OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hulkar To‘ymanova. Ko‘ngil (hikoya)

Muhabbatning ko‘zi ko‘r, degan aqida hayotimni butunlay o‘zgartirib yuborishini bilmasdim. Boshga tushganini ko‘z ko‘rar, deganlari shu, shekilli? Fe’l-atvorimda qandaydir o‘zgarish bo‘layotganini yon-atrofimdagilar ham seza boshlashdi. Sho‘x-shaddod, she’r-qo‘shiq aytib davrani gullatadigan qiz birdaniga kamgap, sipo bo‘lib qoladimi? Menga nimalar bo‘lyapti o‘zi? Tikuvchilik tsexida ishlaydigan katta-kichik hamkasblarim oldida ayb ish qilgan odamdek o‘zimni chetga olaman. O‘ta sergap qizning odamovi bo‘lib qolgani, ayniqsa, onamdek yaqinim — Ashiroy opani qiziqtirgani bois ilmoqli gap tashlaydigan bo‘ldi:
— Abdujabbor, senda bir gap bor...
Ashiroy opa tikuv mashinasini g‘irillatib harakatga keltirar, tikayotgan kiyimining dam u, dam bu yog‘ini ag‘darib choklar, ba’zan ko‘ngildagidek chiqmasa, boshqatdan so‘kib tikishdan sira erinmasdi. Mening qo‘lim ishga bormayotganini, nigohlarim kimnidir izlayotganini Ashiroy opa darrov ilg‘ar, ko‘zoynak tagidan sinchkovlik bilan qarar, “Senga o‘zi nima bo‘ldi, tushunmayman, butunlay boshqacha qiz bo‘lib qolding”, deya meni noqulay ahvolga solardi.
— Sizga shunday tuyulyapti, hech nima bo‘lgani yo‘q, qiziqmisiz? — deya Ashiroy opaga sezdirmasdan eshikka qarab qo‘yaman. Nazarimda, shu lahzada usta yigit kirib keladiyu yonimda paydo bo‘lib, hol-ahvol so‘raydi, ana shunda mendan baxtiyor odam bo‘lmaydi. Ammo eshik ochilmaydi. Xonada esa tikuv mashinalarining bir maromdagi “g‘ir-g‘iri”. Chevarlar o‘z ishi bilan andarmon.
Kimningki, dastgohi buzilib qolsa, jingalak sochlari osilib peshanasiga tushib turadigan, kulgichlari yoqimli, torgina jinsi shimda epchil harakat qiladigan usta yigit sozlab berar, negadir chevarlarning barchasi uni yoqtirib qolganidan gap otishar, men ich-ichimdan uni qizg‘anardim. Usta yigitning indamasligi, mo‘min-qobil qiyofasi, orasta, did bilan kiyinishi, muloyim jilmayib qo‘yishi har qanday kishini unga xayrixoh qilib qo‘yardi. Erkin aftidan, o‘ziga munosib juft axtarib yurar, ammo buni o‘zgalar sezib qolishini istamasdi. Uning shaharni tark etib, qishloqni ixtiyor etganiga ajablanmadim, kindik qoni tomgan yurtning sehru jozibasi kimni ham o‘ziga tortmaydi. Ashiroy opa Erkinning qishlog‘i besh chaqirim narida ekanini aytib qoluvdi.
Odamni ba’zan shayton yo‘ldan uradi, men dastgohim ishdan chiqib qolishini va shu ondayoq Erkin yonimda hoziru nozir bo‘lishini istayveraman. Aksiga olib mashinam bekamu ko‘st ishlar, choklanadigan kiyimlar uyulib xirmon bo‘lib turardi. Chevarlikning past-balandini uncha-muncha o‘zlashtirgan bo‘lsam ham tajribasizligi tufayli dastgohini buzib qo‘ygan tikuvchi qiyofasiga kirish men uchun osongina ishga aylandi. Mashina aylanishini maromida ta’minlaydigan “quloq”ni jo‘rttaga bo‘shatdim. Endi dastgoh aylanmay qo‘ydi, ninasi ham chok hosil qilmasdi. Yugurib pastki qavatga tushdim. Bu yerda soatsoz, televizor ustasi, sartarosh, suratkash, etikdo‘z uchun alohida bo‘lmalar ochilgan, yuqoriga nisbatan mijozlar ko‘proq bo‘lishardi.
