OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamroxon Musurmonova. Kelinchak (hikoya)

Ertalab buvim negadir nonushtaga chiqmadi. Dadam ichkariga bezovtalanib qarab qo‘yar, biz esa undan oldin dasturxonga qo‘l cho‘zishga odatlanmaganimiz bois betoqatlanib o‘tirardik. 
– Ayam nima qilyapti?  – dedi dadam.
– Ertalabdan sandiq ochibdilar, latta-puttalarni saralab o‘tiribdilar, mensiz choy ichishaversin, deyaptilar. 
– Tinchlikmi, o‘zi?
Ayam yelkasini qisdi:
– Bilmasam. Oyimning nima o‘ylayotganini o‘zidan boshqa birov bilarmidi. Bugun Nazira xolaning to‘yi-ku. Shunga tayyorlanayotgandir-da.
Buvim nonushta qilib bo‘lganimizdan keyin chiqib keldilar. Sochlarini yuvib, silliq qilib o‘rib, uchiga oq paxta pilik taqib olibdilar. O‘zlariga oro berib, chiroyli ko‘ylaklarini ham kiyibdilar. Ko‘rinishidan juda xotirjam, hatto nimadandir mamnun edilar.
– Tuzukmisiz, aya? – deb hammadan oldin dadam so‘rashdi.
Biz ham navbati bilan salom berdik. Buvim mening yelkamga qoqib, singlimning peshonasidan o‘pib qo‘ydi. Papkamni olib, ko‘chaga qarab yugurishni mo‘ljallab turganimni sezib darhol bilagimdan ushladi. 
– Shoshma, bolam, birpas shoshmay tur. Kelinchakka bir narsa bervorishim kerak, uyi shundoq yo‘lingda, tashlab o‘tasan.
Mahallamizdagi kelinchaklarni ko‘z oldimga keltirib: 
– Qaysi biriga?  deb so‘radim. 
– Maftunaning buvisi bor-u, o‘sha Kelinchakning to‘yi bugun, – dedi buvim hayratlanarli mamnunlik bilan.
Angrayib qoldim. Maftunaning buvisi Nazira kampir. Uni hammamiz katta buvi deb chaqiramiz. Nahotki, shu buvimiz erga tegayotgan bo‘lsa?! Tavba! Axir u kamida yetmish yoshda-ku... Choli Rahmonberdi buva yaxshi kishi edi. Katta bog‘i bor edi. Bog‘i etagi poliz, qovunlari hammanikidan oldin pishardi. Uzumlari, anorlari har yili g‘uj-g‘uj xosil qilardi. Meva pishganda biz bolalar bog‘ atrofidan ketolmay qolardik. Chaqqonrog‘imiz bir ikki bosh uzum uzib qochishni ham uddalardik. Rahmonberdi buva mevalaridan butun mahallaga ulush tarqatardi. Meni hayron qoldirgan narsa, bog‘dagi ishkomlarida uzumdan ko‘ra bedana qovog‘ining ko‘pligi edi. Eshikdan kirishingiz bilan bedanalar biri qo‘yib biri sayrar, Rahmonberdi buva esa, “Ha tovushingdan, akang aylansin”, deb baqirib qo‘yardi. U ikki yil oldin qazo qilgan. O‘shanda ikkinchi sinfda o‘qirdim. Nevaralariga qo‘shilib butun mahallaning bolalari yig‘laganmiz. Endi bo‘lsa, kampiri kelinchak bo‘layotganmish. Buvimni xursand qilayotgan bu yangilikdan negadir achchig‘im chiqdi. Buvim qo‘limga tutqazgan tugunchani olib, esankirab yo‘lga tushdim.
 Menga qara, hay bola, bu to‘yona ekan, uydagilar sal kechroq kelisharkan, deb aytgin, deya ortimdan tayinlab qoldi buvim.
Ayam birinchi sinfda o‘qiyotgan singlim Dilraboni kiyintirib eshik oldida poylab turgan edi. Beixtiyor singlimning qo‘lidan ushladim.
– Dil, sen Nazira buvini taniysanmi? 
– Ha, Maftuna opaniyam taniyman, – deya bijillab javob berdi singlim.
Bugun o‘sha kampirning to‘yimish.
Ayam to‘yga qatlama pishirarkan. Keyin buvim ikkalasi borib kelisharkan.
– Yetmish yoshidayam kampirlar kelinchak bo‘ladimi?
– Bilmasam. 
