OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Askar (hikoya)

...Harbiy uchoqlar tinmay uchib-qo‘nar edilar. Bepoyon uchish maydoni qurollangan askarlaru uchoqlarga to‘la edi. Buyruqlar betinim eshitilib turar, qo‘mondonlik turli vazifalarga mo‘ljallangan bo‘linmalarni tartibi bilan jangovar vazifaga yo‘llamoqda edi.
Bizlar uchish maydonchasining bir chetida o‘z buyrug‘imizni kutib turardik.
Bugun tong saharda tinch va osoyishta qarorgohimizda xavf burg‘ulari yangrab ketdi. Birdaniga yoppasiga jangovar safarbarlik boshlandi. O‘rganib ketilgan harakatlar bilan aslaha va qurollarimizni olib safga tizildik. Guras-guras askarlar jangga jo‘namoqda edilar. Qaysi bir hududga dushman kirib kelgan, yurtimizning qay bir istehkomlarini egallab ulgurgan bo‘lsa kerak. Havo tobora isib borardi. Harbiy mashinalar uchish maydonining bir chetiga yaradorlarni tashib kelmoqda edilar. Ularni zudlik bilan gospitalga olib ketishar, qator tizilgan boshqa askarlar esa uchoqlarga chopa-chopa chiqib borishar, uchoq o‘sha zahoti parvoz qilar edi.
Vujudimizda mudrab yotgan jang sururi uyg‘onib ketgan, hammamiz hayajonda edik.
“Vatan xavf ostida!” deb qichqirar edi karnaylar.
Jangga yuborilayotganlar turli-tuman va sanoqsiz. Qarorgohning pastki tomondan oqish tusda niqoblangan boshqa askarlar ham chopib kelmoqda edilar. G‘ala-g‘ovur ichida taxminim tasdiqlandi: g‘orat qiluvchi dushman haqiqatan ham mamlakatning qaysidir bir hududiga yashirincha kirib kelib, pistirma qurib tevarakka yoyilibdi, turli yo‘llardan tarqalib, hatto ba’zi muhim manzillargacha egallashga ulguribdi. Shu bois jang juda tez boshlanib ketibdi, haroratning tobora ortishining sababi shu ekan. Zahiradagi askarlar ham to‘p-to‘p chiqib kelmoqda edilar. Barcha zahiralar ishga solingan, oziq-ovqat, dori-darmon ortilgan karvonlar ham uzun-qisqa bo‘lishib shosha-pisha jo‘nab ketishardi. Tevarakdagi karnaylardan markazning buyruqlari ketma-ket yangrab turardi:
“Himoya qismlari shaylansin!”
“Ilg‘or jangchilar chap maydonga to‘plansin!”
“Og‘ir jangovar qismlar - o‘rtaga!”
“Yordamchi qismlar, o‘ngdan saflaning, har bir bo‘linma alohida tizilsin!”
“Kichik o‘rab olish dastalari, uchoqlarga chiqilsin! Uchoqlar uchta-uchtadan, birin-ketin parvoz qilsin!”
Issiq, haddan tashqari issiq edi. Men ham ust-boshim jiqqa ho‘l, bu qiyomatda qiynala-qiynala, o‘z safimga qo‘shildim.
Bizning bo‘linmaning rangu tusi oq edi. Barchamizning peshanamizga oq peshanabog‘lar bog‘langan. Umuman, barcha bo‘linmalarning o‘z tanuv ishoratlari bor. Bu bejizga emas: jang bo‘layotgan hududlarda xavfsizlik bo‘linmalari yoppasiga qirg‘in qurollarini ishga solishlari mumkin, to‘s-to‘polon ichida bir-birimizni tanib olishimiz uchun kerak bunday ishoratlar.
Yo‘llar ham har xil. Qirmizi yo‘llardayu oqish suv yo‘llarida, ingichka aloqa yo‘llarida – bari-barida betinim harakat sodir bo‘lar, g‘alayon kezar edi havoda.
