Xudo haqidagi azaliy bahs-munozara unga ham tinchlik bermasdi. "Ha, tangri bor. U butun borliqning egasi", degan jo‘ngina iqrorga negadir bo‘yin yor bermaydi. Hech qanday ilohiyat yo‘q, deb yoshligidanoq uqdirilgan tushuncha baribir xiragina bo‘lib bunga soya tashlab turardi. Muallima o‘zi kabi oliy ma’lumotli, tuppa-tuzuk lavozimda ishlovchilar ham xudoga sig‘inib, undan faqat yaxshilik, omonlik yog‘ilishini, o‘t-suv, tuhmat balosi, bevaqt o‘lim ro‘y bermasligini tilovchilarning bir qadar ko‘pligidan hayratga tushmay iloji yo‘q edi. Agar hamma narsaga qodir Alloh haqiqatan ham mavjud, bo‘lsa, nega nopok va fosiq odamlardan dunyoni tozalashga qurbi yetmaydi? Nima uchun kimlardir nogiron, kimlardir boy va yana birovlar juda nochor? Nega olamning qaysidir qutbida urush, suv toshqini, bir chekkasida bog‘u rog‘lar gullagan?
Uning miyasida savollar shu qadar qalashib yotardiki, ularga birma-bir javob topishga aqli ham, shu yoshga qadar to‘plagan tafakkuri ham ojiz edi. Allohning mavjudligi to‘g‘risidagi diniy qarashlar ko‘pincha unga ilmiy talqinlardan ustun emasdek taassurot uyg‘otardi. Materiya birlamchi, ong ikkilamchi, degan tushuncha ham shu tufayli vujudga kelgan shekilli.
...Ikki kun ilgari u maktabdan qaytar, qosh qorayib qolgandi, qish avvalida kunlar qisqara boshlaydi, kishilar sovuqdan ijirg‘anib, shom cho‘kishi bilan boshpanalariga kirib ketishadi. Muborak hali muz qotib ulgurmagan guzardan ketib borarkan, vujudida odatdagi bamaylixotirlik hukmron edi. Bu yo‘llardan har kuni, har kech yuradi, kunduz qanday bo‘lsa, kechasi ham shunday, faqat qorong‘ilik, o‘zingni qo‘lga ololsang bo‘ldi, hech kim seni kuzatayotgani yo‘q.
Ayol tikka yo‘lga chiqib olgach, qadamini tezlatdi, yo‘q, sukunat yoki zimistonlikdan zarracha ham cho‘chimasdi, barcha qishloq ayollariga xos fidoyilik, jonsaraklik uni uyiga shoshirmoqda edi. U paltosining tugmalarini yechdi, ikki kiftini nimadir bosib turganini hisobga olmaganda, ruhi yengil edi. Ko‘chaning ikki tomonida ham tut daraxtlari savlat to‘kib turibdi. Birdan qarshisida qop-qora ko‘ppak paydo bo‘ldi, it avval irillab, uning sumkasini yaladi. Muborak himoya istab, qochishga harakat qildi. Ammo jonvor chaqqonlik qilib, uning oldidan kesib chiqdi va bexosdan tun sukunatini buzib, ustma-ust hurdi. Muborak qaltirar, oyoqlaridan mador ketgan, ko‘zlari ham nursizlangandek tevarak-atrofni illa-bazo‘r ilg‘ardi. Vajohatli it, tilsiz, hissiz daraxtlar va cho‘zilib ketgan yo‘l, boshqa hech vaqo yo‘q. Qichqirish befoyda, ana la’nati itning ko‘zlari shunchalik qahrga to‘lib yonib turibdiki, qo‘yib bersa uni g‘ajiguday. "E, Xudo, o‘zing asra!" deb takrorladi ichida u, shu daf’ada ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi. O‘zini umr bo‘yi o‘ylantirib kelayotgan savollarga shu tobda negadir javoblar quyilib kelayotgandek edi. Bo‘ridek uni g‘ajishga tayyor turgan maxluqotdan qutulib olsa bo‘lgani. "O‘tir, o‘tir, o‘tirsang-chi!" derdi unga ichki bir nido baralla, shunda xayoliga it tashlanganda shartta yerga o‘tirish kerak, degan oqilona o‘y keldi. Yuragi qinidan chiqqudek urar, it esa unga qarab to‘xtovsiz hurar, aftidan o‘tirgani uchun unga hamla qilishga botinolmayotgandek edi. O‘ljaning kutilmaganda yerga yalpayib o‘tirishi ham itning unini o‘chirolmadi. Muborak bir necha daqiqa joyidan qimirlamadi, maxluq endi hurishini bas qilib, irillab uning tegrasida aylanar, kiyimlarini iskardi, binobarin, hujumning chekinishi uchun imkon yaratilgandi. Agar shu tobda mototsikl tovushi eshitilmaganida, it hali-veri uning yonidan jiladigan emasdi. Ruldagi odam ulardan uch hovli narida yashaydigan Faxri montyor ekan, uni orqasiga mingashtirib oldi va uyigacha eltib qo‘ydi. "Xudoning o‘zi asrabdi, tishlab olganda nima qilardingiz, ertagayoq yetti cho‘zma qilib, o‘qitib yuboring" dedi u xayrlashayotib.
