OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inomjon Abdiyev. Oqqush (hikoya)

Olti-etti yashar o‘yinqaroq bolakayman. Kech kuz edi chamasi. Vaqt peshindan oshgan. Buvam bilan dalani qoq ikkiga ayirib, beton ariq bo‘ylab to zovurgacha cho‘zilgan tuproq yo‘ldan ketayapmiz. Botinkamni qo‘limga olvolib, issiqqina hovur ko‘tarilib turgan tuproqni huzur bilan bosib borayapman. Yo‘ldan xommasiga qamish ortgan mototsiklmi, qo‘ylar suruvimi o‘tib qolsa, men ikki chetini tikon bosgan, ichidagi tuprog‘i azbaroyi suvsizlikdan tars-tars yorilib ketgan ariqning ichiga yashirinaman, buvam paxtazorga kirib turadilar. Ko‘tarilgan quyuq chang tumani bosilgach, yurishda davom etamiz. 
Buvam soqol qo‘ymaydigan, uzunchoq yuzli, qo‘y ko‘z, qotmadan kelgan, qishin yozin egnidan ko‘k beqasam chopon va qora do‘ppi tushmaydigan, kam gap, gapirganda lunjini simirib-simirib gapiradigan, og‘ir vazmin kishi. Jahldor bo‘lmasalar ham, o‘zlariga yarasha o‘jarliklari bor, bir gal kumush medalonlarini momam lo‘lilarga yaponskiy ro‘molga alishtirganlarida bir oygacha hammadan arazlab yurganlar. Ba’zida ertak aytib bering deb, xarxasha qilsak, chap quloqlari ostidagi chandiqni ko‘rsatib, bizni qo‘rqitadilar. Bu yara buvamga urushdan yodgorlik. So‘rasak, momang tishlab olgan deb qo‘yadilar. 
Urushda qatnashgan bo‘lsalar ham qondan qo‘rqadilar, shuning uchundir uyimizda mol so‘yilmaydi. Ba’zan qatlama qilib, qon chiqariladigan bo‘lsa, momomning o‘zi ming‘irlay-ming‘irlay xo‘roz ko‘tarib dalaga chiqadilar. Baland tepalik yonidagi quyuq jangal orqasiga o‘tib, o‘qlovga minib oladilarda, xo‘rozni so‘yib qon chiqaradilar. O‘sha kuni buvam do‘stlarinikiga mehmonlab ketadi.
Buvamning yana bir qiziq odatlari bor. Har yili kuz keldi deguncha kun ora qo‘shni qishloqqa, eski tanishlarini ko‘rish bahonasida serqatnov bo‘lib qoladilar. Ammo har doim yo‘lning yarimiga bormay safarlari qariydi. 
Hozir ham o‘sha yoqqa ketayapmiz. Men o‘zimga ermak topib olganman. Niyatim soyamdan o‘zib ketish. Ammo harchand urinmay buning uddasidan chiqolmayman. Buvamga qarab yursam, soyam orqamga yashirinadi. Oldinga yursam soyamning izidan ergashaman. Zerikib, olis-olislarga tikilaman. Yon atrof keng paxtazor - terim allaqachon tugagan. Kimdir qo‘y boqayapti, allakimlardir mollari uchun ko‘sak, chang‘aloq terib yuribdi. Shu payt kun botar tarafdagi ulkan tepalikka ko‘zim tushadi. Uning yonbag‘ri ko‘hna Qovchin qishlog‘ining qabristoni. Buva, - deb so‘rayman kattalardan uzuq-yuluq eshitgan rivoyatlar esimga tushib, - Mozorda tuyaning yelkasi bormi?
- O‘rkachi bor deyishadi bolam, - xatoimni tuzatdilar buvam. - Buning tarixi hazrati Imom Mo‘yin an Nasafiyga borib taqaladi. U kishi avliyo darajasiga yetgan ulamolardan. Makkai Mukarramada ham bir muddat mudarrislik qilganlar...
Bu gaplar quloq-qulog‘imga singib ketgan. Buvam aytishdan, men eshitishdan charchamayman. Ayniqsa avliyoning do‘sti haqidagi rivoyat menga juda yoqadi. O‘smoqchilib, o‘sha haqida gap ochaman.