Ilg‘or bo‘linmalarning oxiri ko‘rinmas edi. Himoya bo‘linmalari, tezkor harakatlanuvchi maxsus dastalar o‘z qarorgohlaridan shoshib chiqib kelib, o‘sha zahoti jangga jo‘nab ketar edilar. Bari baquvvat, yosh, kuch-quvvatga to‘la navqiron jangchilar! Qirmizi tusdagilari boyagina tilga olingan o‘rab olish bo‘linmalari edi. Bular dushman askarlarini o‘rab olib, mahv etadigan eng jangovar va qo‘rqmas askarlar edilar. Mana shular eng oldinda, har tomondagi uchoqlar shularni olib uchib ketmoqda edi.
Tevarakda ochiq hududlarda dushmanning turlari ham ko‘p bo‘lib, bizlarga xavf e’lon qilingani hamono tahlil bo‘limalariga yetib kelgan xabarlar Oliy boshqarish markazining tahlil bo‘limalarida aniqlanib bo‘lingan, dushmanning qurol-aslahalari, harakatlanish tezligiyu g‘orat qilish kuchi aniqlangan, hozir askarlar o‘sha tahlil natijalariga ko‘ra qurollangan edilar. 
...Kechagina tevaragimizda bir xildagi osoyishta hayot yashnamoqda edi. Birdaniga hammayoqning to‘s-to‘poloni chiqib ketganiga nima deysiz? Dushman, dushman! Har tarafni xarobaga aylantirib bosqin qilishdan murodi ne, tushunolmas edim. Axir, tevaragimizdagi hamma narsa farovonlikni ta’minlashga qaratilgan edi-ku? Oziq-ovqat fabrikalari bir xilda ishlamoqda, harorat mo‘‘tadil, tevarak osoyishta, suvlar bir xilda oqardi. Bunday favqulodda vaziyatlarda hamma kuchlar yovni bartaraf qilishga qaratiladi, fabrikalar bor quvvati bilan jang uchun kerakli yarog‘-aslahalarni ishlab chiqara boshlaydi, yo‘llar harbiy maqsadlarga xizmat qiladi, kechagina butun hududlarga bir xilda oziq-ovqat yetkazib berib turgan tizim tamomila o‘zgarib ketadi. Bu safar ham shu holat yuz bergan edi. Bizdan boshqa sohalarda mehnat qilayotganlar ham tashvishga tushishgandir? Albatta, hududimizga dushman kirib kelgani haqida ularga ham xabar berilgan. Yovlar kamdan-kam to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qiladi, tutumi allaqachondan beri ma’lum. Biror joyga sezdirmay kirib oladi-da, xufyona kuch to‘plab, so‘ng birdaniga hujumga o‘tadi. Balki birdaniga emasdir? Himoya tizimlarimiz dushmanni fosh qilganlaridan so‘ng barcha tizimlarning ishi o‘zgarib ketgach, shunaqa to‘s-to‘polon boshlanar? Lekin nima qilganda ham barcha quvvatlar dushmanni bartaraf qilishga qaratilgani aniq.
Shu tariqa uchish-qo‘nish maydonining chetida turar edik. Dasta-dasta saflangan askarlarning bari jangga tayyor, dushmanni tanib olish aslahalari shay, ishoratlari allaqachon ma’lum. Ha, dushmanni tanib olish juda muhim masala, himoya tizimimiz uning minglab qo‘rinishlarini va shakllarini biladi, alomatlaridanoq tanib olib, o‘sha zahoti markazga xabar beradi. Markazning birgina buyrug‘i bilan hamma narsa o‘zgarib ketadi. 
Hozir ham hamma narsa o‘zgargan.