Muborak o‘sha kech uxlolmadi, xudoga shak keltirishingning oqibati bu, deb battar asabiga tekkan eriga teskari yotib oldi. Fahmicha, eri bu yorti hazili bilan ikkalasi orasidagi ba’zi kelishmovchiliklarni bartaraf etmoqchi edi, aksincha bo‘ldi. Muborak bu ko‘ngilsizlikning xudoga sira ham daxli yo‘q, deb balanddan keldiyu, o‘ylanib qoldi. Nahotki, qora itni xudo unga dahriyligi uchun jazolash maqsadida yuborgan bo‘lsa, aql bovar qilmaydigan gap. Daydib yurgan it, shunchaki yo‘liqib qoldi, buni nahotki xudoning yozug‘i deb baholash mumkin bo‘lsa? Ayol ko‘ngilsiz voqea ta’sirotidan o‘zini xalos etolmas, ayni paytda buni Alloh ravo ko‘rgan taqdir ko‘rguligi deb baholash erish tuyulmoqda edi. Kimlarningdir haddan tashqari taqvodorligi va bunday odamlarga duch kelganda ularning hamma narsani ko‘rguvchi va bilguvchi zot borligi to‘g‘risidagi qat’iy e’tiroflaridan Muborak hech qachon hayratlanmas edi.
...Talabalik yillarida bir kursdoshi bilan xuddi shu mavzu ustida tortishib, ters bo‘lib qolgandi. Namanganlik bu qiz haddan tashqari xudojo‘y bo‘lib, ovqatlanishdan avval, yotish oldidan, xullas, oddiy harakatlarda ham "bismillohir rahmonir rahim"degan so‘zni aytishdan erinmas, imtihon yoki sinovga kirishda "Xudo, o‘zing madadkor bo‘l!" deb iltijo qilar, bundan xuddi o‘ziga g‘ayrat-shijoat olgandek bo‘lardi. Qizning tangri-taologa sig‘inishi o‘tkinchi yoki rasmiy bo‘lmay, hech vaqt unutilmaydigan, hamma narsaga qodirlik to‘g‘risidagi fikr va tuyg‘uga asoslangan edi. U murodi hosil bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, ongiyu shuuriga mahkam o‘rnashib olgan o‘sha e’tiqod ta’siridan chiqa olmasdi. Muborak u bilan bitta xonaga tushib qolgani bois dastlab uning xatti-harakatlariga ko‘nikolmay, yoshgina qizning bor-yo‘qligi noma’lum bo‘lgan parvardigor azmu irodasi qarshisida tiz cho‘kmoqqa ham tayyor ekanligidan ajablanib yurdi. Kursdoshi buni sezardi, bir kuni so‘rab qoldi: "Nima, Muborak, siz Xudoga ishonmaysizmi?". "Yo‘q" dedi u uzil-kesil. "Astag‘furullo deng, xudoga shirk keltirmang. Agar tepangizda yaratgan egam amr berib turmasa, yer yuzida hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketishini tasavvur qilasizmi? O‘zingiz o‘ylang, axir siz, biz, yer, suv, osmon, daraxtlar, boringki, o‘n sakkiz ming olam uning amru farmonisiz qanday muvozanat saqlaydi, qanday boshqariladi? Agar Tangri-taollo bo‘lmasa, siz bilan biz bu yorug‘ olamda yurarmidik?" dedi kursdoshi kuyib-pishib o‘z falsafasini to‘kib solar ekan. Muborak bu qizning mushohadasini inkor etmadi, ammo o‘z fikrida sobit qolaverdi va qachonlardir fizikada kashf etilgan butun olam tortishish qonuniga bog‘lab, ilohiy kuchning yo‘qligini, faqat u ko‘zga ko‘rinmas bir sharpa sifatidagina mavjudligini isbotlab berarkan, Ijobatni birgina savol bilan mot qilishga muvaffaq bo‘ldi:"Siz institutni tamomlab, o‘quvchilarga xudojo‘ylikdan ta’lim bermoqchimisiz?" Ijobat indamadi, ammo bu uning Muborakka yengilganidan dalolat bermasdi.