Ko‘z oldimga siyraklashgan oq sochiga tangali qora sochpopuk taqib, boshiga har doim yashil ro‘mol tashlab yuradigan Nazira buvi keldi. U boshqa kampirlardan ko‘ra oliftaroq kiyinadi. To‘ylarga maxsi-kalish emas, chiroyli yaltiroq amirkon kovush kiyib boradi. Qaddini g‘oz tutib, kerilibroq yuradi. Hech kimga gap bermaydi. Buvimning aytishicha, uning kerikligi ham o‘ziga yarasharkan. Shu tobda Nazira buvini kelinchaklar to‘y kuni kiyadigan oq fatoda tasavvur etib, birdan piqillab kulib yubordim.
– Ha, aka, nimaga kulyapsiz?  – dedi Dilrabo hayron bo‘lib.
 – Nazira buviga oq to‘r ko‘ylak qanaqa turarkan, a?  – dedim kulgidan o‘zimni to‘xtatolmay.
Dilrabo menga yalt etib qaradi-da:
– Jinnimisiz, unaqa ko‘ylak kiymasa kerak, – dedi-yu birdan qiqirlab kulib yubordi. – Rostdan ham kelin ko‘ylak kiysa-ya?..
Aka-singil Nazira buvini to‘rdan tikilgan, oq ko‘ylakda tasavvur etib rosa kulishdik.
– Sochini qanaqa qildirarkan? – dedi Dilrabo munchoqdek ko‘zlarini menga tikib quvlik bilan. – Salondan sartarosh olib kelarmikan?
Ana endi tasavvur eting, Nazira buvining kumushrang sochini sartarosh avval qoraga bo‘yasa, sochpopuklarini olib tashlab, allambalo burama gajak qilib boshiga turmaklab qo‘ysa. Rosa hangoma bo‘lardi-da, o‘ziyam. Hali qishlog‘imizda hech qaysi kampir bunaqa kelinchak bo‘lmagan. Aka-singil gaplashib kulishib borarkanmiz, yo‘limizdan Dilraboning dugonasi Saida chiqib qoldi. Dilrabo uning oldiga yugurib borib Nazira buvining to‘yi bo‘layotgani haqidagi xabarni yetkazdi.
– Buni men ham bilaman, – dedi Saida o‘zini bilag‘onlardek tutib.
Bu gapdan Dilraboning bir oz g‘ashi keldi-da:
– Kelinchak bo‘larkan, oppoq kelin ko‘ylak ham kiyarkan, buvim aytdi,  – deb yubordi.
Saidaning uzun kiprikli munchoqdek ko‘zlari pirpirab ketdi.
– Rostdanmi?
 – Ha. Menimcha salondan sartarosh olib kelishsa kerak, axir oq kelin ko‘ylak kiygandan keyin sochini ham tuzatish kerak-ku, – dedi singlim dugonasini hayratda qoldirganidan sevinib.
Ikkalasi bijir-bijir qilib, Nazira buvi qaysi salondan sartarosh chaqirishini muhokama qila boshlashdi. Yana ikkita qiz ularning safiga qo‘shildi. Yo‘l-yo‘lakay men ham o‘rtoqlarimni uchratdim. Nazira buvining to‘yi bo‘layotganidan hamma xabardor edi. Oq kelin ko‘ylak kiyib, sochini allambalo qilib turmaklatishini eshitganda bolalar avval xoxolab kulib yuborishar, keyin esa negadir jim bo‘lib, mayus tortib qolishardi.
Nazira buvinikiga yetib borganimizda kelinlari darvoza yonidagi stolga shirinliklar qo‘yib bezatayotgan ekan. Buvimning omonatini olib kelganimni aytdim.
– Shu yerga qo‘ya turing, obkirib beraman,  – dedi kenja kelini.
Buvim, tag‘in birov yarimga tutqazib ketmagin, kelinchakning o‘ziga olib kirib ber, deb tayinlaganini eslab, tugunchani mahkam bag‘rimga bosdim.
– Mayli, uyga kira qoling, – ichkariga ishora qildi Maftunaning ayasi.
Nazira buvi ichkari uyda nimadir yumush bilan ovora ekan. Inqillab-sinqillab chiqib kelguncha hovlining o‘rtasida poylab turdim. Egniga qora xon atlasdan ko‘ylak, boshiga yaltiroq ro‘mol o‘rab olibdi. Qoshiga qalin qilib o‘sma qo‘ygan, sochlarini ham yaqindagina yuvganmi, yaltillab turardi. Yelkamga qoqib ko‘rishayotganida barmoqlariga qo‘yilgan xinaga ko‘zim tushdi. Nazira buvidan juda yoqimli bir is kelayotgandi.