Avvallari ham bunday hujumlar goh-goh yuz berib turar edi. Ko‘pincha to‘rt-besh kun ichida xavfli hudud dushmandan tozalanar, jang bo‘lib o‘tgan yerlar qayta tiklanar, tizimlar asta-sekin o‘ziga kela boshlardi. Yov ba’zan kirish yo‘llariga joylashib olar, ba’zan ta’minot tizimini ishdan chiqarishga urinar, ba’zan aloqa-kommunikatsiya tizimiga daf qilardi. Ba’zan esa jiddiyroq tahlikalar ham uchrab turardi. Hammasida ham g‘olib kelar edik. 
Hozir ham shunday. Askarlar, yanada jipsroq saflaning! Kuch-quvvatingizni yig‘ing, diqqatingizni jamlang, boshingizni adl ko‘taring!
Vatan uchun! Vatan uchun olg‘a!
Bu vatan shu qadar bepoyon, shu qadar ulkanki, hududlari qaerdan boshlanib, qaerda tugashini bilish qiyin. Turli-tuman yo‘llar qaylargadir olib boradi. U yoqlarda yana sonsiz-sanoqsiz vodiylar, tog‘u adirlar bor. O‘sha oralarda ham kimlardir, bizlar kabi fuqarolar mehnat qiladilar. Barchaning mehnati shu vatanning osoyishtaligi va musaffoligiga yo‘naltirilgan. Ilmu fanning, texnologiyaning barcha yutuqlari shu maqsad uchun xizmat qiladi. Barcha tizimlar o‘z-o‘zidan ishga tushadigan qilib tartiblangan. Dushman hujum qilmasidan avval bu tizimlar farah uchun ishlayotgan edi. Minglab transport tizimi kerakli joylarga kerakli ma’danlarni tashir, sanoqsiz fabrikalarda turli-tuman oziqlar qayta ishlanar, suvlar sharqirab oqar, atrof tinch edi. Endi hamma yoq o‘zgarib ketdi. 
Olg‘a! Muqaddas Vatan uchun olg‘a!
Nihoyat, bizlar ham tikuchar uchoqlarda jang maydoni tomon parvoz qilamiz. Hammayoqda to‘s-to‘polon, askarlarimiz qora tusdagi vahshiy maxluqlarni eslatuvchi dushmanni o‘rab olmoqda. Dushman askari quvvatli, unga bir askarning kuchi yetmaydi. Har biriga kamida olti askarimiz bas kela oladi, halok bo‘lishi qiyin ularning. Ortimizdan yana son-sanoqsiz askarlarimiz yetib kelishmoqda. Yov ham sonsiz-sanoqsiz, oxiri ko‘rinmasdan o‘zlarining qoramtir istehkomlaridan chiqib kelyapti... O‘rnashib olgan yerlarida harorat yanada qaynoq, bu yerda tizimlar buzilgan, faqat xabar yetkazish tizimlari chala-yarim ishlab turibdi. 
Vatan xavf ostida!
Olg‘a! Olg‘a! 
Yordamchi qismlar bizdan ham tez ishlashmoqda, so‘qishda halok bo‘lgan yoki oyoq-qo‘llari uzilib ketgan askarlarimizni zudlik bilan jang maydonidan olib chiqib ketishmoqda. O‘rniga o‘sha zahoti yangilari kirib kelayotirlar. Bu – biz tanimaydigan dushman, qurollarimiz ish bermayotganini ko‘rib turibmiz. Shunday bo‘lsa ham askarlar mardonavor jangga tashlanishmoqda. Yovni mahv etish hozircha imkonsizmi? Lekin, Markaz betinim ishlayotganiga shubha yo‘q. Ana, ko‘rinmas niqob ostida maxfiy xizmat askarlari bitta dushman askarini tirik olib ketishyapti. Sal o‘tmay uni so‘roq qiladilar, olingan yangi ma’lumotlar tahlil markaziga yuboriladi, unga qanday qurollarning ta’sir qila olishi o‘rganiladi. Bu orada biz dushmanni boshqa hududlarga o‘tkazmay turolsak bas. 