Bobom sekin-sekin odimlagan ko‘yi davom etadilar: “Hazratning qabrlari yonida ikki qabr bor. Biri qiz qabr - kimnikiligi noma’lum. Ikkinchisi do‘st qabr - o‘rinlariga jon taslim qilgan qadrdon do‘stlarining qabri. Rivoyatlarga ko‘ra, Azroyil Imom Mo‘yinning jonlarini olgani kelganda, onalari dod solib yolvoribdi: o‘g‘limni emas, mening jonimni ol! Azroil hazratning volidai muhtaramalarining jonini bir tortgan ekan, joni kindigiga kelgan onaizor chinqirib yuboribdi: vo-oh, bo‘ldi, bas qil, jonimni qaytar o‘zimga, kimning jonini olsang olaver. Keyin otalari azroilga yolvoribdi: O‘g‘limni emas mening jonimni ol! Azroil u kishining jonini bir marta tortgan ekan jon kindikkacha sug‘rilib kelibdi, ota tishini-tishiga qo‘yib bardosh beribdi. Ikkinchi marta tortganda joni bo‘g‘ziga tiqilgan ota ham baqiribdi: - Bo‘ldi, bas, o‘g‘limning jonini olaver. Shunda yaqin do‘sti azroilga peshvoz chiqib, mana mening jonimni ol, debdi. Azroil bir marta tortibdi, do‘stdan sado chiqmabdi, keyin yana tortibdi, miq etmasmish. Azroil aytibdi: hech bo‘lmasa bir marotaba oh, de, joningni o‘zingga qaytaraman? 
- E, yo‘q, - debdi do‘st jon achchig‘ida lablari titrab, - olaver, do‘stim uchun mingta jonim bo‘lganda ham, yana ming marotaba narigi dunyoga tegishli azobni tortishimni tovonimdan tirnog‘imning uchigacha his qilib turgan ko‘yimda ham mingta jonimni do‘stimning bir tola sochiga alishmayman. Tug‘ishgandan tutingan aziz deb shuning uchun aytilgan. Imom Mo‘yin qabrlari yonidagi qabr o‘sha jo‘mard do‘stlariniki. Eng avval o‘sha qabr ziyorat qilinadi. 
Ichkarida baland tug‘ ostida avliyoning qabri bor. Dushmanlar o‘ldirmoqchi bo‘lib, ta’qib qilganida avval burgutga aylanib, keyin tuyaga aylanib qochib to shu yerga kelganda yerostiga kirib ketganlar. Bir o‘rkachlari yer yuzasida qolgan... 
Buva, odamam tuyaga aylanadimi, ishonqiramay so‘rayman?
- .... Ha, bola-am, iymoni butun, o‘z nafsini yenggan, avliyo odamlar, xohlagan qiyofalariga kira olishadi.
Bu orada katta yo‘lga chiqib, ikki qishloqni bir-biridan ajratib turuvchi zovur yoqalab yurdik. Qamishlarni shitirlatib, g‘iyq-g‘iyq qilgancha, suvga sho‘ng‘iyotgan yovvoyi o‘rdaklar diqqatimni tortdi. So‘ng nimadir esimga tushib, yana buvamga yuzlandim: 
Buva zovurda ilon bormi? 
- Ha bor.
- Shoqolchi
- ...
- Shoqolning shoxi bo‘ladimi?
Bobom jim, be’mani savollarim jonlariga tekkan shekilli, gapirmadilar.
O‘zim bilan o‘zim bo‘lib, oldinga zovur bo‘ylab katta asfalt yo‘lga olib chiquvchi tuyaning o‘rkachisimon yo‘ldan yugurgilab ketdim. Iliqqina esayotgan kuz shamoli dimog‘imga yaxtak zax hidini uradi. Qaysidir yili suv omborga borib, baliq tutganimiz yodimga tushib, shirin entikib qo‘yaman. Nihoyat chopa-chopa ko‘prikka yetib keldim. Buvam hali orqada, paytdan foydalanib pastga tushib zovur ichiga mo‘ralayman. Qurbaqalarga vij-vij suzib yurishibdi. Baliq yo‘q, bo‘lsayam ko‘rinmaydi. Buvam yetib kelganlaridan keyin ikki chekkasidagi temirlari mayishib ketgan pilta ko‘prikdan qo‘shni qishloq hududiga o‘tdik. Ular negadir to‘g‘ri yo‘ldan yurmay, bug‘doy ekish uchun tayyorlab qo‘yilgan maydon chetiga o‘tirib oldilar. Yuramizmi, yurmaymizmi deb ikkilanib turdim. So‘ng yonlariga cho‘kib, yelkalariga bosh qo‘ydim. Choponlariga nos hidi va achchiq ter hidi urib qolgan. Yelkalariga boshimni qattiqroq bosib, to‘yib-to‘yib nafas simirdim. Bu hid menga juda-juda tanish va qadrdon. Shu tobda yaxshigina charchabman shekilli, birdaniga uyqum kelib qoldi. Qo‘lim og‘zimga yugurib, xomuza torta boshladim.