Usta o‘tiradigan xona eshigini jur’atsiz taqillatdim. Ikki yildan beri uzluksiz ishlab kelayotgan qiz tuppa-tuzuk tikuvchiga aylanib, ustalarga ishi tushmagandi. Yuzi cho‘tir bo‘lgani bois kishida yoqimsiz taassurot qoldiradigan Suvonqul usta meni ko‘rdi-da, ta’mirlayotgan botinkasini tizzasi ustiga qo‘ydi:
— Ha, chevar qiz, nima gap?
— Mashinam buzilib qoluvdi...
— Men kosiblik qilaman-ku, qizim. Sen anuv xonaga kirgin, Erkin degan bola bor, shu tuzatadi.
Men u ko‘rsatgan xona tomon odimladim. Yuragim “duk-duk” urmoqda, u xonasidamikan? “Buzilib” qolgan dastgohimni tuzatib berib, men haqimda qanday xayolga borar ekan? Men ichki ovozga dam bo‘ysunib, dam bo‘ysunmay Erkinning xonasi eshigini ohista chertdim. Ichkaridan sado bo‘lmadi, yana taqillatdim, javob yo‘q. Shundan so‘nggina ichki hadik chekinib, eshikni o‘zimga tortdim, berk edi. O‘ylagan rejam amalga oshmaganidan bo‘shashib izimga qaytdim. Endi uni qachon ko‘rishim mumkin? Nahotki, u bilan bir bora gaplashish baxtiga muyassar bo‘lolmasam? Topgan bahonayi-sababim ham ish bermadi. Kelbatiyu odobi risoladagidek bunday yigitlarning ketidan suq bilan qaraydiganlar ozmi? Mening shulardan biri ekanimni Erkin bilmasa ham kerak.
Qo‘lim ishga bormas, dastgohim yonida o‘tirgim yo‘q edi. Ashiroy opa mendagi bezovtalikni sezdi, shekilli, dalda berish ma’nosida ilmoqli savol tashlab qo‘ydi:
— Ustalar yo‘q ekanmi, Gulandom? Ha qizginam-a...
Men sir boy bermaslikka intilib, o‘rnimga cho‘kdim. Nachora, oromimni o‘g‘irlagan bilan bugun uchrashish nasib qilmagan ekan. Ish vaqti tugashiga yarim soat qolganda Komilaning tegrasida ta’mirga sho‘ng‘igan ustaga ko‘zim tushdi-yu, qizg‘anish hissidan o‘rtanib ketdim. Erkin bu yerga qachon keldi ekan? Hamkasabam uni o‘z yoniga chaqirish uchun hiyla ishlatmadimikan? Miyamga kelgan bo‘lmag‘ur fikrning to‘g‘ri ekaniga zarracha ham shubham yo‘q. Axir, bir soat oldin o‘zim ham shunday makrni o‘ylab topgan edim-ku. Balki Komilaning dastgohi ham nosoz emasdir? Koshkiydi, Erkin Komilaning yonida bo‘lmasa... Shunisi aniqki, Erkinga nisbatan menda paydo bo‘lgan tuyg‘u hali Ashiroy opadan boshqa hech kimga ma’lum emas. Hamkasabamdan rashk qilishim asoslimikan? Komilaning nimalarnidir kuyib-pishib uqtirishi meni battar o‘ng‘aysiz ahvolga solmoqda. Buni sezgan Ashiroy opa ko‘z qiri bilan meni kuzatarkan, kesatib dedi:
— Komila yigitchaning boshini aylantiryapti...
— Mening nima ishim bor...
— Usta bola gung emishmi, eshitdingmi? Qara, Komilayam imo-ishora bilan gaplashayapti.
— Yo‘g‘-e, — ishongim kelmay Ashiroy opaga yuzlandim.
