OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hojiakbar Shayxov. Pushtirang falokat (hikoya)

Ko‘zimni arang ochib, bir oz o‘zimga kelganimda, butun tanam do‘qillab og‘rir, miyam joyidan xuddi o‘pirilib chiqmoqchiga o‘xshardi. Buiing ustiga og‘zim nihoyatda bemaza, allaqanday dori-darmon, odamlar, qon, ter va yuzlab boshqa narsalarning hidlari dimog‘imni yorib yuborguday vujudimni zirqiratar, nazarimda bunchalik g‘ayritabiiy o‘tkir hidlarni umrim bino bo‘lib birinchi his qilishim edi.
Shu payt tepamda oq sharpalarni ilg‘adim. G’o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitildi. Ovozlar garchand oq sharpalardan chiqayotganini sezsam ham ular menga nihoyatda uzoqdan kelayotganday tuyulardi.
- Yangilik eshitdingizmi?— dedi sharpalardan biri do‘rillab,— ajabo, bu tovush meiga juda tanish edi,— «Olmos» kosmik kemasi bir soat oldin Urandan qaytibdi. Hozirgina telegazetada e’lon qilishdi.
- O, shunday deng,— bu zndi ayol kishining ovozi edi,—o‘zlari ham o‘n yil uchishdi shekilli, azamatlar.
- Ha, roppa-rosa o‘n yil! Hozir kosmoportda karantin muddatini o‘tayotgan ekan.
Shu payt sharpalardan biri tepamda engashdi-da, xayajonli ovozda:
—    Shuhrat Salimovich, u ko‘zini ochayapti!— deya xitob qilib.
Shuhran Salimovich... Juda tanish ism... Qiziq, men qaerdaman? Bular kimlar o‘zi?
Ko‘zimni kattaroq ochib gapirmoqchi bo‘ldim-u, lekin bo‘g‘zimdan itning xirillaganiga o‘xshash ovoz chiqara oldim. xolos.
—    Juda soz!—ovozidan erkakning ham hayajonga tushgani aniq edi.— Hammasi kutilganday bo‘lyapti. Bugun u o‘ziga keladi. Bir hafta o‘tgach esa, xotirasi tiklanib, o‘rnidan turishi kerak.    
- Qarashlarida hozircha hech qanday ma’ni yo‘q. Lekin tomir urish va nafas olishi maromida,— dedi ayol, keyin picha sukut qilgach, yana davom etdi:
- Qiziq, u vujudini itning tanasida ko‘rib, o‘zini qanday his qilarkan?
- Hech qanday. So‘nggi o‘n yil ichida birinchi shogirdi sifatida xulq-atvorini ipidan-ignasigacha o‘rganib chiqishga muvaffaq bo‘ldim. Uning irodasi po‘latday mustahkam.
Yana bir necha daqiqalik sukutdan so‘ng Shuhrat Salimovich qandaydir ko‘tarinki kayfiyatda davom etdi:
—    Qo‘z-quloq bo‘lib turing, Svetlana Nazarovna.Bugun-erta nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Shu bir hafta ichida oyoqqa turib ketsa, ishimiz besh! Ana o‘shandan so‘ng tasavvur qilib ko‘ring! Bizning bu eksperimentimiz butun jahonga dovrug‘ soladi! Siz bilan bizni telegazetalarga yozishadi, Umumsayyora Axborot Tarmog‘i to‘lqnnlarida namoyish qilishadi...
Sharpalar va ovozlar mendan uzoqlasha boshlaganini his qilyapman. Mana, ularning hidini ham butkul sezmay qo‘ydim.
Men bari bir hech narsaga tushuna olmagandim. Bular kimlar o‘zi? Nega ularning ismlari menga bunchalik tanish? Nega endi ular Yerga qaytgan qandaydir kosmik kema, allaqanday eksperiment, keyin jahonga dovrug‘ solish haqida gaplashishdi? Men nega bu yerda yotibman? Umuman, men kimman o‘zi?..
Qiziq, uchib ketyapman shekilli? Ha, osmonu falakka ko‘tarilyapman. Osmon shunday issiqki, nazarimda kimdir olov purkayotganday. Qittak ham shamol yo‘q. Bo‘g‘ilib o‘lish hech gap emas. Darvoqe, yanglishmasam, Kimdir meni bo‘g‘yapti. Ha! O’sha oq sharpalardan biri. Qaytib kelibdi. Yo‘q, u tanamga nimadir sanchyapti. Men unga sanchitib bo‘pman! Me-en un-ga san... chi... tib... bo‘p... Voff...
...Voff!.. Sal shamol turdi shekilli. Xayriyat. Bari bir boshim zirqirayapti. Xuddi birov uning ichiga qo‘lini tiqib, miyamni tatalayotganday. Hidlar... Hidlar... Bu yerda hidlar shu darajada turli-tuman va shu dara-jada o‘tkirki, go‘yo hozir dimog‘imni tilkapora qilib yuboradiganday...
Oradan ancha kunlar o‘tdi.
Bu paytga kelib men yuqoridagi deyarli hamma savolimga javob topishga ulgurgandim. Boshimning og‘rig‘i ham ancha kamaygan, Shuhrat Salimovichning aytishicha, «alahsirashlarim» ham butunlay qolgandi. Shuhrat Salimovich — mening sobiq yordamchim, meditsina fanlari kandidati, dotsent. Sobiq deyayotganimning boisi, hozir u mening lavozimimni egallagan, ya’ni jarroh-lik klinikasiga rahbarlik qiladi. Men esam, oshini oshab, yoshini yashagai keksa professor, buyragim bedavo kasalga yo‘liqqach, o‘zimni fan taraqqiyoti yo‘lida qurbon qilishga qaror qildim. Men o‘z miyamni, undagi barcha xotira molekulalarini fanga tortiq etdim. Dastlab bu qaltis ishni miyamni biror yoshga tavsiya qilish yo‘li bilan amalga oshirmoqchi bo‘ldim. Lekii, afsus, bunday yoshlar topilmagach, uni sevikli tozi itim — Qorako‘zga ko‘chirib o‘tkazishni rejalashtirdim. Bu fikrimni Shuhrat Salimovichga aytganimda, dastlab u hayratga tushdi. Bu ish mutlaqo aqlga to‘g‘ri kelmasligini aytib, o‘sha zahoti e’tiroz bildirdi. Lekin men bir oylik umrim qolganmi, yo‘qmi ekanini, bari bir vujudim yaqinda mangu yo‘qlik qa’riga ravona bo‘lishini, o‘zida g‘oyatda ko‘p bilimlarni jamlagan miyam esa, hali ko‘p foyda keltirishini aytganimdan so‘nggina bu haqda o‘ylab ko‘rish kerakligini bildirdi.
U shundan so‘ng menga bir necha kungacha ko‘rinish bermadi. Oradan bir hafta o‘tgachgina huzurimga kirib keldi. Meni bu paytda sun’iy buyrak laboratoriyasida davolashmoqda edi. Buyragim ishdan chiqqanligi tufayli meni baland kushetkaga yotqizib, qon tomirlarimni organizm faoliyatini vaqtincha mo‘‘tadil ishlatuvchi sun’iy buyrak apparatiga maxsus trubkalar yordamida ulab qo‘yishgandi. Shuhrat Salimovichning qovog‘i soliq edi.