- Buva qachon uyga qaytamiz dedim ko‘zimni ishqalab. Buvam gapimni eshitmadilar. Ular tosh qotibdilar. Hayrat bilan nigohlari izidan ergashdim. Diqqat e’tiborlari dala o‘rtasidagi oq bayroqda. Uzoqdan u tayoqqa tirkab qo‘yilgan oq matoga o‘xshaydi. Ammo u mato emas, oqqush. Bobomning tilidan tushmaydigan, ertaklaridan ketmaydigan, oqqush. Har yili kuzda uch-to‘rt kun qishloq osmonida parvoz qilib, keyin yil bo‘yi ko‘rinmaydi. Ba’zida dalaning o‘rtasiga, faqat bir joyga qo‘nib, soatlab shu zaylda turaveradi. 
- Meni yaxshi ko‘rasanmi, - to‘satdan buvam tilga kirdi, ko‘zlarini oqqushdan bir zum uzmay. Keyin javobimni ham kutmay davom etdilar, - men bobomni juda-juda yaxshi ko‘rardim. Ismlari mulla Ahmad edi. “Qur’oni karim”ni yoddan bilardilar. Uyimiz mana shu paxta dalasining o‘rnida edi, keyinchalik ko‘chib, eski imoratlar buzilib ketdi. Kitoblari juda ko‘p edi. Bir kuni hammasini kigizga o‘rab, hovlidagi quduqqa ko‘mdik. Ikki kundan keyin bobomni olib ketishdi. Dindor, nomoz o‘qiydi deb, bug‘doy to‘kilgan omborxonaga qamab qo‘yibdilar. Uch kungacha hech kim xabar olmabdi.
Shu payt chakkamga suv tekkandek bo‘ldi. Qarasam buvamning ajin bosgan yuzida yosh yiltirayapti. Bir nuqtaga termulib gapirayaptilar.
- Bobojonim odamzot mukarram qilib yaratilgan deb charmasdilar. Qo‘li ochiq, zakiy inson edilar. Jonzotlarni yaxshi ko‘rardilar. O‘simliklarga mehr-muhabbatlari baland edi. Asirlik chog‘lari ham rizqu-ro‘zimiz bug‘doyni – nonday aziz bilib, harom qilishni istamabdilar, omborxonada qovug‘lari yorilib, jon taslim qilibdilar ...
Buvam hikoyalari shu joyga kelganida tin olib, ko‘zlariga ingan yoshni uvadasi chiqayozgan choponlarining yengi bilan artdilar. 
G‘amgin hikoyadan ta’sirlanib ketdim, yana bir muddat shu hayajonda qoldik. Ular mana shu oqqush mening bobom deb aytmadilar, lekin o‘zlari shundayligiga zarracha shubha qilmayotganliklarini yosh va sezgir yuragim bilan his qilib turardim. Betizgin xayollarim ko‘z o‘ngimda bug‘doy ustida qorni yorilib yotgan buvamning buvasini nomoyon qiladi, goh kigizga o‘ralib quduq ichida ko‘milib yotgan eski kitoblarga, goh buvamning yoshligi o‘tgan hududda soatlab qotib turadigan oqqush tomonga o‘rmalaydi... Quyosh ufqqa bosh qo‘yayozgan paytdagina o‘rnimizdan qo‘zg‘aldik. Bir necha kundan so‘ng o‘rtoqlarim bilan o‘rdak tutish uchun qo‘ylarni zovurga olib bordik. Bir kishi qo‘ylarga qarab turibdi, qolganlar zovur ichida o‘rdaklarni quvlay ketdik. Ular juda qochqoq ekan. Zip etib ko‘rinadi-yu, keyin suvga sho‘ng‘ib ketadi. Quva-quva charchab hafsalamiz pir bo‘ldi. Shu payt teppada qolgan o‘rtog‘imiz – Voy bu, anavini qaranglar, bir kishi ot choptirib kelayapti, deb qoldi. Yugurib, do‘nglikka chiqdik. Otliq bizga yaqinlashganda sekinlashdi. Darrov tanidim. Qishloq raisining o‘g‘li Shokir ekan. Uning oyoqlari uzun-uzun, peshonasida qashqasi bor, kishnaganda o‘ynoqlab ketadigan otini o‘tgan yili bir marta minib ko‘rganman. Shokir yonimizga keldi-da, otdan sakrab tushdi. Biz gijinglab turgan qashqa otni o‘rab oldik. Shu payt ko‘zim oqqushga tushdi. Uning uzun jonsiz bo‘yni otning qorniga shalvirab osilib turibdi, oyoqlari egarga chandib tashlangan. Shokirning yelkasida miltiq. Seskanib ketdim. Ichimdan nimadir uzilgandek bo‘ldi. 