– Buvim kechroq kelarkanlar, manavini sizga berib yubordilar, – dedim tugunchani uzatib, – to‘yona ekan.
– Buving sira tinib-tinchimaydi. Bekorga ovora bo‘libdi-da, hay mayli, men ham unga to‘ylarida qaytaray,  – deya qo‘limdagi tugunni oldi u.
Birdan qotib qoldim: “To‘ylarida qaytaray deydimi? Nima, o‘ziga o‘xshab buvimniyam qariganda kelin bo‘lishini istayaptimi?”
– Rahmat bolam, shoshmay tur, – deya Nazira buvi ichkariga qarab katta kelinini chaqirdi: – Hay, Bo‘stonoy, manavi toy bolaga katta buvisining to‘y konfetidan olib chiqib bering, aylanay. O‘rtoqlari bilan bo‘lishib yesin.  
Keyin u menga o‘girilib, sochimni siladi-da,  – Darsdan chiqqaningdan keyin to‘g‘ri shu yoqqa kelaver o‘g‘lim, amakilaring yaxshi artistlarni chaqirishgan, tomosha qilib ketasan,  – dedi.
– O‘rtoqlarimniyam olib kelsam bo‘ladimi?
– Mayli, olib kelaqol. To‘y bolalar bilan fayzli-da, oynonay, olib kela qol, – deb lo‘mbillab qadam tashlagancha, soch popugidagi tangalarini jiringlatib ichkariga kirib ketdi.
Bo‘ston xola bergan bir siqim konfetni olib eshikka chiqayotganimda Nazira buvining o‘g‘illari stol-stullarni hovliga olib kirayotganini ko‘rdim-u, yana birpas angrayib qoldim. “Onalarini indamay erga berishaveradimi, bular”, degan o‘y o‘tdi ko‘nglimdan.
 – Sherzod, dadang yaxshimi, – dedi Maftunaning dadasi Xalil amaki.
– Yaxshi.
– To‘y qilyapmiz, maktabga bormay qo‘ya qol.
– Ustozim urishadi-da.
– Dadamning oshnasi ayasiga to‘y qilayotgan ekan, qarashdim, deysan.
Negadir Xalil amakini yomon ko‘rib ketdim. Tavba, sira ori yo‘qmi bu odamning, ayasini qariganda erga berib, tag‘in, buni hammaga maqtanishini-chi. Yana artistlarning zo‘rlarini ham chaqirib qo‘yishibdi.
Maktabga borganimda hammaning og‘zida duv-duv gap yurardi: “Nazira buvi kelinchak bo‘layotgan ekan. U oq kelin ko‘ylak kiyib, sochini rosa chiroyli qilib turmaklatarmish”. Bu xabarning yoniga eng zo‘r artistlar kelib o‘yin ko‘rsatishini qo‘shib qo‘ydim.
– Nazira buvi bizni to‘yiga chaqiryapti, – dedim sinfga kirgach, – bormasak xafa bo‘ladi. To‘y bolalar bilan fayzli, deb alohida taklif qildi.
– Rostdanmi?  – deyishdi sinfdoshlarim suyunganlaridan qiyqirgudek bo‘lishib.
Deraza osha dangir-dungir musiqa, karnay-surnay tovushi eshitilib turganda, quloqqa saboq kirarmidi. Zo‘rg‘a chidab o‘tirdik. Darslar tugashi bilan to‘yxonaga jo‘nadik. Ana endi Nazira buvining qanday kelinchak bo‘lishini tomosha qilsak bo‘ladi. 
– O‘zi, Nazira buvi kimga tegayotgan ekan? – dedi sinfdoshim Mansur.
Beixtiyor yelka qisdim.
– Bunisini so‘ramabman.
Kuyov bu yerlik bo‘lmasa kerak,  deyishdi bolalar.  Chunki qishlog‘imizda Nazira buviga uylanadigan cholning o‘zi qolmagan.
Oq kelin ko‘ylak kiyishini hisobga oladigan bo‘lsak, Nazira buvi shaharlikka turmushga chiqayotgandir, deya gapga aralashdi qizlar. Qishlog‘imizning chollari baribir unga to‘r ko‘ylak kiydirishmasdi.