—    Siz menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatdingiz, ustoz,— dedi u qandaydir bosiq ovozda,— ham jarrohlik asoslarini, ham odamiylik sirlarini. Sizni otamdan ham afzalroq ko‘raman. Menga qolsa, buyragingizni almashtirib, umringizni yana...
Uning bu pessimistik ruhdagi gapini darrov bo‘ldim:
—    Hojati yo‘q! Axir aytdim-ku, men oshini oshab,yoshini yashagan odamman. Mana, suyak va tanalarim hilvillab yotibdi. Boring ana, buyragimni almashtirdikham deylik. Lekin bugun buyrakni yangilasam, ertaga o‘pka yoki jngarimni, indinga yana boshqasini almashtirish lozim bo‘ladi. Axir, qarilik qariligini qiladida! Umuman inson qarigaida umrini uzaytirishdan qanday naf ko‘rishi mumkin? Bu menimcha, g‘irt ahmoqlik. Bu qo‘shimcha iztirob degan gap-ku, axir!..
Men bu gaplarni xastaligim uchun xiyla zaif ovozda aytgan bo‘lsam ham, ular yigitga ta’sir qilmay qolmadi, albatta. Fursatni o‘tkazmaslik kerak edi. Shuning uchun yana «hujum»ni kuchaytirdim:
— Insonning tanasi, organizmlari qariydi. Lekin uning miyasi, unda butun hayoti davomida jamlangan bilimlari va xotiralari, qalbi — agar u jismoniy xastalikka mubtalo bo‘lmasa,— hech qachon qarimaydi.Modomiki shunday ekan, nega ulardan inson ehtiyojlarini qondirish yo‘lida foydalanish mumkin emas, masalan, mening miyamni itning miyasiga ko‘chirib o‘tkazsang, mening tanam yo‘qolgani bilan, sen o‘z maslahatgo‘ying, ustozingdan ayrilmagan bo‘lasan. Agar o‘sha menint miyam o‘tkazilgan «aqlli» it bilan fikr almashish metodikasini o‘zlashtirib olsang, (bu esa, - menimcha,qiyin emas) biz sen bilan to keksayguningcha ilmiy va ijodiy hamkorlikni bemalol davom ettiraveramiz.
— Bunday murakkab operatsiyalarni odamlarda sira sinab ko‘rmaganmiz, professor, bu yog‘i qandoq bo‘ladi;axir?!
— Hechqisi yo‘q. Axir ularni qachondir kimdir boshlashi kerak-ku! O’sha kimdir biz bo‘lsak nima bo‘pti.
- To‘g‘ri-ku-ya...    
- Operatsiyaning muvaffaqiyatli o‘tishiga esa, mening imonim komil. Bunday operatsiyalarni hayvonlar, shu jumladan maymunlarda ozmuncha amalga oshirganmizmi!.. Bu ishdagi muvaffaqiyatlarimiz uchun mana sen mukofotga ham sazovor bo‘lding...    
- Shunday-ku-ya...
- Bunday operatsiyalarning deyarli hammasida muvaffaqiyatga erishganmiz. O’ylaymanki, endi eksperi» mentlarimizni odamlarda davom ettirish uchun fursat yetdi!     
- Nima desam ekan…
- To‘g‘ri, bizga bu qaltis operatsiyani o‘tkazishga ruxsat bermasliklari mumkin. Nima bo‘pti? Ishni yashirin holda olib boramiz. Masalan, operatsiyani sen, assistent Svetlana Nazarovna va yana ikki hamshira amalga oshirasizlar. Bu haqda boshqa hech kim hech narsa bilmasligi kerak, vassalom. Ishimiz muvaffaqiyatli chiqib, ijobiy natijalarga erishsak, ana uholda bu haqda e’lon qilish mumkin. Ana unda biz mislsiz kashfiyotni qo‘lga kiritgan bo‘lamiz!..    
— ...Nima ham derdim. Umuman, men rozi!.. ..— Mana bu boshqa gap! Bo‘lmasa, operatsiyaga shu bugundanoq tayyorgarlikni boshlash kerak...
Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Oradan roppa-rosa yetti kun o‘tgach, o‘zim yotgan reanimatsiya palatasidagi narsalarni ilk marta aniq ajrata boshladim. Ana, tepamda kislorod yashikchasi. Karavotimning o‘ng tomonidagi stolda allaqanday meditsina apparatlari. Tumbochka. Stul.
Qo‘limni ko‘tarmoqchi bo‘lgandim, eplay olmadim. Hamma yog‘im karavotga bog‘lab tashlangan edi. Ana shunda butun tanamni qo‘ng‘ir tusli jun bosib ketganini ko‘rib, hushim boshimdan ucha yozdi. Ushandagi ahvolimni bir ko‘rsangiz edi. Gavdamning bo‘ydor tozi it qiyofasidaligini sezgach, vujudim qaltiray boshladi. Shu payt eshikdan avvalgi oq sharpalar emas, balki rosmana sobiq yordamchim bilan Svetlana Iazarovna kirib kelishdi-yu, menga hamma narsa ravshan bo‘ldi qoldi. Xotiramning bunday keskin tiklanishi hali ancha xasta va zaif miyam hamda boshqa organizmlarim uchun og‘irlik qildi shekilli,ko‘zlarim nursizlanib, battar majolsizlandim, boshim aylanib ketdi.
Shuhrat Salimovichning ovozi juda uzoqdan eshitildi:    
— Ahvolingiz qalay, professor?— vaholanki, ; u shundoq tepamda engashib turardi. U menga, it qiyofasidagi bir maxluqqa «professor» deb murojaat qilayotgani menga juda erish tuyuldi. Shunday bo‘lsa ham unga «yaxshi» degan ma’noda ko‘zimni yumib javob qaytardim.
— Yo ajab, qarashlari naqadar ma’noli!—Bu hayajonli xitob Svetlana Nazarovnaning og‘zidan chiqqandi. Mening so‘zlay olmasligimni bilsa ham, Shuhrat Salimovich menga qarab gapirishda davom etdi:
— Biz ham shunday deb o‘ylaymiz, professor. Ahvolingiz yomon emas. Yana uch kundan keyin turib yura boshlasangiz ham bo‘ladi. Lekin hozir bizni qiynayotgan birdan-bir masala — siz bilan bevosita fikr almashish metodikasini aniqlash. Yodingizdami, siz, bu qiyii muammo emas, deb aytgan edingiz. Siz birmuncha    haq edingiz, albatta. Biz siz bilan avvalo telepatik usulda, ya’ni fikran gaplashishimiz mumkin. Lekin bu usulni o‘zlashtirib olish uchun kamida ikki-uch yil mashq qilishimiz kerak. Bundan tashqari fikrlaringizni maxsus apparat vositasida magnit plyonkasiga yozib olib eshitishimiz, xuddi shu uslubda sizga ham o‘z gaplarimizni uzatishimiz mumkin. Biroq bu ham unchalik effektiv usul emas. Chunki doimo o‘zimiz bilan katta apparatni olib yurishimiz lozim bo‘ladi. Fikr almashishga ham ancha vaqt yo‘qotamiz... Xullas, biz hozir izlanyapmiz, professor. Bu haqda o‘shanda sizning uzil-kesil fikringizni bilib olmaganimga hozir juda afsuslanyapman...
