OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Kichkina pushtirang maxluqcha (hikoya)

Kuz edi. Ertalabdan yomg‘ir yog‘a boshladi. Daraxtlarning uzun shoxlaridan tomchilar yugurgilab oqib tushar va ko‘pchigan xazonlar qoplagan tuproqqa chak-chak tomar edi. Osmondagi qoramtir mayda bulutlar birlasha boshlagan, ba’zilari pastroqda tezroq suzar, yuqoriroqda boshqa tur bulutlar zichlashib kelar, xiyol ochiq oralaridan nima uchundir kulrang tusdagi osmonning bir parchasi ko‘rinardi. Balki u ham kulrang bulutdir, bir necha qatlam bulutlar ust-ustiga mingashib kelgani uchun shunday ko‘rinayotgandir?

Bugun hayvonot bog‘iga borishni rejalashtirganman. Sababi, boqqa kuni kecha katoblepas degan favqulodda ajoyib bir jonzot olib kelinibdi.

U haqda birinchi bo‘lib bundan ikki ming yil avval yunon faylasufi Pliniy xabar bergan ekan. Keyinchalik esa, Floberning “Muborak Antoniyning tubanlashuvi” degan asarida tasvirlangan bu afsonaviy jonzotning sayyor bog‘da paydo bo‘lishi qiziq edi. Aytishlaricha, uni Habashiston o‘rmonlarida topishgan, katta shaharlarga olib kelib, ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lishgan. Shuning bir qanchasi tomosha uchun turli mamlakatlarda olib yurilgan ekan.

Pliniyga ko‘ra, katoblepas juda beso‘naqay maxluq. Boshi og‘ir va katta bo‘ladi. Ko‘pincha o‘z boshini o‘zi ko‘tarolmay yuradi. Uning hamma vahshati ko‘zlarida, vazmin qovoqlarini arang ko‘tarib qarasa, u qaragan jonzot o‘sha zahoti til tortmay o‘ladi, deyishadi.

Katta oynavand eshikdan ichkariga kirib, keng-mo‘l tomoshaxona adog‘idagi yanayam keng bir sahnda katoblepasni ko‘rgach, aslida unday emasligini tushundim.

Bu – kichkina gavdali, ammo bo‘yni uzun yoqimtoygina jonzot edi. Ko‘zchalari g‘oyat musaffo, nimasi bilandir yosh bolaning ko‘zlarini eslatadi. Barmoqchalari ham jajjigina, och pushti tusda ekan. Uzun kipriklarini pirpiratib odamlarga qarar, ko‘rgan odam beixtiyor uni yoqtirib qoladigan darajada mas’um... tavba, bu pushti maxluqchada Pliniy yoki Flober aytib ketgan vahshatni ko‘rmadim.

– Bu katoblepas emas-ku, – dedim hayron bo‘lib.

Bog‘ xizmatchisi kulimsirab tushuntirdi:

– Katoblepas – aslida katta sudraluvchilar oilasining bir bo‘g‘ini, zamonlar o‘tishi bilan o‘zgarib, shu ahvolga kelib qolgan bo‘lishiyam mumkin. Yoki, bir turga mansub hayvonlarning har xil ko‘rinishlari mavjudligidan xabaringiz bordir? Bu - katoblepaslar oilasining shunaqa beozor ko‘rinishdagi bir vakili.

– Ha, to‘g‘ri aytasiz, – dedim tasdiqlab. – G‘alati xususiyati bor debsizlar, nima ekan u xususiyat?

– Kutish kerak, – dedi hayvonot bog‘ining xizmatchisi, soatiga qarab olib. – Bunaqa hodisa har zamonda bir ro‘y beradi. Ba’zilari mana shu metamorfozaga yetib kelolmay o‘lib ketadi. Umuman juda nozik, hissiyotli jonivor bu. Hozir o‘zingiz ham guvohi bo‘lasiz.

– Bizni ko‘rib, yotsiramaydimi?

