Quvada bir ajoyib odam bor. Uning xususida turli afsonalar yuradi. Sirtdan qaraganda hamma qatori bir odam, andak oqsoqlanib, hassaga suyanib yurishini aytmasa hech kimsadan a’lo joyi yo‘q: past bo‘yli, ixcham jussali, o‘rtamiyona odam. Boshqalardan farq qiladigan xususiyati ham sezilmaydi: yig‘inlarda, to‘y-ma’rakalarda el qatori odobu iffat ila o‘tirib-turadigan, hech kimdan salom-aligini uzmaydigan, yoqasiga chang yuqtirmay oppoq kiyinib yuradigan hokisor bir inson. Chekib, ichib yurganini ham birov ko‘rgan emas. Ammo uni tanimaganlar Quvada topilmas, muzofotda esa, kamdan kam bo‘lsa kerak, deb ta’riflaydilar.
Bu sipo kishi haqida orqavorotdan turli-tuman gaplar yuradi. Birov uni «qo‘yning og‘zidan cho‘p olmagan kishi» desa, boshqasi «Yulduzni narvonsiz uradigan» olg‘irlar qatorida sanaydi.
Ba’zilar: «O‘tirgan joyida ish yuritib, kesakdan olov, suvdan alanga chiqaradi. Bir qo‘lida tovuqqa don berib, ikkinchi qo‘lida tuxumini oladi, deb maqtaydi. «Birni ikki qilmagan kuni uxlamay bedor chiqadi...»
Bu gaplarga goh ishonib, goh ishonmay yurardim. Onda-sonda ko‘rishib qolsam ham unga go‘yo bir jumboq deb qarar, shunchaki bir salom-alik, xayr-xo‘sh bilan kifoyalanardim.
Zamona charxpalak bo‘lib, «bozor iqtisodiyoti» barchani babbaravar o‘z girdobiga tortayotgan kunlarda, jamiyatda «Ishbilarmonlar qaydasan?» degan savol berilayotgan paytda o‘sha «Yulduzni narvonsiz uradigan», «O‘tirgan joyida ish yuritib, kesakdan olov, suvdan alanga chiqaradigan», «Birni ikki qilmasa bedor tun o‘tkazadigan quvalik»ni esladim.
Esladim-u, albatta u bilan uchrashib, o‘sha afsonaviy jasorat bo‘lib ko‘ringan «ishbilarmonlik sirlari»ni bilishga oshiqdim.
Manzilga yetguncha yo‘l-yo‘lakay quvalik bir guruh donolar bilan uchrashdim. Ularning fikri men uchun bebaho topildiq bo‘ldi.
Yo‘limdagi birinchi bekat — Bekat qishlog‘i edi. Bu yerda zamonaviy dehqonchilikning otaxoni Musajon Sherbo‘taev yashardi va Katta jamoa ro‘zg‘orini mohirona tebratib, mingquloqlik qozonni ustalik bilan qaynatardi. Bu sohada Musajon el og‘ziga tushgan maslahatgo‘y odam edi.
Musajon Sherbo‘taevni odam tanigan va odam taniydigan dono oqsoqol deb ta’riflaydilar: «Ko‘chadan o‘tib borayotgan kimsaning kadam tashlashiga qarab turib, uning belida qancha puli borligini biladi. Notanish kishining ishiga qarab turib, o‘zi qanday inson ekanligini g‘oyibdan bexato tasvirlab beradi», deydilar. Men so‘rab bilmoqchi bo‘lgan odam to‘g‘risida esa, Musajon Sherbo‘ta o‘g‘li ming yillik tanish va sinashta kishiday hikoya qildi.
— Jamiyat tegirmonini ana shunday kishilar yurg‘iza oladi. Ularning davri endi ketdi, — dedi Sherbo‘taev.
— Ey, avval siz uning qo‘yniga qo‘l solib ko‘ring,— dedi yosh bo‘lsa ham tumanda bir yuz qirq ming kishnga bosh bo‘lib turgan Muhammadjon Nosirov. — Ichi to‘la dard, tarixni tilga kiritadi.