Qanday uyga yetib kelganimni bilmayman. Kelsam, bobom – darvozaxonada karavotga yonboshlagancha choy ichib turibdilar. Nafasim bo‘g‘zimga tiqilib, -oqqush, oqqushni Shokir otibdi, oqqush o‘ldi, deb baqirdim.
- Oqqush, - bobom o‘zlariga qovushmagan tezlikda sapchib o‘rinlaridan turib, karavotdan ham sakrab tushdilarda, bir zumda yonimga yetib keldilar. Yelkamdan ushlab, qattiq silkitdilar - kim u Shokir? Yelkalarim zirqirab ketdi. Bobomni hech qachon bu holatda ko‘rmagandim. Raisining o‘g‘li, dedim bazo‘r. 
Buvam shiddat bilan ko‘chaga otildilar. Raisnikiga ketdi deb o‘yladim. Bizdan uchta-to‘rtta uy narida turadi. Kelib qolarlar deb, joyimdan jilmay kutib turdim. Hayal o‘tmay darvozadan qoralari ko‘rindi. Titrab-titrab kelayaptilar. Allanechuk bo‘lib ketdim. Qo‘llarida jonsiz oqqush. Uzun bo‘yni osilgan, qanotlari chang tegibdi. Uni olib kelib supa ustiga qo‘ydilar. Keyin o‘zlari ham cho‘k tushdilar. Bobomga yig‘layapti, men ham qo‘shilib yig‘layapman. Bobomga achinayapmanmi, yoki oqqushgami buni o‘zim ham bilmayman, lekin ichimdan ko‘pchib-ko‘pchib yig‘i kelayapti. Shu payt darvoza ochilib dadam ko‘rindi. Yonimizga kelib, holatimizdan dong qotdilar. Mening yodimga esa, lop etib zovurda qolib ketgan qo‘ylarim tushdi, imi-jimida o‘sha yoqqa yugurgiladim. 
Qaytib kelsam, bobom hovli to‘ridagi tut daraxti ostini qazib, oqqushni ko‘mayotgan ekanlar. Notanish tuyg‘u ta’sirida yonlarida turdim. Buvam yig‘lab-yig‘lab oqqushni tuproqqa qo‘ydilar. Esimni taniganimdan beri tillaridan tushmaydigan oq bayroqni yerga ko‘mdilar. 
O‘sha kundan keyin buvamning g‘amginligi tarqamadi. Ochilmadilar. Ertakni ham onda-sonda eshitadigan bo‘lib qoldik. Yarim yil o‘tar-o‘tmay o‘zlari ham yorug‘ olamni manguga tark etdilar. Bo‘zlab-bo‘zlab qolaverdik. 
Buvamning tobuti qo‘lma-qo‘l mozor tomon lapanglab ketayapti. Tobutning to‘rt tarafi oppoq mato bilan o‘ralgan. U mayingina esayotgan shamolda ohista hilpiraydi. Yosh ko‘nglim buzilib, tumonot odamlar ortidan mayus tikilaman. Ko‘z o‘ngimda oq bayroq – oqqush gavdalandi. U qishloq osmonida qonsiz, loysiz qanotlarini yoyib Imom Mo‘yin tomonga parvoz qilib ketayotgandek.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.