OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Zoyir. To‘tinoma (hikoya)

Itni ham gapirtirishga harakat qilishdi, natija chiqmadi. Hozircha parrandalar ichida odamga o‘xshab gapiradigani o‘zim. Gapirganda ham haqiqatni gapiraman. Hech bir zamonda haqiqatga balo urmagan, ammo uni aytganga qiyin bo‘lgan. O’zimdan qiyos... Ey, o‘zimni tanishtirmabman-ku. Kaminaning ismlari — Artist! Yosh bo‘lsam-da, ko‘pni ko‘rdim: biri undoq, biri bundoq...
Dastlab meni yuz ellik so‘mga (bu eski pulda, yangi pulda bebahoman) savdo xodimi arzandasiga olib berdi. O’shanda bor-yo‘g‘i uchta yoki to‘rtta so‘zni arang eplab gapirardim, xolos. Bolasi tushmagur shunaqangi so‘zlarni o‘rgatdiki, o‘zini hurmat qilgan odam bularni eshitsa bormi, yetti qavat po‘st tashlaydi.
Bir kuni bolapaqir meni televizor oldiga oborib qo‘ydi: kino berayotgan ekan. Kinosiyam kriminalroq ekanmi, kimnidir sud qilishyapti. Sud zaliga sudyalar kirib kelishayotganda, kimdir — kinoda albatta — «Turinglar, sud kelyapti!» degandi, o‘tirganlar o‘rinlaridan turishdi. Xuddi shu jumla miyamda mixlanib qoldi. Bilasizlar, bitta so‘zni ko‘p bor takrorlaymiz. Siz odamlar ham ba’zida bir-biringizga «To‘tiday bitta gapni qaytaraverma!» deysizlar-ku, to‘g‘rimi? Men ham o‘rgangan jumlamni xohlagan paytimda qaytaraverdim. Katta xo‘jayinga — bolakayning otasiga yurakdan bergan ekan: «pir» etsam, yuragi «shir» etadi. Yana «savdo — nozik ish» deganiga o‘laymi! Ismlari - Shamsiddin, pamiliyalari — Qaynarov, sevimli mashg‘ulotlari — kunlik tushumni qayta-qayta sanash. Uyqulari hushyor, aytganimday — «pir-shir». Bir kuni pul sanab o‘tirganlarida «Turinglar, sud kelyapti!» deya qichqirib yuborgandim, o‘tirgan o‘rnidan sapchib turib, to‘rt tomonga alang-jalang qaradi. Qo‘lidagi pulni shoshganidan pijamasining ichiga solgan edi, pochasidan tushib ketdi. Pulni oyog‘i bilan bosib turib, atrofga quloq soldi, hech bir sharpani sezmagach, pulni olib, qayta sanashga kirishdi. Pul sanash barobarida bo‘ynini cho‘zib derazadan tashqariga qarab-qarab qo‘yadi.
Shu alpozda jumlani yana bir bor takrorlagandim, bir sapchidiyu, ko‘kragini changalladi. Koshki ko‘krakda yurak bo‘lsa.
Shomda oila kechki ovqatga o‘tirgan edi, yanga issiq ovqatni akaning oldiga keltirib qo‘ydi. Shu mahal «Turinglar, sud kelyapti!» degandim, akaginam o‘rnidan turaman deb ovqatni to‘kib yubordi va do‘mboq oyog‘ini kuydirib qo‘ydi. Shu bahonai sabab bo‘ldi-yu, kaminani ertasi kuni «Zoomagazin»da savdoga qo‘yishdi.
Do‘konda ertadan kechgacha mudrab o‘tirsam-da, meni so‘rab keluvchilar unchalik ko‘p bo‘lmadi. So‘raganlarga narxim to‘g‘ri kelmasdi. Bir oy deganda baxtim ochildi. So‘zamol kishi keldi-da: «Gapiradigan to‘ti kerak», dedi...
Yangi xo‘jayinning turqi-tarovati yoqkmasa-da, qarshilik qilish befoyda. Mening qarshiligim — o‘tirib qolgan qari qizlarning qarshiligiday gap. Xullas, yangi egamning ismlari — Sotimboy aka. U meni o‘n kun boqdi. Badanimga jir bitib, patlarim jilolandi. O’n birinchi kunning shomida eru xotin yasan-tusan qilishdi-da, kaminani mehmonga olib ketishdi.