Harorat yanada ortadi. Bu yov haroratga chidamsiz, issiqda yetarlicha shiddat bilan harakatlana olmayapti. Yangidan-yangi istehkomlar qurilmoqda. Uchoqlar birin-ketin kelib-ketayotir. Yo‘llar olib ketilayotgan yaradorlarga va ketma-ket yetib kelayotgan yangi safarbar etilgan askarlarga to‘la. 
Bu Vatan shunchalar muqaddaski, hammamiz halok bo‘lib ketsak ham u qolaveradi. Biz hech kimmiz, Vatan har narsadir. U shunchalar ulug‘ va muhimki, oldida xascha ham emasmiz. Biz kabi minglab askarlar hozir jangovar vazifaga yuborilyapti, yana millionlab ishchilar turli joylarda turli vazifalarni bajarmoqdalar. Shu qadar muqaddaski, u tufayli mana shu jangga kirayotganimizdan baxtiyormiz. Bizda ota-ona, farzand yo‘q, vazifamiz Vatanni himoyalash. Chunki uning g‘oyatda muhim bir ahamiyati bor, u ahamiyatni anglab yetishga biz ojizmiz. 
Lekin bugungi safarbarlik nega o‘zgacha?
Jangga ketgan askarlarning ko‘pi qaytmas, qaytganlari qo‘rqinchli alfozda oyoq-qo‘llari uzilib ketgan, ba’zilari erib ketgan holda olib kelinmoqda edi. Har taraf titrar, tevarakning rangi o‘zgarar, tashqaridan juda kuchli bombalar tashlangan edi. Uni kim bu hududga yo‘llayotganini bilmasdik, ammo goho qo‘llaniladigan favqulodda usul edi bu. Juda kuchli g‘orat kuchiga ega, ishlatilganida ma’lum hududlardagi tirik jon borki, barchasini yoppasiga halok qiluvchi qurol ishlatildimi? Qator tizilib turgan saflar ham vayron bo‘lib ketmoqda-ku? Ko‘rib turgan manzaralarimiz to‘zonga aylandi, istehkomlaru qurilmalar tub-tubidan vayron bo‘ldi. Jang tugaganidan so‘ng ularni tiklash uchun ancha vaqt kerak bo‘lishi tayin, albatta. Ko‘z ilg‘amas tomonlardan hanuz askarlar kelmoqdalar. Boshqa tomondan tiklovchi bo‘linmalar ham yetib kelishdi, yo‘llar ta’mirlanib, ko‘priklar qaytadan qurila boshlandi. Bu yerdagi dushmandan g‘olib keldik, narida, ichkarida dushmanning boshqa qarorgohlari bor. Olg‘a, olg‘a! Vatan muqaddasdir, olg‘a! 
Biz bu vatandan tashqarida mavjud bo‘la olmaymiz. Undan ayri tusholmaymiz ham!
Bu vatan benihoya yuksak yana bir vazifani ado etmoqda. Faqatgina boshpanamiz bo‘lgani uchun emas, bag‘rida yaralganimiz uchun emas, ana shu vazifaning qadri qimmati g‘oyat ulkanligi tufayli u biz uchun muqaddasdir. Butun mana shu harakatlar, besanoq xizmatchilaru jangchilar, daryolar, yo‘llar, tog‘lar, irmoqlar o‘sha benihoya ulug‘ vazifa uchundir. U vazifaning ahamiyati yanada ulug‘, yanada mukarramdir. U shu daraja ulug‘ki, unga xizmat qilsakkina qadru qiymat darajalari sari yuksala olamiz. Unga xizmatimiz bois ham qadrlimiz!