Yoshlar nima der ekanlar? Ularning ham fikrini bilgim keldn. Farg‘ona viloyat komsomollarining sobiq rahbzrlaridan biri Abduhalil uchrab qoldi. So‘rasam, «Hozirgi pshbilarmonlarniig otasi o‘sha kishi bo‘ladilar, — dedi u. — Ko‘rgan ko‘rguliklariyu tortgan azob-uqubatlari ham bir dunyo! To‘g‘risini aytsam, hozirgi kun adabiyotiga qahramon kerak bo‘lsa, bundan boshqasini qidirmang! Sho‘ro zamoniga xos jami kerakli xislatu ziddiyatli qismatni boshidan o‘tkazgan shaxs shu kishi bo‘ladilar. U kishining jumboqlarini hali birov yechgani va sir daftarini hoch kim ochgani yo‘q. Sizga ochilarmikin-a?...
Nihoyat, u kishi bilan uchrashdim. Ismi Ibrohimjon. Otasining ismi Mirza Karim. Hamma uni Karimov deydi.
Karimovning daftari menga ochilarmikin?
Tergovchilaru prokurorlar uni tilga kiritolmaganlar, senga chikora. O‘ychi o‘yga yetguncha tavakkalchi manzilga yetibdi. Baxtash tavakkal.
Karimovning idorasi Quva shahar markazi bilan temiryo‘l bekati o‘rtasida Tosh yo‘l bo‘yidagi keng maydonga koshona qilib qurilgandi. Uzoqdan xuddi dengizdagi yolg‘iz kemaday gerdayib ko‘rinadi. Oldi gulzor.
Darvoza yonida beqasam to‘nli, boshida marg‘ilon do‘ppili, hrom etik kiygan, ammo, yaxshida yaroq yo‘q, deganday qurolsiz soqchi, qo‘llari ko‘ksida, tabassum bilan keldi-kettiga parvona edi. U meni ham ta’zim bilan boshlig‘i huzuriga boshlab kirdi.
Karimovning kabineti yumush bilan kelgan odamga to‘la edi. Ammo hech qanday gap-so‘zsiz ish bitardi. Kog‘oz uzatiladi. Qo‘l qo‘yiladi. Ba’zi ishlar ko‘z urishtirish bilan hal bo‘lyapti.
Kabinetga yoshgina, kelishgan, bashang yigit kirdiyu qo‘l qovushtirdi, Karimov «bo‘pti» deb qo‘ydi — uning ham ishi bitdi. Nima ish, qanday hal bo‘ldi — o‘zlariga ma’lum. Telefonda ham gapi qisqa: Ha... yo‘q... Kirdi-chiqdining keti uzilmasdi. Ha deganda menga navbat kelavermadi. Shu payt Abduxalilning gapi yodimga tushdi: «U kishining jumboqlarini hali birov yechgani va sir daftarini hech kim ochgani yo‘q. Sizga ocharmikin?» «Nahot shunday bo‘lsa?» U men bilan ham imo-ishorada ish bitirsa murodga yetolmasligimdan xavfsirab o‘tirdim.
Nihoyat, Karimov menga yuzlandi-da, gap qotdi:
— Ichkariga kira qolaylik.
Dam olish xonasini bosib o‘tib, majlislar zaliga kirganimizda Karimov kotibasiga «men yo‘qman, kabinetda ham, telefonda ham», dedi-da, shoferini o‘z uyida kutishnn buyurdi. Ichidan qulflab qo‘yilgan xonada ikkimiz qoldik.
— Shu yerda xotirjam gaplashaylik...
Karimov xona devoriga qator terib qo‘yilgan stullarning birdaniga ikkitasini band qilib oqsoq oyog‘ini sinoqta hassasiga tirab oldi. (U dardmand oyog‘iga dam berish uchun shunday qilardi.) Bir qo‘lida do‘ppisini boshiga qulayroq o‘rnashtirib bosib qo‘ydi-da, mayin gap boshladi:
— Aqlimni tanibmanki, tinim yo‘q, tinchlik yo‘q. Hozirda esa, ayniqsa, qiyinlashib ketdi.
— Masalan?
Karimov qoshini chimirib qo‘ydi.
— E, siz so‘ramang, men aytmayin. Aytsam ado bo‘lmaydi, daftaringizga sig‘maydi bu dunyoning ishlari...
Karimov ixcham o‘tirib oldi.