– Ovoz chiqarish kerak emas, – dedi xizmatchi. – Bu yerda maxsus oyna o‘rnatilgan, siz uni ko‘rasizu ammo u sizni ko‘rmaydi. Lekin ovozlarga juda hassos, salgina tajovuzni, zarracha zulmni darrov sezadi, xiyol yolg‘onni ham payqaydi. Umuman, juda hassos, rahmdil, mehribon hayvon bu. Zaifligi uchun isyoni ham boshqacha.

Pushtirang maxluqchaning istiqomatgohi tashqarining tabiatiga uyg‘un edi. Ajabki, bu yerda ham yomg‘ir tomchilayotgan ekan. Atay shunday qilinibdimi deb xayron bo‘ldim, keyin qarasam, sahnning usti ochiq, bulutlar shu yerdan ham ko‘rinib turibdi. Tomchilar sahndagi daraxtlaru o‘tlar, qizg‘imtir taram-taram toshlar ustiga tommoqda. Sovuq unchamas, yomg‘irning salqini etni junjiktiradi, ammo yoqimli, odamni tetiklashtiradigan salqin.

Oyna oldiga qator yumshoq kursilar terib qo‘yilgan ekan, biriga o‘tirdim. Tevarakda olomon to‘plangan edi. Orasida bashang kiyingan xonimlar, savlatli janoblar va ularning yanada bashangroq bola-chaqalari ham boriydi.

Daraxtlar orasida gox shoxga chiqib, goh tushib yurgan maxluqcha oynaga yaqin kelganida, sinchiklab razm soldim.

Terisi yumshoq, mayin, oqish parlari ham bor ekan. Nozik qizg‘imtir-sarg‘ish naqshlari ko‘rinib turibdi. Boshi gavdasiga qaraganda ancha katta, ingichka bo‘yni bu boshni tutib turganining o‘zi mo‘‘jiza. Bu bog‘da bizlar ko‘raverib ko‘nikib ketgan boshqa hayvonlar ham bor, ular allaqachonoq odamlarga qiziqarli bo‘lmay qolishgan. Bo‘ri, ayiq, sher, qoplon, timsoh kabi vahshiylarning simkataklari oldiga ham shu olomon kelib bolalariga tomosha qildiradi, mayda-chuyda yegulik tashlashadi.

Katoblepas o‘simlik yemaydi. Uning rizqi ertalabki shudring va o‘rmonda o‘sadigan g‘alati bir giyoh. Yemishini opkelishganmi desam, unaqa narsa ko‘rinmadi. Qizg‘ish toshsahn tugagan yerlarda o‘zimiz bilgan oddiy manzarali o‘t-o‘lan o‘sibdi.

Pushtirang maxluqcha yomg‘ir tomchilariga qo‘lchasini cho‘zdi. Tomchilar kaftiga tushganidan xursand bo‘ldi shekilli, birdaniga ingichka, ammo judayam yoqimli ovoz bilan kuylay boshladi.

Ajoyib kuy edi bu. Bunaqa kuyni umrim bo‘yi eshitmaganman. Hayot sururi, farog‘atlari, yomg‘irning yog‘ishiga madhiya kabi, past ovozda, berilib-berilib kuylardi u. Yomg‘irlar yog‘moqda, bepoyon o‘rmonlar, nihoyasiz yashil-sarg‘ish dalalar birday chayqalmoqda. O‘tlarning poyalari egilib-egilib qolmoqda. Kulrang samoda bulutlar yoqimli shu hayot yomg‘irini yer yuziga avaylab yog‘dirmoqda. Kuy odam ongida xayol uyg‘otadi. Lekin bunaqa tiniq, go‘zal xayol uyg‘otadigan kuyni endi-endi eshitmoqdaman. Bu kuyda tevarakka, yomg‘ir tomchilariga, shu tomchilarda titrayotgan yaproqlarga, ho‘l tuproqlarga muhabbat va shukrona to‘la edi. Balki u o‘zi chiqarayotgan ovozning shunaqa ma’no uyg‘otayotganidan bexabardir? Tiniq ma’yus ko‘zchalariga qarab turib bu xayolimga o‘zim ishonmadim – mendan ko‘ra kuchliroq his qilmasa, bunday ajoyib kuyni chala olarmidi?