Har birimiz bir mahsul berganimiz holda, vatan yanada ulug‘roq bir mahsul bera olgani uchun ham shundaydir. Bu yerda xizmatdan og‘ish yo‘q, hamma o‘z vazifasini aniq biladi, aniq bajaradi. Biz bu vazifani osmonga va tog‘larga ro‘para qildik, ular bu og‘ir yukni ko‘tara olmasliklarini bildirdilar, insongina yelkasini tutdi degan gap u haqda aytilgandir. G‘oyat ulkan u yumushning nima ekanini to‘la anglayolmaymiz, bizning vazifamiz unga bo‘ysunish va mana u vatanning obodligi uchun fido bo‘lishdan iborat. 
...Jangga ketgan askarlar qaytib kelmoqdalar. Nega xavf burg‘ulari betinim chalinmoqda? Nega tevarak o‘z-o‘zidan g‘orat bo‘lib ketmoqda? 
Ajabo, bu gal biz bilmaydigan, bemisl qudratga ega o‘zga bir dushman kirib keldimi? Ana, maxsus bo‘linmalar chiqib kelayotirlar. Ularning kiyimlari tamomila boshqa, o‘zlarini ham, qurollarini ham endigina ko‘rib turibmiz. Askarlarimizning tezkorligi susaymoqda. Harorat esa halokatli ravishda oshmoqda. Nimalar ro‘y beryapti o‘zi? 
Ko‘z o‘ngimda istehkomlar o‘z-o‘zidan vayron bo‘lib ketmoqda. Yo‘llar o‘z-o‘zidan buzilmoqda. Sanoqsiz askar nima qilarini bilmay jim, hayron boqmoqda. Karnay ovozlari susaymoqda. Nima ro‘y beryapti? 
Suvlar qota boshladi. Bu g‘alati manzara. Bu yerda suvlar qurimaydi, balki quyuqlashib-qotadi. Osmon bosib kelayotir. Yer junbishga kelib, titramoqda. Yana sal o‘tgach, suvlar va unda suzib ketayotganlar hammasi juda quyuqlashib ketdi. Chetlari qotib qattiqlasha boradi. Yorug‘lik kamaya boshladi. Hanuz maxsus bo‘linmalar ichkaridan chiqib kelmoqdalar, lekin endi ularni yo‘llaydigan ovozlar eshitilmayapti. Maxsus bo‘linmalar chiqib kelgan joylaridayoq halok bo‘lib ketmoqdalar. 
Istehkomlar o‘z-o‘zidan buzilib vayron bo‘lmoqda. Osmon tobora pasayib, yer yuzini bosib kelmoqda. Nima ro‘y beryapti, nima? Yo‘llar yorilib-yorilib ketmoqda. Qurilmalar, inshootlar, fabrikalar vayron bo‘lmoqda. Juda qattiq silkinishlar ro‘y berayotir. Men maydoncha chetidagi bir yoriqqa tirmashib jon saqlayman. Balki, qiyomat qoyimdir bu? Daryolar o‘zanlaridan otilib chiqib ketmoqda, tog‘lar o‘rnilaridan siljimoqda. Yo‘q, bu dushmanning ishi emas. Dushmanning g‘orat qiluvchi kuchi bu qadar emas edi. Bu yerda yana bir nimadir, juda haybatli nimadir ro‘y berayotir. Ana, dushman ham sarosimada, nima qilarini bilmay alanglab, turgan joyida halok bo‘lib ketyapti! Ko‘zga ko‘rinmas benihoya bir qudrat hamma narsani buzib, g‘orat qilib yubormoqda. Qaylardadir, yam-yashil maydonlarda chopqillab o‘ynab yurgan kichkina qizaloqlaru bolakaylar ham halok bo‘lmoqdalar. To‘satdan hamma joyda birdaniga yong‘in boshlandi. O‘z-o‘zidan olov olib ketmoqda hamma narsa. 
Vatan muqaddas-ku? Usiz biz ham halok bo‘lamiz-ku? Bu qo‘rqinchli taloto‘pda bir mengina yoki men kabilar vayron bo‘lsak mayli edi, lekin tevarakda neki bor, hammasi badar ketmoqda-ku?