Ular meni yana holi qoldirishdi. Xayolga cho‘mdim. Chuqurroq o‘ylab ko‘rsam, odamlar bilan og‘zaki muloqat qilish ilgari men o‘ylaganchalik oson ish emas ekan. Men o‘shanda dastavval og‘zaki gaplashishni nazarda tutgandim. Axir dunyoda uch-to‘rt og‘iz so‘z ayta oladigan itlar ham yo‘q emas-ku! Demak, itlar odamga o‘xshab gapira olishlari mumkin. Ayniqsa, odamga o‘xshab mu-shohada qila oluvchi itlar!.. Lekin operatsiyadan so‘ng o‘zimga kelgach, gapirishga birinchi intilishimning o‘ziyoq yuqoridagi fikrlarimni chippakka chiqardi. Men har qancha kuchanib-tirishmay, «voff» degan yoki xirillagan ovozlarni chiqarishgagina qodir edim, xolos. Yana kim biladi, kelajakda balki odamlardek gapirishga ham musharraf bo‘larman. Biroq ishonchim komilki, buning uchun kam deganda uch-to‘rt yil mashq qilishim zarur.
Hozircha men uchun o‘zgalar bilan gaplashishning birdan-bir yo‘li ko‘zlarim edi. Ko‘zlarimning g‘oyatda serifodaligi Svetlana Nazaroznani bejiz hayratga sol-magan bo‘lsa kerak...
Bu kutilmagan xulosamdan kayfiyatim ancha yengillashganday bo‘ldi. Lekin hidlar... . Ha, hidlar hamon mening go‘yo butun vujudimga hukmdorlik qilardi. Bir hisobdan Qorako‘zning nerv to‘qimalari bu hidlarning hammasi odatdagi, tanish hidlar ekanini aytib tursa, professor uchun bu sira ko‘nikib bo‘lmaydigan hol edi. Qorako‘z gavdali, quloqlari bo‘rinikiday dikkaygan, iskaptopar tozi it edi. Uning hid to‘qimalari g‘oyat darajada taraqqiy etgan bo‘lib, ovni bir iecha o‘n kilometrdanoq sezar, keyin bezovtalanib, vovullaganicha meni o‘sha tomonga boshlardi...
Meni ilk marta tashqariga olib chiqqanlarida, kundalik va oddiy hidlarga deyarli o‘rganib ulgurgan edim...
O’sha kuni klinika xiyobonida Shuhrat Salimovich bilan yonma-yon borardim, odamlarda biror shubha uyg‘otmaslik uchun u bo‘ynimga ip bog‘lab, bir uchini o‘zi ushlab olgandi. Xiyobonda aylanib yurganlar menga qiziqsinib tikilishar, bolalariga ko‘rsatishar, «vuy kattaligini!»—deb qo‘yishardi. Shuhrat Salimovichning bir-ikki tanishi hatto:
—    O’zingizning itingizmi, doktor, juda chiroyli ekan!— deb gap ham otib qo‘yishdi.
Bir payt... Bir payt shimol tomondan mutlaqo notanish bir hid kelib dimog‘imga urildi-yu, beixtiyor to‘xtab qoldim. Qorako‘z nomidan qasamyod qilishim mumkin: bunday hid ilgari yer yuzida hech qachon bo‘lmagan! Bu, garchand bilinar-bilinmas bo‘lsa ham, na qiyosini va na ta’rifini qilib bo‘ladigan shunday yoqimsiz hid ediki, undan, hatto, badanlarim junjikib ketdi.
Shuhrat Salimovich ham to‘xtab, menga savol nazari bilan tikilarkan, ovozini pasaytirib:
—    Nima gap, professor?— deb so‘radi.
Uning hech narsadan bexabar osoyishta yuziga boqarkanman, odamlar bunday nozik hidlarni sezishga qodir emasliklarini esladim. Umuman, hid bilish qobiliyati itlarda odamlarga nisbatan bir necha o‘n marta yaxshiroq taraqqiy qilgan-ku!
Men ko‘zlarimni darrov Shuhrat Salimovichning nazaridan olib qochdim. Chunki savoliga javob berishga ojiz edim.
Shu-shu men o‘z o‘timda o‘zim qovurila boshladim. Hid tufayli bezovtaligim kundan-kunga orta berdi. Ustiga-ustak qalbimda kechayotgan hissiyotlarimni hech kim bilan o‘rtoqlasha olmasdim. Bora-bora xiyobonga chiqishga ham yuragim bezillaydigan bo‘lib qoldim. Chunki-notanish hid garchand bilinar-bilinmas darajada bo‘lsa ham, kundan-kunga kuchayib borardi. Sal aylangach, Shuhrat Salimovich mening palata tomonga intilayotganimni ko‘rib, bunp charchaganga yo‘yardi-da, darrov istagimni bajo keltirardi.
Kunlarning birida tashqarida shamol turdi. Shuhrat Salimovich odatdagicha xiyobonni aylantirmoqchi bo‘lib kelganida, men boshim bilan shamolga ishora qilib, tashqariga chiqishdan bosh tortdim. Sobiq shogirdim hayron bo‘ldi, Picha ikkilanib turgach, yelkasini qisdi-da:
—    Ixtiyoringiz,— deya meni holi qoldirdi.
Shu payt... Shu payt, hayhot, yotgan joyimda yuzlab boshqa hidlar orasida o‘sha... notanish hidni ham sezdim! U ochiq derazadan shamol bilan kirgan edi.
O’zi nima gap? Nega men bunchalik bezovtalanyapman? Notanish hid bo‘lsa nima bo‘pti? Atrofda nima ko‘p — kimyo zavodlari ko‘p. Qishloq xo‘jaligi uchun yana biror yangi zaruriy birikma o‘ylab topishgandir-da. Buning menga nima aloqasi bor?
O’shanda shunday deb o‘yladim. Biroq... Notanish hid meni negadkr o‘ziga butkul rom qilib olgan va hatto, dahshatga solmoqda edi.
Kechga yaqin palataga Shuhrat Salimovich bilan Svetlana Nazarovnalar kirib kelishdi. Men jo‘rttaga o‘zimni uxlayotganga solib, ko‘zlarimni yumib oldim.
- Tss... U uxlayapti!— dedi assistent ayol.
- Qiziq, bu paytda uxlaydigan odati yo‘q edi. Buning ustiga bugun negadir xiyobonni aylanishdan ham bosh tortdi.
- Balki charchayotgandir?
— Balki. Lekin bu xilda turmay yotaversa, butkul sog‘ayib ketishi anchaga cho‘zilishi mumkin. O’zingiz yaxshi bilasiz, jismoniy harakat — organizmga yot organ kiritilganda uning ona tanaga nisbatan nomutanosibligini yo‘qotishning muhim omillaridan biri!
—    Shunday bo‘lsa ham, menimcha, yana ikki uch kun sabr qilishimiz kerak, Shuhrat Salimovich. Ikki-uch kunda hammasi ravshan bo‘ladi. Balki uni nimadir
bezovta qilayotgandir?
—    Bezovta qilsa, u bunday tinch uxlay olmasdi. Shuhrat Salimovich sukut qilib turgach, qat’iy bir qarorga kelgan kishi gapi ohangida davom etdi:
—    Gap bunday, Svetlana Nazarovna: jismonan u asosan sog‘ayib bo‘ldi. Hamma analizlar shuni ko‘rsatyapti. Menimcha, ikkinchi etap eksperimentlarimizni boshlash uchun fursat yetdi. Bu ishga ertadanoq kirishishimiz kerak. Chunki u bilan bevosita fikr almashish metodikasini yaratmas ekanmiz, bu operatsiyamiz ham hech qanday ahamiyatga molik bo‘la olmaydi.