— Odam boshi toshdap qattiq deganlaricha bor ekan. Buni o‘z qismatimda sinadim. Ne-nelarni ko‘rmadi bu so‘qqa boshim. O‘tda yondi, kuydi, ammo kul bo‘lmadi. Suvda g‘arq bo‘ldi, ammo cho‘kmadi, io‘qs.a nahanglarga yem bo‘lish hech gap emasdi. Kayg‘udan, alamdan ezildi yurak. Lekin qon bo‘lib ketmadi. Bo‘ynim egildi, bukildi, biroq sinmadi. Qancha-qancha fisqu fasot, ig‘vo, malomatlarga qoldim, lekin tushkun bo‘lmadim.
Hayot qarama-qarshiliklardan, kurashlardan iborat deganlari haqiqat ekan.
Nihoyat Karimovning sir daftari varaqma-varaq ochildi. Men uni oqqa ko‘chirdim, xolos.
Bu ajib voqealar bayonini qisqa boshlasam bo‘lardiyu, lekin men uni bir boshdan, voqeayu voqeliklarga to‘la bo‘lgan hayotim qay holatda kechganini aytib o‘tgim kelyapti. Maylimi?
— Shunisi ma’qul...
— Avvalo, ota-onam haqida. — gap boshladi Karimov. — Dadam kambag‘al bo‘lsa ham uch xotin olgan, sho‘xligidan emas, zaruratdan uylangan. Avvalgi ikki xotini bevaqt olamdan o‘tgach, Tojibibi ismli bo‘lajak mening onampi nikohiga olgan. Otam ellik uch yoshga to‘lib, onam qirqqa kirganlarida qattiq qishda men dunyoga kelibman. Bechoralikdanmi, nochorlikdanmi, cherlama dardiga mubtalo bo‘libman. U vaqtdagi tibbiyot ahvolini yaxshi bilasiz, uch qishloqqa bitta tabib. Meni ezib ichki bilan davoladilar. Shifo topmadim. Chap oyog‘im ishdan chiqdi. To‘satdan paydo bo‘lgan qattiq og‘riqdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Ota-onam boshimda parvona. Onam bechora qariganda ko‘rgan yolg‘iz farzandining azobiga sherik, dardiga malham bo‘lgisi kelib, jonini jabborga berar, ammo noiloj edi. Olti yashar bolani kecha-kunduz qo‘lidan tushirmas, menga qo‘shilib yig‘lardi. Chelak-chelak ko‘z yoshi to‘kildi, shukurki, ko‘zimning gavhari oqib tushmadi.
— Oyog‘ini siniqchiga ko‘rsat, — dedilar onamga. Siniqchi tajribasiz ekan, singan suyakni qidirib, ezg‘ilab oyog‘imning go‘shtlarini oq yem qilib yubordi. Siniq suyak topilmagach, «chiqqanmikin?» degan fikrga kelib, oyog‘imni tortqilashga tushdilar. Xullas, bir, oyog‘im butunlay ishdan chiqdi. Onaizorim uyda yotqizib, tilining uchida bol berganday avaylab parvarishladi. Oyog‘im butunlay tuzalmasa-da og‘rig‘i to‘xtadi, ammo yurishim qiyinlashdi, sira yerga bosolmayman. Maktab yoshiga to‘ldim. Tengqurlarim kitob qo‘ltiqlab, daftar-qalam ushlab, maktabga qatnayaptilar. Ularga havasim keladi, orqalaridan ergashaman, ammo yurolmayman. Alamimga chidolmay yumma yig‘layman.
Dadam bechora kap-katta bolani opichlab maktabga olib boradi, darsdan keyin opichlab uyga ko‘tarib keladi.
Ota-onam, qarindosh-urug‘lar birlashib, bozor kuni bir eshak sotib oldilar.
— Maktabga eshakda qatnab o‘qiysan endi, — dedilar. Eshak qishdan zo‘rg‘a chiqqan, ozg‘in, shu sababdanmi, hangragani hangragan edi.
Shum bolalar ham yo‘q emasdi, shumlik qilib, eshagimni yechib yuborardilar. Maktab mudiri necha bor uni maktab oshxonasidan tutib kelib, meni izza qildi. Bir kuni muallimim meni doskaga chiqarib, sinov o‘tkazayotgan vaqtida eshagimga qarayolmay qolibman, qo‘lim bo‘shagach, derazadan qarasam, eshagim yo‘q. Dod-faryod ko‘tardim. Bolalar qiy-chuvlashib har tomonga yugurdilar.