Ey Vatan, deb qichqiraman tobora pasayib kelayotgan osmonga boqib. Yo‘q, sen muqaddassan! Sening g‘orat bo‘lishing hecham mumkin emas! Osmoningga, yo‘llaringga, dalalaringga, suvlaringga, azizligingga jonim qurbon bo‘lsin, Vatanim! Men kabilar sening bu muqaddas borliqlaringda sonsizu sanoqsiz! Sening turli-tuman o‘zimiz ham bilmaydigan hududlaringda bino bo‘ldik, bino bo‘lishimizning sababi ham sensan. Sen bo‘lmasayding, biz bo‘lmas edik. Sen bo‘lmasayding, bizlarga ehtiyoj ham bo‘lmas edi. Sening bag‘ringdagina mavjud bo‘la olamiz xolos, hududingdan chetga chiqqan zahotimiz halok bo‘lishimiz turgan gap. Bizlar son-sanoqsizmiz, ammo sen yagonasan. Bugunga qadar biz kabi sanoqsiz vujudlar bag‘ringda paydo bo‘lib, xizmatlarini bajarib, yo‘qlik olamlariga jo‘nab ketdilar. Sen eng mukammalsan, ey Vatan! Sen eng barkamolsan, ey Vatan! Sen bo‘lmasayding, butun bu olam bo‘lmas edi. Sen bo‘lmasang, hech narsa bo‘lmas edi...

* * *

Nihoyat, tevarakda yana nimalardir o‘zgara boshladi. Silkinishlar to‘xtadi, yuzlab ishchilar buzilgan imoratlarni, yo‘llarni, istahkomlarni tiklash uchun chopishdi. Uchoqlar hanuz uchib-qo‘nishda davom etar edilar. Bayroqlarga o‘ralgan yarador askarlar shon-sharaf ila e’zozlanib olib ketila boshlandi. Shu mahalda bir istehkom ortida bekinib turgan bir dushman askariga ko‘zim tushdi. U qora peshanabog‘ boylab olgan edi. O‘ng bilagimdagi maxsus tanuv uskunasi ovoz chiqara boshladi, unga qarab, dushman identifikatsiya qilingani angladim. Demak, nihoyat, dushmanning kimligi aniqlanibdi. Yov askarining qo‘lidan quroli tushib ketgan, istehkom devoriga majolsiz suyanib o‘tirib qolgan edi. 
O‘zim ham qattiq holdan toygan edim, ammo vujudimda yangi bir quvvat paydo bo‘ldi. 
- Qara, ko‘ryapsanmi nimalar qilganingni? – deb so‘radim undan. – Sen tahdid solmasingdan oldin mana shu o‘tloqlarda bolalar o‘ynab yurishgan edi. Osmon top-toza, hammayoq tinch, osuda va farog‘atli edi. Tevarakning naqadar buzilib ketganini idrok qilyapsanmi? Nima uchun tahdid qilding?
- Bilmadim, – dedi u, tobora tussizlanib-so‘nib borarkan. – Men faqat o‘zimning hayotim uchun kurashdim.
- Sen bu hududlarning qanchalar muqaddas ekanini bilmasmiding? – dedim unga. – Nafaqat men, shu makonda bittagina askar qolsa, u ham so‘nggi nafasigacha senga qarshi turishini bilmasmiding? Sen ham, men ham shu hududda bejiz yaralmadik,
- Yo‘q, men bundan bexabarman, – dedi u. – Aytayotgan gaplaringga ham tushunmayapman. Bizga urchib-ko‘payishimiz uchun qulay, osuda bir makon kerak edi. Mening ham, menga o‘xshagan qavmlarning ham qilar ishimiz shu.