— Nima ham derdim. Siz haqsiz, Shuhrat Salimovich. 
Ular tashqariga yo‘l olishdi shekilli, ovozlari asta-sekin uzoqlasha boshladi.
- ...Yangilikni eshitdingizmi, tunov kuni uchib kelgan. «Olmos» kosmik kemasi bor-ku...
- Ha, konservatsiyaga qo‘yildi, deyishayotuvdi.
- O’sha kema turgan angarga kirgan ikki mexanik negadir bo‘g‘ilib o‘libdi. Murdalarini esa robotlar olib chiqishibdi. Umuman, o‘sha angarga yaqinlashgan odamlar qandaydir tahlikaga tushib, o‘sha zahoti orqaga qochayotgan emishlar...
Bu gapdan beixtiyor ko‘zlarim ochilib ketdi. Shuhrat Salimovichning ovozi endi koridordan eshitildi:
—    Qiziq, dunyoda nima ishlar bo‘lmaydi!..  Men irg‘ib o‘rnimdan turib ketganimni sezmay qoldim. Deraza oldiga keldim. O’sha notanish, yoqimsiz hid hamon dimog‘imni qitiqlar, yo‘q, ta’bir joiz bo‘lsa, timdalardi. Men shu topda ilk marta o‘sha Urandan qayttan «Olmos» kosmik kemasi bilan notanish hid o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik mavjudligini payqagandim. Ayni paytda men sergak ovchi itga xos bo‘lgan ziyraklik va taniqli olimga xos chuqur mushohada bilan odamlar ulkan halokat yoqasida turganini ham birinchi bo‘lib sezgan edim. Ha, buni yer yuzida men, faqat men — Qorako‘z va olimning noyob chatishmasigina avvaldak payqashga qodir edim!    
Men ko‘p ikkilanib. o‘tirmadim. Shu topda. zimmamga yuklanayotgan insoniyat oldidagi buyuk missiyamni to‘la anglab yetmog‘im uchun chorak soatcha vaqt kifoya edi. Qorong‘i tushishini poylamasdanoq, derazadan sakrab hovliga tushdim-da, klinikaning orqa tomoniga. yo‘l oldim. Shuhrat Salimovich bilan xiyobon aylanib yurganimda devor panjaralaridan biri .men sig‘arli darajada ochiq ekanini ko‘rgan edim. Men har nima bo‘lganda ham kosmoportga qarab jo‘nashga qaror qilgandim. Chunki zimmamga g‘oyatda og‘ir vazifa tushgandi: Yer yuzidagi odamlarning taqdiri yo uyoqlik, yo buyoqlik bo‘lishida men bosh rolni o‘ynashim mumkin edi.
Daraxtlar orasidan yugurib borarkanman, klinikada shov-shuv ko‘tarilganini.payqadim. Aftidai, mening qochayotganimni sezib qolishgandi. Tezroq yugura boshladim.    
Aeroportga olib boradigan bekatga yetib kelganimda, bu yerda o‘ttiz yoshlar atrofidagi darozgina bir ayol besh yoshlardagi chiroyli bolani yetaklaganicha elektrobus kutib turar, sal nariroqda yana ikki-uch yigit-qizlar gurunglashardi.
Indamay bolaning yoniga kelib turdim. Bola o‘sha zahoti onasiga qarab:
- Vuy, manavi kuchukni!— deya xitob qildi-da, meni erkalab, boshimni silashga tushdi. Onasi menga bir oz xavotirlanib tikilarkan:
- Ehtiyot bo‘l, Erkin, quturgan bo‘lmasin tag‘in,— deb qo‘ydi.
Sochi uzun yigitlardan biri menga yaqinlashdi;
—    Quturgan emas, xola, xavotirlanmang. Quturgan itlarning ko‘zlari bunaqa bo‘lmaydi. Qani menga kelchi, Bobik, juda aqlliga o‘xshaysan. Zoting ham asl ekan... Qani-qani, qo‘lingni ber-chi...
Baxtimga shu payt elektrobus kelib to‘xtadi. Bolaga ergashib chiqib oldim. Bu yerda bolaning iti deb o‘ylashdi shekilli, menga aytarli hech kim e’tibor bermadi.
Aeroportga yetib kelganimda to diktor kosmoportga uchuvchi samolyot reysini e’lon qilgunicha bir chekkada berkinib turishimga to‘g‘ri keldi. Qeyin ikkinchi kirish yo‘lidan samolyot tomon ketayotgan odamlarga ergashdim. Bu paytda hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, birovning menga e’tibor berishga vaqti ham yo‘q edi. Otalari yo onalari yetaklab ketayotgai bolalargina zo‘r berib men tomonga o‘girilishga intilishar, ba’zilari menga zavqlanib, ba’zilari xavotirga tushib tikilishardi.
Qadamimni tezlatdim. Samolyotga shoshib borayotgan odamlarni bir zumda yonlab o‘tib, ulardan sal oldiida borayotgan — chamadonlar ortilgan pastakkina elektromobilning panasida yura boshladim. Aviator formasidagi kishi esa menga hay-haylab baqirganicha qolaverdi.
Mana, elektromobil tovushdan tez uchadigan bahaybat reaktivsamolyotning chap biqinidagi ochiq lyuk oldiga kelib to‘xtadi. Haydovchi-robot bamaylixotir joyidan lyukka tushdi-da, chamandonlarni birma-bir olib, joylay boshladi. U orqasiga o‘girilgan paytini poylab turdim-da, shartta elektromobilga chiqib, chamadonlar safining chekkasiga turib oldim.
Robot meni ko‘rib, hatto, ajablanmadi ham. Sovuqqonlik bilan bir qo‘lini bo‘ynimdan, bir qo‘lini qornimdan o‘tkazib ko‘tardi-da, lyukka, chamadonlar orasiga tiqdi. Men shunday joyga joylashdim-ki, bu yerdan butun aeroport deyarli ko‘rinib turardi. Ishning bunchalik oson ko‘chganidan xursand bo‘lib ulgurmagan ham edimki, azroportga kirish yo‘llaridan birida oq xalatli bir necha vrachni ko‘rib, g‘ujanak bo‘lib oldim. Men olisdanoq ular orasidagi Shuhrat Salimovich bilan Svetlana Nazarovnani tanigan edim. Ular chor-atrofga olazarak bo‘lib, shoshilinch holda aeroport ichkarisiga kirib kelishardi. Mana, ular menga baqirib qolgan aviator oldida to‘xtab, allanimalarni so‘rab-surishtira boshlashdi. Ulardan sal orqaroqda... elektrobus bekatida men bilan gaplashmoqchi bo‘lgan uzun sochli yigit turardi. Vrachlarni bu yerga, aftidan, o‘sha boshlab kelgandi.
Bu paytda robot elektromobildagi eng so‘nggi chamadonlarni joylamoqda edi. Navbat eng so‘nggi chamadonga kelganda, u negadir to‘xtab qoldi. Men uning hisob-kitobini buzgan edim-da.