— Gaplashsang bilasan!
Erkin bilan hali muloqot qila olmaganimiz boismi, biz uning so‘zlash baxtidan benasib ekanini bilmasdik. Kishi odatda o‘zida tuzalmas dard borligini eshitsa, bir seskanib tushadi. Xayolan sen bilan yashayotgan kishi haqida tasodifan noxush gap eshitish ham har qanday holatda odamni mushkul vaziyatga soladi. Erkinning nuqsoni borligini bila turib, nega Komila uning atrofida parvona, deya o‘zimga savol berarkanman, javob topishga ojizlik qilaman. Hamkasabam tomon qarayman-u, u yerdan allaqachon g‘oyib bo‘lgan Erkinning raftorini ko‘z o‘ngimda gavdalantirishga urinaman. Nega? Tushunarsiz bir holat, axir men — husni ham, odobi ham barchaga manzur, qo‘ni-qo‘shnilar kelin qilish orzusida yurgan qiz notanish yigitni o‘ylab, bunchalar qaltirayapman? Uning so‘zlash-so‘zlamasligi men uchun qanchalik darajada ahamiyatli? Osmon yiroq, yer qattiq, yulduzlar mangu shu’la sochadi, dengiz va daryolar to‘xtovsiz oqadi, yer yuzida hayot deb atalgan ulkan ummonda kimdir bir yil avval, kimdir o‘n yil keyin tug‘ilib, umrguzaronlik qilaveradi. Taqdiri azal hukmiga bo‘ysunmasdan yashashning iloji yo‘q, Erkinning kutilmagan bir paytda qalb darichamga mo‘ralashi, hayotimni ostin-ustun qilib yubordi. Axir, shu paytgacha yo‘limda uchragan yigitlar kammidi? Nahotki, taqdir menga shu yigitni ravo ko‘rgan bo‘lsa? Uni o‘z juftim sifatida tasavvur etish menga oson bo‘lmayapti, ayniqsa, zabonsiz ekanligini bilgach... Aslida uni deb o‘rtanishimdan Erkin xabardormikan? Koshkiydi, shunday bo‘lsa...
Maishiy xizmat uyining tartib-intizomi hamisha o‘rnida bo‘lishini talab qiladigan direktori Boybo‘ta Zufarov kechga yaqin tsexga kirib keldi-da, tikuvchilarga ko‘rsatma berdi:
— Mashinalaring buzilib qolgan taqdirda bir emas, ikki usta xizmatlaringga muntazir, Erkin deganimiz yangi, tikuv dastgohining piri desayam bo‘ladi.
— Haligi gung bolami? — deya chevarlardan biri luqma tashladi.
— Soqovlar sal-pal gapiradi yu, u umuman so‘zlayolmaydi, — deya uning xatosini to‘g‘rilagan bo‘ldi ikkinchisi.
— Gung bo‘lsayam har qanday tilli-zabonli ustadan a’lo. Sizlar odamga yuzaki baho bermanglar-da, — deya rahbarimiz tanbeh berganida Komila qo‘shib qo‘ydi:
— U kishi to‘g‘ri aytyapti, hali zamon mashinamni o‘sha Erkin tuzatib beruvdi. Qo‘li gul ekan chindanam...
Men Komilaning maqtoviga e’tibor bermaslikka harakat qilsam-da, ich-ichimda qizg‘anish tuyg‘usi bosh ko‘tarayotganini his etdim. Yoqtirsa yoqtirar, ammo shuni ko‘pchilikka oshkor etish shartmikan? Axir, qiz bola o‘z kechinmalarini pinhon tutgani ma’qul emasmi? Ayniqsa, erkak odamning oldida kayvoni ayollarga o‘xshab salmoqlab gap tashlashini qarang...