Uy liq to‘la odam. Avvalida poygakdan joy tegdi. Xo‘rligim kelsa-da, xonish kilayotgan hofizning soziga sel bo‘lib, mudrab qolibman. Birdan uyg‘onib ketsam, to‘rga qarab ketyapman. To‘rda esa badavlat kishi o‘tirardi. Sotimboy aka o‘sha kishini quchoqlab cho‘lpillatib o‘pdi, tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, «sovg‘a original bo‘lsin, dedim-da», deb meni unga qo‘shqo‘llab topshirdi.
To‘ra Barot deb nom chiqargan bu xo‘jayinim qancha mehrini bermasin, xonadon jinimga o‘tirishmadi. Uyga kunora tanish-notanish odamlar bir nimalarni tashlab ketishadi. Shunaqalar kelganida yangamiz qizarib-bo‘zarib ketar, «Voy, ovora bo‘lib nima qilardingiz. Eshitgan quloqqa yaxshi emas», derdi. Kishilar esa: «Ovorasi bor ekanmi, akamizning soyai davlatlarida umrguzaronlik qilganimizdan keyin, ilinamizda», deya keltirgan narsalarini qo‘yarda-qo‘ymay tashlab ketishadi. Suhbatning davomi xo‘jayin ishdan qaytgandan so‘ng avj oladi.
— Yana pora oldingizmi? — dedi yangamiz jerkib.
— Qanaqa pora?! – do‘q urdi xo‘jayin qovoqlarini chimirib. — Bizda «pora» degan gap yo‘q! Bu — sovg‘a! Sen uzumini yeginda, bog‘ini so‘rama!
— Nomi yo‘q bog‘dan, deng, — dedi yanga va jimib qoldi.
Men esa «nomi yo‘q bog‘dan» degan gapni ilib oldim. Biz to‘tilar, gapning ma’nosiga uncha yetavermaymiz, «kesim»ini aytib yuborsak, kerak odam «ega»sini topib olaveradi.
«Ko‘za kunda emas, kunida sinadi» deganlaridek, uyni taftishchi bosdi. Ana, ol! Hamma yoq ostin-ustin bo‘ldi. Cho‘zilib qolgan yanga betiga suv sepilgach, o‘ziga keldi-yu, tildan qoldi. Taftishchilarning so‘roqlariga o‘zim javob berdim. Uyda barcha narsalar nomi yo‘q bog‘dan kelganligini aytdim-da! Javoblarim ishni xalta qildi. To‘polondan so‘ng, yangaga til bitdi-yu, aka yiqilib tushdi: ishdan ham mansabdan, ham... Saroyday uy huvillab qoldi. Qaraydigan kishi bo‘lmagach, meni arzon-garovga sotib yuborishdi.
To‘g‘ri qassobning qo‘liga borib tushdim. Ey, yo‘g‘-e, yangi egam qassob edi. Qassobning uyiga keladigan go‘shtlarni ko‘rganimda, burgut bo‘lib tug‘ilmaganimga afsus chekardim. Ha, aytgancha, bu hovlida mendan tashqari Olapar degan it bor edi. U semirib ketganidan o‘rnidan turolmas, begonani ko‘rsa nomiga bo‘lsa-da hurib qo‘yay demasdi.
— Itga suyak-puyak olib kelsangiz-chi! Lahm go‘sht hayf-da, — dedi yanga eriga zorlanib.
— Xotin, — dedi Qassob aka barmog‘ini peshanasiga tirab burarkan, - mana bu yering ishlamaydi! Suyak jaraq-jaraq pul-ku! Bu hovli-joy, bu molu davlat nimaning orqasidan? Albatta, suyakning orqasidan-da!..
Gap gap-u, miyamga «suyak» o‘tirib qoldi. Rosti, eru xotin maqtanishni xush ko‘radi. Uyga mehmon kelganda, «bu molu davlat halol pulga kelgan», deb maqtanganlarida, tinch turolmadim. «Suyak, suyak!» deyaverdim. Gapimga bir uy odam kuldi. Nimagadir Qassob aka menga ola qaradilar...
«Hamma balo tilingdandur!» deganlari shu. Bu yerdan ham badarg‘a bo‘ddim. Tirik qolganimga shukur qilib, ikki oy do‘konda qon qaqshab yotdim. Oxiri bittasi «Kunibo‘yi xotinim uyda o‘tirib zerikadi, bola-chaqa yo‘q, ermak bo‘lsin», deb sotib oldi meni. Dastlabki kunlarda yangi joyga ko‘nikishim og‘ir kechdi.
