Bugun ishxonada hammadan oldinroq paydo bo‘ldim. Bunga o‘zim sababchi. Keyingi vaqtlarda qandaydir esim joyidamas. Bilmadim, bu bir hafta oldin kuchli davolanib chiqqanimdan, ya’ni badanimga singishayotgan antibiotiklar ta’sirimi, yo o‘zi asablarimning charchaganidanmi, kunda-kun ora nimadir esimdan chiqqan, qaysidir bir masalani yodimdan chiqargan bo‘lib qolayapman. Kechayam bir dunyo yozganlarim, qanchadan qancha musiqalarni o‘zida jamlagan fleshkani kompyuterda qoldiribman. Bu fleshka deganlari foydali narsa. Yoqtirgan qo‘shiq, ashulalardan bir ikki yuzdan oshig‘ini yozdirib olganman unga. Mashinada huzur qilib eshitib yuraman. Ishxonada qilinadigan tarjimalar, stsenariylar, unda-munda foydasi bor-yo‘q matnlaru, hujjatlar ham shuning ichida jam. Agar yo‘qolsa, o‘zim aybdor bo‘laman. Axir xonaga ertalabdan qancha odam kirib chiqmaydi, deysiz? Shunaqa gaplar. Kelib uning kompyuterga tiqilganicha turganini ko‘rib ko‘nglim taskinlandi. Xo‘sh, bugun qanday ishlarni reja qilganman. Shuni o‘ylay boshladim. Eng avvalo, kecha uyda miyamga muhrlangan ish - Usta bilan uchrashish.
Ha, aytgancha, u ishga soat to‘qqizda keladi. Roppa-rosa to‘qqizda. Bir daqiqa ham oldin yoki kech emas, to‘g‘ri vaqtida paydo bo‘ladi. Xuddi nihoyatda muhim lavozimda o‘tirgan amaldor-u, unga odamlar umid bilan ko‘z tikib o‘tirishadigandek. Kinoya emas bu, u rostdan ham xuddi shunday o‘ylaydi. O‘zi bir o‘rtacha usta. Odamlar boshqa joyga borib kelishga erinib unga murojaat qiladi. Nimayam qilsin. Misol uchun, eng yaqin boshqa joy Chorsu bozorida. Bozorga borish-kelishga kamida biron soat vaqt ketadi. Agar u joyda ham odam ko‘p bo‘lsa kutib qolishga, bo‘lmasa, tashlab ketib keyin yana borib-kelishga to‘g‘ri keladi. Shu kichkina matohni deb ikki marta bir soat- dan vaqt ketkazish kimga yoqardi deysiz? Uning oldiga ko‘p “mijoz” kelishiga asosiy sabab shu.
U esa... Tavbangdan ketay. Odam ham shunaqa bo‘ladimi-a? Avvalo u o‘tiradigan xona, uning tili bilan aytadigan bo‘lsak, “kabinet” haqida. Bu yerga kirsang, dimog‘ing achishib ketadi, changning, yana bu yerda taxlanib yotgan allambalo - ham yozgi, ham qishki, uzoq yillar avval urf bo‘lgan, tagi teshilgan, usti yirtilgan, chokidan ajrab ketgan, og‘zi ochilgan, tovoni tushib qolgan, tagi olib tashlangan, tasmasi buzuq va hokazo “diagnoz”lar bilan bu yerga yetkazib kelingan poyabzallardan qanday hid chiqishi mumkin? Ular ham go‘yo bu poyabzalxonaning o‘ziga mos bo‘lib, kir-chir, yaqin orada moy ko‘rmagan, burishgan, turishgan, xullasi kalom aftoda bir holda qalashib yotibdi. Bir poyi tepa qismda, boshqasi yana qaerdadir, betartib, pala-partish bu oyoq kiyimlari yig‘indisini ko‘rib, nima, odamlar yangisini olmay qo‘yganmi, degan xayolga ham borasan. Turli toifa, xilma-xil. Ularga qarab bu matohlarning egalari haqida ham muayyan tasavvurga kelish mumkin...