– Bu jonzot hissiyotni yaxshi ko‘radi, – dedi bog‘ xizmatchisi, yana. – Ayniqsa, bahor bilan yozda ajoyib kuylar kuylaydi. Bahordagi kuyini eshitmabsiz-da... shunaqangi jo‘shadi-ki... Kuzda esa iztirobga cho‘mib qoladi. Qarang, hozir sarg‘ayib ketgan yaproqlarga qarab yum-yum yig‘lasa ham ajabmas. Qizig‘i shundaki, hissiyotni yaxshi ko‘rgani bilan o‘zi unga bardosh berolmaydi. Iztirobi kuchayganida esa, hech chidayolmaganidan o‘zini-o‘zi yeb ham qo‘yadi!

– Yo‘g‘-e, qanaqa kilib yeydi? – ishonqiramadim men.

– Oddiygina, hamma to‘rtoyoqlilarga o‘xshab tishlari bilan uzib-uzib yeydi, – deb tushuntirdi xizmatchi. – Aytdim-ku, juda noyob hodisa deb? Saldan keyin iztirobga tushganini ko‘rasiz, bu nusxaning iztirobi haqiqatan ham kuchli bo‘lsa, unda g‘ayriodatiy bir hodisani tomosha qilasiz.
Kuzning tillarang yaproqlari orasida kezib yurgan shu pushtirang maxluqchani bir men emas, hamma yoqtirib qoldi.

– Qachon boshlanadi o‘zi tomoshangiz? – deb betoqatlandi tilla taqinchoqlariga to‘lib ketgan qariroq bir ayol, boyonlarning onasi bo‘lsa ajabmas. – Ozmuncha pul to‘ladikmi, hali nevaralarimga sherni, filni ham ko‘rsatishim kerak.

– Biroz sabr qilaqoling, aytdim-ku, bu juda kam uchraydigan hodisa, – deb tushuntirdi muloyim xizmatchi. – Faqat ovoz chiqarmanglar, iltimos. Ovoz chiqarsangiz, sizlarning borligingizni bilib, o‘zini o‘zi yeyish o‘rniga yordam so‘rab iltijo qila boshlashi ham mumkin. Unga umid beradigan hech narsa bo‘lmasligi kerak.

Ancha kutdik. Yomg‘irning tomchilashi ostida qizil tosh yotqizilgan top-toza sahn xira yiltirar edi.

Saldan keyin chap tomondagi o‘tlar orasidagi kichkina eshikcha ochildi, kimningdir qo‘li ko‘rindi, u oyog‘i boylab qo‘yilgan quyon bolasini avaylab ho‘l sahnga qo‘ydi. Quyon bolasi hali murg‘ak edi, qopqora nam ko‘zlarini atrofga sarosima ila alanglab, tushovdan xalos bo‘lishga urinib bir-ikki siltanib ko‘rdi, aftidan, ingichka chilvir mahkam boylangan edi, shu bois xalos bo‘lolmadi. Bu orada sahn adog‘idagi oq toshlar orasidan bir necha quloch keladigan yo‘g‘on bo‘g‘ma ilon chiqib kela boshladi.

Ilonlarning ko‘zi ko‘r bo‘lishini bilaman. Faqat issiq qonli jonzotlarni payqay oladi, xolos. Chiqib kelgani zahoti u quyon bolasining turgan yerini bexato aniqladi. Lekin shoshilmadi, joyida bir muddat jim turdi. Ora-sira tilini chiqarib, nimanidir o‘zicha chamalar ham edi.