Robot so‘nggi chamadonga tegmaslikka qaror qilib, lyukni berkita boshlaganida, haligi aviator vrachlarga qo‘lini bigiz qilib, men o‘tirgan samolyotni ko‘rsatayotganini ilg‘ab qoldim. Lekin...
Baxtimga bahaybat dvigatellar ishga tushib, samolyot turgan joyida ohista tebrana boshladi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng esa, biz shitob bilan osmoni-falakka ko‘tarilmoqda edik.
Samolyot kosmoportga yetib kelganda, qorong‘ilik chor-atrofga o‘z chodirini tikib ulgurgan edi. Bu men uchun qo‘l keldi, albatta. Lyuk ochilib, robot chamadon-larni olib, teskari o‘girilishi bilan sakrab pastga tushdim. Lekin bu gal rejalarim tezdan chippakka chiqdi. Samolyot atrofini aviatorlar formasidagi odamlar o‘rab olishgan bo‘lib, hammalarining nazarlari menda edi. Aftidan, ularga meni tutish haqida alohi-da buyruq berilgandi. Bularning hammasi Shuhrat Salimovichning ishi ekaniga zarracha ham shubhalanmadim: U, kosmoportga jo‘nab ketganimdan voqif bo‘lgach, bu yerga ham telefon qilishga ulgurgan. Hoynahoy hali kelgusi reysda o‘zi ham yetib kelsa kerak.
Men qochish yo boshqa biror qarshilik ko‘rsatish befoyda ekanini sezib, boshimni egganimcha aviatorlardan birining qarshisiga qarab bordim. Kayfiyatim tobora yomonlashib borar, chunki noma’lum hid bu yerda xiyla kuchaygandi. Yoshi anchaga borib qolgan gavdali aviator:
—    Shahar ijroqo‘mi raisining shaxsan o‘zini qiziqtirgan it mana shu ekan-da!—dedi ohista bo‘yin halqamdan ushlar ekan. («Demak,— ko‘nglimdan o‘tkazdim men,— Shuhrat Salimovich shahar ijroya komiteti raisini ham ishga solibdi».)Unga javoban aviatorlardan biri:
- Darhaqiqat, oliy nasab itlardan ekan, — deb qo‘ydi.
- Aqli ham joyidaga o‘xshaydi,—dedi yana biri,— qochish befoydaligini sezib, darrov taslim bo‘la qoldi.
Meni vaqtincha kosmoport vokzalidagi alohida xonalardan biriga joylashtirishdi. Bu yerda pastakkina stol va stuldan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi. Haligi gav-dali aviator oldimga bir bo‘lak qotgan non bilan mis tarelkada makaron qo‘yar ekan:
— Mana, qorning ochgan bo‘lsa, yeb ol, tortinma.Egang kelguncha shu yerda yota turasan,— deb chiqib ketdi.Xaqiqatan xiyla ochiqqanimni shu topdagina aniq his qildim. Nonni ham, ovqatni ham paqqos yeb oldim. Shundan keyingina kelgusi rejalarimni tuzishga kirishdim. Chunki ilgari o‘ylagan planlarimning bari barbod bo‘lgan edi. Buning ustiga dilga g‘ulg‘ula soluvchi hid bu yerda asabimga haddan tashqari tegayotgandi.
Meni shu topda qiynayotgan birdan-bir narsa —qalbimda kechayotgan xavotirli hislarim, fikrlarimni odamlarga qanday yetkazish masalasi edi. Agar xyayolimdag‘i taxminlarim to‘g‘ri chiqsa, insoniyat shu daqiqalarda misli ko‘rilmagan halokat yoqasida turardi.
Bunday xavfni olamda birinchi bo‘lib men sezgan ekanman, darrov oldini olmay, taqdirning jiloviga topshirib qo‘yishim— o‘ta ketgan - dahshatli jinoyat bo‘lur edi.
Nafslarimni aytganda, men nima ham qila olishim mumkin? Bir og‘iz gapira olmasam. Buning ustiga shu turishimda odamlarga o‘xshab biror ish bajarishga ham qodir bo‘lmasam. Halokatning oldini olishda menga odamlar, faqatgina odamlar yordam bera olishi mumkin. Men esam...    
Yo‘q, biror yo‘lini topish kerak! Albatta, gaplashishning biror yo‘lini topish kerak! Yo‘qsa hammamiz barbod bo‘lamiz. Butun inson avlodi adoyi-tamom bo‘ladi!.. :    
Men o‘ylab-o‘ylab, oxiri, nima bo‘lganda ham, dastavval taxminlarimning qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanini uzil-kesil aniqlashim kerak, degan qarorga keldim. Biroq... Ko‘p o‘tmay bu qarorimdai ham voz kechdim. Chunki bu ishni ham odamlar yordamisiz amalga oshirishim g‘oyatda mushkul edi...
Eshik ochilib, xonaga gazdali aviator bilan Shuhrat Salimovich boshliq jarrohlar kirib kelishganda men ana shunday qarama-qarshi va iztirobli o‘ylar og‘ushida o‘tirardim.
Sobiq shogirdim kira solib, savollariga javob topish, bir nima o‘qib olish ilinjida darrov ko‘zlarimga tikildi. Biroq o‘sha zahoti umidlari puchga chiqdi. O’zim ham sezib turibman: ko‘zlarimda sarosimadan bo‘lak hech qanday ifoda yo‘q edi. Ajab: Shuhrat Salimovich qo‘lida katta vatman qog‘oz bilan uchi yaxshilab ochilgan yo‘g‘on qora qalam ushlab olgandi. Gavdali aviator ham negadir menga endi butunlay boshqacha nazar bilan boqar, aftidan, odatdagi itlardan emasligimni jarrohlar unga tushuntirib: qo‘yishganga o‘xshardi.    
Sobiq yordamchim birdan qog‘ozni bo‘sh stolga yozdi, keyin allaqanday xavotirli tovushda: «Nima gap, professor?»— deb so‘radi-da, qog‘ozga ishora qilarkan, qalamni menga uzatdi. Azbaroyi xursand bo‘lib ketganimdan «voff» deb yuborganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Axir, Shuhrat Salimovich fikr almashishning men uchun eng oddiy va eng ajoyib uslubini tavsiya qilmoqda edi-da! Shunga aqlim yetmaganini qarang... Shartta stulga chiqib, cho‘qqayib o‘tirdim-da, qalamni oldingioyoqlarim orasiga oldim. Picha o‘ylanib olganimdan so‘ng qing‘ir-qiyshiq harflarda: «Olmos» ...angar!»—deb yozdim. Keyin qalamni qo‘yib «qo‘llarim» bilan avval o‘zimni, so‘ngra yozuvni ko‘rsatdim. Bu bilan «men o‘sha,yoqqa borishim  kerak»—demoqchi edim. - Shuhrat
Salimovich menga qattiq tikildi. U mening m-aqsadimga tushunolmay halak edi. — Bu angarga kirish mumkin emas,— dedi aviator qovog‘ini solib.— U yerga" hozir soqchilar qo‘yilgan.
- Bilsa bo‘ladimi, nima uchun?—so‘radi ShuhratSalimovich. 
- Agar xabaringiz bo‘lsa, angarda ikki mexanik noma’lum sabab bilan halok bo‘lishdi. Angar yonidan o‘tayotgan ikki fazogir esa, to‘satdan sarosimada qolib, bo‘g‘ilayotganday yiqilib tushishdi. Paytida robotlar yordamga kelib olib ketishmaganida, bu ikkalasi ham halok bo‘lishi turgan gap edi.