Muborak unchalik ko‘p davom etmagan tahsil yillarini Ijobatning o‘sha gaplarini goh tan olgandek, goh rad etgandek o‘tkazdi. "Hali boshingizga biror ko‘rgulik tushsin, Xudoga ishonganingizni sezmay ham qolasiz. Ishonmaydigan odamni birinchi ko‘rishim!" derdi u har gal Muborakka duch kelganida. Avvaldan bashorat qilingan ko‘ngilsizlik qachondir ro‘y berishi mumkin, buni rad etish qiyin. Bundan uch yil muqaddam otasi to‘satdan vafot etdi, na og‘rib yotdi, na tashqaridan biror ta’sir bo‘ldi, sababi qorong‘i. Qo‘ni-qo‘shni va qavm-qarindoshlar "Xudo yuborgan ajal-da, qo‘limizdan nima ham kelardi, osiy bandalar bo‘lsak" deb hamdardlik bildirishdi. Tasodifiy o‘lim Muborakka g‘ayri-tabiiy bo‘lib tuyular, oliy dargohda ongiga obdon singdirilgan sababsiz hech qanday oqibatning bo‘lishi mumkin emasligi xususidagi ilmiy tushunchalar miyasida charx uraverardi. Hech qanday sababsiz bu dunyodan ko‘z yumish mumkinmi, bu — aqlga, mantiqqa sig‘maydigan gap. Balki otasida qon bosimi birdan xuruj qilgandiru, o‘tib ketadi deb e’tibor bermaganmikan? Xo‘sh, Xudoga otasining shirin joni nimaga kerak, u rahm-shafqatli, marhamatini darig‘ tutmaydigan zot deylik, nega qo‘yday yuvvosh bandai-mo‘minning umriga chovut soladi? Hayotning yozilmagan qonuni — o‘limga duch kelganda ziyolilar ham boshi egik turishi, Yaratgan ertadir-kechdir bandalarining umriga yakun yasashini Muborak otasini so‘nggi manzilga kuzatar chog‘da chuqurroq anglagandi. Institutni tamomlagan yoshgina mutaxassis maktab muhitiga ko‘nikib, yagona ilohiy zot falakning odamzotga ko‘rinmas qavatida amru farmon berib turishini katta-kichik davralarda eshitar, ammo buni haqiqat deb tan olishga hamon ikkilanardi. Muallimlardan birining o‘g‘li olti yoshdan oshishiga qaramay tili chiqmaganligini ham yaratganning ko‘rguligi deb bilishardi ular. Ayniqsa, o‘sha o‘qituvchi ich-ichidan ezilar, har qadamda Allohga ishonib qolganini ta’kidlar, nahotki, bolamning peshonasiga gunglik balosi yozilgan bo‘lsa, deya iztirobini hammaga oshkor etardi. Chindan ham buni tangrining azmu irodasiga yo‘yayotgan hamkasblarini rad etgulik jo‘yali fikrga ega emasligidan Muborak qiynalardi, bahslashmagani ma’qul, ehtimol ular chindan ham haqdirlar... Kursdoshi Ijobat aytgan o‘sha ko‘rgulik Komil muallimning boshiga tushganini, bu esa uni ruhan ojiz va mag‘lub qilib qo‘yganini ba’zan tan olar, ba’zan tan olmas edi. Hamkasbi ziyoliligiga borib, sho‘rlik o‘g‘lini avval do‘xtirlarga ko‘rsatdi, tug‘ma gungni davolashga vrachlarning salohiyati yetishmasligi haqida muallim o‘ylab ham ko‘rmagan. "Chiqmagan jondan umid" deya alamzada ota mulla-eshonlardan najot so‘rardi. Afsuski, ular ham bolaga til ato etisholmasdi. Muborak begunoh va norasida go‘dakkinaning ahvoli-ruhiyasidan ta’sirlangan ko‘yi Allohga ishonishiga bir bahya qolgan holatga ham tushdi, lekin miyasining ikkinchi