— Eshaging bozorda yuribdi... O‘sha joydan topib keldik, — dedi sinfdoshim Tursunchaxon egardan tushmay turib.
Tursunchaxon biyron va sho‘x qizcha edi. Eshagingga mingashtir, deb holi jonimga qo‘ymasdi. Qish sovug‘ida yoki yomg‘ir, qor yoqqan kunlari, «eshagingda uyimga eltib qo‘y» deb yalinsa ham ko‘nmasdim, ammo uni uloq qilib egarga o‘ngaraman deb jig‘iga tegardim. Eshagimni topib kelganidan keyin uni «duldurim»ga mingashtirib yuradigan bo‘ldim. Ikkimizning o‘rtamizda paydo bo‘lgan ilk muhabbatga ham ana shu eshagim sababchi edi...
— O‘qish, yozishni bilib olding, endi hunar o‘rgan,— dedi dadam. — O‘z noningni o‘zing topib yeysan, uyimizga yarimta non ko‘tarib kelsang ham ro‘zg‘orga yordam. Hunardan unar!
Dadamning bunday xulosaga kelishiga ham zormanda eshagim sababchi bo‘ldi. U avvalo xuddi birov o‘rgatib qo‘yganday yoki ataylab kimdir qitiqlab turganday har o‘n-o‘n besh daqiqada darchadan o‘quv sinfiga qarab varanglatib hangrardi. Zormandaning ovozi shu qadar jarangdor ediki, uning hayqirig‘i sinfxonani larzaga solib yuborardi, muallimimiz quloqlarini berkitib olishga majbur bo‘lar, bolalarga esa bepul tomosha edi! Sinfimizdagi ayrim shum bolalar eshakni avjiga chiqarib kishi bilmas «Xar! xar!» deb uni qitiqlab turardilar.
Eshagimning ustidan arz tushavergach, maktab mudiri uni yo‘qotish payiga tushdi. Dadam uni sotib yuborishga majbur bo‘lgach, mening maktabga borishim ham barham yedi. Eshagim mening oyog‘im edi. Maktabni tark etishimning yana bir boisi — nochorlik edi. Dadam bechoraga ro‘zg‘or tebratish qiyin bo‘lib qolgandi.
Shunday qilib 1943 yili otam meni Xo‘jamberdi etikdo‘zga shogirdlikka berdilar. Xo‘jamberdi etikdo‘z yaxshi usta bo‘lgani bilan shogirdlariga beparvo ekan. Oradan birmuncha vaqt o‘tgach, dadam, qani nima tikishni o‘rganding, deb surishtirib qoldilar. Ahvolni bilgach, umring bekorga o‘tayotgan ekan-ku, dedilar-da, meni boshqa ustaga —Hoji Muhammad maxsido‘zga topshirdilar.
— Go‘shti sizniki, suyagi meniki, — dedilar dadam ustozga.
Ustozlarga shogird ustidan hokimlik qilish uchun shunday huquq berilardi. Ustoz shogirdni urib-so‘kib, istaganicha ishlatishga haqli edi, shogird bolaning joni omon qolsayu hunar o‘rgansa bas. Shogird — ustozning quli.
Hojimuhammad qattiqqo‘lli, talabchan ustoz edi. Bigizidan qon tomardi. U meni birinchi kundanoq, etiqdo‘zlar tili bilan aytganda, «qolipga solib qo‘ydi». O‘tir, desa o‘tiraman, tur, desa turaman. Aytganini so‘zsiz bajarsam ham, o‘tirsam «Tur!» deydi. Tursam — «o‘tir!» deydi. Injiqligini aytmaysizmi?! Tikkan choklarimni bittalab, sinchiklab, go‘yo rengen nuriga solganday ko‘rib chiqadi. Chokingiz chakki bo‘lsa — tamom, baloga qolasiz. Hammamiz zirillab turardik. Tili nihoyatda zahar edi. Har bir so‘zi chayonday chaqardi, cho‘g‘day jazillatardi.
Ustozning hamma zug‘umiga chidadim. U kishi so‘kish, qarg‘ishdan qo‘l yugurtirish, kaltaklashga ham o‘tdilar.
To'liq: Saqlab olish