- Bularning sababi aniqlandimi?
- Hozircha yo‘q. O’tkazilayotgan tekshiruvlar deyarli hech qanday natija bermayapti...
Shuhrat Salimovich bir zum menga tikilib turdi-da, yana aviatorga yuzlandi:
- O’rtoq boshliq, professorga angarga kirish uchun rasmiy ruxsat berilishi kerak. Menimcha, u bizga qorong‘i bo‘lgan ko‘p narsalardan xabardor.
- Aytyapman-ku, u yerga hozir yaqinlashish ham mumkin emas.
Men yana qalamni oyoqlarim orasiga olib, qog‘oz ustiga engashdim: «kislor maska». Buni o‘qigach, jarrohlar yana savol nazari bilan boshliqqa tikilishdi. U esa yelkasini qisib, past ovozda:
—    Ixtiyoringiz,— dedi. Keyin o‘sha zahoti tovushini ko‘tarib, qo‘shimcha qildi:— Lekin aytib qo‘yay, bu ish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan u yoki bu ko‘ngilsiz hodisa uchun javobgarlikni bo‘ynimga ololmayman.
Men darrov qog‘ozga: «Biz rozi!» — deb yozdim.
Oradan bir soatcha o‘tgach, biz, ya’ni Shuhrat Salimovich va men haligi aviator boshqarib borayotgan yengil elektromobilda sirli angar sari yo‘l oldik. 
Notanish hid endi nihoyatda kuchayib ketgan, nazarimda buni hamrohlarim — odamlar ham seza boshlashgan edi. Hid ta’siridanmi, men hatto, dahshatga tushib, tizzalarim qaltirar, Shuhrat Salimovich va aviatorning yuzlarini esa, allaqanday xavotirli bir ifoda egallagandi. Ularni sinchiklab kuzatar ekanman, odamlar hidni bevosita sezishmayotgani, hid ularni vas-vasaga sola boshlaganini sezdim. Ha, bunday nozik hidni bevosita payqash uchun albatta it yoki bo‘ri bo‘lish kerak. Shu payt aviator mashinani to‘xtatdi-da:
— Angarga bir kilometrcha qoldi. Bu yog‘iga kislrod maskani kiymasak, ishimiz chakki bo‘lishi mumkin,—deya maskani yuziga torta boshladi.
Shuhrat Salnmovich menga maska kiyishda yordamlashib yubordi-da, (menga odamlar kiyadigan kislorod maskalarining maxsus razmeri to‘g‘ri kelgandi), o‘zi ham birpasda kiyinib oldi.
Yelkamizga ortib olgan qizil ballonlardagi toza kislorod bilan nafas ola boshlaganimiz uchun dilga g‘ulg‘ula soluvchi notanish hid ham ilk marta dimog‘imni tark etdi. Operatsiya bo‘lganimdan buyon birinchi bor yengil nafas olib, chor-atrofga nazar soldim. Mashinamiz tungi chiroqlar va turli mayoqlar nuriga cho‘mgan ulkan kosmoportning tekis beton yo‘llaridan biri bo‘ylab yelib bormoqda edi. Ko‘p o‘tmay elektromobil chirog‘i yo‘llar chetrog‘ida chap qo‘liga qizil bog‘ich bog‘lagan va o‘ng qo‘lini ko‘tarayotgan qomatdor bir mo‘ysafidni yoritdi-da, o‘sha zahoti elektromobil uning yonginasiga kelib to‘xtadi. Mo‘ysafid ham kislorod maskasini kiyib olgandi.
Aviator mashinaning ochiq derazasidan boshini chiqarib, cholga murojaat qildi:
—    Ruxsatnomamiz bor. Mana...Mo‘ysafid aviator uzatgan qog‘ozni yoruqqa solib, ko‘zdan kechirar ekan, kuyunib dedi:
—    Axir bu nima degan gap?! Bir oydan beri ne-ne professorlar, ne-ne akademikler kelib, hech narsa aniqlasha olmasa-ya! Ana sizga hangoma! Deyarli har kuni tekshirish o‘tkazishadi. Lekin ko‘p o‘tmay tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushib qaytib ketishadi. Ba’zan qo‘rquvdan etlarim jo‘njikib ketadi. Ana sizga hangoma!.. Xo‘sh, siz kimlarni olib keldingiz? Yana olimlarnidir-da! E-ha, it ham bor deng. Akademiklar hech nima qila olmagach, it nima qilib berardi. Lekin, yo tavba,bu itingizning qarashlari juda bo‘lakcha-ya! Xudo haqqi, xuddi odamga o‘xshab qaraydi-ya, kishiga! Ana hangoma-yu... Xayr, mayli, yo‘lingizni bersin. Olimlarning alamiga zora mana shu aqlli it biror ish chiqarsa!..
«Olmos» konservatsiya qilingan angar to‘qqiz qa-vatli oddiy turarjoy binosi hajmidagi bahaybat injenerlik inshooti bo‘lib, ichidan gigant zalni eslatar va u yulduzkezar kema ta’mir qilinadigan maxsus joy vazifasini o‘tardi. Biz kirib kelgag‘imizda, bu yerda bahaybat fazo kemasi va bir chekada turgan — ustida turli chizmalar sochilib yotgan stoldan bo‘lak e’tiborni tortadigan hech nima yo‘q edi.
Men yugurganimcha, maska kiygan sheriklarimning kuzatuvida kemaning chor atrofini sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqdim. Kema korpusida shubhali hech nima yo‘q edi.
Maxsus havozalar bo‘ylab jadallik bilan kemaning yuqori tomoniga intildim. Orqamdan izma-iz Shuhrat Salimovich kelardi. Sobiq shogirdim hech narsaga tushunolmay halak, hamma harakatlarini beixtiyor bajarmoqda. Uni bunchalik kulgili holda birinchi ko‘rishim edi. Pastda bo‘lsa aviator bizdan ko‘z uzmasdi.
Kemaning butun korpusini obdon ko‘zdan kechirib chiqishim uchun bir soatcha vaqt ketdi. Mening mo‘ljalim bo‘yicha, kema sirtining biror joyida nuqtadek, ehtimol, undan ham kichikroq bir dog‘ bo‘lishi kerak edi. Biroq, evoh, butun o‘ylarim chippakka chiqdi. Kema sirti oynadek top-toza, biror dog‘dan asar ham ko‘rinmasdi.
Qiziq, bu sira men kutmagan hayol edi. Miyamga kelgan fikrdan oyoqlarimgacha muzlab ketdi. Nahotki hamma taxminlarim sarob bo‘lsa?.. Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas.
Shu payt favqulodda kallamga kelgan o‘ydan qalqib  ketayozdim. Hid! O’sha notanish hidning manbaini aniqlash kerak! Ana shundagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Lekin... buni qanday qilib amalga oshirsa bo‘larkin? M-askani boshimdan olsam, noma’lum gaz tufayli bo‘g‘ilib halok bo‘lishim turgan gap. Boshqa nima qilish mumkin?.. Yanglishmasam, buning boshqa yo‘li yo‘q. Usha noma’lum hid manbaini aniqlashning birdan-bir yo‘li — maskani qisqa muddatga yechib, havoni hidlash. Ana shundagina hid kontsentratsiyasi va uning yo‘nalishi bo‘yicha manbaga yo‘l topish mumkin.