tomonida charx urayotgan buni keskin rad etuvchi tushunchani baribir yenga olmadi. Olamning anglab bo‘lmas sirlari ko‘p, inson bolasi hech vaqt bu sinoatning tagiga yeta olmaydi. Fanda xudo yo‘q, deb jar soluvchilar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, bunga zid ravishda uning yakkahokimligini yoqlovchilar ham oz emas. Aslida ilohiy kuch sanalmish xudo falakiyotda butun olamni o‘z izmi bilan boshqarayotgandek tasavvur uyg‘onishiga sabab o‘sha taqvodorlarning osmonda yerdagidan farqliroq hayot kechishini bilmasligi emasmikan? Fan osmon jismlari o‘rtasida o‘zaro harakat birligi hukm surishini allaqachon isbotlagan. Qor, yomg‘ir, do‘l o‘z-o‘zidan emas, balki tabiat hodisalarining bir-biriga bog‘liqligidan yog‘masmikan?
El yo‘qolsa ham qa’dasi yo‘qolmaydi, odamlarning turmush tarziga singib ketgan urf-odatlarga bo‘ysunmaslikning mutlaqo imkoni yo‘q, qishloq ahlidan ajralib yurish xosiyatli emas, binobarin, malomatga qolmaslik kerak, degan o‘y Muborakni ahyon-ahyonda bezovta etardi. El bilan ellashib, tillashib, dillashib yashamasang bo‘lmaydi. Muallima ko‘proq maktabda — o‘quvchilar davrasidagina o‘zini erkin tutar, ularga Alloh-taolo ibtidoiy jamoa tuzumi davrida qashshoq va nochor, bechorahol qabilalar tomonidan o‘ylab topilgan ilohiyat ekanini uqdirishga urinar, ba’zan o‘zini bu qadar qiynoqqa solayotgan tushunchaning quli bo‘lib qolayotganidan taajjubga tushardi. Bolalar ham qiziq hikoya yoki ertak tinglayotgandek uning nutqiga quloq osishardi. Chaqmoq chaqishi, momoqaldiroq gumburlashi, yer silkinishi, dunyoning qaysidir qit’asida yong‘in yoki suv toshqini ro‘y berishi, mashina yoki samolyotlarning halokatga uchrashi insonning allaqanday gunohlari uchun parvardigor tomonidan yuborilgan jazo emasligini, aksincha yer, yulduz, osmon, sun’iy yo‘ldoshlar o‘zidagi ortiqcha energiyani vaqti-vaqti bilan chaqmoq va turlicha falokatlar ko‘rinishida chiqarib turishini o‘quvchilar hayratga ko‘milib tinglashardi. Muallima yana shunday davom etardi: "Energiya yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bordan yo‘q bo‘lmaydi, faqat bir turdan boshqasiga aylanadi, bu tabiat qonuni bo‘lib, hech qanday ilohiy kuch uni o‘zgartira olmaydi". To‘pori va dovdir, sipo va sodda qishloq bolalarini o‘qitish peshonasiga yozilganidan shukr qilmay bo‘ladimi? Talabaligida amaliyotni shahar maktablarida o‘tkazishga to‘g‘ri kelar, shaharlik mardumchalarning o‘zboshimchaligiga bas kelib bo‘lmasdi. Ularning ayrimlari ochiqdan ochiq xudoga ishonishar, bo‘lg‘uvsi o‘qituvchining bu mavzuga munosabatini bilish uchun savollarga ko‘mib tashlashardi. Muborak o‘ng‘aysizlanar, o‘nlab juft ko‘zlar qarshisida beburd va obro‘siz bo‘lib qolishidan xavfsirar, ilohiy kuchning yo‘qligi to‘g‘risidagi ilmiy ta’limotni batafsil to‘kib solar, kechalari mijja qoqmay qalin kitoblarni varaqlab chiqish evaziga