Pushtirang maxluqcha uning chiqib kelganini darhol sezdi. Xatti-harakati o‘zgarib qoldi. Hurkib-sakrab nari bordi, sarosimaga tushgani harakatlaridan bilinar edi, shoshma-shosharlik bilan beso‘naqay urinib, daraxt shoxiga chiqib oldi.

Dir-dir titrar edi u.

– Ilondan qo‘rqadi shekilli, – dedim pichirlab.

– Vahshiy neki bor, baridan qo‘rqadi, – dedi xizmatchi. – Qanaqadir savqi tabiiy bilan vahshiylik tabiatini aniq ilg‘ab oladigan xususiyati bor. Iztirobining kuchli yoki kuchsizligiga qarab turli-tuman yig‘laydi. Gap uning o‘zini-o‘zi yeb qo‘yishida ham emas, aslida dard chekkan odam ham o‘zining ich-etini yemaydimi? Turli-turli yig‘lashining ohanglari dunyoda noyob hodisa. Chunki bir ohangni sira takrorlamaydi. G‘alati nolalari bor uning.

– Ilon unga daf qilmaydimi?

– Yo‘q, ilon uni yemaydi, ilonga yoqmaydigan nimasidir bo‘lsa kerak, – deb javob qildi xizmatchi.

– Ajoyib ekan-ku, – dedim hayratim oshib. – O‘zini-o‘zi yeb qo‘ysa... halok bo‘lmaydimi?

– Yo‘q, anchadan keyin panjalari yana qaytadan o‘sib chiqadi, – deb javob qildi xizmatchi.

– Qarang, qarang! – dedi xizmatchi, uning ham hayajonlanayotgani ko‘rinib turardi.

Quyon shu yaqin orada turgan kushandasini sezdi shekilli, dir-dir titray boshladi. U odamning rahmini keltiradigan darajada mas’um va xush edi. Hamma jonzotning bolasi ham yangi, xush, yoqimli bo‘ladi, hatto yangi unib chiqqan yaproqning toza ranglaridan zavqlanamiz-ku, quyon bolasi ham shunaqa edi. Qo‘lchalarini bir-biriga sarosima ichida ishqalaydi deng. Nima qilarini bilmayotgani shundoqqina ko‘rinib turibdi.

Bashang olomon ham jim, nafasini chiqarmay tomoshani kutmoqda.

Ilon bir muddat mo‘ljal olib turdi, keyin quyon bolasi tomon bir tekisda sudrala ketdi.
Buni sudralish desam xato bo‘ladi. Harakatlari uyg‘un, tez, chiroyli edi. Bir necha soniya o‘tmasidan murg‘akkinaning yaqinida paydo bo‘ldi. Ammo o‘ljasiga tashlanmadi, balki yana bir oz kutdi, keyin nima uchundir ikkita halqa hosil qilib o‘raldi-da, bamaylixotir boshini ko‘tardi. Bosh tomonidagi ilk halqasi katta va yo‘g‘on, dumga yaqin ikkinchi o‘rami esa kichik va ingichka edi.

Daraxt shoxidagi katoblepas bu manzaraga dahshatga tushib qarab turar edi.

Jajji vujudi dir-dir titrar edi. Avvaliga sarosimalanib qoldi, u yoqdan bu yoqqa pitir-pitir chopdi. Goh-goh to‘xtab, o‘ljasini yutishga hozirlik ko‘rayotgan ilonga qo‘rqa-pisa qarar edi.
Keyin birdaniga yig‘lay boshladi. Munchoq-munchoq ko‘zchalaridan duv-duv yosh oqardi. Jajji panjalarini ko‘zchalariga ishqab-ishqab, panjalari orasidan ilonga qarab-qarab, iztirobli-iztirobli yig‘lar edi u.

– E tavba, – dedim, tong qolib.

– Shoshmang, shoshmang, hozir ko‘rasiz, – dedi xizmatchi pichirlab.