Sobiq shogirdimga yuzlanib, oldingi oyoqlarim bilan yozish ishorasini qilib, qalam so‘radim. Shuhrag  Salimovich darrov tushundi, shimining cho‘ntagidan qa-lam chiqarib, menga uzatar ekan, bemalol kema korpusiga yozavering, deya ishora qildi.
Qing‘ir-qiyshiq harflar safini kema korpusi uzrabita boshladim: «Men mask yech. Kerak. Sog‘. yaxshi»—so‘nggi nuqtani qo‘yishga ulgurmadim. Xuddi o‘sha nuqta qo‘yilishi kerak bo‘lgan joyda tariqdek pushti rang dog‘ga ko‘zim tushdi-yu, tanamdagi bor tuklarim tikka bo‘lib ketayozdi. Men sirli hodisaning asosiy kalitini nihoyat, topgan elim.     
-Mana o‘sha dahshatli zarracha Yerdagi ilk evolyutsion faoliyatini boshlagan joy. Sterilidatsiya xizmati xodimlarining o‘z vazifalariga bir necha lahzalik sovuqqonliklari tufayli zararsizlantirilmay qolgan  o‘zga dunyolik bu zarracha hozir qaerlarda izg‘ib yuribdi ekan? Ehtimol, mutlaqo tasodifan tirik qolgan bu o‘zga samoviy jism vakili hozir qanday shakl oldi ekan? Umuman u Yerdagi oddiy zarralardan nima bilan farq qilarkin? Bu savollarga darhol javob berishim qiyin edi. Lekin menga shu narsa aniq ediki, notanish zarracha hali angardan chiqib ketishga ulgurmagan. Ehtimol, u hozir mutlaqo zarracha emasdir. Lekin bari bir u qaerdadir angarning ichida edi. Chunki odamlarning bo‘g‘ilib halok bo‘lishi hodisasi hozircha boshqa biror joyda emas, faqatgina mana shu angarda yuz bergan. Mening taxminimcha, havo tarkibidagi kislorod bilan reaktsiyaga kirishib, notanish hid — Yer atmosferasi uchun mutlaqo yod bo‘lgan g‘alati gaz birikmasiga aylanayotgan ham ana shu zarracha edi!
Ha, yuzaki qaralganda, bu sira aqlga sig‘maydigan narsa edi. Lekin daqiqa sayin buning aynan shunday ekanligiga ishonchim tobora rrtib bormoqda edi.
Men endi maskani yechishdan avval angarning ichini ham obdon ko‘zdan kechirib chiqishga qaror qildim.  Shuhrat Salimovichni yana hayratga solib, qalamni tishlarim orasiga qistirdim-da, birdan pastga intildim. Angar bo‘ylab ohista odimlar ekanman, uning shipini, devorlarini, polini zo‘r berib nazarimdan o‘tkazardim, Yo‘q, bu yerlarda shubha uyg‘otadigan hech narsa yo‘q edi.
Hayhot, endi nima qilish kerak? Nahotki, zarracha angardan chiqib ketishga ulgurgan bo‘lsa? Yo‘g‘e, u hozircha shu yerda. Qaerdadir angarning biror joyida yashirinib yotibdi. Lekin qaerida? Endigi hamma gap mana shu savolga to‘g‘ri javob topishda qolgan edi.
Darvoqe, hid Manbai!..
Menga tikilib turgan  Shuhrat Salimovichga yuzlanib, maskamga ishora qildim. Sobiq assistentim meni odatdagicha o‘sha zahoti tushundi. Boshini silkib, niqob , inidagi ko‘zlarini yumib qo‘ydi.
Kislorod maskam yechilgach, to‘yib nafas olganimni bilaman, ko‘z oldim qorong‘ilashib dumalab ketayozdim:  Shuhrat Salimovich oldingi oyoqlarimdan mahkam ushlab qolib, maskani yuzimga tutmaganda, mukkadan tushnshim turgan gap edi. Ajabo, notanish hid kontsentratsiyasi bu yerda shu darajada kuchli ediki, uning qay-si tomondan kelayotganini aniqlash mutlaqo mumkin emas edi. Biroq, yana bir haligiday nafas olsam ish yengillashardi. Lekin... shunday qilsam, hayotdan ko‘z yumnshim hech gap emasligini tushundim. Nachora! Butun insoniyatning taqdiri oldida birgina odamga o‘xshab mushohadalay oladigan itning hayoti nima degan gan, axir!
Shuhrat Salimovichga maskani ko‘rsatib, uni yana tushirishni iltimos qildim,
Yengil-engil havo olar ekanman, kutilmaganda hid sezilar-sezilmas oqim tariqasida o‘ng tomoidagi berk eshik tomondan kelayotganday tuyuldi. Biroq nafas olishim menga juda qimmatga tushdi. Negadir dahshatga tushib qaltiray boshlar ekanman, eshik tomon intilaman deya Shuhrat Salimovichning qo‘lidan chiqib ketdim-u, o‘sha zahoti gandiraklab, zarb bilan devorga borib urildim. Hushimni yo‘qotdim. Shu alpozda qancha yotganimni bilmayman, bir payt o‘zimga kelsam, boshimga yana maska kiygizilgan, Shuhrat Salimovich bilan aviator esa zo‘r berib ko‘kragim va qornimni massaj qilishardi,
Men tura solib haligi eshikka qaradim. Eshik devor rangida bo‘lib, ochilmaydigan qilib mixlab tashlangandi. Uni darrov payqamaganimizning boisi ham shunda edi. Dastavval e’tiborimni tortgan narsa eshikning kalit suqiladigan tirqishi bo‘ldi. Ha, bu tirqish hozir ko‘zimga nihoyatda shubhali ko‘rinmoqda edi.
Uzala tushib yotganimcha, tishimdagi qalamni old oyoqlarim orasiga olib, endi polga yozdim: «Eshikni oching!»
Usha zahoti aviator qaerdandir ombir va lom topib keldi-da, bir necha daqiqa ichida eshikni ochdi,
Eshik ostonasidan hatladim-u, taxtaday bo‘zrayib, bir zum qotib qoldim. Shuhrat Salimovich bilan aviator ham mening ahvolimga tushishgandi. Bu, aftidan, kislorod ballonlari saqlanadigan xona bo‘lib, «Ol-mos» konservatsiyaga qo‘yilgach, avtomatik ravishda keraksiz bo‘lib qolgandi. Bu yerda kishini hayratga soladngan narsa shunda ediki, kislorod ballonlari-ning gaz chiqadigan og‘zini na ko‘pikligini va na oq mochalkaligini ajratib bo‘ladigan oddiy shar shaklidagi massalar o‘rab-chirmab olgandi. Devor tepasigaqaradim-u, hayratim battar ortdi. Xonaga sovuq havo keltiruvchi kondentsioner teshiklariga ham shunday massalar, u yerdan chiqayotgan havoni bamisoli so‘rayotganday, yopishib olishgandi.Mening imo-ishoralarim bilan darrov eshikni berkitishdi.Nihoyat, men sirli hodisaning tagiga yetganday edim.
Sheriklarimga qaradim. Ular ikkalasi ham hayrat ichra o‘sha g‘alati massalarga tikilgancha serrayib turishar, huddi allaqanday najot kutayotganday menga bot-bot nazar tashlashardi.