- Chunki, sening Vataning yo‘q! – dedim unga. – Shu bois ham sen muqaddaslik degan narsalardan bexabarsan. Mening Vatanim benihoya ulug‘ bir maqsad tufayli yaratilgan. U maqsad shu qadar ulug‘ki, uning oldida na sening ahamiyating bor, na mening. Biroq, aynan mana shu muhoraba bois men endi sen tasavvur qilolmaydigan yuksak darajalarga ko‘tarilaman, sen esa, buzg‘un va g‘orat qilganing uchun ham shu holingda shu tuproqlariga qo‘shilib ketasan va zarralaring erta-bir kun o‘t-o‘lan bag‘rida jo‘shib, gul ochasan, meva bo‘lib gullaysan yoki to‘zon bo‘lib havoda uchib yurasan. Bilib qo‘y, tirikligingdagi barcha xatti-harakatlaringu hatto halokating bilan ham Vatanimning muqaddasligi haqqi-hurmati, yana shu Vatanga xizmat qilasan! 
“... Ha, bir kun kelib olamda hech narsa qolmaydi. Quyoshlar, yulduzlar, oylar hammasi tamomila yo‘q bo‘lib ketadi. Jumladan, bizning Vatanimiz ham Tangri taoloning irodasi tufayli butun olamga qo‘shilib batahqiq yo‘qlikka yuz tutadi. Ana o‘shanda, bugun Vatanda erishgan darajalarimizdan ham farqliroq bir muhokama taxti quriladi. Ana o‘shanda, bizning butun bu xizmatlarimiz, fidokorliklarimiz yana qiymat kasb etadi. Bugun Vatan uchun deb jonimizni fido aylagan bo‘lsak, u erishtiradigan qadru qiymatga sen hech qachon erisha olmaysan! Sening yaratilishing avvalboshdan yanglish edi, shu bois ham albatta halokatga mahkumsan!” 
Shu mahal u so‘nggi kuchlarini yig‘ib ustimga tashlandi. O‘tkir quroli sovutimni yirtib o‘tib, tanimni kuydirdi. Bir lahza, atigi bir lahzalik imkon ichra hech ikkilanmasdan uni halok qildim.
O‘rnimdan turganimda g‘alaba burg‘ulari chalinmoqda, mening esa tobora sillam qurib borar edi. 
Jangda g‘olib chiqqanimizning sururi va qahramonlik zavqu shavqi ichra jo‘shib ketganimdan, yaralarimga ham qaramay qichqirgim kelar edi. 
“Ey Vatan, tuproqlaringga ko‘m meni!” - degim kelardi. 
“Hatto halok bo‘lgan onimda ham faqat sening tuproqlaringda yotay, Vatanim!
Ustimda faqat sening qushlaring uchsinlar! Men o‘ralgan bayrog‘ingni faqat sening shabadalaring siypalab hilpiratsinlar. Halok bo‘lib ketgan men kabi sonsiz-sanoqsiz oddiy, ismsiz askarlarning haqqi hurmati, sen doimo bor bo‘lgin, Vatan. 
Chunki, sen muqaddassan. Biz anglab ham yetolmaganimiz juda yuksaklarda aziz va mukarram bo‘lgansan. Shu bois ham biz yaratilganmiz. Misli ko‘rilmagan hududlaringda men kabi yana tuman-tuman askarlar yetishib chiqmoqdalar. Ular ham seni muqaddas deb biladilar va kamoling uchun hech ikkilanmay jon fido qiladilar. Bir kun, albatta keladigan ulug‘ bir kunda bizning bu fidokorliklarimiz senga bo‘lgan ishonchimiz bois yana qadru qiymat qozonishiga shubhasiz ishonaman. Ana o‘sha kunda, to sen mavjud ekansan, bag‘ringda yuzlab, minglab yumushlarni xaq deya ado etgan, amrlaringga so‘zsiz bo‘ysungan va obodliging uchun o‘zini fido qilgan men kabi askarlaringni shon-sharafga, adolatga, baxtiyorlikka va bemisl saodatlarga burkashing uchun tuproqlaring uzra qaytadan bosh ko‘tarib chiqishimizga ishonchim komil. Ana o‘sha kunda – sen, ey muqaddasim mening! – bizlarni o‘sha darajalarga ko‘tarish uchun oyoq ostlarimizga yaslanib poyondoz bo‘lasan va bizlarning xizmatlarimiz boisgina qadru qiymat qozonganingni butun olamga ma’lum qilasan. 