Ilon birdaniga qaddini ko‘tardi. U yoqdan-bu yoqqa alanglayotgan jonivor negadir tek qoldi. Nam ko‘zchalaridagi sarosima va qo‘rquv ham g‘oyib bo‘lib, itoatkorlik va mute’lik ifodasi sezildi. Ilon nimagadir shoshmas edi. Balki unchalik och emasdir? Quyon bolasi ajab bir bo‘ysunish bilan kushandasining qarshisida qimir etmay turardi. Bu tur gazandalar o‘ljasini sehrlab qo‘yadi deyishadi-ku, balki hozir ham shunday bo‘lgandir? Pushtirang maxluqcha endi qattiq ovoz chiqarib yig‘lay boshladi. Yig‘isi ham kuy edi. Shunaqangi mungli, iztirobli kuy ediki, yurak-bag‘rim ezilib ketdi. Tevaragimga qarab, yig‘ilgan olaquroq olomonning ham ko‘zlari yoshlanganini ko‘rdim.

Hammaning yuragini ezib yuborgan edi bu jajji hayvon.

Ilon shoshmasdan quyonbolasining atrofida halqa hosil qilib o‘raldi, keyin yana o‘sha viqor va ishonch bilan bamaylixotir bu jajji jonzot uzra yuksaldi.

Shunda pushtirang maxluqcha sakrab daraxtdan pastga tushdi-da, ilonga yaqin keldi. Uzun chiroyli bo‘ynini cho‘zib, to‘satdan... yum-yum yig‘lagancha o‘zining oldingi panjalarini g‘ajiy boshladi.

Hamma dong qotib qoldi!

Ajabo, ilonnning diqqatini tortish uchun shunday qildimi?

Ilon begona sharpani sezib, harakatini to‘xtatdi, boylamini bo‘shatdi, quyon bolasi undan xalos bo‘lib, siltana-siltana nari qochdi va ilonning dum tarafiga yaqinlashdi. Hali murg‘ak dedim-ku, hozirgina hayotiga tahdid qilgan xavfni unutib, to‘satdan kushandasiga bir-ikki suykandi-da, ilon tanasining dum tarafidagi halqasiga yuzchasini qo‘yib, g‘ujanak bo‘lib yotib oldi.

Pushtirang maxluqcha buni ko‘rdi, ko‘zlari yolqinlanib ketdi. Birpasda u oldingi panjalarini yeb bitirdi.

Ajabki, qon chiqmas edi. Yoki chiqsa ham menga ko‘rinmadimi? Maxluqcha menga yonlab turgani uchun ham hamma harakatlarini ko‘rolmas edim. Biroq, bu shu qadar dahshatli manzara ediki, qalbim iztirobga va o‘zim ham tushunib yetmagan g‘alati isyonga to‘ldi.

– To‘xtanglar, hoy badbaxtlar! – deb baqirib yubordim.

Pushtirang maxluqchaning g‘ussali kuyidan va quyon bolasining tutumidagi mudhish haqiqatdan yurak-bag‘ri ezilib ketgan olomon endi mijjalariga ilinib qolgan yosh ila bu manzaraga tosh qotib qarab turar edi. Kimningdir bolasi qo‘rquvdan yig‘lab yubordi. “Ey Xudo!” degan hayrat va sarosima to‘la nolalar eshitildi.

Yo‘q, qolganini ko‘rishga yuragim bardosh berolmadi. “La’nat bo‘lsin hammangizga!” deb qichqirib, tashqariga otilib chiqib ketdim.

* * *

... Yomg‘ir shivalar, shabadasi daraxtlarni chayqatar edi. Hozirgina yana bir epkin esib o‘tdi. Ajabo, birgina daraxt chayqalar, qolganlari tek edi.
Qizil tosh terilgan sahnga tomchilar chak-chak tomar, har yer-har yerda oqish-kulrang ko‘lmakchalar hosil bo‘libdi. Ko‘lmaklardan suv sachratib, bu mash’um joydan tezroq ketish uchun bog‘ tashqarisi tomon yugurdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.