Hamrohlarim oldida hamon cho‘kkalab o‘tirarkanman, nihoyatda charchaganimni shu topdagina aniq his qildim.
Tishlarim orasidagi qalamni chiqarib, odatimcha uni old oyoqlarim orasiga oldim-da, eng so‘nggi kuchlarimni ishga solib, polga: «Ster. suyuq. kel!»—deb yozdim. Aviator tezgina chiqib ketdi-da, lahza o‘tmay, o‘ng qo‘lida shlangga ulangan to‘pponchasimon qurilmani ko‘targanicha qaytib kirdi.
Men boshim bilan imo qilib, suyuqlikni ko‘piksimon massalarga sepish kerakligiii bildirishim hamonoq aviator ishga tushib ketdi. Shubhasiz Shuhrat Salimovich ham, aviator ham shu daqiqalarda nihoyatda muhim va buyuk vazifani bajarayotganimizni allaqachon tushunib yetishgan edi.
Men bo‘lsam endi azbaroyi charchog‘imning zo‘rligidan polga yonboshlab olgandim. Sterilizatsiya kislotasi ta’sirida birin-ketib erib, tobora yo‘qolib borayotgan ko‘piksimon massalarga loqayd va parishon tikilarkanman, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan g‘alati voqealar tizimi birma-bir ko‘z oldimga kela boshladi.
...«Olmos» kemasiga bepoyon fazoning qaeridadir ilakishgan va tasodif tufayli tirik qolgan pushti rang zarracha kema konservatsiyaga qo‘yilgach, dastavval angarning havosidagi kislorod bilan sekin-asta reaktsiyaga kirisha boshlagan. G’alati kimyoviy xossaga ega bo‘lgan zarracha, kislorodni yutib, o‘zidan havoga tarkibi bizga noma’lum gazni tarqatishga kirishgan. Shu protsess jarayonida o‘zi tobora kattalashib, «semirib» boravergan.
No‘xatdek shaklga kelgan zarracha, tabiiyki, angardagi kislorod mo‘lroq bo‘lgan joyga qarab intiladi. Kema korpusida pushti rang iz qoldirib, kislorod ballonlari berkitilgan xona sari uchadi. Mana, u eshik tirqishgacha qo‘nadi. Hozircha unga shu yerdan chiqayotgan kislorod ham yetarli. Kattalashgan sayin, unga bu kislorod kamlik qiladi. Tirqishdan o‘tib, murvati yaxshi berkitilmagan kislorod ballonlaridan biriga qarab uchadi. Aftidan, bu yerdagi ballonlarning ko‘pchiligidagi kislorod chala yarim ishlatilganga o‘xshaydi. Mana  zarracha yanada «semirib», birgina ballon teshigidan chiqayotgan kislorodga qanoat qilmay qo‘yadi. U bir necha bo‘laklarga bo‘linib, boshqa balloilarga ham uchib o‘tadi. Har bir bo‘lak endi o‘z yo‘licha «semira» boshlaydi.
Darvoqe, konditsioner teshiklari-chi, ulardan ham toza havo kelyapti-ku. Ana, kislorodga yana rosa to‘yinsa bo‘ladigan joy. Zarrachaning yaia bir necha bo‘laklari endi konditsioner teshiklari sari yo‘l oladi. Bu orada mazkur massalar o‘zidan ajratayotgan notanish gaz allaqachon angar tirqishlaridan tashqariga chiqishga ulguradi, chor-atrofga tarqaladi.    
Notanish hid oradan bir oy o‘tgach; mening bir shahrimga ham yetib boradi. Bu yerda uni professorga o‘xshab mushohadalay oluvchi Qorako‘z nomli it vaqtida sezib qolmaganda, voqealar yo‘nalishi qanday tus olishishini tasavvur qilish qiyin emas.        
Ha, unday ishlar butkul boshqacha bo‘lur edi. Mening taxminiy hisob-kitobim bo‘yicha, haligi ko‘piksimon massalar angarning teshik tirqishlaridan bir amallab tashqariga chiqib olgach, geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payib, Yer atmosferasidagi kislorodni ayovsiz yutib, kamaytirib borishi, ulardan chiqqan dahshatli gaz esa, yarim yil ichidayoq butun Yer yuzini egallab olishi lozim edi. Odamlar dastlabki davrda o‘zidan kislorod chiqaruvchi daraxtlar va turli yashil o‘simliklarning shoxlariga ilashgan ko‘piksimon massalarga, shubhasiz, unchalik e’tibor qilishmaydi. E’tibor qilishganda esa, kech bo‘lar, ya’ni ko‘piksimon massalar yo‘qotib bo‘lmas darajada ko‘payib butun dunyoga tarqalib ketgan, ulardan chiqayotgan dahshatli hid esa; odamlarda taxlika va sarosima hislarini uyg‘otib, ofatga qarshi biron-bir harakat uyushtirishlariga yo‘l bermay qo‘ygan bo‘lur edi.
Shunday qilib, ko‘piksimon massa Yer atmosferasida kislorod batamom tugamaguncha ko‘payib boraverishn, notanish hid tufayli dahshatga tushgan odamlar esa, havo yetishmayotgani sababli ommaviy qirg‘inga uchrashi kerak edi. Ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bunday ulkan qirg‘inni to‘xtatishga esa hech kim va hech narsa qodir,  bo‘la olmas edi.
Tasavvur qilyapsizmi, bularniig hammasiga tasodifan sterilizatsiya qilinmay qolgan o‘sha nushti rang zarracha sabab bo‘lardi.
Hozir esa biz, ya’ni mening iste’dodli shogirdim Shuhrat Salimovich, anavi kamtarin aviator va kaminangiz bir-ikki soatli urinishlardan so‘ng ana shunday dahshatli halokatning oldini olishga muvaffaq bo‘lgandik.
Hamon polda yonboshlab yotarkanman, operatsiya bo‘lgan davrimdan buyon ko‘nglim ilk marta to‘la taskin topganday edi.
Professorning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bu jasorati olam bo‘ylab yashii tezligida tarqaldi. Shuhrat Salimovich rahbarlik qilayotgai klinikaga yuzlab maktublar kela boshladi, Ko‘pchilik, bashariyatni ulkan inqirozdan saqlab qolgan, bu yo‘lda o‘z hayotini mislsiz xavf ostiga qo‘yib g‘alabaga erishgan allomaning qahramonligiga tasannolar o‘qigan edi. Lekin yuzga yaqin yosh-yosh yigitlar, bunday odam it qiyofasida aslo qolmasligi kerakligini yozishgan, uni yana odam qiyofasiga qaytarish uchun o‘zlarini qurbon etishga ham tayyorliklarini; ya’ni o‘z tanalariga professorning miyasini ko‘chirib o‘tkazishni iltimos qilishgandi. Shunday ajoyib inson albatta odam qiyofasida yashashi kerak, deya alohida ta’kidlashgandi ular.
Shuhrat Salimovich bu maktublarni professorga ko‘rsatgan edi, u ko‘z yugurtirib chiqqach, o‘ychan nigohini ro‘paradagi bir nuqtaga tikdi. Sobiq shogirdi sinchkovlik bilan boqib, uning ko‘zlaridan quyidagi ma’noni o‘qidi: «Bu — juda qaltis va nozik masala. Biror qat’iy qarorga kelishdan avval jiddiy va har tomonlama o‘ylab ko‘rish kerak...»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.