OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Ayriliq (hikoya)

Yurtning qizil toshlari qondan qizargan, uzorida ungan gullar elning yigitlarining qonidan qontalashday.
Bundan chapga qarasangiz qirmizi olmayu qora uzumlarini ko‘z-ko‘z qilib Naxchivon, Shusha yastanib yotadi. O‘ngga qarasangiz, uzoqlarda Shirvon, Tabriz, Xuroson nozlanadi.
Bir mahallar dovruqli Shohrux Mirzoning izlari qolgan bu ajib yurtda bugun o‘rtadan chegara olingan. Chegara deganlari - eni ikki yuz quloch keladigan uzun kenglik. Tabriz tomonidan ellik metrlik mayda qora tuproq sepilgan, qush yursa ham bilinadi. Shusha tomonidan ham ellik metr enli qora tuproq molalalangan, bu yoqdan ham qush qo‘nsa izi qoladi. O‘rtada bir necha qavatli tikanli simlar, bo‘yi ikki metrlik yog‘och ustunlarga boylanib, baland-past bo‘lib cho‘zilib ketgan. Ustunlar oq-qora ranglarga bo‘yalgan, har birida “Davlat chegarasi” degan yozuv bor.
Har yer – har yerda bo‘z yigitlar qo‘llarida qurol bilan tikkayib turadilar. Ular yurtning chegarasini qo‘riqlaydilar.
Sakkiz yuz quloch – uzoq masofa. Chegara tortilganida elning yarmi u yoqda qolib ketgan, ikkinchi yarmi bu yoqda. Qarindoshlarning yarmi u yoq, yarmi bu yoq.
Hozir chegaraning u yog‘ida yuz-yuz ellik chog‘li olomon, bu yog‘ida ham shuncha kishi, nima qilarini bilmay tentiraydi.
Xotin-xalaj, kampirlar yig‘lashadi.
Ikki tomonda xalq yig‘ilgani uchun hushyor chegarachilar favqulodda holat e’lon qilishgan, qo‘shimcha kuchlar yetib kelgan, ularning qo‘mondoni Katta ham shu yerda, hushyorlik bilan voqeani kuzatmoqda.
– Hm-m, – deydi u, papirosini tutatib. – Bu turkvachchalar nimaga bu yerga to‘planishyapti, a, Osobist?
Osobist deganlari – ozg‘in, jiddiy bir yigit.
– Bilmadim, o‘rtoq boshliq, – deyi Osobist.
– Bu yerda chegara bo‘lishi kerakmasiydi, bilasan-a?.
– Ha, bilaman, – deydi osobist.
– Agar Angliya bilan Amerika qarshilik qilmasaydi, o‘sha tomonlarda hozir... – u qo‘li bilan havoni kesib ko‘rsatadi: – Ozodiston respublikasi bo‘lardi!
– Siz u yoqlarda bo‘lgansiz, ko‘proq bilasiz, – to‘g‘ri javobdan qochadi Osobist.
– Hah senimi, leytenant, – deydi Katta. – Professionalsan-da, ko‘rinib turibdi. Bilib qo‘y: u yoqda biz partiya tuzgan edik. Xalq demokratik partiyasi! Avtonom respublika tuzgan edik. Bilasanmi, nimaga? Birinchidan, eron nefti uchun. Chunki fashistlar neftga intilmoqda edilar, u yerdan bo‘lsa - Shimoliy Kavkazga! Ikkinchidan – Turkiyaga hujum qilish uchun!
– Yo‘g‘-e, – deydi Osobist, ishonqiramay.
– Turkiyaga rosa bosim qildik-da, – deydi Katta. – Agar ololganimizda bormi... Ardaxanni armanlarga berardik, Karsni gurjilarga... kurdlarni qo‘llab-quvvatlardik... Ha, agar Yevropa bo‘lmaganida, ularning bari bizniki, sotsialistik davlatlarga aylangan bo‘lardi...