Ba’zi ayollar poyabzallarini ko‘rib bu qaysi bir xuriliqoga xizmat qilar ekan, deya uning egasini o‘zingizcha xayolingizga keltirasiz, parti ketib-sharti qolgan boshqasini ko‘rib tavba, axir shuni ham epaqaga keltirib bo‘larmikan, deya ajablanasiz. Hamkasblardan biri kelib oyoqyalang kutib tarang qiladi, shoshilyapman, ob’ektda kutishayapti, tezlating, deydi. Bu ustaning parvoyiga ham kelmaydi. U ishini biroz tezlatib ham qo‘ymaydi. Kimdir keldimi, kelmadimi, gapirdimi, savol berdimi, javob istayaptimi, e boringki, o‘lyaptimi–qolyaptimi unga baribir. Bechoraning qo‘lida tovoni ajrab ketgan tufli. O‘zi yangigina, bugun moylangani undan kelayotgan Xitoy moyining hididan ma’lum. Ammo, ajrab ketgan. Shunday holatda turgan kasbimiz “yulduzcha”laridan biri bo‘lgan bu yigitga qarab o‘yga tolaman. Yaqin olti oy ichida “yaralganlardan” bu “yulduz”. Yonib-yonmay o‘chib ketadigan xilidan menimcha. Muomalasi o‘ziga yarasha. Dimog‘iga xoda yetmaydi, degan bahoga loyiq bola.. Bu yerda odam bor-yo‘qligiga qarab ham o‘tirgani yo‘q. Salom-palom degani haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emas. To‘g‘ri kelib, mana buni to‘g‘rilab yuboring, emish. Olasan! Usta sendan o‘n besh marta ko‘p ko‘ylak yirtganlarga, “yulduz”dan yulduzga aylanib ketganlarga parvo qilgani yo‘g‘u, senga yo‘l bo‘lsin. Bu etikdo‘zi tushmagur nuqul uyida bola-chaqasiga falonchidek g‘o‘ddayganini buncha kuttirdim, boshqasini yana fismadoncha yalintirdim, deb maqtanmasa edi, deyman.
O‘zi ishxonamiz g‘alati. Hech “prostoy” odamni topa olmaysan. Hammasi avliyo. Faqat O‘rol jo‘ra aytmoqchi, bittagina kamchiligi bor. Hech pastga tushishmaydi. Nima endi, efirda ikki marta ko‘ringan bo‘lsang, shunaqa o‘zgarasanmi, deydigan mard yo‘q. Televizorga chiqib birovni qoyil qilgan bo‘lsa bir navi edi. Boshlovchi-da. Boshlovchi kim, mana siz ayting. Boshlovchi birov yozib bergan matnni o‘qib beruvchi yarim texnik, yarim artist bir odamda. Xafa bo‘lmang-u, men bu bilan birovga past nazar bilan qarayotganim yo‘q. Sira ham. Boshlovchi qachonki, muallifning muddaosini anglasa, nima demoqchi ekanini anglab, his qilib yetsagina uni tomoshabinga yaxshi yetkaza oladi. Matnni o‘qishni hamma biladi. Gap qanday o‘qishda. Ilgarigi diktorlar matnni o‘qishdan oldin o‘zlari uchun so‘zlarga belgi qo‘yib chiqishar edi. Qaysi so‘zning qaysi harfiga urg‘u berish ma’nosida. Intonatsiyasi joyida edi ularning. Bugungilarchi? Qizlarning aksariyati bo‘yanish, bezanish bilan ovora, yigitlari ham kam emas ulardan. Sochini prichyoska qilib sarson. Imij ekan bu. Imij kasbiy mahoratdan paydo bo‘lsa edi. Bu qahramon ham o‘shalar qatoridagi “zamonaviy” to‘tilardan. Ammo bularning xalq ichidagi gaplarini eshitsang, tavbangdan yoqa ushlaysan. Nima emish ular, o‘zlaridan chiqarib gapirishar emish, shuning uchun boshlovchilikka aynan uni tanlashganmish. Ol-a, aslida suflyordan foydalanib uch-to‘rt martalab yozib montajdan qolgani efir yuzini ko‘rgan bo‘ladi. Ba’zi sodda kishilar bunga ishonishlari ham mumkin. Ammo zukko tomoshabin boshlovchining ko‘zidan, ularning matnning yurishiga qarab harakatlanishidan sezib o‘tiradi.
