning norozi kishnagani keldi. Shunda beixtiyor fotihaga qo‘l ochdi:
− Dardingga shifo bersin.
U negadir «do‘stim» deya olmadi. Shitob bilan o‘rnidan turib, Eshpo‘latning hovlisidan chiqib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.