Chegaraning u yog‘ida ustiga yashil mato yopilgan tobut ko‘rinadi. U yoqda urug‘ning eng keksa oqsoqoli tunda, to‘qson olti yoshida jonini Haqqa topshirgan. Vido mahali aytganki, meni o‘zimning yurtimga, ota-onamning yoniga qo‘yingiz, deb vasiyat qilgan. Tong saharlab mayit yuvib-o‘ralib, safarga tappa-taxt qilingan, ammo chegaradan o‘tishga ruxsat yo‘q!
– Kimdir o‘lipti, – deydi Osobist.
– Bularda shunaka odat bor – tug‘ilgan joyiga ko‘mishadi. Qayda tug‘ildingu qayda o‘lding, nima ahamiyati bor, baribiram ketasan yo‘q bo‘lib...
– Bular Xudoga ishonishadi, – deydi Osobist.
– Vaqti kelib ishonmaydigan bo‘lishadi, – yana papirosini tutatadi Katta. – Bilasanmi, bu chegaraniyam biz tortganmiz.
– Ochig‘i, chor tarixini uncha bilmaymna, – deb tan oladi Osobist. – O‘zim kambag‘al dehqon bolasiman.
– Bilish kerak, – deydi Katta. – Bilib ol, Osobist. Bir mahallar bu yerlarda gurkiragan ozar xonliklari bor edi. Ular gurjilar bilan yer talashishardi. Bularni boshqalardan ximoya kilamiz deb bildirmay kirib kelganmiz. Xonlarining adovatidan rosa foydalanganmiz. O‘sha mahallar Turkiya ancha kuchli edi...
Narigi tomondagilar bezovtalana boshlaydilar. Osobist durbindan askarlarga qaraydi.
– Askarlar mahalliy xalqdan, – deydi tashvishlanib.
– Ular allaqachon biznikilarga aylanishgan, – deydi Katta. – Hechqisi yo‘q, parvo qilma.
Chegarada xalq to‘planganini ko‘rgan zobitlar qo‘shimcha kuchlarni olib kelganlar, bular chegara chizig‘i oldida turadilar.
Onalarning oyoqlari ostida mayda cho‘liq-jo‘jiq o‘ralashadi. Ular barmoqlarini og‘ziga solib, askarlarga anqayib tikilishadi.
– Bularni hech narsadan xabari yo‘q, – mulohaza qiladi Katta. – Bilib qo‘y, Osobist. Bu – siyosat. Siyosat bor joyda kuch bor, kuchi borlar doim haq. Bu yerda bizning siyosatimiz kuchli – demak, bular nohaqdirlar.
Osobist uni diqqat bilan tinglaydi.
– Eh, agar Eronda Ozar avtonomiyasi yashab qolganida bormi... – deydi Katta. – Qara, har ikkala tomon ham birlashamiz deb to‘lqinlanib turipti. Qarindoshlar-da. U yoqda turkmanlar ham avtonomiya berasan deyapti. Bu yoqda urush tugayapti... Eronni yarmi Amerika bilan Angliyada, qolgan yarmi bizlarda. Avtonomiya yashab kolganida, urush tugashi bilan Turkiyani egallagan bo‘lardik, shu bilan naryog‘da Afg‘oniston orqali Pokistonu Hindistonga chiqardik.. shu tarz ulug‘ rus imperatorining azaliy orzusi amalga oshgan bo‘lardi... bu yoqda uyg‘urlardan foydalanib, Xitoydan Yapongacha egallardik... Shunda Ovrupada nima qolardi? Qolgan mamlakatlarni bir kunda olardik – qarabsanki, dunyo teppa-teng bo‘linardi – bir tomoni Kuba-Subaga o‘xshagan mayda-chuyda mamlakatlar bilan Amerika, bu tomonda butun kuchu qudrati bilan Sovetlar mamlakati!
– Dahshat ekan-ku, – deydi Osobist, lekin hayajonlanmaydi. – Avtonomiyaga nima bo‘lgan?
– Mo‘ylov bir nimani ko‘zlagani aniq, chunki u juda uzoqni ko‘rardi, – dedi Katta. – To‘satdan qo‘shinni Erondan opchiqishga buyruq bergan. Avtonomiya shundan so‘ng yana olti oy turdi, keyin politsiya kelib, bir kunda uch ming kishini qirib tashladi. Hammasi yo‘q bo‘ldi-ketdi.