Chalg‘ib ketdim. Men ustaxonadaman-ku. Bu yerdagi oyoq kiyimlarni ko‘rib ularning egalariga asl bahoni bersa bo‘ladi. Xalqimizda maqol bor: Do‘st boshingga, dushman oyog‘ingga qaraydi, degan. Menimcha, bu hikmatli gapni odamlar poyabzalining holatiga bog‘lab aytishmasa kerak. Ie, nima deyapman o‘zi, demoqchimanki, poyabzali eskiroq, biron qismi yeyilganroq bo‘lsa u yomon, agar yangi tufli kiygan bo‘lsa u yaxshi ma’nosini bermaydiku, demoqchiman-da. Men poyabzallarning sifati, “saviyasi”, ijtimoiy kelib chiqishiga qarab, bu qanday iqtisodiy ahvolda yashaydigan odamniki ekanini bilsa bo‘lar ekan, degan xulosaga keldim. Agar shu tomondan qarasangiz, ishxonamizdagi ko‘pchilikning ahvoli o‘ziga yarasha ekani ma’lum bo‘ladi. Qarab chiqsam, poyabzal otliq nimarsalarning aksariyatida egalarining haqqi aslida qolmagan ham. Boya parti ketib-sharti qolgan iborasini aytdim. Shunga mosi ko‘p. Ayollarga xos bo‘lgan tuflilar, shippaklar(ular ko‘proq) ham xizmat muddatini asosan o‘tab bo‘lganlardan iborat. Erkaklarimiz, ya’ni ishxonamizning yigitlari aksariyat hollarda xitoylik poyabzalchilarning mahsulotlaridan foydalanishayapti ekan. Eng muhim afzalligi arzon bo‘lgan bu mamlakat mahsulotlarining foydalilik koeffitsienti haqida ijlbiy so‘z topish qiyin, albatta. Ammo bu poyabzalgohda o‘zga bir jo‘g‘rofiy nuqtadan keltirilganlarini ko‘rmadim.
Endi ustaga qarayman. Bugun oltinchi kun kelishim. E, bunaqangi lanj etikdo‘z bo‘lgan seni, deb ketvorgan bo‘lardi mendan boshqa bo‘lganida. Ammo buniyam o‘ziga yarasha bir gashtimi, qizig‘imi borga o‘xshaydi. Nimagadir har qanday joyda asabim chaqnab ketadigan mendek tajang odam oltinchi bor kelishimga qaramay miq etmay o‘tiribman. Uni boya aytganimday epchil, qo‘li yengil, ishini sifatli bajaradigan ustalar safiga sira ham qo‘shib bo‘lmaydi. Qo‘llari bigiz bilan ishlashda juda no‘noq, misol uchun, poyabzalni tagi bilan tiksa choki shundoq bilinib qoladi, yoki tashrif buyurayotgan ayollarning har uchinchisi olib kelayotgan poyabzallarini ikki-uch kun ilgari unga tuzatdirgan-u, birovi choki so‘kilib ketganidan, birovi oyog‘ini siqayotganidan, yana birovi tovonining balandligi ikki xil bo‘lib qolganidan nolib qaytib kelayapti. Ammo noiloj shu yerga keladi. Qayoqqayam boradi. Bu odam esa... Ustaning o‘ziga xosliklaridan biri uning nihoyatda hazm qilib bo‘lmaydigan muomalasi va o‘ziga bino qo‘ygani bilan bog‘liq. U kirib kelgan kishining salomiga alik yo oladi yoki yo‘q. Uning kulib turganini esa shuncha vaqt davomida ko‘rmadim. Umid bilan qadam ranjida qilgan odam da’fatan bunday muomaladan g‘alati ahvolga tushib qolishi tayin. Men ham nechog‘li xushmuomala bo‘lmayin, bunday vaziyatda tashabbus ko‘rsata olmayapman. O‘zi ishim tushib kelib o‘tirgan bo‘lsam, nima ham deyman axir. O‘tiribman xona xo‘jayinining qovog‘idan umidvor bo‘lib. Bir-ikki hamkasbimiz biron jo‘yali javob berilmagach qaytib ham ketdi. Men esa ustaning ishini tomosha qilyapman. U miq etmay ishlayapti. Mana, kelganimga bir yarim soat o‘tdi. U qilayotgan ishini tugatdi, chamasi, boshqa bir shippakni qo‘liga olayapti. Jahlim chiqib ketdi.