hosil bo‘lgan mag‘izli fikrlarni o‘quvchilarga tortiq etardi. U uch yil mobaynida amaliyotni shu tariqa o‘tkazdi, tengqurlari o‘quvchi va o‘qituvchi orasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan turli ziddiyatlar haqida gapirishar ekan, unda aynan shu masalada tortishuv ro‘y berishini kursdoshlaridan sir tutishga majbur edi. Xayriyatki, bu yillar ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Muborak g‘ala-g‘ovur shahri azimni tark etib, kindik qoni tomgan yurtga qaytib kelganida, bir holatdan nihoyatda ajablandi: shahar fan, madaniyat, san’at taraqqiy etgan, ya’ni taraqqiyot avj olgan makon bo‘lishiga qaramay, yaratganga sig‘inuvchilar ko‘proq ekan. Qishloq odamlari ongida ham ehtimol, Allohga sig‘inish u o‘ylagan darajadan ziyoddir, har nechuk bu masalada ularni ayblash kerak emas, negaki bu yerda ma’rifat maskani sifatida birgina maktab, nari borsa, kutubxona ishlaydi. Hashamatli kinoteatr yoki muzey, soya-salqin istirohat bog‘lari aholi istiqomat qiladigan gavjum shaharlarga xos. Agar oltmish oltinchi yilda poytaxti azimda tabiiy ofat — zilzila ro‘y bermaganida, to‘ridan go‘ri yaqin qariyalargina Allohdan o‘zlariga umr so‘rab yolvorishardi, bu aniq. Ijobat aytganidek, kutilmagan, xayolga kelmagan musibat ko‘pning boshiga sho‘ri-g‘avg‘o solib, ilohiyotga ishontirib qo‘yadi. Olimlarning ta’kidlashicha, tabiatdagi bunday favqulodda hodisalar har o‘n bir, o‘ttiz besh, qirq bir, to‘qson sakkiz va nihoyat yetti yuz ellik yilda takrorlanib turarkan, buni fanda aylanish qonuniyatlari deyishadi. Ulkan shaharda tabiatning bu xuruji o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmagan, tabiiy ofat qandaydir qonuniyatlar bilan chambarchas bog‘liq, ha, xuddi shunday.
Muborak inson ruhiyatining ko‘p narsaga qodirligini, voqelikdan olingan taassurot dastavval bir sidra ko‘ngildan kechishini oddiy haqiqat deb bilar, ochig‘ini aytganda, o‘ylash, fikrlash, ta’sirlanish kabi holatlar ham bizga parvardigor tomonidan ato etilgan qobiliyat deguvchilarni rad etishga tayyor edi. Axir inson o‘z ongi, aqlu tafakkuri bilan olamni anglaydi-ku? Qanday qilib uni Alloh boshqarsin? Ayrimlarning fikricha, odamning tanasi Alloh tomonidan qurilgan imorat emish. Bunga aql bovar qilmaydi, axir har bir insonni otasi, onasi yaratadi-ku?
Hayotning tasodifga to‘laligini qarang, qaerdan ham qora it unga yo‘liqa qoldi? Shifoxonada yotib davolanishini majbur qilib qo‘ygan do‘xtirlar bilan bahs boylashishi foyda bermayapti. Ularning fikricha, Muborakka tashlangan it quturgan bo‘lishi ham mumkin ekan. Unga tashxis qo‘yib, bir necha kunlik muolajani buyurgan do‘xtir afsuslangannamo bosh chayqab shunday dedi:
— Ayol boshingiz bilan tunda nega yolg‘iz yuribsiz, hayronman! Yaxshiyam tishlab olmabdi, xudo bir asrabdi sizni.
— Zarillikka yurganman-da, do‘xtir! Bu voqeaning xudoga nima aloqasi bor?