Bizlar sensiz, sen esa bizlarsiz mavjud bo‘la olmasligingni, yosh askarlar qo‘llarida bayroq bilan men tomon chopib kelishayotganini, g‘oyat aziz va xushbo‘y tuprog‘ing yaralarimning og‘riqlarini ozaytirib, yuzimga xush yoqayotganini, saldan keyin sen uchun jonini fido qilishga hamisha tayyor bo‘lgan eng oddiy bir askaringni bag‘ringga olishingni mushtoqlik bilan kutmoqdaman... bir kuni... mana shu xushbo‘y va qadrdon tuproqlaringdan maysa kabi yana qaytadan bosh ko‘tarib chiqishim uchun, azizim mening!..

* * *

O‘tloqdagi asalarilarning g‘o‘ng‘illab uchishlari aro bitta kapalak kelib yashil chechak bandiga qo‘ndi. Hozirgina hikoyasini tugatgan bobo nevarasiga kulimsirab qarab turardi.
- U askar mana shu tarz halok bo‘ldi, – dedi bobo, uning boshini silab. – Lekin mamlakat dushmandan qutuldi, hamma yoqda sog‘lom hayot barq urdi. 
- E, qiziq emas ekan. Bunaqa urushlarni televizorda har kuni ko‘raman-ku? – dedi nevara. 
- Mening aytganim boshqacha jang, polvonim, – dedi bobo. – U kechagina sening vujudingda sodir bo‘ldi. Shamollab qolib, endigina tuzalding-a? Navnihol vujudingga kasallik viruslari dushman qiyofasida kirib kelgan edi. O‘zing sezmaganing holda tanangning himoya tizimlari ishga tushdi, har turli askarlar shu tariqa bino bo‘lishib, o‘z mamlakatlarini yovdan qutqarishdi va halok bo‘lib ketishdi. Kasallik vaqtida inson vujudida shunaqa jarayonlar sodir bo‘ladi, bolam. 
- Unda, o‘sha askar aytgan mamlakat men ekanman-da, - deb jilmaydi bolakay, kapalakni tutolmay qaytib kelib.
- Qanchalar muqaddas ekaningni bildingmi? – deb jilmaydi bobo. – Yuraqol endi, ichkariga kiraylik, men charchadim. 
Nevara esa hassasiga suyanib imillab qadam bosayotgan, ancha qartayib qolgan bobosiga qarab turib, xayoliga to‘satdan kelgan fikrdan qo‘rqib ketdi-da, uni mahkam quchoqlab oldi.
- Ha, toyim, nima bo‘ldi?
- Siz ham kasalmisiz, zo‘rg‘a yuryapsiz-ku? – deb so‘radi bolakay, yanada qattiqroq quchoqlab. – Qarang, qo‘llaringiz ham qaltirayapti.
- Eh, bolam, menga boshqacharoq bir kasallik yetib kelganiga ancha bo‘lgan, - deb javob qildi bobo. – Uning nimaligini aytganim bilan hozir tushunmaysan. Katta bo‘lsang, bilib olarsan...
Shu tariqa, bobo va nevara qo‘l ushlashib ichkariga yo‘nalishdi. Tashqarining shabadasi boboning suyaklarini zirqiratdi. Har holda ichkari ancha iliq, nevara o‘yinlariga alahsiganida yumshoq o‘rindiqqa o‘tirib biroz mizg‘ib olsa ham yaxshi bo‘lardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.