- Og‘ayni(ovozim o‘zimga ham yoqimsiz chiqdi, g‘o‘ldirab gapirdimmiey), men qariyb ikki soatdan beri kutib o‘tiribman. Oltinchi marta kelishim. O‘zi ikki daqiqalik ish. Meni jo‘natib yubora qoling...
U menga biron so‘z aytmadi. Qo‘limdagini olib, u yoq-byo yog‘iga ko‘z yugurtirdi.
- Ertaga keling, - dedi keyin. Endi tutab ketdim.
- Nima deyapsiz o‘zi. Axir shunaqa ham bo‘ladimi? Shu dardingiz bor ekan, boya aytaqolmaysizmi kuttirib o‘tirmay. Axir qancha ishdan qolib kutib o‘tiribmanku sizni... - Baribir ohangida do‘q yo‘q edi bu tutoqishning ham. Chunki unga ishim tushib turibdi. Qolaversa, shuncha kutib, yana qaytib ketish...
Nihoyat u tuflining orqa tomonida so‘kilib ketgan bir santimetrcha chok o‘rnini yangitdan tikishga kirishdi.
- Bizda ham reja bor, - deydi bir mahal. Men qilayotgan ishiga pulini to‘lamasmidimki...
- Aka, el qatori haqingizni olasizku.
- Gap siz beradigan uch-to‘rt so‘m ustida emas. Mening ham rahbarim bor. Bular(shippakka qo‘lini nuqib)ning egalari ham chakana odamlar emas. Ularga va’da berib qo‘yganman. Ular sizdan balandroq odamlar bo‘lishi ham mumkin aka.
Agar uning qo‘lidagi tufli meniki bo‘lmaganida chakkasiga solib yuborardimku-ya.
- Ro‘yxat qilib qo‘ysangiz bo‘lar ekan. Navbat bilan kelardik.
- Endi shunday qilmasak bo‘lmaydi. Bu masalani direktorga qo‘ymoqchiman. Bitta bo‘lsam. Buning ustiga “shef” ham u yer- bu yerga faqat meni yur qiladi. Yana yarim soatdan keyin oshga ketishimiz kerak, madaniyat vazirligidagi bir kattakonnikiga.
- Indamay qo‘ya qoldim. Holingni ko‘rgan odam aftingga qaragisi kelmaydi-yu. Tavba. Bir santimetrga hozirgina tayyorlagan ipi yetmasaya. Boyagi pala-partishga aralashib ketgan ipni topib yana ozgina uzib ishini davom ettira boshlagan ustaning yonidagi stol ustida turgan uning tushlik ovqatini ko‘rib qoldim. Ovqat ustaning qo‘lidan o‘tgan tayyor “mahsulotlar” orasida eski sochiqqa o‘rab qo‘yilgan. Ishini tugatar-tugatmas, etikdo‘z boyagi sochiqni ochib ichidan shisha bankani oldi. Unda suyuq bir ovqat bor edi. Sochiqqa o‘ralgan non ham bor ekan. Na qo‘lni yuvish bor, na artish, bankaning qopqog‘ini ochgancha sovib qolgan sho‘rvani ho‘plab nonni tishlab tushlikni boshladi bizning qahramon. Buni rasmga olib ham birovni ishontirish qiyin edi. Qo‘liga besh yuz so‘m berib kam emasmi, deb so‘radim. Bo‘ladi, u pulga qaragani ham yo‘q.
Shu bir oy ichida mo‘ljallagan eng katta ishlardan birini do‘ndirib, yelkamdagi og‘ir yukdan qutulgandek xursand bo‘lib, yengil tortib ishimga ketdim. Men xonaga kelganimda soat millari o‘n ikkiga yaqinlashardi. Shu bilan bugungi kunning yarim ish vaqti o‘z poyoniga yetayotgan, rejadagi ishlarga esa na hafsalam va na ishtiyoqim qolmagandi. Kimga rahmat deyishimni bilmay tushlikka otlandim...
2010.