– Avtonomiyani ularga berishi evaziga nimadir olgandir? – deb so‘radi Osobist.
Katta javob bermadi, u o‘z xayollariga g‘arq bo‘lib ketgan edi.
Bu tomonda saharlab qabr qazilgan, tuprog‘i hali nam, tayyorlab qo‘yilgan. Narigi tomonning yigitlari o‘zlaricha g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir reja qiladilar. Mayitni bir amallab u yoqqa o‘tkazsak bas, mabodo biz o‘tolmasak u yoqdagilar o‘zlari tuproqqa beradilar, uch-to‘rttamiz jondan kechib bo‘lsa ham urinib ko‘rmaymizmi, deydilar.
Lekin oraliq ikki yuz metr! Har o‘n qadamda bitta askar. Bular buyruqqa so‘zsiz itoat qiladilar. O‘t och, degan buyruq bo‘lsa, otadilar.
Bir mayit o‘nta bo‘ladi!
Bu tomonning erkaklari saharlab komendaturaga jo‘naganlar. Komendatura uzoqda, yetib borishga bir soat, qaytishga bir soat ketadi.
Har ikkala tomon ham komendaturadan ruxsat chiqib qolar degan ilinjda kutadilar.
Kechga yaqin komendaturaga ketganlar qaytadilar: ruxsat bo‘lmabdi. Har ikki tomonda ham yig‘i-sig‘i ko‘tariladi. Xotinlar askarlarni yozg‘iradilar, qarg‘aydilar.
Nihoyat, narigi tomon bir to‘xtamga keladi – otani shundoqqina chegaraning yoniga ko‘mishga qaror beradilar. Butun bu marosimni berigi tomon hayajon va ko‘zlarda yosh ila kuzatib turadi. Qabr ko‘miladi, ustiga tuproq uyiladi, tug‘ tikiladi.
U qadim ozar tug‘ini eslatadi.
– Oni vstavili ni Iranskiy, ni Azerbaydjanskiy flag, – deydi osobist.
– M? za nix ne otvechaem, eto teper kapitalisticheskaya strana, a oni – nashi klassn?e vragi, – deydi Katta. – Nichego, posmotrim.
– Ularning hech gapdan xabarlari yo‘q, – deydi keyin. – Ikkala tomon birlashamiz deb qirilib ketaveradilar – birlashinglar deb qutqu solamiz-u, keyin bildirmay foydalanamiz. Ishimiz o‘xshamay qolsa, hech bo‘lmaganda sotib yuboramiz. Avtonomiyani Shimoliy Iroqdagi neftga almashganimiz kabi. Osobist, dunyoning qanday taqsimlab olingani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisan? Har bir mamlakatda eng kamida bitta porox bochkasi bor, undan o‘nlab mamlakatlar o‘zlarining manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinadilar. Xalqlar esa, mana – ko‘rib turganingday, chegaralarda urf-odat, til, millat deb yuraveradilar, bizlar o‘ylab chiqargan g‘oyalar uchun qurbon bo‘ladilar, ular qahramon deb e’lon qilinadi, u qahramonlar ham bir yo‘qolib - bir chiqib turadi... Aslida... til ham, millat ham bir kun kelib yo‘q bo‘lib ketadi. Kuch qoladi, kuch!
– Unday porox bochkalari bizda ham bor, – dedi Osobist, o‘ychan.
– Vo! Ana o‘shalardan boshqalar foydalana olmasligi uchun, bilasanmi, qanaqa aqlli bosh kerak, – ko‘rsatkich barmog‘ini havoga nuqidi Katta. – Tem bolee, bunaka kichkina mamlakatlarni katta o‘yinlardan sog‘-omon olib chiqish uchun boshida daho turishi kerak, daho!
Bu orada mayit qabrga qo‘yilgach, narigi tomondagilar ham, berigi tomondagilar ham keta olmaydilar, yana chegaraga taqalib keladilar.
 