Fe’liga yarasha Halimbek aka egarda o‘tirolmaydigan yoshda, yangamiz esa yonaman deydi: ko‘zlari o‘ynoqi. Tagiga yetsam, shu tannozning husnu chiroyiga uchib, akam besh bolayu xotinning bahridan o‘tgan ekan. Suhbatlaridan angladimki, er chars xotinning jilovini hali-hanuz qo‘lga olmagan.
Halimbek aka ishga ketgach, xotin kunibo‘yi o‘zini u yoqqa-bu yoqqa urdi, telefonda soatlab gaplashdi, erini yomonladi. Keyin telefonni qo‘yib, menga diydiyo qildi. Tavba, deb gapiray: menga shunaqangi g‘alati qaradiki, ko‘zi teshib yuboray dedi. Uyalganimdan ko‘zlarimni olib qochdim.
Shu ayol hayotimga suiqasd uyushtirdi. Tilini tiymaganning holi shu-da! Aytsam, ishonmaysiz. Uyga barvasta erkak kirib keldi. O’zi ayolga erkakning begonasi yo‘q, lekin bu erkak umuman begona. U kunoralab yana keldi. Ziyofat quyuq, hiring-hiring joyida. Bir vaqt ayolning: «Ko‘chqorvoy oka, quymichimni ezvordingaz-ku!» degan nolasi eshitildi. O’sha kuni ayolga yordam berolmaganim uchun o‘zimni rosa koyisam-da, «Qo‘chqorvoy aka» degan ismni eslab qoldim. Halimbek aka ishdan kelganlarida «Ko‘chqorvoy aka» deyaverdim. Avvalida u kishi e’tibor bermadi. Yana bir-ikki bor takrorlaganimdan so‘ng, er xotinga qarab:
— Buning nima deyapti? — deb qoldi. — Qo‘chqorvoyi kim bo‘ldi yana?
— Ishxonangizdagi Qo‘chqorvoy-da, — dedi xotin beparvogina.
— Yaxshi, — dedi Halimbek aka parishonxotirlik bilan peshanasini qashib.
— To‘xta, sen-ku Qo‘chqorvoyni tanishing mumkin, bu uni qaerdan taniydi?
Xotin tipirchiladi. So‘zlashga so‘z qaxat. Uchqundan alanga chiqib, rosa tomosha bo‘ldi.
Ertasi kuni xotin meni mushukka yedirmoqchi bo‘ldi. Qafasni ochgan zahoti amallab qochdim va deraza pardasiga qo‘ndim. Shippagini otgan edi, mo‘ljaldan adashib deraza oynasini sindirdi. Shu oyna ko‘zidan chiqib qochdim. Daraxtdan-daraxtga qo‘nib, bolalar bog‘chasiga bordim-da, taqdirimni bog‘cha mudirasi bilan bog‘ladim. Opa «bolalarga ovunchoq», deya meni qafasga solib, bir burchakka qo‘ydi. Opa bu ishidan keyin bir pushaymonlar yedi, endi joyiga tushmaydi-da. U har kuni uyiga xalta-xalta narsa tashirdi. Keyin oshpazlardan bilsam, yulg‘ich «bolalarning nasibasi»ni tashirkan. Shunda: «Ha, yashshamagur! — dedim ichimda. — Seni boplamasammi!»
Ota-onalarning shikoyati sabab, dilimni bo‘shatuvdim, ertasiga opaning bu yerdan nasibasi uzildi...
Yangi mudira opa ancha ayyor ekan, sobiq kasbdoshining ishdan ketganligi sababini so‘rab-surishtirib: «Bizning oramizda sotqinlarga o‘rin yo‘q! Birovga vafo qilmagan, bizga vafo qilarmidi!» dedi.
Bu nutq menga qaratilgan edi. Shu kuni do‘konga ravona bo‘ldim. Bunga zarracha achinganim yo‘q, faqat bolajonlarning ko‘z yoshlari yuragimni ezib yubordi...
Uyida kitobdan boshqa hech vaqosi yo‘q kishiga ergashdim. U har kuni meni gapga soladi. Bilsam, yozuvchi ekan. Boshimdan o‘tkazganlarimni unga aytib berdim...
Kecha yozuvchi bir gazetani ko‘rsatdi. Gazetada suratim bilan sarguzashtlarim chop etilgan. Shunda o‘yladim: «Gazetani ko‘pchilik o‘qiydi, suratimni ko‘radi va men haqimda bilib oladi. Mabodo yozuvchi bilan kelisholmay qolsak, tili bir qarich, ichida gap turmaydigan to‘tini kim sotib oladi? Hech kim! Nimagaki, hamma o‘zidan qo‘rqadi!»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.