To‘yxonaga kirib bordik. Bizni darvozaga yaqinroq qo‘yilgan bir chekkadagi stolga o‘tqazishdi. Mehmonlar ko‘p edi. O‘yin-kulgi avjida. Davradagi keksalar orasidan kuyov bo‘lmish cholning kimligini aniqlamoqchi bo‘lib atrofga alangladim. Chollarning hammasi po‘rim kiyingan, chaqchaqlashib o‘tirishardi. Nazira buvining o‘g‘illari-qizlari, kelinlari galma-galdan davraga chiqib o‘yinga tushishyapti. “Qarib qolgan onasini erga berayotgan bolalari nega buncha suyunyapti”, deb hech kim hayron bo‘lmaydi. Bir mahal eshikdan buvim bilan ayam ham kirib kelishdi. Oq yaltiroq ko‘ylagi ustidan chiroyli qora kamzul kiyib olgan Nazira buvi qaddini g‘oz tutib buvimga peshvoz yurdi.
– Voy, aylanay kelinchak, to‘ylaringiz qulluq bo‘lsin, – dedi buvim unga quchoq ochib.
– Sizgayam nasib qilsin, yangajon, – deya buvimni bag‘riga bosdi Nazira buvi.
Bir seskanib tushdim. “Nima, bu kallasi aynigan kampir, buvimniyam kelinchak bo‘lishga ko‘ndirmoqchimi? Bunga o‘la qolsam rozi bo‘lmasman!”
Bu orada ayam bilan buvimni ichkariga olib kirib ketishdi. Biz o‘yin-kulgiga andarmon bo‘ldik. Davrani boshqarayotgan gapga chechan kishi bir payt buvimni mikrafon yoniga chaqirib qolsa bo‘ladimi.
– Biz kelinchak bilan ellik ikki yildan beri qadrdon dugonamiz,  – dedi buvim. – Boshimizdan ne savdolar o‘tmadi. Hammasini birgalikda yengib, bugungi dorilomon kunlarga yetib keldik. Bolalarimiz ham bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lib o‘sishdi. Kelinchakning bolalari aqlli-hushli.
“Aqlli-hushli bo‘lsa yetmishga kirgan onasini erga berarmidi”, – deb o‘yladim.
– O‘sha paytda bizning kelinchak, hammadan suluv edi,  – deya gapida davom etdi buvim. – Mana yetmishga kiribdi hamki, u hammamizdan ko‘rkam. Kelinchak, ilohim umringiz uzoq bo‘lsin. Bolalarning rohatini, nevaralarning to‘ylarini ko‘ring.
Halidan beri ba’zi o‘rtoqlarim Nazira buvining kelin bo‘layotganiga ishonib-ishonmay o‘tirishgan edi. Buvimning gapidan keyin qulog‘imga:
– Rostdan ham Nazira buvi kelinchak bo‘layotgan ekan-da,  – deb pichirlab qo‘yishdi.
Shu mahal anavi chechan kishi buvimga savol berib qoldi:
– Xanifa buvi, nega Nazira buvimni kelinchak deysiz? Axir yetmish yoshida ham odam kelinchak bo‘ladimi?
Biz bir-birimizga ma’noli qarab, sergaklanib buvimning gaplariga quloq tutdik.
– Oh bolam-ey, o‘zim oynonay sizlardan, – dedi buvim. – Men bu qishloqqa ellik ikki yil avval kelin bo‘lib tushganman. O‘shanda mana shu qaynisinglim yangi kelinchak bo‘lgan edi. U paytlar erning qarindosh-urug‘larini ulug‘ tutib, otlarini aytmaslik urf edi. Ha, shunaqa chiroyli odatimiz bor edi. Shundan beri kelinchakning otini aytmadim. Men uchun u haliyam o‘sha  suluvgina kelinchak, – dedi buvim.
Birdan odamlar o‘rnidan turib chapak chalib yuborishdi. Nazira buvi buvimning yoniga yo‘rg‘alab keldi-da, mahkam bag‘riga bosdi.
– Yetmish yoshingiz muborak bo‘lsin, kelinchak, – dedi buvim titroq tovushda.
– Sizga ham shunday yoshlar nasib etsin yangajon, –  dedi unga javoban Nazira buvi.
O‘rtoqlarim bilan biz kattalarning bu gaplari mag‘zini anglamagan bo‘lsak-da, hayronu lol holda ularga qo‘shilib chapak chalardik.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.