Endi so‘z qotishga had yo‘q, ikki tomon ham bir-biriga jim qarab turadi.
 
Bir mahal berigi tomondan bir baxshi chiqadi. Bu to‘y-tomoshalarda har turli qo‘shiqlarni aytib yuradigan anchayin bir qo‘shiqchi edi. U sozini oladi, nolali kuy taraladi, keyin to‘satdan xiyol xirqiragan ovozda kuylab yuboradi:
 
 Fikringda kechalar yota bilmiram,
 Bu fikri boshimdan ota bilmiram...
 
U tomon ham, bu tomon ham bir qalqib ketadi. Nola chegarani qo‘riqlab turgan yigitlarning boshi uzra uchib o‘tadi, narigi tomondagilarning quloqlariga uriladi:
 
 Kechalar fikringda yota bilmiram
 Bu fikri boshimdan ota bilmiram...
 Naylayinki sana chata bilmiram...
 
Safning boshida turgan erkaklarning biri, keyin qolganlari qo‘shiladilar endi bu sharqiyga:
 
 Ayriliq, ayriliq, omon ayriliq,
 Har bir darddan o‘lar yomon ayriliq...
 
Endi bu nolaga xotin-xalaj, narigi tomon ham qo‘shiladi - ozarning asrlar bo‘yi kuylab kelgan qo‘shig‘i bu yerda bir mittigina xalqning armon sozi bo‘lib chegara uzra havolanadi. Chegaraning u yog‘idagilar ham, bu yog‘idagilar ham bir jonu bir tan bo‘lib shu dard qo‘shig‘ini aytadilar.
 
Kim qayda ko‘rgan motamda qo‘shiq aytilganini? Lekin bular aytadilar:
 
Uzundur hijringda qora kechalar,
Bilmiram, man kabi xara kechalar.
Vurubtur qalbima yara kechalar,
Ayriliq, ayriliq, omon ayriliq
Har bir darddan o‘lar yomon ayriliq...
 
Chollar, kampirlar, erkaklaru ayollar, yigitlaru kizlar, bolalar kuylashadi bu qo‘shiqni.
 
Ayriliq, ayriliq, omon ayriliq,
Har bir darddan o‘lar yomon ayriliq...
 
... Shu kuni Osobist o‘zining boshlig‘iga Kattaning imperiyachilik qarashlari xususida bildirishnoma yozadi, suhbat matnini to‘liq ilova qiladi, davlat sirlaridan va strategik rejalardan gapirayotganini ogohlantiradi, oradan bir kun o‘tgach, Katta Bosh boshqarmaga chaqiriladi va shu bo‘yi yo‘q bo‘lib ketadi.
 
* * *
 
... Yillar o‘tadi. Endi bu qo‘shiq ozar qo‘shig‘i bo‘lmay qoladi, uni o‘zbeklar, oltoylilar, afsharlar, bolqorlar, boshqirdlar, gagauzlar, dolg‘onlar, xajarlar, qozoqlar, qoratovlilar, qorachoylar, qashqaylar, tatarlar, qo‘miqlar, no‘g‘oylar, solorlar, uyg‘urlar, saxalar, sibirlar, tofalar, tuvalar, turkmanlar, o‘ring‘oylar, xo‘tanlar, chuvashlar, shohsevanlar, shorslar, baxali, eynanli, nafar, xurosoniylar, pichoqchilar, temirtoshlar, g‘oyrillar, qorako‘zlar, kengerlilar, tunguslar... kuylashadi.
Yana oradan vaqt o‘tib, bu qo‘shiqning tarixi ham boshqa voqealar singari moziy qatlariga ko‘miladi.
Hamda sevgi haqidagi mahzun va shirin qo‘shiqqa aylanib ketadi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.