Shu kuni ishdan kech chiqdim. Tungi chiroqlar yongan, ko‘chalar yop-yorug‘. Mashinalar ko‘zlarini oldinga tikkancha g‘izillab o‘tar, shahar ajib bir zavq ichra sarxush edi. Tramvay bekatiga yer osti yo‘lidan o‘tishim kerak. Bolaligimdan shundayman: quyosh nuri tushmaydigan joylardan qo‘rqaman. Yer osti yo‘lida, garchi chiroqlar bo‘lsa-da, qo‘rqdim. Miyamga kelgan fikr ham qo‘rqinchli ham, yoqimli edi: Erkin yonimda bo‘lsa... Bu xayol. Qadamimni tezlatdim. Qulog‘imga mayin, nafis musiqa eshitildi. To‘xtab qolibman. O‘girilib qarasam, o‘rta yoshdagi bir odam nay chalayapti. Qiziq, bu yo‘ldan necha yildan beri o‘taman, nega bu ovozni eshitmadim-a? Beixtiyor jilmayib, unga tikilib qoldim. Axir, men sevib qolibman-ku. Bir dugonam aytgandi: sevgan odamga har bir ovoz ohangday eshitiladi... Ha, men mana endi, sevib qolganimni chin yurakdan his etdim. Bu iqror qanchalik yoqimli bo‘lsa, shuncha azobli ediki, o‘zimni qaerga qo‘yishni bilmasdim. Arosatda qolishdan qo‘rqardim, vaholanki, men xuddi shu ko‘yga tushganga o‘xshayman. Inson shundayin hilqatki, ba’zan o‘zini-o‘zi boshqara olmaydi, yurak nimagadir undaydi, miyada esa bunga qarshi fikrlar g‘ujg‘on o‘ynaydi, qat’iy qarorga kelolmay qiynalasan. Odam o‘z ko‘ngli bilan hisoblashib yashashga mahkummi yoki... u yog‘ini o‘ylashdan ham qo‘rqaman. Ertalab ishga bordimu, atayin mashinamni buzib tashladim. Men go‘yo bor alamimni shu matohdan olayotgandim. Yo‘q bo‘lsin, daf bo‘lsin. Hech narsani istamayman. Kerakmas. Nega endi menga qolganda, yakuni yo‘q muhabbat berdi. Nega? Axir, aybim nima? Istamayman...
Yarim soatdan keyin o‘zim buzib tashlagan matohni quchoqlab o‘tirardim. Endi nima qilaman? Nima qilib qo‘ydim? Men kimga jahl qilyapman? U menga va’da berib, bevafolik qildimi? Qachon sevaman degandi, qachon? Yo‘q, telba bo‘lib qolayapman. Ha, telba bo‘layapman. O‘rnimdan irg‘ib turdim-da, ichki g‘alayonning ta’siridan chiqolmay, ustalar o‘tiradigan bo‘lmaga yo‘l oldim. Uning oldiga borib xumordan chiqquncha yuziga tarsaki tushiraman, keyin... keyin, ko‘ksiga mushtlab to‘yib-to‘yib yig‘layman. U uchun, o‘zim uchun, izhorsiz muhabbatim uchun yig‘layman, yig‘layman. Mayli, u meni yupatmasin, mayli, sochimni silamasin, mayli bittayam gapimni eshitmasin, lekin men uni sevib qolganimni aytaman. Aytaman. Aytmasam, yuragim tars yorilib ketadi. Baribir gapirmaydi-ku. Aytaman-da, ketaman. Ishdan, Erkindan, hamma-hammasidan...
Axir, hech bo‘lmasa imo-ishorasidan, ko‘z qarashidan meni qiynagan tuyg‘ularga javob olishim zarur. Shundagina yuragimning bejo urishidan xalos bo‘laman. Eshik oldiga yetganimda tizzalarim qaltirab, yuragim hilvirab qoldi. Menda na jur’at, na majol qolgandi. Negaki, kecha yer osti yo‘lidan o‘tayotganimda eshitganim nay nolasi taralardi. Kim bo‘ldi bu? O‘sha odammi? Buncha mahzun chalmasa? Shu chog‘ eshik ochilib, ro‘paramda quyuq qora qoshlari bir-biriga tutashgan, xiyol qisiq ko‘zlari qorachig‘ida cheksiz mung aks etgan Erkin turardi. Usta mening qay maqsadda bu yerga kelganimni o‘zicha angladi, shekilli “Hozir, bir daqiqaga”, degandek ikki qo‘lini ko‘tarib, xonasiga kirib ketdi. Xiyol o‘tmay, qo‘lida sumka bilan qaytib chiqdi. Shu damda, bir tuyg‘u ongu shuurimni chaqmoqday yorib o‘tdi.