— Juda aloqasi bor-da, singlim. Yaratgandan beamr birovning oyog‘iga yoki qo‘liga tikon kirmaydi. hammamizam yaratganning osiy bandalarimiz. Bizga institutda xudo yo‘q, deb ta’lim berishgan, lekin men yuz foiz xudoga ishonaman. Yaxshi ishimizning mukofoti, nomaqbul ishimizning jazosi bor. Har qalay o‘n sakkiz ming olamni yaratishga sizu biz ojizmiz!
— Axir tabiat ham yaratuvchi-ku, nahotki yer,suv, tog‘u toshlar xudoning amri bilan vujudga kelgan, desangiz.
— Bo‘lmasam-chi, xuddi shunday, Muborakxon. Siz g‘irt ateist ekansiz-ku, bunchalik ham bo‘lmang.
— Ikkilanib yurgandan ko‘ra yo ishonish, yo ishonmaslik kerak.
— To‘g‘ri, demak siz ishonmaydiganlar xilidan ekansiz-da, men esa aksincha... E, qoyil, umrim bino bo‘lib, sizday qat’iy fikrli odamga birinchi marotaba duch kelishim, xuddi yevropaliklarga o‘xshaysiz-a, vaholanki siz fan doktori yoki katta amaldor emassiz, oddiygina muallima... hayronman!
— Nima qipti, odam o‘z fikri bilan yashashi kerak!
— Har kimning o‘z fikri borlikka bor-a...— do‘xtir suhbatdoshiga sinchkovlik bilan tikilib, uning fikrini tasdiqlasa-da, gapining davomini aytolmay to‘xtab qoldi.
— Nimanidir aytolmayapsiz...
— Siz bilan bahs boylashishning foydasi yo‘q ekan!
— Men nechta ukol olishim kerak?
— Kindigingizdan qirqta ukol olasiz, chidashga majbursiz, aks holda...
— Aks holda quturib ketishingiz ehtimoldan xoli emas, demoqchisiz.
— Xudo asrasin!
Muborak qarshisida turib vallomatlik qilayotgan shifokorning so‘nggi so‘ziga javoban hech nima deyolmadi. Do‘xtirning oq-sariqqa moyil yuzida xavotirga asos bo‘ladigan ifoda aks etdi. Bitta-yarim oq oralagan quyuq, qora qoshlari pir-pir uchdi, pastki labini barmoqlari bilan ushlab, nigohini Muborakdan olib qochdi.
—Tinchlaning, biz kuchukning sizga o‘tib ulgurgan mikroblarini allaqachon daf qildik, har qalay quturmagan it bo‘lsin-da. Agar juda ko‘nglingiz xijil bo‘lsa, Baliqchi ota ziyoratgohiga boring-da, nazr-niyoz degandek... It qopganlar, farzand ko‘rmayotganlar, bedavo dardga chalinganlar, xullas, gunohkor bandalar o‘sha yerga borib, xudo yo‘liga nazr-niyoz atashadi. Eskichaga ishonmasangiz ishonmang, lekin bundan hech qayoqqa qochib qutulolmaysiz!
Palata shifokori yana nimalar dedi, Muborak eshitmadi, to‘g‘rirog‘i, buni istamay, quloqlarini qo‘llari bilan bekitib, choyshabni ustiga tortib oldi. Bu qanday holat, adog‘i, cheki-chegarasi yo‘q savollarga javob topish mumkinmi o‘zi?
... Masjid binosi bu yerdan — maktabning orqa tomonidagi katta tosh yo‘ldan aniq ko‘rinardi. Naqshindor ustunlardan yog‘ilgan yorqin jilolar bu go‘shada sirli va ilohiy muhit hukm surayotganidan dalolat beradi, tip-tiniq chashma va undagi katta-kichik baliqlar jozibador tuyulmoqda edi, yalang‘och daraxtlar sovuqda g‘aribgina bo‘lib ko‘zga tashlanadi. Simto‘siqdan sal nariroqda sukunatga cho‘mgan qabriston yastanib yotar, unda-bunda yodgorlik lavhalari o‘rnatilgani kishiga qandaydir xotirjamlik baxsh etardi. Qor barxanlari orasiga yashiringan maysalar ko‘zni qanchalik quvontirmasin, ochiq qabrlar kishini shunchalik vahimaga solardi. Bejirimgina mo‘ynalik paltodagi ayol masjidga oyog‘i tortmayroq ketib borar, agar u shu tobda muqaddas ziyoratgohga nima uchun ketayotganini xayolidan o‘tkazmaganida, hadiksirashi hali zamon chekinmasdi. Ayol ko‘zlarini ohista yumdi, qora it xuddi yonginasida izma-iz yurgandek yon-veriga qaradi, xayolida jonlangan ekan. Shu atrofdagi xonadon bolalari hali u masjidga eltuvchi yolg‘izoyoq yo‘lda ko‘rinishi bilanoq ajabsinib qarab turishardi. Aftidan, ular ko‘hlikkina ayolning bu joyga qadam ranjida etishidan ajablanishmoqda. Ko‘k choponi ustidan belbog‘ o‘ragan qotma kishi — qorovul shekilli, belkurak bilan masjid hovlisidagi qotib qolgan muzni o‘yardi.