— Mashinam buzilib qoluvdi-da, shunga... — dedim bor kuchimni tilimga jamlab.
Erkin barmoqlari bilan imo-ishoralarni shu qadar qalashtirib tashladiki, shoshganimdan “Nimalar deyapsiz o‘zi?”, deb yubordim. Yana imo-ishoraga sho‘ng‘ir ekan, ichimdan zil ketdim. Demak, eshitganlarimning barchasi haqiqat ekan-da?! Miyamni bir-biriga zid fikrlar egallab oldi: men unga munosibmi, u-chi? Ehtimol, shahar ko‘rgan bu yigitning ko‘nglidan joy olgan ma’shuqasi bordir? Balki... bu yog‘i menga qorong‘i.
Ikkimiz — men avval, u ortimdan tsexga ko‘tarildik. Ikkinchi qatorning boshiga o‘rnatilgan tikuv mashinam yoniga Erkinni boshlab borarkanman, Ashiroy opa tagdor qarab qo‘ydi. Erkin aylanma stulchamga joylashib, mashinamni sozlashga kirishdi. Qizlarnikidek uzun-uzun, nozik barmoqlari dastgohning goh ustki, goh tag qismida harakatlanar, qoramag‘iz yuzidan yaltirab ter oqardi. Nihoyat, dastgoh g‘irillab ishlay boshladi. O‘zimni o‘zim tushunmasdim. O‘n daqiqa oldin boshqacha edim. Endi bo‘lsa... rostdanam aqldan ozibman. Mashinamni o‘zim buzib, o‘zim yig‘ladim. Yana o‘zim tuzatmoqchi bo‘lib uning oldiga bordim. Mana tuzaldi, lekin yana yig‘lagim kelayapti. Erkin jinsi shimining orqa cho‘ntagidan taxlog‘liq ro‘molchasini chiqarib, yuzini artdi, menga qarab mamnun jilmaydi. “Mana, bo‘ldi”, degandek yelkasini qisib eshik tomon yo‘naldi.
Eshikdan chiqishi bilan yana o‘sha nay sadosi qulog‘imga chalindi. Kim u? Yugurib tashqariga chiqdim. Tashqarida... Shundoq keksa qarag‘ayga suyangancha Erkin nay chalardi. Qachon o‘rgandi ekan? Unga yaqinlashar ekanman, yelkalari silkinayotganini ko‘rib, ichimdan nimadir chirt etib uzilgandek bo‘ldi. Qarshisiga borganimda shoshib nayni labidan olib, “Yana buzildimi”, degandek ajablanib qaradi. Men nayni ko‘rsatib, “Zo‘r chalayapsan”, deganimda ko‘zlaridan yosh sizib chiqdi. U menga ko‘zlarini tikkancha yana nay chala boshladi. U mening hatti-harakatimga qarab qanday chalayotganini bilmoqchi bo‘lardi. Shunda men hammasini tushundim. U ham meni sevarkan. Sevib qolgan ekan. U meni kuzatib yurarkan. Kecha yer osti yo‘lida men nay chalgan odamga termulib qolganimni ko‘rganu, nay sotib olgan. Menga sevishini shunday izhor qilmoqchi bo‘lgan. Ha, shunday. Sevinchimdan qichqirib yubordim. U nayni labidan olgancha tikilib qoldi. Cho‘ntagidan dastro‘molini oldim-da, ko‘zyoshlarini artib qo‘ydim. U hayajonlanar, entikar, sevinchini qanday ifoda etishni bilmay, ko‘zlarini katta-katta ochardi. Shu tob u qo‘limni olib chap ko‘ksiga bosdi. Uning ham yuragi sevinchdan duk-duk urardi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.