— E, qizimey, senga qaysi bemazaning iti tashlanib yuribdi,— qorovul uning arzini tinglab, afsus bilan bosh chayqadi.— Quturganmikan, deb gumonsirayapsan-da, bo‘lishi mumkin. Qaysi yili qishlog‘imizda bir xotin to‘ydan qaytayotsa, sayoq it unga qarab huribdi. Sho‘rlik qo‘rqib ketibdi, it battar quvarmish. Shunda ayol it quvganda birdan o‘tirish kerak, degan aqidani eslab o‘tirib olibdi. Kuchuk uni iskab-iskab nari ketibdi, Baliqchi otaga kelib, kiyim-kechaklarini nazriga qo‘shib, xudo yo‘liga tashlab ketdi, hech balo qilmadi.
Egnidagi qimmatbaho paltosini, ichidagi kiyimlarini bu yerga tashlasa, qanday ketadi? Qancha nazr olsa olsin, lekin kiyimlariga ko‘z olaytirishgani nimasi, qishning o‘rtasi bo‘lsa, buning ustiga paltosi qimmatbaho. Chol uni anoyi deb o‘ylayapti shekilli, kerak bo‘lsa, u oladigan nazrlar hech qanday xudo yo‘liga tashlanmasligini, aksincha, yulg‘ichlikning bir turi ekanligini isbotlab beradi.
— Ota, bu... egnimdagi kiyimlarimni tashlasam, qanday ketaman? Axir pul bersam bo‘lmaydimi?— dedi Muborak botinmayroq. U qorovuldan tasdiqlovchi javob eshitarman deb o‘yladi, cholning yuzida istihola yoki andisha sezilmadi.
— It iskagan kiyimlarni kiyishni o‘zingga ep ko‘rasanmi, qizim? Axir quturish balosidan omon qolganingning o‘zi baxt-ku, xudo ko‘rsatmasin, quturib ketsang, kiyimning senga nima keragi bor?
Muborak Baliqchi otaga o‘zini yetaklab kelgan qo‘rquv tuyg‘usining mumkin qadar tezroq daf bo‘lishini istar edi, shu lahzada bu alag‘dalik uni o‘ziga butkul og‘dirib oldi. Bu olatasir tuyg‘udan batamom qutulishni istagan sayin aksi bo‘layapti. Qora it yurganda, turganda va uxlaganda ham uni tinch qo‘ymas, ko‘z o‘ngida irillar, ovloq va kimsasiz joyda tanasini burda-burda qiladigandek damba-dam seskanib ketardi. Ziyoratgoh qorovuli hozircha pul bilan qanoatlanadigan bo‘ldi, ammo ertagayoq itning tumshug‘i tekkan kiyimi bormi, buyumi bormi, quturmasligi uchun oq latta ilingan salqi dorga osib ketishini uqdirdi.
Muborak ertaga yana masjidga kelishini o‘ylab, negadir ko‘ngli yorishish o‘rniga xijil tortdi, qora it hamon o‘zini ta’qib etayotgandek atrofga alang-jalang qaradi. Ayol o‘zidagi bu oniy holat avvalgilaridan endi keskin farq qilayotganini anglagandek bo‘ldi...
Chor-taraf oppoq qor qo‘ynida, qir-adirlar ortidan tobora balandlayotgan oftobga qarolmay ayolning ko‘zlari qamashdi...